Oila psixologiyasi. Reja


Nikoh motivlarining xususiyatlari



Yüklə 258,58 Kb.
səhifə2/5
tarix24.05.2023
ölçüsü258,58 Kb.
#112533
1   2   3   4   5
11-Ma\'ruza

Nikoh motivlarining xususiyatlari.
Nikoh oldi omillaridan yana biri — shu nikoh qurilishiga asos bo‘lgan nikoh motivlaridir. «Motiv» iborasi psixologiyada ma’lum bir xulq, faoliyatning yuzaga kelishiga asos bo‘lgan kuch, turtki, manba, asosni bildiradi. Xo‘sh, oilalar qanday motivlar tufayli yuzaga kelishi mumkin? Psixologik adabiyotlarda bir necha o‘nlab nikoh motivlari farqlanadi. Lekin ular umumlashtirgan holda uchta klassifikatsiyaga farqlanadi. Bular: sevgi tufayli oila qurish, ya’ni yoshlar oila qurishdan avval bir-birlarini sevib, ma’lum bir muddat sevib-sevilib yurganlaridan so‘ng shu o‘zaro sevgining mahsuli sifatida bir-birlarining visoliga to‘y qilib, oila qurib yetishadilar.
Motivlarning ikkinchi klassifikatsiyasi moddiy yoki o‘zga manfaatdorlik tufayli oila qurish. Bunda yoshlar oila qurar ekanlar, nimanidir hisobga olgan holda, ma’lum bir maqsadni ko‘zlab oila qurishlari mumkin, masalan, boylikni, mansabni, moddiy yoki ijtimoiy manfaatdorlikni ko‘zlagan holda: «Agar shu yigitga turmushga chiqsam, boy-badavlat yashayman» yoki «Shu qizga uylansam, uning ota-onasi yordamida ma’lum bir mansab, mavqega erishaman», — degan fikrlar asosida o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, «yolg‘izlikdan qutulish» va boshqalar. Shu kabi hisobga olinadigan narsalarni ko‘plab sanab o‘tish mumkin.
Nikoh motivlari klassifikatsiyasidan yana biri — stereotip bo`yicha oila qurish deb ataladi. Bu toifa yoshlarda oldingi motivlarning ikkalasi ham kuzatilmasligi mumkin. Ular oila qurar ekanlar, stereotiplarga qaraydilar. Bunday yoshlardan nima uchun oila qurganliklari so‘ralsa, odatda «Hamma tengdoshlarim uylanayotgandi, men ham uylandim!» yoki «Hamma dugonalarim turmushga chiqishayotgandi, men ham turmushga chiqdim!» qabilida javob beradilar.
Xo‘sh, shu sanab o‘tilgan uchala motiv: sevgi. moddiy yoki o‘zga manfaatdorlik tufayli. stereotip bo`yicha qurilgan oilalarning qay biri mustahkamroq bo‘ladi, ya’ni qaysi motiv nikoh oila mustahkamligini kuchliroq ta’minlaydi?
Albatta, bu savolga yoshlarning aksariyati, birinchi motivni, ya’ni sevgi motivini tanlab javob berishadi. Chunki ular sevgi tufayli oila qurish nikoh mustahkamligini ta’minlovchi eng ishonchli, mustahkam poydevor deb hisoblaydilar. Haqiqatan ham, sevgining oila mustahkamligidagi o‘rni beqiyosdir. Sevgi — bu o‘ta qudratli kuchdir. U tufayli inson nimalarga qodir emas?! Insoniyat o‘z taraqqiyotida erishgan eng yuksak cho‘qqilar ham sevgi tufaylidir. Z.Freyd ta’kidlaganidek: «Sevgi — bu insoniyatni hayvonot olamidan sug‘urib olgan kuchdir!». Inson yaratgan buyuk mo‘’jizalarning barchasi sevgi tufaylidir. Bu aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, sevgi tufayli oila qurish baxtli va mustahkam nikohning asosini ta’minlaydi.
Albatta, sevishib turmush qurgan juftlarning aksariyati eng baxtli oilaviy hayot kechiradilar. Lekin statistik ma’lumotlarga qaraganda, oilalar ajralishining ko‘pchilik qismi ham xuddi shu sevishib oila qurgan juftlarga to‘g‘ri kelar ekan. Xo‘sh, nega endi sevishib oila qurgan juftlar oilaviy hayotlarida hamma vaqt ham baxtli bo‘lavermaydilar? Nega kechagina bir-birlarini sevib, bir-birlarisiz yashay olmasligiga to‘la amin bo‘lgan yoshlar bugun nikohlarini bekor qilish haqida sudga ariza berayaptilar? Ularning sevgisiga nima bo‘ldi? Sevgi — o‘zi nima? U bor narsami yoki yo‘qmi? Bu o‘rinda haqli ravishda «Sevgi oilaviy hayotning mustahkam bo‘lishiga yordam beradimi yoki xalaqit qiladimi?», degan savol tug‘iladi. Bu kabi savollar azal-azaldan yoshlarni, umuman insoniyatni qiziqtirib kelgan savollardir. Bu haqda o‘tmish mutafakkirlarimiz, olimu shoir, yozuvchilarimizning asarlaridan, xalqimizning dono ma’naviy meroslarida ba’zan bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ko‘plab misollarni ko‘rishimiz mumkin.
Sevgi, agarda u haqiqiy bo‘lsa, sevishganlar bir-birlarini hurmat qilib, tushunib, bir-birlarini e’zozlab, avaylab, kerak bo‘lsa biri ikkinchisining baxti, shodligi, quvonchi, manfaati uchun o‘z manfaatidan voz kechib, o‘ta nozik bo‘lgan tuyg‘u sevgini har kuni, har doim parvarish qilib yashasalar, unda sevgi ularning munosabatlari yanada yaqinlashishiga, ularning oilaviy hayotining mustahkamlanishiga va birgalikdagi hayotlarida eng oliy zavq-shavqlarni his qilishlariga asos bo‘lishi mumkin. Bu esa albatta, yoshlardan sabr-toqat, chidam, o‘z sevgisini saqlab qolish va uni yanada rivojlantirish uchun tinimsiz izlanish, mehnat qilish, «jafo chekish»ni talab qiladi. Shundagina sevgi o‘zining lazzatli mevalarini berishi, o‘zining kuch-qudratini ko‘rsatishi mumkin. Albatta, har bir yigit-qiz o‘zaro oila rishtalarini bog‘lar ekan, ular o‘z hayotlaridagi bu muhim voqeaga umid, orzu bilan yondashuvi tabiiy.
Agar sevishganlar oila qurganlaridan keyin «murod-maqsadimga erishdim» deb sevgisini himoya qilishni, uni parvarish qilishni unutsa, uning uchun kurashmasa, qarovsiz qolgan har bir nozik nihol nobud bo‘lganidek, eng nozik tuyg‘u bo‘lgan sevgi ham nobud bo‘ladi. Shundan so‘ng sevgi nomi bilan qilingan orzu-niyatlar sarobga aylanadi, yoshlarning oila, nikoh, sevgi fonida shakllangan tasavvurlari «noto‘g‘ri» bo‘lib chiqadi. Oqibatda oilaviy hayotdan kutgan narsalari qolib ketib, mutlaqo kutmagan narsalariga duch kelishlari kuzatiladi. Bunday holatda sevgi yoshlarning baxtiga, ularning oilaviy hayoti mustahkamligiga xalaqit berishi mumkin.
Navbatdagi motiv moddiy yoki o‘zga manfaat tufayli oila qurishdir. Bu motivning oila mustahkamligiga ta’siri uning keyinchalik qay darajada amalga oshirilishiga bog‘lik. Oila qurishdan oldin yoshlarning hisobga olgan, ko‘zda tutgan narsalarining hammasi ro‘yobga chiqaversa, bu motiv ma’lum darajada nikoh mustahkamligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin. Afsuski, oilaviy hayotda hamma narsa ham yoshlar kutganidek bo‘lavermaydi. Bu o‘rinda L.N.Tolstoyning: «Badiiy asarlarda, romanlarda, kinolarda syujet, voqealar rivojlanib-rivojlanib borib, oxirida hammasi to‘y bilan, yaxshilik bilan tugaydi. Hayotda esa aksincha, hamma narsa to‘ydan keyin boshlanadi», — degan fikrini ta’kidlash maqsadga muvofiq.
Shuning uchun ham oilaviy hayotda kutilgan hisobga olingan narsalarga hamma vaqt ham erishib bo‘lavermaydi. Nimanidir hisobga olib oila qurgan yoshlarning oilaviy hayotda ana shu hisobga olganlari amalga oshmay qolgundek bo‘lsa, unda ularning oilaviy hayoti g‘urbatga, turgan-bitgani azobga, nizo-janjalga aylanadi. Ular uchun bunday oilada yashagandan ko‘ra yashamagani afzal ko‘rinadi. Bu ham oxir-oqibat oilalarning inqiroziga va «hisob» poydevori ustiga qurilgan imoratning qulashiga olib keladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yuridik jihatdan eng mustahkam, turg‘un oilalar stereotip bo‘yicha oila qurgan juftlarga to‘g‘ri kelar ekan. Bunday oilalarda ajrashishlar mqkdori oldingi ikki motiv asosida qurilgan oilalarga qaraganda juda kam ko‘rsatkichni tashkil qiladi. Chunki ular «hamma qatori» oila qurishgan. Qarashsaki, «hamma binoyidek yashayapti» — bular ham yashayverishadi. Bu motiv asosida qurilgan oiladagi er-xotinlar o‘ta baxtli ham, o‘ta baxtsiz ham bo‘lmaydilar. Lekin birgalikdagi hayot tufayli er-xotin o‘rtasida bir-birlariga moslashish, bir-birini tushunish, bir-biriga nisbatan mehr-oqibat yuzaga kelib, ular rivojlanib yuqorida aytganimizdek, sevgi-muhabbat darajasiga o‘sib yetishi ham mumkin. Bunday holatlar, shubhasiz, bu toifa oilalarni nafaqat rasmiy, yuridik jihatdan, balki emotsional, psixologik jihatdan ham turg‘un bo‘lishini ta’minlashi mumkin.
Endi yuqorida berilgan savolni yana takrorlasak: qanday motiv asosida oila qurgan ma’qul? Sevishibmi? Moddiy yoki o‘zga manfaat asosidami? Stereotip bo‘yichami? Bu o‘rinda yoshlarimiz endi bir oz o‘ylanib qolishlari mumkin. Sevgi tufayli deyilsa, uning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Moddiy yoki o‘zga manfaat tufayli oila qurishning oqibatlari ma’lum. Stereotip bo‘yichami? Unda ehtiros, jo‘shkinliq yetishmayaptiku? Yoshlik g‘ururi, jo‘shqinlik buni qabul qila olmaydi.
Bunday savollarga, bunday o‘ylarga javobni bugun yoshlarning maktab, oliygoh partalarida o‘tirgan vaqtida berishning aybi yo‘q. Chunki sizning oila qurishingizga hali bir necha yil bor. Shu fursatni boy bermasdan yaxshilab o‘ylab, fikr-mushohada yuritib olishingiz mumkin. Lekin yodda saqlangki: bu masalalarni oila qurib bo‘lgandan keyin o‘ylagandan ko‘ra hozir yaxshilab o‘ylab, eng maqbul bir fikrga kelib olgan ma’qul. Chunki bu masalalar va bu savollarning yechimi maktabda o‘tiladigan boshqa fanlar bo‘yicha beriladigan topshiriq, vazifa, masalalarning yechimini topishdan ham mazmun, ham mohiyat, ham ko‘lam jihatdan keskin farq qiladi. Bu fanlardan berilgan jumboqlarni yechish yoki yecha olmasligingiz sizning hayotingizda va taqdiringizda unchalik hal qiluvchi rol o‘ynamasligi mumkin, lekin o‘zingizning bo‘lajak oilangizga oid muammolarni hozirdan to‘g‘ri hal etib borishga o‘rganishingiz va ularning eng maqbul javoblarini topishingiz kelgusida sizni o‘zingizning va yaqinlaringizning taqdirini hal qilinishida muhim ahamiyatga ega. Bu borada befarqlik, bee’tiborlik, tavakkalchilik bilan yo‘l tutishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu masala nafaqat siz uchun shaxsiy ahamiyatga ega bo‘lgan, balki jamiyat, davlat, xalq, millat ahamiyatiga ega bo‘lgan masaladir. Siz bu masalani o‘zingiz uchun muvaffaqiyatli hal etib, mustahkam oila qurish bilan birga bugun boshli yaxlit organizm — jamiyatning sog‘lom bir hujayrasini yaratgan bo‘lasiz.
Har bir odam u xoh ona bo‘lsin, xoh ota bo‘lsin, o‘z farzandlariga ularning otasini, onasini sevishdanda ortiqroq meros qoldira olmaydi. Farzandlaringizga qanday meros qoldirishni hozirdanoq, hali o‘zingiz farzand ekanlik vaqtingizdanoq, qat’iy o‘ylab oling.

Yüklə 258,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə