Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti ijtimoiy kafedrasi


-mavzu: Kirish.“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari



Yüklə 1,29 Mb.
səhifə4/72
tarix28.04.2023
ölçüsü1,29 Mb.
#107515
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   72
Pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti ijtimoiy kafedrasi

1-mavzu: Kirish.“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari
Reja:
1.O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalasi. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv fanining predmeti, maqsad va vazifalari. Fanni o‘rganishning nazariy-uslubiy asoslari.
2.Yuksak intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni voyaga etkazishda mamlakat eng yangi tarixining tutgan o‘rni.
3.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyevning ma’naviy etuk shaxsni tarbiyalashda tarixiy xotiraning o‘rni va saboqlari to‘g‘risidagi fikrlari. XXI globallashuv asrida ta’lim sohasida mazkur fanni o‘qitishdagi nazariy-konseptual yondashuv va ilg‘or innovatsiyalar.


Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Erkaev A. O‘zbekiston yo‘li. - Toshkent: Ma’naviyat, 2011.
2. Mustaqillik: Izohli ilmiy-ommabop lug‘at // M.Abdullaev va boshqalar: to‘ldirilgan uchinchi nashr. - Toshkent: Sharq, 2006. 4
3. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi. – Toshkent: Ma’naviyat, 2017.
4. Mustaqil O‘zbekiston tarixi. Mas’ul muharrir A.Sabirov. - Toshkent: Akademiya, 2013.
5. Noveyshaya istoriya O‘zbekistana. Rukovoditel’ proekta i redaktor: M.A.Raximov. - Toshkent: Adabiyot uchqunlari, 2018.
6. Azizxo‘jaev A.A. Mustaqillik: kurashlar, iztiroblar, quvonchlar. - Toshkent: 2001.
7. Azizxo‘jaev A.A. Chin o‘zbek ishi. - Toshkent, 2003.


2-mavzu: Mustaqillikka erishish arafasida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahvol
Reja:
1. XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotidagi inqirozli holat.
2. Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati: “Paxta ishi”, “O‘zbek ishi” nomli kampaniyalar.
3. Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi. Farg‘ona voqealari.
4. 1989 yil o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar. Milliy manfaatlar ustuvorligining o‘sib borishi.
5. I.Karimov – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti. Mustaqillik deklaratsiyasi va uning tarixiy ahamiyati.
6. 1991 yil voqealari. GKCHP. Sovet davlatining tanazzulga yuz tutishi.

1.O‘zbekiston o‘zining davlat mustaqilligini e’lon qilgan vaqtda mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol o‘ta murakkab edi. Quyidagilar uning o‘ziga xos xususiyatlari sifatida namoyon bo‘lar edi: aholining turmush darajasi bo‘yicha O‘zbekiston sobiq SSSR tarkibida oxirgi o‘rinlardan birida turar edi; aholining 60% dan ko‘proq asosiy qismi yashaydigan qishloq joylarida industrial rivojlanishning ahamiyatli darajada ortda qolishi sharoitida iqtisodiyotda yirik sanoat shaharlaridagi gigant korxona-monopolistlarning haddan tashqari konsentratsiyasi va ixtisoslashuvi hukm surardi; iqtisodiyotda ma’muriy tarzdagi narxni tashkil etish va resurslarni taqsimlash bilan bog‘liq kuchli nomutanosibliklar kuzatilar edi; mamlakat o‘z davlatchiligining asoslarini yaratish zarurati oldida turardi; og‘ir ekologik ahvol mavjud edi. Ko‘plab tarmoqlarda ataylab xomashyoni qazib olish va dastlabki qayta ishlash, yarim fabrikatlarni tayyorlash bosqichida uzilib qoluvchi tugallanmagan texnologik siklga ega ishlab chiqarishlar ustunlik qilar edi. Respublikaning asosiy tarmoqlari kompleks tarzda emas, balki Rossiya hamda boshqa respublikalardagi ishlab chiqarishga resurslar va tayyor mahsulotlarni ko‘p minglab kilometrlarga (ko‘pincha noratsional, qarama-qarshi tarzda) yetkazib berish orqali “bog‘lab qo‘yish” maqsadida rivojlantirilgan edi. 70 yildan ko‘proq vaqt hukm surgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga asoslangan sobiq Ittifoqdagi noto‘g‘ri, samarasiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosat 80-yillarning oxiriga kelib barcha ittifoqdosh respublikalar qatorida O‘zbekiston aholisining ham yashash sharoitlarini og‘irlashtirib, uni ko‘plab muammolar iskanjasiga solib qo‘ygan edi. Jumladan:


1) Respublikada demografik vaziyatning murakkabligi. O‘zbekistonda aholining o‘sish sur’atlari Ittifoq sur’atlariga qaraganda uch barobardan ziyod yuqori bo‘lganiga qaramay, uzoq yillar davomida sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ish joylarini ko‘paytirish hamda aholining hayot ta’minoti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bilan mustahkamlab borilmadi. Bu esa odamlar turmush sharoitining yomonlashuvi, ishsizlar sonining ko‘payishi, ijtimoiy mehnat unumdorligi va aholi daromadlarining kamayishi, pirovard natijada xalq farovonligining pasayishiga olib keldi;
2) Respublika iqtisodiyotining bir yoqlama, haddan tashqari nomaqbul ixtisoslashtirilishi natijasida qishloq xo‘jaligi bilan bir qatorda, sanoatda ham, asosan, xomashyoni birlamchi qayta ishlash tarmoqlari ustunlik qilib, tayyor mahsulot, avvalo xalq iste’moli mollari ishlab chiqaruvchi tarmoqlarning ulushi juda past edi;
3) ishlab chiqaruvchi kuchlar va, avvalo, sanoat obyektlari asosan stixiyali ravishda, aniqrog‘i, har xil o‘zboshimchalik, buyruqbozlik bilan qabul qilingan qarorlar asosida, ko‘pincha ilm-fan vakillari, bilimli va obro‘li mutaxassislarning tavsiyalari mutlaqo e’tiborga olinmay joylashtirildi;
4) Respublikadagi ijtimoiy ahvolning, odamlarning ijtimoiy ta’minoti va ularni ijtimoiy himoya qilishning mutlaqo qoniqarsizligi. Ayniqsa, qishloq aholisining kanalizatsiya va vodoprovod bilan ta’minlanishi atigi 5 foizni, ichimlik suv bilan ta’minlanishi salkam 50 foizni, tabiiy gaz bilan ta’minlanishi 17 foizni tashkil etar edi. Aholini uy-joy, sog‘liqni saqlash, madaniyat, maishiy xizmat obyektlari, maktablar, bolalar bog‘chalari va hokazolar bilan ta’minlash ishlarida siljishlar sezilmadi. Vaholanki, aholining ko‘pchilik qismi qishloq joylarida istiqomat qilar edi.
O‘zbekiston sobiq Ittifoq tarkibida uzoq yillar davomida hukm surgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi ta’sirida faqat xomashyo yetkazib berishga asoslangan, qoloq va mo‘rt iqtisodiyotga ega bo‘lib, bu holat respublika aholisi daromadlari va turmush darajasiga ancha keskin ta’sir ko‘rsatdi.
Bu davrda respublika barcha asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ham ancha orqada bo‘lib, mamlakatda oxirgi o‘rinlardan biriga tushib qoldi. Jumladan, aholi jon boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha ittifoqdosh respublikalar orasida 12-o‘rinni, daromad darajasi, asosiy turdagi mahsulotlarni iste’mol qilish jihatidan eng oxirgi o‘rinlardan birini egallab keldi. Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan 2 barobar, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish bo‘yicha 2,5 barobar, sanoatdagi mehnat unumdorligi jihatidan 2,5 barobar, qishloq xo‘jaligidagi mehnat unumdorligi jihatidan esa 2 barobar, aholining o‘rta hisobda go‘sht mahsulotlari, tuxum, sut va sut mahsulotlari iste’moli bo‘yicha 2 barobar orqada qolgan. O‘sha davrda kun kechirish uchun oyiga o‘rta hisobda kamida 85 so‘m zarur bo‘lgani holda, 75 so‘mdan kamroq yalpi daromad oladigan aholining ulushi Ittifoq bo‘yicha 12 foizdan sal ko‘proq bo‘lsa, O‘zbekistonda 45 foizga yetgan, ya’ni 8 million 800 ming kishini tashkil etgan. Bir millionga yaqin kishi ijtimoiy ishlab chiqarishda o‘zining qo‘lidan keladigan ishni topa olmagan, ya’ni ishsiz bo‘lgan. Sovet davrining keyingi o‘n yilliklari mobaynida iqtisodiyotni rivojlantirishda xomashyo va chala tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan va chetga yuboriladigan, mehnatni nisbatan kamroq talab qiladigan xomashyo tarmoqlarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilishi ushbu nomutanosibliklarni yanada kuchaytirdi. Jumladan, ishlab chiqarishning umumiy hajmida yengil sanoatning ulushi keyingi 50 yil ichida 54 foizdan 37 foizga, oziq-ovqat sanoatining ulushi 30 foizdan 14 foizga tushib qolgan, mashinasozlikning ulushi atigi 7 foizga o‘sib, 16 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini tarkib toptirish va rivojlantirishda qator nuqson va kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi. Jumladan:
- respublika mashinasozlik kompleksi faoliyati paxtachilik, paxtachilik uchun mashinalar ishlab chiqarish bilan cheklanib, murakkab uy-ro‘zg‘or texnikasi, yo‘l qurish mashinalari, plastmassa buyumlari, oziq-ovqat sanoati jihozlari, savdo-sotiq va maishiy xizmat sohasi uchun kerakli asbob-uskunalar deyarli ishlab chiqarilmadi;
- kimyo sohasining rivojlanishida yirik korxonalarga afzallik berilishi respublikadagi ekologik vaziyatni juda yomonlashtirib yubordi;
- yirik kimyo korxonalari nitron, atsetat, kaprolaktam singari dastlabki qayta ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashib, ularning mahsulotlari ham asosan respublikadan tashqariga chiqarishga mo‘ljallandi.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi strategiyaga quyidagi yondashuvlar asos qilib olinishini belgilab berdi:
- mintaqamiz taraqqiyotining tarixiy asoslari, oqilona mantiq e’tiborga olinmay, ma’muriy-buyruqbozlik usullari tazyiqi ostida shakllangan qarashlarning hammasiga barham berilishi kerak;
- mintaqamiz taraqqiyotining istiqbollariga avvalo respublika aholisining manfaati nuqtayi nazaridan qaramoq kerak.
Respublikani iqtisodiy mustaqillik yo‘liga olib chiqish, uni inqiroz girdobidan chiqarish vazifalarini hal etishda O‘zbekiston resurslari va imkoniyatlariga baho berishga mutlaqo yangicha yondashish zarur edi.
Bunday og‘ir ahvolning vujudga kelish sabablari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
- 30-yillarning boshlarida iqtisodiyotga rahbarlik qilishning ma’muriy-buyruqbozlik usullariga zo‘r berilib, O‘zbekistonni, uning ishlab chiqaruvchi kuchlarini rivojlantirishga yaroqsiz yondashuvlarning tobora kuchayib borishi;
- respublikaga asosan xomashyo bazasi, sobiq Markazdagi sanoat vazirliklari va idoralarining mo‘may xomashyo manbai sifatida qarab kelinishi;
- o‘lkaning mahalliy, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlariga ba’zan yetarlicha, ba’zan mutlaqo baho berilmagani, ba’zan esa bu xususiyatlarning pisand ham qilinmagani;
- iqtisodiy va ijtimoiy sohani kompleks, jadal rivojlantirishning, umumittifoq mehnat taqsimotida O‘zbekistonning mavqei va o‘rnini o‘zgartirishning muqobil yo‘llari e’tiborga olinmagani.
Ma’muriy-buyruqbozlik iqtisodiyotidan hozirgi zamon bozor iqtisodiyotiga o‘tishning zarurligi iqtisodiy o‘sish ekstensiv omillaridan foydalanish imkoniyatlarining tugab borishi bilan notovar iqtisodiyotning amal qilish layoqatining pasayishi orqali ifodalanadi.
Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi ikkita ahamiyatli kamchilikka ega:
1) uning moslashuvchan emasligi, ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga juda sekinlik bilan moslashib borishi;
2) xo‘jalik yuritish tashabbuskorligini «yo‘qotib yuborish» oqibatida samaradorlikning o‘ta darajada pasayib ketganligi.
Ma’muriy-buyruqbozlik iqtisodiyotidan bozor iqtisodiyotiga o‘tish ko‘plab mamlakatlarda umumiy tendensiyaga ega. Bu jarayon iqtisodiyotni erkinlashtirish, chuqur institutsional (eng avvalo, mulkchilik munosabatlarida) o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi, biroq, bir vaqtning o‘zida moliyaviy barqarorlashtirish chora-tadbirlariningamalga oshirilishini taqozo etadi.
Ma’muriy-buyruqbozlik tizimini o‘zgartirish mazkur tizim asosining o‘zgarishini hamda uni sifat jihatidan farq qiluvchi bozor tizimiga almashtirilishini anglatar ekan, bunday turdagi o‘zgarishlarni tizimiy islohotlar deb atash maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘zbekiston Kompartiyasi MQning 1989-yil 23-iyun kuni bo‘lib o‘tgan XIV plenumida Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi MQning birinchi kotibi etib tayinlandi. Islom Karimov ishga kirishgan kunning ertasigayoq – 24 iyun kuni O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetida katta majlis o‘tkazdi va unda ma’ruza qildi. Islom Karimov O‘zbekistonda vujudga kelgan o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni va uning sabablarini chuqur tahlil qilib achchiq va haqqoniy bir xulosaga keladi. «Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi», – degan edi u.
I.A.Karimov boshliq yangi rahbariyat tomonidan o‘zbek xalqining milliy o‘zligini anglash kuchayib borayotganligi birinchi bor e’tirof etildi. Xalqning shon-shuhrati, qadr-qimmatini himoya qilish, milliy mustaqillikka erishish tomon yo‘l boshladi.
Respublikada kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish va tarbiyalash masalalarida milliy manfaatdorlik ustuvorligi ta’minlandi. Markazdan yuborilgan «kadrlar desanti» o‘z mavqeyini yo‘qotdi. Anishev, Ogarek, Satin va boshqa «kazo-kazolar» respublikadan chiqarib yuborildi. Mahalliy kadrlar rahbarlik lavozimilariga ko‘tarildi.
Kadrlar siyosatidagi jiddiy ijobiy o‘zgarish shundan iborat bo‘ldiki, endi O‘zbekiston partiya, sovet, davlat, huquqni himoya qilish organlarining boshliqlarini Moskva orqali hal qilish, Moskva belgilagan xodimlarni ko‘tarish amaliyotiga chek qo‘yildi. Bu masalalarni hal qilishni Respublika rahbariyati o‘z qo‘liga oldi. Oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan talantli yoshlar uchun maxsus stipendiyalar belgilash, xorijiy davlatlarda o‘qish uchun davlat hisobidan yordam berish masalalarni ilgari surdi. Bu vaziyatni teran anglagan rahbarning jasorati bo‘lib, siyosiy mutelikdan qutilish, mustaqillik tomon tashlangan muhim qadam bo‘ldi. To‘qib chiqarilgan «o‘zbek ishi», «paxta ishi»ning tamomila sharmandasi chiqdi. Bu bilan bog‘liq ishlar qayta ko‘rilib, aybsiz qamalgan minglab odamlar oqlandi, o‘z oilasiga qaytdi, adolat tiklandi.
O‘zbek tili – davlat tili. Respublika jamoatchiligi tomonidan allaqachon o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasi ko‘tarilgan edi. O‘zbekistonning sobiq rahbariyati bu masalaga millatchilik, mahalliychilik deb qarardi. O‘zbekistonning yangi rahbariyati jamoatchilik fikrini inobatga oldi, masalani bosiqlik bilan hal qilish yo‘lini tanladi. O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 1989 yil 21 oktyabrda bo‘lgan o‘n birinchi sessiyasida «O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida» Qonun qabul qilindi. Qonunda: «O‘zbekistonning davlat tili o‘zbek tilidir, o‘zbek tili Respublikaning siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotining barcha sohalarida to‘liq amal qiladi», – deb belgilab qo‘yildi. 1990-yil 19-fevralda «O‘zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi Qonunni amalga oshirish davlat dasturi qabul qilindi. Qonun va davlat dasturiga binoan, mehnat jamoalari, o‘quv yurtlari, korxonalar va davlat muassasalarida ish yuritish rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tkazila boshladi. Bu qonunning qabul qilinishi va uning amalga oshirila boshlanishi respublika ijtimoiy hayotida katta tarixiy voqea bo‘lib, mustaqillik sari tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini xolisona tahlil etish, baholash va ko‘tarishga qaratilgan dastlabki sa’y-harakatlar qilindi. Qishloq aholisiga shaxsiy tomorqa uchun yer ajratildi. Erga muhtoj 381 ming oilaga tomorqa erlari berildi, 372 ming oila o‘z tomorqalarini kengaytirib oldi. Shu maqsadlar uchun jami 150 ming gektar er ajratildi. Respublikada «Ish bilan ta’minlash» dasturi ishlab chiqildi. Ana shu dasturga binoan 1990-yilda 300 ming kishi, asosan yoshlar ish bilan ta’minlandi. Aholining kam daromadli qismini ijtimoiy jihatdan himoyalash uchun 1990-yilda budjetdan va korxonalar hisobidan 142 mln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.
Prezident lavozimining ta’sis etilishi. 1990-yil 18-fevralda O‘zbekiston Oliy Sovetiga saylov bo‘ldi. Bu saylov ning yangiligi shundan iborat bo‘ldiki, oldingi saylovlarda bir deputatlik o‘rniga bitta nomzod ko‘rsatilgan bo‘lsa, mazkur saylovda 500 saylov okrugining 326 tasida muqobil nomzodlar ko‘rsatildi.
1990-yil 24–31-mart kunlari Toshkentda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining I sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 24-mart kuni sessiya SSSR tarkibidagi respublikalar orasida birinchi bo‘lib «O‘zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida» Qonun qabul qildi. 1990-yil 24-mart kuni Oliy Sovet sessiyasida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Islom Abdug‘anievich Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi. Ana shu sessiyada I. Karimov nutq so‘zlab, O‘zbekistonning siyosiy mustaqilligini, o‘zini-o‘zi idora qilishga va o‘zini-o‘zi pul bilan ta’minlashga o‘tishni ta’minlashni o‘zining asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi. SSSR va Markaziy hokimiyat mavjud bo‘lgan sharoitdayoq O‘zbekistonda Prezident saylanishi muhim voqea bo‘ldi, mamlakatimiz mustaqilligiga erishish sari tashlangan yana bir dadil qadam bo‘ldi.
Mustaqillik Deklaratsiyasi. O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining II sessiyasi 1990-yil 20-iyun kuni «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni qabul qildi. Deklaratsiyada har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidan kelib chiqqan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya tamoyil lariga asoslanib O‘zbekiston SSRning davlat suvereniteti e’lon qilindi. Mustaqillik Deklaratsiyasi 12 moddadan iborat bo‘lib, quyidagilar bayon etilgan:
• O‘zbekiston SSR davlat suvereniteti;
• O‘zbekiston SSR demokratik davlatining o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarda va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligi;
• O‘zbekiston SSR davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo‘yilmay turib o‘zgartirilishi mumkin emas. SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tasdiqlangandan keyingina O‘zbekiston hududida kuchga ega bo‘ladi;
• O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O‘zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi va hokazolar.
O‘zbekiston mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya muhim tarixiy hujjat bo‘lib, mamlakatimizning o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritish yo‘lida yana bir yangi qadam bo‘ldi.
2. Sovet imperiyasining tanazzulga yuz tutishi. Ittifoq shartnomasini yangilash talabi. Sobiq SSSR tarkibidagi respublikalar rasman teng va suveren deb yuritilsa-da, amalda qaram edi. Ular o‘z erlari, suvlari, o‘rmonlari va er osti boyliklariga, ko‘pdan ko‘p korxonalariga o‘zlari egalik qilolmas edilar. 80-yillarning oxirlari 90-yillarning boshlarida ko‘pchilik respublikalar mavjud vaziyatni o‘zgartirish talablarini ilgari sura boshladilar.
O‘zbekiston Respublikasining rahbari I. Karimov 1989-yil 20-sentabrda Moskvada bo‘lib o‘tgan KPSS MQning plenumida so‘zlagan nutqida, respublikalar bilan SSSR o‘rtasidagi vakolatlarni aniq-ravshan ajratib qo‘yishni ko‘zda tutadigan yangi federativ shartnoma ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida o‘z fikrini bildirib: «Biz Ittifoq va respublikalarning vazifalarini, burchlarini va o‘zaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qo‘yish, respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash tarafdorimiz», – degan edi.
Biroq markaziy hokimiyat respublikalarga erkinlik berish haqidagi talab-takliflarni e’tiborga olmadi, to‘g‘rirog‘i ularga erkinlik berishni xohladi. Markazning qaysarligi hamda respublikalar jamoatchiligining ta’siri ostida markazdan ajralish harakati kuchayib bordi. 1990-yil bahorida Boltiqbo‘yi respublikalari Latviya, Litva, Estoniya, keyinroq Gruziya va Ozarbayjon SSSR tarkibidan chiqqanligini e’lon qildilar. 1990-yil avgust oyida Ittifoqni yangilash dasturi ishlab chiqildi.
1991-yil fevral-mart oylarida Ittifoq Shartnomasi loyihasi ustida qayta ish olib borildi. Unda Boltiqbo‘yi respublikalari, Gruziya, Armaniston, Moldova vakillari qatnashmadi, Ozarbayjon kuzatuvchi bo‘lib qatnashdi. Ittifoq bilan respublikalar vakolatlarini farqlab qo‘yishga harakat qilindi. Nihoyat, Ittifoq va respublikalar vakolatlari belgilab berilgan shartnoma loyihasi matbuotda e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1991-yil 12-mart da bo‘lgan IV plenumida so‘zlagan nutqida: «Ittifoq Shartnomasini imzolash uchun ‘ng qulay payt qo‘ldan boy berib qo‘yildi. Ikki yil muqaddam bu masalani ko‘targan kishilarning ovoziga hech kim quloq solmadi. Markaz 1922-yildagi shartnomaga mahkam yopishib olib, oqilona takliflarni qabul etmadi, ishni paysalga soldi», – degan edi. Bu fikrning to‘g‘riligini hayot to‘la isbotladi.
Butunittifoq referendumi. SSSR Oliy Soveti Ittifoq Shartnomasini o‘zgartirish, SSSRni teng huquqli suveren Respublikalar Federatsiyasi sifatida yangilash xususida xalqning fikrini bilish maqsadida 1991-yil 17-mart kuni Butunittifoq referendumini o‘tkazishga qaror qildi. 1991-yil 20-fevralda O‘zbekiston Oliy Kengashning Rayosati referendum o‘tkazishni ma’qulladi va SSSR Oliy Soveti tomonidan tayyorlangan byulleten bilan birga, yana bitta qo‘shimcha byulletenni ovozga qo‘yishga qaror qildi. Qo‘shimcha bulletenga «Siz O‘zbekistonning mustaqil, teng huquqli Respublika sifatida yangilangan Ittifoq (Federatsiya) tarkibida qolishiga rozimisiz?» – degan savol qo‘yildi. Ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning 93 foizi bu savolga «Ha» deb javob berdilar. Demak, o‘zbekistonliklar o‘z mamlakatini mustaqil davlat sifatida Federativ Ittifoqda bo‘lishini, O‘zbekistonning suveren Respublika sifatida rivojlanishini yoqlab ovoz bergan edilar.
1991-yil aprelda Kievda Ukraina, Rossiya, Belorus, O‘zbekiston, Qozog‘iston Respublikalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda mustaqil Respublikalar manfaatlariga mos keladigan Ittifoq SHartnomasini tuzishga yondashish yo‘llari ishlab chiqildi va tegishli bayonot imzolandi. Bu hujjatni Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston Respublikalari ham imzolashga rozilik bildirdi. Markaz yon berishga majbur bo‘ldi.
3. Mustaqil Davlatlar Ittifoqini tuzishga intilish. 1991-yil aprelda Novo-Ogoryovoda SSSR Prezidenti M.S. Gorbachovning 9 respublika – RSFSR, Ukraina, Belorussiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘ldi. Ishtirokchilar tomonidan «Mamlakatdagi vaziyatni va tanglikni bartaraf etishga doir kechiktirib bo‘lmaydigan choralar to‘g‘risida» qo‘shma Bayonot imzolandi. Bu hujjat «9+1» (9 respublika + Markaz) degan nomni oldi. Uning mazmuni markazning yon berganini, Kievda bil dirilgan fikr-mulohazalarga rozi bo‘lganini ko‘rsatadi. 1991-yil 3-iyunda Novo-Ogoryovoda SSSR Oliy Soveti vakillari bilan Respublika rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuvda Mustaqil Davlatlar Ittifoqi (MDI) tuzish masalasi muhokama qilindi.
Mulk, til va yangi shartnomani tasdiqlash tartibi to‘g‘risida keskin munozara bo‘ldi. Uchrashuvda ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosan inobatga olingan «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi to‘g‘risida shartnoma» loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha barcha Respublikalar Oliy Sovetlariga muhokama uchun jo‘natildi. Mazkur shartnoma loyihasi O‘zbekiston Oliy Sovetida 1991-yil 14-iyunda muhokama qilindi. Kengash Federatsiya tamoyillari asosida Mustaqil Davlatlar Ittifoqini tuzish tarafdori ekanligini bildirdi. Shu bilan birga, Respublikalar vakolatlarini yanada kengaytirishga doir takliflarni ilgari surdi.
1991-yil iyul oyining oxirlarida Novo-Ogoryovoda yangi shartnoma loyihasini uzil-kesil tayyorlash uchun markaz vakillari va respublikalar rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi. Markazni ham, respublikalar rahbarlarini ham qanoatlantiradigan «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi to‘g‘risida shartnoma» loyihasi tayyorlandi. Ammo hamma rozi bo‘lgani holda «Mustaqil Davlatlar Ittifoqi to‘g‘risidagi shartnoma»ni imzolash 1991-yil 20-avgust kuniga qoldirildi. SSSR Prezidenti M.S. Gorbachov Foros (Qrim)ga dam olish uchun jo‘nab ketdi.
1991-yil 17–19-avgust kunlari O‘zbekiston Prezidenti I. Karimovning Hindiston Respublikasiga Davlat rahbari sifatida ilk mustaqil rasmiy tashrifi bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy hamda madaniyat, ta’lim, fan, turizm, sport va ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitimlar imzolandi. Natijada mamlakatimiz mustaqil tashqi siyosatining dastlabki tamal toshi qo‘yildi.
1991-yil avgust voqealari. Markaziy hokimiyatni – SSSRni saqlab qolish, respublikalarga mustaqillik bermaslik payida yurganlar uchun qandaydir bir «imkoniyat» vujudga kelgan edi. Ana shu kuchlar tomonidan 1991-yil 18-avgustda markaziy hokimiyatni avvalgi maqomida saqlab qolish maqsadida fitna tayyorlandi va SSSRda Favqulodda holat davlat Qo‘mitasi (FHDQ) tuzildi. Uning boshliqlari G.I. Yanaev – SSSR vitse-prezidenti, O.D. Baklanov – SSSR Mudofaa Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, V.A. Kryuchkov – SSSR Davlat Xavfsizligi qo‘mitasi raisi, V.S. Pavlov – SSSR Bosh vaziri, B.K. Pugo – SSSR Ichki ishlar vaziri, D.T. Yazov – SSSR Mudofaa vaziri, V.A. Starodubsev – SSSR Dehqonlar uyushmasi raisi, I.Tizyakov – SSSR Sanoat, qurilish, transport va aloqa davlat korxonalari hamda inshootlari uyushmasining prezidenti kabi Markaziy hokimiyatning rahbarlari edi. G.I. Yanaev o‘zini M.S. Gorbachovning salomatligi yomonligi sababli 19-avgustdan boshlab SSSR Prezidenti vazifasini ijro etuvchi deb e’lon qildi.
Shu tariqa, fitnachilar M.S. Gorbachovni noqonuniy yo‘l bilan hokimiyatdan chetlashtirib, o‘zlari hokimiyatni egallab oldilar. Mazkur qo‘mita Sovet rahbariyatining Bayonoti, sovet xalqiga Murojaatnoma, Davlatlar va hukumatlarning boshliqlariga hamda BMT Bosh kotibiga Murojaat va boshqa qarorlarni e’lon qildi. Butunittifoq doirasida mo‘rtlashib qolgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat yanada taranglashdi. Mamlakatdagi siyosiy kuchlar vaziyatga turlicha munosabat bildirdilar.
Qaltis vaziyatda 1991-yil 19-avgustda O‘zbekiston Prezidenti I. A. Karimov Hindistonga qilgan rasmiy tashrifdan qaytib keldi va Toshkent shahri faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Prezident O‘zbekistonning nuqtayi nazarini bildirib, respublikamizda favqulodda holat joriy etishga hojat yo‘qligi, O‘zbekistonda vaziyat barqarorligi, qonunga xilof ko‘rsatmalar bajarilmasligini qat’iy ta’kidladi.
1991-yil 20-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati va O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar rahbarlari ishtirokidagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis mamlakatda vujudga kelgan vaziyatni muhokoma qilib, Bayonot qabul qildi. Bayonotda O‘zbekiston Respublikasining tinch vaqtda kuch, avvalo, harbiy kuch ishlatishga qarshi ekanligi ta’kidlandi. Unda tinchlik, osoyishtalikni saqlash va mustahkamlash, har qanday ig‘vogarona harakatlarning oldini olish, hamma joyda qattiq intizom va tartibni saqlash, mishmishlar va ehtiroslarga berilmaslik vazifalari ilgari surildi. Bayonotda O‘zbekiston «Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Deklaratsiya» qoidalarini og‘ishmay va izchil amalga oshirish yo‘lidan boraveradi, deb ko‘rsatildi.
1991-yil 21-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z farmoni bilan O‘zbekiston hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning qabul qilgan barcha qarorlari va ularning ijrosi SSSR va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyalariga hamda qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga so‘zsiz mos kelishi kerak, deb belgilab qo‘ydi. Farmonda SSSRda Favqulodda Holat Davlat Qo‘mitasining SSSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, O‘z bekiston SSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga zid keladigan farmonlari va qarorlari haqiqiy emas, deb belgilab qo‘yildi.
Fitnachilarning qonunga xilof ravishda urinishlari natijasida 1991-yil 19–21-avgust kunlari Moskvada fojiali hodisalar ro‘y berdi. Rossiya Federatsiyasi rahbariyati tashabbusi bilan demokratik kayfiyatdagi Moskva aholisi tomonidan fitna bostirildi. Fitnachilar qamoqqa olindi. M.S. Gorbachov prezidentlik lavozimiga qaytib keldi. Biroq mamlakatdagi siyosiy vaziyat tang ahvolga tushib qoldi.
Markaziy hokimiyat falaj bo‘lib, harakatsiz qolgan edi. Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi ham halokatga uchradi. 1991-yil 25-avgustda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Farmoni e’lon qilindi. Farmonga binoan SSSRda vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini himoya qilish maqsadida Respublika Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizligi komiteti O‘zbekiston SSRning qonuniy tasarrufiga olindi. Mazkur idoralar zimmasiga, birinchi navbatda, O‘zbekiston va uning fuqorolari xavfsizligini, manfaatlarini muhofaza qilish topshirildi. Mazkur farmonga binoan O‘zbekiston hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining ichki qo‘shinlari bevosita O‘zbekiston SSR Prezidentiga bo‘ysundirildi. Respublika Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi, prokuraturasi va adliya organlari, shuningdek, respublika hududida joylashgan ichki qo‘shinlar, Turkiston Harbiy okrugi qismlari va qo‘shinlari partiyadan butunlay xolis qilindi.
Mazkur farmonda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatiga juda qisqa muddatda Respublikaning Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlash va uni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi muhokamasiga taqdim etish taklif qilindi. Mazkur Farmon imzolangan kun – 1991-yil 25-avgustda kuchga kirdi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Islom Karimovning kuch-g‘ayrati, oqilona siyosati, tashabbusi natijasida jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonning Davlat mustaqilligiga tinchlik va qonuniy asosda erishish imkoniyati yaratildi.

Yüklə 1,29 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   72




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə