Meksika. (Meksika Qo'shma Shtatlari) reja



Yüklə 21,22 Kb.
tarix03.05.2018
ölçüsü21,22 Kb.
#41468

Aim.uz

Meksika. (Meksika Qo'shma Shtatlari)

REJA:

  1. Iqtisodiy-siyosiy geografik o'rni.

  2. Tabiiy sharoiti va resurslari.

  3. Aholisi.

  4. Davlat tuzumi.

  5. Xo'jaligi:

A) Sanoati.

B) Kishloq xo'jaligi.

V) Transporti.


  1. Tashqi iqtisodiy aloqalari.

Hududi- 1958201 km2

Aholisi- 104,9 mln. kishi (2003)

Poytaxti- Mexiko

1. Iqtisodiy-siyosiy geografik o'rni.

Meksika Shimoliy Amerika materigining janubiy qismida joylashgan bo'lib, unga Tinch okeanidagi bir qancha orollar va Kaliforniya qo'ltig'i qaraydi. Mamlakat shimoldan AQSH bilan janubda Beliz va Gvatemala bilan chegaradosh. Meksikaning g'arbiy qirg'og'ini Tinch okean, sharqiy qirg'og'ini Meksika qo'ltig'i va Karib dengizi suvlari yuvib turadi.



2. Tabiiy sharoiti va resurslari.

Meksika tog'li mamlakat: uning hududining yarmidan ko'prog'i 1000 metrdan baland hududlarda joylashgan.

Mamlakat hududining katta qismini G'arbiy Syerra-Madre Vulkanik Syerra Madre va Sharqiy Syerra-madre tog'lari tog' tizmalari bilan o'ralgan Meksika yassi tog'ligi egallaydi.

Mamlakat hududining kattaligi, tog' relyefining keng tarqalganligi xilma-xil tabiiy sharoit va resurslarning hosil bo'lishiga sabab bo'lgan. Meksika rux, simob, marganes rudalari, mis, polimetall rudalari kabi18 turdagi minerallar qazib chiqarish bo'yicha dunyoning yetakchi o'nlik mamlakatlar guruxiga kiradi.

Mamlakatda iqtisodiyot uchun muhim bo'lgan neft (14 mlrd tonna) va tabiiy gazning (2 trln m3 dan ortiq) yirik zahiralari topilgan. Asosiy neft konlari Meksika qo'ltig'i qirg'oq bo'yida va janubdagi Chyapas va Tabasko shtatlarida joylashgan. 1970 yillarda mamlakatning Kampeche qo'ltig'i rayoni shelyefida va Chekontepek rayonidagi shimoliy quruqlikdan yangi boy neft konlari ishga tushirildi va natijada Meksika neft zahiralari va uni qazib chiqarish bo'yicha dunyoda oldingi o'ringa chiqib oldi.

Mamlakatda asosiy ko'mir zahiralari Koauila va Oaxaka shtatlarida topilgan. Uranning asosiy konlari mamlakatning Chiuaua, Nuevo-Leon, Durango shtatlarida aniqlangan.Temir rudasi esa Durango shtatining Serro-de-Merkado konlaridan va Chiuaua shtatining Laperla konlaridan qazib olinmoqda. Meksika marganes rudalarining zahiralari bo'yicha Lotin Amerikasida Braziliyadan keyin ikkinchi o'rinni egallaydi. Marganes asosan Idalgo shtatining Molango konidan qazib olinmoqda. Bundan tashqari Meksikada kobalt, titan, nikel va simob kabi nodir va rangli metallarning yirik konlari aniqlangan.



3. Aholisi.

Hozirgi mamlakat aholisining katta qismini ispan va xindu millatlarining aralashuvidan kelib chiqqan meksikaliklar tashkil etadi. Bundan tashqari Meksikada 40 dan ortiq xindu qabilalari va xalqlari (aholining 29 foizi) yashaydi. Ulardan eng yiriklari asteklar, mayyalar, otamilar, sapoteklar hisoblanadi. Ilgari mamlakat aholining o'sish sur'ati bo'yicha (3,5 foizi) dunyoda oldingi o'rinlardan birini egallar edi, so'nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan demografik siyosat natijasida aholining o'sish sur'ati sezilarli kamaydi. Aholining tug'ilish koeffisenti har 1000 kishiga 28 kishi, o'lim koeffisenti 5,5 kishiga to'g'ri keladi. Mamlakatda har bir aholining umri 70 yoshgacha uzaydi, biroq Meksika dunyodagi eng «yosh» mamlakatlardan biri bo'lib qolmoqda (jami aholi tarkibida 15 yoshgacha bo'lgan yoshdagilar-38 foizni tashkil etadi) Iqtisodiy faol aholi jami aholi sonida 35 foizni tashkil etadi.

Mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy muammolardan biri aholi bandligi muammosi hisoblanadi. Har yili millionlab kishilar ish qidirib qonuniy va noqonuniy yo'llar bilan AQSH davlat chegarasini kesib o'tadi. Hozirgi vaqtda kelib chiqishi meksikalik bo'lgan Amerikaliklar AQShda 13 mln kishini tashkil etadi.

Meksika aholisining 74 foizdan ortig'i shaharlarda yashaydi. Mamlakatda 5 ta-Mexiko, Monterrey, Gvadalaxara, Pueblo, Leon kabi millioner shaharlar bor. Birgina poytaxt Mexiko shahar aglomerasiyasida 20 mlndan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Mamlakatda davlat tili ispan tili hisoblanadi. Aholining asosiy qismi katolik diniga e'tiqod qiladi.

4. Davlat tuzumi.

Meksika 300 yil davomida ispaniya mustamlakasi bo'lib keldi. Mamlakat 1821 yilda mustaqillikga erishdi.

Hozirgi vaqtda Meksika federativ respublika. Prezident davlat va hukumat boshlig'i hisoblanadi. Mamlakat ma'muriy-hududiy jihatdan 31 shtat va 1 ta federal okrugdan iborat.

5. Xo'jaligi.

Meksika industrial-agrar mamlakat bo'lib, Lotin Amerikasida iqtisodiy rivojlanish darajasiga ko'ra yetakchi mamlakatlardan biridir. Meksika yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi bo'yicha faqat Braziliyadan keyinda, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish bo'yicha Argentina, Venesuela va Chilidan keyinda turadi.



A) Sanoati.

Energetika sanoati-asosini neft va tabiiy gaz tashkil etadi. Meksika neft zahiralari bo'yicha Lotin Amerikasida birinchi va dunyoda oltinchi o'rinni egallaydi. Mamlakatdagi qazib chiqarilayotgan neftning yarmidan ortig'i Kampeche qo'ltig'i shelyefidan qazib olinmoqda. Neft sanoatini to'la chet el sarmoyasi asosida hususiy sektor nazorat qiladi. Neft Meksika eksportining qismini tashkil etadi. Qazib chiqarilayotgan neftning asosiy qismi AQShga eksport qilinadi.

Mamlakatning Meksika qo'ltig'i qirg'oqbo'yidagi neft konlari yaqinida va bir qancha shaharlarda (Minatitlan, Salamanka, Tula, Askapolsako, Solina-Krus, Reynosa, Posa-Rika, Syudad-Madero, Kadereyta) neftni qayta ishlash sanoati rivojlanmoqda.

Mamlakatda neft bilan birgalikda tabiiy gaz ham qazib olinadi. Meksika gaz qazib chiqarish bo'yicha Lotin Amerikasi regionida faqat Argentinadan keyinda, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish va uni eksport qilishda birinchi o'rinda turadi.

Meksikada ko'mir Koauila shtatidan qazib olinadi, biroq ko'mirning sifati yuqori emas, shuning uchun mamlakat qora metallurgiya sanoati uchun chetdan import qiladi.

Mamlakatda elektro-energiyaning katta qismi Issiqlik elektr stansiyalarda ishlab chiqariladi. Gidroelektr stansiyalarda (GES) jami elektr energiyasining 20 foizi ishlab chiqarilmoqda. Mamlakatning mahalliy uran rudasi bazasida Verakrus shahrida AES ishlab turibdi.

Qora va rangli metallurgiya sanoati- xilma-xil xom ashyo bazasiga ega. Mamlakat po'lat qo'yish bo'yicha (9 mln tonnadan ortiq) rivojlanayotgan mamlakatlar orasida Braziliya va Hindistondan keyin 3-chi o'rinni egallaydi. Yirik metallurgik majmualar Monklavada (Koauila shtatida) Losaro-Kardenas, Las-Truchas (Michoakan shtatida) ishlab turibdi.

Mamlakatning Chiuaua, Santa-Barbara, Idalgo-del-Parral shaharlarida rangli metallurgiyaning qo'rg'oshin va rux ishlab chiqarish, Kananea, San-Luis-Patosi, Buaymas shaharlarida mis ishlab chiqarish korxonalari ishlab turibdi.



Mashinasozlik sanoati- asosan neft sanoati uchun asbob uskunalar, temir yo'l vagonlari, avtomobillar va elektrodvigatellar, stanoklar ishlab chiqaradi.

Mamlakatda «Jeneral motors de Mexiko» kompaniyasi Mexiko, Toluke va Santilo shaharlarida avtomobillarni yig'ish, dvigatellar ishlab chiqarish, Syudad Xuarese shahrida ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashgan «Krayler de Mexiko» kompaniyasining federal okrugidagi yuk avtomobillarni yig'ish, Santilo va Monterreyedagi dvigatellar ishlab chiqaruvchi korxonalari ishlab turibdi.

«Ford motor» kompaniyasiga qarashli korxonalar federal okrugda va Kuatitlan va Tlalnepantle shaharlarida joylashgan. «Folksvagen de Mexiko» kompaniyasiga qarashli avtomobillarni yig'ish korxonasi Puebleda, «Nissan» kompaniyasiga qarashli korxonalar Kuernavaks shahrida joylashgan.

Meksika avtomobil sanoati muhim zvenosi eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan TMKning yirik avtomobil filiallariga qarashli «Makiladoras» korxonalari hisoblanadi. Makiladoras korxonalari asosan «Ford» va «Jeneral motors» korxonalari bilan mustahkam iqtisodiy aloqalar o'rnatgan.

Mamlakatda mahalliy xom ashyo bazasida (neft, gaz, oltingugurt, qishloq xo'jaligi mahsulotlari) ximiya, to'qimachilik, oziq-ovqat sanoati tarmoqlari rivojlangan.

B) Qishloq xo'jaligi.

Ziroatchilik-qishloq xo'jaligining muhim tarmog'idir. Mamlakatda haydaladigan yerlar 23 mln gektarni, yaylovzorlar esa 74 mln gektarni egallaydi. 6 mln gektar ekin maydonlarida sun'iy sug'orish olib boriladi. Meksikada don va dukkakli ekinlardan makkajo'xori, jo'xori, fasol, bug'doy va sholi yetishtiriladi. Paxta ekini mamlakatning shimolida ekiladi. Shuningdek shakarqamish, murch, pamidor, kofe, tropik sitrus mevalar, mango, papayya, ananas, avakado, bananlar yetishtiriladi. Mamlakatda qishloq xo'jaligining o'ziga xos ekin turi xeneken (uzun to'g'ri poyali och yashil kaktuslar) hisoblanadi. Undan qoplar, kanat iplari, arqon ishlab chiqarishda ishlatiladigan tola ishlab chiqariladi.

Chorvachilik- nisbatan kam rivojlangan (ekstensiv yaylov chorvachiligi). Mamlakatda baliqchilik va dengiz mahsulotlarini eksport qilish muhim ahamiyatga ega. Mamlakat Lotin Amerikasida qishloq xo'jaligini rivojlantirishda ilmiy- tadqiqot uchun sarflanadigan harajatlar bo'yicha birinchi o'rinni egallaydi. Meksika rivojlanayotgan mamlakatlar dunyosida «yashil inqilob»ning vatani hamdir.

V) Transporti.

Mamlakatda avtomobil yo'llari uzunligi 210 ming km bo'lib 46% qattiq qoplamali yo'llardir. Avtomobil yo'llarning asosiy qismi mamlakatning markaziy va shimoliy qismida joylashgan.

Meksika temir yo'llarning umumiy uzunligi bo'yicha Lotin Amerikasida 3-o'rinni egallaydi. Temir yo'llarning umumiy uzunligi 26 ming kmni tashkil etadi.

Mamlakat suv transporti umumiy yuk tonnaji bo'yicha Lotin Amerikasida 3-o'rinni egallaydi. Dengiz portlari soni 30 ga yaqin bo'lib, ular Atlantika va Tinch okean qirg'oqlarida joylashgan.



Meksikada birinchi havo yo'li 1921 yilda ochilgan. Mamlakat havo yo'li Markaziy Amerika, Karib havzasi va Janubiy Amerika mamlakatlarini AQSH bilan bog'lovchi havo yo'llari o'tgan.

6. Tashqi iqtisodiy aloqalari.

Mamlakat tashqi savdosida AQSH bilan iqtisodiy aloqalar rivojlanib bormoqda. Ayniqsa Meksikaning AQSH va Kanada bilan erkin savdo zonasi to'g'risidagi bitimi (NAFTA)ning imzolanishi natijasida mamlakatlar o'rtasida iqtisodiy aloqalar rivojlanib bormoqda. Shuningdek so'nggi yillarda Meksikaning Yevropa Hamkorligi (YEH) va Yaponiya bilan iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda.
Yüklə 21,22 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə