Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə18/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]

1956-yil
MING BIR JON
Martning oxirgi kunlari. Ko‘k yuzida suzib yurgan bulut
parchalari oftobni bir zumda yuz ko‘yga solyapti. Oftob har
safar bulut ostiga kirib chiqqanida, bahor kelganidan bexabar
hanuz g‘aflatda yotgan o‘t-o‘lanni, qurt-qumursqani uyg‘ot-
gani avvalgidan ham yorug‘roq, avvalgidan ham issiqroq shu’la
sochayotganday tuyuladi.
Kasalxonaga yaqinda tushgan Mirrahimov, jikkakkina kishi,
o‘ziga juda ham katta ko‘k xalatga burkanib, yengchadan boshini
chiqarib turgan sichqondek, derazadan ko‘chaga qarab o‘tgan
edi, birdan tutaqib ketdi: shunday havo bo‘lsa-yu, oyoq-qo‘li
butun odam ko‘chaga chiqolmay, derazadan mo‘ralab o‘tirsa!..
Mirrahimov jussasi kichkina bo‘lgani bilan tovushi juda
yo‘g‘on va buning ustiga sekin gapirolmas edi. Hamshira
yugurib kirdi, Mirrahimovning sog‘lig‘ini, kayfiyatini so‘radi,
keyin dardni bardosh yengadi, bu xususda Mastura Aliyevadan
ibrat olish kerak, degan mazmunda shama qildi.


114
Mastura Aliyeva sakkiz oydan beri palatasidan chiqmay
yotgan og‘ir xasta, uni kasalxonada hamma bilar, ko‘p kishi
kirib ko‘rgan ekan. Mirrahimovning odamgarchiligi tutib ketdi:
– Shu sho‘rlik ayolni bir kirib ko‘raylik! Uch kunligi bormi,
yo‘qmi... Sob bo‘lgan deyishadi...
– Ha, ancha og‘ir, – dedi hamshira xo‘rsinib, – o‘n yil
dard tortish osonmi!
Poygadagi karavotda kitob o‘qib yotgan Hoji aka degan
xasta yo‘g‘on gavdasiga nomunosib chaqqonlik bilan boshini
ko‘tarib, ko‘zoynagini oldi.
– O‘n yil? O‘n yildan beri kasal ekanmi?
– Ha, o‘n yil bo‘libdi. Bechora turmush qilganiga bir yil
bo‘lar-bo‘lmas shu dardga yo‘liqqan ekan. Tomog‘idan hech
narsa o‘tmaydi. Ovqatni qorniga quyishadi... Teshib qo‘-
yilgan... Ba’zan o‘zi quyadi, ba’zan eri...
Hoji akaning ko‘zlari o‘ynab ketdi.
– Eri? Eri bormi?
– Bor. Shu yerda. Besh oydan beri birga!
Hoji aka uzoq angrayib qolganidan keyin:
– O‘n yil kasal boqib yana kasalxonada ham birgami? –
dedi.
– Shuni ayting, – dedi hamshira. – Shifokorlarga yalinib-
yolvorib palataga karavot qo‘ydirib oldi.
Hoji aka dardga bu qadar bardoshli ayoldan ham ko‘ra
bunchalik vafodor erni ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lib qol-
di-yu, xalatining belbog‘ini mahkam bog‘lab, shippagini kiydi.
– Qani, yuringlar, tabarruk odamlar ekan, bir ko‘rib
chiqaylik.
Hamshira Mastura bilan uning eriga xabar bergani ketdi. Hayal
o‘tmay, qorni chiqqan Hoji aka oldinda, uzun koridordan o‘ninchi
palataga tomon yo‘l oldik. Palata eshigi oldida bizni hindiga
o‘xshagan qop-qora, katta-katta ko‘zlari yonib turgan bir yigit,
aftidan, Masturaning eri kamoli ehtirom bilan kutib oldi va har
qaysimizga alohida minnatdorchilik bildirib, ichkariga yo‘lladi.
Palataga kirdik. Shu payt oftob yana bulut ostiga kirdi-yu, palatani
shom qorong‘uligi bosdi. Kattakon derazaning chap tomonidagi
karavotdan zaif, yo‘q, zaif emas, mayin tovush eshitildi:
– Kelinglar... Rahmat! Odamga odam quvvat bo‘ladi,
ming rahmat! Akramjon, kursi qo‘yib bering...


115
Oftob yana yorishdi. Masturani baralla ko‘rdik... Ko‘z
o‘ngimizda xasta emas, o‘lik, haqiqiy o‘lik, sap-sariq teri-yu
suyakdan iborat bo‘lgan murda ichiga botib ketgan ko‘zlarini
katta ochib yotar edi... Tobutda yotgan o‘likning qo‘limi,
oyog‘imi biron sabab bexosdan qimirlab ketsa kishi qay ahvolga
tushadi? Uning o‘lim pardasi qoplagan yuzida chaqnab turgan
ko‘zlarini ko‘rgan kishi xuddi shu ahvolga tushar edi.
Boya bizni kutib olgan yigit – Akramjon kursi qo‘yib berdi.
Mirrahimov ikkovimiz o‘tirdik. Hoji aka yo‘g‘on gavdasi bilan
Masturani to‘sib tikka turib qoldi. Yonimdagi kursini surib
Hojining etagidan tortay desam, qorni silkinyapti... Ajabo, bu
odam nega kulayotibdi, deb aftiga qarasam... rangi bo‘z bo‘lib
ketibdi! Uning qo‘rqqanini payqab hamshira darrov yo‘l qildi:
– lye, Hoji aka, sizga dori berish esimdan chiqibdi-ku,
yuring!– dedi va Hojini yetaklab chiqib ketdi. Hoji koridorga
chiqib yiqilarmikan deb o‘ylagan edim, yo‘q, xayriyat, gum-
burlagan tovush eshitilmadi...
Hamshira yo‘l qilib Hojini olib chiqishga chiqdi-yu, lekin
bari bir Mastura payqadi. Juda-juda xunuk ish bo‘ldi. Mirrahi-
mov ikkovimiz nima deyishimizni, nima qilishimizni bilmay
qoldik. Bu hol kasalga qanday ta’sir qildi ekan, deb sekin
qaradim. Mastura qonsiz labida tabassum bilan eriga yuzlandi:
– Akramjon, daftaringizga yozib qo‘ying: uch mardi may-
don meni ko‘rgani kirgan edi, bittasi arang qochdi-yu, ikkitasi
qochgani ham bo‘lmay, o‘tirib qoldi.
Mastura piqirlab kulib yubordi: yana kuldi, yosh boladay
o‘zini tutolmay qiqirlar edi. Bu hazil va ayniqsa kulgi avval
xunuk, odamning etini jimirlatadigan darajada xunuk eshitildi,
keyin, nechukdir, Masturaning yuzidan zim pardasi ko‘taril-
ganday, hayot to‘la ko‘zlari o‘lik yuziga jon kirgizganday
bo‘ldi. Mirrahimov Hoji akaning qilmishi to‘g‘risida uzr tariqa-
sida bir nima demoqchi bo‘lib gap boshlagan edi, Mastura
so‘zini og‘zidan oldi:
– Bunaqa narsa menga ta’sir qilmaydi, – dedi. – Akramjon,
bularga tobut voqeasini aytib bering... yo‘q, yo‘q, o‘zim aytib
beraman! Bunga besh yildan oshdi. Ko‘z oldimdan ketmaydi...
Qalin qor yoqqan kun edi. Men derazaning ro‘parasida
mana shu xilda yotibman, Akramjon paypog‘ini yamayotgan
edi shekilli... Birdan ko‘cha eshigimiz ochildi-yu, qizil bir


116
narsa kirdi, nima ekan deb qarasam – tobut! Akramjonning
ikkita o‘rtog‘i hovlimizga tobut ko‘tarib kirdi! Yuragim jig‘
etib ketdi... Voy sho‘rim, nahot o‘lgan bo‘lsam... To es-
hushimni o‘nglab, Akramjonga bir nima degunimcha boyagi
ikkovi tobutni devorga suyab qo‘yib, uyga kirib keldi; uyga
kirdi-yu, meni ko‘rib ikkovi ham boyagi Hoji akangizday
shaytonlab qolayozdi. Akramjon hayron... Men ana ketdi,
mana ketdi bo‘lib yotgan edim-da, o‘sha kuni ertalab birov
avtobusda yig‘lab ketayotgan bir bolani ko‘rib, mening ukam-
ga o‘xshatibdi-yu, shundan haligiday gap tarqalibdi... Tobutni
buzib pechkaga qalashdi. Menga shu ham ta’sir qilgani yo‘q.
Bunaqa narsalar o‘lim kutib yotgan kasalga yomon ta’sir qilishi
mumkin, men hech qachon o‘lim kutgan emasman, kutmay-
man ham! U yog‘ini surishtirsangiz, men odam bolasining
o‘lim kutishiga, ya’ni dunyodan umid uzishiga ishonmayman.
Hatto tildan qolgan kasalning rozilik tilashib qaragani ham
dunyodan umid uzgani emas, balki «rozilik tilashgani hali
erta», dermikin degan umid bilan, dunyoda tengi yo‘q, timsoli
yo‘q zo‘r umid bilan qaragani deb bilaman.
Akramjon Masturaning biz bilan yozilib o‘tirganiga qan-
chalik xursand bo‘lsa, toliqib qolishidan shunchalik xavotirda
ekani ko‘rinib turar edi; shuning uchun Masturaga tez-tez
dam berishni ko‘zlab, ko‘proq bizni gapirtirishga, o‘zi gapi-
rishga harakat qilardi.
– Sizning nima dardingiz bor? – dedi Mirrahimovga
yuzlanib.
Mirrahimov birdaniga uchta dardning nomini aytdi.
– Voy sho‘rim!..– dedi Mastura, – jindakkina jonin-
gizga-ya! Shu jussangizga uch dard sig‘dimi?
Bo‘ldi kulgi! Ayniqsa, Mirrahimov zavq qilib kuldi. Kasallik,
o‘lim to‘g‘risidagi gap tugab, xushchaqchaq suhbat boshlanishiga
ilhaq bo‘lib turgan Akramjon Mastura boshlagan askiyani ilib
ketdi: askiyaga juda usta ekan, olamda dard nima, o‘lim nima
ekanini butkul unutib rosa kulishdik. Afsuski, Mirrahimovning
yo‘g‘on tovushi suhbatimizning buzilishiga sabab bo‘ldi: shifokor
koridordan o‘tib borayotib, uning beso‘naqay kulgisini eshitgan
bo‘lsa kerak, eshikni ochib qaradi va Masturaga zehn solib, uning
yuzida horg‘inlik ko‘rdi shekilli, bizni chiqarib yubordi. Akramjon
ketimizdan chiqdi, bizning bu iltifotimiz Masturaga qancha kuch-


117
quvvat berishini aytib, ko‘nglida mavj urib, yosh pardasi bosgan
ko‘zlarida ko‘rinib turgan cheksiz minnatdorchilik tuyg‘usini aytib
bitirolmas, aftidan, Masturaning bir minutlik oromi uchun o‘ng
ko‘zini o‘yib berishga ham tayyor edi.
Palatamizga qaytdik. Hoji aka karavotida yonboshlab, qand
choy ichib, o‘zini yelpib yotar edi. Bo‘lib o‘tgan xijolatlik ish
to‘g‘risida u ham indamadi, biz ham indamadik. Hoji akaga
bir nima deyish u yoqda tursin, Mirrahimov ikkovimiz ham
kechgacha bir-birimizga so‘z qotmadik; aftidan, borlig‘imiz
Mastura bilan band, quyunday charx urayotgan taassurotlar,
fikrlar, tuyg‘ularni ifoda qilgani so‘z topolmas edik.
Kech kirdi. Hoji aka o‘rtacharoq xurrak tortib uyquga ketdi.
Mirrahimov dam-badam u yoqdan bu yoqqa ag‘darilar edi,
nihoyat, mening uyg‘oq ekanligimni payqab boshini ko‘tardi.
– Bu xotinning joni bitta emas, ming bitta! – dedi. –
Hozir tugab qolgan shamday lipillab yonayotgan joni basharti
so‘ngan taqdirda ham, qolgan mingtasini yoqib keyin so‘nadi.
Mana shu ishonch Masturaga o‘limni yo‘latmaydi.
Mirrahimov uzoq jim qolganidan keyin yana birdan:
– Eri-chi, eri? – dedi,– bu yigitning ham, raftoridan,
yigitlik umri ming bitta-yu, shundan bittaginasini Masturaga
qurbon qilyapti.
Ertasiga Mastura haqida yana bir ko‘ngilsiz gap eshitdik:
bechoraning tomog‘idan hech narsa o‘tmasligi ustiga qorniga
tez-tez suv to‘planar ekan...
Kunlar o‘tib, hammamiz tarqaldik. Mirrahimov o‘zining
MTSiga, Hoji aka kurortga ketdi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tgandan keyin shu tomonga
yo‘lim tushdi-yu, kasalxonani bosib o‘tolmadim; kirib tanish
hamshiradan so‘rasam, Mastura bir soatdan keyin operatsi-
yaga yotar ekan. Shifokorlar jarrohlik stolidan turolmaydi deb
besh oydan beri uning ra’yini qaytarib kelishar ekan, oxiri
bo‘lmabdi – Mastura o‘lsam tovonim yo‘q deb tilxat beribdi.
Kirib ko‘ray desam shifokor ijozat bermadi. Mening
yo‘qlab kelganimni ko‘rsa, dalda bo‘ladigan biron so‘z aytsam
zo‘raki darmon bo‘lsa, deb kutdim.
Vaqti soati yetganda Masturani hamshira bilan Akramjon
ikki tomondan suyab olib chiqishdi. Lekin eshikdan chiqilishi
bilanoq Mastura ikkovini ikki tomonga itarib o‘zi yurdi; bardam


118
qadam tashlab, jarrohlik xonasining eshigini o‘zi ochib kirib ketdi.
Akramjon butun diqqati xotinida bo‘lgani uchun meni payqamadi.
Mastura esa menga bir qaradi-da, tanimadi shekilli, indamadi.
Jarrohlikka shifokorlarning ko‘ngli chopmagani, xastaning
holi o‘zimga ma’lum bo‘lgani, Masturaning o‘limning yuziga
bunchalik tik qaragani qorong‘uda qo‘rqqan kishi ashula
aytganidek emasmikin, degan gap ko‘nglimdan o‘tgani uchun
jarrohliknung natijasini kutmadim; kechqurun kasalxonaga
telefon qilmoqchi bo‘lganimda, rostini aytsam, telefon go‘sha-
gini dadil ololmadim. Yo‘q, xayriyat, Mastura jarrohlikdan
bardam turibdi. Shunaqa deyishdi.
Shundan keyin men uzoq safarga ketdim-u, Masturaning
taqdiridan bexabar bo‘ldim, lekin uni tez-tez eslar edim; bu
irodali, joni temirdan insonning tuzalib ketishini, yashashini,
uzoq umr ko‘rishini uning o‘zidan ham ko‘proq tilar edim.
Shuning uchun oradan uch yil o‘tgach, Akramjonni bir begona
xotin bilan ko‘rganimda alamimdan dod deb yuborayozdim.
Paxta bayrami hech qayerda Mirzacho‘ldagidek qiziq o‘tmasa
kerak, chunki bu yerda respublikaning turli viloyatlaridan kelgan
odamlar o‘z viloyatining ashulasini, o‘yinini ham olib kelgan
deyishadi. Paxta bayramini yor-jo‘ralar bilan Guliston tumanida
o‘tkazdik. Akramjonni boya aytganim xotin bilan shu yerda,
Guliston tumani markazining chiqaverishida ko‘rdim. O‘rta
bo‘ylik, xushqomat, vujudidan yoshlik kuchi va g‘ayrati yog‘ilib
turgan qop-qora juvon otda olma yeb, yo‘l bo‘yida turar,
Akramjon o‘z otining ayilini qayta bog‘lamoqda edi. Akramjon
meni ko‘rib qoldi-yu, juvonga bir nima dedi. Juvon darrov
otdan tushdi. Ikkovi yugurib keldi. Ikkovi ham men bilan juda
eski qadrdonday so‘rashdi. Biroq men, harchand qilsam ham
palatadan chiqib jarrohlik xonasiga kirib ketayotgan Mastura
ko‘z o‘ngimdan ketmay, bular bilan samimiy ko‘risha olmadim:
Akramjonni bir nav quchoqlagan bo‘ldim, juvonga esa qo‘limning
uchini berdim.
– Amaki, meni tanimadingizmi? – dedi juvon va xurjun-
dan ikkita olma olib, birini menga berdi.
– Qay yerdadir ko‘rganday bo‘laman, lekin...
Juvon qo‘lidagi olmani ustma-ust bir necha martaba
tishladi va chala chaynab yutdi.


119
– Endi ham tanimadingizmi? – dedi.
Tanidim! Faqat ko‘zidan tanidim! Kulimsirab, olamga
tabassum sochib turgan bu juvon o‘sha Mastura edi. Men
nima deyishimni bilmay:
– Bu yoqda nima qilib yuribsiz? – dedim. Mastura kuldi.
– Kuchimni, g‘ayratimni to‘la-to‘kis ishga solib yurib-
man, – dedi.
– Jarrohlik xonasiga kirib ketayotganingizda men yo‘lakda
turgan edim, hayajonda bo‘lsangiz kerak, tanimadingiz...
– Yo‘q, amaki,– dedi Mastura biroz xijolat bo‘lib, –
kechirasiz, atayin so‘rashmagan edim... So‘rashsam, menga
tasalli berar edingiz... O‘sha tobda menga tasalli berib aytilgan
har bir so‘z ishonchimga raxna, ko‘nglimga g‘ulg‘ula solishi
mumkin edi.
Uzoq suhbatlashdik. Er-xotin otlarini yetaklab, bizni talay
yergacha kuzatib qo‘yishdi: so‘ng xayrlashib so‘l tomonga ot
qo‘yib ketishdi. Men sahroda lochinday uchib ketayotgan
Mastura bilan Akramjonga uzoq qarab qoldim. Ikkovi ufqqa
yetganda, biri orqaga qaytdi, hayal o‘tmay yetib keldi. Bu
Mastura ekan, yo‘ldan bir necha qadam narida turib:
– Amaki, Hoji akamga salom ayting, – dedi va ufqda
kutib turgan Akramjonga tomon ot qo‘yib ketdi.
Shaharga qaytganimizdan keyin Masturaning omonatini
topshirish uchun Hoji akani so‘roqlab daragini topdim, lekin
salomini topshirolmadim: Hoji aka, bechora, qazo qilgan ekan.

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə