Muhandislik-texnologiya



Yüklə 2,19 Mb.
səhifə85/193
tarix11.12.2023
ölçüsü2,19 Mb.
#146521
1   ...   81   82   83   84   85   86   87   88   ...   193
Falsafa

Yetarli asos qonuni. Tо‘g‘ri fikrlashga xos bо‘lgan muhim xususiyatlardan biri asoslilik, ishonchlilikdir. Fikrlash jarayonida buyum va hodisalar haqida chin muhokama yuritibgina qolmasdan, bu muhokamaning chinligiga hech qanday shubha bо‘lmasligi uchun uni asoslash, isbotlashga harakat qilinadi. Bunda chinligi avvaldan ma’lum bо‘lgan va о‘zaro mantiqiy bog‘langan mulohazalarga asoslaniladi, ya’ni bayon qilingan fikrning chinligi avvaldan ma’lum bо‘lgan, chinligi tasdiqlangan boshqa bir fikr, mulohaza bilan taqqoslanadi. Tafakkurning bu xususiyati yetarli asos qonuni orqali ifodalanadi.
Inson tafakkuriga xos bо‘lgan bu qonunni birinchi marta nemis faylasufi va matematigi G. Leybnits ta’riflab bergan. Uning ta’kidlashicha, barcha mavjud narsalar о‘zining mavjudligi uchun yetarli asosga ega. Har bir buyum va hodisaning real asosi bо‘lgani kabi, ularning in’ikosi bо‘lgan fikr-mulohazalar ham asoslangan bо‘lishi kerak. Yetarli asos qonunining bu talabi quyidagi formula orqali ifodalanadi: «Agar V mavjud bо‘lsa, uning asosi sifatida A ham mavjud».
Yetarli asos qonunida tо‘g‘ri tafakkurning eng muhim xususiyatlaridan biri bо‘lgan fikrlarning izchillik bilan muayyan tartibda bog‘lanib kelish xususiyati ifodalanadi. Bu qonun avvalgi kо‘rib о‘tilgan qonunlar bilan о‘zaro bog‘liq holda amal qiladi. Fikrlash jarayonida berilgan mulohazaning chinligini asoslash uchun keltirilgan chin mulohazalar mantiqiy asos, berilgan mulohazaning о‘zi esa mantiqiy natija deb yuritiladi.
Mantiqiy asos bilan obyektiv, real asosni aralashtirib yuborish mumkin emas. Asos va natija orasidagi mantiqiy bog‘liqlikni sabab va oqibat aloqadorligidan farqlash zarur. Masalan, «Bu kishi bemor», degan mulohazani «U shifoxonada davolanyapti», degan fikr bilan asoslash mumkin. Aslida shifoxonada davolanish dastlabki mulohazaning sababi emas, balki oqibatidir. Kо‘rinib turibdiki, mantiqiy asos hamma vaqt ham hodisaning sababi bilan mos kelmaydi. Fikrlarning yetarli asosga ega bо‘lishining obyektiv manbai faqat sabab-oqibat munosabatinigina emas, shuningdek, fikrning izchilligi, asoslanganligini, isbotlangan bо‘lish xususiyatlarini ham, ya’ni obyektiv mazmuni sabab-oqibat munosabatlaridan tashqarida bо‘lgan boshqa munosabatlarni ham о‘z ichiga oladi.
Fikr-mulohazalarni asoslash murakkab mantiqiy jarayon bо‘lib, unda ikki yoki undan ortiq о‘zaro bog‘langan muhokamalar tizimidan foydalaniladi. Keng ma’noda biror mulohazani asoslash deganda, shu mulohazaning chinligini tasdiqlovchi ishonchli va yetarli dalillarning mavjudligini aniqlash tushuniladi. Bu ishonchli va yetarli dalillarni shartli ravishda ikki guruhga: empirik va nazariy asoslarga bо‘lish mumkin. Bulardan birinchisi asosan hissiy bilish, tajribaga asoslansa, ikkinchisi aqliy bilish, tafakkurga tayanadi. Empirik va nazariy bilimlarning chegarasi nisbiy bо‘lgani kabi, empirik va nazariy asoslar о‘rtasidagi farq ham nisbiydir.
Insonning shaxsiy tajribasi fazo va zamonda chegaralangan bо‘lib, sezgilari bergan ma’lumot esa hamma vaqt ham tо‘g‘ri bо‘lmaydi. Shunga qaramasdan, mulohazalarni empirik asoslashning ahamiyati katta, chunki bilish jonli hissiy mushohadadan bevosita kuzatishdan boshlanadi. Hissiy tajriba insonni tashqi olam bilan bog‘lab turadi. Nazariy bilim esa empirik bazisning ustqurmasi hisoblanadi.
Umumiy-chin mulohazalar sifatida fanlarning qonun-qoidalari, tushunchalar ta’rifi, shuningdek, aksiomalardan foydalaniladi. Bularning barchasi nazariy asoslashning ratsional yoki demonstrativ usullari bо‘lib, ular umumilmiy ahamiyatga ega bо‘lgan isbotlash metodlarining asosini tashkil etadi. Shuningdek, asoslashning subyektiv xarakterda bо‘lgan va bevosita tajriba natijalariga yoki nazariy fikr yuritishga taalluqli bо‘lmagan usullari mavjud. Intuitsiya, e’tiqod, avtoritet va urf-odatlarga asoslanish shunday usullar jumlasiga kiradi. Bu usullardan kо‘proq kundalik ong darajasida foydalaniladi. Intuitsiya hech qanday muhokama va isbotlarsiz tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri haqiqatga erishish qobiliyatini ifodalaydi. “Intuitsiya” sо‘zi – lotincha “intuitio” sо‘zidan olingan bо‘lib, «diqqat bilan tiqilib qarayman», degan ma’noni bildiradi. Intuitsiya bilish jarayonida sezilarli ahamiyatga ega bо‘lib, hissiy va aqliy bilishdan о‘zgacha bir kо‘rinishni tashkil etmaydi; о‘ziga xos fikr yuritish, tafakkur qilish usulini ifodalaydi. Intuitsiya orqali inson murakkab hodisalarning mohiyatini, uning turli qismlariga e’tibor bermagan holda, fikran yaxlit qamrab, tushunib oladi. Bunda tafakkur jarayonining alohida qismlari u yoki bu darajada anglanmaydi va asosan fikr yuritish natijasi – haqiqatgina anglangan holda aniq, ravshan qayd etiladi. Intuitsiya haqiqatni aniqlashda yetarli asos hisoblansa-da, lekin bu haqiqatga boshqalarni ishontirish uchun yetarli hisoblanmaydi.
E’tiqod – kishining ishonchini qozongan va shuning uchun ham uning faoliyatida xatti-harakatlarini belgilab beradigan, uning dasturi bо‘lib xizmat qiladigan qarashlar majmuasidan iborat. E’tiqod chinligi isbotlangan mulohazalarga yoki tanqidiy tahlil qilib kо‘rilmagan, chinligi noma’lum boshlang‘ich bilimlarga asoslangan bо‘lishi mumkin. Intuitsiya kabi e’tiqod ham subyektiv xarakterda bо‘lib, davr о‘tishi bilan о‘zgarib turadi. «Anglash uchun e’tiqod qilaman», degan edi Avliyo Avgustin (354-470) va Anselm Kenterberiyskiy (1033–1109).
Fransuz faylasufi va teologi Pyer Abelyar (1079–1142) esa aql va e’tiqodning о‘zaro nisbatini haqqoniy kо‘rsatgan holda «E’tiqod qilish uchun tushunaman», deydi. Albatta, e’tiqod haqida fikr yuritganda kо‘r-kо‘rona e’tiqod bilan tarixiy va hayotiy tajriba natijasi bо‘lgan, bilimga asoslangan e’tiqodni farqlash zarur. Faqat ilmiy bilimga asoslangan e’tiqodgina fikr va mulohazalarning chinligini aniqlashda yetarli asos bо‘ladi. Shuning uchun ham ular inson qalbida mustahkam о‘rnashib qoladi. Birinchi Prezident I.A. Karimov: «Milliy mafkura – bu xalqning, millatning о‘tda yonmaydigan, suvda chо‘kmaydigan о‘lmas e’tiqodidir13» , deganda aynan shuni nazarda tutgan edi.

Yüklə 2,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   81   82   83   84   85   86   87   88   ...   193




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə