Nodavlat tashkilotlari


Siyosiy partiyalar quyidagi huquqlarga ega



Yüklə 154,5 Kb.
səhifə8/10
tarix28.11.2023
ölçüsü154,5 Kb.
#133091
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
sanjar tarix

Siyosiy partiyalar quyidagi huquqlarga ega:

  1. o`z faoliyati to`g`risidagi axborotni erkin tarqatish, o`z g`oyalari, maqsadlari va qarorlarini targ`ib qilish;

  2. saylab qo`yiladigan davlat organlaridagi o`z vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish;

  3. qonunda belgilab qo`yilgan tartibda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etish;

  4. partiya faoliyati bilan bog`liq yig`ilishlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni o`tkazish;

  5. qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositalarini ta'sis etish va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;

  6. O`zbekiston Respublikasining siyosiy partiyalari bilan ittifoq (blok) tuzish, ular va boshqa jamoat birlashmalari bilan shartnoma munosabatlarini o`rnatish.

Siyosiy partiyalarning O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi fraksiyalari - siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatilgan deputatlarning ta'sis yig`ilishlarida o`z partiyalarining siyosatini uyushqoqlik bilan o`tkazish uchun tuziladi. Fraksiyalar fraksiyaning rahbari bergan tegishli ariza va ta'sis hujjatlariga asosan Oliy Majlis tomonidan ro`yxatga olinadi.
Siyosiy partiya fraksiyasining rahbari Oliy Majlis Kengashi tarkibiga kiradi.
Fraksiyalarning faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmatlar ko`rsatish O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kotibiyati tomonidan ta'minlanadi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlaridagi partiya guruhlari siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatilgan deputatlar ta'sis yig`ilishlarida o`z partiyalarining siyosatini uyushqoqlik bilan o`tkazish uchun tuziladi. Partiya guruhlari partiya guruhining rahbari bergan ariza yoki ta'sis hujjatlariga asosan tegishli ravishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ro`yxatga olinadi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlaridagi partiya guruhlarining faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmatlar ko`rsatish shu organning tegishli tarmoq bo`linmalari tomonidan ta'minlanadi.
Siyosiy partiyalar mulkida - bino, inshoot, uskunalar, nashriyot, transport vositalari, shuningdek, ustavda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bo`lgan boshqa mol-mulk bo`lishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risida”gi qonun6iga binoan siyosiy partiyalarni moliyalashtirish manbalari quyidagilardan iborat:

  • kirish va a'zolik badallari, agar siyosiy partiyaning ustavida bunday badallar to`lash nazarda tutilgan bo`lsa;

  • qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;

  • O`zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qonun hujjatlariga muvofiq ajratiladigan mablag`lar;

  • O`zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq beriladigan xayriya yordami.

Qonuniylik, oshkoralik va siyosiy partiyalarning teng huquqliligi – siyosiy partiyalarni moliyalashtirishning asosiy prinsiplaridir.
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risidagi ma'lumotlarning mazkur partiyalar a'zolari va jamoatchilik uchun ochiqligi siyosiy partiyalarning o`zi tomonidan ta'minlanadi.
Siyosiy partiyalar o`z faoliyatining moliyalashtirilishi hajmi va manbalari haqida axborot e'lon qilib turishi kerak.
Siyosiy partiyalar moliyaviy va boshqa mablag`lardan qonunda hamda ustavlarida nazarda tutilgan maqsadlarda foydalanadi. Bu mablag`lardan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalarning mol-mulki va pul mablag`lari siyosiy partiya a'zolari o`rtasida taqsimlanishi mumkin emas.
Siyosiy partiyalarga, ularning muassasalari va tashkilotlariga bank muassasalarida bittadan ortiq hisob-kitob varag`iga, shuningdek, chet el banklarida hisobvaraqlarga ega bo`lish taqiqlanadi.
Siyosiy partiya, agar u O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov yakunlari bo`yicha «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuniga muvofiq Qonunchilik palatasida siyosiy partiya fraksiyasini tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik o`rinlarini olgan bo`lsa, o`zining ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat mablag`larini olish huquqiga ega bo`ladi.
Siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag`larining yillik hajmi shu mablag`larni ajratish mo`ljallanayotgan yildan oldingi yilning 1 yanvaridagi holatga ko`ra belgilangan eng kam ish haqining ikki foizini Qonunchilik palatasiga o`tkazilgan oxirgi saylovda saylovchilar ro`yxatiga kiritilgan fuqarolar soniga ko`paytmasi miqdorida shakllantiriladi.
Siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasiga va davlat hokimiyatining boshqa vakillik organlariga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda faqat ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan davlat mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyalarni saylovda boshqa mablag`lar hisobidan moliyalashtirish va moddiy jihatdan o`zgacha tarzda qo`llab-quvvatlash taqiqlanadi.
Siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag`larining bir deputatlikka nomzod hisobiga to`g`ri keladigan miqdori O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Siyosiy partiyaning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag`lari shu partiyadan Qonunchilik palatasi deputatligiga ko`rsatilgan nomzodlar ro`yxatga olingandan keyin ro`yxatga olingan nomzodlar soniga muvofiq hajmda siyosiy partiyaning hisob-kitob varag`iga belgilangan tartibda o`tkaziladi.
“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to`g`risida”gi qonunga binoan Qonunchilik palatasiga saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag`lari siyosiy partiya tomonidan:

  • saylovoldi ko`rgazmali tashviqot vositalarini nashr qilishga;

  • Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning televideniye, radio orqali va boshqa ommaviy axborot vositalarida chiqishlarini tashkil etishga;

  • Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga;

  • Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari va bevosita saylov okrugida saylovoldi tashviqotini o`tkazish uchun jalb qilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;

  • saylov kompaniyasini o`tkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga sarflanishi kerak.

Agar Qonunchilik palatasiga saylov yakunlari bo`yicha siyosiy partiya fraksiya tuzish uchun zarur miqdorda deputatlik o`rinlarini ololmagan bo`lsa, siyosiy partiyaning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag`lari mazkur partiyaning boshqa manbalardan olgan mablag`lari hisobidan O`zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilishi kerak.
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyalarining faoliyatini tashkiliy, texnikaviy jihatdan va boshqa tarzda ta'minlash uchun ajratiladigan davlat mablag`lari Qonunchilik palatasining xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
Siyosiy partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirish manbai O`zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag`laridir.
Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag`lari siyosiy partiyalarning hisob-kitob varaqlariga belgilangan tartibda o`tkaziladi.
Moliya yili uchun ajratilgan, lekin shu yil mobaynida siyosiy partiya tomonidan foydalanilmagan davlat mablag`lari moliya yili tugaganidan keyin bir oy ichida O`zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga qaytarilishi kerak.
Siyosiy partiya davlat mablag`larini olishdan voz kechishga haqli.
Siyosiy partiyani davlat tomonidan moliyalashtirish partiya faoliyati to`xtatib turilgan yoki tugatilgan taqdirda, to`xtatib turiladi yoxud tugatiladi.
Siyosiy partiya ustav faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni to`xtatib turish yoki tugatish uchun quyidagilar ham asos bo`lishi mumkin:

  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda siyosiy partiyaning qayta tashkil etilganligi (boshqa siyosiy partiyalarga qo`shib yuborish va qo`shib olish bundan mustasno);

  • qonun talablarining siyosiy partiya tomonidan bajarilmaganligi;

  • siyosiy partiya davlat mablag`laridan belgilanmagan maqsadda foydalanganligi, shu jumladan, ustavda nazarda tutilgan faoliyati uchun ajratilgan mablag`lardan saylovda ishtirok etishni moliyalashtirish uchun foydalanganligi.

Siyosiy partiya ustav faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni to`xtatib turish yoki tugatish to`g`risidagi qaror O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Davlat tomonidan moliyalashtirishni to`xtatib turish yoki tugatish to`g`risidagi qaror ustidan siyosiy partiya O`zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilishi mumkin.
Siyosiy partiya qo`shib yuborish yoki qo`shib olish shaklida qayta tashkil etilganda siyosiy partiyaning huquqiy vorisi davlat tomonidan moliyalashtirilish huquqiga ega bo`ladi.
Siyosiy partiya xayriya yordamini faqat O`zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bundan mustasno) va fuqarolaridan pul shaklida hamda mol-mulk berish, xizmatlar ko`rsatish, ishlar bajarish tarzida va faqat ustavda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun olish huquqiga ega.
Siyosiy partiya O`zbekiston Respublikasining bir yuridik shaxsidan bir yil mobaynida olgan xayriya yordami summasi xayriya yordami berilgan yilning 1 yanvaridagi holatiga ko`ra belgilangan eng kam ish haqining besh ming baravaridan oshmasligi lozim.
Siyosiy partiya O`zbekiston Respublikasining bir fuqarosidan bir yil mobaynida olgan xayriya yordami summasi xayriya yordami berilgan yilning 1 yanvaridagi holatga ko`ra belgilangan eng kam ish haqining besh yuz baravaridan oshmasligi lozim. Ushbu cheklash siyosiy partiya a'zolari partiya ustaviga asosan to`laydigan a'zolik badallariga tatbiq etilmaydi.
Siyosiy partiyalarga pul mablag`lari shaklidagi, mol-mulk berish, xizmatlar ko`rsatish, ishlar bajarish tariqasidagi (shu jumladan grantlar ajratish, texnik yordam ko`rsatish, safarlar bilan, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida o`tkaziladigan treninglar, seminarlar, konferensiyalar bilan bog`liq xarajatlarga haq to`lash orqali) xayriya yordami quyidagilar tomonidan berilishiga yo`l qo`yilmaydi:

  • chet davlatlar;

  • chet davlatlarning yuridik shaxslari, ularning vakolatxonalari va filiallari;

  • xalqaro tashkilotlar, ularning vakolatxonalari va filiallari;

  • chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar;

  • chet el fuqarolari;

  • fuqaroligi bo`lmagan shaxslar.

Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, diniy tashkilotlar va nomi yashirilgan yoki faqat taxallusi ko`rsatilgan shaxslar tomonidan siyosiy partiyalarga pul mablag`lari shaklida, mol-mulk berish, xizmatlar ko`rsatish, ishlar bajarish tarzida xayriya yordami berilishiga ham yo`l qo`yilmaydi.
Siyosiy partiyalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda moliyaviy hamda buxgalteriya hisobdorligini amalga oshiradi.
Siyosiy partiya har yili qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda hamda tartibda moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Adliya vazirligiga hisobot davrida olingan hamda sarflangan moliyaviy va boshqa mablag`lar to`g`risida moliyaviy hisobot taqdim etishi shart.
Siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotida siyosiy partiyaning hisob-kitob varag`iga hisobot davrida kelib tushgan mablag`larning manbalari va miqdorlari to`g`risidagi, shu mablag`larning sarflanishi haqidagi, siyosiy partiyaning qiymati ham ko`rsatilgan mol-mulki to`g`risidagi, shuningdek, mazkur partiyaning davlat ro`yxatidan o`tganligi haqidagi ma'lumotlar ko`rsatilishi lozim.
O`zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolaridan xayriya yordami pul mablag`laridan boshqa shaklda olingan taqdirda, siyosiy partiya uni O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq pul ifodasida baholaydi va tegishli ma'lumotlarni, shu jumladan xayriya yordami beruvchi haqidagi ma'lumotlarni siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotiga kiritadi.
Siyosiy partiyaning moliyaviy hisobotida davlat mablag`larining kelib tushishi va sarflanishi alohida qismda nazarda tutiladi. Bunda siyosiy partiya tomonidan Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etish uchun sarflangan mablag`lar alohida hisobga olinadi.
Siyosiy partiyalar har yili barchaning e'tibori uchun o`z budjetlarini e'lon qiladi va o`z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to`g`risida Qonunchilik palatasiga yoki u vakolat bergan organga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
Siyosiy partiyaning hisobotiga uning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini va ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun hisobot yilida partiyaning hisob-kitob varag`iga kelib tushgan hamda sarflangan davlat mablag`lari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining xulosasi ilova qilinadi.
Moliyaviy va boshqa mablag`larning kelib tushishi hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishi ustidan nazoratni O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasi amalga oshiradi.
Moliyaviy va boshqa mablag`larning kelib tushishini hamda siyosiy partiyalarning ulardan belgilangan maqsadda foydalanishini tekshirish Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida o`ndan bir qismidan iborat deputatlar guruhining murojaatiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.



Yüklə 154,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə