Turkiy xalqlar adabiyoti


HOZIRGI ZAMON OZARBAYJON ADABIYOTI



Yüklə 0,68 Mb.
səhifə8/34
tarix11.12.2023
ölçüsü0,68 Mb.
#147526
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   34
Turkiy xalqlar adabiyoti-fayllar.org (1)

HOZIRGI ZAMON OZARBAYJON ADABIYOTI

Reja:
1. XX asr boshlaridagi tarixiy muhit va adabiyot.
2. Ozarbayjon adabiyotida romantik oqimlar.
3. 20-40 – yillar Ozarbayjon adabiyoti.
4. Ozarbayjon adabiyotida realistik metod.
5. Keyingi yillar Ozarbayjon adabiyoti.
Tayanch so’z va iboralar: Romantik oqim. “Hayot sadolari”. Ozarbayjon musovotchilari. Samad Vurg’un “Voqif” dramasi. XX asr ozarbayjon prozasi. S.Raxmon. M.Husayn “Apsheron”, Elchin. “Shunday kun keladi” romani.
1905-1907 yillar Rossiyada hukumatga qarshi katta qo’zg’olonlar bo’lib o’tdi. Bu qo’zg’olonlar Rossiyaning mustamlaka o’lkalarida milliy ozodlik ko’rinishida bo’ldi. Jumladan, Kavkaz orti respublikalarida ham mavjud tuzumga qarshi ko’plab g’alayonlar bo’lib o’tdi. Ana shu ijtimoiy hodisalar bu xalqlarning adabiyotida o’z aksini topdi.
Bu davr Ozarbayjon adabiyotida realistik oqim shakllanib, uning vakillari ijtimoiy hayotdagi voqyealarni to’g’ri, haqqoniy aks ettirishga intildi. Shu bilan birga, bu davrda romantik yo’nalishdagi yozuvchilar ham mavjud edi. Ular milliy burjuaziya mamlakatni taraqqiyot yo’liga olib chiqadi, deb ishonar edi. Xalq ommasini esa to’polonchi, olomon sifatida tushunar edi. Shuning uchun ularning asarlarida endi shakllanib kelayotgan burjuaziya sinfi vakillari ijobiy qahramon sifatida namoyon bo’ldi. Bu davrda romantik oqimning Muhammad Xodiy, Abbos Sixat, Husayn Jovid singari vakilllari o’zlarining ko’plab ma’rifiy asarlari bilan mashhur bo’ldi. Ayniqsa, M.Xodiyning asarlarida o’sha davrning katta ijtimoiy voqyealari lirik yo’nalishda aks ettirilganligi bilan ajralib turadi. Uning “Alvoxi intiboh, yohud insonlarning tarixiy fojialari” nomli falsafiy dostoni juda mashhur bo’lgan. Bu asar o’zining g’oyaviy badiiy va chuqur falsafiy mushohadalari bilan Ozarbayjon adabiyotining noyob durdonalaridan hisoblanadi. Shoirning “Hayot sadolari” nomli dostoni o’zbek tiliga R.Parfi va Abdurahmon Vodiliylar tomonidan tarjima qilingan.
Hayotning saslari go’shimda ko’p faryod shaklinda,
Bu insonlar ki qardoshdir va lekin yot shaklinda,
Bu tuproq qonli avloqdir, bashar sayyod shaklinda,
Adovat doimo bordir, muhabbat mot shaklinda,
Bu dunyo eskidandir sahnai bedod shaklinda,
Jahon boshdin oyoq maydoni motamzod shaklinda,
Faraxlar hibs bo’lmish xuznlar ozod shaklinda,
Musibatlar, balolar, g’ussalar obod shaklinda
Yuraklar g’am o’ti-la har zamon barbod shaklinda,
Boqishlar ko’lkali, yuzlar butun noshod shaklinda
Bu motamgohni kim ko’rmish sururobod shaklinda.
Bu davrda Pushkin va Lermontovning ko’plab romantik asarlari Ozarbayjon tiliga tarjima qilindi. Ozarbayjonning romantik yozuvchilarining yaratgan asarlari XX asr ozarbayjon adabiyotida yangi avlodning yuzaga kelishiga katta ta’sir qildi. Ja’far Shaboli, Samad Vurg’un, Marvarid Dilbozi singari talantli yozuvchilar dastlab shu romantik maktab ta’sirida tarbiyalanib asarlar yozgan edi.
Ozarboyjon adabiyoti taraqqiyotiga Nadjabbek Vezirov (1854-1926) ham katta hissa qo’shgan. Bu ma’rifatparvar shoir Moskvada o’qib, o’z davrining bilimdan savodli kishisi bo’lib yetishdi. N.Vezerov Ozarbojon teatrining shakllanishiga asosiy hissa qo’shgan san’atkordir. U M.F.Oxundovning an’analarini yangi zamonda davom ettirib, jaholatga, qoloqlikka, yaramas urf-odatlarga qarshi kurash olib bordi. Uning «Yomg’irdan qochib selga», «Faxridinning sho’ri», «Faqat nomigina qoldi», «Nima eksang, shuni o’rasan», «Pahlavonlar» kabi dramalarida ozarboyjon xalqining olg’a ketishiga to’siq bo’lgan illatlar fosh qilingan. Masalan «Faxriddinning sho’ri» pyesasida yosh yigit Faxriddin katta boy oiladan chiqqan. U o’qib, mehnat qilib ziyoli kishi bo’lib yetishadi. Xalqni orqaga sudrayotgan jaholatni o’z atrofidagilarga tushintirolmay xunob bo’ladi. «Zamonamiz qahramonlari» pyesasida esa har xil tovlamachilar, neftni sotuvchi birjadagi qalloblar qattiq tanqid qilingan. Uning «Yangi eraning tug’ilishi» nomli dramasida XX asr boshlaridagi tarixiy voqyealarga munosabat bildirilgan.
Husayn Jovid 1882-1945 XX asr Ozarboyjon adabiyotining yorqin siymolaridan biridir. U Naxchevan shahrida tug’ildi. Dastlab Tabrizda madrasada o’qidi. Keyin Stambul universitetida adabiyot bo’limini tamomladi. Naxchevan, Ganja, Tiflisda o’qituvchilik qildi. 1915 yildan Boku shahrida yashadi. 1926 yilda sog’ligi yomonlashgani tufayli davolanish uchun Germaniyaga boradi va bu yerda bir qancha vaqt yashaydi. Stalin qatag’oni yillarida yozuvchiga «millatchi» deb ayb qo’yiladi. 1937 yil qamoqqa olinadi va 1945 yil ana shu qamoqxonada vafot etadi.
Husayn Jovid dramaturgiya janrida muvaffaqiyatli ijod etdi. Uning «Knyaz», Payg’ambar». «Shayx San’on», «Xayyom». «O’pqon», «Amir Temur», «Iblis» nomli dramatik asarlari butun dunyoga mashhur bo’lgan. «Amir Temur» dramasi o’zbek tiliga ham tarjima qilingan. Asarda Temurning Boyazid bilan olib borgan urushi hikoya qilingan. Bunda G’arbning ayyor diplomatiyasi ikki qondosh xalqni bir-biri bilan urishtirib qo’ygani hikoya qilingan.
O’sha vaqtda Butun dunyoning katta qismi turk hukmdorlari qo’li ostida edi. Bu hukmdorlarning biri Turk sultoni Yeldirim Boyazid, ikkinchisi Amir Temur edi. Asarda ana shular o’rtasidagi jang va uning oqibatlari haqida fikr yuritiladi. Asr boshidagi tarixiy voqealar o’sib 1917 yilgi to’ntarishga olib keldi. Ozarbayjonda 1918 yilda milliy burjuaziya respublikasi tuzildi. Lekin bu respublika bolsheviklar tomonidan 1920 yilda ag’darib tashlandi va Sovet hokimiyati tarkibiga kiruvchi Ozarbayjon respublikasi tuzildi. Rossiya imperiyasining zulmidan qutulgan ozarbayjon xalqi bolsheviklarning zulmi ostida 1991 yilgacha yashab keldi. Ana shu davrdagi ozarbayjon adabiyotida Samad Vurg’un, Sulaymon Rustam, Mamad Rahim, Mirzo Ibrohimov kabi talantli yozuvchilar yetishib chiqdi.
Samad Vurg’un Ozarbayjonning Qozoq rayonida tug’ilgan. Yusuf Samad o’g’li Vekilov (Vurg’un-adabiy taxallusi “oshiq” degan ma’noni bildiradi) Boku va Moskva oliy o’quv yurtlarida o’qigan. Shu yillardan boshlab uning “Shoirlik qasami”, “Fonar”, “Ko’ngil daftari”, “Tong qo’shig’i” kabi to’plamlari nashr qilindi. S.Vurg’un XX asr ozarbayjon adabiyotining klassik shoiri edi. Afsuski, uning ko’pgina asarlari kommunistik mafkura ta’sirida yozilgan. Lekin shoir shunday asarlarida ham yuksak badiiy mahorat cho’qqisiga ko’tarildi. U bir qancha poemalar yozdi. Shoirning bu dostonlarida ozarbayjon klassik dostonlari an’analari bilan G’arbiy Yevropa adabiyoti an’analari uyg’unlashib ketgan. “Yigirma oltilar”, “Kolxozchi xotin Basti haqida qissa”, “Mo’g’on”, “Zanjining orzulari” kabi dostonlari o’z davrida juda mashhur bo’lgan.
S.Vurg’un siyosiy lirika sohasida ham barakali ijod qilgan. Uning “Dunyo xaritasi” turkumiga kiruvchi she’rlarida ezilgan millatlarning taqdiri, ularning bosqinchi imperialistik davlatlarga qarshi kurashi o’z ifodasini topgan.
Samad Vurg’un iste’dodli dramaturg sifatida ham barakali ijod qildi. Uning tarixiy mavzudagi “Voqif” tragediyasi ayniqsa mahorat bilan yozilgan. Bu asar Uyg’un bilan I.Sultonning “Alisher Navoiy” nomli dramasiga o’xshashdir. Dramaturg “Voqif” tragediyasida XVIII asr ozarbayjon xalqi hayotidagi ijtimoiy – siyosiy voqyealarni asar kompozisiyasiga ustalik bilan joylashtirgan. Bu voqyealar ma’rifatparvar shoir Voqif biografiyasi tasviri bilan uyg’unlashib ketgan. Shoir taqdiri, ijodi bu asarda xalq taqdiri bilan bog’liq tarzda tasvirlangan. Yozuvchining “Farhod va Shirin” dramasi Nizomiy “Xamsa”sidagi shu nomli doston asosida yozilgan bo’lsa, “Xonlar” dramasi esa zamonaviy mavzuda yozilgan. Xonlar Bokudagi ishchilar sinfining yirik vakili sifatida tasvirlangan. U ozarbayjon xalqining Chor Rossiyasi mustamlakachilaridan va ekspluatatorlar zulmidan ozod qilinishi uchun kurashgan qahramon obrazidir. Qisqasi, S.Vurg’un ijodi XX asr ozarbayjon adabiyotida katta o’rin egallaydi. U qisqagina umri davomida yozib qoldirgan asarlari ozarbayjon xalqi qalbida abadiy qoladi.
Ozarbayjon adabiyotida sosialistik realizm metodi hukmron bo’lsa-da, ko’pgina baquvvat asarlar yaratildi. Ayniqsa, she’riyat 20-30 yillarda yetakchi janrga aylandi. Klassik poeziyada ko’pgina intim tuyg’ularni kuylagan ozarbayjon she’riyati bu davrda siyosiy-ijtimoiy mavzularga ko’p e’tibor berdi. Siyosiy lirikaning go’zal namunalari vujudga keldi. Sulaymon Rustamning “Ikki sohil” she’riy turkumlari, Rasul Rizoning “Chapay”, “Germaniya” kabi asarlari bunga misol bo’lishi mumkin.
O’ttizinchi yillarda ozarbayjon adabiyotida poema janrining taraqqiyoti ko’zga tashlanadi. Davrdagi bo’layotgan voqyealarni his-hayajon bilan kengroq va kattaroq hajmda tasvirlash zarurati tug’ildi. Natijada Mamat Rahimning ”Sayat Navo” kabi dostonlari yaratildi. Urush yillari ozarbayjon adabiyotida jangavor lirikada asarlar yozish kuchaydi. S.Vurg’un va R.Rizolarning bu davrdagi jangavor she’rlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Urush davri va undan keyingi davrlar ozarbayjon adabiyotida prozaik asarlar yozish ham kuchayib bordi. Bir qator tarixiy mavzudagi asarlar yaratildi. M.Urdubodiyning “Tumanli Tabriz”, A.Abulxasanning “Buzulayotgan dunyo”, Mirjalolning “Shamo”, “Yosh yigit manifesti” kabi romanlari shular jumlasidandir. M.Husaynning “Sahar” nomli romanida 26 Baku komissarlarining hayoti tasvirlangan. Ayniqsa, bunda mashhur erk kurashchisi A.Azizbekovning obrazi mukammal yaratilgan.
Zamonaviy mavzuda esa, M.Husaynning “Absheron”, “Qora qoyalar”, Mirzo Ibrohimovning “Buyuk tayanch”, Valiyevning “Gulshan”, S.Rahmonning “Ulug’ kunlar” kabi roman va povestlari yaratildi.
M.Husaynning “Absheron” romanida ozarbayjon ishchilari sinfining hayoti aks ettirilgan. Neft ishlab chiqarishda jonbozlik ko’rsatgan Tohir, Usta Ramazon, Qudrat va Lola kabi qahramonlar taqdiri berilgan.
Ozarbayjon adabiyotida chet el mavzusi Mirzo Ibrohimovning “Shunday kun keladi” romanida katta mahorat bilan yoritilgan. Eronda yashovchi ozarbayjonlar hayotidan olib yozilgan bu asarda ozarbayjon millatining yagona bir davlatga birlashishi haqida gap boradi. Chunki Eronda yashovchi ozarbayjonlar ko’p yillardan buyon Shimoliy Ozarbayjon bilan birlashish uchun kurash olib bormoqda. Yozuvchi shunday kun albatta kelishini o’z asarida badiiy obrazlar vositasida ko’rsatib berishga harakat qilgan.
Saidbeylining “Notanish qirg’oqlar” povestida esa yugoslav va italyan partizanlariga rahbarlik qilgan, nemis-fashistlarga qarshi kurashgan ozarbayjonlik yigit M.Husaynzodaning qahramonliklari, jasorati tasvirlanadi.
Yosh yozuvchilardan bo’lgan Bayram Bayramov “Yaproqlar”, Iso Husayinov “Tong yulduzi”, Manaf Ibrohimov “Yer osti sirlari” kabi romanlarini keyingi yillarda e’lon qildi. Bu asarlar hozirgi ozarbayjon adabiyotining katta yutuqlari sifatida tan olinmoqda.
Dramaturgiya sohasida ham anchagina yutuqlar qo’lga kiritilgan Bu sohada mashhur dramaturg Jafar Jabarlining yaratgan asarlari katta ahamiyat kasb etdi. Uning “1905 yilda”, “Sevil”, “Yashar”, “Olmos” kabi asarlari ozarbayjon dramaturgiyasining rivojiga katta hissa qo’shdi.
S.Vurg’unning “Voqif” tarixiy dramasida XVIII asrdagi tarixiy voqyealar mashhur shoir Voqif obrazi vositasida aks ettirilgan. M.Husaynning “Javonsher”, S.Rustamning “Qochoq Nabi”, E.Madxonlining “Sharq tongi” kabi asarlari ham tarixiy mavzuda yozilib, o’zlarining yuksak badiiyligi va mazmundorligi bilan ajralib turadi. Xojibekovning “Arshin mol olon” muzikali dramasi ham ko’p tillarga tarjima qilingan.
60-70 yillar ozarbayjon adabiyotida ko’pgina talantli ijodkorlar faoliyat ko’rsatdi. Bu davrda R.Rizoning “Kunlar va tunlar”, “Tanholik intihosi” she’riy to’plamlari, Nasimiyga bag’ishlangan “So’nggi kecha”, Ikkinchi Jahon urushi vokealari aks etgan “Ming to’rt yuz o’n sakkiz” dostonlari ozarbayjon she’riyatining so’nggi yillaridagi katta yutug’i bo’ldi.
Prozada Ismoil Shixlining “Sertashvish Ko’ra”, Husayn Abboszodaning “General”, Anorning “Odamoxun”, A.Askerovning “Ol yanoq”, Elchinning “Bir uchrashuv hangomasi” nomli roman va qissalari yozildi.
Anor 1938 yilda mashhur shoir Rasul Rizoning oilasida tug’ilgan. Onasi Nigor Rafibeyli ham mashhur shoira edi.
Anor keyingi yillar Ozarboyjon adabiyotining yirik vakili sifatida ko’plab baquvvat asarlar ijod qilmoqda. Uning «Besh qavatli uyning oltinchi qavati» nomli asarida hozirgi zamondoshlarimizning ruhiy dunyosi katta mahorat bilan chizib burilgan. Asarda Zuar bosh qahramon. U Taxmina ismli ayolni jonidan ham ortiq yaxshi ko’radi. Taxmina ham Zuarni sevadi. Shuning uchun u oilasini buzib, Zuar bilan yashaydi. Lekin hayotning turli intrigalari va Zuardagi asossiz rashklar natijasida ular ajralishadi. Zuarni otasi qo’shni qiz Farangizga uylantiradi. Ana shundan keyin jurnalist bo’lib ishlab yurgan Taxmina vafot etadi. Zuar Taxminaning o’limiga hyech ishonmaydi, baribir bir kuni uni uchrataman deb o’ylab yuradi. Bir kuni ko’chada Taxminani ko’radi, u esa Zuardan qochib troleybusga chiqadi. Uning orqasidan yugurib ketgan Zuarga Taxmina troleybus oynasidan avvalgidek qo’l siltaydi. Zuar troleybusni kuzatib boraveradi, u qiz esa troleybusdan tushib besh qavatli uyga kiradi. Uning orqasidan borgan Zuar qizning besh qavatli uyning oltinchi qavatiga chiqib ko’zdan g’oyib bo’lganini ko’radi. Liftda esa oltinchi qavatning tugmachasi ham yo’q edi. Bu bilan yozuvchi Tahminaning ruhi osmonga chiqib ketdi demoqchi bo’ladi.
Asarda katta falsafiy fikrlar berilgan. «Dantening yubileyi» nomli qissada esa hozirgi davrning dolzarb muammolariga munosabat bildiriladi. Asarda talantli aktyor Fayzullaning savodsiz, madaniyatsiz va xudbin rejissyor Siyovush tomonidan tahqirlanishi hikoya qilinadi. Bu bilan adib dono, bilimdon kishilar bugungi kunda ham boshi kulfatdan chiqmayotganligini aytmoqchi bo’lgan. Fayzulla oq ko’ngil sodda, o’z kasbini nihoyatda sevadi, qancha qiyinchilik bo’lsa chidaydi. U hatto o’zi ishlayotgan teatrga ham kassadan bilet sotib olib kiradi. Bir kuni xotinini ham teatrga taklif qiladi. Lekin unga teatrdan bilet bermaydi. Shunda Siyovushning yugurdaklaridan biri Majid uni axmoq qilib, bundan bir hafta oldin o’tib ketgan Italyan shoiri Dantening 700 yillik yubileyiga berilgan taklifnomani beradi. Fayzulla xotini bilan u yerga borib aldanganini biladi. Shunda ham u Majidga qarshi gapirmaydi. Fayzullaning o’g’li Eldor ham talantli yoshlardan. Lekin o’z yurtida o’qishga kiraolmaydi, chunki o’qishga kirish ham pul bilan bo’ladi. Shuning uchun u Moskvaga borib o’qishini orzu qiladi. Uning sevgan qizi Ra’no ham bu yigit kambag’alligi uchun boshqa badavlat yigitga turmushga chiqib ketadi.
Xullas, bu qissada Anor jamiyatdagi ildiz otib ketgan poraxo’rlik, tovlamachilik, oshna-og’aynigarchilik kabi illatlarni tanqid qilgan.
Dramaturgiya sohasida esa Maqsud Ibrohimbekovning “Qasos”, Anorning “Shahar tobistoni”, Baxtiyor Vahobzodaning “Yong’indan so’ng” kabi pyesalari katta shuhrat qozondi.
O’zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari tarixi uzoq o’tmishdan boshlanadi. Keyingi yillarda bu aloqa yanada mustahkamlandi. Ozarbayjon adabiyotining ko’pgina asarlari o’zbek tiliga tarjima qilinmoqda.
Adabiyotlar
1. Arif M. Azerbayjanskaya literatura. Moskva. 1979 yil.
2. S.Vurg’un. Tanlangan asarlar. Toshkent. 1965 yil.
3. M.Husayn. “Apsheron” roman. Toshkent. 1973 yil.
4. M.Ibrohimov. “Shunday kun keladi” roman. Toshkent. 1975 yil.


Yüklə 0,68 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   34




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə