O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi guliston davlat universiteti



Yüklə 486,71 Kb.
səhifə1/59
tarix29.11.2023
ölçüsü486,71 Kb.
#141966
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   59
Notiqlik. Lotin 12.01.2021


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI


GULISTON DAVLAT UNIVERSITETI
Ravshanbek MAHMUDOV


NOTIQLIK SAN’ATI
VA
NUTQ MADANIYATI

DARSLIK
Toshkent


MUMTOZ SO‘Z”
2021
Darslik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev­ning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli Farmo­ni hamda 2019-yil 11-dekabr­dagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek tilining davlat tili sifatida qo‘llanishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘l­lab-quvvat­lash, o‘qitish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha 2019-2020 yil­lar­ga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi”ga asosan tayyorlangan.
Guliston davlat universiteti professori R.Mahmudov tomonidan “Notiqlik san’ati va nutq madaniyati” fani darsligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi to­­monidan tasdiqlangan rejaga asosan “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” hamda nofilo­logik yo‘nalishdagi talabalar uchun yaratilgan. Darslik yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy jihatdan yetuk, zamon talabiga javob bera­digan mutaxassislar, rahbarlar bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.


Mas’ul muharrir:
Yormat Tojiyev – filologiya fanlari doktori, professor.


Taqrizchilar:
Samixon Ashurboyev – filologiya fanlari doktori, professor.
Sulton Normamatov – filologiya fanlari doktori, dotsent.
Fazliddin Sharipov – filologiya fanlari nomzodi, dotsent.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining 2020-yilning 28-dekabrdagi 676-sonli buyrug‘iga asosan darslik sifatida maʼqullangan va nashr etishga ruxsat berilgan (ro‘yxatga olish raqami 676-4-011)

ISBN 978-9943-5562-4-3


© R.Mahmudov, 2021
KIRISH

Inson kamolotida, jamiyat taraqqiyotida ona tilining o‘rni beqiyos. Til – aloqa vositasi. Til insonlar o‘rta­sidagi muomala qilish, fikr-mulohazalarini bir-biriga yetkazish manbayi. Til – ilm. Til – inson tarbiyasidagi vosita belgisi.


1989-yil, 21-oktabrda O‘zbek tiliga davlat tili ma­qomi berildi. Til mavqeyi ko‘tarildi. 2019-yil oktabr oyida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligiga o‘ttiz yil to‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil
4-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili” haqidagi Qonuni qabul qilinganligining o‘ttiz yilli­gini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori, 2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”­gi Farmoni qabul qilindi. Bu me’yoriy huj­jatlar o‘zbek tili taraqqiyotida katta ijobiy rol o‘ynaydi.
“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” ta­moyili asosida ildamlayotgan O‘zbekiston taraqqiyotida bilimli, salohiyatli kadr­larning ahamiyati beqiyos. Kadr­lar oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabr­da “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizi­mini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tas­diqlash to‘g‘risida”gi Farmoni, “Yoshlarni ma’naviy-axlo­qiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’­lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bos­qichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Oliy ta’­lim tizimini yanada rivojlan­tirish chora-tadbirlari to‘g‘­­­risida”gi Qarorlari, O‘zbekiston Res­pub­likasi Vazir­lar Mahkamasining “Ta’lim tizimida ma’naviy-ma’ri­fiy ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘­risida”gi Qarori, “O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasi”, “Ma’naviy-ma’rifiy ish­lar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori, “Ja­miyatda huquqiy ong va hu­quqiy madaniyatni yuksal­tirish to‘g‘risida”gi Prezident Farmon­lari va boshqa bir qator me’yoriy hujjatlarda ta’lim va tarbiyani tubdan isloh qilish, zamon talabiga javob beradigan yoshlarni tarbiyalash to‘g‘risidagi dolzarb vazifalar belgilab berilgan.
Mamlakatimizning barcha sohalarida bo‘lgani kabi oliy ta’lim sohasida katta islohotlar boshlandi. “O‘zbekiston Respub­likasi oliy ta’lim tizimida yoshlar bilan ishlash, ularda yuksak axloq, kasbga sadoqat kabi insoniy fazilatlarni shakllantirish va ma’naviy-ma’ri­fiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi”, “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaro­rida zamon talabiga javob beradigan, har jihatdan yetuk, barkamol, raqobat­bardosh mutaxassislarni tayyorlash har doimgidek dolzarb vazifa ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mus­taqil davlat­chi­ligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boy­lik, buyuk qadriyat­dir”, – degan edi O‘zbekiston Prezi­denti Shavkat Mirziyoyev, O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tanta­na­li marosimdagi nutqida.
O‘zbek tili xalqimiz madaniyatini, ma’naviyatini, o‘lmas me­rosini ko‘rsatib beruvchi asosiy vositalardan hisoblanadi. Inson o‘z fikr-mulohazasini tili orqali namoyon etadi. Bugungi kunda dunyoda ellik milliondan ortiq kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Dunyodagi eng ko‘p tarqalgan qirqta tildan biri o‘zbek tilidir. Jahonda 6912 tadan ortiq til mavjud, shundan 168 tasigagina davlat tili maqomi berilgan. Bugun Turkiyaning 18 ta, Germaniya­­ning 8 ta, Yaponiyaning 8 ta, AQShning 8 ta, Janubiy Koreyaning 2 ta oliy o‘quv yurtlarida, shuningdek, Xitoy milliy universitetida o‘zbek tili o‘qitilmoqda.
Til – millatning faxri, g‘ururi, qiyofasining bir bo‘lagi. Til – millatning birligi, uning tarixi haqida ma’lumot beruvchi vosita sanaladi. Til millatning boy­ligi, tuganmas xazinasi, ko‘zgusidir. Til har bir millat madaniyatining ko‘zgusidir. Til xalqlarni, millatlarni, elatlarni birlashtiradi, tarbiyalaydi, urf-odat, an’ana­larini bir-biriga yetkazadi va umrboqiyligini saqlaydi. Ona tilini bilish har bir fuqaro oldidagi muqaddas burch, – degan do­nish­mandlar haq edilar.
Alisher Navoiy – eski o‘zbek adabiy tilining asoschisi. U “Xazoyin-ul maoniy”, “Xamsa”, “Muhokamat ul-lug‘atayn” kabi asarlari bilan o‘zbek tili taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan.
O‘zbek tili taraqqiyotiga professorlar Abdurauf Fitrat, Faxri Kamol, Ayub G‘ulomov, G‘ani Abdurahmonov, Azim Hojiyev, Ergash Fozilov, Shog‘ulom Shoabdurahmonov, Shavkat Rahmatullayev, Inomjon Rasulov, Miraziz Mirtojiyev, Yormat Tojiyev, Alibek Rustamov, Mustaqim Mirzayev, Said Usmonov, Xudoyberdi Doniyorov, Nizomiddin Mahmudov, Bekbo‘lat Umurqulov, Hamid Ne’matov, Ernest Begmatov, Samixon Ashurboyev, A.Nurmonov, A.Berdaliyev, S.Karimov, M.Asqarova, F.Abdullayev, Muharram Asomuddinova, Ulug‘bek Saidov, Abdulhay Sobirov, Po‘lat Nosirov, Rahmatulla Qo‘ng‘irov kabi ko‘plab olimlar katta hissalarini qo‘shganlar.
Ona tili – millatning ruhi, til – davlat timsoli, mulki, – deydilar donishmandlar. Tilni asrash, rivojlan­tirish – millatning yuksalishi demakdir. Bugungi kunda internet tilining 81 foizini ingliz tili tashkil qiladi. Dunyodagi salkam yetti mingga yaqin tildan ming­tasi ayni kunlarda yo‘qolib bormoqda. Ayniqsa, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi ham o‘z yozuv­lariga ega emas. Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan so‘ng hozirgi muomaladagi tillarning har o‘ntasi­dan bittasi saq­lanib qolar ekan, xolos. Bugun dunyodagi mavjud bo‘lgan tillarning teng yarmi sakkizta davlat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh, Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Dunyoda eng ko‘p tilli mamlakat Hindiston sanaladi. Aholi vakillari 845 ta tilda va lahjalarda so‘zlashishadi. Dunyoda 341 million kishi ingliz tilini ona tili sifatida tan olishadi. 350 million kishi esa ingliz tilini ikkinchi ona tilim, deb bilishadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev­­ning Farmoni asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahka­masi tuzilmasida Davlat tilini ri­voj­lantirish departamenti tashkil etildi. Atamalar ko­mis­siyasi tuzildi. Har yili 21-oktyabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni”, deb belgilandi. Xorijiy mamlakat­larda “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev­ning: “Ona tilimiz milliy ma’naviyatimiz­ning bitmas-tugan­mas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchi­mizdir”, – degan gaplari har bir ziyolining, fuqaroning hayotiy mezoni bo‘lishi zarur.
Insonning madaniyatliligi, bilimliligi, ma’naviyat­liligi uning notiqlik darajasiga ham bog‘liq. Bo‘lajak yetuk mutaxassislar, o‘qituvchilar, ayniqsa, rahbarlar, bar­cha ziyolilar notiqlik san’atini puxta egallashi talab etiladi. Chunki ular o‘z bilim-ko‘nikmalarini, fikr-mulo­hazalarini nihoyatda oddiy, sodda tarzda tushuntirib bera olish san’atiga ega bo‘lishlari zarur.
Notiqlik san’ati va nutq madaniyati fani antik davr­dan boshlab o‘qitib kelingan. Bu fan XX asr boshlarida oliy o‘quv yurtlarida o‘qitila boshlangan. 1990-yillarda Toshkent davlat universitetidagi (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filolo­giya fakultetida “Nutq ma­daniyati” kafedrasi tashkil etilgan. Filologiya fanlari doktori, professor Yormat Tojiyev shu kafedra­­ning mudiri lavozimida ishlagan. O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining pedagogika-psixologiya yo‘nalishi mavjud bo‘lgan Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutida, Muqimiy no­midagi Qo‘qon davlat pedagogika institutlarida “Nutq mada­niyati”ga aloqador kurslar o‘qitilgan va ayni kun­larda ham o‘qitilmoqda.“Notiqlik san’ati” fani Toshkent teatr va rassom­chilik institutida (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va mada­niyat instituti) o‘quv yurti paydo bo‘lganidan boshlab o‘qitib kelinmoqda. “Notiqlik san’ati va nutq madaniyati” fani ayni kunlarda ham respublikamizning “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi”, “Ijtimoiy ish”, “Tarix” yo‘nalishlari mavjud bo‘lgan oliy o‘quv yurtlarida o‘qitib kelinmoqda.
Ikki minginchi yillarda O‘zbekiston Milliy univer­siteti O‘zbek filologiyasi fakulteti huzurida “Nutq madaniyati” bo‘limi (yo‘nalishi) ochilib, bu yo‘nalishga alohida qabul e’lon qilindi. Bu yo‘nalishda 2013-yilga qadar maxsus mutaxassislar tayyor­landi. Afsuski bu yo‘na­lish 2013-yilda o‘z-o‘zidan tugatib yubo­rildi, faoliyati to‘xtatildi.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi to­monidan tasdiqlangan dastur asosida oliy o‘quv yurtla­rining “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’­limi” yo‘nalishi talabalari uchun “Notiqlik san’ati va nutq madaniyati” fani o‘qitiladi. Hozirgacha “O‘zbek nutqi madaniyati va uslubiyati asoslari” (1994), “O‘zbek nutq madaniyati” (P.Nosirov, 2004), “O‘zbek nutqi madaniyati va uslubiyati asoslari” (Y.Tojiyev, M.Mallaboyev, 2006), “Boshqa­ruv va notiqlik san’ati” (U.Saidov, 2010) kabi qo‘llanmalar turli oliy o‘quv yurtlarida chop etilgan. M.A.A’lamova va Sh.Ziyomuhamedova­larning “Nutqda aks etar bir olam boylik” (2009), B.O‘rinboyevaning “Hozirgi o‘zbek so‘zlashuv nutqi” (2006) S.Karimov, H.Mamatov, I.Bo‘riyevlarning “Yuristning nutq madaniyati” (2004), N.Bekmirzayevning “Yuristning nutqi madaniyati” (2007), Y.Tojiyev, R.Boboxo‘jayevlarning “Nutq madaniyati” (2017), N.Mahmudovning “O‘qituvchining nutqi madaniyati” (2007), shuningdek, R.Q.Qo‘ng‘urov, S.Karimov, T.Qurbonovlarning 3 qismdan iborat, “Nutq madaniyati asos­lari” qo‘llanmalari (1985, 1986, 1987), turli anjumanlar mate­rial­lari to‘p­lam sifatida nashr etilgan. Maxsus dasturlar, qo‘llan­ma­lar yaratilgan. Professor E.Begmatovning qator kitob­lari chop etilgan. Ammo hozirgacha “Notiqlik san’ati va nutq ma­daniyati” fani bo‘yicha birorta mukammal o‘quv qo‘llanma yoki darslik yaratilmagan.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining o‘ttiz yil­ligini nishon­lashga bag‘ishlangan tantanali tadbirdagi nutqida aytilgan: “O‘ylaymanki, o‘zbek tili bayrami­ning mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng nishon­lanishi xalqimizning milliy ruhi va g‘ururini yuk­saltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda to‘­laqonli joriy etishga xizmat qiladi”, degan qarashiga asosan hamda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risi­da”gi Farmonidagi “davlat tili sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq ma­daniyatini oshirish” borasidagi vazifani bajarish maq­sadida bu darslik tayyorlandi. Bu Farmon­ga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Oripov tomonidan 2019-yil 1-dekabrda №30/1-3848-sonli “O‘zbek tili­ning davlat tili sifatida qo‘llanishini kengay­tirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish metodikasini tako­millashtirish bo‘­yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan. Mazkur dasturning IV. “O‘zbek ti­lini jamiyat hayotining barcha bo‘g‘inlariga keng joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar bo‘limi” 25-bandiga ko‘ra “Res­publikamizdagi barcha nofilologik oliy ta’lim muassa­salarida davlat tilida o‘qitish tizimini tako­millashtirish, o‘quv rejalariga “nutq madaniyati”, “davlat tilida ish yuritish” darslarini kiritish vazi­fasi yuklatilgan. Bugungi kun talabidan kelib chiqib, “Notiqlik san’ati va nutq madaniyati” fani barcha soha­larda nihoyatda kerakli fanligi hisobga olinib, ushbu darslikni tayyorlashga harakat qildik.
Darslik haqidagi barcha taklif-mulohazalarni bajo­nidil qabul qilamiz va keyingi nashrlarda ulardan unum­li foydalanamiz.

Yüklə 486,71 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   59




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə