Qadriyat tushunchasining tuzilishi va uning mazmuni



Yüklə 45,73 Kb.
səhifə1/2
tarix23.12.2023
ölçüsü45,73 Kb.
#155362
  1   2
qadriyat maqola




QADRIYAT TUSHUNCHASINING TUZILISHI VA UNING MAZMUNI




Rahmonova Nilufar Najmiddin qizi




KIRISH


Bugungi kunda oilalar o‘rtasida nizoli vaziyatlarni bartaraf etish O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy hayotining alohida muammosi hisoblanadi. Jamiyatda mazkur muammolarni bartaraf etish uchun mamlakatimizni demokratik yangilash, modernizatsiyalash, ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, odamlar ongida demokratik qadriyatlarni shakllantirish, fuqarolarning e’tiqod erkinliklarini ta’minlashda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan juda ko‘plab ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” farmonida ko‘zda tutilgan “Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish”, Ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Harakatlar strategiyasidan — taraqqiyot strategiyasi sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish va «Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-81-son farmonida va shu faoliyatga tegishli bo‘lgan boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan masalalarni hal qilishga ma’lum darajada xizmat qiladi.

MUHOKAMA VA MUNOZARA


Jahonda yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar zamirida rivojlanayotgan jamiyat o‘z ta’siri doirasida insonlarning qadriyatlariga ham sezilarli darajada o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida mazkur omillar sabab insonlarning dunyoqarashi va xulq-atvori ham o‘zgarib bormoqda. Olimlar esa mazkur o‘zgarishlarning konstruktiv va destruktiv jihatlari borligini alohida ta’kidlab o‘tadilar. Shu boisdan ham bugungi kunda inson ruhiyatini o‘rganuvchi olimlar qadriyatlarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqdalar.
Qadriyat deganda inson uchun ahamiyatli bo‘lgan, millat, elat va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari va maqsadlariga xizmat qiladigan tabiat va jamiyat hodisalari majmui tushuniladi. “Qadriyat” aslida arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida “qiymat”, “ahamiyat”, “qimmatbaho buyumlar”, “xalq boyligi” degan ma’nolarni anglatadi.
Qadriyat falsafiy jihatdan esa “... inson uchun biror ahamiyatga ega bo‘lgan shakllar, xolatlar, narsalar, voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab, tartiblarning qadrini ijtimoiy ahamiyatini ifodalash uchun ishlatiladigan falsafiy kategoriya” hisoblanadi[1].
Qadriyat ijtimoiy xususiyatga ega bo‘lib, kishilarning amaliy faoliyati jarayonida shakllanadi va rivojlanadi. Inson va uning hayoti eng oliy qadriyatdir. Inson yo‘q joyda biror bir narsaning qadr-qimmati haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham inson qadr-qimmatini e’zozlash, uning turmushini yaxshilash, bilimi va madaniy saviyasini rivojlantirish, sog‘lig‘ini saqlash, hayotini himoya qilish davlatimiz siyosatining ham asosiy yo‘nalishini tashkil etadi.



Jamiyatimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar, islohotlarning barchasi kishilar hayoti farovon, boy, go‘zal bo‘lishi, inson o‘zini chinakam erkin his qilishi, o‘z mehnati natijasi, o‘z taqdiri, o‘z mamlakatining egasi bo‘lishini ta’minlashga qaratilgandir.


Qadriyat - voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy- ma’naviy ahamiyatini ko‘rsatish uchun qo‘llanadigan tushuncha. Inson uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha narsalar, erkinlik, tinchlik, adolat, ijtimoiy tenglik, ma’rifat, haqiqat, yaxshilik, go‘zallik, moddiy va ma’naviy boyliklar, an’ana, urf-odat va boshqalar qadriyat hisoblanadi[2].
Qadriyat tushunchasi va uni ilmiy jihatdan o‘rganish metodini birinchi bo‘lib M.Veber[3] olib kirgan. Olim shaxs xatti-harakatlarining ratsional-qadriyatlarga yo‘nalganligiga to‘xtalib o‘tar ekan, mazkur yo‘nalganlik insonning doimo jamiyat me’yorlariga va talablariga bo‘ysunuvchi harakatlarini nazarda tutadi. Shu boisdan inson bu me’yorlariga va talablariga rioya qilishni zarur deb biladi. M.Veber qadriyat va din tushunchalari o‘rtasidagi farqli jihatlarni ham alohida ajratib o‘tadi. Olimning fikricha, qadriyatlar insonlar xatti-harakatarini tartibga soluvchi, din esa ularning hayoti davomida yuzaga keluvchi savollar va muammolarga javob beruvchi omil hisoblanadi.
M.Veberning din va qadriyat tushunchalari borasidagi qarashlaridan farqli ravishda E.Dyurkgeym qadriyatlarni ijtimoiy munosabatlar zamirida yuzaga keluvchi shaxsdan ham yuqori turuvchi kategoriya sifatida baxolaydi. E.Dryukgeym[4] nazariyasining asosiy mazmuni qadriyatlarning falsafiy muammolarini yechimini topish va shu yo‘sinda ba’zi noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etishga qaratiladi.
E.Dryukgeym fikricha, jamiyat barcha qadriyatlarni o‘z ichiga oladi va shu boisdan ham ular ma’lum bir haqiqatlarga asoslanadi. Shuningdek, insonlarni boshqarish ko‘pincha qadriyatlarga yo‘nalganligi orqali amalga oshiriladi. Bunda asosan ijtimoiy normalar va qadriyatlarning ahamiyatlilik darajasi tenglashtiriladi. Olim qadriyatlarni quyidagi guruhlarga ajratadi:

  • iqtisodiy qadriyatlar;

  • etik qadriyatlar;

  • diniy qadriyatlar

  • estetik qadriyatlar

E.Dyurkgeym fikricha qadriyatlar individual bo‘lib jamiyatga va jamoaviy tafakkurga ta’sir o‘tkazuvchi asosiy kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Din esa butun jamiyatning qadriyatlarini belgilab beradi. Din e’tiqod va marosimlarning maxsus tizimi bo‘lib, jamoaviy yoki yakka tartibda diniy amallarni bajaruvchi maxsus joylar bilan chambarchas bog‘langan bo‘ladi[5].
Qadriyat umumiy mazmuniga nisbatan, sub’ekt tomonidan ob’ektiv voqelik sari yo‘naltirilgan, eng muhim maqsadlar va ma’noni o‘z ichiga olgan, ma’lum intilishlarni o‘zida mujassam etgan ixtiyoriy, hissiy, intellektual kechinmalar majmuasi sifatida qaraladi. Qadriyat sub’ektiv kechinmalarni keltirib chiqaradigan ob’ektlarning ma’nolari va ularni yaratishdan iborat bo‘lgan ma’naviy ijod namunasi sifatida tushuniladi. Qadriyat bu holda borliqning mazmunli maqsadi sifatida tushuniladi va shaxsning ob’ektlarga bo‘lgan munosabati hodisasidir.
Qadriyatlarga oid izlanishlar olib borgan olimlardan Platon, V.Vindelband, G.Rikert, M.Sxeler, N.Losskiylar na tabiatga, na insonga tegishli bo‘lmagan transsendent “qadriyatlar olami”ni ta’kidlab o‘tishganlar. O‘tmishdagi ko‘plab mutafakkirlarning fikriga ko‘ra, qadriyatlarning yagona ma’nosi, ideal, Ilohiy mavjudot tomon intilishdan iborat deb hisoblaganlar.
Yuqorida qayd etilib o‘tilgan olimlardan farqli ravishda nokllassik dunyoqarash olimlari psixoanaliz nazariyalaridan foydalangan holda insoniy qadriyatlarning asosiy mazmunini hokimiyat tamoili va zavqlanish hissi tashkil etadi deb ta’kidlaydilar. Shunday bo‘lsada, ikkala yo‘nalishdagi yondashuvlar ham qadriyatlarni – shaxsiy va umuminsoniy intilishlarni aks ettirish ko‘rsatkichi sifatida qaraydilar[6].

Qadriyatlar komillikka erishishga qaratilgan, shaxs va uning atrofidagi dunyoning ichki rivojlanishi uchun ma’noli jihatlari bilan to‘ldirish orqali ijodiy ta’sir ko‘rsatadigan ong va borliqning ustunlari sifatida tasniflanishi mumkin. Qadriyatlar inson va uni o‘rab turgan olamni ahamiyatli rishtalar bilan bog‘laydi hamda bu munosabatlarni kerakli tomonga o‘zgartiradi.


Qadriyatlar - axloq nuqtai nazaridan ijobiy ma’noga ega bo‘lgan tushunchalar hisoblanadi. Qadriyatlar jamiyatda mavjud ijtimoiy me’yorlar, shu jumladan shaxslararo munosabatlar, insonning o‘zini-o‘zi nazorat qilishi kabi muhokama qilinmaydigan xatti-harakatlar qoidalari bilan chambarchas bog‘langandir.
Qadriyatlar tizimi nafaqat insonning xulq-atvor muhitini tartibga soladi, balki shaxsning ma’naviy tuzilishini shakllantirishga ham ta’sir qiladi. Qadriyatlar inson taraqqiyoti yo‘lini belgilashda muhim omil bo‘lib hisoblanadi. Qadriyatlarni o‘rganish mobaynida uni quyidagi turlarga ajratilib ko‘rsatiladi:

  • ma’naviy qadriyatlar

  • estetik qadriyatlar

  • diniy qadriyatlar

Ushbu tushunchada qadriyatlar har qanday madaniyatning boshlang‘ich tamoyillari bo‘lib, “madaniyatning asosi va poydevori”[7] sifatida qaraladi. O‘z navbatida jamiyat madaniyatining mohiyati va o‘ziga xosligini belgilaydi. Bu inson mavjudligini hayvonlar mavjudligidan ajratib turadigan qadriyatlardir[8]. Madaniy rivojlanish darajasi jamiyatning barcha sohalarida - siyosatda, fanda, iqtisodda, dinda, huquqda, san’atda, axloqda qadriyatlarni anglash va ularning munosabatlarini amalga oshirish darajasi bilan belgilanadi.
Inson ehtiyojlarini qondirishda tabiiy qadriyatlar katta ahamiyat kasb etadi. Tabiiy qadriyatlarga yer va yer osti boyliklari, suv, havo, o‘rmonlar, o‘simliklar va hayvonot dunyosi va boshqalar kiradi.
Inson mehnati, xatti-harakati, aql-zakovati tufayli “ikkinchi tabiat”ni yaratadi. Bu tabiat tarkibiga turli-tuman moddiy boyliklarni kiritishmiz mumkin. Ana shunday mehnat natijasida yuzaga kelgan zavodlar va fabrikalar, ishlab chiqarish va transport vositalari, asbob-uskuna, turar-joy, mol-mulk, inshoot va shu kabilar moddiy qadriyatlar hisoblanadi. Moddiy qadriyatlarning negizini mulk tashkil etadi.
Inson hayotida madaniy-ma’naviy qadriyatlar katta o‘rin egallaydi. Unga ilmiy-texnikaviy va intellektual imkoniyatlar, maorif, ta’lim-tarbiya, tibbiy xizmat, milliy meros, turli shakllarda namoyon bo‘ladigan madaniyat durdonalari, til, adabiyot, san’at, xalq hunarmandchiligi mahsulotlari, noyob tarixiy va madaniy yodgorliklar, arxitektura va hokazolar kiradi[9].
Jamiyat taraqqiyotida, inson hayotida ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar esa alohida o‘rin tutadi. Ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar ichida eng zaruriylari - erkinlik, tenglik, birodarlik insoniyat tomonidan hamisha e’zozlangan va qadrlanganlar hisoblanadi. Insonning erkinligi, uning shon- shuhrati va qadr-qimmati jamiyatimizning oliy qadriyatidir. Ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar ichida istiqlol tufayli qo‘lga kiritilgan barqarorlik, tinchlik, totuvlik alohida ahamiyat kasb etadi.
Milliy qadriyatlar murakkab ijtimoiy-ruhiy hodisa bo‘lib, u millatning tili, madaniyati, tarixi, urf- odatlari, an’analarini, jamiki moddiy va ma’naviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotini barcha tomonlarini qamrab oladi. Inson uchun ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy, axloqiy qadriyatlar jamiyat taraqqiyotida salmoqli o‘rin egallab, kishilarning insoniy fazilatlarini yuksaltirishda katta xizmat qilib kelmoqda. Qadriyatlar jamiyat hayotida ijtimoiy-siyosiy, falsafiy, tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ular o‘tmish bilan hozirgi kun o‘rtasidagi vorisiylikni ifodalaydi, shu tufayli millatning tarixi, uning o‘tmish hayoti, madaniyatida gavdalanadi.
Har bir millat, har bir xalq o‘z hayot tarzida, kelajagini barpo etishda ajdodlarining tarixiy tajribasiga asoslanadi. Avvalo inson o‘zligini anglab yetishi kerak. O‘z taraqqiyoti uchun har bir millat umuminsoniy ma’naviyat boyliklari xazinasidan foydalanishi, unga suyanishi tarixiy
zaruratdir. Umuminsoniy ma’naviyat boyliklaridan foydalanish milliy cheklanganlik qobig‘idan chetga chiqishga, olamni kengroq ko‘rish va kuzatishga undaydi[10].
Ulug‘ bobokalonlarimiz Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayxon al- Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Ismoil Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, G‘azzoliy, Bahovuddin Naqshband, Mahmud Zamaxshariy va boshqalarning nomlari jahon xalqlari tomonidan hanuzgacha hurmat bilan tilga olinib kelinmokda. Markaziy Osiyo mutafakkirlari yaratgan fan va madaniyatning barcha sohalariga taalluqli nodir asarlar, qimmatli fikr-mulohazalar bugungi kunda ham jahon xalqlari ma’naviyat dunyosini boyitib, ularning ma’naviy kamolotiga xizmat qilmokdaki, bundan biz faxrlansak arziydi[11].
Ota- bobolarimizdan bizga qoldirilgan boy ma’naviy merosni avaylab, uni zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan ijodiy boyitib, kelajak avlodning tafakkuri, dunyoqarashini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirish eng muhim zaruratdir.
Shuning uchun, kishilarda ijtimoiy qadriyatlar, buyuk kelajak, taraqqiyotga bo‘lgan ishonchni, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishga bo‘lgan e’tiqodni shakllantirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Hozirgi bosqichda jamiyatimiz o‘z taraqqiyot tarixida muhim davrni boshdan kechirmoqda va bu faoliyatning barcha jabhalarida o‘z ifodasini topmoqda. Jahonda globallashuv jarayoni bir millat turmush tarziga boshqa millatning madaniyat modellari kirib kelishiga zamin yaratmoqda. Bu jarayon esa jamiyatda mavjud madaniyatga kuchli ta’sir o‘tkazib ma’naviyatni pasayishiga olib kelmoqda. Bu muammolar har qachongidan ham zamonaviy jamiyatning o‘zini o‘zi saqlash va yanada rivojlantirish uchun ijtimoiy qadriyatlarni tiklash va asrab-avaylash zarurligi dolzarblashib bormoqda. Jamiyatda kechayotgan yangilanish jarayonlari zamonaviy dunyoda faol va mas’uliyatli bo‘lishga qodir ma’naviyatli shaxsni shakllantirishni taqozo etadi.
Ijtimoiy qadriyatlarni shakllantirish muammosi bugungi kunda eng dolzarb va har tomonlama tushunishni talab qiladigan muammolardan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda.

Xulosa


Xulosa qilib aytganda shaxsning ijtimoiy qadriyatlari va hayotiy yo‘nalishlarini shakllantirishda oilaning o‘rni katta, aslida u shaxsning dunyoqarashi va me’yorlarining shakllanishiga alohida ta’sir ko‘rsatadi.
Bizningcha, oila ma’naviy-ijodiy shaxsni shakllantiruvchi, inson tug‘ilib, tugaydigan o‘ziga xos tarbiyadir. Har bir insonning uyi va oilasi osoyishta go‘sha, haqiqiy ma’naviy shaxs shakllanishi mumkin bo‘lgan hududga muhtoj. Yosh avlod ma’naviy olamini pokiza saqlashda keksa avlod qonunlariga amal qilish ham muhim omil bo‘lmoqda.
Bundan kelib chiqqan holda, hozirgi bosqichda oilaviy an’analarni tiklash va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni rivojlantirish umidsizlik va jamiyat ma’nosini yo‘qotishdan qochishga yordam beradi, deb taxmin qilish mumkin. Shu nuqtai nazardan, shaxsning ichki dunyosini himoya qilishni asrash, shaxs ichidagi og‘ir nizolar xavfini oldini olish yoki yumshatish, bizningcha, insonning buguni va yertasi mustahkam yashashining eng muhim shartlaridan biridir.



Yüklə 45,73 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə