Mavzu: Zararlangan va shikastlangan Qishloq xo’jaligi maxsulotlarini saqlash korxonalarida ishlayotgan ishchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish asoslari



Yüklə 81,48 Kb.
tarix22.03.2024
ölçüsü81,48 Kb.
#181598
Zararlangan va shikastlangan Qishloq xo’jaligi maxsulotlarini saqlash korxonalarida ishlayotgan ishchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish asoslari


MAVZU: Zararlangan va shikastlangan Qishloq xo’jaligi maxsulotlarini saqlash korxonalarida ishlayotgan ishchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish asoslari


Reja:

  1. Birinchi tibbiy yordamning ahamiyati




  1. Tez tibbiy yordam ko'rsatishda birinchi yordam vositalari


  1. Odam organizmining faol harakatlantiruvchi qismi

Birinchi tibbiy yordamning ahamiyati va qoidalari
Tinchlik sharoitida eng ko'p uchraydigan baxtsiz hodisalarga: mexanik jarohat, kuyish, issiq va oftob urish, sovuq urish va umumiy muzlash, cho'kish va yer bosib qolishi tufayli bo'g'ilish, is gazidan zaharlanish, elektrdan jarohatlanish va chaqmoqdan shikastlanish kiradi. Bu holatlarda birinchi tibbiy yordamning asosiy vazifalari shikastlanganlar hayotini eng zarur chora-tadbirlar bilan saqlab qolish, ularning azoblanishini kamaytirish, kelib chiqishi mumkin bo'lgan asoratlarning oldini olish hamda kasallik va jarohat kechuvini yengillashtirishdan iborat.
Birinchi tibbiy yordamni voqea sodir bo'lgan joyda shikastlanganning o'zi (o'z-o'ziga yordam) yoki boshqa kishi (o'zaro yordam) hamda maxsus o'rgatilgan shaxslar ko'rsatadi.

Birinchi tibbiy yordam ko'rsatishda tezlik bilan shikastlovchi manba (faktor)ni aniqlash, uni yo'qotish, har bir jarohatda tavsiya qilinadigan tibbiy yordam choralarini qo'llash, vrachni chaqirish yoki jarohatlanganni yaqin tibbiyot muassasasiga olib borish kerak. Ba'zi hollar (kuchli qon ketishb, og'ir suyak sinishlari, hushini yo'qotish, nafas olish va yurak faoliyatining to'xtashi va boshqalar)da shikastlanganlarga shu joyning o'zida tezlik bilan shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatmay turib, ularni tashish (transportirovka qilish) mutlaqo mumkin emas.
Bunday hollarda reanimatsiya chora-tadbirlari kerak bo'ladi. Reanimatsiya (jonlantirish) o'layotgan kishini hayotga qaytarishga, uning organ va to'qimalarida qaytmas o'zgarishlarning oldini olishga qaratilgan, zudlik bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuidir. Bunda, birinchi navbatda, shikastlanganlarning nafas olishi va qon aylanishini tiklashga va ushlab turishga erishiladi. Reanimatsiyaning murakkab bo'lmagan choralari (sun'iy nafas oldirish, bilvosita yurak massaji) har bir kishiga ma'lum. Shu bilan bir qatorda, ko'pgina hollarda shikastlanganlar qon to'xtatish, og'riq azobidan qutulish, suyagi singan qo'l-oyoqni harakatsizlantirish, yara, kuygan va sovuq urgan yuzalarni infeksiyadan himoyalash kabi har bir kishi amalga oshirishi mumkin bo'lgan yordamlarga muhtoj bo'ladilar.

Birinchi tibbiy yordam ko'rsatish voqea sodir bo'lgandan so'ng, iloji boricha erta muddatlarda amalga oshirilishi kerak. Kuchli qon ketishb, elektrdan shikastlanish, cho'kish, bo'g'ilish, yurak faoliyatining to'xtashi va boshqa qator holatlarda birinchi tibbiy yordam zudlik bilan, kechiktirmay ko'rsatilishi lozim. Agar bir paytda bir necha kishi jarohat olsa, ko'rsatiladigan yordam muddati va ketma-ketligi aniqlanadi. Bolalarga va shoshilinch yordamga muhtoj kishilarga kerakli yordam birinchi navbatda ko'rsatiladi. Ko'p sonli va qo'shimcha jarohat olgan kishilarga birinchi tibbiy yordam ko'rsatishda amalga oshiriladigan chora- tadbirlarning ketma-ketligi aniqlanishi kerak.

Avval shikastlangan odam hayotini saqlab qolishga imkon beradigan yoki birinchi tibbiy yordamning keyingi chora-tadbirlarini qo'llash uchun shart bo'lgan usul-amallar bajariladi. Chunonchi, son suyagi ochiq sinib, arteriyadan qon ketib turganda, birinchi navbatda, hayot uchun xavfli bo'lgan qon ketishini to'xtatish, so'ngra jarohatga steril bog'lam qo'yish va undan keyingina oyoqni qimirlatmaydigan qilib bog'lashga kirishish kerak. Singan joyni hech qimirlamaydigan qilib qo'yish uchun esa maxsus shina bog'lash yoki qo'l ostidagi vositalardan foydalanish lozim.

Birinchi tibbiy yordamning hamma usul-amallarini ehtiyot bo'lib va avaylab bajarish lozim. Qo'pol harakatlar qilinadigan bo'lsa, bu shikastlangan kishiga zarar qilishi va uning ahvolini yomonlashtirishi mumkin. Birinchi tibbiy yordamni bir emas, balki ikki yoki bir necha kishi ko'rsatadigan bo'lsa, u holda kelishib ish ko'rish kerak. Bunda yordam ko'rsatayotganlarning biri boshliq bo'lib, birinchi tibbiy yordamning barcha usul-amallari bajarilishiga rahbarlik qilib turishi lozim.
Birinchi tibbiy yordam ko'rsatish sharoitida tashxis masalasi katta ahamiyat kasb etadi. Chunki o'z vaqtida va to'g'ri qo'yilgan tashxis kasallik yoki shikastlanish turini aniqlashga va shu asosda zarur yordam ko'rsatish tadbirlarining ketma-ketligi rejasini tuzishga imkon yaratadi. Tashxis kasallik yoki jarohatning subyektiv va obyektiv belgilarini aniqlash asosida qo'yiladi. Subyektiv belgilarga bemor yoki jarohatlanganning shikoyatlari (agar uning hushi joyida bo'lsa) kiradi. Obyektiv belgilarga esa kasallik va jarohatning tashqi belgilari yoki muayyan usuldagi yondashuv orqali aniqlanadigan, masalan, pulsni (tomir urishini) o'lchash, nafas olish va chiqarishning miqdori, reflekslar va boshqa belgilar kiradi.
Kasallik yoki shikastlanishning obyektiv va subyektiv belgilari umumiy va shu holat uchun xos bo'lishi mumkin. Shu tufayli bu belgilarni aniqlash va taxmin qilish yo'li bilan dastlabki tashxisni qo'yish mumkin. Tashxis asosida esa zarur yordam turi ham aniqlanadi.

Birinchi yordam vositalari

Tez tibbiy yordam ko'rsatishda birinchi yordam vositalari qo'llaniladi. Ular tabel va qo'l ostidagi vositalarga bo'linadi. Birinchi yordam tabel vositalariga bog'lov materiallari, bintlar, tibbiy bog'lov paketi, steril bog'lov materiallari, salfetkalar, paxta va boshqalar kiradi. Qon ketishini to'xtatishda qon to'xtatuvchi jgutlar, immobilizatsiya uchun fanerli, narvonsimon, to'rsimon shinalar kabi tabel vositalari qo'llaniladi. Birinchi tibbiy yordam ko'rsatishda ba'zi dori-darmonlar ham qo'llaniladi: yodning 5 % spirtli eritmasi, brilliant ko'ki (zelyonka)ning 1-2 % spirtli eritmasi, validol tabletkasi, valeriana tindirmasi, navshadil spirti, natriy gidrokarbonat tabletkasi yoki poroshogi, vazelin va boshqalar. Odatda birinchi tibbiy yordam tabel vositalari jamoat transporti yoki shaxsiy transport haydovchilari aptechkasi tarkibiga kiradi hamda ommaviy dam olish joylarida ham bo'ladi.
Birinchi yordam ko'rsatish vaqtida tabel vositalari bo'lmasa, qo'l ostidagi vositalardan foydalaniladi. Birinchi tibbiy yordam ko'rsatishda bunday vositalar sifatida toza choyshab, ko'ylak, mato (oq mato), karton, faner, taxta, yog'och va boshqalarni qo'llash mumkin.
Jarohatlanganlarni transportda tashish Jarohatlangan va kasallarni transportda tashishda asosan yo'l transporti (avtomobil, temir-yo'l transporti), havo (samolyot, vertolyotlar), suv (daryo va dengiz transporti), shuningdek sanitar va moslashtirilgan transport vositalari qo'llaniladi. Jarohatlangan shaxs yoki kasallarni tashish zambilda, qo'lda, orqada, yelkada hamda qo'l ostidagi vositalardan foydalanib amalga oshiriladi. Jarohatlanganlar bir kishi yoki bir-necha kishi yordamida tashiladi. Eng maqbul, og'riq chaqirmaydigan va avaylab tashish usuli zambil yordamida tashishdir. Bemor yoki jarohatlanganlarni tashishda iloji boricha ehtiyot qiladigan sharoit yaratish kerak. Ularni qulay va to'g'ri holda yotqizish lozim.
Tashish va transportda tashish jarayonida noto'g'ri harakat qilish jarohatlangan yoki bemor ahvolining yomonlashuviga, qo'shimcha jarohatlarning kelib chiqishiga, qon ketishining kuchayishiga, suyak bo'laklarining joyidan siljishiga va boshqalarga olib kelishi mumkin.

Oyoqlar va bosh suyagining shikastlanishida jarohatlanganlarni chalqancha, umurtqa pog'onasi suyaklari singanda esa, aksincha, qoringa yotqizish lozim. Agar umurtqa pog'onasi suyaklari jarohatlangan kishi zambilga chalqancha yotqizilsa, unda, albatta, zambilga yog'och shit yoki keng taxta qo'yilishi kerak.
Qorin va tos suyaklari shikastlanganda jarohatlanganlar chalqancha yotqizilib, oyoqlar bir oz tashqariga kengaytiriladi, tizza va son bo'g'imlari bukiladi. Bunda tizza bo'g'imlari tagiga kiyimdan yostiqcha qo'yiladi.
Shikastlanganlarni zambilda va transportda tashishda ularning umumiy holatini, bog'lam yoki immobilizatsiya shinasining to'g'ri qo'yilganligini ko'zdan kechirish lozim. Agar jarohatlanganlarni tashish uzoq davom etsa, ularning holatini o'zgartirish, boshlari tagidagi yostiqchalarni to'g'rilab turish kerak.
Gorizontal tekis yerda tashishda jarohatlanganlarning oyoq sohasi oldinda bo'ladi. Agar jarohatlangan hushini yo'qotgan bo'lsa, bosh tomoni oldinda bo'ladi. Chunki bunda uni kuzatib borish imkoni bo'ladi. Yuqoriga olib chiqilayotganda yoki pastga tushirishda esa uni gorizontal holda ushlash kerak. Yuqoridan pastga tushirilayotganda shikastlanganning oyoq sohasi oldinda, ko'tarilayotganda esa, aksincha, bosh sohasi oldinda bo'ladi.

Jarohatlangan yoki bemorlarni transport vositasiga joylashtirishda avval zambil yuqori qatorlarga qo'yiladi, keyin esa pastki qatorlarga joylanadi, tushirilayotganda esa, aksincha, avval pastki qatorlardan, so'ngra esa yuqorigi qatorlardan zambil olinadi.
Bosh suyagi, umurtqa pog'onasi, qorin sohasi jarohatlanganlar hamda og'ir yaralanganlar pastki qatorlarga joylashtiriladi, chunki yuqoriga nisbatan pastki qatorlarda kamroq chayqalish kuzatiladi.

Ko'p sonli jarohatlanish va kasallanishlarda shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish
Ma'lumki, baxtsiz hodisalar, falokat, tabiiy ofat va boshqalar vaqtida voqea sodir bo'lgan joyda ko'p sonli jarohatlanganlar bo'ladi. Bunday holatlarda tez yordam qanday tashkil qilinadi? Qanday yordam va u qanday ketma-ketlikda ko'rsatiladi? Bunday hollarda voqea sodir bo'lgan joyda tibbiyot xodimi yoki birinchi tibbiy yordam ko'rsatish ko'nikmalariga ega bo'lgan shaxs voqea oqibatlarini bartaraf qilish uchun qo'llaniladigan chora-tadbirlarni o'tkazish bo'yicha javobgar bo'ladi. U hamma jarohatlanganlarga yordam berilmaguncha yoki tez yordam brigadasi yetib kelmaguncha o'sha joyda qolishi kerak.

Bu holatda hal qilinishi lozim bo'lgan asosiy masalalar quyi- dagilardan iborat: shikastlanish turi bo'yicha jarohatlanganlar guruhlarini tashkil qilish, hayotiy ko'rsatmalar bo'yicha tez tibbiy yordam ko'rsatish, jarohatlanganlarni tezkorlik bilan, ularning holati va jarohati darajasiga qarab, navbat
bilan davolash muassasasiga evakuatsiya qilish.

Jarohatlanganlarga yordam ko'rsatishni tashkil qilish bo'yicha umumiy boshqaruv mahalliy sog'liqni saqlash organlariga yuklatiladi.
Amaliy boshqaruvni operativ bo'lim orqali, o'choqdagi (tabiiy yoki baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi) mas'ul tibbiy xodim va tez tibbiy yordam stansiyasining mas'ul navbatchi vrachi amalga oshiradi. O'choqda barcha ishlarga mas'ul feldsher tez tibbiy yordam stansiyasining mas'ul vrachiga bo'ysunadi. U voqea sodir bo'lgan joyga yetib kelishi bilan sharoitni baholab, barcha tibbiy xodimlarni birinchi tibbiy yordam ko'rsatishga yo'naltirishi, so'ngra o'z o'rnini belgilashi kerak.
U jarohatlanganlar sonini aniqlaydi va shunga mos ravishda radio yoki telefon orqali qo'shimcha tez yordam mashinalarini chaqirish masalasini hal qiladi. Fyeldsher muassasa rahbariyati, militsiya va avariya qutqaruv xizmati bilan aloqa bog'laydi va jarohatlanganlar evakuatsiyasi yo'nalishini aniqlaydi. Jarohat turiga qarab, tibbiy saralash va birinchi tibbiy yordam ko'rsatish uchun feldsher va hamshiralar ajratiladi.

Yangi kelgan brigadalarni o'z boshqaruviga olib, bosh vrach bilan birgalikda jarohatlanganlarni gospitalizatsiya qilish va ko'rsatmalar bo'yicha profilli kasalxonalarga evakuatsiya qilish tartibini aniqlaydi.
O'choqda ishlar tugaganidan so'ng voqea sodir bo'lgan o'choqni shaxsan tekshiradi va obyekt rahbariga hamda tez tibbiy yordam stansiyasi mas'ul navbatchi vrachiga axborot beradi, ularning ruxsati bilan voqea sodir bo'lgan joydan eng keyin jo'nab ketadi.
Kriminal holatlarda chaqirilgan tibbiy xodimning harakati va vazifalari
Tibbiyot xodimlari, agar militsiya yoki prokuratura xodimlari bo'lmasa, voqea sodir bo'lgan joyda hamma begona kishilarni chiqarib yuboradilar. U yerdagi narsalarning joyi o'zgarmasligini nazorat qiladilar (mebellarni joyidan qo'zg'atish, qog'ozlarni bir-biriga qo'shish yoki tashlab yuborish, polni supurish yoki yig'ishtirish va boshqalarga yo'l qo'yilmaydi).

Voqea sodir bo'lgan joydagi jihozlarning joylashuvi iloji boricha o'zgartirilmasdan jarohatlanganga zarur tez yordam ko'rsatiladi. Voqea sodir bo'lgan joyda qurol yoki boshqa vositalar topilganda, ularni militsiya yoki prokuratura xodimlari yetib kelguncha qaysi joyda va qanday holda topilgan bo'lsa, shundayligicha saqlash choralari ko'riladi. Bu voqea sodir bo'lgan joydagi mas'ul yoki shu maqsadda chaqirilgan maxsus shaxslarga ularni qo'riqlash vazifasini yuklash orqali amalga oshiriladi. Fyeldsher shuni esda tutishi kerakki, jinoyat sodir etilgan vositalarda, jarohatlangan shaxs atrofidagi predmetlarda qon izlari, barmoq izlari va boshqalar bo'lishi mumkin. Ular tergov olib borish uchun saqlanib qolishi kerak.
Tez yordam xodimlari yetib kelgan vaqtda jarohatlangan shaxsning qo'lida qolgan qurol voqea sodir bo'lgan joyda qoldiriladi. Osish yoki bo'g'ish uchun ishlatilgan sirtmoq yechilmaydi, balki kesib olinadi va voqea sodir bo'lgan joyda qoldiriladi.
Zaharlanish holatlarida zaharli modda mavjud bo'lgan yoki tekkan hamda mavjud bo'lishi mumkin bo'lgan barcha predmetlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Oziq-ovqatdan zaharlanish yoki intoksikatsiya belgilari bo'lgan bemor so'roq qilinganda, uning yoki atrofdagilarning fikricha, qaysi mahsulotlar kasallikka sabab bo'lganligi, ular qayerdan sotib olinganligini aniqlash lozim. Voqea sodir bo'lgan joyda aniq o'lim belgilari (murda dog'lari, murda qotishi) bo'lgan murda topilganda uni qanday holatda va ko'rinishda topilgan bo'lsa, shu ko'rinishda militsiya yoki prokuratura xodimlari yetib kelguncha saqlab turishga to'g'ri keladi. O'lim sodir bo'lganini aniqlash uchun tibbiy xodimlar, hatto murda holati va ko'rinishini o'zgartirish zarur bo'lsa ham, barcha kerakli tibbiy choralarni qo'llashlari lozim. Qon dog'lari va ifloslangan sohalarni yuvib tashlash mutlaqo man qilinadi. Murda qo'lida siqilib qolgan jihozlarga (qurol, qog'oz va boshqalar) tegish, o'lim sababi haqida xulosa berish feldsher vazifasiga kirmaydi. U faqatgina yuzaki ko'rik asosida o'lim sababi haqida xulosa qilish huquqiga ega emas. Voqea sodir bo'lgan joydagi tezkor o'lim haqida feldsher militsiyaga xabar berishi kerak.
Kriminal holat tufayli va yoki zo'raki o'limga shubha tug'ilgan hollarda murda faqat militsiya yoki prokuratura organlari ruxsatidan so'ng voqea sodir bo'lgan joydan olib ketiladi. Murda voqea sodir bo'lgan joyda qoldirilganda, unga tegilmaydigan sharoitda saqlash uchun, militsiya yoki prokuratura organlari xodimlari yetib kelguncha, murdani va u turgan joyni qo'riqlash mas'ul shaxslarga topshiriladi va ularning familiyasi chaqiriq qog'oziga yozib qo'yiladi.
Kriminal holat haqidagi barcha ma'lumotlarni operativ yoki voqea sodir bo'lgan joyga yetib kelgan xodim faqat tergov organlari vakillariga va tez yordam xizmati ma'muriyatiga xabar qiladi. Agar sodir bo'lgan voqeaning kriminal xususiyatga ega ekanligi chaqirilgan xodim yetib kelganda aniqlansa, u holda xodim stansiya katta navbatchi vrachini bu haqda xabardor qilishi kerak. Jarohatlangan shaxs gospitalizatsiya qilinsa, feldsher uni qaysi kasalxonaga yotqizilganini tez yordam stansiyasiga xa- bar qilishi lozim.

«Tez tibbiy yordam» xizmati xodimlari faoliyatida tibbiy etika va deontologiya
Tibbiy deontologiya tibbiyot xodimlarining shaxsiy manfaatinigina emas, balki ularning bemorga nisbatan burchi va mehribonligini ham ifoda etadi.
Tibbiy deontologiyaning asosiy vazifalari mashhur jarroh N. Petrovning 1944 yilda chop etilgan «Jarrohlik deontologiyasi masalalari» kitobida belgilab berilgan.
Ular quyidagilardan iborat:
1) tibbiy muassasa xodimlarining huquq va vazifalarini to'g'ri taqsimlashga asoslangan ishni yo'lga qo'yish;

2) o'tkazilayotgan davolash natijasining yaxshi bo'lishida bemor ruhi- yatini doim hisobga olib borish va uni avaylash;

3) turli kasalliklar to'g'risidagi ilmiy bilimlarni har bir bemorning kasalligini aniqlash va davolashga qaratish;

4) «bemor jarrohlik uchun emas, balki jarrohlik bemor uchun» degan shiorga amal qilish;
5) o'z ish faoliyatida yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni aniqlash va muhokama qilish yo'li bilan tajriba to'plash.

Jarrohlikda arzimas narsaning o'zi yo'q. Bu mashaqqatli va xatarli ishdir. Shu sababdan ham bu prinsiplarga amal qilmaslik deontologiya qoidalarini qo'pol buzish demakdir.

Vrachning noto'g'ri xatti-harakati natijasida bemorning umumiy ahvoli og'irlashishi va hatto «yangi yatrogen» kasalliklar kelib chiqishi mumkin.
I. A. Kassirskiy yatrogen kasalliklarning sabab va shakllarini quyidagicha ta'riflab beradi:
- tibbiy xodimlarning ehtiyotsizligi tufayli bemorni shikastlantirish;
- tibbiy adabiyotni o'qishga aloqador bo'lgan bilvosita shikastlantirish;
- psixopatik, psixoastenik reaksiyaga moyil bemorlar ruhiyatini shikastlantirish;
- tibbiy asbob-uskunalar yordamida o'tkaziladigan noto'g'ri tekshi- rishlar, dori-darmonlarning yanglish berilishi va boshqalar.
Bemor ruhiyatini asrash, yatrogen kasalliklarning oldini olishda o'zini to'g'ri tutish, e'tiborli bo'lish va ziyraklik sifatlarini alohida ta'kidlab o'tish zarurdir.
Har bir tibbiy xodim yuqori darajada madaniyatli bo'lishi kerak. Unda tibbiyotga zid, zararli odatlar (chekish, spirtli ichimliklar iste'mol qilish va boshqalar) bo'lmasligi darkor, undan shaxsiy gigiyena va estetika qoidalariga qat'iy amal qilish talab qilinadi, kiyimlari orasta, yurish- turishiga mos, bejirim bo'lishi kerak. Chunki o'ta rang-barang va qo'pol kiyimlar bemorga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Turli atir-upa va bo'yoqlarni me'yorida ishlatish zarur. Bemorlar sog'lig'ini o'ylaydigan tibbiy xodim, tabiiyki, ular yonida o'zining shaxsiy ishlari to'g'risida gapirmasligi lozim.
Tibbiy deontologiya qoidalariga amal qilish farmatsevtika xodimlariga ham taalluqlidir. Tibbiy xodim va provizor vrachlik sir- asrorini oshkor qilmasligi kerak, chunonchi:
a) bemorning o'zidan yoki davolash jarayoni davomida olingan ma'lumotlarni jamoatchilikka oshkor qilmaslik;
b) bemorlar to'g'risidagi ba'zi ma'lumotlarni ularning o'zlariga ham bildirmaslik darkor.
Tibbiy xodim va provizorlar malakali vrach kelgunga qadar jarohatlangan bemorlarga tibbiy yordam ko'rsatishlari shart. Chunki o'z vaqtida va to'g'ri ko'rsatilgan birinchi yordam bemor taqdirini hal qiladi. Buning uchun ular tibbiy yordam ko'rsatish qoidalarini mukammal egallagan bo'lishlari kerak.
Provizor bemorni davolamasa va unga dori-darmonlar buyurmasa ham, bemor yoki uning qarindosh-urug'lari bilan muloqotda bo'ladi, kerakli dori-darmonlarni aniq va o'z vaqtida tayyorlab berishi bilan bemor ruhiyatiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi, sog'ayib ketishiga ishonch tug'diradi.
Vrach ko'rsatmasisiz bemorga u yoki bu dorini yozib beruvchi provizor mutlaqo nohaqdir. Chunki vrach bemorda bo'lgan obyektiv o'zgarishlarni, organizmning shaxsiy xususiyatlarini, qo'shimcha kasalliklarni e'tiborga olib ish tutadiki, bu narsalar farmatsevtlarga ma'lum emas.
Tibbiy xodimlar hamda provizorlarning muhim fazilatlaridan eng asosiysi kasb pokligidir, uning ish mezoni esa yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni o'z vaqtida payqash hisoblanadi. Yo'l qo'yilgan xato va kamchilik bilan o'z obro'sining pasayishi yoki jazolanishdan qo'rqmasdan inson hayotini saqlash, bemor sog'lig'ini tiklash tibbiyot xodimlari, provizorlarning burchi hamda vazifasidir.
Davolash sifati ko'pgina hollarda vrach buyurgan muolajani o'z vaqtida aniq va puxta bajarishga va bemorlarni parvarish qilishga bog'liq bo'ladi, bu mas'uliyat tibbiy hamshiralar va enagalarga ham yuklanadi. Tibbiyot hamshiralari o'z ishlarining sir-asrorini yaxshi biladigan, pok, aql-zakovatli, o'z kasblarini mukammal egallagan kishilar bo'lmog'i kerak.
Bemorning tezda sog'ayib ketishini yaxshi parvarishsiz hamda enaga (sanitarka)larsiz tasavvur qilish qiyin. Enaga tibbiy hamshiraning birinchi yordamchisidir. Faqat ulargina boshqa tibbiyot xodimlariga qaraganda bemor yonida ko'proq bo'ladilar.
Bemorning tezroq tuzalib ketishida unga aytilgan har bir shirin so'z katta ahamiyatga ega. Shu asnoda Servantesning ajoyib so'zlarini keltirish o'rinlidir: «Xushmuomalali bo'lishning hech bir qiyinchiligi ham yo'q va hech bir narsa u kabi yuqori baholanmaydi». Bemorlarda kasallik tufayli paydo bo'ladigan injiqlik, achchiqlanish hollarida xushmuomalalik kasalning tuzalishi uchun muhim omildir.
IIO xodimlariga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish asoslarini
o'rgatishning zarurati
Har bir kishining baxtsiz hodisalarda birinchi yordam ko'rsatish usullari va qoidalarini bilishi muhimdir. Ayniqsa bu masala IIO xodimlari uchun alohida ahamiyatga ega, chunki ular voqea sodir bo'lgan joyga birinchilar qatorida yetib keladilar. Shuning uchun ham IIO xodimlari jarohatlanganga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish hamda har qanday ekstremal holatlarda, jumladan jangovar harakatlarda ham, bir-biriga va o'z-o'ziga yordam ko'rsatish usullarini to'liq bilishlari kerak. Bu esa, o'z navbatida, ularning birinchi tibbiy yordam ko'rsatish maxsus kursini o'rganishlari zarurligini taqozo etadi.
Bunday kursning asosiy maqsad va vazifasi tinglovchilarga birinchi tibbiy yordam ko'rsatishning ahamiyati va imkoniyatlari haqidagi nazariy bilimlarni singdirishdan iborat. Bu bilimlarning o'zlashtirilishi IIO xodimlariga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- jarohatlangan shaxsning ahvolini obyektiv baholash hamda uning hayoti va salomatligiga nisbatan xavf darajasini aniqlash;
- yetkazilgan jarohat darajasini belgilab, ko'rsatiladigan birinchi tibbiy yordam bo'yicha asosiy va ikkilamchi chora-tadbirlarni to'g'ri aniqlash, terminal holatdagi jarohatlanganlar va bemorlarga, zarur bo'l- ganda qo'ldan keladigan birinchi reanimatsion usullarni qo'llash;
- jarohatlanganlar va bemorlarni mavjud vositalar bilan immo- bilizatsiya qilish va voqea sodir bo'lgan joydan shifoxonaga olib borish;
- mutaxassis shifokorga jarohat olingan holatni hamda jarohat- langanlarga ko'rsatiladigan navbatdagi tibbiy yordamni yengillashtirish uchun qo'llangan birinchi tez yordamni malakali qilib aytib berish.
Tinglovchilarga quyidagi asosiy tibbiy qo'llanmalar bo'yicha, ya'ni qon ketishi turlarini aniqlash va uni tezlik bilan to'xtatish, jarohat turlarini aniqlash va uni tashqi muhitdan steril bog'lam bilan ajratish, kuyish va sovuq olishda yordam ko'rsatish, tayanch-harakat organlari shikastlangan- da fiksatsiya qiluvchi bog'lam qo'yish, jarohatlanganlarni to'g'ri tashish, o'pkani sun'iy nafas oldirish va yurakni bilvosita massaj qilish, zaharla- nish, ilon va boshqa zaharli hasharotlar chaqqanda yordam ko'rsatish ko'nikmalarini hosil qilish. Bu bilimlar va qo'llanmalar IIO xodimlariga o'z vaqtida va sifatli tezkor tibbiy yordam ko'rsatish imkonini beradi.
ESDA TUTING: INSON HAYOTI KO'P HOLLARDA O'Z VAQTIDA VA SIFATLI KO'RSATILGAN TIBBIY YORDAMGA
BOFLIQDIR!
ODAM ANATOMIYASI VA FIZIOLOGIYASI
Odam organizmining tuzilishi, uning rivojlanish jarayonini o'rgana- digan fan anatomiya, odam organizmi a'zolarining yakka holdagi va bir butun tizim ko'rinishidagi faoliyatlarini o'rganadigan fan fiziologiya deyiladi.
Odam organizmi turli funksiyalarni bajaradigan a'zolar tizimidan tashkil topgan. Bularga harakat a'zolari, muskullar, qon, qon va limfa tomirlari, hazm qilish, nafas olish, siydik chiqarish, jinsiy, nerv tizimi a'zolari va ichki sekretsiya bezlari kiradi.
TAYANCH-HARAKAT TIZIMI
Harakat a'zolari tizimining asosini suyaklar, bo'g'imlar va paylar tashkil qiladi.
Odam organizmida 200 dan ortiq suyak bo'lib, ularning jami odam vaznining 8,5 % ni tashkil qiladi (1-rasm). Suyaklar egiluvchan organik modda - osseindan hamda qattiq va mo'rt anorganik modda - ohakdan tashkil topgan.
Suyaklarning yengil va mustahkamligi faqat ularning tarkibiga qarab emas, balki suyak tanasining qurilish strukturasi bilan ham belgilanadi. Suyaklarning tashqi qavati zich qattiq moddadan, ichki qavati esa bir-biri bilan to'r shaklida kesishgan g'ovak plastinkalardan iborat.

Suyaklar ichida suyak ko'migi deb ataladigan to'qima joylashgan bo'lib, unda qizil qon (eritrotsitlar) va oq qon tanachalari (leykotsitlar) ishlab chiqariladi. Suyakning sirtqi yuzasi suyak ustki pardasi bilan qoplangan. Suyak ustki pardasidan suyaklarga nerv va qon tomirlari o'tadi, ya'ni bu suyak ustki pardasining ichki qavatini tashkil qiladi, tashqi qavatini esa fibroz tolali to'qima hosil qiladi. Suyak ustki pardasining ichki qavati suyak hosil bo'lishida, o'sishi va rivojlanishida, singan suyaklar bitishida ishtirok etadi.

Suyaklar o'zaro uzluksiz (harakatsiz) va bo'g'imlar (harakatchan) ko'rinishida birikishi mumkin. Uzluksiz birlashgan suyaklarga misol qilib bosh suyagini biriktiruvchi to'qimalar va umurtqalarning tog'aylar orqali birikishini olish mumkin. Uzluksiz ravishda qo'shilgan suyaklar qimir- lamaydi yoki harakati juda chegaralangan bo'ladi. Binobarin, bu birik- malarni bo'g'im deb atab bo'lmaydi. Harakatchan birikmalar (bo'g'imlar) esa butunlay boshqacha tuzilgan va o'zgacha xususiyatga ega. Ularga tos va dumg'aza bo'g'imi kabi kam harakatlanadigan hamda yelka, tirsak, tizza singari harakatchan bo'g'imlar kiradi.
Suyaklarning bo'g'im yuzalari tog'ay bilan qoplangan bo'lib, bo'g'im hosil qiluvchi uchlari va ular o'rtasidagi bo'shliqning atrofi bo'g'im xaltasi bilan o'ralgan. Har qaysi bo'g'im sirtidan (ba'zilari ichidan) zich biriktiruvchi to'qima tolalaridan tuzilgan boylamlar bilan mustahkamlan- gan. Bo'g'im xaltasining ichki qavati yog'lovchi suyuqlik ishlab chiqa- radigan maxsus qobiqdan tashkil topgan va bu suyuqlik bo'g'imlardagi harakatni yengillashtirib beradi.
Bosh suyaklari

Bosh suyagi miya vayuz suyaklariga bo'linadi.
Boshning miya suyaklariga: peshona, 2 ta chakka, 2 ta tepa, ensa, ponasimon yoki asos, g'alvir suyaklari kiradi. Ensa suyagida katta teshik bo'lib, bu teshik orqali bosh miya umurtqa pog'onasi kanali bilan bog'lanib turadi. Chakka suyagi tashqi yonboshida joylashgan chakka chuquri orqali pastki jag' bilan birlashib turadi, ya'ni bu birlashma boshning birdan-bir harakatdagi bo'g'imi hisoblanadi.
Boshning yuz suyaklariga: 2 ta yuqori jag', 2 ta tanglay, 2 ta yonoq, 2 ta burun, 2 ta yosh, 2 ta burun chig'anog'i, dimoq, pastki jag' va tilosti suyaklari kiradi.
Pastki jag'dan tashqari, barcha bosh suyaklari choklar orqali birikkan. Chakka suyaklarida eshitish va muvozanatni boshqaruvchi a'zolar joy- lashgan. Bosh suyagining yuz qismidan boshlanadigan mimika muskul- larining bir uchi suyakka, ikkinchi uchi esa teriga yopishgan bo'lib, shu muskullar yordamida inson yuzida quvonch, g'am, jahl, qo'rquv ifodalari aks etadi.
G'alvirsimon, peshona, asos va chakka suyaklaridagi kovaklar (bo'shliqlar) ichida havo bo'ladi.
Peshona, asos va g'alvirsimon suyaklar ichidagi bo'shliqlar burun havo yo'liga, chakka suyagidagi bo'shliq esa o'rta quloq bilan tutashgan.

Umurtqa pog'onasi
Umurtqa pog'onasi odam skeletining asosiy o'qi hisoblanadi. Umurtqa pog'onasining tepa qismi bosh suyaklari bilan, yon tomoni ko'krak qovurg'alari bilan, pastki qismi esa tos suyaklari orqali oyoq suyaklari bilan tutashgan.
Umurtqa pog'onasi 33 yoki 34 ta umurtqa suyaklaridan iborat bo'lib, shundan 7 tasi bo'yin, 12 tasi ko'krak, 5 tasi bel, 5 tasi dumg'aza va 4-5 tasi dum umurtqalaridan tashkil topgan.
Har bir umurtqa - tana, yoy va o'tkir orqa o'simtalardan iborat. Umurtqa tanasi qisqa yoylar yordamida aylana teshik hosil qiladi va umurtqalar ustma-ust jipslashib, birgalikda orqa miya joylashgan kanalni hosil qiladi.
Umurtqa suyaklari bir-biri bilan tolali tog'ay orqali birikkan bo'lib, yugurganda, yiqilganda, sakraganda zarbalar kuchining pasayishiga yordam beradi. Bundan tashqari, umurtqa pog'onasi oldinga, orqaga, yon tomonga egilishda va tananing o'z o'qi atrofida aylanishida yordam beradi.
Beshta dumg'aza umurtqalari bir-biri bilan jips birikib, yaxlit dumg'aza suyagini tashkil qiladi. Dumg'aza suyagi tos suyagi bilan birikib, tosning orqa qismini hosil qiladi. Dumg'aza suyagining pastki qismiga 4-5 ta dum umurtqalari birikkan bo'ladi.
Ko'krak qafasi
Ko'krak qafasi 12 ta ko'krak umurtqasi, 12 juft qovurg'a va to'sh suyaklarining o'zaro birikishidan hosil bo'ladi.

Qovurg'alar suyak va tog'ay qismlardan tashkil topgan. Ular suyak qismi bilan ko'krak umurtqalariga bo'g'im hosil qilib, tog'ay qismi esa to'sh suyagi bilan (7 tasi) bevosita birikkan bo'ladi. Pastki 8, 9, 10-juft qovurg'alarning tog'ay qismlari o'zaro birlashib 7-qovurg'aga birikadi. 11, 12-juft qovurg'alarga yetim qovurg'alar deyiladi. Ularning erkin uchi qorin devori muskullari orasida bo'ladi.
Ko'krak qafasi bo'shlig'ida o'pka va yurak joylashadi. Ko'krak qafasini qorin bo'shlig'idan diafragma ajratib turadi. Diafragmada pay va muskul qismlar farqlanadi. Uning pay qismidagi darcha orqali qi- zilo'ngach, qon va limfa tomirlari hamda nervlar o'tadi. Diafragma nafas olishda ishtirok etadigan asosiy a'zo hisoblanadi.

Tos suyaklari Tos ikkita chanoq, dumg'aza, dum suyaklari va ularni bog'lovchi tog'aylardan tashkil topgan. Chanoq suyagi, o'z navbatida, uch qismdan - qov, yonbosh, quymich suyaklaridan iborat. Ikki qov suyaklaridagi tog'ay qismlarning birikishi hisobiga simfiz, ya'ni qov birikmasi hosil bo'ladi.
Yonbosh suyagi bilan qov suyagi o'rtasidan bog'lam tortilgan bo'lib, unga chov yoki «pupart» bolami deyiladi.

Tos suyaklarining ikki yonida yarim oysimon chuqurchasi bo'lib, ularga son suyagining boshchasi kirib turadi va tos-son bo'g'imini hosil qiladi. Erkaklarning tos suyaklari baland va tor bo'ladi. Ayollarniki esa past va keng bo'lib, asosan tug'ish jarayonida homila boshining qiyinchiliksiz harakatini ta'minlaydi.
Qo'l va oyoq suyaklari Qo'l suyaklari yelka kamari va qo'lning erkin suyaklaridan tashkil topgan bo'lib, yelka kamari tarkibiga kurak va o'mrov suyaklari kiradi. O'mrov suyagi bir uchi bilan to'sh suyagiga birikadi, ikkinchi uchi bilan esa kurak suyagi va yelka suyagining boshchasi bilan birgalikda yelka bo'g'imini hosil qiladi. Yelka suyagi bilak suyaklari bilan birga tirsak bo'g'imini tashkil qiladi. Bilak - bilak va tirsak suyaklaridan tashkil topgan.
Bilak suyaklari kaft panja suyaklari bilan birikib bilak kaft bo'g'imini hosil qiladi. Qo'l panjasi: 8 ta kaftoldi, 5 ta kaft va 14 ta barmoq suyaklaridan iborat. Har bir barmoq suyagi 3 ta suyakdan iborat bo'lib, faqat bosh barmoqda 2 ta suyak mavjuddir.
Oyoq suyaklari tanaga tos suyaklari orqali birikib, son, boldir, tizza qopqog'i, oyoq to'pig'i va oyoq panjasi suyaklaridan tashkil topgan.

Son suyagi inson tanasidagi eng uzun suyaklardan biri bo'lib, naysimon suyaklar qatoriga kiradi. Uning yuqori uchida ichki tomonga qaragan sharsimon boshchasi, pastrog'ida esa suyak uzun o'qiga nisbatan o'tmas burchak ostida joylashgan bo'yni bor. Katta va kichik boldir suyaklari ham naysimon suyaklar qatoriga kiradi. Katta boldir suyagi boldirning ichki tomonida, kichik boldir suyagi esa tashqi tomonida joylashgan bo'ladi. Son suyagining pastki, ya'ni distal qismi va boldirning yuqori, ya'ni proksimal qismi hamda tizza qopqog'i suyaklari bilan birgalikda tizza bo'g'imini hosil qiladi.
Boldir suyaklari oyoq panja suyaklari bilan o'zaro birikib, boldir panja bo'g'imini tashkil qiladi. Oyoq panjasi: 7 ta panjaoldi, 5 ta panja va 14 ta barmoq suyaklaridan iborat. Har bir barmoq kaft barmoqlariga o'xshab 3 ta suyakdan iborat, faqat bosh barmoq 2 ta suyakdan tashkil topgan.


Odam organizmining faol harakatlantiruvchi qismi - muskullar, passiv harakatlantiruvchi qismlari - suyaklar, bog'lamlar va fassiyalar bilan birgalikda tananing harakatlanishiga yordam beradi. Skelet muskullari odam vaznining 40 %o ni tashkil etadi. Odam tanasida 600 ga yaqin muskul bor. Muskullar biriktiruvchi to'qimali parda - fassiyalar bilan o'ralgan bo'ladi. Muskullar paylar yordamida skelet suyaklariga yopishadi. Mimika muskullari bir uchi bilan teriga ikkinchi uchi bilan kalla va yuz suyaklariga yopishadi. Muskullar qisqarishi natijasida bo'g'imlar harakatga kelib, inson yurishi, yugurishi, yozishi, chaynashi va boshqa harakatlarni bajarishi mumkin. Muskullar - qisqaruvchi, yoyuvchi, uzoqlashtiruvchi, yaqinlashtiruvchi, aylanma harakatlarni bajaruvchi muskul guruhlariga bo'linadi.
Muskullar - uzun va qisqa, keng bo'lishi mumkin. Uzun muskullar asosan qo'l va oyoqlarda, qisqa muskullar esa gavda orqasi chuqur muskullari ostida, qovurg'alar orasida bo'ladi. Keng muskullar gavdaning ko'krak va qorin qismida hamda tananing orqasida joylashgan bo'ladi. Tana orqasidagi muskullar yuza va chuqur muskul guruhlariga bo'linadi.
Tana orqasidagi chuqur muskullar lateral va medial muskul guruhlariga bo'linib, umurtqa pog'onasining ikki tomoni bo'ylab ensadan dumg'azagacha cho'zilgan. Bu muskul guruhlari umurtqa pog'onasining tiklovchi muskul guruhlariga kiradi.
Ko'krak muskullari - yelka kamari va yelka muskullariga taalluqlidir. Katta ko'krak muskuli yuza joylashgan bo'lib, shakli uchburchak - qo'lni tanaga yaqinlashtiradi va ichkariga buradi. Kichik ko'krak muskuli - 2, 4- qovurg'alardan boshlanib, kurak suyagiga yopishadi. Bu muskul kurak qimirlamay turganda qovurg'alarni ko'taradi, ko'krak qafasi qimirlamay turganda esa kurakning tashqi burchagini oldinga va birmuncha pastga tortadi.
O'mrovosti muskuli 1-qovurg'a va o'mrov suyagi orasida joylashgan bo'ladi. Bu muskul o'mrov suyagini pastga va markazga tortadi. Ko'krak qafasining old va yon tomonida oldingi tishsimon muskullar joylashadi. Bu muskul qisqarganda kurakni oldinga tortadi va uni tashqariga buradi. Bu esa, o'z navbatida, qo'lni gorizontal holatdan ham yuqoriroq tutish imkonini beradi.
Ichki qovurg'alararo muskullar nafas olishda, tashqi qovurg'alararo muskullar esa nafas chiqarishda ishtirok etadi.
Qorin devori muskullari tashqi va ichki qiyshiq, ko'ndalang, to'g'ri va kvadrat muskullardan tashkil topgan.
Tashqi qiyshiq muskul keng bo'lib, yo'nalishi yuqoridan pastga va tashqaridan ichkariga bo'ladi. Ichki qiyshiq muskul ham tashqi qiyshiq muskul ostida shu yo'nalishda joylashgan. Tashqi va ichki qiyshiq muskullar orqasida qorinning ko'ndalang muskuli joylashgan. Qorin to'g'ri muskuli o'rta chiziqdan tashqarida joylashgan bo'lib, muskul tutamlari (press) hosil qiladi, ushbu muskulning yo'nalishi yuqoridan pastga qarab boradi. Orqaning kvadrat muskuli yonbosh suyaklarining yuqorigi qirralaridan boshlanadi va 12-qovurg'a va bel umurtqalarining yon o'smalariga yopishadi.
Qorinning tashqi va ichki qiyshiq muskullari tananing yon tomonga egilishida ishtirok etsa, qorinning to'g'ri muskuli gavdaning oldinga egilishga yordam beradi. Qorin devori muskullari qorin bo'shlig'ini hosil qilishda ishtirok etadi.
Bosh muskullari - yuz-mimika va chaynov muskullariga bo'linadi. Mimika muskullari - kalla suyagi yuz qismidan boshlanib teriga yo- pishgan bo'ladi. Mimika muskullari ko'proq ko'z olmasi, og'iz, quloq atrofida joylashgan va shu a'zolar faoliyatida ishtirok etadi.
Chaynov muskullari - 4 juft muskuldan iborat va qolgan ikki jufti (medial va lateral qanotsimon) chuqur joylashgan bo'ladi. Chaynov muskullari ovqatni maydalash, uzib olish, chaynashga xizmat qiladi.
Bo'yin muskullari yuza va chuqur guruhlarga bo'linadi. Yuza muskullar ichki va tashqi bo'ladi.
Tashqi guruh muskullariga bo'yin teriosti va to'sh-o'mrov-so'rg'ich- simon o'simta muskullari (o'mrov muskuli) kiradi. Bo'yin teriosti muskuli og'iz pastki burchagini pastga tortadi va bo'yin terisini taranglashtiradi.
To'sh-o'mrov-so'rg'ichsimon o'simta muskuli bo'shashganda boshni oldinga (bir tomonlama qisqarganda) o'ng yoki chapga o'girish, ikki tomonlama qisqarganda esa boshni qattiq tik holda ushlab turish mumkin bo'ladi.
Bo'yin chuqur muskullariga quyidagi muskullar kiradi:
a) narvonsimon - old, o'rta, orqa;

b) umurtqa oldi muskullari - bosh va bo'yinning uzun muskullari, boshning to'g'ri muskullari.
Bulardan tashqari, bo'yinda - tilosti suyagidan yuqorida va pastda joylashgan muskullar bo'lib, ular pastki jag'ni pastga tushirishga, ovqatni yutishga va qalqonsimon tog'ayni harakatlantirishga moslashgan.
Qo'l muskullari ikki guruhga - yelka kamari va qo'l erkin qismining muskullariga bo'linadi.
Yelka kamari muskullari yelka bo'g'imi atrofida joylashgan bo'lib, ko'krak va orqa muskullar ishtirokida yelka bo'g'imini harakatlantiradi. Yelka kamari hammasi bo'lib 6 ta (deltasimon, kurak qirra usti va osti, kichik va katta yumaloq, kurakosti) muskuldan iborat.
Qo'l erkin qismining muskullari uzun bo'lib, old va orqa guruh muskullariga bo'linadi. Bu guruh muskullarga yelkaning old va orqasi, bilak va panjaning old va orqa guruh muskullari kirib, asosan qo'l va panjani bukish va yozishga moslashgan muskullardan tashkil topgan. Bukuvchi muskullarga ikki boshli va tumshuqsimon yelka muskullari kiradi. Bukuvchi muskullar yelkaning old qismidan joy olgan.
Yelkaning yoyuvchi muskullariga uch boshli va tirsak muskuli kirib, yelkani yozishga moslashgan va uning orqa tomonidan joy olgan. Bilakning orqa tomonida panjani yozuvchi muskullar, old tomonida esa panjani bukuvchi muskullar joy olgan. Qo'l panja muskullari uchta guruhga bo'linadi:

1) bosh barmoq do'mbog'i muskullari;

2) jimjiloq muskullari;

3) kaft o'rtasidagi kaft suyaklararo muskullar.

Oyoq muskullari - chanoq, son, boldir, panja muskullaridan tashkil topgan. Chanoq muskullari - chanoq tana bilan deyarli harakatsiz birlashganligi sababli, muskullar faqat chanoq- son bo'g'imiga aloqador bo'lib, ikki (old va orqa) guruhlarga bo'linadi. Chanoq muskullari chanoqdan boshlanib, son suyagida tugaydi. Old guruh yonbosh-bel muskuli sonni bukadi va tashqariga buradi. Oyoq qimirlamay turganda gavdani bukishda qatnashadi. Noksimon va ichki yopqich muskul - sonni tashqariga buradi.
Orqa guruh muskullariga quyidagilar kiradi: a) katta dumba muskuli (sonni tashqariga buradi, odam gavdasini tik tutish va gavdani to'g'rilashda ishtirok etadi); b) dumbaning o'rta muskuli; v) dumbaning kichik muskuli (ustma-ust joylashgan bo'lib, sonni uzoqlashtiradi); g) tashqi yopqich; d) kvadratsimon muskul (sonni tashqariga buradi).
Son muskullari uch guruhga (old, o'rta, orqa) bo'linadi. Old guruh muskullariga to'rt boshli va «tikuvchilar» muskuli kiradi. Bu muskullar tizza va sonning chanoq-son bo'g'inini bukishga yordam beradi. O'rta guruh muskullari - taroqsimon, sonni yaqinlashtiruvchi, uzun, kalta, katta va nozik muskullardan iborat bo'lib, sonni bir-biriga yaqinlashtirishga yordam beradi. Orqa guruh muskullariga ikki boshli son muskuli, yarim pay muskul, yarim parda muskullar kirib, sonni yozadi, boldirni bukadi va boldirni tashqariga buradi.
Boldir muskullari uch guruhga bo'linadi: 1) oldingi; 2) lateral; 3) orqa.
Oldingi guruh muskullari: a) oldingi katta boldir muskulioyoq panja- sini yozadi, panjaning medial tomonini ko'taradi; b) barmoqlarni yoyuvchi uzun muskul panja va barmoqlarni yozadi; v) bosh barmoqni yoyuvchi uzun muskul panjani yozadi va oyoq kaftining ichki yuzasini ko'taradi.
Lateral guruh mushaklari: a) kichik boldirning uzun muskuli oyoq gumbazini mustahkamlaydi, oyoq panjasini va bosh barmoqni bukadi; b) kichik boldir kalta muskuli barmoqlarni yozadi.
Orqa guruh muskullari: a) boldirning uch boshli muskuli; b) boldir muskuli; v) kambalasimon muskul; g) tovon muskuli. Bu muskullar tizza bo'g'imini bukadi, odamning tik turishini ta'minlaydi.
Yüklə 81,48 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə