O‘zbekiston eron: ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirishda o‘zaro sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim



Yüklə 109,55 Kb.
tarix23.12.2023
ölçüsü109,55 Kb.
#156291
19.06.23


O‘ZBEKISTON — ERON: IKKI TOMONLAMA AMALIY HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHDA O‘ZARO SA’Y-HARAKATLARNI BIRLASHTIRISH MUHIM
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning taklifiga binoan 18-iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
“Mehrobod” xalqaro aeroportida Tehron shahriga kelgan Oliy martabali mehmonni Eron sanoat, konchilik va savdo vaziri Abbos Aliobodiy va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. “Saadobod” majmuasining “Jumhuri” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbarini Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy kutib oldi. Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston va Eronning davlat bayroqlari koʻtarildi. Harbiy orkestr ikki mamlakat madhiyalarini ijro etdi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar. Birgalikda suratga tushish marosimidan soʻng yetakchilarning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari Eron Prezidentiga ushbu mamlakatga tashrif bilan kelish taklifi hamda Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi. Ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirishga muhim ahamiyat qaratishlari taʼkidlandi. Prezidentlar oʻzaro savdo hajmini oshirish, transport va logistika sohasida hamkorlikni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Markaziy Osiyoni Eron bilan bogʻlovchi eng qisqa transport-logistika yoʻlaklaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi. Energetika, kimyo sanoati, farmatsevtika va tibbiyot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, toʻqimachilik, sanoat qurilish materiallari, mashinasozlik, uskunasozlik va elektrotexnika tarmoqlarida qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish choralari koʻrib chiqildi. Agrar yoʻnalishda issiqxonalar tashkil etish, qishloq xoʻjaligi uskunalarini ishlab chiqarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bogʻdorchilik va baliqchilikda, qurgʻoqchilikka chidamli ekin turlarini seleksiya qilishda tajriba almashish sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi. Tomonlar madaniy, ilmiy-innovasiyaviy aloqalarni kengaytirishga intilishini qayd etdilar. Ikki mamlakat hukumatlari ishbilarmonlar va olimlar oʻrtasidagi muloqotlarni rivojlantirishga koʻmaklashishi taʼkidlandi. Xalqaro terrorizm, narkotrafik, kiberterrorchilik, odam savdosi kabi global xavf va tahdidlarga qarshi kurashishda tomonlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi. Davlat rahbarlari Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalari yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar. Turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi. Xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy madaniy-tarixiy aloqalar Oʻzbekiston — Eron munosabatlarini rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilayotgani alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston rahbarining Eronga tashrifi ikki tomonlama aloqalarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga koʻtarishga qaratilgan. Prezidentlar tor doiradagi uchrashuv yakunlarini yuqori baholadilar hamda kuni kecha Oʻzbekiston va Erondan 200 nafardan ziyod tadbirkorlar ishtirokida oʻtgan biznes-forum natijalarini olqishladilar. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari bilan konstruktiv muloqot va parlamentlarimiz oʻrtasida yaqin hamkorlik olib borilayotgani taʼkidlandi. Savdo-iqtisodiy sohada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani kuzatilmoqda. Mamlakatlarimizning transport-tranzit kommunikatsiyalaridan foydalanishni kengaytirish ishbilarmonlik aloqalarining faollashishiga va yuk tashishlarning ortishiga ishonch bildirildi. Innovatsiyalar, sunʼiy intellekt, nanotexnologiyalar, kibernetika, texnologiyalar transferi kabi sohalarda tajriba almashish muhimligi qayd etildi. Hududlararo hamkorlik rivojlanayotgani, jumladan, Buxoro viloyati va Hamadon ustoni, Samarqand va Isfaxon shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatilayotgani qoʻllab-quvvatlandi. Ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlarning koʻpayishi ishbilarmonlik aloqalari va oʻzaro sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi. Madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi fondlarida saqlanayotgan qadimgi qoʻlyozmalarni chuqur oʻrganish uchun qoʻshma ilmiy guruh tuzishga kelishib olindi. Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari bir qator qoʻshma “yoʻl xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha topshiriq berdilar. Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida Qoʻshma bayonotni imzoladilar. Bundan tashqari, tashrif doirasida hukumatlar, idoralar va hududlar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi. Hukumatlar oʻrtasidagi imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Eron Milliy standart tashkiloti oʻrtasidagi hamkorlik dasturi, Texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlik boʻyicha Harakatlar rejasi shular jumlasidan. Qoʻshma erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish, farmatsevtika, transport va tranzit sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar qabul qilindi. Shuningdek, Sport sohasida hamkorlik boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi, Nizolarni hal etish va arbitraj toʻgʻrisida anglashuv memorandumi, Qayta sugʻurtalash sohasida hamkorlik boʻyicha fakultativ bitim va boshqa hujjatlar ham imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Tehron shahrida innovatsiyalar va texnologiyalar ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qildi. Koʻrgazmada Eronning yirik ilm-fan va ishlab chiqarish kompaniyalarining yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, mashinasozlik, uskunasozlik, tibbiy texnika, farmatsevtika, zamonaviy qurilish materiallari, toʻqimachilik tarmoqlaridagi mahsulotlari taqdim etilgan. Oʻzbekiston yetakchisi kompaniyalarning stendlarini koʻzdan kechirdi. Eron sanoatchilari turli turbinalar, dori vositalari va ularning ingrediyentlari, tibbiy uskunalar, neft katalizatorlari va sunʼiy matolar borasidagi eng yangi ishlanmalarini namoyish etdi. Prezidentimiz kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qildi, yangi texnologiyalarning taqdimotlari bilan tanishdi. Koʻrgazma bilan tanishuv yakunida oʻzbekistonlik mutasaddilarga eronlik tadbirkorlar bilan birgalikda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, mamlakatimizda Eron texnologiyalari va innovatsion yechimlarini joriy qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish topshirildi. Taʼkidlash joizki, Toshkent shahrida Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyining (IHIT) filiali ochildi. Uning faoliyati innovatsion texnologiyalar va ilmiy ishlanmalar transferi sohasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif doirasida Eron Islom Respublikasi Oliy diniy rahbari oyatulloh Sayid Ali Xomaneiy bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari Eron zaminida Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi. Doʻstona suhbatda tomonlar oʻzaro aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratib, Oʻzbekiston bilan Eron oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish borasida rejalashtirilgan chora-­tadbirlarni muhokama qildilar. Koʻp asrlar davomida xalqlarimizni madaniy-tarixiy mushtaraklik bogʻlab turgani alohida qayd etildi. Oʻzaro muloqotlar faollashib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, istiqbolli qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Savdo, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport va kommunikatsiyalar, turizm va madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish boʻyicha amaliy ishlar qilinayotgani taʼkidlandi. Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv samimiy va ishonchli muhitda, konstruktiv muloqot ruhida oʻtdi. Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi yakunlandi.

MILLIY TARAQQIYOT YO‘LI adolatli ijtimoiy siyosat yuritishning bosh mezoni


Mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida inson huquqlari va manfaatlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar kechmoqda. Bu kabi demokratik islohotlarni izchillashtirish, iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlash hamda erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirish davrida ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi farovonligi barqarorligini taʼminlash choralarini tizimli ravishda amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Rivojlangan davlatlar tarixi iqtisodiyotni yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ijtimoiy masalalarni hal qilish bilan barobar olib borish joizligini koʻrsatadi. Bu amaliyot jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlab, barqaror rivojlanishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shu tariqa rivojlangan davlatlarda ijtimoiy muammolar va ziddiyatlar barham topadi, yuzaga kelayotgan har qanday masala davlat va jamiyat institutlarining oʻzaro ijtimoiy kelishuvi, konsensusi orqali hal qilib boriladi. Aks holda, ijtimoiy norozilik va kelishmovchiliklar keskinlashib, jamoat xavfsizligi, odamlar tinchligi va osoyishtaligiga raxna soluvchi omillar koʻpayaveradi. Shu maʼnoda, mamlakatimizning yangilanish va taraqqiyot yoʻliga asos qilib olingan adolatli ijtimoiy siyosat yuritish tamoyillari, avvalo, ijtimoiy kelishuvni, hamjihatlikni, millatlararo totuvlik va birdamlikni taʼminlashga qaratilgan. Bu demokratik va iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning, ular orqaga qaytmasligining muhim sharti sanaladi. Shunga koʻra, ijtimoiy barqarorlik, ijtimoiy adolatni taʼminlash kabi xalqparvar siyosatning muhim elementlariga alohida eʼtibor berish, odamlarning ijtimoiy kayfiyatiga taʼsir etuvchi muammolarni aniqlash va hal etish, ijtimoiy kafolatlarni, aholini har tomonlama himoyalash choralarini koʻrish davlatimizning muhim vazifalaridan boʻlib kelmoqda. Jamiyatimizda har bir inson demokratik oʻzgarishlar mazmun-mohiyatini teran his qilayotgani, islohotlar tufayli oʻz imkoniyatlarini toʻla roʻyobga chiqara olishini anglay olgani va, eng muhimi, oʻz tasavvurlarini jamiyat va davlat intilishlari bilan uygʻunlashtirgani oldimizga qoʻygan ulugʻvor maqsadlarga erishishimizda gʻoyat muhim omil hisoblanadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish boʻyicha oʻtkazilgan referendum koʻp millatli xalqimizning hamjihatligi va birdamligini koʻrsatib berdi hamda Bosh qonunimiz normalari asosida davlatimiz bilan bir tan, bir jon boʻlib jamiyatimizni yangilash, ertangi kunimiz bugundan koʻra, yaxshiroq boʻlishini taʼminlashga bel bogʻlaganining yorqin namunasi boʻldi. Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar oxirgi yillarda shiddat bilan kechayotgan islohotlar natijasi oʻlaroq shakllangan davlatimiz va jamiyatimiz yutuqlarining ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy qiyofasida oʻz aksini topdi. Konstitutsiya normalari davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurishni hamda ijtimoiy adolat va ijtimoiy birdamlik tamoyillari asosida xalq farovonligini oshirish, aholining zaif qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, har bir insonga tinch va munosib hayot kechirishiga imkon beradigan shart-­sharoitlar yaratilishini belgilab berdi. Eng asosiysi, bu normalar demokratik, adolatli fuqarolik jamiyati asoslarini yanada mustahkamladi. Bunday jamiyatda davlat idoralari, davlat hokimiyatining har qanday boʻgʻinida xizmat qilayotgan xodimlar xalq manfaatlarini koʻzlab, Konstitutsiyamiz hamda u asosida qabul qilingan qonunlarda belgilangan inson huquq va erkinliklarini amalda roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi va bu faoliyatda ijtimoiy adolat, qonuniylik tamoyillariga tayanadi. Ijtimoiy adolatning asosiy jihatiga toʻxtalar ekanmiz, davlat idoralarining barcha darajadagi xizmatchilari maqsadi millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning talab-istaklarini qondirishga qaratilganida namoyon boʻlib, konstitutsiyaviy-huquqiy normalarda xalqimizning azaldan insonparvar, odamoxun fazilatlari hamma narsadan ustun qoʻyilgani, inson tom maʼnoda eʼzozlanganidan darakdir. Yana bir muhim masala. Davlatimiz, konstitutsiyaviy normalarda mustahkamlab qoʻyilganidek, xalq manfaati yoʻlida hayotimizning barcha jabhalarida, jumladan, ijtimoiy sohada islohotlarni amalga oshirar ekan, birinchi navbatda, ular adolatni taʼminlashga, yaʼni har bir inson huquq va erkinliklarini toʻlaqonli, hech qanday kamsitishlarsiz roʻyobga chiqarishga, aholi farovonligini, jamiyatimiz birlamchi boʻgʻini boʻlgan oilalarda munosib va barqaror turmush tarzini kafolatlashga yoʻnaltirilgandir. Islohotlar mazmun-maqsadi ham har bir fuqaro millati, dini va maslagidan qati nazar, shaxs sifatida namoyon boʻlishi, oʻz qobiliyatini roʻyobga chiqarishi, farovon yashashi, maʼnaviy barkamolikka erishishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat. Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining munosib, erkin va farovon hayotini taʼminlash, har bir inson huquq va imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi ustuvor vazifalardan hisoblanadi. Shu oʻrinda aytish lozimki, jamiyatni demokratlashtirish va bozor iqtisodiyotini erkin rivojlantirish davrining ayrim bosqichlarida tabiiy kuzatiladigan aholi turmush darajasi pasayishiga yoʻl qoʻymaslik, ishsizlar soni oʻsishining oldini olish, kam taʼminlangan oilalarni, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash choralari tizimli amalga oshirib kelinmoqda. Turli vaziyatlar tufayli kambagʻallik darajasiga tushib qolishi mumkin boʻlgan guruhlar — nogironlar, yolgʻiz onalar, yetim bolalar, keksalarga alohida eʼtibor berilmoqda va bu chora-­tadbirlar aniq maqsadga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bois, davlat oʻz oldiga qoʻygan ijtimoiy majburiyatlarini bajarishda aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish ham dolzarb masala boʻladi. Bugun fuqarolarga zarur huquq va erkinliklar berilgan. Bu jarayonda yurtdoshlarimiz ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etishi, yangi Oʻzbekiston fuqarosi ekanini his qilishi, konstitutsiyaviy darajada berilgan huquq va erkinliklarni qadrlashi, mashaqqatli mehnat bilan qoʻlga kiritilgan demokratik qadriyatlarni asrab-avaylashi va himoya qilishi juda muhimdir. Aholining turmush darajasi oʻsishi uchun shart-sharoit va ishonchli kafolatlar yaratib beruvchi omillar tobora ortib bormoqda. Eng asosiysi, hamyurtlarimiz fikrlashi, dunyoqarashi oʻzgarmoqda, siyosiy va ijtimoiy ongi, saviyasi oʻsib bormoqda. Bugungi xalqimiz bundan 6-7 yil oldingi odamlar emas, endilikda bizni tanlab olgan yoʻlimizdan ortga qaytarib boʻlmaydi. Ijtimoiy siyosat, uni roʻyobga chiqarish mexanizmlari fuqarolarning mehnat faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratishdan ham iborat. Bu, oʻz navbatida, aholi turmush darajasi keskin pasayib ketishining, daromadlari va turmush darajasida asossiz katta farqlarning oldini olishda muhim rol oʻynaydi, jamiyat osoyishtaligi va barqarorligini taʼminlash, islohotlarga ishonch mustahkamlanishi omili boʻladi. Har qanday davlatda turli koʻrinishdagi tengsizlik koʻpaysa va bunga imkoniyat beradigan omillar mavjud boʻlsa, ijtimoiy barqarorlikka putur yetadi. Ijtimoiy tabaqalar oʻrtasida keskin farq paydo boʻlishi jamiyatda qarama-qarshiliklar, ichki mojarolar kelib chiqishiga zamin yaratadi. Shuning uchun demokratik davlatning eng muhim vazifasi ijtimoiy ziddiyatlarni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish, yuzaga kelgan qiyinchiliklarni hal qilish, odamlar turmush sharoitini yaxshilab borishdan iborat boʻlmoqda. Bunday sharoitda davlat xizmatchilari islohotlar mazmun-mohiyatini juda yaxshi anglab yetishi talab etiladi. Aks holda, ijtimoiy adolat buzilishi, korrupsiya holatlari urchishi, muayyan ijtimoiy masala yuzasidan qiynalib turgan insonning shunday ham ogʻir ahvolini yanada ogʻirlashtirishi, jiddiy ijtimoiy beqarorlik vujudga kelishiga sababchi boʻlib qolishi, fuqarolar tinchligi, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Yuqoridagilardan kelib chiqib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, munosib turmush sharoitini yaratish maqsadida taʼsirchan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqdik. 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilaga koʻmak berilmoqda. Ajratilayotgan mablagʻ esa 7 barobar koʻpaytirilib, yiliga 11 trillion soʻmga yetdi. Kam taʼminlangan oilalar farzandlarini parvarish qilish boʻyicha nafaqalar qamrovi kengaytirildi, nafaqa tayinlashda hisobga olingan bolalarning yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori oʻrtacha 1,5 barobar koʻpaydi, 2022-yildan boshlab oilaning har bir aʼzosiga jami bir oylik oʻrtacha daromad minimal isteʼmol xarajatlari miqdoridan oshmaganda oilani kam taʼminlangan, deb eʼtirof etilishi belgilab qoʻyildi. Kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam koʻrsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi joriy qilindi, kam taʼminlangan nafaqa oluvchi oilalar soni oxirgi uch yilda toʻrt barobar oshib, 1,9 millionga yetdi. 2023-yil uchun davlat budjetining ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilayotgan mablagʻi miqdoriga jiddiy eʼtibor qaratildi. 2023-yilda taʼlim sohasi xarajatlariga 58,4 trillion soʻm, sogʻliqni saqlash sohasiga 28,4 trillion soʻm, madaniyat sohasiga 2,5 trillion soʻm, sport sohasiga 2,3 trillion soʻm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 1,8 trillion soʻm yoʻnaltirish belgilandi. Joriy yilgi davlat budjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trillion soʻm ajratilishi, daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj jami 52 mingdan ortiq fuqaroga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun budjet mablagʻlari hisobidan 1,1 trillion soʻm subsidiya toʻlab berilishi koʻzda tutildi. Soʻnggi olti yilda ijtimoiy yordam koʻlami 5 barobar oshirilib, 2 milliondan ortiq oila qamrab olindi. Hozirgi kunda har bir ehtiyojmand oila budjet va 3 ta “daftar” tizimi orqali moddiy yordam olmoqda. Bu maqsadlarga budjetdan har yili ajratiladigan mablagʻ 18 trillion soʻmga yetdi. Holbuki, 2016-yilda bu koʻrsatkich 2,2 trillion soʻm edi. Ijtimoiy taʼminotga yoʻnaltirilgan mablagʻning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2,5 barobar yoki 2016-yildagi 0,9 foizdan 2022-yilda 2,2 foizga koʻpaydi. Avvalgi tahrirdagi Konstitutsiyamizda nogironlar haqida soʻz yuritilmagan. Biroq hozirgi kunda Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan 1 millionga yaqin shaxs, jumladan, 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan 100 mingdan ortiq bola istiqomat qilishini hisobga olsak, Konstitutsiyaning alohida moddasi ijtimoiy himoya va aholining ushbu toifasiga nisbatan kamsitishni taqiqlash masalalariga bagʻishlangani juda muhimdir. Oʻzbekiston BMTning nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi, nogironlarni jamiyatimizning toʻlaqonli aʼzosi, deb tan oluvchi va hayotning barcha sohalarida (taʼlim, bandlik, tadbirkorlik, sogʻliqni saqlash va boshqalar) teng imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha qator chora-tadbirlarni belgilab beruvchi qonun qabul qilindi. Soʻnggi paytlarda nogironlar uchun pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori (747 ming soʻm) oshirildi. MILLIY TARAQQIYOT YO‘LI adolatli ijtimoiy siyosat yuritishning bosh mezoni abdulaziz rasulev, yuridik fanlar doktori, professor dilshod chiniyev, yuridik fanlar doktori, dotsent YANGI OʻZBEKISTONNING 2022-2026-YILLARGA MOʻLJALLANGAN TARAQQIYOT STRATEGIYASINI “INSONGA EʼTIBOR VA SIFATLI TAʼLIM YILI”DA AMALGA OSHIRISHGA OID DAVLAT DASTURIDA HAR BIR FUQAROGA DAVLAT HISOBIDAN ANIQ KASB-HUNARGA OʻQISH IMKONIYATINI YARATISH, KASBGA OʻQITISH KOʻLAMINI 2 BAROBAR OSHIRIB, JAMI 1 MILLION ISHSIZ FUQARONI KASB-HUNARLARGA OʻQITISH VA BU JARAYONDA NODAVLAT TAʼLIM MUASSASALARI ISHTIROKINI 30 FOIZGA YETKAZISH BELGILANDI. JORIY YILGI DAVLAT BUDJETIDA AHOLINI IJTIMOIY HIMOYA QILISHNING USTUVOR YOʻNALISHLARINI MOLIYALASHTIRISH UCHUN 18,1 TRILLION SOʻM AJRATILISHI, DAROMADI YUQORI BOʻLMAGAN VA UYJOY SHAROITLARINI YAXSHILASHGA MUHTOJ JAMI 52 MINGDAN ORTIQ FUQAROGA IPOTEKA KREDITI BOʻYICHA DASTLABKI BADAL VA FOIZLARNING BIR QISMINI QOPLASH UCHUN BUDJET MABLAGʻLARI HISOBIDAN 1,1 TRILLION SOʻM SUBSIDIYA TOʻLAB BERILISHI KOʻZDA TUTILDI. 2021-yilda isteʼmol harajatlarining minimal miqdori belgilandi. Oxirgi yillarda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joy qurildi. Bu davrda qoʻshimcha 500 ming oʻquvchi oʻrni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratish boʻyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda. Aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmi 1,5 barobar oshirilib, 90 mingga yetkazilishi belgilangan. Bu borada imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berish davom ettirilmoqda. Joriy yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida, birinchi navbatda, turar joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etilishi belgilangan. Agar eʼtibor bersak, 2016-yilgacha kambagʻallik soʻzi ishlatilmagan. Bugungi kunda kambagʻallik darajasini kamaytirish vazifasi kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi. Uzoq muddatga moʻljallangan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish barqarorligini taʼminlash milliy strategiyamizning bosh maqsadi qilib qoʻyildi. Bu borada, birinchi navbatda, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bosh vazifalardan biriga aylandi. Kambagʻallikni qisqartirish jarayonlarini tartibga solish uchun maxsus vazirlik tashkil etildi, 2030-yilgacha Kambagʻallikni kamaytirish strategiyasi ishlab chiqildi, uni kamaytirishga qaratilgan koʻplab davlat va ijtimoiy dasturlar ijro qilinmoqda. Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga oʻqish imkoniyatini yaratish, kasbga oʻqitish koʻlamini 2 barobar oshirib, jami 1 million ishsiz fuqaroni kasb-hunarlarga oʻqitish va bu jarayonda nodavlat taʼlim muassasalari ishtirokini 30 foizga yetkazish belgilandi. Davlat dasturiga muvofiq, alohida konsepsiya asosida nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtilishi, ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafarini talabgir kasblarga oʻqitish hamda ulardan kamida 5 ming nafarining kasbiy malaka darajasini tasdiqlash va ularga malaka pasportlarini taqdim etish, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 75 ming ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish kabi muhim vazifalar bajarilishi koʻzda tutildi. Yuqoridagilarga koʻra, davlatimizning demokratik va ijtimoiy adolatli jamiyat qurish maqsadidagi taraqqiyot yoʻlining barcha jabhalarida, millati, irqi va eʼtiqodidan qatʼi nazar, adolat hamma uchun teng va barobar ekani hamda ushbu tamoyilga ogʻishmay amal qilinishi yaqqol koʻrinib turibdi.

To‘qimachilik sanoati: XALqARO hAMKORLIK, KLASTER TIZIMI VA NATIJA


Soʻnggi yillarda Qashqadaryo toʻqimachilik sanoatida jiddiy oʻzgarishlar yuz berdi. Qator yirik loyihalar amalga oshirilishi tufayli voha dalalarida yetishtirilgan paxta shu yerning oʻzida yarim tayyor va tayyor mahsulotga aylantiriladigan boʻldi. Hozir viloyatning deyarli har bir hududida ip-yigiruv korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Daladan toʻgʻridan-toʻgʻri keltirilgan paxta tolasi zavodlarda tozalanib, fabrikalarga yoʻnaltirilib, tayyor matoga aylantirilmoqda. Tabiiy xomashyodan qilingan gazlama va bejirim liboslar esa turli davlatlarga eksport qilinmoqda.
2017-yilda viloyatda birinchilardan boʻlib tashkil etilgan “Litai textile international” xorijiy toʻqimachilik korxonasi bugun yuqori samaraga erishmoqda. Xitoyning “Bir makon — bir yoʻl” dasturi doirasidagi harakatlar natijasida Jiangsu Jinsheng korporatsiyasi tashabbusi bilan boshlangan loyihaga jami 210 million dollar investitsiya kiritilib, Qarshi tumanidagi Qoratepa mahallasi hududida korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Paxtadan ip-kalava tayyorlayotgan korxona qisqa fursatda jahon bozorida oʻz xaridorlariga ega boʻldi. Bugun yigirmaga yaqin davlatga eksport yoʻlga qoʻyilgan. — Yurtimizda investorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani bois, xitoyliklar aynan toʻqimachilik sanoatiga sarmoya kiritdilar, — deydi korxona boʻlim boshligʻi Nodir Boymirov. — 2018-yil yanvarda korxonamizning ikkinchi bosqichi ishga tushirildi. Yaʼni yiliga 12 million pogonometr aralash mato ishlab chiqaruvchi sex faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Pirovardida, bir yarim mingga yaqin kishining bandligi taʼminlandi.
Ayni paytda fabrikada ish ikki smenada tashkil etilgan. Ishchi-xodimlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Asosan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, mahallalarda alohida daftarlarga kiritilgan kishilar ishga jalb etilgan, olisdan qatnovchilar uchun yotoqxona mavjud. — Ikki yildan buyon shu yerda boʻlim ish boshqaruvchisi boʻlib ishlayman, — deydi Javohir Suyunov. — Gʻuzor tumanidan kelib ishlayotganim bois, yotoqxona bilan taʼminlanganman. Barcha sharoitlar yaxshi. Oyiga oʻrtacha toʻrt million soʻmga yaqin maosh olamiz. Haftada toʻrt kun ishlasak, ikki kun dam beriladi. Barchasi koʻngildagidek. Munisa Yoʻldosheva Nishon tumanidan. Hali ishga kirganiga bir yil boʻlgani yoʻq. Oldin oʻz mahallasida “Yoshlar daftari”da roʻyxatga olingan Munisa korxonada boʻsh ish oʻrni borligi bois, bu yerga joʻnatilgandi. Tirishqoqligi tufayli tezda oʻz oʻrniga ega boʻlib, hozirda operatorlik vazifasida ishlamoqda. Korxona mahsulotlari Yaqin Sharq, Yevropa, Shimoliy Amerika, MDH mamlakatlariga eksport qilinyapti. Bu muvaffaqiyatlar sabab korxona 2021-yilda mamlakatimizda “Eng yaxshi eksportyor” deb topilgan edi. Mahsulotining 95 foizini xorijga sotishni yoʻlga qoʻygan ushbu korxona jamoasi oʻtgan yili 88 million dollarlik eksport qilgan boʻlsa, bu yil yuz million dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, joriy yil yakuniga qadar Mirishkor tumanida paxtani qayta ishlash zavodi hamda isteʼmol yogʻi ishlab chiqarish sexi ish boshlaydi. Bu loyiha amalga oshirilgach, yana besh yuz kishining bandligi taʼminlanadi. Sanoatdagi ulushi yanada ortadi Soʻnggi yillarda toʻqimachilik sanoati Qashqadaryo viloyatining asosiy drayver yoʻnalishlaridan biriga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qishloq xoʻjaligiga bozor mexanizmlari, klaster instituti joriy qilinishi, sogʻlom raqobat muhiti yaratilgani nafaqat shu sohaning, balki toʻqimachilik sanoatining ham rivojlanishiga sabab boʻlmoqda. Viloyatda 2017-yilda 1 trillion 276 milliard soʻmlik toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2023-yilga kelib, bu koʻrsatkich 4,7 barobar oshib, 6 trillion 39 milliard soʻmga yetdi. Gazlama hamda trikotaj mato ishlab chiqarish 2,5 karra, kalava ip 6,6, tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash 7,2 barobar oshdi. — Joriy yilning 1-iyun sanasiga kelib viloyatda 865 ta toʻqimachilik, tikuv-trikotaj mahsulotlari va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining viloyatdagi vakili Ostonaqul Olloyorov. — Shu yilning 1-choragida 1,7 trillion soʻmlik toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 106,4 foiz oʻsish taʼminlandi. Bugunga kelib toʻqimachilik korxonalarining voha sanoatidagi ulushi 29,4 foizni tashkil etmoqda va yangi loyihalar hisobiga yil yakunigacha 45 foizga yetishi prognoz qilinmoqda. Toʻqimachilik korxonalari tomonidan yil boshidan oʻtgan besh oy davomida 101 million dollarlik kalava ip va toʻqimachilik mahsulotlari eksport qilindi. Shu oʻrinda eksport geografiyasi va hajmida qator omillar asosiy rol oʻynayotganini aytib oʻtish lozim. Xususan, birinchidan, chuqur qayta ishlash sikli yoʻlga qoʻyilishi hisobiga tola eksportiga chek qoʻyilib, paxta tolasi oʻrniga kalava ip, trikotaj, ip-gazlama va tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportga yoʻnaltirish hajmi ortdi. Ikkinchidan, mamlakatimiz paxtasiga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilinishi jahon bozorida mahsulotlarimizga talab va ehtiyojni oshirdi. Uchinchidan, “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi tomonidan xorijiy mamlakatlarda tashkil etilayotgan turli koʻrgazmalar, biznes-forumlar va uchrashuvlar yangi xaridorlarni topishda qoʻl kelmoqda. Toʻrtinchidan, xalqaro bozorlarda toʻqimachilik mahsulotlari raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida joriy yilning oʻzida viloyatdagi 17 ta klaster va toʻqimachlik korxonaiga GSP+ doirasida Yevropa standartlarini joriy qilish boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqildi. Bundan tashqari, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan “Indorama agro klaster” tomonidan VSA sertifikatini olish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu sertifikat 160 xil koʻrsatkichni inobatga olgan holda beriladi. Klasterning bu sertifikatni qoʻlga kiritishi dunyoda tan olingan 200 dan ortiq brendga mahsulot yetkazib berish hamda eksport geografiyasini kengaytirishga imkon yaratadi. Viloyatda toladan ip-kalava ishlab chiqarish darajasi hozir 73 foizni tashkil etmoqda. Mutaxassislar fikricha, navbatdagi bosqichda bu jarayonni yuz foizga yetkazish uchun joriy yilning oʻzida 6 ta paxta toʻqimachilik klasteri tomonidan 38 ming tonna qoʻshimcha quvvat ishga tushiriladi. Ip-kalavani qayta ishlash orqali ip-gazlama va trikotaj mato ishlab chiqarish darajasi bugungi kunda 28 foizga yetdi. Keyingi bosqichda joriy yil yakuniga qadar ip-gazlama va trikotaj mato ishlab chiqarish darajasini 42 foizga yetkazish uchun harakat qilinmoqda. Hozirga qadar matodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha viloyatda 244 ta korxona tomonidan qariyb 56 million dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgan boʻlib, yakuniy bosqichda bu ishlar yanada jadallashtiriladi. Xususan, 2023-yil yakuniga qadar umumiy qiymati 2,4 trillion soʻmlik 25 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga qoʻshimcha 43 ming tonna ip-kalava, 4,5 ming tonna trikotaj mato va 14,5 million pogonometr ip-gazlama, 44 million dona tayyor tikuv-trikotaj mahsuloti ishlab chiqariladi va 10 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Jumladan, shu yilning oʻzida Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy klaster” MCHJ tomonidan yillik quvvati 16 ming tonna aralash tarkibli ip-kalava ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Qamashi tumanida besh ming toʻqqiz yuz tonna, Yakkabogʻda besh ming yuz tonna, Kasbida besh ming tonna aralash tarkibli ip-kalava ishlab chiqarish boshlanadi. Dehqonobod tumanida “Koson Baxt tekstil” klasteri tomonidan loyiha qiymati 60 milliard soʻm boʻlgan tikuv-trikotaj fabrikasi ishga tushirildi. Buning samarasida tumanda 500 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Sohadagi oʻzgarishlar samarasida joriy yil yakunida viloyatda paxta tolasidan ip-kalava tayyorlash darajasi 73 foizdan 100 foizga, ip-kalavani qayta ishlash darajasi 28 foizdan 35 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish 100 million donaga hamda eksport salohiyati qoʻshimcha 130,2 million dollarga oshiriladi va 240 million dollarga yetkaziladi

ANDIJON YoSHLAR TEXNOPARKI zamonaviy kasblar va ishlab chiqarish maydoni


Siz qaysi sohaga qiziqasiz? Qaysi yoʻnalishda taʼlim olishni istaysiz? Yoshlarga shunday savollar tez-tez berilishi odatiy hol. Ammo javoblar doim ham oʻxshash boʻlavermaydi. Masalan, oxirgi 6–7 yilda oʻgʻil-qizlarimiz orasida “dasturchi boʻlmoqchiman”, “IT sohasida oʻqiyman”, “veb-dizaynerlikka qiziqaman”, degan javoblar koʻpaygan. Bu bir tomondan, ilgʻor axborot texnologiyalarining hayotimizga jadal kirib kelgani bilan bogʻliq boʻlsa, boshqa jihatdan, mamlakatimizda barcha sohalarda raqamlashtirish jarayonining keskin faollashishiga borib taqaladi
Oʻz-oʻzidan shunday sohalarga oʻqitish tizimi ham rivojlanib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 2022-yilga kelib, IT sohasida faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar soni 2015-yilga nisbatan 61 foizga ortgan. Bunga mos ravishda oliy taʼlim muassasalari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarining IT mutaxassisliklari boʻyicha bitiruvchilari soni ham izchil oshib boryapti. Ayni paytda innovator, dasturchi, ixtirochi yigit-qizlar safi ham kengaymoqda. Ular yaratgan zamonaviy qurilma, loyihalar esa ishlab chiqarishga joriy qilinib, nafaqat yurtimiz, shuningdek, xorij bozorlaridan ham joy olyapti. Mamlakatimiz boʻylab tashkil etilayotgan “biznes inkubator”, akselerator va zamonaviy kasb kurslari, IT markazlari, ishlab chiqarish texnoparklari shu sohaga qiziqqan, gʻoyasini amaliyotga tatbiq etish istagidagi minglab yoshlarga imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Hozir oʻgʻil-qizlarimiz “mening gʻoyam bor”, “loyihamni amalga oshirmoqchiman” deb eshikma-eshik yurishiga hojat yoʻq. Startap loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashadigan yuqoridagi kabi markazlar bugungi kunda koʻplab yoshlarni birlashtiryapti. Ularni avval oʻqitib, zarur bilimlar berilgach, istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish, tayyor mahsulotga aylantirib, bozorga chiqarishida koʻmaklashilayotgani sabab koʻplab innovatsion gʻoyalar real ixtiroga aylanmoqda. “Andijon yoshlar texnoparki” MCHJ ham ana shunday maskanlardan biri. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2021-yil sentabridan faoliyat boshlagan texnoparkda ilm-fan va ishlab chiqarish uygʻunlikda olib boriladi. Tashabbuskor yoshlar tomonidan taklif qilingan startap loyihalarni rivojlantirish va ularning prototiplarini yaratish hamda ishlab chiqarishga yoʻnaltirish ilgʻor bilimlar maskanining asosiy yoʻnalishlaridan biri.
Bu yerda yoshlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, startap loyihalarini rivojlantirish va roʻyobga chiqarish uchun yagona maydon tashkil etish orqali hududlarning innovatsion salohiyatini oshirish kabi vazifalar maqsad qilib olingan. Buning uchun zamonaviy kasblarga qiziqadigan, oʻz gʻoyasiga ega iqtidorli yoshlar bepul kurslarda oʻqitilib, innovatsion faoliyatga jalb etiladi. Yaʼni gʻoyalar avval ilmiy jihatdan takomillashtirilib, soʻng amaliyotga tatbiq etiladi. Qolaversa, zamonaviy kasblarni egallagan yoshlarning koʻpi oʻzini oʻzi band qilmoqda. Jumladan, bugunga qadar texnoparkning 100 ga yaqin bitiruvchisi frilanserlik faoliyati bilan shugʻullanib, yaxshigina daromad topyapti. Frilanserlik yoʻnalishi bugungi kunda mehnat turlarining eng zamonaviy shakllaridan biri hisoblanadi. Yaʼni uyda turib mijozlarga oʻz mahsuloti yoki xizmatlarini taklif etish evaziga daromad topish soha egalarining asosiy yoʻnalishi. Frilanser deganda, mustaqil xodim, erkin ishchi, asosan, bir martalik yoki mavsumiy ishlarni bajarish uchun yollanuvchi, buyurtma asosida qaysidir ish yoki xizmatni muayyan haq evaziga kelishilgan vaqt davomida amalga oshirib beruvchi inson tushuniladi. Ham kasb, ham daromad Shuhratbek Aliyev grafik, veb-dizayn va SMM yoʻnalishlarida yaxshigina tajribaga ega yoshlardan. U oʻz qiziqishi asnosida shu yoʻnalishlarni mustaqil oʻrgana boshlagan. Keyinchalik, Andijon yoshlar texnoparkining 6 oylik veb-dasturlash kursini tamomlab, “Adobe photoshop” va “figma” dasturlarida ishlash koʻnikmalariga ega boʻldi. Hozirgi kunda frilanserlik faoliyati bilan shugʻullanib, oyiga 500 dollardan koʻproq daromad topyapti. Bundan tashqari, texnopark rezidenti sifatida oʻzining “Innoshop” startap loyihasi ustida ham ish olib bormoqda. Abdullo Shermuhammedov esa grafik dizayn yoʻnalishida kurslarni tamomlagan. Uning asosiy faoliyati SMM postlar tayyorlashdan iborat. Ijtimoiy tarmoqlarda bitta grafik post narxi 12 dollargacha boradi. Agar gʻoya boʻlsa, postni bir soat ichida tayyorlash mumkin. Yaʼni ushbu yoʻnalishda boʻsh vaqtda qoʻshimcha daromad olish maqsadida ishlash samara beradi. Buning uchun iqtidor, qunt va zarur bilimlar boʻlsa kifoya. Aslida, bozori chaqqon mahsulot doim qimmat turadi. Zamonaviy kasblarga oʻqish kurslari ham shunday. Oxirgi yillarda ularga talab ortgani sari narx ham koʻtarilib boryapti. Shu bois, sohaga qiziquvchilarning hammasida ham kurslarda oʻqish imkoniyati yoʻq. Ayniqsa, hali daromadga kirmagan yoshlarda bu qator qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Shu jihatdan mamlakatimizda tashkil etilayotgan turli kasblarga bepul oʻqitish kurslari oʻgʻil-qizlar uchun katta imkoniyatlar beryapti. Andijon yoshlar texnoparkida yoʻlga qoʻyilgan “Zamonaviy kasblarni bepul oʻrganing” loyihasi shulardan biri. Loyiha doirasida iqtidorli yoshlar 5 xil yoʻnalish — dasturlash, grafik dizayn, 3D modellashtirish, mobil dasturlash, SMM (social media marketing) va robototexnika kurslaridan birida oʻqishi mumkin. Ishtirokchilar 2 bosqichda saralab olinadi. Ular avval roʻyxatdan oʻtishlari kerak, soʻng kompyuter savodxonligi va mantiqiy fikrlash boʻyicha test sinovlarini topshiradi. Muvaffaqiyatli oʻtganlar 3 oyga moʻljallangan kurslardan birida mutlaqo bepul oʻqitiladi. Bugungi kunga qadar loyiha 4 bor tashkil etilib, 307 nafar yigit-qiz bepul oʻquv kurslarini tamomladi hamda mutaxassisliklarini tasdiqlovchi sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Oʻtgan vaqt davomida texnopark tomonidan jami 552,6 million soʻm qiymatdagi oʻquv kurslari bepul oʻqitildi. Ulardan bir nechtasi texnoparkning oʻzida qolib, oʻz startaplarini rivojlantirish bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, qolganlari mustaqil ish boshlab, boshqa yoshlarni ham ish bilan taʼminlamoqda. Loyihaning eng ahamiyatli tomoni, unda asosan, maktab bitiruvchilari oʻqitiladi. Zamonaviy kasblarda boshlangʻich bilimlarni egallash istagidagi yoki startap loyihalariga ega yoshlar aynan shu maskanga keladi. Mutaxassislar tavsiyasi asosida yoʻnalishlardan biriga jalb etiladi. Taʼlimning keyingi bosqichini davom ettirish arafasida turgan oʻgʻil-qizlar uchun bu yaxshi imkoniyat. Ular oʻqishga kirgunga qadar zamonaviy kasblardan birini egallash barobarida, qoʻshimcha daromad topish manbaiga ega boʻladi. Texnoparkning asosiy maqsadlaridan biri ham shu, aslida. Shu bois, mazkur loyiha yildan-yilga takomillashib boryapti va joriy yilda viloyatdagi 240 nafar maktab bitiruvchisi bepul kurslarga qabul qilinishi koʻzda tutilgan. Istiqbolli loyihalar moliyalashtiriladi Texnoparkka keluvchilar uchun tanlov imkoniyatlari keng: bir-biridan qiziqarli loyihalar soni koʻp. Ularda hatto bolalar ham ishtirok etishi mumkin. Gap shundaki, bolalarda ilm-fanga qiziqish uygʻotish va aniq fanlarning amaliy ahamiyati targʻibotini interaktiv mashgʻulotlar orqali amalga oshirish maqsadida texnoparkda “Science for kids” platformasi ishlab chiqilgan. Shu platforma doirasida bir qancha yoʻnalishlar boʻyicha oʻquv jarayoni tashkil etiladi. Masalan, robototexnika yoʻnalishida “I-robot”, elektronika yoʻnalishida “Tesla” dasturlarida oʻqish mumkin. “Scratch” loyihasi esa dasturlash kurslarini yoshlikdan oʻrganishni targʻib qiladi. U blokli vizual interfeysga asoslangan dasturlash tili boʻlib, sohani oʻrganishni sezilarli darajada osonlashtiradi. Mazkur loyiha 8 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun tavsiya etiladi va ular “Scratch” yordamida oʻyinlar va animatsiyalar yaratishadi. Qolaversa, oʻquvchilar “Arduino” hamda “LEGO” konstruktorlari bilan ishlaydi. Texnoparkda ishga tushirilgan “InnoX” biznes-inkubator dasturi esa nisbatan katta yoshdagi iqtidorli oʻgʻil-qizlarga moʻljallangan. Bunda talabgorlar oʻz biznes gʻoya yoki startap loyihalari bilan ishtirok etadi. Istiqbolli deb topilgan ishlanmalar moliyalashtirilib, hatto ishlab chiqarishga joriy etiladi. Bugunga qadar ushbu dastur texnopark tomonidan 3 bor tashkil etildi. Uning doirasida viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida qator targʻibot tadbirlari hamda soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari oʻtkazilib, 7 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi. Ana shu tadbirlar davomida 621 startap loyiha tashabbuskorlari dasturda ishtirok etish uchun ariza topshirgan boʻlsa, shundan 105 nafari belgilangan talablar asosida saralab olinib, mashgʻulotlarga jalb qilingan. Keyingi bosqichlarda ishtirokchilar tomonidan 60 ta startap loyiha shakllantirildi. Ulardan 23 tasi qator xalqaro va milliy tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli oʻrinlar hamda pul mukofotlarini qoʻlga kiritdi. Ayni paytda loyihalarning 2 tasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan, yana 3 tasi moliyaviy ekspertiza jarayonida. Moliyalashtirilgan loyihalarning biri Mirodil Ismoilovga tegishli. U startap loyihalarni tanlab olish va moliyalashtirish tanlovida “Bilim ol” loyihasi bilan ishtirok etib, 798,129 million soʻm miqdoridagi grant mablagʻini qoʻlga kiritdi. Loyiha maqsadi yoshlar orasida kitobxonlikni targʻib qilish va mutolaa madaniyatini shakllantirishga qaratilgani bilan ajralib turadi. “Bilim ol” — bu elektron va audio kitoblarning yangi avlodlarini oʻz ichiga jamlagan mobil ilova boʻlib, unda foydalanuvchilar badiiy va ilmiy adabiyotlar, biznes va shaxsiy rivojlanishga doir kitoblarni ham sifatli elektron variantda, ham mukammal audio formatida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi. Platforma milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilib, yurtimizning olis hududlari va chet davlatlardagi oʻzbekzabon kitobxonlarga mutolaa zavqini bera oladi. Ilova orqali kitoblarni onlayn buyurtma qilish, kitoblar uchun tokchalar ochish va tartiblash, oʻqib boʻlingan kitoblar soni, beti, oʻqish tezligi va umumiy oʻqish vaqti haqida statistik maʼlumotlarni olish kabi koʻplab imoniyatlar bor. Amaliyot — natija tomon yoʻl Har qanday gʻoya amaliyotga tatbiq etilganidan keyingina foydali loyihaga aylanadi. Ammo aniq gʻoyaga ega yoshlarning hammasi ham uni amalga oshirish qobiliyatiga ega boʻlmaydi. Buning uchun ularga ozroq turtki, koʻmak zarur. Andijon yoshlar texnoparkida ayni shu jihatlarga katta eʼtibor qaratiladi. Yaʼni hudud yoshlarining amaliy koʻnikmalarini shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Business Management School”, “Gʻoyadan startapgacha”, “Innovatorlar kuni” loyihalari amalga oshirib kelinmoqda. Masalan, innovatorlar kuni loyihasida haftaning dushanba kunlari soat 15:00 dan 17:00 gacha oʻz gʻoyasiga ega boʻlgan yoshlarga mutaxassislar tomonidan yoʻnalish va maslahatlar berish yoʻlga qoʻyilgan. Loyiha doirasida oʻtgan 3 oy davomida 46 nafar yoshga startap gʻoyalari boʻyicha maslahatlar, bu borada tashkil etilgan grant tanlovlar haqida maʼlumotlar berildi. Startap loyihalar egalariga oʻz gʻoyasining prototiplarini tayyorlashiga ham amaliy yordam koʻrsatiladi. Buning uchun texnoparkning ishlab chiqarish maydonida tashkil etilgan “FabLab” prototiplash laboratoriyasidan foydalaniladi. Laboratoriya negizida ishlab turgan 3 oylik “Muhandislar kasb maktabi”da oʻquvchilar ustoz-shogird anʼanasi asosida payvandlash, tokar ustasi, injener konstruktorlik kabi bir qator yoʻnalishlarda oʻqitiladi. Darslar yordamida yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish hamda malakali kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan. Joriy yilda 50 dan ortiq yoshlarni shu yoʻnalishlarda oʻqitish rejalashtirilgan. Oʻquvchilar darslarni amaliyot asosida texnoparkning ishlab chiqarish pavilonida oʻtaydi. Bu yerda ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilgan. Hozirgi kunda 4 ta MCHJ faoliyat yuritib kelmoqda. Korxonalarda 30 dan ortiq kishining bandligi taʼminlangan. Pavilonda ish doim qizgʻin. Oʻrnatilgan 5 ta zamonaviy uskuna yordamida xorijdan olib kelinayotgan mayda detallarni mahalliylashtirish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Erondan keltiriladigan 2 xil turdagi detall texnopark ishlab chiqarish pavilonida tayyorlanmoqda. Bu yerdagi birgina “lazerli kesish” dastgohida 12 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi. Universal frezerlash dastgohi yordamida esa oyoq kiyimlar tag qismi, plastik idishlar va mebel buyumlarning ayrim detallari qoliplari ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda yana 8 turdagi tayyor mahsulotni ishlab chiqarish boʻyicha tajriba sinov ishlari olib borilyapti. Viloyatda faoliyat olib borayotgan Turkiyaning “Yeni Kazan Insaat” qurilish tashkiloti bilan zamonaviy yoritish ustunlarini oʻrnatishda foydalaniladigan “anker”lar yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolaganmiz. “Uz-SeMyung Ko.” qoʻshma korxonasining “Damas” va boshqa turdagi avtomobilining butlovchi detalini ishlab chiqarish boʻyicha takliflar olingan. Hozirda mahsulotlar namuna sifatida tayyorlanib, laboratoriya tekshiruvi uchun yuborilgan. Texnoparkda tayyorlanayotgan mahsulotlar turini koʻpaytirish va sifat darajasini oshirish maqsadida olingan daromadlar hisobidan yana 6 xil turdagi uskuna hamda 30 ga yaqin qoʻshimcha jihozlar harid qilindi. Bundan tashqari, Jahon banki grant mablagʻlari hisobidan “FabLab” prototiplash laboratoriyasi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish boʻyicha qiymati 1 milliard soʻmga yaqin 4 ta dastgoh olib kelinishi rejalashtirilgan. Bu imkoniyatlar texnoparkda koʻproq yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish hamda ish bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

ENG ULUG‘, ENG SAVOBLI ISH


insonni e’zozlash uning salomatligini asrashdan boshlanadi
Xalq qabulxonalarida fuqarolarning ariza va shikoyati belgilangan tartibda, xolislik tamoyillari asosida koʻrib chiqilib, ijobiy hal etilayotgani mamlakatimizda inson huquq va manfaatlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotganining amaldagi ifodasidir. Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilgan Xalq qabulxonalari odamlar ogʻirini yengil qilish, ularning muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Buni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahar Xalq qabulxonasi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.
Chilonzorlik 1993-yilda tugʻilgan Doniyor Mirzayevga ikki yoshligida gepatit “B”, uch yoshida esa surunkali gepatit “B” tashxisi qoʻyilgan. Muolajalarni oʻz vaqtida olib turishiga qaramay, 2010-yili shifokorlar Doniyorning jigar sirroziga chalinganini aniqlashdi. 2012-yilda oʻtkazilgan tibbiy muolajada bolada qizil oʻngachdan qon ketish holati ham kuzatildi. Oʻtgan yili esa, buyragi va jigaridagi jiddiy oʻzgarishlar tufayli muolaja oldi. Xullas, jigarni operatsiya qilishdan boshqa chora qolmadi. Buning uchun yaxshigina mablagʻ zarur edi. Baʼzan mana shunday vaziyatda qarindosh-urugʻlardan ham najot boʻlmaydi. Operatsiya uchun 270 million soʻm Oʻzbekiston Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan tegishli idoralar tomonidan ajratildi.
Oʻtgan yilning sentabrida Doniyorga opasi donorlik qildi. Hindistondagi jarrohlik amaliyoti ogʻir oʻtdi. Qariyb uch oylik davolanishdan soʻng Toshkentga qaytib kelgan opa-ukalarning sogʻligʻi yaxshi tomonga oʻzgara boshladi. Hozirda D.Mirzayevning sogʻligʻi doimiy ravishda shifokorlar nazoratiga olingan. * * * Xalqimizning “issiq jon, ertaga nima boʻlishingni bilmaysan” degan gapi nihoyatda toʻgʻriligini Doniyordek ogʻir darddan azob chekkan va chekayotganlar chuqur his qiladi. Kasallik bilan olishayotgan bemorga bir qultum suv tutib, “tuzukmisiz?”, desangiz ham katta madad. Ayniqsa, boquvchisiz, yotoqli bemorlar, qariyalar bir ogʻiz shirin soʻzga zor. Shu maʼnoda, 2017-yildan buyon Prezidentning joylardagi Xalq qabulxonalari tomonidan muntazam oʻtkazib kelinayotgan tibbiy koʻriklar ming-minglab odamlar uchun manfaatli boʻlyapti. Poytaxtda boshlangan bu xayrli ish bugun butun respublika boʻylab davom etmoqda. Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi hamkorligida sohadagi mavjud kamchiliklar, aholi murojaatlari oʻrganilib, har hafta chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikning yoʻlga qoʻyilgani insonni qadrlashning amaldagi koʻrinishidan biri boʻldi. Kam taʼminlanganlar, nogiron va yakka-yolgʻizlar birlamchi tibbiy muassasalarda dispanser nazoratiga olinib, davolash hamda sogʻlomlashtirish ishlari olib borilayotgani esa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam sogʻligʻini asrashga xizmat qilyapti. Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklarni sifatli oʻtkazish uchun tibbiyot oliy oʻquv yurtlaridan yetuk mutaxassislar hamda shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan oliy toifali shifokorlar jalb qilinmoqda. Shifokorlar koʻrigidan tashqari, EKG, UZI, rentgen tekshiruvlar olib borilib, klinik hamda biokimyoviy tahlillarni oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan. — Oʻtgan yili oilaviy poliklinika va mahallalarda tashkil etilgan tibbiy koʻriklarda 11 255 fuqaro nazoratdan oʻtkazildi. Oʻn mingdan ziyod fuqaro sogʻligʻida muammo borligi aniqlanib, mingga yaqin fuqaro bilan patronaj ishlari olib borildi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri Tohir Mullajonov. — “Nobel” farmatsevtik kompaniyasi, “Joʻrabek laboratoriyasi” kabi homiylar tomonidan bepul tarqatilgan 104 000 000 soʻm qiymatdagi dori-darmon 530 fuqaroning dardiga malham boʻlgan boʻlsa, davolanish uchun berilgan 465 ta order, 103 ta nogironlik aravachasi kemtik koʻngillarni togʻdek koʻtardi. Tibbiy koʻriklarda masʼullarga oʻzlarini qiynayotgan muammoli masalalarning hal etilishida amaliy yordam soʻrab 475 nafar fuqarodan kelib tushgan turli mazmundagi murojaatlar oʻsha paytning oʻzidayoq masʼul idora va tashkilotlarga yuborilgan. Murojaatlarning 233 tasi ijobiy hal etilishiga erishilgan. 216 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan. 26 ta murojaat esa, mablagʻ va muddat talab etgani bois, uzoq muddatli nazoratga olingan. Tibbiy koʻriklar davomida kam taʼminlangan oilalar, nogironligi boʻlgan bolalar, yakka-yolgʻizlar va yotoqdagi keksalarga oziqovqat va moddiy yordam berilgan boʻlsa, qandli diabetga chalingan fuqarolarga bepul glyukometr va dori-darmonlar tarqatildi. Joriy yilning ayni vaqtiga qadar esa, poytaxtning 7 tumanida oʻtkazilgan tibbiy koʻrik 31 mahalladagi 2114 fuqaroni qamrab oldi. 38 nafar muhtojlarga turli shifoxonalarga order berildi, 84 nafar yotoqli bemor muolaja qilindi. * * * Yashnobodlik 1955-yilda tugʻilgan II guruh nogironi Oʻktam Rahimov “Tashselmash zavodi”da ishlagan. Unga ajratilgan uy toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilmagani sababli musodara qilingach, turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgan. Ayoli farzandlarini olib Rossiya Federatsiyasiga koʻchib ketgan. Murojaatchi Yashnobod tuman Xalq qabulxonasiga qoʻltiqtayoqda bazoʻr harakatlanishi, tanishlarining uyida vaqtinchalik yashagani, nafaqasi dori-darmonidan ortmasligini bildirgan. Tibbiy va moddiy yordamga muhtoj bu fuqaro zudlik bilan travmatologiya kasalxonasiga yotqizilib, moddiy yordam ham koʻrsatilgan. Bemorning oshxonalarda kun kechirib yurgani, mustaqil yurishga qiynalayotgani inobatga olinib, oʻzining iltimosi bilan Xalq qabulxonasi va Tibbiyot birlashmasining ijtimoiy boʻlimi hamkorligida Olmaliq tumanidagi “Qariyalar uyi”ga joylashtirilgan. Qabulxona nazoratida unga I guruh nogironligi berilgan. Bunday eʼtibordan ruhlangan Oʻ.Rahimov Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik xati yoʻllaydi. * * * 1986-yilda tugʻilgan qoraqalpogʻistonlik Yuldus Nurimbetova jiddiy kasalligi sabab davolanishga yoʻllanma olish borasida 2022-yilning 24-avgust kuni amaliy yordam soʻragan. Ota-onasi yoshligida vafot etgan Yuldus Xoʻjayli tumanida yashovchi opasi Gavhar Nurimbetova qaramogʻida ekani, sogʻligʻi tufayli maktabni tamomlay olmagani, har oy 627 ming soʻm nogironlik nafaqasi olishini aytgan. Bolalikdan nogironlik aravachasida harakatlanadigan bu bemor tizzalaridagi kuchli ogʻriqlar sabab yura olmaydi. Ogʻriqni qoldirish maqsadida ichayotgan dorilari uning ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsata boshlaydi. Yil boshidan buyon Xoʻjayli tumani tibbiyot birlashmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi, tuman hokimliklariga order olish yuzasidan bir necha bor murojaat etgan. Mutasaddilar esa, buning imkoni yoʻqligini aytgan. Shundan soʻng bemor Xoʻjayli tuman Xalq qabulxonasiga murojaat etgan, biroq natija boʻlmagan. Toshkent shahar Xalq qabulxonasiga Yuldus togʻasi Oʻrazimboy Qurbonov bilan kelgan. Togʻa poyezdda ogʻirlashib qolgan jiyaniga yordam koʻrsatishni soʻrab, murojaat qiladi. Bemor hech qanday qogʻozbozliklarsiz Toshkent tibbiyot akademiyasining nevrologiya boʻlimiga joylashtiriladi. * * * Sergeli tumani Oʻzgarish mahallasida istiqomat qiluvchi, 1952-yilda tugʻilgan Rixsitilla Tashmetovning koʻzlari 7 yil oldin shikastlanib, bittasi umuman koʻrmay qolgan. Davo istab bir nechta tibbiyot muassasasiga borgan. Hamma joyda koʻrish qobiliyatini tiklab boʻlmasligini eshitib, butunlay umidini uzgan edi. Bir kuni shaxsiy koʻz klinikalaridan biri unga agar yetarli mablagʻni topa olsa, koʻrish qobiliyati tiklanishi mumkinligini aytadi. Bazoʻr kun koʻrib turgan bemor umid bilan Sergeli tuman Xalq qabulxonasidan najot topdi. Qabulxona koʻmagi bilan tuman hokimligiga kerakli hujjatlar taqdim etilgach, operatsiya uchun zarur mablagʻ ajratib beriladi. Ayni paytda fuqaro koʻrish neʼmatidan bahramand. Tez orada jarrohlik amaliyotining ikkinchi bosqichi oʻtkaziladi. Buning uchun ham kerakli mablagʻ allaqachon ajratib berilgan. * * * Ha, bugungi odamlarning kechagidan boshqa ekani oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni tan olayotganida koʻrina boshladi. Zero, davlatimiz ilgari surayotgan har bir tashabbus, har bir ezgu ishning samarasi kundalik hayotimizda aks etyapti. Ayniqsa, salomatlikdek bebaho neʼmatni asrab-avaylashga qaratilgan tizimli ishlar insonni qadrlashning eng yuksak koʻrinishidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi tomonidan bizga taqdim etilgan dasta hujjatlar orasida sogʻligʻini tiklashda yordam soʻragan hamda tibbiy koʻriklardan manfaatdor boʻlgan bemorlar yoʻllagan minnatdorlik xatlarini ham koʻrdik. Xususan, Chilonzor tumani, “1-Qatortol” MFYning 100 nafardan ziyod fuqarolari imzo qoʻygan tashakkurnomada “Xalqning dardiga malham boʻlib, sogʻligʻini tiklashga yordam berganlari uchun Toshkent shahar va tuman Xalq qabulxonalari rahbariyatiga rahmat. Samimiy muomalasi bilan har bir bemorning koʻnglini olgan qabulxona xodimlariga tashakkur. Tumanimizdagi 37-sonli poliklinika shifokorlariga, oʻz tashabbusi bilan aholiga xolisona yordam bergan JIB Chilonzor tumani sudiga minnatdorlik bildiramiz” mazmunidagi jumlalar aks etgan. Bu kabi minnatdorlik aholidan kelgan koʻplab xatlarda uchraydi. Ha, bugun Xalq qabulxonalari imkon qadar odamlarni rozi qilishga xizmat qilyapti. Nasib qilsa, tizimli olib borilayotgan bunday ezgu ishlar yangi Oʻzbekistonda inson qadrining har narsadan ustun ekani, nuroniylari ulugʻlangan yurt hech qachon kam boʻlmasligini yaqqol isbotlaydi. Zero, hayotning past-u balandini koʻp koʻrgan, achchiq-chuchugini totgan keksa avlod vakillarining har bir soʻzi yoshlar uchun ibrat. Ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, duosini olish esa, dunyodagi eng ulugʻ, eng savobli ishdir.

70foizlik O‘SISH O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi: barqaror va istiqbolli hamkorli


Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida anʼanaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Jumladan, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish, Oʻzbekistonning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik shakllarini qoʻllab-quvvatlash masalalari alohida oʻrin tutadi. Bu borada amalga oshirilayotgan choratadbirlar natijasi oʻlaroq, bugun Oʻzbekistonning Germaniya va Fransiya kabi katta iqtisodiy salohiyatga ega Yevropa mamlakatlari, shuningdek, YI bilan savdo-iqtisodiy aloqalari tobora kengayib bormoqda.
Xususan, 2022-yilda Oʻzbekiston bilan YI oʻrtasidagi umumiy savdo hajmi qariyb 16 foizga oʻsgani holda, 4,5 milliard dollarni tashkil qilgan, bunday oʻsishga Oʻzbekistonning maxsus GSP+ imtiyozlar tizimiga kiritilishi katta turtki boʻldi. Oʻzbekistonning mazkur tizimga kiritilishi milliy eksportchi korxonalarga Yevropa bozorlariga 6200 turdagi mahsulotlarni hech qanday bojxona toʻlovlarisiz olib kirish imkonini beradi. Lekin kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston va YI mamlakatlari oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida ishga solinmagan imkoniyatlar juda katta. Tashkilot tarixi va hamkorlik rivoji yoʻliga bir nazar Yetmish yillar oldin Ikkinchi jahon urushi oqibatlari tufayli dunyoning aksariyat qitʼalari kabi yevropaliklar ham oʻta horgʻin, oilalar parokanda, millionlab insonlar shunchaki kun kechirish manbalaridan mahrum edi. Hukumatlar goʻyoki yengib boʻlmas qarz sirtmogʻi bilan muttasil kurashib kelar, bir mamlakatning ikkinchi mamlakat bilan munosabatlari oʻta ziddiyatli edi. Bularning barchasi nafaqat koʻhna qitʼa, balki butun dunyoni qamrab olgan inqiroz natijasi ekanini taʼkidlash lozim. 1950-yil 9-mayda Fransiya tashqi ishlar vaziri Rober Shuman Germaniya Federativ Respublikasi va Fransiyani oʻzlarining metallurgiya, temir va koʻmir sanoatlarini birlashtirishga chaqirgan holda, nutq soʻzladi. Robert Shuman Yevropani birdamlikka yetaklovchi, aniq natijalarga tayanuvchi, mamlakatlar oʻrtasida hech qanday nizolarga oʻrin qoldirmaydigan Yevropani tasavvur qilgan edi. Uning fikricha, boʻlgʻusi Yevropa hamjamiyati oʻz fuqarolarining farovonligini oshirish va oʻz chegaralaridan tashqarida ham tinchlik va oʻzaro hamkorlikni targʻib qiluvchi hamjamiyatga aylanishi lozim edi. Dastlab metallurgiya, temir va koʻmir sanoati birlashmasi sifatida tashkil topgan va aʼzolari atigi Belgiya, Gʻarbiy Germaniya, Fransiya, Italiya, Lyuksemburg va Niderlandiyadan iborat boʻlgan Yevropa koʻmir va poʻlat birlashmasi uzoq taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtib, bugun barchamizga maʼlum boʻlgan YIga aylandi. Bugungi kunda mazkur tashkilot aʼzolari soni 27 taga yetdi. 2022-yilda YIning yalpi ichki mahsuloti qariyb 17 trillion dollar, aholi jon boshiga toʻgʻri keluvchi YAIM hajmi esa salkam 33 ming dollarni tashkil qildi. 2022-yilda tashkilotga aʼzo davlatlarda iqtisodiy oʻsish 1,2 foiz darajasida qayd etildi. Bugungi kunda dunyo yalpi ichki mahsulotining 14,85 foizi mazkur tashkilot ulushiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekiston va YI oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari 1992-yil 15-aprelda oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolangandan soʻng rivoj topa boshladi. Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi amaldagi bitim esa 1996-yil iyun oyida Florensiyada imzolangan. Uning doirasida “Oʻzbekiston — YI” formatida 6 ta qoʻshma organ tashkil etildi. Bular — Hamkorlik kengashi, Hamkorlik qoʻmitasi, Parlament hamkorlik qoʻmitasi, Savdo va investitsiyalar boʻyicha quyi qoʻmita, Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va aloqador masalalar boʻyicha quyi qoʻmita, Taraqqiyot maqsadlarida hamkorlik boʻyicha quyi qoʻmitalardir. 1995-yilda Bryusselda Oʻzbekiston elchixonasi ochilgan boʻlsa, 2011-yildan buyon Toshkentda YIning diplomatik vakolatxonasi faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Umuman olganda, oʻzaro munosabatlarning tez va barqaror oʻsib borishi 2016-yildan keyingi davrga toʻgʻri keladi. Shu vaqtdan mamlakatimiz dunyo davlatlari uchun oʻz eshiklarini ochib, global iqtisodiyotga kirib bordi. Koronavirus pandemiyasiga qaramay, Oʻzbekiston va YI oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanib, har tomonlama samarali tus oldi. Xususan, 2019-2020-yillarda Yevropa mamlakatlari, jumladan, Avstriya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Fransiya, Chexiya, Shveytsariya, Vengriya, Italiya, Turkiya kabi davlatlar tashqi ishlar vazirliklari bilan 20 dan ortiq siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazildi. Keyingi yillarda YI bilan oliy darajadagi siyosiy muloqot misli koʻrilmagan darajada faollashmoqda. 2017-yilning noyabridan 2018-yilning martigacha tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakil vazifasini bajaruvchi Oʻzbekistonga ikki marta tashrif buyurdi. 2019-yil may oyida Yevropa Kengashi prezidenti birinchi marta Oʻzbekistonga amaliy tashrif bilan keldi. Yevropa Kengashi rahbari Orol dengizi havzasidagi ekologik ofatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasidagi saʼy-harakatlarni yuqori baholadi va BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp tomonlama Trast fondi doirasida faol hamkorlikka tayyorligini bildirdi. 2018-yilda Oʻzbekiston YI bilan yangi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni tuzish boʻyicha muzokaralarni boshladi. Yangi bitim iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, energetika, transport, atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi, raqamli iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi va qishloq joylarini rivojlantirish, bandlik va ijtimoiy masalalar, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar kabi yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi. Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq, YI mamlakatlari bilan savdoda Oʻzbekiston uchun eng koʻp qulaylik rejimi oʻrnatilgan.
2022-yil iyul oyida Oʻzbekiston bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning tasdiqlanishi oʻzaro munosabatlar rivojida muhim bosqich boʻlib, hamkorlikni yanada yaxshilash va chuqurlashtirish, uni faoliyatning yangi sohalariga tarqatishga xizmat qilmoqda. 2022-yil 18-noyabr kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan YIning Markaziy Osiyo bilan oʻzaro bogʻliqligi boʻyicha “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzusidagi birinchi konferensiya Oʻzbekistonning xalqaro maydonda yangi mavqega ega boʻlgani, oʻz iqtisodiyoti va eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishga shayligining yorqin namunasidir. Ushbu konferensiyani oʻtkazish gʻoyasi 2021-yilda Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan boʻlib, mazkur tadbir Yevropa va butun Markaziy Osiyo mintaqasidan 500 dan ziyod ishtirokchilar, xususiy sektor vakillari, xalqaro moliya institutlari va albatta, hukumatlarni birlashtirishga muvaffaq boʻldi. Konferensiyani oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad — YI va Markaziy Osiyo mamlakatlariga mavjud salohiyatni ochish, ham Markaziy Osiyo ichida, ham Markaziy Osiyo va Yevropa oʻrtasida mustahkam aloqani yoʻlga qoʻyishga yordam beradigan usullarni birgalikda aniqlash va kelishishdan iborat boʻldi. Konferensiya oʻzaro bogʻliqlikning uchta sohasiga qaratildi: xalqaro transport yoʻli, suv-energetika yoʻnalishi va raqamli texnologiyalar. YIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel kirish soʻzida taʼkidlab oʻtganidek, “umumiy maqsad aniq: mintaqalarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yoʻlga qoʻyar ekanmiz, biz odamlarni birlashtiramiz va ularning kelajagiga sarmoya kiritamiz”. Samarqand konferensiyasi doirasida ikkita yirik, birinchisi — suv resurslari, energetika va iqlim oʻzgarishi boʻyicha hamkorlik qilish, ikkinchisi esa, raqamli oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish tashabbuslari ilgari surildi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yigʻilishi ham aynan Oʻzbekistonda — joriy yilning 17-18-may kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgani YIning mamlakatimizga boʻlgan qiziqishi yuqoriligidan dalolat beradi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki xususiylashtirish va xususiy sektor uchun keng sharoitlar yaratish, infratuzilma, tibbiyot, taʼlim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini yanada qoʻllab-quvvatlash, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirishda Oʻzbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Bugungi kunga kelib, mazkur bank tomonidan Oʻzbekistonda qariyb 4 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilayotgani eʼtiborga molik. Katta bozor katta imkoniyatlar yaratadi Oʻzbekistonning “GSP+” imtiyozli savdo tizimiga qoʻshilishi natijasida YI mamlakatlari bilan tovar aylanmasida keskin oʻsish koʻzga tashlandi. Kezi kelganda taʼkidlash oʻrinliki, Oʻzbekiston “GSP+” tizimi benefitsiari maqomini olish uchun YIning barcha shartlarini bajardi. Jumladan, 27 ta xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qildi va pirovardida, 2021-yil 10-apreldan boshlab YI ushbu tizim doirasida yurtimizdan import qilinadigan tovarlarga imtiyozli tariflarni qoʻllashni boshladi. Natijada oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil ortib boryapti. Xususan, 2023-yilning oʻtgan davrida tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan tovar aylanmasi 70 foizga oʻsdi. Yuqori texnologiyali sohalarda YIning yirik kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar qiymati 20 milliard dollardan oshadi. Oʻzbekiston umumiy savdo aylanmasining 12 foizga yaqini, umumiy eksportning esa 4 foizi va jami importning 17 foizi YI hissasiga toʻgʻri keladi. Soʻnggi besh yildagi umumiy iqtisodiy hamkorlik haqida gapiradigan boʻlsak, Oʻzbekistonning YI mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 50,5 foizga oʻsib, 2,6 milliard dollardan 3,9 milliard dollarga yetdi, eksport 39,2, import esa 52,6 foizga oshdi. Eksportning sezilarli darajada oʻsish tendensiyasi 2022-yilda ham saqlanib qoldi. YI mamlakatlari orasida Germaniya (19,7 foiz), Litva (13 foiz), Italiya (11,1 foiz), Niderlandiya (7,4 foiz), Fransiya (7,2 foiz), Polsha (6,4 foiz), Latviya (6 foiz), Chexiya (5,1 foiz), Ispaniya (4,1 foiz), Vengriya (3 foiz) va Avstriya (2,7 foiz) umumiy savdo aylanmasi boʻyicha Oʻzbekistonning asosiy savdo sheriklari hisoblanadi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda tashkilotning yirik davlati — Germaniya bilan koʻp tomonlama hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil may oyida Germaniyaga tashrifi doirasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish boʻyicha 9 milliard yevrolik yangi savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolandi. Bugungi kunda mamlakatimizda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Oxirgi yillarda Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qoʻshma korxonalar soni ikki barobarga koʻpaydi. Oʻzbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Keyingi besh yil ichida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi 2 marta oʻsdi va bugungi kunda u 1,2 milliard dollarni tashkil qilmoqda. Eksportimiz tarkibida tekstil mahsulotlari, import tarkibida aviatexnika va mashina, asbob-uskunalar yuqori oʻrin egallaydi. Keyingi yillarda Oʻzbekiston — Italiya munosabatlarida ham katta siljishlar kuzatilmoqda. Xususan, 2022-yil yakunlari boʻyicha mamlakatlar oʻrtasidagi tovar aylanmasi 535,4 million yevroga yetdi va 32 foizga oʻsdi. Hozirda Italiya YI mamlakatlari orasida Oʻzbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. Italiyalik ishbilarmonlar togʻ-kon, neft-­kimyo, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalariga katta qiziqish bildirmoqda. Ushbu davlat kapitali ishtirokidagi korxonalar soni keyingi yillarda ikki marta oʻsdi, italiyaliklar investitsiyalari 49,6 million dollarni tashkil qilmoqda. Oʻzbekistonning yirik hamkorlaridan yana biri Fransiya hisoblanadi. Bugungi kunda fransuz kapitali ishtirokida 46 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda, keyingi besh yilda ularning kapitali ishtirokidagi korxonalar 3,5-martaga koʻpaydi. Fransiya rivojlanish agentligi bilan 1 milliard yevro qiymatiga ega boʻlgan bitim amal qilmoqda. Birgina 2021-yilda 297 million dollarlik Fransiya investitsiyalari oʻzlashtirilgan. Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi bilan hamkorlikda loyiha qiymati 100 million dollar boʻlgan 100 megavatt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasini qurish, “Orano Mining” kompaniyasi bilan loyiha qiymati 345 million dollar boʻlgan istiqbolli hududlarda uran qazib olish borasida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, Sirdaryo viloyatida “EDF” shirkati bilan hamkorlikda 1 ming 600 megavatt quvvatga ega boʻlgan bugʻ-gaz elektrostansiyasini qurish, “SUEZ” kompaniyasi ishtirokida Surxondaryo viloyatini ichimlik suv bilan taʼminlash kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Fransiya va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari vinochilik, turizm infratuzilmasi, toʻqimachilik, kimyo, farmatsevtika sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarining istiqbollarini yuqori baholashmoqda. Xuddi shu kabi YIning boshqa mamlakatlari bilan ham hamkorlik aloqalari tobora kengayib bormoqda. Buni 2017-yildan Yevropa investitsiya banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekiston bilan hamkorlikni tiklagani misolida ham koʻrish mumkin. Bu yevropalik investorlarning mamlakatimizda ishlashga qiziqishi yuqori ekanidan dalolat. Shunday qilib, Yevropa mamlakatlari kapitali ishtirokidagi qoʻshma korxonalar soni 2017-yildan buyon 2,4 barobar oshib, 1 ming 52 taga yetdi, ulardan 300 dan ziyodi 100 foiz Yevropa kapitaliga ega. Hamkorlik istiqbollari Hozir dunyo iqtisodiyotida global noaniqlik saqlanib qolmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bunday sharoitda barqaror rivojlanayotgan va dunyoning boshqa barcha mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikka ochiq boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasi jahon xoʻjaligi aloqalari va munosabatlarida tobora ahamiyatli rol oʻynay boshladi. Jarayonlar rivoji shuni koʻrsatdiki, mintaqamiz davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston ham turli tashqi taʼsirlarga nisbatan barqaror ekanini namoyon qildi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo dunyo investorlari nigohida ijtimoiy jihatdan barqaror, investitsion jozibadorlik nuqtayi nazaridan bir muncha qulay mintaqa sifatida namoyon boʻlmoqda. Xususan, hozir mintaqada 70 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi, mintaqa geografik jihatdan Sharq va Gʻarbni bogʻlovchi koʻprik vazifasini oʻtashi mumkinligi, ushbu hudud davlatlarining boy tabiiy va mineral xomashyo zaxiralariga egaligi katta qiziqish uygʻotadi. Yirik xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mintaqa iqtisodiyotining istiqbollari borasida ijobiy bashoratlarni bermoqda. Unga koʻra, 2023-yilda mintaqa iqtisodiyoti oʻrtacha 5,2 foizga oʻsadi. Oʻzbekistonda 2023 va undan keyingi yillarda ham ijobiy oʻsish surʼati saqlanib qoladi, iqtisodiy oʻsish surʼati oʻrtacha 6-6,5 foiz atrofida boʻladi. YI bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari demokratik institutlarni qoʻllab-quvvatlash va fuqarolik jamiyatini qaror toptirish; iqtisodiyot tuzilmasini takomillashtirish va iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash; “yashil oʻsish” va jamiyat hayotining barcha jabhalariga raqamli texnologiyalarni izchil joriy etish; taʼlim, fan va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash; savdo siyosatini erkinlashtirish; jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish; iqlim oʻzgarishlariga birgalikda qarshi kurashish kabi ustuvor yoʻnalishlarda amalga oshirib kelinmoqda. 2022-yil oktabr oyida Qozogʻistonda “Devorlar emas, aksincha, koʻpriklar qurish lozim” shiori ostida oʻtkazilgan MO mamlakatlari rahbarlari va Yevropa Kengashi prezidenti darajasidagi Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti hamkorlikning yuqorida tilga olib oʻtilgan ustuvor yoʻnalishlarini mustahkamlashga xizmat qildi. Oʻylaymizki, Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi ikkinchi sammiti ham mintaqa mamlakatlari, shu jumladan, mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qoʻshadi.

Ekologiya UCHUN HAM FOYDALI


— Anchadan buyon quyosh panellarining qulayliklari haqida eshitib, xonadonimga oʻrnatish harakatida yurardim, — deydi Qarshi tumanidagi Saroy mahallasida istiqomat qiluvchi Xayrulla Choʻliyev. — Bundan ikki oycha avval mutaxassislarga murojaat qilgandim, 3,3 kilovattlik panel oʻrnatib berishdi. Buning yana bir afzal tomoni shundaki, quyosh panelidan olinayotgan elektr energiyasining ehtiyojimizdan ortganini davlatga sotyapmiz. Shuning orqasidan hozir har oy oʻrtacha 150-200 ming soʻm daromad topyapmiz. Bundan tashqari, 3 yil davomida yer va mulk soligʻidan ozod qilinishimiz ayni muddao boʻldi.
Ushbu qurilmalarni sotib olganimizda narxi bir oz qimmatdek tuyulgandi. Ammo davlat tomonidan berilgan imtiyozlarni hisobga oladigan boʻlsak, xarid qilganimga achinmadim. Hozirda hududiy elektr tarmoqlariga sotayotgan elektr energiyasi uchun mablagʻlar davlat tomonidan har oy “Soliq” mobil ilovasi orqali bank plastik kartamga oʻtkazib berilyapti. Maʼlumki, quyosh panellari va suv isitish qurilmalaridan foydalanilganda elektr va issiqlik energiyasi tekinga tushadi. Bundan tashqari, quyosh panellari atrof-muhitga hech qanday zararli gazlar chiqarmaydi, yaʼni tabiatga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi. Qolaversa, aholi uchun anchagina qulayliklarga ega. Jumladan, quyosh panellari binolarning tom qismiga oʻrnatilgani bois, hech ham xalaqit bermaydi, ishlash jarayonida shovqin chiqarmaydi. Olim aka Ochilov ham yaqinda mahallasida birinchilardan boʻlib quyosh panellarini xonadoniga oʻrnatdi. Bu yangilik koʻpchilikka qiziq boʻlgani bois, deyarli har kuni qoʻni-qoʻshni, yaqinlari kelib, qurilmalarga qiziqish bildirmoqda. Olim aka ham quyoshdan elektr energiyasi oluvchi uskuna afzalliklari haqida tushuntirishni kanda qilmaydi. — Hali oʻrnatganimga koʻp boʻlgani yoʻq, — deydi Olim Ochilov. — Imtiyozli kredit asosida 3 kilovattlik panel xarid qildim. Qurilmalarni keltirib, tomga oʻrnatish boshlangandan qiziquvchilar koʻpaydi. Barchani qiziqtirgan savol — panellarning afzalligi haqida. Eng avvalo, bu uskuna orqali quyoshdan olingan energiya bitta xonadonga bemalol yetadi. Bilamizki, yoz va qish chillasida aholi oʻrtasida elektr energiyasiga talab oshadi. Shunday paytda quyosh panellari oʻrnatilgan xonadonlar koʻpayishi hisobiga umumiy tarmoqdan elektr energiyasi olish kamayadi. Bu esa oʻz-oʻzidan taʼminotdagi uzilish va tarmoqdagi zoʻriqishlarning oldini oladi. Hozirda qoʻshnilarim ham qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini oʻrnatish harakatiga tushgan. Tez orada mahallamizda foydalanuvchilar safi ortib, quyoshli xonadonlar yanada koʻpayadi. Qashqadaryo viloyat hokimligi masʼullari bergan maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda vohada kichik quvvatdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatgan aholi xonadonlari soni bir yarim mingdan oshgan. Ikki mingdan ortiq tadbirkorlik hamda mingdan ortiq ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida quyosh panellari oʻrnatilgan. Bu ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Shuningdek, joriy yil viloyatda “yashil energiya” borasida yirik loyihaga start berildi. Jumladan, Xitoyning “China Gezhouba Group investment Company Co.LTD” kompaniyasi tashabbusi bilan Nishon tumanida quvvati 500 megabayt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish ishlari boshlangan. Maʼlumotlarga koʻra, qiymati 400 million dollar boʻlgan loyihaning birinchi bosqichida stansiya 200 megabayt quvvatda joriy yil dekabr oyida, ikkinchi bosqichda esa 2024-yilning yakuniga qadar toʻliq quvvatda ishga tushishi aytilmoqda. Bu esa viloyatda qayta tiklanuvchi energiya islohoti uchun muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

23 yoshli maorif vaziri va uning olamshumul loyihalari


Shoʻro qatagʻoniga uchragan oʻzbek vazirlari safida bugungi qahramonimiz OʻzSSR Maorif xalq komissari Rahim Inogʻomov ham bor. U vazir rutbasini olganida bor-yoʻgʻi 23 yoshda boʻlgan. Rahim Inogʻomovning tashabbusi ostida ish boshlagan “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnali bugun oʻsha davrni koʻz oldimizga keltirish uchun misoli ensiklopedik manba. “Oʻzbekiston ziyolilari” risolasi, koʻplab maqolalari uning teran tafakkur egasi, jasoratli va haqiqiy millat fidoyisi boʻlganidan darak beradi.
Maskavda oʻzbek istudentlari” maqolasi qahramoni Rahim Oxunjonovich Inogʻomov 1902-yil dekabr oyida Toshkent shahrida tugʻilgan. Avval eski maktabda soʻng rus-tuzem maktabida oʻqigan. Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabini bitirib, qalbiga millat va Vatan muhabbatini jo qildi. 1918-yildan Said Ahroriyning “Izchilar toʻdasi”da, 1919-1921-yillar Fitratning “Chigʻatoy gurungi”da ishtirok etib, oʻz davrining ilgʻor fikrli yoshlaridan biriga aylanadi. Bilimga tashna va fikri oʻtkir oʻzbek yigiti 1921-1924-yillarda Moskvadagi Sverdlov nomidagi kommunistik universitetida oʻqidi. Turkistonlik talabalardan Abdulla Qamchinbek “Turkiston” gazetasining 1923-yil 6-aprel sonida “Maskavda oʻzbek istudentlari” maqolasida Moskvada “...oʻtgan yil 10-15 nafar oʻzbek istudenti boʻlsa, bu yil yuzlabdirlar. Ular: Karl Marks institutida injener elektrik Sayyid Xoʻjayev 1915-yildan buyon Moskvada oʻqiydi. 2. Qishloq xoʻjalik akademiyasida kattaqoʻrgʻonlik Ortiqmurod Yoʻldoshev. 3. Hukumat dorulfununi yuridik fakultetida Aliakbar Qirgʻizboyev (namanganlik). 4.Sverdlov universitetida Akmal Ikromov va Rahim Inogʻomov. 5. Petrograd Zinovyev dorulfununida Saidahmad Nazir oʻgʻli. 6. Maskav Sharq dorulfununining turli tayyorlov boʻlimlarida 23 oʻzbek (5 ta qiz). 7. Maskav Rabfakda 37 oʻzbek... Maskavda turkistonlik oʻzbeklar soni 106 ta...” deya maʼlumot beradi. Rahim Inogʻomov 1922-1923-yillar Moskvada Akmal Ikromov, Usmonxon Eshonxoʻjayev, Abdullajon Karimov kabi turkistonlik talabalar bilan “soʻl kommunistlar” nomli guruh tashkil etadi. Ular Oktabr inqilobi Turkiston mehnatkashariga hech qanday ozodlik bermadi, “biz hamon Rossiya koloniyasi holidamiz” der edilar va hatto, SSSR MIQga ham xat yoʻllaydi. Rahim Inogʻomov Sverdlov kommunistik universitetini tugatganidan soʻng tahsilni sharqshunoslik institutida davom ettiradi. Ayni paytda Turkiston matbuoti sahifalarida ham oʻz maqolalari bilan koʻrina boshlaydi. “Oʻzgar ishchi yoshlar” jurnalining 1924-yil 30-iyul 5-sonida “Dunyoning ahvollaridan” maqolasida yoshlarning xalqaro ahvoldan xabardor boʻlish uchun vaqtli matbuot gazeta va jurnallarni doimiy kuzatib borishi zarurligini uqtiradi. Shuningdek, dunyoda kechayotgan oʻzgarishlarni jahonning rivojlangan mamlakatlari oʻrtasida neft uchun, gegemonlik uchun, dunyo boyliklarini qayta taqsimlash uchun boradigan tinimsiz kurashlari orqali tushuntiradi. “Anglatara” maqolasida esa Buyuk Britaniya davlati va uning jahon siyosatidagi oʻrni haqida jurnalxonlar bilan oʻz mulohazalarini oʻrtoqlashadi. Markaziy nashrlar materiallari asosida Rahim Inogʻomov sovet davlatining tashqi siyosatida Buyuk Britaniya va Loyd Jorj hukumati bilan kechayotgan voqeliklarning ayrim qirralarini tushuntirishga intiladi. “Maorif va oʻqitgʻuvchi”ning tashabbuskori 1925-yil Toshkentga kelgan R.Inogʻomov Turkiston Respublikasi Maorif xalq komissari lavozimiga tayinlangan. Uning tashabbusi bilan maorif komissarligining nashri afkori sifatida “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnali taʼsis etildi. Ayni paytda jurnalning bosh muharriri Rahim Inogʻomov zoʻr gʻayrat bilan ishga kirishdi va jurnalning ilk sonida u “Butun maorif idoralariga va maorif ishchilariga” murojaat qilib, “Bu chiqorilgan jurnalning hozirgi maorif maydonidagi ehtiyojlarimizda katta rol oʻynashida shubhamiz yoʻqdir. Mamlakatning shunday jurnollar bilan toʻlishin istar edik. Lekin baxtga qarshi koʻp qiyin sharoitlar orqasida birdan bir oʻzbek tilida shu bittagina jurnol maydonga keladir. Men bu yerda jurnalning ahamiyati va qiyinchiliklari hamda maorif haqida vazifalari toʻgʻrisida toʻxtalmayman. Yolgʻiz shuni aytib ketmakchiman kim, buni bir jurnal, qishloq shahar maorif xodimlarigina emas, balkim elning yuksalishiga ishlayturgʻon qurol boʻlishi uchun barchamizning jiddiy ishtirokimiz kerak deb bilaman”, deydi. Shuningdek, muallif butun maorif idoralari bu jurnalni oʻz qoʻllarida saqlashlari lozimligini aytib oʻtadi. Jurnalning davomiyligini taʼminlash uchun har bir oʻqituvchi doʻstlar jurnalga obuna boʻlishi va ushbu nashrning targʻibotiga, koʻproq tarqatilishiga koʻmak etishi hamda mahallalarning turli holatlari, kamchiliklaridan yozib turishi zarurligini taʼkidlaydi. Chunki oʻsha davrda jurnalni maʼnaviy va moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlash juda muhim edi. Qolaversa, maorif borasida jon kuydiradigan boshqa jurnal ham boʻlmagan. Rahim Inogʻomov keyingi maqolasida sovet maktablari va ularda dars berayotgan oʻqituvchilarning ahvoli haqida xabar beradi. Kishini taajjubga soladigan tomoni muallif juda yosh va endigina universitetni bitirib kelganiga qaramay, muammoga oʻz ishining tub mohiyatini anglagan holda yondashadi. Jumladan, “...Bizda maktab masalasi anchagina qiyin masala. Chunki bizning yashaydirgon sharoitlar ichida shoʻro mehnat maktabini tuzish shubhasiz oson emasdir. Lekin shunday boʻlsa ham mamlakatda boʻlgan dardlik harakat ishini ilgariga surib amalda bir necha jonli natijalardan uzoqlanmadi. Maktab masalasida birinchi oʻrinni oʻqitgʻuvchilar oladi. Bizdagi oʻqitgʻuvchilar, koʻpchilik bilan soʻylaganda hatto 3-4 yillik tartibli oʻqish koʻrmagandirlar. Shuning uchun oʻqitgʻuvchilar yetkazish masalasiga qancha ahamiyat bersak. oʻqitgʻuvchilarning bilimlarin koʻtaruvga ham shuncha ahamiyat bermak kerak”, deydi. Bizda oʻqishni istaganlar minglab bor... Rahim Oxunjon oʻgʻli 1925-yil oktabr oyida Oʻzbekiston komsomoli markaziy qoʻmitasi majlisida maʼruza bilan ishtirok etdi. U oʻz maʼruzasida balandparvoz raqamlardan chekinib, barcha muammolarni va holatni roʻyrost bayon qiladi: “...Bizda oʻqishni istaganlar minglab bor, ammo biz ularning hammasini maktablarimizga joylolmaymiz... Misol oʻrnida aytaman kim, bu yil ichida hatto kelgusi 5 yil zarfinda ham biz butun maktab binolarini yangidan solib bitira olmaymiz. Bizning vazifamiz bor — orqada qolgʻon viloyatlarda maktablarning sonini 100 foizga yetkazish, biroq buni ham qila olmaymiz deb qoʻrqaman. Chunki maktab uchun binolar yoʻqdir. Bunday ishlar uchun bizga judayam oz pul beriladir. Davlat budjetidan maktab taʼmiri va binosi uchun 140 ming soʻm beriladir. Vaholanki, maktab binolarimizning 50-70 foizi ishga yaramayturgʻon binolardir”. Shuningdek, maʼruzada mamlakatda savodsizlikni tugatish kurslari, maktab va internatlar, dehqon yoshlar maktablari, fabrika va zavod maktablarini ochish uchun harakatda ekani haqida axborot beradi. Rahim Inogʻomov har bir tadbirning samarasi uchun javobgarlikni chuqur his etgan holda yondashadi. Jumladan, “Dehqon yoshlar maktablarini shaharlarda emas qishloqlarda ochdik. Boisi, oʻquvchilar orttirgan ilmlarini bevosita dalada tajribadan oʻtkazib koʻrsinlar”, deydi. Shuningdek, fabrika va zavod maktablari uchun ham, avvalo, darsliklar va oʻqituvchilar armiyasi zarurligi, ularni oddiy kurslar yordamida yetishtirib boʻlmasligini taʼkidlaydi. Bu esa oʻz davri, hatto bugungi kunimiz uchun ham sifatli kadrlar tayyorlashda oʻta muhim boʻlgan jihatdir
Jadid ziyolilarining ilk yutuqlari 1926-yildan Rahim Inogʻomov Maorif xalq komissari lavozimidan olinib, Oʻzbekiston Kompartiyasi MK matbuot boʻlimi mudiri lavozimiga oʻtkaziladi. “Maorif va oʻqituvchi” jurnalining 1926-yil 9-sonida “Toʻlgan toʻqqiz yilni ham koʻrsinlar” maqolasida Oʻzbekistonning maorif sohasidagi muvaffaqiyatlarini sarhisob qilib, jumladan, “1925-1926-yilda hammasi 508 ta yangi maktablar ochildi. Albatta, bu xalqda boʻlgan buyuk ehtiyojni oʻtay olmaydir, chunki xalq ehtiyoji juda kattadir. Yana internatlar (76 ta), maktabgacha muassasalar (37 ta) va ikkinchi bosqich (39 ta) maktablari bordir. ...Hozirda 37 ta ixtisosli maorif muassasasi boʻlib, 5250 oʻquvchiga egadirmiz. 17 bilim yurtida 2685 oʻquvchi. Hozirda qishloq xoʻjaligi sohasida oʻqituvchilar tayyorlash boʻyicha 7 ta maktab boʻlib, 770 dan ortiq talaba oʻqiydir. Bundan tashqari, mamlakatning turli shaharlaridagi universitet va bilim yurtlarida ham minglab oʻquvchilarga egamiz”, deydi. Darhaqiqat, shu yillarda yosh Oʻzbekiston hukumati oʻzining oldiga oʻn yillikda aholining savodxonligini yuz foizga ziri va uning olamshumul loyihalari yetkazish masalasini qoʻydi. Ochilgan har bir zavod, fabrika qoshida Germaniya tajribasi asosida oʻquv-amaliy maktablar tashkil etdi. Rossiyaning ichki sanoat tumanlariga yuzlab yoshlarni yoʻllab mahalliy yoshlardan qisqa vaqtda katta miqdorda kadrlar armiyasini shakllantirishga kirishdi. Rahim Inogʻomov ayni paytda mamlakatning siyosiy boshqaruvida ham faol ishtirok etdi. Ayniqsa, OʻzSSR MIQ plenumida OʻzSSR KP(b)ning taslimchilik faoliyatiga qarshi chiqib, partiya apparatini hamda xalq xoʻjaligida kadrlarni milliylashtirishni tezlashtirishda keskin choralar koʻrishni talab qiladi. Uning 1926-yil chop etilgan “Oʻzbekiston ziyolilari” risolasi katta shov-shuvlarga sabab boʻladi. Unda oktabr toʻntarishiga nisbatan noxush munosabat bildirib, oʻzbek xalqining maorifda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari inqilobning emas, jadid ziyolilarining xizmatidandir degan fikrni ilgari suradi. Qora bulutlar soyasi Rahim Inogʻomovning faoliyatidan norozi boʻlgan kimsalar uni hukumatdan chetlashtirishga erishadi. U bir muddat Oʻzdavnashriyotda boʻlim mudiri va Oʻzbekiston yozuvchilarining Samarqanddagi “Qizil qalam” jamiyatiga rahbarlik qildi. Ayni paytda oʻz maqolalarida Sredazbyuro, Sredazekoso kabi markazlarning nazoratchi organlarini zoʻravonlikda, Oʻzbekiston Kompartiyasini Rossiyaning qizil mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashmayotganlikda ayblashda davom etdi. VKP(b)MK Oʻrta Osiyo byurosi va uning Oʻzbekiston Kompartiyasidagi tarafdorlari Rahim Inogʻomovga qarshi matbuotda “inogʻomovchilik” degan soxta ish ochib, butun partiya tashkilotlarini oyoqqa turgʻazdi. 1926-yil 12-dekabrda Oʻzbekiston Kompartiyasi MQ Ijroiya byurosi va plenumida, 1927-yil yanvar oyida Oʻrta Osiyo byurosida bu masala maxsus koʻrilib, “inogʻomovchilik — mayda burjua va millatchilik tomonga ogʻish”, deb qoralandi. 1926-yil dekabr oyida barcha vazifalaridan olib tashlangan Rahim Inogʻomov 1927-yil 2-sentabrdan 1930-yil maygacha Qashqadaryo viloyat ijroqoʻmida yer boʻlimida mudir lavozimida ish olib bordi. 1930-yil 30-mayda “Qizil Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarida ochiq xat uyushtirilib, Rahim Inogʻomov “gʻoyaviy jihatdan tor-mor qilindi”, deb goʻyo tavba-tazarru qildirildi. Natijada u Oʻzbekistonni tark etishga majbur boʻladi. Biroq “inogʻomovchilik” xorijda Ahmad Zaki Validiy (1880-1970) va Mustafo Choʻqay (18901941) tomonidan oʻzbek kommunistlarining markazning mintaqadagi xoʻjayini — Oʻrta Osiyo byurosi (Sredazbyuro)ga qarshi dadil chiqishi, deb baholandi. Rahim Inogʻomov 1931-1937-yillarda Moskvada yashab, Butunittifoq MIQda tarjimon va “Elektr ixtirochilar jamiyati” zavodida kasaba uyushmasi raisi lavozimlarida ishladi. 1937-yil 25-avgustda esa Qrimdagi Alushta shahrida qamoqqa olindi va tinimsiz qiynoqlar ostida qoʻliga tutilgan barcha qogʻozlarni imzolashga majbur etildi. Soʻnggi soʻroq va yuzlashtirishlarda oʻziga nisbatan barcha ayblovlarni rad qilsa-da, 1938-yil 5-oktabr kuni Toshkentda mashʼum “uchlik” tomonidan otuvga hukm qilindi. Mustabid shoʻro tuzumi davrida Oʻzbekiston maorifini yuksaltirish yoʻlida fidokorona kurash olib borgan Rahim Inogʻomov 1957-yil 1-avgustda oqlandi.
Yüklə 109,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə