Urganch-2020 mundarija: kirish



Yüklə 1,81 Mb.
səhifə8/12
tarix19.12.2023
ölçüsü1,81 Mb.
#152102
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12
Pedagogika va psixologiya-fayllar.org

Finlyandiya dunyodagi eng bolajon mamlakat, desak, yanglishmagan bo'lamiz. Unda jismoniy imkoniyati chegaralangan bolalar oddiy bog'cha va maktablarga borishadi. Bu erda nogiron va sog'lom bolaga ajratish qabul qilinmagan. O'yin bolani rivojlantiruvchi asosiy vositadir. Ota-onalar ham bunga katta e'tibor berishadi. Shuning uchun ham barcha ta'lim muassasalari hamda jamoat joylari o'yingohlar va maydonchalar, bolani ovqatlantirish uchun maxsus xonalar, kafelarda maxsus bolalar uchun taomnomalar, jamoat transporti esa bolalar o'rindiqlari bilan jihozlangan.
Fin jamiyatida jinslar tengligiga qat'iy amal qilinadi. Ota va ona farzandiga birday mas'uldir. 18 yoshga qadar bolaning alkogol ichimliklar iste'mol qilishi yoki tamaki mahsulotlarini chekishi ta'qiqlanadi, shunga qaramay, ular jamiyatning to'laqonli a'zosi hisoblanadi va o'z hayotlariga doir qarorlarni o'zlari qabul qilish huquqiga egadirlar. Balog'at yoshiga etgach, farzand uyini tark etadi va o'zining oilasini qurmagunicha ota-onasidan alohida yashaydi. Ota-onalarning o'z farzandlariga nisbatan munosabati jarayonidan doimo ijtimoiy xizmat xodimlari xabardor bo'lib turishadi. Biror ishkal chiqsa yoki qo'shnilar farzandga nisbatan nohaqlik bo'layotgani haqida arz qilsa, ota-onalar javobgarlikka tortiladi.

Fransiyada bolalarni chaqaloqlik davridanoq bolalar bog'chasiga berish odatiy holdir. Birinchidan, bu frantsuz ayollariga ishlash imkoniyatini bersa, ikkinchidan, ular go'dakligidanoq jamoaga moslashadi va mustaqil bo'lib o'sadilar. 6 yoshidanoq frantsuz bolakay o'zi mustaqil maktabga boradi, do'kondan narsa xarid qiladi, uyda yolg'iz qoladi. Shunga qaramay, frantsuzlar 30-35 yoshgacha ota-ona uyida yashashlari va o'z oilasiga ega bo'lishga shoshilmasliklari mumkin. Onalar o'z farzandlariga ovozlarini ko'tarib urishishsa-da, hech qachon urmaydilar. Jamiyat qator qonunlar orqali bola huquqlarini himoya qiladi. Ota-onalar va vasiy shaxslar birinchi galda bolalarning rivoji hamda sog'ligi uchun mas'uldirlar.
Germaniyada bolalarning rivojiga 3 yoshdan boshlab katta e'tibor beriladi. Onalar o'z farzandlarini boshlang'ich bosqichda haftada bir marta, kattaroq bo'lganlarida bir necha marotaba maxsus rivojlantirish guruhlariga olib borishadi. Maqsad jamoa bo'lib o'ynash, o'zaro muloqotga o'rgatishdir. Faqatgina mazkur guruhlarga bola borganidan so'nggina uni bolalar bog'chasiga berishadi. Chunki farzandning bog'chaga ko'nikishi oson kechadi va bolalar bu erda o'zlarini erkin his qiladilar. Bog'chada bolaga o'z huquqlarini, ularni hech kim xafa qilishi mumkin emasligini o'rgatishadi. Bu nafaqat bolalarga qo'l ko'tarish, balki kattalar tomonidan ularga ovozni balandlatish, xafa qilishning oldini olish ham demakdir. Nemislar o'z farzandlariga yoshligidanoq tejamkorlik, intizomli bo'lishni, atrof-muhitni muhofaza etishni, odob-axloqni o'rgatishadi. Yigit va qizlar aksariyat holatlarda 30 yoshga qadar turmush qurishsa-da, 40 yoshlarga borib, ya'ni o'zlari ma'nan va moddiy ravishda tayyor bo'lgach, farzand ko'rishadi. Ota-onalarning o'z farzandlariga yordam bermasliklari, bolalar bog'chalarining to'liq kun ishlamasligi, enaga xizmatining qimmat turishi hisobiga ayollar farzand ko'rishga shoshilishmaydi va shu sababli Evropa davlatlari ichida mamlakatda tug'ilish eng kam hisoblanadi. Farzand ko'rishdan oldin yosh oila kichik uyda turishsa, uni kattarog'iga, bola uchun alohida xonasi bor uyga almashtirishadi, oldindan tajribali enaga, pediatr topishadi, homiladorlikning har bir bosqichida tibbiy ko'rikdan o'tiladi. Bola tug'ilgach, uning tarbiyasiga jiddiy e'tibor beriladi. Bolalarga kichik yoshida televizor ko'rishga ruxsat berilmaydi va iloji boricha soat 20.00 da uxlashga yotqizishadi, chunki kichkintoyni erta uyg'onishga, kichik yoshidanoq o'z kunini rejalashtirish, muhim sanalar (qarindoshlarning tug'ilgan kunlari)ni yodda saqlash, o'z xarajatlarini nazorat qilishga o'rgatishadi. Farzandlarida kommunikabellikni rivojlantirish maqsadida onalar ularni rivojlantirish guruhlariga olib borishadi. Bolalar bog'chalari asosan kichkintoylarni jamoada o'zini tutish, muloqotda bo'lishga o'rgatadi, yozish va o'qish faqatgina maktabdan boshlab o'qitiladi. Bola go'dakligidanoq enaga nazoratida o'zi istagan ishni qiladi, o'qish kichkintoy uchun foydali va yoqimli bo'lishiga alohida e'tibor qaratiladi, har bir bolaning iqtidoriga qarab fanlarni tanlashga harakat qilinadi. Boshlang'ich sinflardagi barcha fanlar o'yin tarzida o'tiladi. Maktab 9 yillik bo'lib, o'quvchining sha'niga hech kim putur etkazmasligi uchun hattoki nazorat ishlar baholari sinfda e'lon qilinmay, alohida ota-onaga aytiladi. Bola bir kun dars qoldirsa, ta'lim politsiyasi darhol buning sabablarini aniqlashga harakat qilib, sababsiz holatda ota-onaga jarima solishi mumkin. Jismoniy kamchiligi mavjud o'quvchilar oddiy maktablarga borishadi, aqliy jihatdan kamchiligi mavjud bolalar maxsus maktablarda o'qitiladi. O'qish puli ijtimoiy xizmat tomonidan to'lanadi. Germaniyada 9 yoshga kirmagan bolani uyda yolg'iz qoldirish mumkin emas. Shu sababli onalar yarim stavkada ishlashga yoki enaga yollashga harakat qilishadi.
Maktabda baholash tizimi biznikidan keskin farq qiladi. Germaniyada 6 ballik baholash tizimi joriy etilib, eng yuqori ball 1 hisoblanadi va u faqatgina 3-sinfdan keyingina qo'yiladi. Chunki ilk nazorat ishlari aynan 3-sinfdan boshlab olinadi. Nemislarning fikriga ko'ra, 1–2-sinflarda o'quvchini baholash uning muvaffaqiyatli ravishda rivojlanishiga xalaqit berishi mumkin. 4-sinfda o'quvchi 2 va 1 baholarga o'qisa (yuqorida aytilganidek, bu baholar eng yuqori hisoblanadi), u o'z o'qishini gimnaziyada davom ettiradi. Gimnaziyada o'quvchi 13-sinfgacha o'qiydi va oxirgi ikki yil kollej vazifasini o'tab, o'smir o'zi tanlagan kasb yo'nalishidagi fanlarni o'rganadi. Aslida esa 10 yoshidan keyin o'quvchi kasb tanlashi lozim. Shunga qarab bola rivoji uchun fanlar tanlanib, uni mazkur sohaga yo'naltirish bo'yicha faoliyat boshlanadi.

Italiyada bolalarning tarbiyasi bilan ota-onadan tashqari bobo va buvilari, xola, amma, tog'ayu amakilari ham shug'ullanishadi. Kichkintoy katta oilada o'sadi va odatda bog'chaga bormaydi. Italiyada bolalarning barcha injiqliklarini ko'tarishadi, doimo sovg'alar berishadi va deyarli jazolashmaydi. Ba'zida italiyalik ona bolasiga jahli chiqib baqirsa-da, ammo darhol uni o'pib, quchoqlab, yupatishga tushadi. Italiyada bola bog'chaga uch yoshdan boshlab qatnaydi. Bu erda unga o'qish va yozishni o'rgatib, maktabga tayyorlashadi, jamoaga moslashishni o'rgatishadi. Doimiy ravishda jamoaviy o'yinlar, spektakllar qo'yiladi, haftada ikki marotaba birorta xorijiy til o'rgatiladi.

Yüklə 1,81 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə