Psixologiya



Yüklə 58,67 Kb.
tarix19.05.2023
ölçüsü58,67 Kb.
#111323
B.E. 2-MT


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS
TA’LIM VAZIRLIGI





MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETINING JIZZAX FILIALI
PSIXOLOGIYA” FAKULTETI
IJTIMOIY VA IQTISODIY FANLAR” KAFEDRASI
BIZNES ETIKASI” FANIDAN

MUSTAQIL ISH


Topshirdi: 140-20 guruh talabasi A. Suyunov


Qabul qildi: B. Muxtorov
Jizzax 2023


Mavzu: Axloqning asosiy funksiyalari. Axloq va huquq inson xulq-atvorining tartibga soluvchisi sifatida.
Reja:

  1. Axloq tuzilmasi

  2. Axloqning asosiy xususiyatlari va vazifalari

  3. Axloq va huquqning inson xulq-atvorini tartibga solishdagi o‘rni

Axloq haqida gap borganda, albatta uning muayyan tuzilmasi, unga asos bo‘lgan omillar, unsurlar to‘g‘risida to‘xtalmaslik mumkin emas. Axloq tuzilmasini, odatda, uch omil-asosdan iborat deb hisoblaydilar. Bular - axloqiy ong, axloqiy hissiyot va axloqiy xatti-harakatlar. Ba’zi mutaxassislar (chunonchi, mashhur rus axloqshunosi A.I.Titarenko) axloqshunoslik mezoniy tushunchalarini (kategoriyalarini), axloqiy me’yorlar va tamoyillarni axloq tuzilmasi tarzida taqdim etadilar. Bizning nuqtai nazarimizda bu fikr unchalik to‘g‘ri emas. Chunki mazkur tushunchalar, tamoyillar va me’yorlar ko‘proq axloqqa emas, balki uni o‘rganadigan fanga - axloqiy axloqshunoslikka taalluqlidir. Umuman, shuni aytish kerakki, axloqshunoslik fanida ancha-muncha chalkashliklar mavjudki, ularning sababini mazkur fanning boshqa fanlarga nisbatan alohida xususiyatlarga egaligidan, ya’ni unda ko‘p hollarda ilmiy-nazariy jihatlarning amaliy tomonlar bilan omuxtalashib ketganidan qidirmoq lozim.


Ayni paytda ana shu uch omilning tuzilmadagi o‘rni, to‘g‘rirog‘i, mavqei masalasida ham turli xil qarashlar mavjud. Ba’zi axloqshunoslar axloqiy ongni, boshqa birovlar axloqiy hissiyotning o‘zini asosiy unsur deb talqin etadilar. Yana ba’zi birovlar axloqiy anglash - axloqiy ongga yetakchilik mavqeini beradilar. Xo‘sh, aslida qanday qarash haqiqatga yaqinroq? Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, juda ko‘p hollarda axloq tuzilmasidagi mazkur uch omil-unsurning birortasisiz axloq tushunchasini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, axloqni inson ko‘zi oldida gavdalantiruvchi axloqiy munosabatlarning his etish va axloqiy ong ishtirokisiz yuzaga chiqishi, ya’ni mavjud bo‘lishi mumkin emas. Bunday holat axloqiy hissiyotga ham, axloqiy ongga ham taalluqli. Zero, tuzilmadagi bu uch unsur-omil birbirisiz kamdan-kam mavjud bo‘ladi, doimo bir-birini taqozo qiladi
Endi axloqiy ongning tuzilmadagi yetakchilik mavqeiga, to‘g‘rirog‘i, asosiy unsur sifatidagi o‘rniga kelsak, uni bu tarzda talqin etish, bizningcha, to‘g‘ri emas. Vaholanki, sho‘rolar davrida va hozirdagi rus olimlari orasida, ba’zi G‘arbdagi zamonaviy axloqshunoslik yo‘nalishlarida ana shunday qarash hukmron ekanini ko‘ramiz. Aslida esa tuzilmada poydevor unsur sifatida axloqiy hissiyot yoki axloqiy his etish namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri, juda ko‘p hollarda biror-bir axloqiy qarorning amalga oshuvi uzoq yoki qisqa vaqt mobaynida o‘sha qaror oqibatlari to‘g‘risida ongli ravishda xulosa chiqarishga, ularni avvaldan anglab yetishga urinish bilan bog‘liq bo‘ladi, ya’ni biz o‘z xatti-harakatlarimizni axloqiy anglash elagidan o‘tkazib, faoliyat ko‘rsatamiz. Lekin o‘sha anglab amalga oshirilgan axloqiy qaror tubida, so‘zsiz, axloqiy hissiyot yotadi. Demak, axloqiy his etish axloqiy anglash uchun material vazifasini o‘taydi.
Ba’zan esa o‘sha ‘material’ - hissiyotning o‘zi axloqiy anglashni chetlab o‘tib, munosabat tarzida namoyon bo‘ladi. Bunga insonning favqulodda holatlardagi xatti-harakati misol bo‘la oladi. Deylik, yuqori tezlikda ketayotgan avtomobil oldidan yo‘l o‘rtasiga, koptokni quvib, go‘dak chiqib qoldi. Haydovchi tormozni bosish barobarida, shu zahoti mashinasini keskin chetga buradi. Bola omon qoladi, haydovchi jarohatlanadi, mashina pachoq bo‘ladi. Bu holatda haydovchining go‘dakka nisbatan mehr-shafqati, achinish hissi, inson bolasini oliy qadriyat sifatida his qilishi muhim rol o‘ynaydi. Haydovchi o‘z xatti-harakatini ‘oqilona qarorga’ kelishi uchun ‘yetti o‘lchab, bir kesib’ amalga oshirmaydi - hamma narsa bir lahzada ro‘y beradi. Bunda ong emas, oniy intuitsiya, o‘z qavmdoshi hayotini asrashdek tabiiy-biologik hissiyot - instinkt hal qiladi, ya’ni mazkur hissiyot tom ma’nodagi anglash darajasiga ko‘tarilib ulgurmasdanoq munosabatga aylanadi. Xulosa qilib aytganda, bizning axloqiy hayotimiz, barcha axloqiy tajribalarimiz, axloqiy faoliyatimiz ana shu uch omil asosida ro‘yobga chiqadi. Axloqiy kodekslarimiz, me’yorlarimiz va tamoyillarimiz ularga asoslanadi. Lekin aldov, yolg‘on, soxtalik va totalitar zug‘um hukmronlik qilgan davrlarda yoki mamlakatlarda axloqiy hissiyot, axloqiy ong, axloqiy munosabatlar qabul etilgan kodekslar, me’yorlar hamda tamoyillarga ko‘pincha to‘g‘ri kelmaydi. Rasmiy axloqiy qonun-qoidalar bilan haqiqiy axloqiy intilishlar orasida ma’naviy jarlik paydo bo‘ladi. Tilda bu qonun-qoidalar ko‘klarga ko‘tarilgani holda, dilda, ich-ichdan ularga qarshilik hukm suradi. Natijada jamiyat uchun fojia bo‘lgan axloqiy so‘z bilan axloqiy faoliyatning alohidaalohida mavjudligi ro‘y beradi. Buni sho‘rolar davridagi ‘Kommunizm quruvchisining axloqiy kodeksi’ bilan shu kodeksni hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan guruhlarning, ‘shu kodeks asosida yashayapmiz’ degan odamlarning poraxo‘rligida, tashmachiligida, xudbinligida, yolg‘onchiligida ko‘rish mumkin.
Bunday nomutanosiblik, o‘rtadagi ma’naviy jarlikning kelib chiqishini agar aniqlashtiradigan, ya’ni ‘maydalab’ tahlil qiladigan bo‘lsak, u maqsad bilan vositalar muammosiga borib taqaladi. ‘Hamma baxtli yashaydigan’ ‘kommunistik jannat’ni go‘zal maqsad deb bilguvchilar o‘z maqsadlariga jamiyatning bir qismini qirib tashlash, ta’qib etish, aldov, zo‘rlik vositasida yetishishga urindilar. Odamlarni zo‘rlab baxtli qilmoqchi bo‘ldilar va muvaffaqiyatsizlikka uchradilar. Iflos, nopok, qonli vositalar, shub-hasizki, har qanday pokiza maqsadni ham nopoklashtiradi, undan kishilarning ko‘nglini qoldiradi. Shu bois maqsad va vositalar uyg‘unligi, sifat nuqtai nazaridan mosligi jamiyat hayotida, inson hayotida nihoyatda muhimdir.
Axloqning o‘ziga xos xususiyatlari deganda biz uning qat’iy amrlik, me’yoriylik va baholash jihatlarini tushunamiz. Qat’iy amr o‘zini tutishdagi muayyan talabni, axloqiy qonun-qoidalarni bajarishini taqozo etadi. U shaxs manfatlarini jamiyat manfaatlari bilan muvofiqlashtiradi va jamiyat manfaatlari ustuvorligini ta’minlaydi, ayni paytda shaxs erkinligini cheklamaydi, faqat o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymaydi. Unga ko‘ra, biror inson ikkinchi insonga vosita deb qaramasligi lozim. Qat’iy amr tug‘ma axloqiy hodisa, uning talabi so‘zsiz va ixtiyoriy tarzda bajarilishi kerak; u ixtiyor erkinligi bilan zaruriyatning mutanosibligini ifoda etadi.
Ikkinchi xususiyat - axloqning me’yoriylik jihati bilan bog‘liq. Me’yorlar, qonun-qoidalar, pand-o‘gitlar v.b. shakllar vositasida axloq boshqarish vazifasini bajaradi. Ular orqali kishilar faoliyati yo‘lga solinadi, fazilatlar asosida ijtimoiy munosabatlar amalga oshiriladi, individning axloqiy sifatlari jamiyat talabalariga moslashtiriladi, tashqi da’vat ichki yo‘nalmaga, shaxs ma’naviy dunyosining bir qismiga aylanadi, odamzot avlodlarining axloqiy aloqalari davom ettiriladi. Axloqiy me’yorlarning ikki turi mavjud: xatta-harakatning yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan shakllarini anglatuvchi taqiqlar (odam o‘ldirma, yolg‘on gapirma, o‘g‘irlik qilma v.h.) va o‘zni tutishning eng yaxshi ko‘rinishlariga da’vat (halol bo‘l, rostgo‘y bo‘l, ezgu ishlar qil v.h). Axloqning o‘ziga xos uchinchi xususiyati esa insonning o‘z xattiharakatlariga munosabatini ichiga oladigan ichki baholashdan va inson xattiharakatlarining boshqa kishilar hamda jamiyat tomonidan umum qabul qilingan axloqiy me’yorlar asosida baholaydigan tashqi baholashdan tashkil topadi. Shunga ko‘ra, baholash ko‘rinishlari ham ikki xil bo‘ladi. Birinchisi – ijobiy: ma’qulash, rozilik, ikkinchisi - salbiy: tanbeh va norozilik. Bu xususiyatlar faqat axloqqa xos. Shu bilan birga uning yana boshqa ikki xususiyati borki, ular nafaqat axloqqa, balki ma’naviyatning barcha sohalari uchun umumiylik tabiatiga ega.
G‘arbu Sharq mintaqalari odobida yana bir katta farq borki, bu hozirgi paytda G‘arbda huquqning axloqdan, Sharqda axloqning huquqdan ustuvorligi masalasi. G‘arb yoshlari balog‘atga yetgach, ota-onaga teng huquqli fuqarolar sifatida munosabat qiladi, o‘zining qarshi fikrini to‘ppa-to‘g‘ri, ota yo onasining yuziga tik qarab bayon qiladi va buni inson huquqlaridan, shaxs erkinligidan foydalanish deb biladi. Sharq yoshlari, masalan, yapon yoki o‘zbek ota-onaga tik gapirishni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi chiqishni an’anaviy axloqiy qoidalarning oyoqosti qilinishi deb tushunadi, padari yo volidasiga ko‘zini yerga tikib, muloyim, o‘z fikrini tovush ko‘tarmay aytishni, ba’zan esa sukut saqlashni afzal deb biladi, ularga bo‘ysunishni burch sifatida olib qaraydi. Afsuski, ba’zi G‘arb mamlakatlarida keksa avlodni yoshlar huquqiy hayotiga, erkinligiga g‘ov deb bilish hollari mavjud. Bunga keyingi paytlarda Angliyada bir qancha yoshlar guruhlarining ko‘chada ketayotgan qariyalarni tutib do‘pposlashlari oqibatida yuzaga kelgan o‘nlab sud jarayonlari guvohlik beradi. To‘g‘ri, sharqona etiket, odobiy qonun-qoidalarning an’anaviylik bilan bog‘liq, zamonaviy nuqtai nazardan ba’zi nuqsli tomonlari bor. Lekin, shunga qaramay, ularda insoniylik va mehr-oqibat tuyg‘ulari mustahkam ildizga ega. G‘arbda esa hozirgi paytda bunday fazilatlarni uchratish tobora g‘ayritabiiy holatga o‘xshab qolayotir. Shu bois endilikda G‘arbning huquqiylik tamoyilini Sharqning axloqiylik tamoyili bilan uyg‘unlashtirish zamonaviy jamiyat taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi.
Axloqning vazifalari juda ko‘p va xilma-xil. Biz faqat ularning asosiylarigagina to‘xtalib o‘tamiz. Axloqning asosiy vazifasi, eng avvalo, uning tarbiyaviyligidir. Axloqiy tarbiya inson uchun, xalqona qilib aytganda, beshikdan to qabrgacha asqotadi. Tarbiya go‘dakdagi axloqiy mohiyatini yuzaga chiqarishi uchun, unda axloqiy yo‘nalmalarning, xulq va odatlarning shakllanishiga xizmat qiladi, axloqiy taqiqlarining mohiyatini bola ongiga singdiradi. Kattalarda esa o‘z-o‘zini tarbiyalash xislatini paydo qiladi va rivojlantiradi, ularni ongli axloqiy tanlov bilan ish ko‘rishga o‘rgatadi. Axloqning tarbiyaviy vazifasini amalga oshirishda turli xil vositalar va omillar ishtirok etadi. Jumladan pand-o‘git, adabiyot, san’at, ommaviy axborot vositalari v.h.
Insonni qadriyatlarga yo‘naltirish ham axloqning muhim vazifalaridan hisoblanadi. Chunki axloq qadriyatlar shaxsning kamol topishida katta rol o‘ynaydi, insonga ezgulikka qarab borish va yovuzlikdan qochish yo‘lini ko‘rsatadi. Mazkur vazifa qadriyatlarga asoslangan xolda odamlar axloqiy xatti-harakatlarini baholash imkonini ham beradi; ularning umum qabul qilingan tamoyillar va me’yorlarga mos yoki mos emasligini belgilashda ob’ektivlikni ta’minlaydi. Shuningdek, u eng yaxshi an’anaviy va zamonaviy qadriyatlar hamda umumbashariy va milliy fazilatlar uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi. Axloqning komunikativ vazifasini ham borki, u inson munosabatlarini go‘zal taomilga aylantirishda muomala odobi, etiket singari me’yoriy qonun – qoidalar majnunni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi, mohiyatan u muomalani imkon boricha insoniy, go‘zal munosabat, yoqimli aloqa sifatida ro‘y berishiga ko‘maklashadi, kishida yuksak muomala madaniyatining shakllanishiga, tilning shirin, imo-ishoraning nozik, suhbatining yoqimli bo‘lishiga olib keladi.
Axloqning yana bir vazifasi esa - bilish. U insonga axloqiy bilim beradi. Shu bilim vositasida odam o‘z xatti-harakatini boshqaradi, hissiyotlarning qaysi biriga ustuvorlik berish kerak va qaysi birini sabr bilan yengish lozimligini belgilaydi, kundalik hayotda duch - keladigan axloqiy muammolarni hal etishda kishiga ko‘maklashadi. bir so‘z bilan aytganda, axloqning bu vazifasi insonning o‘z ichki dunyosini bilish uchun kalit vazifasini o‘taydi, ayni paytda unga o‘zgalar xatti-harakatlarini axloqiy baholash imkonini ham beradi. Biz yuqorida “axloqiy boshqarish” degan iborani bir necha bir ishlatdik. Zero axloqning eng miqyosli vazifalaridan biri boshqarish. Axloqiy boshrish har bir alohida olingan shaxs va butun jamiyatni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun xizmat qildi. U odamlardagi nafsni jilovlash, salbiy oqibatlarga olib keladigan xatti - harakatlarning oldini olish, individning o‘z-o‘zini boshqarishi, ijtimoiy munosabatlarni axloqiylashtirish, axloqning insonparvar me’yorlarini hayotga tatbiq etish kabi masalalarni hal etishga qaratilgani bilan muhimdir. Bunda odamlarning o‘zni tutishlari va o‘zaro munosabatlarini jamiyat fikri hamda shaxsning axloqiy o‘z-o‘zini baholashi asosida, ma’qullash yoki tanbeh berish yordamida boshqariladi.
Axloqning insoniylashtirish vazifasi ham muhim. U odamzotni hayvoniy xislatlardan - zulm, zo‘ravonlik, zug‘um, adolatsizlik, insofsizlik kabi qator illatlardan forig‘ bo‘lishi, yuksak insoniy fazilatlar bilan yo‘g‘rilib yashashi, doimo komillikka intilishiga ko‘maklashish bilan belgilanadi. Ayni paytda mazkur vazifa axloqiy qonun-qoidalar hamma uchun majburiyligini ular oldida, ijtimoiy hayotda egallagan o‘rnidan qat’i nazar, barcha odamlarning teng ekanini ta’minlashga, jamiyatda obro‘parvarlik (avtoritarizm) axloqini inkor etishga va insonparvarlik (humanizm) axloqini barqaroq qilishga yo‘naltirilgan. Shunday qilib, biz ikki bob mobaynida baholi qudrat qisqacha axloqning ichki murvatlari to‘g‘risida fikr yuritdik. Endi uning tashqi ma’naviy olamda tutgan o‘rniga undagi boshqa ijtimoiy-ma’naviy hodisalar bilan o‘zaro aloqalariga to‘xtalib o‘tamiz.
Axloq falsafasi muammolaridan biri huquqiy va axloqiy normalarning munosabati masalasidir. Huquq va axloqning asosiy maqsadi shaxslarning, ijtimoiy guruhlarning yoki umuman jamiyatning manfaatlarini ta'minlaydi, odamlar xattiharakatlariga maqsadli ta'sir ko‘rsatadi. Axloq va huquqni insonlar oldiga qo‘yiladigan talablar majmuasi deyish mumkin. Inson huquqlariga e’tibor kuchayib borayotgan davrda axloq va huquq munosabatlari katta ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Аxloq ijtimoiy normalar asosiy turlaridan biri bo‘lib, insonning ichki-ruhiy munosabatini ijtimoiy-huquqiy hodisalarni, yaxshilik va yomonlik, burch va vijdon nuqtai nazaridan o‘zida aks ettiradi. Аxloqiy normalar, yoxud axloq normalari deb bir xildagi ish-amallarga joriy qilinadigan umumiy buyruqlar va taqiqlar orqali kishilar xatti-harakatini tartibga soluvchi axloq odob talablarining shakliga aytiladi.
Huquqiy normalarning yana bir oʼziga xos tomonlaridan biri shundaki, qonun va boshqa normativ hujjatlarda nima mumkinu,va nima mumkin emasligi qatʼiy, aniq va ravshan qayd etilaganligidadir. Shu munosabat bilan taʼkidlash kerakki, huquqiy normalar, ijtimoiy normalarining baʼzilaridan, masalan axloqiy normalardan farqli o‘laroq, yozma nutq, matnshunoslik bilan bogʼliq boʼladi. Shaxs xatti-harakatlarining taritibga soluvchi huquqiy normalar qonun kuchiga ega bo‘lgan muayyan hujjatlar shaklida tayyorlanadi. Huquq davlat irodasini ifoda etuvchi, davlat tomonidan belgilanadigan va ta'minlanadigan hamda jamoatchilik munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan umumbashariy, rasmiy ravishda belgilangan huquqiy normalar tizimi. Axloq esa – ijtimoiy hayotning yaxshilik va yomonlik, adolatlilik va adolatsizlik, burch, vijdon, g‘urur kabi kategoriyalar orqali inson ongida bevosita inikos etadigan qarashlar va tasavvurlardir. Axloqning o‘ziga xos xususiyatlari deganda biz uning qat’iy amrlik, me’yoriylik va baholash jihatlarini tushunamiz. Qat’iy amr o‘zini tutishdagi muayyan talabni, axloqiy qonun-qoidalarni bajarishini taqozo etadi. U shaxs manfaatlarini jamiyat manfaatlari bilan muvofiqlashtiradi va jamiyat manfaatlari ustuvorligini ta’minlaydi, ayni paytda shaxs erkinligini cheklamaydi, faqat o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘ymaydi. Unga ko‘ra, biror inson ikkinchi insonga vosita deb qaramasligi lozim. Qat’iy amr tug‘ma axloqiy hodisa, uning talabi so‘zsiz va ixtiyoriy tarzda bajarilishi kerak; u ixtiyor erkinligi bilan zaruriyatning mutanosibligini ifoda etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. A. Sher. Axloqshunoslik. Т., O'AJBNT — ‘Yangi asr avlodi’, 2003, 15-20-b.
2. Вернадский В.И. Начало и вечност жизни. М., ‘Советская Россия’, 1989. С. 131 - 188.
3. Загрытдинова Ф.В. Некоторые проблемы биомедицинской этики. Т., ‘Университет’, 2005. С. 5 — 40.
4. О человеческом в человеке. М., ‘Политиздат’, 1991. С. 247 — 261.
5. Тейяр де Шарден. Феномен человека. М., ‘Наука’, 1987. С. 135 - 186.
6. Фролов И. Т., Юдин В.Г. Этика науки. М., ‘Политиздат’, 1982.
7. www.fayllar.org
8. www.arxiv.uz
9. www.libbrary.ziyo.net
10. www.edu.uz
11. www.wikipediya.com
Yüklə 58,67 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə