Turkiston muhtoriyatining tashkil topishi, faoliyati, bolishveklar tomonidan tugatilishi



Yüklə 77,5 Kb.
səhifə1/3
tarix29.11.2023
ölçüsü77,5 Kb.
#140346
  1   2   3
fffff


Turkiston muhtoriyatining tashkil topishi, faoliyati, bolishveklar tomonidan tugatilishi
Reja:


              1. Turkiston muhtoriyatining tashkil etilishi

              2. Muhtoriyat tarkibi va uning faoliyati

              3. Muhtoriyatning xalq ommasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi.

              4. Turkiston muhtoriyatining zo‘rlik bilan tugatilishi.

1917 yil fevral inqilobidan keyin turkichstonda siyosiy partiyalar tuzilishi, ular tomonidan dasturiy hujjatlar qabul qilinishi o‘lkada milliy harakatning keng quloch yoyganidan dalolat berar edi. Biroq, Petrogradda bolsheviklar tomonidan Oktabr to‘ntarishi amalga oshirilishi oqibatida 1917 yil oktabr-noyabr oylarida Turkiston o‘lkasida, xususan Toshkent va Qo‘qonda yuz bergan voqealar milliy ozodlik harakatini butunlay boshqa yo‘nalishda ketishga majbur qildi.


1917 yil 26-28 noyabrda Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lka musulmonlarining fvaqulodda 4-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy ishining butun tafsilotlari o‘sha davr gazetalarida to‘la aks etgan. Mustafo Cho‘qaev qurultoyni ochar ekan, Rossiya va Turkistonning siyosiy va iqtisodiy ahvoli xususida qisqacha ma’lumot beradi. Uning aytishicha, Markazda yuz berayotgan voqealar chekka o‘lkalarni, hususan, Turkiston o‘lkasini ham mustaqil boshqaruvini tashkil etishni taqozo etadi. Oktabr xunrezligini boshdan kechirgan Rossiya va Turkiston o‘z tqdiri haqida mulohaza yuritishi lozimligini aytib o‘tdi.
Ma’lumki, musulmonlarning ushbu nufuzli qurultoyida qabul qilingan qarorlar uzoq vaqt davomida millatchilar guruhining yig‘inida e’lon qilingan burjua muhtoriyati deb noto‘g‘ri talqin qilib kelindi. Hujjatlar esa ushbu holning butunlay aksi bo‘lganligini isbotlaydi. Masalan, Turkiston jadidlarining otasi sanalgan Behbudiy o‘z ma’ruzasida qurultoyning Turkiston xalqlari tarixida ulkan ijobiy, tarixiy xodisa va burilish davri ekanligini ta’kidlab, “qurultoy qabul qilayotgan qarorlar shuning uchun ham ahamiyatliki, unda Turkiston aholisining yevropalik vakillari ham ishtirok etmoqdalar” degan. Behbudiy va Obidjon Mahmudov qurultoy xay’atida musulmonlar bilan bir qatorda boshqa milliy guruhlarning ham vakillari bo‘lishini yoqlab chiqdi.
Turkistonni boshqarish shakli uch kun davom etgan qurultoning diqqat markazida turdi. Bu masala muhokamasida so‘zga chiqqanlarning ko‘pchiligi Turkistonning muhtor respublika deb e’lon qilinishi o‘lka aholisining ijtimoiy maqsadlaridan kelib chiqqan va unga mos tushishini uqtirdi. Muhtoriyat va mustaqillik e’lon qilish fikrini hamma qo‘llab-quvvatladi.
Qurultoyda 1917 yil 27 noyabr kuni kechqurun qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o‘z huquqlarini o‘zlari belgilash xususidagi irodasini bayon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muhtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muhtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis Majlisiga xavola qiladi”. Qurultoy Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qildi.
28 noyabrda tarkib topayotgan mazkur davlatning nomi aniqlanib, Turkiston Muhtoriyati deb ataladigan bo‘ldi. Qurultoy o‘sha kuni yig‘ilishda Butunrossiya Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Millat) Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerpak, deb qaror qabul qildi.
Qurultoyda Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolaridan 8 kishidan iborat tarkibda Turkiston Muhtoriyati hukumati tuzildi. Hukumatning bosh vaziri hamda ichki ishlar vaziri etib Muhammadjon Tinishboev saylandi. Islom Sulton o‘g‘li Shoahmedov – bosh vazir o‘rinbosari, Mustafo Cho‘qaev – tashqi ishlar vaziri, Ubaydulla Xo‘jaev – harbiy vazir, Xidoyatbek Yurg‘uli Agaev – yer va suv boyliklari vaziri, Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Abdurahmon O‘razaev – ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Solomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri lavozimlarini egallashdi. Hukumat tarkibida keyinchalik ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. Mustafo cho‘qaev bosh vazir lavozimini bajarishga kirishadi. Vazirlikdan uch kishi oliy ma’lumotli huquqshunos, ikki kishi o‘rta malakali xuquqshunos ekanligi muhtoriyat hukumati a’zolari bilim darajasining naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi.
Qurultoyda 28 noyabr kuni Turkiston Millat Majlisi ochilishi to‘g‘risidagi qaror ham tasdiqlandi. Millat majlisi 54 a’zodan iborat bo‘lib, qurultoy qaroriga binoan 36 nafar musulmonlar va 18 nafar g‘ayri musulmonlardan saylanishi belgilandi. 36 nafar musulmon vakillari Turkistonning 5 viloyatidan bo‘lib: Farg‘ona – 10 nafar, Samarqand – 5 nafar, Sirdaryo 9 nafar, Yettisuv – 6 nafar, Zakaspiy – 2 nafar; 4 nafar esa butun Turkiston shahar dumalari tarpafidan saylanishi belgilandi. 18 nafar o‘rin esa o‘lkaning yevropalik tashkilot va fuqarolariga, jumladan, temiryo‘lchilar ittifoqi, ishchi va soldat deputatlari soveti, sotsial-demokratlar, dashnoqsutyun, yerlik juhudlar, yaxudiylar, eserlar, ukrainlar, polyaklar vakillari va boshqalarga berilishi ko‘zda tutilgan edi. Demak tashkil etilayotgan xukumat tarkibiga turli siyosiy va milliy guruhlar vakillarining qatnashuvi ko‘zda tutildi. Demokratik ruhdagi milliy ziyolilar qurultoyda qabul qilingan dasturiy hujjatlarga o‘ziga xosligi bilan ajralib turadigan xalqchil va demokratik g‘oyalarni kiritishdi.
Qurultoy jarayonida Turkiston Milliat majlisi 32 kishidan iborat qilib saylandi. “Sho‘roi ulamo” rahbari Sherali Lapin Milliat Majlisi tarkibiga uning raisi sifatida kirgan bo‘lsada, ammo uning o‘zi buni rad etdi.
Qurultoy tugagach, 1 dekabrda Turkiston Muhtoriyatining Muvaqqat hukumati a’zolari imzolagan maxsus Murojaatnoma e’lon qilindi. Ushbu murojaatnomada Turkistondagi barocha aholi irqi millati, dini, jinsi, yoshi va siyosiy e’tiqodlaridan qrt’iy nazar yakdillik va hamjihatlikka da’vat etilgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay Millat majlisi tomonidan tasdiqlangan qonunlar e’lon qilindi. Shuningdek, yangi hukumat mamlakat Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb qildi. “El bayrog‘i”, “Birlik tug‘i”, “Svobodniy Turkestan”, “Izvestiya Vremennogo Pravitelstva Avtonomnogo Turkestana” kabi hukumat gazetalari o‘zbek, qozoq va rus tillarida nashr qilina boshladi. Avval chiqayotgan “Ulug‘ Turkiston” gazetasi ham o‘z sahifalarida muhtoriyat hukumat faoliyatiga alohida o‘rin bera boshladi. Nashr ishlarini yaxshilash uchun O. Mahmudovning bosmasxonasi hukumat ixtiyoriga o‘tdi. Muhtoriyat hukumati milliy qo‘shin tashkil etishga kirishdi. 1918 yil boshida bu qo‘shin saflarida bir mingdan ortiq askar bo‘lgan. Harbiy vazir uyu. Xo‘jaev ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik-parad vaqtida askarlar soni 2000 taga yetgan. Bundan tashqari Qo‘qonda tahminan shuncha mirshablar ham bor edi. Hukumat iqtisodiy sohada 30 million so‘m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Chunki gazetalarni nashr qilish, muhtoriyat qo‘shinlarining ta’minoti va hukumatning ichki harajatlari uchun mablag‘ zarur edi. Shuningdek, hukumat a’zolari ochlik changalida qolgan Turkiston aholisiga Orenburg orqali g‘alla keltirish muammosini hal qilish uchun ham amaliy qadamlar tashladi. Turkiston Muhtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Yangi hukumat faoliyati faqat Qo‘qonda yoki Farg‘ona vodiysida emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Fitrat, Cho‘lpon, Xamza muxtoriyat hukumatini maqtab she’rlar bitdilar.
Turkiston xalqining muhtoriyat uchun olib borgan kurashida 1917 yil 13 dekabrda bo‘lib o‘tgan fojiali voqealar muhim o‘rin tutdi. O‘sha kuni Toshkentda eski shahar axolisi “Muhtor Turkiston uchun!” shiori ostida tinch bayram namoyishini o‘tkazdi. Ammo Toshkent Sovetidagi bolsheviklar shaharda qurolli kuch bilan tartib o‘rnatishga buyruq berdilar. Oqibatda tinch namoyish qatnashchilari pulemyotdan o‘qqa tutildi, eski shaharlik 16 kishi ana shu to‘qnashuv qurboni bo‘ldi.
Muhtor hukumatning xalq o‘rtasidagi obro‘si bolsheviklarni tashvishga solib qo‘ygan edi. 1918 yil 19-26 yanvarda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining favqulodda 4-se’zdida muhtoriyat masalasi asosiy o‘rin tutdi. Se’zd Turkiston muhtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb, hukumat a’zolarini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bolsheviklar o‘zlarining bu qabih va mudhish hukmini amalga oshirishga zudlik bilan kirishdilar.
30 yanvarda Turkiston XKS muhtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning “Dashnaksutyun” partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli to‘dalardan ham keng foydalandilar. Ularga qarshi dastlabki jangda muhtoriyatning milliy qo‘shinidan tashqari qo‘qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho‘kich, tayoq ko‘targan haloyiqning soni 10 ming kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil askarlarning Qo‘qon shahriga bo‘lgan hujumini uch kun mobaynida mardonavor qaytardilar. Shahar ustiga uch kun davomida to‘plardan yondiruvchi snaryadlar otildi. Muhtoriyat qo‘shinining tirik qolgan qismi Kichik Ergash qo‘rboshi boshchiligida shahardan chiqib ketdi.
Turkiston muhtoriyati hukumati qizil askarlar va dashnoqlarning qonli hujumi oqibatida ag‘darib tashlandi. Ammo Qo‘qon va uning atrofidagi tinch aholini talash, o‘ldirish avjiga chiqdi. Faqat Qo‘qonning o‘zida uch kun davomida 10 ming kishi o‘ldirildi. Shahar butkul vayronaga aylantirildi.
Hukumat boshlig‘i Mustafo Cho‘qaev shaharni tark etib yashirinishga majbur bo‘ldi. Vazirlarning ayrimlari halok bo‘ldi, ba’zilarini bolsheviklar qo‘lga olishdi. Nihoyat, 1918 yil 22 fevralda Qo‘qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik shartnoma” imzolandi. Turkiston Muhtoriyati hukumati atigi 72 kun umr ko‘rgan bo‘lsada, u erksevar halqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da’vat etdi. 1918 yilning erta bahorida avval Farg‘ona vodiysida, so‘ngra butun Turkistonda istiqlolchilik harakati boshlandi. Ammo bu davrga kelib Turkiston Muhtoriyatini tor-mor etib, o‘lkada yakka hukmron bo‘lgan, qurl va zo‘ravonlikka tayangan bolsheviklar mintaqada sovetcha andozadagi avtonomiya tashkil etishga kirishgan edi.
1918 yil yanvar oyidayoq bolsheviklar Turkiston Muhtoriyatiga qarshi Turkiston avtonomiyasini tuzish masalasini ko‘tarishgan edi. Bu muammo faqat Turkiston Sovetlarining 5-se’zdida (1918 yil 20 aprel-1 may) hal qilindi. Se’zd Rossiya Sovet Sotsialistik federatsiyasi tarkibida Turkiston Respublikasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Turkiston Respublikasining Markaziy Ijroiya Komiteti va XKS saylandi. Ular tarkibiga ilk marta tub millatlarning vakillari kiritildi. Shuningdek, se’zdda sanoat korxonalarini musodara qilish va boshqa ayrim masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Shunday qilib, sovet Rossiyasi tarkibida Turkiston avtonom respublikasi tashkil qilindi.
Turkiston Respublikasi XKS va MIK ichida hokimiyat uchun o‘zaro kurashlar, mojarolar va janjallar avjiga chiqdi. Oktabr oyida Turkiston XKS raisi F. Kolesov va boshqa ayrim amaldorlar egallagan lavozimlaridan bo‘shatildi.
1919 yil 19 yanvarda harbiy komissar k. Osipov boshchiligida Toshkentda isyon ko‘tarildi. K. Osipovning buyrug‘i bilan 14 komissar otib tashlandi. Isyonchilar tomonidan sovet hokimiyati ag‘darildi, hokimiyat masalasi Ta’sis majlisida hal qilinadi deb e’lon qilindi. Biroq isyon Toshkent temiryo‘l ustaxonalari ishchilari va boshqa harbiy qismlar tomonidan tezda bostirildi. K. Osipov avval Farg‘ona vodiysiga, so‘ngra Buxoro amirligiga qochib ketdi. Bu isyon bahonasida bolsheviklar 1919 yil mart oyi boshida so‘l eserlarni hukumatdan chiqarib yakka o‘zlari hukmron bo‘lib oldilar.
1919 yil 8 oktabrda Moskvada Turkkomissiya tashkil qilinib u Toshkentga yuborildi. Turkkomissiya, keyinchalik tuzilgan Turkbyuro va O‘rta Osiyo byurosi kabi turli komissiya va byurolar muntazam ravishda Rossiya markazidan Turkistonga jo‘natib turildi. Markaz o‘zining bu favqulodda organlari orqali Turkiston mintaqasini boshqarishga, mahalliy xalqlarni mustamlakachilik asoratida ushlab turishga intildi.
Bu paytda butun Rossiyada bo‘lgani kabi Turkiston Respublikasida ham “harbiy kommunizm” siyosati jolriy qilindi. Bu siyosat o‘z mohiyatiga ko‘ra xalqqa qarshi qaratilgan edi. U xususan dehqonlarga katta zarba bo‘lib tushdi. Turkistonda ham sovet rejimi bir qator dekretlar chiqarib oziq-ovqat razvyorskasini joriy qildi. Aslini olgnda dehqondan u yetishtirgan mahsulotning deyarli hammasi tortib olindi. Bozorlar yopildi, savdo-sotiq ta’qiqlandi. 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan barcha erkak va ayollar uchun mehnat majburiyati joriy qilindi. Sovet rejimining bunday mustamlakachilik siyosati oqibatida istiqlolchilik harakati mintaqada kuchayib avj oldi. Turkistonda oktabr to‘ntarishidan keyin sodir bo‘lgan voqealar jarayoni shuni ko‘rsatdiki, bolsheviklar o‘rnatgan sovet rejimi o‘lka xalqlariga nafaqat mustaqillik, hatto milliy muhtoriyatni ham ravo ko‘rmadi. Mustaqillik osonlikcha qo‘lga kiritilmasligini tushunib yetgan milliy vatanparvarlar qo‘liga qurol olib bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi qurolli harakat boshladilar. Biroq soqvet rejimi va kommunistik mafkura hukmronligi yillarida ularga “bosmachi” degan nohaq tamg‘a bosildi. Bu atama aynan bolsheviklar tomonidan o‘ylab topilgan atama bo‘lib, milliy istiqlolchilar o‘zlarini bu nom bilan atamaganlar. Bu harakat haqida so‘z yuritilgan 1918-1919 yillardagi arxiv hujjatlarida ham bosmachi degan so‘z uchramaydi. Bu hujjatlarda “qaroqchi”, “shayka” yoki “bosqinchi” degan iboralar ishlatilgan. 1919 yilning o‘rtalaridan boshlab ayrim rasmiy hujjatlarda, keyinchalik esa sovet vaqtli matbuotida “bosmachi” iborasini qo‘llash boshlangan. “Bosmachi” va “bosmachilik” iboralari milliy ozodlik harakatining mohiyatini pasaytirish uchun milliy shovinistlar tomonidan o‘ylab topildi va “banditlik”, “qaroqchilik” so‘zlari bilan bir qatorga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin “bosmachi” yorlig‘i yopishtirilgan ota-bobolarimizning muborak nomlari qayta tiklandi va ularning haqitqiy qiyofalari milliy istiqlolchilar sifatida namoyon bo‘ldi.
Sovetlarga qarshi qurolli harakat Turkiston muhtoriyati hukumatining tor-mor qilinishi bilan boshlandi. Zotan bu bu davrda Turkisitonda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy vaziyat sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat boshlanishini muqarrar qilib qo‘ygandi. Shu bilan birga bu harakatning boshlanishi uchun muhtoriyatning tor-mor qilinishi bilan birga boshqa bir qator jiddiy sabablar ham bor edi.
Birinchidan, 1917 yilda sodir bo‘lgan oktabr to‘ntarishi natijasida hokimiyatni qo‘lga olgan bolsheviklar tomonidan ilgari surilgan kommunistik mafkura Turkiston xalqlari uchun mutlaqo yot tushuncha edi. Mahalliy aholi bu g‘oyani avval boshdanoq o‘ziga singdira olmadi va unga qarshi turdi.
Ikkinchidan, sovet hukumati o‘rnatilgan dastlabki davrda hokimiyatni boshqarishga mahalliy xalq vakillari jalb qilinmadi, ularning milliy g‘ururi, haq-huquqi inkor qilindi. Turkistonda bolsheviklar tomonidan o‘rnatilgan sovet rejimi chor Rossiyasi mustamlakasiligining yangi shakli ekanligi o‘sha dastlabki kunlardanoq oshkor bo‘lgan edi.
Uchinchidan, yangi tuzum o‘rnatilgan ilk kunlardanoq mahalliy aholining asrlar davomida shakllangan urf-odatlari, milliy qadriyatlari toptaldi. Shariat asoslari va qozixonalar bekor qilindi, vaqf yerlari tortib olindi, mulkchilikning turli shakllariga chek qo‘yildi.
Turkiston Muhtoriyati hukumatining tugatilishi bu harakatning butun Farg‘ona vodiysida ommaviy ravishda boshlanishiga bir turtki vazifasini o‘tadi. Chor Rossiyasining mustamlakasilik zulmi ostida ezilib kelgan farg‘onaliklar Turkistonda birinchi bo‘lib bolsheviklar rejitmiga qarshi qurolli kurashga otlandilar. Shu tariqa Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha rejimga qarshi qurolli harakat (istiqlolchilik harakati) 1918 yil fevral oyining oxirlarida boshlangan edi.
Bu harakatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va kosiblar bo‘lgan. Turkiston respublikasi rahbarlaridan birining e’tirof etishicha, unga asosan dehqonlar va hunarmandlar qatnashgan. Ularga shahar aholisining aksariyat qismi – o‘ziga to‘q badavlat oilalarning vakillari, savdogarlar, islom dini arboblari hamda ba’zi boylar ham qo‘shildi. Harakat qatnashchilari safida oq-qorani tushungan savodxon kishilar – ziyolilar ham ko‘pchilikni tashkil qilar edi va ular jadidlar orasidan yetishib chiqqan Turkiston munavvvarlari edi. Bir so‘z bilan aytganda ular safida xalqning barcha tabaqasiga mansub kishilar bor edi.
Dastlabki qurolli guruhlarning tashkil topishi Kichik Ergash (taxminan 1885-1918) va Katta Ergash (taxminan 1880-1921) ning nomlari bilan bog‘liq. 1918 yil 27 fevralda Qo‘qon atrofidagi Bachqir qishlog‘ida bo‘lgan janglarning birida Kichik Ergash shahid bo‘lgach, uning o‘rniga Katta Ergash Farg‘ona vodiysida bolsheviklar rejimiga qarshi ozodlik bayrog‘ini ko‘taradi. Qo‘qon uezdidagi harakatning dastlabki tayanch nuqtasi Bachqir edi. 1918 yil mart oyining oxiriga kelib Katta Ergashning nomi Farg‘ona vodiysi aholisi o‘rtasida juda mashhur bo‘lib ketadi.
Marg‘ilonda esa militsiyaning sobiq boshlig‘i Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li Madaminbek (1892-1920) kurash boshladi. U o‘z oldiga sovet hokimiyatini ag‘darish va Farg‘ona muhtoriyatini tiklash vazifasini qo‘ygan edi. Madaminbek usta siyosatchi va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega bo‘lgani hatto bolshevik rahbariyati tomonidan ham tan olingan edi.
Farg‘ona vodiysida 1918 yilning o‘rtalariga kelib taxminan yuzga yaqin qo‘rboshilar o‘z guruhlari bilan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib borar edilar. Bu guruhlarda 15 000 yigit bor edi. Turkistondagi bu harpakatning o‘ziga xos milliy ko‘rinishi va xususiyatlari mavjud bo‘lgan. Bu xususiyatlar harakatdagi qo‘rboshilar dastalari va guruhlari faoliyatida, ularning maqsad va istaklarida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, unda islom shariati qonun-qoidalari asosidagi milliy davlat barpo qilishdan tortib, milliy demokratik tartibdagi mustaqil davlat tuzishgacha bo‘lgan g‘oyalar mujassamlashgan edi.
Turkiston mintaqasidagi mazkur harakatning muhim xususiyati shundaki, bu harakatda maqsadlar va vazifalar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar boshdan oxirigacha bir ustivor g‘oya – Turkistonning milliy mustaqilligi yotadi. Bu harakat gox kuchayib, goh pasayib turishiga qaramay, unda ishtirok etuvchilarning tarkibi o‘zgarib turishi va ikkilamchi manfaatlar o‘rtada turganligi hamda ob’ektiv va sub’ektiv omillar kuchlar muvozanatiga salbiy ta’sir qilishiga qaramay, harakatning asosiy maqsadi Turkiston mustaqilligi bo‘lib qolaverdi.
Turkistondagi bu harakatning uyushgan bir shaklda namoyon bo‘lishida qo‘rboshilar ko‘rsatgan g‘ayrat-shijoatni alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Qo‘rboshilar harakatning harbiy rahbarlari bo‘lib, ular o‘z jangovarliklari bilan mashhur edilar. O‘z vaqtida Farg‘ona vodiysida Kichik Ergash, Katta Ergash, Madaniminbek, Shermuhammadbek, Muhiddinbek, Islom Polvon, Yormat Maxsum, Samarqand viloyatida Ochilbek, Bahrombek, Buxoro respublikasida Ibrohimbek, Mulla Abduqahhor, Anvar Posho, Salim Posho, Davlatmandbek, Fuzayl Maxsum, Xorazm respubikasida Junaidxon kabi qo‘rboshilar bu harakatni yagona kuchga birlashtirish uchun rahbarlikni birin-ketin o‘z qo‘llariga olsalarda, lekin Turkiston mintaqasidagi qurolli harakat boshdan oxirigiacha yagona markazga to‘liq uyusha olmadi. Turkiston fidoyilarining ozodlik harakatini yagona markazga birlashtirish uchun izchil kurashayotgan Madaminbek bilan Anvar Poshoning taqdirlari esa fojiali tugadi.
Farg‘ona vodiysidagi bu harakat 1919 yil yozining oxiri va kuzida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Madaminbek boshchiligidagi istiqlolchilar safiga Jalolobodda turgan rus krestyanlari armiyasining qo‘shilishi vodiyda sovet hokimiyatini ag‘darish uchun real kuch edi. Sentabr oyining dastlabki kunlarida Madaminbek lashkarlari Jalolobod va O‘Sh shaharlarini egallashdi. Ular 13 sentabrda Eski Marg‘ilon shahrini qizil bosqinchilardan ozod qildilar. Shu bilan birga vodiydagi eng yirik strategik shahar – Andijonni qamal qilishga kirishdilar. Madaminbek boshchiligidagi qo‘shinning hujumi Farg‘ona vodiysini larzaga keltirdi. 1919 yil 22 oktabrda Pomirning Ergashtom ovulida bo‘lgan anjumanda Madaminbek boshchiligidagi Farg‘ona muvaqqat muhtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga 16 tub aholi va 8 yevropalik kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig‘i bo‘lish bilan birga Farg‘ona vodiysidagi bu harakatning Oliy bosh qo‘mondoni etib ham saylandi.
1919 yil kech kuziga kelib Madaminbek qo‘li ostida 30 mingga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi janglar olib bordilar. Bu paytda Shermuhammadbek qo‘li ostida 20 ming, Katta Ergash qo‘rboshida 8 ming askar bo‘lgan. Ana shu uchta lashkarboshi vodiydagi jangovar harakatlarni yo‘naltirib turdilar.
Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosat arbobiga hos chsifatlar uyg‘unlashgan edi. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishdagi o‘z siyosiy boshqaruv usulini joriy qildi. Turkistondagi bu harakat 1920 yilning yozi va kuzida o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Kurash yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi. Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi vatanparvarlar bilan bir qatorda endilikda Xorazm va Buhoro respublikalaridagi muholifatchilar ham bosqinchi qizil armiya jangchilariga qarshi kurashga otlandilar. Kurash bayrog‘ini vodiyda Madaminbek o‘rniga endi Shermuhammadbek ko‘tardi. Vodiydagi qo‘rboshilar va tinch aholi vakillari Oltiariq tumanidagi G‘oyibota qishlog‘ida o‘zlarining navbatdagi qurultoyiga to‘planib, 1920 yil 3 mayda Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston turk mustaqil islom jumhuriyati yoki qisqa qilib aytganda Turkiston muvaqqat hukumatini tuzdi.
Shermuhammadbek Farg‘ona vodiysidagi kurashchilarning Oliy bosh qo‘mondoni ham qilib saylandi. Bolshevik rahbarlarning e’tiroficha, “Madaminbek qo‘rboshilar ichida eng kuchlisi bo‘lgan bo‘lsa, shermuhammadbek shubhasiz eng xavflisi edi.”
Sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni tashkiliy jihatdan uyushtirishda Farg‘ona vodiysi, Buxoro va Xorazmdagi qo‘rboshilarning mazkur davrda bo‘lib o‘tgan 30 dan ortiq qurultoylarining ahamiyati katta bo‘ldi. Bu qurultoylarda harakat rahbarlari saylangan, qo‘rboshilar yagona qo‘mondonlik ostida birlashtirilgan. Ammo bunga har doim ham amal qilinmas edi. Shuningdek, qurultoylarda qo‘rboshilar guruhlari harakat qiladigan joylar va ularning ta’sir doirasi belilab olingan. Ba’zi qo‘rboshilar oliy bosh qo‘mondonga bo‘ysunmay, o‘zlaricha mustaqil harakat qilganlar. Shuningdek, bu paytdagi beqaror vaziyatdan foydalangan ba’zi kishilar talonchilik guruhlari tuzib xalqni talaganlar.
Turkistondagi bu harakatning g‘oyaviy rahnamolari yetarli darajada mavjud bo‘lib, ular asosan jadid vpakillari va islom ulamolari edi. Harakatga g‘oyaviy rahbarlik qilish uchun jadidlar bilan ulamolar o‘rtasida o‘zaro raqobat mavjud bo‘lgan. Namanganlik Nosirxon to‘ra, toshkentlik muftiy Sadriddinxon Maxsum, Turkiston MIK raisining sobiq o‘rinbosari To‘raqul Jonuzoqov, Ahmad Zaki Validiy va boshqalar bu harakatning g‘oyaviy mafkurachilari edilar. Haraktga rahbarlik qilgan islom ulamolari orasida yassaviyliuk va naqshbandiylik tariqatining pirlari ko‘p bo‘lgan.
Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalaridagi jadidlarning bir qismi bu paytda sovet tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatishsada milliy mustaqillik to‘g‘risidagi o‘z g‘oyalaridan voz kechishmagan edi. 1921 yil avgustda buxoro shahrida Validiy boshchiligida tuzilgan Turkiston Milliy Birligi tashkiloti butun Turkiston mintaqasidagi bu guruhlarga siyosiy jihatdan rahbvarlik qiluvchi markaz vazifasini bajardi. Bu davrda “Milliy ittihod”, “Milliy istiqlol” tashkilotlari tashkil etilgan bo‘lib, ular harakatning keyingi rivojida muhim o‘rin tutdi.
Farg‘ona vodiysidagi vatanparvarlar qo‘shiniga 1923-1924 yillarda oldin Islom Polvon, so‘ngra Yormat maxsum kabi qo‘rboshilar rahbarlik qildilar. Bu paytda qo‘rboshilarning kichik-kichik guruhlari jang harakatlarini olib bordilar. Farg‘onada ularning soni 1923 yilda 350-400 atrofida edi. Lekin qo‘rboshilar kurashning mazkur bosqichida turli sabab va mahalliy shart-sharoitlar sababli doim ham bir-birlari bilan kelishib ish ko‘rmadilar.
1920-1924 yillarda bu harakat Buxoro va Xorazm respublikalarida ham avj oldi. Buxoro va Xorazmdagi milliy muholifatning ozodlik kurashlari alohida, o‘ziga xos yo‘nalish va xususiyatga ega bo‘lib, o‘ta murakkabligi va ziddiyatliligi bilan Turkiston respublikasidagi sovetlarga qarshi qurolli harakatdan ajralib turadi. Bolsheviklar qizil armiya yordamida Buxoro amirligi va Xiva xonligini kuch bilan ag‘darib, hokimiyatni Buxoroda asosan Yosh buxoroliklardan, Xorazmda esa Yosh xivaliklardan iborat demokratik kuchlar qo‘liga berdi. Buxoro va Xorazm Xalq Sovet respublikalarida yuzaga kelgan qurolli muholifat shu boisdan ham bir yo‘la ikki kuchga qarshi, qizil armiya qismlariga va bolsheviklar yordamida hokimiyatni egallab olgan demokratik kuchlarga qarshi olib borildi. Bu urushning Turkistondagi, xususan Farg‘ona vodiysidagi harakatdan farqi ham ana shundadir.
Biroq Buxoro va Xorazmdagi bu kurashga uning mohiyati va yo‘nalishi nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak , u ham umumiy sovetlarga qarshi harakatning bir ko‘rinishi edi. Buxorodagi muholiftchilik harakatining o‘ziga xos xususiyati bir guruh qo‘rboshilarning Buxoro respublikasi hukumati rahbarlariga yo‘llagan maktubida aniq ifodasini topgan edi. Maktubda vatanprarvarlar Buxoroning mustaqilligi uchun kurashayotganliklari, bunday vatanda kommunistlar bo‘lmasligi lozimligi, chunki ular xalqni yolg‘on va’dalar bilan aldab kelayotganligi aytib o‘tilgan edi. Shuning uchun ham Buxorodagi bu harakat qisqa muddat ichida ommaviy tus olib hatto Farg‘ona vodiysidagi harakatga nisbatan ham kuchayib bordi. Fayzulla xo‘jaevning ta’kidlashicha, “sharqiy Buxorodagi bosmachilik o‘zining strategik mavqei jihatidan qaraganda Farg‘ona bosmachilariga nisbatan kuchliroq edi”.
Buxorodagi qo‘rboshilar o‘rtasida Ibroximbek (1889-1932) alohida o‘ringa ega. Ibroximbek amirlik tuzumi ag‘darib tashlanganidan keyin Sharqiy Buxorodagi qo‘rboshilar guruhlariga umumiy rahbarlik qilib, bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurash boshladi. U o‘z oldiga buxoro tuprog‘ini qizil askarlardan tozalab, sobiq amirlik tuzumini qayta tiklash va saltanatni sobiq amir Said Olimxon (1881-1944) qo‘liga olib berishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Shuning uchun ham u kurashga kirgan dastlabki kunlardanoq sobiq Buxoro amiri tomonidan moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.
Ibrohimbek 1921 yil sentabrda bo‘lgan Buxoro qo‘rboshilarining qurultoyida “Islom lashkarboshisi” unvoniga sazovor bo‘ldi va Buxorodagi barcha qurolli kuchlarning oliy bosh qo‘mondoni qilib saylandi. U qisqa muddat ichida o‘n ming nafardan ortiq askar to‘plab Qorategin va Darvoz viloyatlarini qizil askarlar qo‘lidan ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi. Uning qo‘l ostidagi Sharqiy Buxoro hududida o‘z boshqaruv usulini joriy etdi. Joylardagi yangi tuzum tugatilib uning o‘rniga amilik davridagi boshqaruv tizimi joriy qilindi. Ibrohimbekni bu yerdagi mahalliy aholi, xususan laqaylar qo‘llab-quvvatlashardi.
Buxoroning markaziy va g‘arbiy viloyatlarida ham kurash shiddatli tus oldi. Qisqa muddat davomida Mulla Abduqahhor boshchiligida poytaxt Buxoro tumanlarida lashkar to‘plandi va jangovar harakatlar olbi borildi. Shuningdek, Mulla Abduqahhor rahbarligida Buxoro, karmana va Nurotada o‘nlab qo‘rboshi guruhlari faoliyat ko‘rsatdi. Ma’lumotlarda aytilishicha, G‘arbiy Buxoroda uning qo‘li ostida 20 ta qo‘rboshi birlashgan. O‘rmon Polvon, Xayit Amin, Oston Qorovulbegi, Hamro Polvon, Azimxo‘ja, Metan Polvon uning eng nufuzli qo‘rboshilari bo‘lgan. Ular asosan G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan tumanlari va Nurotada o‘z faoliyatlarini kuchaytirdilar. Ularning katta armiyasi 1922 yil mart oyining boshida poytaxt Buxoro shahriga yurish qildi. Ular qizil askarlar bilan shahar atrofida bo‘lgan ikki kunlik shiddatli janglardan so‘ng Buxoro shahrining katta bir qismini egalladilar va bir necha soat mobaynida o‘z qo‘llarida saqlab turdilar. So‘ngra shahar atrofidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohini bosqinchilardan tozaladilar.
Buxorodagi qurolli qarshilik harakatiga qizil armiya katta kuch sarflashga majbur bo‘ldi. Moskva, Toshkent, Buxoroda 1923 yil may-iyun oylarida o‘tkazilgan oliy darajadagi rasmiy anjumanlarda bu masala eng dolzarb muammo sifatida kun tartibida turdi.
Buxorodagi istiqlolchilik harakati qizil armiya va bolsheviklarning tajovuzkorligi, zo‘ravonligi va talonchilikka qarshi qaratilganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Mujohidlarning asosiy maqsadi qizil qo‘shinni xaydab chiqarish, milliy qadriyatlar, asriy e’tiqod va urf-odatlarning poymol qilinishi, xo‘rlanishiga barham berish edi. Bir guruh vatanparvarlar Fayzulla Xo‘jaev boshliq buxoro Xalq Respublikasi hukumati bilan yashirin aloqalar o‘rnatib, Buxoro tuprog‘idan bosqinchi qizil askarlarning olib ketilishi, Buxoro respublikasining mustaqilligi amalda qaror topishi uchun kurashdilar. Afsuski, Buxoro hukumati tarkibidagi milliy vatanparvarlar bilan muholifatdagi qurolli guruhlarning yo‘lboshchilari o‘rtasidagi ochiq bitishuv amalga oshmadi.
Xorazm respublikasida ham 1920 yil bahoridan boshlab qizil askarlarning misli ko‘rilmagan talonchilik va zo‘ravonliklariga qarshi harakat boshlandi. Qurolli kurashni turkmanlarning yovmut urug‘i boshlig‘i qurbon Mamed Sardor – Junaidxon (1857-1938) boshchiligidagi guruhlar ko‘p yillar davomida olib bordi. Uning qo‘shini safida o‘zbek, qoraqalpoq va qozoqlar ham ko‘pchilik edi. Qisqa muddatda Junaidxon o‘z qo‘shinini 20 ming kishiga yetkazdi. O‘zbek dehqonlari va hunarmandlaridan iborat guruhlarga Madraimboy, Sa’dulla bola, Shokir bola, Mavlonbek va boshqalar rahbarlik qildilar. Xususan, ko‘xna Urganch, Ilyali, Toshhovuz, Mang‘it, Qo‘shko‘pir, Chimboy, qo‘ng‘irot va To‘rtko‘lda harakat qilgan o‘nlab sardorlarning guruhlari qizil askarlarga jiddiy zarbalar berdi. Junaidxon boshchiligidagi armiya hujumga o‘tib 1920 yil yozida Ko‘xna Urganch, Xo‘jayli, Ilyali va Taxtani qayta egalladi, ko‘plab qizil askarlarni asir oldi. Junaidxon sovet qo‘mondonligiga maxsus maktub yuborib agar qizil armiya Xorazmdan chiqib ketmasa, askarlarni otib tashlashini bildirdi. Biroq sovet qo‘mongdonligi Junaidxonning haqli talablarini rad qilgach, u bosqinchilarni otib tashlashga buyurdi.
1921 yil yozida qo‘ng‘irotda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Bunday ommaviy ko‘tarilishlar tez-tez takrorlanib turdi. Qishloq va shaharlarning aholisi sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatga xayrixoxlik bildirgan. 1922-1923 yillarda Xorazmda olib borilgan jangovar harakatlar qizil armiya qo‘mondonligini tang ahvolga solibgina qolmay, balki respublikadagi siyosiy muhitga ham jiddiy ta’sir qildi.
Sovet rejimi 1923 yil oxirida Junaidxon bilan sulx muzokaralarini boshlashga urinib ko‘rdi. Biroq Junaidxon o‘zining oldingi talabini Ya’ni: 1) Rossiya qo‘shinlarini Xorazmdan darhol olib chiqib ketish; 2) shariatga to‘la erkinlik berish; 3) barcha sobiq hokimlar va oqsoqollarni yana o‘z lavozimlariga tiklash; 4) soliqlar va patentlarni bekor qilishni qat’iy talab qildi. Biroq bu talablarni sovet hukumati rad qilgach, muzokaralar to‘htab qoldi.
Bu paytda Junaidxon qo‘lida katta kuch to‘plangan edi. Bundan tashqari Xorazm respublikasining bir qator rayonlarida sovet rejimiga qarshi dehqonlarning ommaviy qo‘zg‘olonlari boshlanib ketdi. Qo‘zg‘olonchilar joylardagi sovet tashkilotlarini tugatib, mamlakat poytaxti Xiva shahri ustiga yurish qildilar. Qoraqumda turgan Junaidxon qo‘shini ham shahar tomon harakat qildi. 1924 yil 10 yanvardan boshlab Junaidxonning 15 ming kishilik piyoda va otliq qo‘shini Xiva shahrini qamal qilishga kirishdi. 16 yanvarda Xorazm respublikasida harbiy holat joriy qilindi.
Xorazm respublikasida sodir bo‘layotgan voqealarning bunday jiddiy tus olishidan tashvishga tushgan RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi 1924 yil 6 yanvarda Junaidxon boshchiligidagi kuchlarga qarshi kurashish uchun E. Berzin (rais), Gorodetskiy, Adinaev va Xidiralievlardan iborat favqulodda komissiya tashkil qildi. Xorazmga zudlik bilan qo‘shimcha harbiy kuchlar keltirildi. Natijada Junaidxon qo‘shini qariyb bir oy davom etgan qamalni to‘xtatib orqaga chekinishga majbur bo‘ldi. Katta harbiy kuch to‘plagan qizil armiya qo‘shinlari muholifatchilarga qarshi hujumga o‘tdi. Mart-aprel oylarida bo‘lgan janglarda Junaidxonning piri bo‘lgan Og‘ajon eshon va boshqa qator sardorlar asir olindi.
Xorazm voxasidagi qurolli qarshilik harakati ayrim guruhlar tomonidan 1935 yilgacha olib borildi. Harakat Sharqiy Buxoro va Farg‘ona vodiysida ham ba’zi uzilishlar bilan shu davrgacha davom etdi. Turkiston mintaqasidagi sovet rejimiga qarshi qurolli harakat tarixiga yakun yasar ekanmiz bu harakatni keng xalq ommasi, birinchi navbatda dehqonlar va hunarmandlar qahr-g‘azabi hamda noroziligining yuksak darajada ko‘tarilganligi ifodasi deb e’tirof etishimiz mumkin.
O‘zbekiston SSR XKS raisi F. Xo‘jaev 1927 yilda bu harakatga baho berar ekan, quyidagilarni aytgan edi: “Bosmachilik harakati shiddatli siyosiy, aksilsovet xususiyat kasb etdi va butun O‘rta Osiyoning mavjud uch respublikasi – Buxoro, Turkiston va Xorazmdagi dehqon aholisining ommaviy harakatiga aylandi. Harakatning dohiylari faqatgina Ko‘rshermat, Ibrohimbeklar bo‘lib qolmasdan, balki unga mahalliy milliy ziyolilar, mulla va boylar ham rahbarlik qildilar.”
Bu harakatga aloqador bo‘lgan umumiy xususiyat – bosqinchi qizil armiyani, bolsheviklarni vatanimiz hududidan olib chiqib ketish talabi edi. Bu talab butun harakat tomonidan ilgari surildi. Shunday qilib, qizil armiyaning bosqini va mustabid sovet rejimiga qarshi ko‘tarilgan qurolli harakat 1935 yilga kelib butun Turkiston mintaqasida tamomila mag‘lubiyatga uchradi. Turkistonda sovet hokimiyatining o‘rnatilishi.
1917 yil 27 fevralda Petrogradda demokratik inqilob g‘alaba qozonib, Rossiya imperatori Nikolay II taxtdan ag‘darib tashlandi. Bu inqilob Turkiston o‘lkasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Xususan, Turkiston jadidlari, ziyolilari va islom ulamolarining tashabbuslari bilan 1917 yil martida “SHo‘roi Islomiya”, 1917 yil iyunida “ SHo‘roi Ulamo”, 1917 yil iyulida “Turk Adami Markaziyati” (“Turk federalistlari partiyasi”), 1917 yil sentabrda “Ittifoqi muslimin” kabi siyosiy partiyalar tuzildi.
1917 yil 7 aprelda Petrograddagi Muvaqqat hukumat qarori bilan N.N. Shchepkin raisligida Muvaqqat hukumatning Turkiston komiteti tuzildi. Ammo, 1917 yilning aprel va sentabr oylarida bo‘lib o‘tgan Butunturkiston musulmonlarining I va II qurultoylari Turkiston Muxtoriyati tashkil etish g‘oyasini ilgari surib, hokimiyatni ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlariga berishga qarshi chiqdi. 1917 yil 20 sentabrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston va Qozog‘iston musulmonlarining qurultoyidagi asosiy masala Turkiston o‘lkasining siyosiy tuzumini belgilash edi. O‘sha davrdagi manba tili bilan aytganda “Qurultoy... Turkiston Muxtoriyatini tayin etishga jazm qildi”. Qurultoy muxtoriyatga “Turkiston Federativ Respublikasi” degan nomni quyib, parlament respublikasi asosida tuzilajak bo‘lg‘usi davlat tuzumining bosh tamoyil va meyorlarini belgilab berdi. Afsuski, bu rejalar amalga oshmadi.
1917 yil 25 oktabrda (yangi sana bilan 7 noyabrda) V.I.Lenin boshchiligidagi bolsheviklar (kommunistlar) Petrogradda Muvaqqat hukumatni ag‘darib tashlab, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egalladilar. Toshkent shahrida 28 oktabrda boshlangan qurolli to‘qnashuvlar 1 noyabrda Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasini qamoqqa olish bilan yakunlandi. Turkiston bolsheviklari o‘lkadagi butun hokimiyatni qo‘lga olish uchun shafqatsiz kurashga kirishdilar. Demokratik kuchlar esa bu holga qat’iy norozilik bildirdilar.
1917 yil 13-17noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan shahar o‘z-o‘zini boshqarish tashkilotlarining Turkiston o‘lka syezdi qatnashchilari hokimiyatni to‘laligicha bolsheviklar qo‘liga o‘tishiga keskin qarshilik ko‘rsatishdi.
Syezd hokimiyat masalasiga oid quyidagi rezolyutsiyani qabul qildi: “ Turkistonda hokimiyatni ishchi, dehqon va soldat deputatlari qo‘liga o‘tishi bilan hokimiyat masalasidagi munozara shunday xulosaga keldi:
1. Rossiya inqilobi ko‘targan xalqning ozodligi, tengligi, do‘stligi shiorlari ostida Turkiston aholisining 98 foizini tashkil etuvchi, 10 mln. sonli musulmon aholisi milliy-madaniy o‘z-o‘zini boshqarishning barcha huquqlariga ega;
2. Musulmonlarining o‘z taqdirini o‘zi belgilash va umuminsoniy taraqqiyotiga bo‘lgan qiziqishi Qur’on va Shariat qonunlaridan o‘zgacha bo‘lishi mumkin emas. Musulmonlar inqilob natijasida qo‘lga kiritgan huquqlarni amalga oshirar ekan Rossiyadagi siyosiy partiyalarning birontasi tarkibida faoliyat ko‘rsatishi va ularning partiyaviy kurashlarida qatnashishi mumkin emas. Lekin, Rossiya fuqarolari bilan umumiy jamiyat manfaatlarini hisobga olib mamalakatni Ta’sis majlisiga olib boruvchi hokimiyatni qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiqdir;
3. Butun Rossiya doirasida hokimiyat qanday tuzilishidan qat’iy nazar musulmonlar o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqlarini mahalliy sharoitni yaxshi bilgan, musulmonlarning urf-odatlari va yashash sharoitlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan, xalqning hohish irodasiga ko‘ra yangicha hayot tartiblarini joriy qila oladigan kishilardan iborat mahalliy hokimiyat orqali amalga oshirishlari mumkin. Shuning uchun mahalliy hokimiyat birinchi navbatda musulmon vakillaridan, ma’lum miqdorda boshqa siyosiy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatuvchi, lekin musulmonlarga xayrixoh bo‘lgan vakillardan tashkil topishi kerak;
4. Hokimiyatni mahalliy aholi manfaatlari uchun tasodifiy va begona bo‘lgan harbiylar, ishchilar va dehqon(krestyan)larning mayda guruhlari qo‘lidagina to‘planib qolishi demokratik prinsiplarga mos emas va mahalliy aholini o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi erkin harakatlariga kafolat bera olmayd.
1917 yil 15-22 oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘lka ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining III syezdida 15 kishidan iborat hukumat Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti tuzildi.
Unda 8 ta o‘rin so‘l eserlarga, 7 ta o‘rin bolsheviklar bilan maksimalistlarga berilib, hukumat tarkibiga tub aholi vakillaridan bitta ham vakil kiritilmadi. XKS raisi lavozimini F.Kolesov egalladi.
Turkistonda hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tishi bilan o‘lkada Muvaqqat hukumatning barcha bo‘g‘inlari tugatilib, o‘rniga avvalo jazo organlari va sovet boshqaruv tizimi o‘rnatildi.
Turkiston XKS 1917 yil 28 noyabrda o‘lkada qizil gvardiya bo‘linmalarini tuzish haqida qaror qabul qiladi. Bu bo‘linmalar Sovet tuzumi va bolsheviklarga qarshi ko‘tarilgan dastlabki ongli chiqishlarni bostirishda faol ishtirok etdi.
Turkiston XKS 1917 yil oxirlarida o‘z qarori bilan “SHo‘roi islomiya” va boshqa mahalliy demokratik tashkilotlarni tarqatib yubordi. Bu tashkilotlarning rahbarlari keyinchalik Turkiston Muxtoriyati hukumatiga qo‘shildilar, ayrimlari istiqlolchilik harakatiga g‘oyaviy rahnamolik qildilar. “SHo‘roi Ulamo” tashkilotining Toshkent sho‘basi faqat 1918 yil 13 mayda yopib qo‘yildi.
Turkiston o‘lkasi XKS o‘zining tuzilishi va boshqaruv apparatlari jihatidan tubdan farqlanuvchi hukumat edi. Turkiston XKS tarkibiga kirgan 15 ta komissarlik o‘lkadagi boshqaruv ishlarini butunlay qamrab olgan bo‘lib, boshqaruv tizimining farqli tomoni shunda ediki, Turkiston XKS tashkil topgan paytdayoq Rossiyadagi Markaziy hukumatni tan oldi. Chunonchi, Turkiston XKS raisi F.Kolesov Petrograddagi XKS nomiga yuborgan telegrammada quyidagicha ta’kidlagan edi: “Komissarlar Soveti o‘z oldiga sizning hamma dekretlaringizni amalga oshirish vazifasini qo‘ydi... Bizning to‘la-to‘kis qo‘llab quvvatlashimizni hisobga olishingizni so‘raymiz”.
Tadqiqotchilarning (Q.Rajabov, M. Haydarov) fikricha, Turkiston o‘lkasi yangi hukumati o‘sha kunning o‘zida (1917y. 23 noyabr-E.B.) aholiga qilgan murojaatida ham o‘zining asl maqsadlarini yashirib o‘tirmadi. Murojaatda ham telegrammada bo‘lgani kabi quyidagilarga alohida urg‘u berilgan edi: “Xalq Komissarlari Soveti markaziy hokimiyatning barcha dekretlarini og‘ishmay amalga oshiradi va o‘z faoliyatida syezdning ...qarorlariga amal qiladi.
Bu topshiriqlarni bajarish yo‘lidagi har qanday qarshilik sovetlar tomonidan keskin choralar ko‘rish bilan kutib olinadi”.
Tadqiqotchilar to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek, Turkiston XKS o‘z faoliyatining birinchi kunlaridan boshlab sovet siyosatini amalga oshirishga, Turkiston o‘lkasida sovet hokimiyatini mustahkamlashga qattiq va astoydil kirishdi. Barcha mahalliy sovetlarga zudlik bilan qizil gvardiya tuzishga kirishish taklif qilindi. O‘lka komissarligi tarkibida bo‘lgan va boshqaruvda asosiy rol o‘ynaydigan harbiy, tashqi savdo, shuningdek, pochta, telegraf va temir yo‘llar boshqaruvi masalalari butunlay Rossiyadagi tegishli idoralarga berib qo‘yilishi oqibatida Turkiston XKS ijrochi organga aylanib qoldi. Markazdan yuborilgan barcha mas’ul xodimlar, turli komissiya va tashkilotlar o‘z siyosatlarini qo‘g‘irchoq organga aylangan o‘lka XKS orqali yuritdilar.

Yüklə 77,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə