Reja: Iqtisodiyotni boshqarish va tartibga solishda davlatning roli



Yüklə 29,07 Kb.
səhifə2/4
tarix25.04.2023
ölçüsü29,07 Kb.
#106932
1   2   3   4
iqtisodiyot nazariyasi

Bojxona to`lovlari davlat tomonidan iqtisodiyotni tartibga solish, aniqrog`i, eksport va importni cheklash yoki rag`batlantirishning muhim vositasi hisoblanadi. Ularning stavkalari ko`paysa, chegaradan o`tayotgan tovarlar miqdori kamayadi va aksincha, stavkalarning kamayishi tovarlar oqimining ko`payishiga olib keladi.
Yana shuni ham aytib o`tish joizki, davlat o`zining kredit siyosati orqali iqtisodiyot taraqqiyotiga ham o`zining ta`sirini o`tkazib turadi.
Davlatning iqtisodiyotni tartibga solish mexanizmida jamiyatda siyosiy, ijtimoiy barqarorlikni ta`minlash maqsadida aholining iqtisodiy jihatdan nochor yashayotgan guruhlarini ijtimoiy himoyalash muhim o`rin tutadi. Aholining yordamga muhtoj qismini ijtimoiy himoyalash uchun jamiyat milliy iqtisodiyot tarmoqlarini, shu jumladan, qishloq xo`jaligini qo`llab-quvvatlash maqsadidagi daromadlar davlat tomonidan qayta taqsimlanadi. Daromadlarning qayta taqsimlash tizimida davlat muhim o`rin tutadi. Davlat tomonidan daromadlarning qayta taqsimlanishi iqtisodiyotni tartibga solish mexanizmining muhim unsuri hisoblanadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmida makroiqtisodiy barqarorlashtirish chora-tadbirlari ham muhim o`rin tutadi. Ma`lumki, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishbilarmonlik faolligi o`zgarib turadi, iqtisodiy o`sish uning pasayishi bilan almashinib turadi. Uning oqibatida firmalarning sinishi va ishsizlarning ko`payishi ortadi, aholi turmush darajasi pasayadi, ular ko`p qiyinchiliklarni boshdan kechiradilar. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta`minlash mexanizmi yordamida iqtisodiy o`sish tsiklidan tanglikka (pasayishga) o`tishdagi salbiy oqibatlarni cheklash, shuningdek, tanglikdan iqtisodiy o`sish sari o`tish imkoniyatlari vujudga keladi.
Shunday qilib, iqtisodiyotni tartibga solishning davlat mexanizmi jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ta`sir ko`rsatuvchi va ko`maklashuvchi chora-tadbirlar tizimidan iborat degan xulosa qilish mumkin.
Iqtisodiy taraqqiyotni bashorat qilish va rejalashtirish
Markazlashgan rejali iqtisodiyot tizimi sharoitida xo`jalik yuritish to`la-to`kis davlatning direktiv, ya`ni yuqoridan tushiriladigan ko`rsatmalari va reja topshiriqlari asosida amalga oshirilar edi. Rejalar qonun kuchiga ega bo`lib, ularni bajarish shart va majburiy hisoblanar edi. Hamma narsani yuqoridan turib rejalashtirish amaliyoti korxonaning xo`jalik mustaqilligi, erkinligi va tashabbuskorligini cheklab qo`yar, bu o`z navbatida iqtisodiyot taraqqiyotiga salbiy ta`sir ko`rsatar edi.
Bozor iqtisodiyotiga o`tilgach, tabiiyki, xo`jalik yuritishni yuqoridan turib rejalashtirish tizimi barham topdi. Ayni vaqtda iqtisodiy taraqqiyot masalalarini bozor munosabatlari o`zi hal qiladi, ularga hech kim, hatto davlat ham aralashmasligi kerak, degan noto`g`ri tushuncha ham paydo bo`ldi.
Biroq o`tgan yillar tajribasi shundan dalolat beradiki, iqtisodiy taraqqiyotni, umuman, korxona (firma)lar iqtisodiy faoliyatining, xususan, o`rta va uzoq muddatlarga mo`ljallangan rejalarining yo`qligi bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xo`jalik yuritishdagi qator qiyinchiliklar, korxona (firma)ning bankrotga uchrashi, ayrim tovarlar narxining “osmon”da ekani, ishsizlar sonining ko`payishi va boshqalar rejalashtirish tizimining yaxshi yo`lga qo`yilmaganining oqibati, deb baholash mumkin.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ham iqtisodiyotni boshqarish va qo`yilgan maqsadga yo`naltirishni davlat tomonidan tartibga solib turilishi muhim ekanligi ayon bo`lib qoldi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning engmuhim shakllaridan biri iqtisodiy taraqqiyotni bashorat qilish varivojlantirishdir. Mamlakat miqyosida ishlab chiqaruvchi kuchlarnirivojlantirish, hududiy va tarmoqlararo mehnat taqsimoti, davlat mulkiningmavjudligi, iqtisodiyotga jalb etilayotgan sarmoyalar harakatinimuvofiqlashtirish zarurati va boshqalar iqtisodiy taraqqiyotni bashorat qilishva rejalashtirishni taqozo etadi.
Bashorat qilish istiqbolni oldindan ko`ra olishning quroli sifatida boshqaruvning samarali dastagi hisoblanadi. Undan foydalanmaslik ishlab chiqarishning kamayishiga olib keluvchi sabablardan biridir. Shuning uchun mulkchilik shaklidan qat`iy nazar, korxonalar (firmalar) rivojlanishini o`rta va uzoq muddatga bashoratlash va davlat tomonidan tartibga solish tizimini joriy qilish muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiy taraqqiyot istiqbolini aniqlash bashorat qilish deb yuritiladi va u, odatda, uzoq muddatga (10 yilgacha) va o`rta muddatga (5 yilgacha) mo`ljallanadi. Bunda o`tgan davrdagi iqtisodiy rivojlanish holati va yo`l qo`yilgan kamchiliklar tahlilidan kelib chiqib va bozor kon`yukturasini o`zgarish tendentsiyalariga asoslanib, kelajakda iqtisodiy rivojlanishning qanday bo`lishi va u qanday natijalarga olib kelishi bashorat qilinadi.
Iqtisodiy taraqqiyotni bashorat qilishda bozor munosabatlarinig o`ziga xos xususiyatlarini e`tiborga olish juda muhim. Gap shundaki, iqtisodiy bashorat markazlashgan rejali iqtisodiyot tizimi hukmron bo`lgan davrda ham mavjud edi. Biroq u davrda bashorat qilish va rejalashtirishning bosh masalasi ishlab chiqirishning rivojlanishi edi. Endilikda, ya`ni bozor munosabatlari sharoitida, bosh masala iste`mol bozori talabini qondirishdir. Bozor munosabatlari sharoitida istiqbolni belgilashning oldingi davrdagi bashoratlashdan asosiy farqi ham shundan iborat.
Iqtisodiy taraqqiyotni bashorat qilish va rejalashtirishni iste`mol bozori talabiga qaratilishi korxona (firma)larni yaxshi samara bermayotgan ishlab chiqarishdan voz kechib, yuqori samaradorlikni ta`minlovchi ishlab chiqarish bilan shug`ullanishga majbur etadi.
Bozor iqtisodiyotining bu xususiyatini e`tiborga olish bilan bir qatorda bashoratlash va rejalashtirishning ilmiy asosda amalga oshirilishi, marketing tadqiqotlari va ishonchli ma`lumotlarga asoslanishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bashoratlar asosida iqtisodiy rivojlanish dasturlari ishlab chiqiladi. Ularda iqtisodiyot rivojlanishining moddiy va ijtimoiy maqsadlari belgilanadi. Maqsadlarni amalga oshirish uchun zarur bo`lgan sarmoyalar rejalari tuziladi, ishlab chiqarish bilan iste`mol o`rtasidagi, ishlab chiqarish bilan import, ishlab chiqarish bilan eksport, eksport bilan import o`rtasidagi bog`liqliklar aniqlanadi. Iqtisodiy rivojlanishning umumdavlat dasturlari asosida rejalar qabul qilinadi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida dastur va rejalar davlat korxonalari uchun direktiv, xususiy sektor uchun taklif xarakteriga egadir. Tadbirkorlarning rejalarga amal qilishlarini rag`batlantirish maqsadida ularga soliq to`lashda, kredit va subsidiyalar olish, xomashyo, yoqilg`i, energiya, asbob-uskunalar xarid qilishda, tovarlarni eksport qilishda imtiyozlar beriladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida istiqbolni belgilash tizimi mahsulot ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy manfaatdorligiga asoslanadi. Katta tashkiliy-iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirishda mahsulot ishlab chiqaruvchilarning o`zlari tashabbuskorlik qiladilar. Istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda davlatning aralashuvi kredit xizmati ko`rsatish, xomashyo, yoqilg`i resurslarini ajratish, oqilona soliq siyosatini o`tkazish va davlat ehtiyoji uchun mahsulotlar sotib olishdan iborat bo`ladi. Iqtisodiy rivojlanish istiqbolini belgilashda davlat resurslari va mablag`larining nodavlat sektorida xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning mablag`lari bilan birgalikda ishtirok etishini ta`minlash hamkorlikdagi dasturlar va loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutish katta ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiy taraqqiyotni belgilash tizimi quyidagi vazifa va masalalarni bajarishga qaratiladi:
-milliy iqtisodiyot va uning tarmoqlari hamda mintaqalarning yaqin va uzoq muddatdagi rivojlanishining asosiy ko`rsatkichlarini belgilash;
-ishlab chiqarishning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish istiqbollarini belgilash.
Iqtisodiy taraqqiyotni bashorat qilishdan ko`zlangan maqsad ishlab chiqarishni boshqarish va tartibga solishni ta`minlash, mavjud resurslardan samarali va oqilona foydalanish uchun zarur sharoitlarni yaratish va pirovard natijada iste`mol bozori talablarini to`laroq qondirishdan iborat bo`lib, bu vazifalarni bajarish ko`p jihatdan bashoratlash usullariga bog`liq.
Jahon amaliyotida bashoratlashning bir necha usullari mavjud bo`lib, ular asosan quyidagilardan iboratdir:
-dasturiy-maqsadli usul;
-indikativ (tavsiyaviy) usul;
-ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur sarmoyalarning o`sish istiqbollarini belgilash usuli.
Dasturiy-maqsadli usul ko`proq mamlakat miqyosidagi yirik ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarni amalga oshirish uchun qo`llansa, indikativ (tavsiyaviy) usul ishlab chiqarish, ayniqsa, qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishining istiqbollarini belgilashda asqotadi. Sarmoyalarning o`sish istiqbollarini belgilash usuli mamlakat, uning hududlari va viloyatlari miqyosida ham, iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarish korxonalari darajasida ham qo`llanishi mumkin.
Iqtisodiy taraqqiyotni belgilashning eng nozik tomonlari, bu – bashoratlash ko`rsatkichlariga erishish uchun ishlab chiqarishni kafolatlangan moddiy va moliyaviy resurslar bilan taьminlanganidir. Bu muammo to`liq hal etilmaganligi ishlab chiqilgan dastur va loyihalarning ko`p hollarda qisman bajarilib yoki umuman bajarilmay qolishiga sabab bo`ladi.
Shunday qilib, bozor munosabatlari sharoitida davlatning iqtisodiyotga aralashuvi iqtisodiyot tarmoqlarini oqilona boshqarish, mamlakat va uning hududlari iqtisodiy taraqqiyotidagi nozik jihatlarni oldindan belgilab olish, taraqqiyotning ustivor yo`nalishlarini aniqlash va aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari va loyihalarini amalga oshirishdan iboratdir.
Milliy iqtisodiyotni tartibga solish va boshqarish zarurati muayyan vazifalarni bajaruvchi va muayyan vakolatlarga ega bo`lgan boshqarish organlari faoliyatini taqozo etadi. Mamlakat miqyosida iqtisodiyotni boshqarish respublika hukumati, ya`ni Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi. U o`z vakolatlari doirasida nafaqat iqtisodiy jarayonlarni, balki ijtimoiy jarayonlarni ham boshqaradi.
Iqtisodiyotni boshqarish va uni umumdavlat manfaatlariga asoslangan holda tartibga solish, tabiiyki, oddiy vazifalar sirasiga kirmaydi. Buning uchun hukumat tomonidan bozor iqtisodiyotining huquqiy mexanizmini ro`yobga chiqarish asosida mulkchilik shakllarining tengligini ta`minlash, erkin tadbirkorlik uchun zarur sharoitlar yaratish, iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish siyosatini o`tkazish, kichik va o`rta biznesning rivojlanishiga ko`maklashish talab qilinadi. Shu maqsadda hukumat pul va kredit tizimini mustahkamlash siyosatini ishlab chiqadi, yagona narx siyosatini o`tkazadi, mehnat miqdori va ijtimoiy ta`minot darajasi borasida belgilangan kafolatlarni ta`minlash chora-tadbirlarini ko`radi. Vazirlar Mahkamasi o`ziga bo`ysinuvchi vazirliklar va idoralar ishini muvofiqlashtirib, ularning ijtimoiy siyosatni ro`yobga chiqarish borasidagi mas`uliyati darajasini va buning uchun zarur bo`lgan funktsiya va vakolatlarni belgilaydi, respublika byudjeti, shuningdek, respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim dasturlarini ishlab chiqadi.
Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunlarga muvofiq mamlakat hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo`lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Ma`lumki, iqtisodiy islohotlarning pirovard natijalari uni amalga oshirish ob`ektidan (respublika, tarmoq, korxona) qat`iy nazar, mujassamlashgan holda hududiy birlik (viloyat, tuman, shahar)lar darajasida namoyon bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin mamlakatimizda huquqiy-demokratik davlat barpo etish oliy maqsad qilib belgilandi. Buning uchun ikkita muhim vazifani hal etish talab qilinadi. Bularning birinchisi, bozor munosabatlariga asoslangan va ijtimoiy yo`naltirilgan iqtisodiyotni barpo etish bo`lsa, ikkinchisi, davlat hokimiyatining vakillik va o`zini-o`zi boshqarish organlarining yangi tizimini yaratishdir.
O`tgan davr ichida respublikamizda bozor islohotlari chuqurlashib, huquqiy-demokratik institutlar rivoj topdi va ayni vaqtda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining faoliyati ham takomillashib bordi.
Mahalliy davlat hokimiyati bir-biriga bo`ysunmagan davlat va vakillik organlaridan iborat bo`lib, ular o`z faoliyatlarini o`zaro hamkorlik asosida tashkil etadilar.
Viloyat, tuman, shahar hokimi viloyat, tuman va shaharning oliy mansabdor shaxsi bo`lib, ayni bir vaqtda tegishli hududdagi vakillik va ijroiya hokimiyatini boshqaradi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir hudud o`z iqtisodiy rivojlanishida ko`proq erkinlikka ega bo`lishi, ishlab chiqarish natijalaridan, avvalo, ushbu hudud aholisi manfaatdor bo`lishi lozim. Ma`lumki, respublikamizda bozor munosabatlariga o`tish jarayoni yangi-yangi ijtimoiy munosabatlarning, ayniqsa, mulk munosabatlarining vujudga kelishiga sabab bo`ldi. O`zini-o`zi mablag` bilan ta`minlash tamoyili joriy etilib, xo`jalik yuritishning mutlaqo yangi usullari vujudga keldiki, bularga eskicha usul bilan, eski organlar bilan rahbarlik qilib bo`lmay qoldi. Shu munosabat bilan yangicha ishlash qobiliyatiga ega bo`lgan, ya`ni mas`uliyatni o`z zimmasiga olib, masalalarni tezkorlik bilan hal qila oladigan davlat organlari zarur bo`lib qoldi. Bu zarurat mahalliy boshqaruv amaliyotida mavjud bo`lgan organlarni vakillikka asoslangan va yakka boshchilik tamoyili asosida ish yurituvchi organlar bilan almashtirishni taqozo etdi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan mahalliy hokimiyat organlari vakolatiga quyidagilar kiradi:
-qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta`minlash;
-hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
-mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig`imlarni belgilash, byudjetdan tashqari jamg`armalarni hosil qilish;
-mahalliy kommunal xo`jalikka rahbarlik qilish;
-atrof-muhitni muhofaza qilish;
-fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta`minlash;
-normativ xujjatlarni qabul qilish hamda O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Yuqoridagilar mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati organlarining birgalikda amalga oshiradigan vazifalari bo`lib, ularning vakolati shu vazifalardan kelib chiqadi.
Bozor munosabatlarining rivojlanishi xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning moliya-xo`jalik mustaqilligini kengayib borishini taqozo etadi. Bu o`z navbatida ularning gorizontal xo`jalik aloqalarining rivojlanishiga olib keladi. Natijada markaziy boshqaruv organlarining vakolatlari torayib boradi.
Hozirga qadar saqlanib qolgan tarmoq boshqaruv organlari mamlakatimizning strategik iqtisodiy siyosatidan kelib chiqqan holda quyidagi vazifalarni hal etish bilan shug`ullanadi:
-tarmoq rivojlanishining umumiy yo`nalishlarini aniqlash;
-ilmiy-texnikaviy siyosatni o`tkazish;
-chet el investitsiyalarini jalb etish;
-ekologik muammolarni hal qilish.
Shuni ham aytib o`tish kerakki, mamlakat miqyosida makroiqtisodiy barqarorlik va rivojlanishga oid vazifalarni bajarishda O`zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Moliya vazirligi o`zlarining alohida o`rniga ega bo`lib, bozor munosabatlarining rivojlanishi ularning maqsadiga salbiy ta`sir ko`rsata olmaydi.
Respublikamiz milliy iqtisodiyotida o`nlab tarmoqlar, minglab korxonalar faoliyat ko`rsatadi. Ularni bir-biri bilan muvofiqlashtirish, mamlakatimiz hududida joylashtirish va mahsulot (xizmat)ga bo`lgan talabni aniqlash har bir tarmoq oldida turgan keng qamrovli masalalar hisoblanadi. Bularni samarali va oqilona hal qilish boshqarishning tarmoq organlari hisoblanuvchi vazirliklar, davlat qo`mitalari, kontsernlar, kontsortsiumlar, assotsiatsiyalar va xolding kompaniyalari zimmasiga yuklatilgan.

Yüklə 29,07 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə