Mentalitet va oav



Yüklə 15,75 Kb.
səhifə1/2
tarix03.06.2022
ölçüsü15,75 Kb.
#88655
  1   2
12 mavzu



Mentalitet va OAV
KIRISH
Insoniyat yaralibdiki, uning hayotida axborotlar qanday turda va mazmunda bo‘lishidan qat’iy nazar birlamchi ahamiyat kasb etgan va aynan shu xususiyati jihatidan axborotga bo‘lgan talab bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Davrlar o‘zgarishi va taraqqiyot axborot uzatuvchi vositalarning turinigina o‘zgartirdi, xolos.
Davriylik, dolzarblik va tezkorlik esa jurnalistikaning taraqqiyoti bilan tengma-teng odimlab boraverdi. Avvallari og‘zaki ko‘rinishdagi axborotlar ko‘proq tarqatilgan bo‘lsa, keyinroq, bu yozma shakllarga ko‘chdi. Bora-bora kitob, gazeta, radio, televidenie va internet kabi tadrijiy ko‘rinishdagi rivojlanishni boshidan kechirdi.
Futurologlar yangi asrga “Axborot asri” degan nisbatni berganliklari bejiz emas. Chunki endilikda katta-katta armiyalar yoki kuchli qurollar ham bajarishi mushkul bo‘lgan ishni birgina yo‘naltirilgan axborot orqali amalga oshirish osonroq va qulayroq bo‘lib qoldi. Shu bois bugungi kurashlar “mafkuraviy poligonlar”da shiddatli kechmoqda.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Bugun deyarli barcha mutaxassislar “Kim axborotga egalik qilsa, o‘sha dunyoni boshqaradi”, degan fikrni har so‘zida takrorlaydigan bo‘lishdi. Hatto bu gap “moda” tusiga kirgani ham ayni haqikat. Vaholanki, XV asrdayoq buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlari o‘zining “Agar ogoh sen...” deya boshlanuvchi shohbaytlarida ushbu jarayonni boshdan oyoq ustalik bilan tushuntirib bergan edi. Yirik-yirik markazlashgan kuchlarga “shohlik” maqomini taqdim qilishda esa OAV asosiy QAHRAMON hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan karaganda har kanday turdagi ommaviy axborot vositasi jamiyat a’zolarining ongu shuuri, dunyokarashi, fikrlashi, umumiy qilib aytganda, ma’naviy olamini shakllantiradi, rivojlantiradi. Bugun har tomondan bizni egallab olayotgan axborotlar oqimidan o‘zimiz uchun zarur bo‘lgan xolis axborotni tanlab olish esa teran fikrlash va chuqur tafakkurni talab qiladi. Jamiyat ma’naviy taraqqiyotining muhim elementi bo‘lgan OAV xodimlari esa bugun har qachongidan ziyrak, xolis va tezkor bo‘lmog‘i kerak.
Zero, ijtimoiy munosabatlar jamiyat taraqqiyoti, eng avvalo, ommaviy axborot vositalari rivojiga chambarchas bog‘lik. Ayniqsa, bugunning eng ommalashgan axborot tarqatish vositasi bo‘lgan onlayn olamni olaylik. Shiddatli axborot makonida internet tarmog‘idan foydalanish ko‘rsatkichi tobora o‘sib borayotgan bir sharoitda oddiy o‘quvchi uchun tv, gazeta yoki radiodan ko‘ra internet tarmog‘idan axborot olish qulayroq bo‘lib qoldi. Shu bois internet jurnalistikasi OAV ichida o‘ziga xos o‘rin va nufuzga ega bo‘lgan eng yangi va eng qulay axborot tarqatish vositasiga aylandi. Internetdan qo‘l telefoni orkali istalgan vaqtda, istalgan joyda va sharoitda foydalanish imkoniyatining mavjudligi undan foydalanish ko‘rsatkichini keskin oshirdi. Ayniqsa, bugun aholining yosh qatlami o‘z hayotini internet tarmog‘isiz tasavvur qila olmaydigan bir pallaga yetib keldik.
Bu esa undan foydalanuvchi auditoriyaning dunyoqarashi aynan tarmoq jurnalistlarining salohiyati, madaniyati, bilim darajasiga bog‘liq ravishda shakllana boradi degani. Jamiyatning ma’naviy rivoji OAV ga bog‘liq ekan, bugunning jurnalisti o‘zbekona kadriyatlarimiz negizida, xalqimizga xos xususiyatlarni saqlab qolgan holatda axborotni yetkazib berish mahoratini puxta egallamog‘i shart va zarurdir.
Ommaviy axborot vositalarini jamiyat dunyoqarashiga bevosita ta’sir qiluvchi kuch dedik. Biroq dunyoning yetakchi davlatlari ham, hatto uzoq vaktlar mobaynida ularning ichida eng ommalashgani – internet imkoniyatlarini yuqori baholamadi.
Ammo u endilikda nafaqat eng tezkor ommaviy axborot ulashish maydoni, balki eng qulay va eng auditoriyasi yuqori aloqa vositasiga aylanib ulgurdi. “Oxirgi yillarda mamlakatimizda katta auditoriyaga ega bo‘lgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy Internet nashrlari tashkil etildi. Ular boshqa materiallar qatorida eng muhim rasmiy axborotlar, normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tarqatmoqda”.
Darvoqe, internet tarmog‘i turli shaharlardagi odamlarni o‘zaro bog‘lovchi vosita, davlatlarning yagona eng tezkor axborot tarqatuvchisi va muloqot maydoni darajasiga ko‘tarildi. Bu haqidagi faktlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, kundalik auditoriyani hisoblaganda, internet allaqachonlar eng ommabop OAV hisoblangan TV ni yo‘lda qoldirganligini ko‘ramiz. Shu ma’noda, ayniqsa, odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan OAV tizimi sifatida internet tarmog‘i hamda tv jurnalistlaridan nihoyatda hushyorlik talab etiladi.
Har qanday OAV turida e’lon qilinayotgan axborotlar xolis bo‘lmog‘i shart, albatta. Shu ma’noda O‘zbekiston OAV da ham axborotlarni olish, qayta ishlash va tarqatish borasida cheklovlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq o‘zbek mentaliteti o‘z millati ruhiyatini yovuzliklardan, axborot xurujlari-yu zo‘ravonliklardan asrab-avaylash, jamiyat a’zolarini faqat ezgu g‘oyalar ko‘magida tarbiyalashni nazarda tutadi. Shu boisdan ham O‘zbekistondagi istalgan OAV turi milliy mentalitetga xos belgilarni inobatga olgan holda o‘z faoliyatini olib boradi. Ammo onlayn-nashrlarda bosma OAV ga nisbatan erkinlikning guvohi bo‘lishimiz mumkin. Buning sababi esa internetdagi ma’lumotlarning cheksizligi, o‘quvchida bir vaqtning o‘zida axborotlarni boshqa manbalar bilan solishtirish imkoniyatining mavjudligidir.
Globallashuv sharoitida milliy axborot makonini to‘laqonli shakllantirish, fuqarolarimizda axborot immuniteti va yot g‘oyalarga qarshi mexanizmlar yaratish orqali qarshi fikr uyg‘ota olish nafaqat O‘zbekiston, balki jahondagi har qanday davlatning strategik manfaatlari bilan hamohang bo‘lgan muhim masalalar sirasiga kiradi. Jumladan, “Bosma ommaviy axborot vositalarida janrlar va mahorat masalalari” kitobida shunday deyiladi: “Yangilik nafaqat bir davlat va jamiyat taraqqiyotiga, balki xalqaro hamjamiyat taraqqiyotiga ham xizmat qiladi. Dunyoda globallashuv jarayoni borayotgan paytda yangilik xalqaro ahamiyat kasb etadi.
Deylik, ilm-fandagi yangiliklardan dunyo xalqlarining xabardor bo‘lishlari taraqqiyotni tezlashtiradi, ya’ni insonlar kashfiyotu ixtirolar natijasida dunyoni, o‘zlikni anglashga harakat qila boshlaydilar. Iqtisodiy-siyosiy yangiliklardan voqif bo‘lish davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qiladi, aloqador davlatlarning rivojlanishiga olib keladi. Bundan tashqari xalqaro voqealardan xabardor bo‘lib turish davlatning, jamiyatning xavfsizligini ham ta’minlashga yordam beradi”. Qolaversa,axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ja’dal suratlar bilan rivojlanishi O‘zbekistonning dunyo bilan tengma-teng odimlab, voqealarga teng huquqli a’zo sifatida munosabat bildira boshlaganining asosiy omilidir. Bu esa axborot almashinuvi sohasida cheksiz imkoniyatlar bermoqda.
Keyingi yillarda shiddatli rivojlanish va yangilanish bosqichlarini boshdan kechirayotgan OAV sohasida bugun, ayniqsa, “to‘rtinchi hokimiyat” ramziy maqomiga to‘laqonli munosib chiqishlar kuzatilmoqda. Buni jamiyatimizda bot-bot ko‘zga tashlanayotgan birtalay muammolarga yechim aynan OAV orqali topilayotganida ko‘rishimiz mumkin.
“OAV hamisha jamoatchilik fikriga kuchli ta’sir o‘tkazishga qodir bo‘lgan faol qurol bo‘lib kelganini unutmasligimiz kerak.” Sobiq davlat rahbarining ushbu ta’kidi axborot asrida yashayotgan har bir fuqaro uchun ahamiyatlidir. Haqiqatan ham OAV ning har bir so‘zi auditoriyaga yetib boradi, ularni yaxshilikka safarbar etadi, vatanni sevishga, millatni ulug‘lashga o‘rgatadi. Ammo agar OAV o‘z faoliyati mezonlarini yovuz g‘oyalarning targ‘iboti asosiga yo‘naltirsa, u holda hech qanday kuch ularni to‘xtata olmaydi.
Kuzatuvlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek jurnalistlari mahoratini oshirish va professional darajaga chiqish borasida alohida tajriba to‘plangan. Zero, ular “butun jamiyatga ma’naviy-axloqiy ko‘rsatmalar beruvchi, jamiyat ruhiga tashxis qo‘yuvchi, uni yaxshiliklarga rag‘batlantiruvchi” kasb – jurnalistikaning bir qismi sifatida o‘z faoliyatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga intilmoqdalar.
Modomiki, OAV jamiyat ma’naviy rivojining eng muhim elementi sifatida e’tirof etilar ekan, jurnalist ijodkorlar mahorati va bilimlarini oshirish, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, milliy jurnalistikamiz uchun munosib o‘rinbosarlar tayyorlash kabi muhim vazifalarni ham qayd etib o‘tish lozim. Tan olib aytish kerak, Prezidentimizning ushbu masalalarga bo‘lgan doimiy e’tibori tufayli yaratilgan keng imkoniyatlar mavjudligiga va yana qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish tashabbuslariga qaramay, milliy OAV sifati va ta’sirchanligini rivojlangan davlatlar erishgan yuqori darajaga ko‘tarishda hali talaygina ishlarni amalga oshirish kerak.
Yuqorida tilga olingan vazifalar milliy OAV oldida turgan va qisqa fursatlarda yechimini kutayotgan yumushlarning muayyan bir qismi, xolos. Dunyo taraqqiyoti bilan teppa-teng odimlayotgan O‘zbekiston ham bugun mazkur jarayonlardan chetda emas. Garchi jamiyatning katta yoshlilari ongida totalitar tuzum davri sarqitlari saqlanib qolgan bo‘lsa-da, jamiyatning ilg‘or qatlami yoshlar hozirda butunlay yangicha hayot tarzi va yangicha fikrlar, voqealarga erkin munosabat bildira olishi bilan yangi hayotga poydevor qurib ulgurdilar. Endilikda, dunyo hamjamiyatida kuzatilayotgan tendensiyalar bizning ham ongu shuurimizni egallaganligi shubhasizdir. Bugun deyarli butun insoniyat demokratiya tamoyillariga asosan hayot kechiradi va har bir inson, avvalo, yashash, shaxsiy daxlsizlik, so‘z erkinligi huquqiga ega.
OAV millatning nafaqat ma’naviy dunyoqarashi va urf-odatlari tizimiga, balki kiyinish madaniyatidan tortib milliy so‘zlashuv tili taraqqiyotigacha ta’sir qiladi.
“Radio va televidenie tili butun mamlakat fuqarolari tilining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Radio efirda yoki televidenieda yangragan yangi so‘zlar va iboralar tez kunda hammaga tarqalib, modaga aylanib ketadi. Bu esa teleradio jurnalistlar tiliga alohida mas’uliyat yuklaydi. Ular til madaniyatini asrashi, jonli, shirali, adabiy tilda gapirishi zarur”.
Biroq, afsuski, bugungi kunda shevalarga murojaat qilish xususiy radiokanallardan tortib, ko‘zga ko‘ringan telekanallar dasturlarida ham juda ko‘p kuzatiladi va hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy muammolardan biri sanaladi. Ayniqsa, xususiy telekanallar faoliyatida shevaga oid so‘zlar juda ko‘plab ishlatiladi. Xususan, Toshkent shahar shevasidan respublika miqiyosidagi xususiy telekanallarda keng foydalaniladi. Bu esa bora-bora adabiy tilning unutilishi, ayniqsa, millat yoshlari orasida shevaga xos so‘zlarning ommalashishi, yanada kengroq tarqalishi, o‘sib kelayotgan yoshlar auditoriyasi shevaga oid so‘zlarni adabiy til bilan aralashtirib yuborishi, yozma nutqda ham shu tarzda ifodalashga intilishiga olib keladi. Xususan:
– “Mening yurtim”
– “Sevimli”
– “Milliy TV”
Xususiy telekanallaridagi boshlovchi va jurnalistlar tilida, ayniqsa, shevalarga murojaatlarni kamaytirish o‘rinlidir. Zero, bu millat tili ravnaqining ertasiga ta’sir qiluvchi omildir. Xususiy bosma OAV faoliyati kuzatilganida ham shevaga oid o‘rinlar va juda ko‘plab imloviy, mazmuniy xatoliklar bilan maqolalarning chop etilishi ko‘zga tashlanadi.
Qolaversa, tildagi har qanday o‘zgarishga munosib baho berish har bir jurnalist uchun dolzarb vazifadir. U tildagi o‘zgarishlarni birinchilardan bo‘lib o‘zlashtirishdan manfaatdordir. Gazeta va jurnalda maqola e’lon qiluvchilar, radio va TV da nutq irod etuvchi jurnalist uning asosiy mehnat quroli bo‘lmish ona tiliga diqqat-e’tiborli, uning sofligi va me’yoriyligi uchun kuyunchak o‘z kasbining fidoyisi bo‘lishi shart. Jurnalist uchun yuqori darajadagi savodxonlik, madaniyatlilik belgisi va uning OAV miqiyosidagi nutqi namunaviy bo‘lib qolishi davr talabidir.
Bugungi OAV iste’molchi talablariga tobora moslashib borayotgan bir sharoitda, faqat ularning xohishini muhayyo qilish emas, balki daqiqa sayin murakkablikdan soddalikka tomon intilayotgan jurnalistikaning saviyasini ushlab qolish, oltin muvozanat asosida faoliyat yuritish va bu qoidaga auditoriyani ustalik bilan bo‘ysundirish ham O‘zbekiston OAV oldidagi dolzarb vazifadir. Zero, ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlarni yo‘naltirish va boshqarish, ularga yo‘nalish berish, ezgu maqsadlar sari safarbar etish, ma’naviyatini yuksak darajaga olib chiqish ham soha oldida turgan muammolar sirasiga kiradi.
Darhaqiat, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Bu kabi muammolarni yechish borasidagi sa’y-harakatlardan kutilajak eng muhim natija shuki, butun “bo‘y-basti”, katta-kichikligi, murakkabligi, ustuvorligi va ko‘lami bilan ro‘y-rost ko‘rinib turgan masalalar yechimining topilishi pirovard natijada nafaqat o‘zbek ommaviy axborot vositalarini, balki jamiyatimizni ham oliy maqsadlar sari eltguvchi ulkan odimlarga aylanadi.
Ommaviy axborot vositalariga jamiyat ma’naviy rivojining eng muhim elementi sifatida qaralar ekan, mamlakatimizda mavjud bo‘lgan davlat va xususiy OAV faoliyatida quyidagi mezonlarni inobatga olish shart deb hisoblaymiz:
– OAV ning barcha turlarida axborot xilma-xilligini ta’minlash;
– jurnalistlarda kasb etikasiga oid mezonlarni tobora kengroq isloh etish;
– har bir axborot uzatish vositasidagi o‘ziga xosliklarni inobatga olgan holda axborot uzatishdagi eng maqbul usullardan foydalana olish mahoratini egallash;
– jurnalistlarning auditoriyaga har borada ko‘rsatayotgan namunalarining jamiyat mezonlariga mos talablar darajasida bo‘lishiga erishish;
– shevalar va ulardan chekinish masalalari (ayniqsa, xususiy OAV faoliyatidagi shu bilan bog‘liq muammolar);
– jurnalistlarning chuqur bilim va salohiyatga ega kadrlar bo‘lib shakllanishga doir muammolar va h.
XULOSA
Bir so‘z bilan aytganda, axborotning insoniyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati mutlaqo o‘zgacha tus olayotgan bir sharoitda OAV ning millat va davlat manfaatlariga xizmat qilish va fuqarolar ongini shakllantirishdagi to‘laqonli faoliyatiga doir taklif va xulosalar ishlab chiqish bugun fan oldida o‘z yechimini kutayotgan muammolar sirasiga kiradi. Ayniqsa, ommaviy axborotning kishilar ongi va tafakkuriga ta’siri kengayibgina qolmay, shu qadar noziklashib bormoqdaki, bu hol ommaviy axborot sohasidagi hech bir masala yoki muammoni e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas, degani. Zero, axborot birinchi navbatda bilim manbai ekanligi bilan bir vaqtda, u – ma’naviyat, ma’rifat, axloq-odob va albatta, siyosiy qarashlar manbai hamdir. Shunday ekan, jamiyatimiz, fuqarolarimizning ma’naviy olami taraqqiyotiga ta’sir etuvchi kuch bo‘lmish OAV bugun har qachongidan ham sayqalga muhtoj, tadqiq etishga munosibdir.


Yüklə 15,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə