Milliy universiteti jurnalistika fakulteti


METAFORANING BADIIY SAN'AT HOSIL QILISH



Yüklə 321,87 Kb.
səhifə6/12
tarix23.04.2023
ölçüsü321,87 Kb.
#106688
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Metaforaning badiiy

METAFORANING BADIIY SAN'AT HOSIL QILISH

    1. Metaforaning uslubiy xususiyatlari


Yuqorida ta‘kilab o’tildiki, metafora haqida ko’plab ilmiy asarlar yaratilgan. Ularning aksariyatida metaforaning asosiy mohiyatini o’xshatish, qiyoslashdan iborat mantiqiy amal tashkil etishi aytilgan. Aristotel o’zining «Ritorika» asarida metafora bilan o’xshatish o’rtasida katta farq yo’qligini, yaxshi o’xshatishni osonlik bilan metaforaga aylantirish mumkinligini, ularning mohiyatida yaqinlik mavjudligini ta‘kidlaydi. Yunon faylasufi aytadiki, agar shoir Axill haqida «U sherdek tashlandi» desa, bu yerda o’xshatish voqe bo’ladi, agar shoir shu qahramon haqida «Sher tashlandi» desa, metafora yuzaga keladi.
Metaforaning ana shunday mohiyatini inobatga olgan holda prof. R.Qo’n-g’urov «O’zbek tilining tasviriy vositalari» kitobida mana bunday deb yozgan: «Metaforani yashirin o’xshatish deyish ham mumkin. Ammo u oddiy qiyosdan farq qiladi. Agar oddiy qiyos ham doim asosiy ikki a‘zodan tashkil topsa (ya‘ni nima qiyos qilinadi, nima bilan qiyos qilinadi — qiyos qilinuvchi va qiyos qilinadigan predmet), metaforada faqat ikkinchi a‘zo — o’xshatilgan narsa qoladi, o’xshagan narsa tushiriladi, lekin u kontekstdan ochiq sezilib turadi, demak, metaforada tasvirlanayotgan predmet ana shu ikkinchi a‘zo orqali idrok qilinadi». Bu fikrga qo’shilgan holda, shuni ham aytish kerakki, sof lisoniy nuqtai nazardan, bizningcha, metaforani «yashirin o’xshatish» deb emas, balki «qisqartirilgan o’xshatish» deb qarash maqsadga muvofiqroq ko’rinadi. Chunki metaforada o’xshatishning to’rtta uzvidan uchtasi (o’xshatish sub‘ekti, o’xshatish asosi, o’xshatishning shakliy ko’rsatkichi) qisqartirilib, faqat o’xshatish etalonining o’zi saqlab qolinadi. Metafora bevosita ana shu o’xshatish etalonida, yanayam to’g’rirog’i, metaforik ko’chma ma‘no o’xshatish etaloni o’rnidagi so’zning ma‘no tarkibida yuzaga keladi. O’xshatish asosidagi belgi yoki harakat-holatni, shuningdek, o’xshatish subyektini ifodalagan va qisqartirilgan so’zlarning ma‘nolarini ayni o’xshatish etaloni o’ziga xos tarzda o’z ustiga oladi. Ana shu jarayonlar natijasida nutqda so’z semantikasida obrazlilikka juda ham boy ko’chma ma‘no yuzaga chiqadi.
Metafora narsa-buyum, voqea-hodisalar, belgilar o’rtasidagi o’zaro o’xshashlikka asoslangan ma‘no ko’chishi, ya‘ni metafora ko’chma ma‘no hosil qilishning eng keng tarqalgan usullaridan biridir1. U mumtoz adabiyotshunos-ligimizda "istiora" deb ham yuritiladi. Matnga lingvopoetik yondashuvda lisoniy va xususiy-muallif metaforalarini farqlash maqsadga muvofiq.
Lisoniy metaforalar til taraqqiyoti bilan bog’liq hodisa hisoblanadi, ular tilda uzuallik kasb etib bo’lgan. Shuning uchun ham tadqiqotchilar to’g’ri ta‘kidlaganlaridek, "bunday metaforalar, asosan, atash, nomlash vazifasini bajarganligi uchun ularda uslubiy bo’yoq, ekspressivlik, binobarin, ular ifodalagan nutq predmetiga nisbatan subyektiv munosabat aks etmaydi". Faqatgina ma‘lum bir so’zning ma‘no doirasi kengayadi hamda yangi tushunchalarni atash uchun xizmat qiladi. Masalan: odamning oyog’i stolning oyog’i, odamning ko’zi — uzukning ko’zi, ko’ylakning etagi — tog’ning etagi kabi. Demak, lisoniy metaforalar lingvopoetik nuqtayi nazardan jiddiy qimmatga ega emas.
Xususiy-muallif metaforalari esa yangi va okkazional, kutilmagan bo’ladi. Ularni yozuvchining o’zi estetik maqsad, ya‘ni borliqni subyektiv munosabatini ham qo’shib obrazli ifodalab nomlash asosida yaratadi. Ular uslubiy jihatdan bo’yoqdorlikka va voqelikni obrazli tasvirlash xususiyatiga ega bo’ladi. Shuning uchun ham badiiy matnda qahramonning his- tuyg’ularini ta‘sirchan, yorqin bo’yoqlarda, aniq va ixcham ifodalashga xizmat qiladi. Shuning uchun ham bunday metaforalar badiiy matnning lingvopoetik tahlilida favqulodda muhim o’rin tutadi. Xususiy-muallif metaforalarida hamisha konnotativ ma‘no aniq holda ifodalanadi.
Ayrim tadqiqotchilar ot, eshak, qo’y, it, bo’ri, tulki, yo’lbars, boyo’g’li, musicha, burgut, lochin, qaldirg’och, bulbul kabi so’zlar ko’chma ma‘nolarda keng qo’llanishini aytib, shunday mulohaza bildiradilar: ―Otning baquvvatligi, eshakning aqlsizligi, qo’yning yuvoshligi, itning vafodorligi, mushukning epchilligi, tulkining ayyorligi, burgutning changallashdagi kuchliligi, lochinning ko’zi o’tkirligi kabi tipik xususiyatlari boshqa predmetlarga nisbatan metaforik usulda ko’chiriladi, natijada konnotativ ma‘no yuzaga keladi hamda matnning ta‘sirchanligi oshadi1. To’g’ri, bunday metaforalar asosidagi ko’chma ma‘nolar, albatta, konnotativ ma‘noga ega, shuning uchun matnning ta‘sirchanligiga yordam beradi. Lekin ular an‘anaviy metaforalardir, xususiy-muallif metaforalari emas, ya‘ni ko’p qo’llangan, yangi, original emas. Shunga ko’ra ularning badiiy matndagi lingvopoetik salmoq darajasi xususiy-muallif metaforalariga qaraganda ancha pastdir. Masalan, buqlamun so’zining metaforik ko’chma ma‘nosi "o’zgaruvchan (odam)" demakdir, bu ma‘no lug’atlarda ham qayd etilgan. Ayni ma‘no tarkibida konnotativlik bor, shuning uchun buqalamun bilan uchrashuv (S.Ahmad.) birikmasidagi ifoda ta‘sirli. Lekin bu ma‘noning yuzaga kelishi yozuvchiga bog’liq emas, u oldindan ma‘lum. Yangi, kutilmagan, ijodkorning o’ziga xos metaforalar badiiy matnda kuchli darajada poetik ta‘kidga ega bo’ladi. Aytaylik, yozuvchi tomonidan yaratilgan kelinlar ko’zgoloni (S.Ahmad.) birikmasidagi qo’zg’olon so’zida yuzaga kelgan metaforaning poetik kuchi oldingidan ortiq. Shuning uchun ham aynan xususiy-muallif metaforalarining poetik salmog’i jiddiydir.
Metaforalarning odatiy, sinestetik metaforalar va jonlantirish tarzida tilshunoslikda farqlanadigan barcha turlari2 badiiy matnda ijodkor mahorati bilan o’ziga xos tarzda yaratiladi va kuchli darajada poetik aktuallashadi, badiiy mazmunning ifodalanishida faol ishtirok etadi.
Ijodkorning o’zi tomonidan yaratilgan odatiy metaforalar juda to’q obrazli badiiy ma‘nolarni yuzaga keltiradi. Masalan:
Qaqragan lablarda olovli nafas Kechalar kechmishin ayladi ko’mir.
Parishon sochlari yor ko’ksi emas, Muzdayin bolishda qoldi birumr (A.O.).
Parchadagi kechmish, ko’mir, parishon so’zlari betakror bir tarzda metaforik qo’llangan. She‘rdagi yaxlit badiiy mazmunning tugal ifodalanishida bu so’zlardagi metaforalar badiiy ustunlar vazifasini bajargan. Hatto bu metaforalar tufayli reallashayotgan badiiy ma‘nolarni konkret so’zlar vositasida tavsiflash ham mushkul.
Quyidagi misollarda ham ana shunday metaforalarni kuzatish mumkin:
Ko’z uchida qaraysiz, ko’z uchida... Yulduzchalar cho’kib yotar dil burjida. Oy aylanar koinotning kulgichida,
Yurak erir qallig’imning hovuchida... (I.M.).
Mana, ustunlarga o’ralar shamol, Mana, suv yuziga toshadi sepkil (I.M.). Buncha ham qattiq ekan,
Qismatning bolishlari (S.Sayyid).
Chiqing, begim, ko’nglingizni chegalab beray, Ko’nglingizni bering, begim, chegalab beray (I.M.).
Metafora (metaforik qo’langan so’z)ning sintaktik imkoniyatlari borasida fikrlash ikki tomonlama borishi lozim:

  1. Sintaktik bog’lanish xususiyatlari.

  2. Sintaktik pozitsiya xususiyatlari.

Birinchi jihat metaforik qo’llanish natijasida so’zning bog’lanishi (valentlik) darajasining o’zgarishini nazarda tutadi. Masalan, ―Oltin so’zining sememasi quyidagi semalardan tuzilgan:
1) metal; 2) qimmatbaho;
3) ijtimoiy qimmatli; 4) sariq.
Ikkinchi semaning yorqinlashuvi oltin bosh, oltin qo’l, oq oltin, qora oltin birikmalarida, 3-4 semalarning yorqinlashuvi oltin soch kabi birikmalarning kira olish imkonini bermoqda. Aslida ―oltin so’zi o’z ma‘nosida bu xil valentlikka ega bo’la olmasdi. Demak, metaforik qo’llanish so’zning sintaktik-sintagmatik bog’lanish imkonini kengaytirar ekan.
Xulosa qilib aytganda, metaforik qo’llanish so’zning sintaktik bog’lanish imkoniyatiga (valentligiga) ta‘sir etadi. Biroq so’zning ko’chma ma‘noda qo’llanilishi uchun uni muayyan sintaktik pozitsiyaga xoslab bo’lmaydi. Tilshunoslikning uzoq asrlik tarixi, aftidan, endigi kunda ushbu hodisa ham kam o’rganilgan deyilishga asos qoldirmadi. Darhaqiqat, qaysi sohaga qo’l urilmasin, bu borada qilingan yuzlab arzirli kuzatishlar va ilmiy xulosalar, yana ham ko’proq amaliy kuzatish natijalariga duch kelamiz. Metafora borasida ham shu fikrni aytish mumkin. Metafora bo’yicha qilingan kuzatishlarning asosiy qismi uni nutqiy hodisa sifatida baholaydi. Ammo har qanday nutqiy hodisa kabi metafora ham o’z umumiyligiga, sabab-mohiyatiga egaligi shubhasiz.
Metafora asos bo’lgan o’xshatish metaforani tushunish darajasiga ta‘sir ko’rsatadi: metafora o’xshatish ochiq bo’lganda, tushunarli, o’xshatish hosil qilinganda – tushunarsiz, o’xshatish yo’qolganda sezilarsiz bo’ladi.
Metafora amal qiluvchi sohani aniqlashda biz ayrim mualliflar tomonidan qo’yilgan turli uslubiy to’siqlarni olib tashladik. Metafora, usluban qat‘iy nazar, hamma nutqiy ko’rinishlarda ham amal qilaveradi. Chunki metaforaning vazifasi nomlash, nomlashdan turlicha maqsad bo’lishi mumkin, albatta. Masalan, biror xil uslubiy bo’yoq berish, yoki shunchaki nomsiz, notanish, noaniq narsaga nom berish. Keyingi holat har qanday uslubga xos nutqda yuzaga chiqa oladi.



    1. Yüklə 321,87 Kb.

      Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə