Reja: J. S. Mill metodologiyasi



Yüklə 29,73 Kb.
tarix16.06.2023
ölçüsü29,73 Kb.
#117503
J. S. Millning iqtisodiy ta’limoti.doc1


Tema: J.S.Millning iqtisodiy ta’limoti
Reja:


  1. J.S.Mill metodologiyasi

  2. Qiymat, baho va pul

  3. Kapital va foyda

  4. Pul, kredit va savdo inqirozi nazariyalari

  5. Iqtisodiy taraqqiyot

  6. J.S.Mill va ijtimoiy masalalar

Jon Styuart Mill (1806-1873) klassik siyosiy iqtisodni yakunlovchilardan biri hisoblanadi. Uning otasi Jeyms Mill iqtisodchi, D.Rikardoning yaqin og‘aynisi bo‘lib, o‘g‘lining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullangan. Shuning uchun Millga o‘n yoshidayoq jahon tarixini, grek va latin adabiyotlarini ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelgan. O‘n uch yoshida u bir vaqtning o‘zida falsafa, siyosiy iqtisod va boshqa fanlarni o‘rganishni davom ettirgan holda Rim tarixini yozib chiqqan.


J.S.Mill o‘zining siyosiy iqtisod bo‘yicha birinchi «Tajriba»sini 23 yoshida, ya’ni 1829 yil nashr etdi. 1843 yili unga shuhrat keltirgan «Mantiq tizimi» nomli falsafiy asari vujudga keldi. Asosiy asari beshta kitobdan iborat «Siyosiy iqtisod asoslari…» bo‘lib, u 1848 yili chop etilgan. J.S.Mill bu asarida klassik maktabning Juda ko‘p kontseptsiyalarni rivojlantirdi va umumlashtirdi.
Baho o‘zgarishining talab miqdoriga bo‘lgan ta’sirini (hozir bu yo‘nalish talab elastikasi nazariyasi deyiladi), bozor muvozanatini o‘rnatish mexanizmini, kredit operatsiyalarini, xalqaro savdo muammolarini, bozor iqtisodiyotida davlatning rolini tahlil qilishi J.S.Millning asosiy ilmiy xizmatlaridan hisoblanadi.
J.S.Mill metodologiyasi
J.S.Mill siyosiy yiqtisodni boylikning mohiyatini, uni ishlab chiqarish va taqsimlash qonunlarini tadqiqot qiluvchi fan sifatida ta’riflaydi. Shu bilan birga, uning fikricha, taqsimot tarixiy xarakterga ega bo‘lib, ishlab chiqarish qonunlari esa abadiy hisoblanadi.
Ko‘pchilak mutaxassislarning fikriga ko‘ra, iqtisodiy fanning metodologiyasini takomillashtirish J.S.Millning asosiy xizmati hisoblanadi. U nazariy xulosalar faqat muayyan sharoitda to‘g‘ri bo‘lishidan kelib chiqqan holda, har qanday nazariy sxemaning nisbiyligini doimo ta’kidlagan va ko‘p omilli tahlilning zarurligini ko‘rsatib bergan. Tadqiqot metodi J.S.Millning tavsiyasiga ko‘ra, ikki asosiy narsaga Aaoslanadi: 1) xulosa va yakun, odatda, faqat muayyan sharoitda to‘g‘ridir; 2) ular har tomonlama (universal) bo‘lishi mumkin emas. Iqtisodiy hayotda bitta emas, balki juda ko‘p sabablar amal qiladi. Ularni anglash, asosini ajratib olish juda qiyin, lekin shunday bo‘lsada ularni qo‘shib yuborish emas, balki sabab va oqibatini bir-biridan ajrata bilish lozim.
Iqtisodiy fanni rivojlantirish va boyitish – bu xulosalarni doimo almashtirib turish hamda sxema qabul qilishda (rasmiy tan olingan) qo‘l kelmaganlarini uloqtirib tashlash emas, balki o‘zgarib turuvchi sharoitlarni va o‘zaro aloqalarning doimo hisob-kitob (uchyot) qilib turishdir. Bu turli kontseptsiya va qarashlarni, yondashuv va tavsiyalarni taqqoslash, bilimlarning meros bo‘lib qolishligini saqlab qolishdir.
J.S.Mill siyosiy iqtisodni iqtisodiy qonunlar to‘g‘risidagi fan sifatida tadqiqot etadi. U raqobat qonunini, talab va taklif qonunini, differentsial renta qonunini, Xalqaro savdo qonunini va boshqa bir qator qonunlarni ajratib ko‘rsatib berdi. Siyosiy iqtisodiy tayyor qoida yoki tamoyillar yig‘indisi sifatida qaralishi mumkin emas. Amaliy qoidalar va konkret tavsiyalar nazariy qoida va xulosalarga asoslangan bo‘lishi kerak. Ular sharoit va vaziyat o‘zgarishi bilan o‘zgarib turiladi.
Qiymat, baho va pul
J.S.Mill fikri bo‘yicha, boylik almashuv qiymatga ega bo‘lgan ne’matlardan tashkil topadi. «Evaziga hech nima olib bo‘lmaydigan narsa, u qanchalik foydali yoki zarar bo‘lmasin, boylik hisblanmaydi… Masalan, havo inson uchun mutlaq zarur hisoblansada, bozorda hech qanday narxga ega emas, negaki uni tekinga olish mumkin». Ammo ne’matlarning cheklanganligi his qila boshlansa, ular darhol almashuv qiymatga ega bo‘ladi va boylikka aylanadi. Tovar qiymatning puldagi ifodasi uning bahosi hisoblanadi.
Pulning qiymati unga sotib olinishi mumkin bo‘lgan tovarlar miqdori bilan o‘lchanadi. «Boshqa barcha sharoitlar bir xil bo‘lganda pulning qiymati pul miqdoriga teskari mutanosiblikda o‘zgaradi: pul miqdorining har qanaqasiga ko‘payishi uning qiymatini pasaytiradi, pulning har qanaqasiga kamayishi esa uning qiymatini bir xil mutanosiblikda oshiradi… Bu – pulning maxsus xususiyati». Qachonki pul mexanizmi buzilsa, faqat shundagina iqtisodiyotda pulning ahamiyati sezila boshlaydi.
Baho bevosita raqobat asosida o‘rnatiladi. Raqobat esa xaridor arzon olishga, sotuvchi esa qimmat sotishga intilishi sababli kelib chiqadi. Erkin raqobatda bozor bahosi talab va taklif darajasiga qarab o‘rnatiladi. Aksincha, «monopolist o‘z ixtiyoricha xohlagan yuqori bahoni o‘rnatishi mumkin, faqat u xaridor sotib olishi yoki xohshi mumkin bo‘lgan bahodan yuqori bo‘lmasa bas; ammo bunga u faqat taklifni kamaytirish yo‘li bilan erishishi mumkin».
Uzoq davr mobaynida tovar bahosi uning ishlab chiqarish xarajatlardan past bo‘lishi mumkin emas, negaki hech kim o‘z zarariga ishlashni xohlamaydi. Shuning uchun talab va taklif o‘rtasidagi barqaror muvozanat «qachonki buyumlar bir-biriga faqat ularning ishlab chiqarish xarajatlariga mos ravishda ayriboshlangandagina o‘rnatiladi».

Kapital va foyda


J.S.Mill jamg‘arish natijasida vujudga keladigan mehnat mahsulotlari zahirasini kapital deb atagan. Ishlab chiqarish faoliyati kapital miqdori bilan chegaralanadi. Kapitalning har bir ko‘payishi ishlab chiqarishning kengayishiga olib keladi. Uning fikricha, investitsiyaning asosi sifatida kapitalning tashkil topishi ish bilan bandlik doirasini kengaytirish imkoniyatini beradi va agar «boylarning unumsiz xarajatlari» hisobga olinmasa ishsizlikka barham berilishi mumkin.
Ammo, J.S.Millning ta’kidlashicha, kapitalning rivojlan-ishiga boshqa cheklanishlar xos. Ularning biri- kapital daromadlarining kamayishidir. Uni J.S.Mill kapitalning me’yorli unumdorligining pasayishi sababli kelib chiqadi, deb tushuntiradi. Masalan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari miqdorini ko‘paytirish ushbu miqdor ekvivalentiga nisbatan ko‘proq mehnat sarflash evazigagina bo‘lishi mumkin. Boshqacha bo‘lishi aslo mumkin emas.
Umuman foyda to‘g‘risidagi savolni tushuntirib berishda J.S.Mill D.Rikardo qarashlariga asoslanadi. O‘rtacha foyda normasining vujudga kelishi shunga olib keladiki, ya’ni foyda ishlatilayotgan kapitalga mutanosib bo‘ladi, baho esa – xarajatlarga. «Sarf-xarajatlar, ya’ni ishlab chiqarish xarajatlari bir xil bo‘lgan joyda foyda ham bir xil bo‘lishi uchun, narsalar bir-biriga mutanosib tarzda ishlab chiqarish xarajatlari bo‘yicha ayriboshlanishi kerak; ishlab chiqarish xarajatlari bir xil bo‘lgan narsalar bir xil qiymatga ega bo‘lishlari kerak, shuning uchun faqatgina bir xil xarajatlar bir xil daromad olib keladi».
J.S.Millning yozishicha, rentaga o‘xshagan, maxsus ko‘rinishga ega bo‘lgan foyda amal qiladi. Gap amalda nisbatan ustunlikka ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchi yoki savdogar to‘g‘risida boradi. Modomiki, uning raqobatchilari bunday ustunlikka ega emas ekan, unda «u mahsulot qiymatini aniqlab beruvchi ishlab chiqarish xarajatlariga qaraganda kam xarajat sarflab bozorga tovar chiqarishi mumkin. Bunda ustunlikka ega bo‘lgan kishi renta oluvchiga o‘xshab ketadi».
Foydaning vujudga kelish sababini J.S.Mill xuddi, A.Smit va D.Rikardoga o‘xshab, tushuntiradi: «Foyda ayriboshlash natijasida emas…, balki mehnatning unumdorlik kuchi natijasida vujudga keladi… Agar mamlakatdagi barcha mehnatkashlar tomonidan yaratilgan mahsulot, ish haqi ko‘rinishida mehnatkashlar iste’mol qiladigan mahsulotdan 20 foiz ko‘p bo‘lsa, unda bahoning qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, foyda 20 foizni tashkil etadi».

Pul, kredit va savdo inqirozi nazariyalari


Pulning mohiyatini J.S.Mill pulning miqdoriy nazariyasi va foiz nazariyasidan kelib chiqqan holda tahlil qiladi. U bu bilan o‘zini pulning miqdoriy nazariyasi tarafdori ekanligini ko‘rsatadi. Bu nazariyaga muvofiq, pul miqdorining ko‘payishi yoki kamayishi tovarlar bahosining nisbiy o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatadi. Ammo, uning tasdiqlashicha, faqat birgina pul miqdorining ko‘payishi bahoning oshishiga olib kelmaydi, agar pul zahirada saqlanayotgan bo‘lsa yoki agar uning miqdorining ko‘payishi oldi-sotdi miqdorining ko‘payishiga (yoki yalpi daromadga) muvofiq kelsa.
Foiz normasi ssuda fondiga bo‘lgan talab va uning taklifi bilan aniqlanadi. Ssudaga bo‘lgan talab investitsiyaga bo‘lgan talabdan, davlat talabidan va unumsiz iste’mol uchun yer egalari talabidan tashkil topadi. Ssuda taklifi jamg‘armadan, bank biletlaridan va bank depozitlaridan tashkil topadi. Pul miqdorining o‘zi foiz normasiga ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo pul miqdorining o‘zgarishi, albatta, foiz normasining o‘zgarishiga olib keladi.
Foyda normasidan qat’iy nazar, ssuda fondi talabi va taklifidagi o‘zgarishalar sababli foiz normasi o‘zgarib turiladi. Ammo muvozanat nuqtasida foizning bozor normasi kapitaldan keladigan foyda normasiga tenglashishi kerak. Shuning uchun pirovard natijada foiz normasi real ta’sir etuvchi kuchlar bilan aniqlanadi. Ularning pasayishi ancha chuqur bo‘ladi, negaki har bir kishi zarar ko‘rayotgan paytda, ko‘pchilik esa bankrotlikka uchragan davrda, hatto ishonchli va atoqlifirmalar o‘zlari o‘rganib qolgan kreditni zo‘rg‘a olishlari mumkin. Bunday vaziyat shuning uchun sodir bo‘ladiki, hech kimda qarzga bergan mablag‘ini o‘z vaqtida qaytarib olishga ishonch bo‘lmaydi. Favqulodda sharoitda bunga vahimachilik kelib qo‘shiladi. Pul qisqa muddatga deyarli har qanday foiz to‘lash sharti bilan qarzga olinadi, darhol pul to‘lash sharti bilan tovarlarning sotilishidan ko‘riladigan har qanday talofotga e’tibor berilmaydi. Demak, savdo inqirozi davrida baholarning umumiy darajasi shu qadar pasayadiki, oldingi inqirozgacha bo‘lgan chayqovchilik davri mobaynida osha boshlagan darajadan ham past bo‘ladi». O‘z mohiyatiga ko‘ra, bu iqtisodiy fikrlar tarixida birinchi marta iqtisodiyotning pasayish dinamikasining pulli jihatlarining ifoda etilishidir.
Bu yerda J.S.Mill S.Sismondi taklif qilgan iqtisodiy pasayish (inqiroz) tushunchasiga qo‘shilmadi. Uning fikricha, inqiroz umumiy ortiqcha ishlab chiqarish natijasi hisoblanadi deyish, katta hatodir. «Bu faqat ortiqcha chayqovchilik xaridining oqibatidir… Uning bevosita sababi kreditning qisqarishi hisoblanadi, bartaraf qilish vositasi esa – taklifni kamaytirish emas, balki ishonchni tiklashdir». Bu ma’noda J.S.Mill J.M.Keynsning o‘tmishdoshidir.
J.S.Millning tasdiqlashicha, konvertatsiyalashgan qog‘oz valyutalar sharoitida oltinning chetga chiqib ketishi yuzaga kelishi sababli baholar uzoq vaqt oshishi mumkin emas. Biroq qog‘oz pullar konvertatsiyalashmaganda (ularni oltinga almashtirish mexanizmi yo‘q) baholarning oshishi chayqovchilik shov- shuv(bum)ining kelib chiqishiga yordam berishi mumkin. U 1825-yilda inqirozga olib keldi. Ammo keyingi 1847-yildagi inqiroz esa foiz stavkasining keskin o‘sishi natijasi hisoblanadi. Savdo inqirozlari davrida «pul talabidan ko‘ra, tovarlarning ortiqchaligi yuzaga keladi, ya’ni pul taklifi etishmasligi kelib chiqadi».
J.S.Mill foiz stavkasining o‘zgarib turishini batafsil ko‘rib chiqadi. Jonlanish davrida kredit ko‘payadi, foiz esa pasayadi. Pasayish davrida aksincha foiz stavkasi oshadi. Ammo, qachonki bir necha yil inqirozsiz o‘tsa, kapital qo‘yish uchun esa yangi sohalar paydo bo‘lmasa, qo‘llanilishi kerak bo‘lgan shu qadar ko‘p bo‘sh yotgan kapital jamg‘ariladiki, bu foiz normasini ancha pasaytiradi. Ma’suliyati cheklangan aktsionerlik kompaniyalarning tashkil topishi, masalan, foizni oshiradi. Erkin kapital egalari ssuda bozorini to‘ldirib turuvchi aktsiyalarni sotib olgach, «fondlardagi kapitalning bir qismini jalb qiladi va o‘zlari o‘sha fondlarning qolgan qismini olish uchun raqobatchiga aylanadi. Bu tabiiy ravishda foizning oshishiga olib keladi».
Iqtisodiy taraqqiyot
Iqtisodiy taraqqiyot, J.S.Mill ta’limotiga ko‘ra, fan texnika taraqqiyoti, shaxsning va mulkning rivojlanishi bilan bog‘liq. Ishlab chiqarish va jamg‘arish ko‘payadi, soliqlar ancha erkinlashadi, ko‘pchilik kishilarning ishbilarmonligi oshadi, kooperatsiya takomillashib va rivojlanib boradi. Bularning barchasi samaradorlikning o‘sishiga olib keladi, ya’ni ishlab chiqarish xarajatlarining kamayishiga va qiymatning pasayishiga olib keladi (oziq-ovqat va xom ashyoqiymatidan tashqari).
J.S.Millda kapital evalyutsiyasi D.Rikardo nazariyasiga o‘xshab ketadi. Foyda normasi pasayib boradi, asta-sekin minimum darajaga intiladi, u hali ham kapitalni jamg‘arishga va jamg‘arilgan vositalardan unumli foydalanishga undaydi. Foiz normasining minimum darajasiga bo‘lgan intilishni chetga kapital chiqarish va eksportni ko‘paytirish bilan sekinlashtirish mumkin. Bunda foyda normasini pasaytiruvchi kapitalning ortiqcha qismi chetga ketadi; bu yerda kapital yo‘qolmaydi, balki u yangi bozorlarni tashkil etish va chetdan arzon tovarlarni olib kelish uchun ishlatiladi. Kapitalning bir qismining chetga chiqib ketishi foydani va foiz normasini oshirib, jamg‘armaga bo‘lgan yangi intilishni keltirib chiqaradi. Shuningdek, uning aytishicha, foyda normasining pasayish tendentsiyasi davlat xarajatlarini oshirishga qarshi bo‘lgan dalillarni kuchsizlantiradi.
Ko‘rilayotgan kapital harakatining oxirgi natijasi bo‘lib, iqtisodiy rivojlanish, muvaffaqiyat qozonish uchun kurash to‘xtagan paytdagi, turg‘unlik holat hisoblanadi. Ammo J.S.Mill turg‘unlik holatga ijobiy munosabatda bo‘ladi, agar u ishlab chiqarishning yuqori darajasida yuzaga kelgan bo‘lsa. «Faqat dunyodagi qoloq mamlakatlarda ishlab chiqarishni ko‘paytirish eng asosiy vazifa hisoblanadi. Ancha rivojlangan mamlakatlarda taqsimotni takomillashtirish iqtisodiy zaruratga aylandi». Uning fikriga ko‘ra, hech kim kambag‘al bo‘lmagan, hech kim boylikka intilmagan va birovlarning oldinga o‘tib olishga qilgan harakati tufayli boshqalarning orqaga surib tashlanishi xavfi bo‘lmagan vaziyatdagi jamiyat, odamlar uchun eng yaxshi yashaydigan jamiyat hisoblanadi. Bunday turg‘unlik davrida madaniyatning barcha shakllarini rivojlantirish uchun, ma’naviy va ijtimoiy taraqqiyot uchun imkoniyatlar hech cheklanmagan bo‘ladi.
Odam o‘zi yaratmagan narsalarga, uning egalik qilish huquqini adolatsizlik, deb hisoblovchi xususiy mulk tanqidiga J.S.Mill qarshi chiqdi. Masalan, ishchilar fabrikada barcha mahsulotni yaratadi, lekin uning ko‘pchilik qismi boshqa birovga tegadi. «Bu e’tirozga javob shundan ibratki, fabrikada mehnat tovar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan sharoitlarning biri hisoblanadi, xolos. Ishni materiallarsiz, asbob- uskunalarsiz hamda ishlab chiqarish paytida ishchilarni ta’minlash uchun oldindan tayyorlangan yashash vositalari zahiralarisiz bajarib bo‘lmaydi. Bu narsalarning hammmasi o‘tgan mehnat mahsuli hisoblanadi. Agar ishchilar bu narsalarga ega bo‘lganda, ularda mahsulotni boshqa birov bilan bo‘lishishga zarurat bo‘lmas edi. Ammo ishchilarda bu narsalar bo‘lmaganligi uchun ular ekvivalentning bir qanchasini (mahsulotlarning bir qismini-muallif) ushbu narsalarga egalik qiluvchi kishilarga berishi kerak». Ammo, xususiy mulk doirasidan yer chiqarib tashlanishi lozim (chunki u mehnat mahsuli hisoblanmaydi).
J.S.Mill va ijtimoiy masalalar
Ko‘pchilik klassiklarning kontseptsiyasida mehnatning qiymati ishchining hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan narsalarning qiymati bilan aniqlanadi. Ish haqi talab va taklif nisbatiga bog‘liq holda mehnat qiymati atrofida tebranib turadi. Bu qonunning amal qilishi kishilarning xohishiga bog‘liq bo‘lmaydi va shuning uchun yollanma ishchilarning ahvolini yaxshilash uchun yo‘naltirilgan har qanday ijtimoiy chora tadbirlar befoyda. Ishchilarning ahvolini yaxshilash iqtisodiyotda kapital qo‘yilmasini kengaytirish (mehnatga talab oshadi), yoki aholi o‘sishini kamaytirish (mehnat taklifi qisqaradi) bilan amalga oshirilishi mumkin. J.S.Mill dastlab ushbu printsipni yoqlab chiqqan bo‘lsada, ammo keyinchalik undan voz kechadi.
Sotsialistlar g‘oyasining ta’siri va taqsimot qonunlarining tarixiy xarakterini tan olishi (tarixiy bo‘lganidan ularni o‘zgartirish mumkin), ingliz iqtisodchisini klassik maktabning bir qator qoidalaridan voz kechishga majbur etdi. U ijtimoiy isloxotlarning keng dasturini ilgari surdi va o‘z takliflarini bildirdi. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1.Ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish yo‘li bilan yollanma mehnatni tugatish. Yollanish, J.S.Mill fikricha, mehnatga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotadi. Shuning uchun kapitalistik korxonalar o‘rniga kooperativ birlashmalarni tashkil etish zarur, unda ishchilar bir vaqtning o‘zida mulk egasi ham hisoblanadi. U, kasaba uyushmalarining rivojlanishi, kapitalistik korxona-larning foydasini taqsimlashda ishchilarning ishtirok etishi tarafdori bo‘lgan.
2.Yer rentasini yer solig‘i yordamida umumlashtirish. Renta yollanma mehnat kabi iqtisodiy erkinlik printsiplarga zid. Renta yer egasiga emas, balki jamoaga (qishloq kooperativlariga) yoki barcha jamiyatga tegishli bo‘lishi kerak.
3.J.S.Mill mayda yer egalarini qo‘llab quvvatlaydi. Uning fikricha, o‘z yerida ishlovchi ko‘pchilik dehqonlar renta to‘lashdan ozod, ular mustaqil va tashabbuskor, shuningdek yollanma ishchilardan farqli ravishda haddan tashqari o‘z oilasini kengaytirishga moyil emas.
J.S.Mill o‘zining ijtimoiy islohotlar dasturida «amaldagi individual erkinlik bilan yer sharidagi tabiiy boyliklarga egalik qilishning umumiyligini va mehnat daromadlarida barchaning baravar ishtirok etishini birlashtirish»ga harakat qildi. Bunda u go‘yoki bir-biriga qarshi ikki yo‘nalishni birlashtirmoqchi bo‘lgandek tuyuladi: iqtisodiy erkinlik printsipi bilan ijtimoiy adolat printsipini. Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tajribasi buning mumkin ekanligini ko‘rsatib berdi.

Tavsiya etiladigan adabiyotlar ro‘yhati:


Agapov I. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. – M.: ViM, 1997.
Argon R. Etapi razvitiya sotsiologicheskoy misli. M.: Progress-Politika, 1992.
Bartenev S.A. Ekonomicheskie teorii i shkoli. M.: «Bek», 1996.
Bartenev S.A. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. V 6 t. - M.: «Ekonomist’», 2005.
Jid Sh., Rist Sh. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. M.: Ekonomika, 1995.
Iqtisodiy ta’limotlar tarixi T.: «Fan», 1997.
Kostyuk V.N. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. M.: «Tsentr», 1998.
Leontev V.V. Ekonomicheskie esse. Teorii, issledovaniya, fakti i politika. M.: Politizdat, 1990.
Lipsits I. Ekonomika bez tayn. M.: «DELO – VITA –PRESS», 1994.
Marks K. Kapital, I, II, III t.t. T.: 1955-1972.
Mill Dj.S. Osnovi politicheskoy ekonomii i nekotorie aspekti ix prilojeniya k sotsialnoy filasofii. 3-x t. M.: Progress, 1980-1981.
Rijov I.V. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. – M.: «Perspektiva», 2004.
Titova N.E. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. M.: «Gumanitarniy izdatelskiy tsentr VLADOS», 1997.
Yadgarov Ya.S. Istoriya ekonomicheskix ucheniy. M.: «INFRA-M», 1999.


Yüklə 29,73 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə