Usmon Nosirning “Monolog” she’ri matni ustida ishlash. Reja



Yüklə 23,51 Kb.
səhifə1/2
tarix29.03.2023
ölçüsü23,51 Kb.
#103536
  1   2
Amaliy


Usmon Nosirning “Monolog” she’ri matni ustida ishlash.
Reja:
1.Usmon Nosir hayoti va ijodi.
2. “Monolog” she’ri matni ustida ishlash.
3. Shoir she’rlari tahlili
1912-yilning 13-noyabrida Namangan shahrining Chuqurko’cha dahasida bir bola tug’ildi. U tug’ilganida hech kim sevinmadi ham, hech kim xafa ham bo’lgani yo’q. To’shakda yotgan bemor ota esa bola go’dakligidayoq bu olamdan ko’z yumdi… Ammo otalik mehrini to’rt yashar Usmon Masodiq o’g’li Nosirhoji Xonadonidan topdi. IKkinchi ota oilasini Qo’qon shahriga ko’chirib olib keldi. Bola shu dargohda ulg’ayib, ko’p bolalar kabi internatda o’qib tarbiyalandi. O’rta maktabda va Samarqanddagi O’zbekiston dorulfununida o’qib yurgan yillardanoq u shoir Usmon Nosir bo’lib tanildi.
Usmon Nosir!.. Bu nom yigirmanchi yillarning oxirlaxidayoq o’quvchiga tanila boshladi. O’ttizinchi yillarda esa u, asarlarini kitobxonlar intiqlik bilan kutadigan shoirga aylandi. Endi uni «tabiatan shoir», «tug’ma shoir» deb ta’rifladilar. Ana o’shanda Usmon Nosir 20 yoshlarda edi. «Bo’ladigan bola boshidan ma’lum» deganlaridek, Usmon Nosir ham mashhur siymolarimiz kabi juda yoshligidan ko’p ijobiy xislatlarga ega bo’lgan edi. U nihoyatda ziyrak, idrokli, keng mushohadali, o’ta qiziquvchan, uquvli, bilimga chanqoq, mehnatkash edi. Shuning uchun ham Usmon Nosir ijodda yoshligidanoq iste’dodli, «tug’ma shoir» sifatida tanildi. Bu tanilish yosh shoirning shoirona tabiatidan tashqari, uning ijodga jon-dili bilan berilishi, ijod sirini bilishga urinishi, bu yo’lda o’rganishi va izlanishi samarasi edi. «Geyne bilan o’rtoq tutindim, Lermontovdan ko’mak o’tindim» degan yosh shoir rus va jahon poeziyasining maftunkor fazilatlarini ijodiy talqin qilish bilan birga Sharq adabiyoti va og’zaki ijodining boyliklarini ham egallashga intildi…
Usmon Nosir 18 yoshidan to 24 yoshigacha bo’lgan davrda ijod qildi. Shu qisqa 6-7 yil ichida u beshta she’rlar to’plami («Quyosh bilan suhbat”, «Safarbar satrlar», «Traktorobod», “Yurak», «Mehrim”) va ikki doston («Norbo’ta», «Naxshon”) hamda to’rt drama («Atlas», «Zafar», «So’nggi kun», «Dushman”) asarlarini yaratdi. Badiiy tarjima sohasida ham shoir o’ziga xos tarjimonlik madaniyatini va poetik didini namoyish qilgan edi. N.A. Dobrolyubovning «Haqiqiy kun qachon keladi?» degan mashhur asarini, V.I.Kirshonning «Ulug’ kun» dramasini, A.S. Pushkinning «Bog’chasaroy fontani», M.Y. Lermontovning “Iblis» nomli dostonlarini, Geyne, Gyote, Bayron ijodidan ko’pgina namunalarni o’zbek kitobxonlari Usmon Nosir tarjimasida o’qidi. Bu poetik tatjimalar o’zbek adabiyotining tarjima asarlar sahifasida shoh namunalar bo’lib qoldi.
Usmon Nosir lirik shoir edi. Bu yangroq lirika o’zbek she’riyatidagi lirik oqimga hamohang bo’ldi, bu oqimga yangi sharshara bo’lib qo’shildi va bu unga yanada joziba baxsh etdi. Shoir ijodidagi bu xususiyatlar she’riyatda lirikaning yangi turini, badiiy soddalikning eng yaxshi namunasini namoyish qildi. Usmon she’rlarida jimjimadorlik, g’alizlik, zo’rma-zo’rakilik ko’rinmas, fikr-tuyg’u sodda, lekin lirik harorat bilan, jozibadorlik bilan, original tashbehlar bilan bayon qilinar edi:
She’rim! Yana o’zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan, .
Jonim kabi yashaysan manda.
(« Yana she’rimga»)
Bu she’riy parchada yana bir narsa, ya’ni shoir ijodining yetakchi mazmuni — she’riyat va hayot oshig’ligi
namoyon bo’ladi.
…Shoir ijodiy faoliyatida biz ikki pog’ona borligini ko’ramiz. Uning 1927-yildan 1932-yilgacha bo’lgan ijodida publitsistika, voqealarga publitsistik munosabat, publitsistik pafos va ritorika ko’proq ko’zga tashlandi. Shuning uchun uning she’rlari shior va chaqiriq bo’lib yangradi. Bu xususiyat Usmon ijodining zamon talabiga hozirjavobligini ko’rsatdi… Shoirning mana shu dastlabki davr ijodida tematik aktuallik va rang-baranglik ustun bo’lsa-da, bu yillar badiiy mahorat va ijodiy mustaqillik yo’lida izlanish davri edi… Usmon Nosir o’z ijodini, o’z she’rini:
Sen yuragimning chashma suvisan,
Sen ko’zlarimning gavhar nurlari.
Sening bahongni kim so’rasa, de:
«Bahom — umrning bahosiga teng», ¬
(“She’rim»)
deb baholagan yildan boshlab uning ijodining yangi davri, yangi oqimi, yangi to’lqini, yangi toshqini boshlandi. Bu toshqin shoir ijodining kamolot bosqichi edi. Bu bosqichda u yetakchi shoirlar kabi falsafiy fikrlashni, teran mushohadani, voqeani poetik tasavvur qilishni o’rganib, bu xususiyatni o’z she’rlariga badiiy sodda ifodalarda singdirdi. Uning lirikasida siyosat va ijtimoiy turmush hayotiylik, originallik, chuqur hissiyot, poetik tuyg’u, intim kechinmalar bilan sug’orildi, yurak sadosi bo’lib yangradi va mehr o’ti bo’lib olovlandi. Shuning uchun ham shoir shu yillardagi she’riy majmualariga «Yurak» va «Mehrim» deb nom qo’ydi…
Usmon Nosir yosh ijodkorlarga murabbiylik qildi. O’rta maktabda o’qib yurgan chog’larida Qo’qondagi havaskor qalamkashlar, o’z davrining yosh shoirlari Amin Umariy, Nasrulla Davron, Ibrohim Nazir va shu satrlarning muallifi — kamina kabi shoirlar uning ko’magidan bahramand bo’ldi… Keyinchalik Usmon Nosir barcha katta-kichik shoirlar yuragiga kirib bordi va ularga o’rnak bo’lib qoldi.
…Usmon Nosirning adabiyotda paydo bo’lishi hammaning e’tiborini tortgan edi. Uning ijod maydoniga kirib kelishi, mislsiz kuchi bilan hammani o’ziga jalb qilgan notanish bir pahlavonning maydonga kirib kelishiga o’xshar edi. Ha, u ijod maydoniga yosh va kichkina jussasi bilan keldi-yu, juda katta yuk ko’tardi. «Usmon she’riyatimizga shamolday kirib keldi. Balki bo’ronday! U shunday to’polon va to’lqin bilan keldiki, uncha-muncha she’riy uslub va ijodni to’s-to’s qilib yubordi. Uni o’zimizda «O’zbekning Lermontovi», Moskva gazetalarida «Sharqda Pushkin paydo bo’ldi», deb yozishdi», — deydi shoir Turob To’la.
…Usmon Nosir 1944-yil 23-martda (lager` arxivi hujjatlariga ko’ra 9 martda. Sayt izohi) 32 yoshida Uzoq Sharqda (Kemerevo viloyati Mariinsk rayonida Suslovo qishlog’i (hozir Pervomaysk posyolkasi) yaqinidagi lagerda) vafot etdi. Lekin, shoir o’zi aytganidek, uni Ona Vatani, xalqimiz, adabiyot unutmadi!
Bargdek uzilib ketsam
Unutmas meni bog’im.
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur.
She’rlarim yangrab qolur,
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bog’im…
(«Bog’im»)
degan edi Usmon.

Yüklə 23,51 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə