Вolalarni aqliy rivojlantirishda erta ta’limning ahamiyati



Yüklə 49 Kb.
tarix23.02.2023
ölçüsü49 Kb.
#101341
erta ta\'lim


Вolalarni aqliy rivojlantirishda erta ta’limning ahamiyati

Ashirova O’g’iloy Abduvali qizi


Guliston davlat universiteti magistranti


Annotatsiya: maqolada bolalarni aqliy rivojlantirishda erta ta’limning ahamiyati haqida so’z boradi. Ota- onalarga bu borada tavsiyalar berilgan. Chet tillarini o’rganishda ham erta ta’limning ahamiyatli ekanligi ta’kidlangan.
Kalit so’zlar: erta ta’lim, aqliy rivojlanish, yosh bola xotirasi, o’qitish uslubi.

Masaru Ibukaning ta’kidlashicha: “Erta ta’limning yagona maqsadi bolani aqlli va sog’lom, o’tkir zehnli va gapga quloq soladigan qilib tarbiyalashdir.


Barcha odamlar, agar jismoniy nuqsonlari bo’lmasa, deyarli bir xil holatda tug’iladilar. Bolalarning aqlli yoki nodon, ma’sum yoki tajovuzkor bo’lishi ularning tarbiyasiga bog’liq. Agar har bir bolaga kerakli narsa zarur vaqtda berilsa, u o’tkir zehnli va kuchli irodaga ega bo’lib ulg’ayadi.
Nihoyat, bir tarafdan, miyaning fiziologik tadqiqoti, ikkinchi tomondan, bolalar psixologiyasini o’rganish natijalariga ko’ra shu narsa ma’lum bo’ldiki, bola aqliy qobiliyatining rivojlanish kaliti – bu uning birinchi uch yilda, ya’ni miya hujayralarining rivojlanish davrida olgan shaxsiy tajribasidir. Tug’ilgandan uch yoshgacha bo’lgan oraliqda insonning qobiliyati va fe’l- atvori deyarli shakllanib bo’ladi. Shuning uchun maktabga borganida qobiliyatli bola bilimni hech qanday qiyinchiliksiz, qobiliyati yetarlicha shakllantirilmagani esa doim uzoq vaqt sarflab, mashaqqat bilan o’zlashtirishiga to’g’ri kelishi adolatsizdek ko’rinsa- da, lekin bu hech qachon yo’qotib bo’lmaydigan holat sanaladi. Barchasi bola kelajagini hal qiluvchi hayotiy bosqich, ya’ni uch yoshgacha bo’lgan davrdagi go’dak miyasining rivojlanish darajasiga bog’liqdir. Shuning uchun ham tug’ilishdan uch yoshgacha bo’lgan davr va shu yoshgacha berilgan ta’lim juda muhimdir. Ayni paytda, farzand tarbiyasini uning bolalar bog’chasiga chiqish davriga qadar qoldirish juda kechdir”.
Yangi tug’ilgan chaqaloqning miyasi oppoq qog’oz kabidir. Shu qog’ozga yozganlarimiz bolani qanday inson bo’lib rivojlanishini belgilab beradi. Erta rivojlanish shu chaqaloqning aqliy salohiyati va mislsiz yashirin imkoniyatlari bilan bog’liqdir. Shu o’rinda erta ta’lim har bir go’dak uchun juda muhimdir.
Bola tug’ilishidan uch yoshgacha bo’lgan davr – hujayralararo aloqalar eng faol shakllanadigan davrdir. Biz shu vaqtda bolaga ma’lumotlarni ko’p berishdan cho’chimasligim kerak, sababi bola o’ziga keragicha ma’lumotlarni oladi va qolganini qabul qilmaydi. Bu borada Masaru Ibuka shunday degan: “Uch yoshgacha bo’lgan bola miyasining ma’lumotni qabul qilish qobiliyati katta odamnikiga nisbatan ustunroq. Faqat unga “ko’p berish” yoki qiziqish uyg’otishdan qo’rqmaslik kerak: yosh bola miyasi shimgich (bosma qog’oz) kabi bilimni o’ziga “shimib”oladi, agar to’lib ketganini sezsa o’chadi va yangi ma’lumotni qabul qilishni to’xtatadi”.
Buning isbotini Yaponiyalik Masao Nagata farzandlarida ko’rishimiz mumkin. Uning o’g’li ikki yarim yosh, qizi esa uch oylik edi. Bolalar yosh bo’lishiga qaramay ota ularga bor e’tiborini qaratib, ularning aqliy qobiliyatlarini namoyon qilishga kirishdi. Nagata farzandlariga ingliz, ispan, italyan, nemis, fransuz tillarida so’zlashuvni o’qitishni deyarli bir vaqtda boshlagan. U ko’pgina tillar bir paytda o’rgatilsa, o’qitish usulini umumlashtirish mumkin degan, hamda buni amaliyotda qo’llab ko’rgan. Ya’ni farzandlariga radioda fransuz tili darslari ingliz tilida tushuntirib borilgan. Ayni shu vaqtda farzandlari pianino chalishni o’rganish jarayonida , ular o’rganayotgan notalar italyan tilida izohlangan, tajimasi esa ingliz, nemis va fransuz tillarida bo’lgan. Agar ular izohni tushunmasalar, chalishni ham o’rganolmas edilar. Shunday qilib ular bir necha tilni bir vaqtda o’zlashtirishgan.
Bolalarning xotirasi kattalarnikiga nisbatan mustahkam bo’ladi. Bolalarning xotirasiga mexanik ravishda kiritilgan ma’lumot ulg’ayganida ham u bilan qoladi va kerak bo’lganda uni qo’llay oladi. Bunga misol qilib bir bolani keltira olaman. U go’daklik vaqtini ota- onasi bilan AQShda o’tkazgan va bola bir yoshdan oshganda ota- onasi bilan O’zbekistonga qaytib kelgan. Maktabda ingliz tili fani o’tilishi boshlangandan buyon, tengqurlariga nisbatan tez va oson o’zlashtirdi. Hozirda u ingliz tilida o’z ona tilida so’zlashgandek gapiradi. Ammo unga AQShdan qaytib kelganidan buyon, ingliz tili fani o’tilguniga qadar hech kim inglizcha gapirmagan. Bola go’dakligidayoq shu tilni xotirasiga muhrlab borgan, ammo uning nutqi rivojlanganda hech kim u bilan bu tilda gaplashmagan. Oradan yillar o’tib shu tildagi fan o’tila boshlaganda, yoshlikdagi xotirasi jonlangan.
Masaru Ibuka bu haqida shunday degan: : “Qayerdadir eshitganman” degan tajriba keyinchalik bola qobiliyatlarini rivojlantirishga turtki bo’ladi… Shu bois qiyofalar davrida bola o’ziga kelayotgan ma’lumotni tushunishi muhim emas, asosiysi, katta hajmdagi ma’lumot bilan uni qamrab olish ekanini ta’kidlashdan charchamayman.
Ayniqsa, til va musiqa ta’limida – bu yerda hissiy qabul qilish mantiqiy anglashdan mumimroq hisoblanadi”.
Mening fikrimcha, yosh bola ko’p narsani sezgi a’zolari orqali kattalarga taqlid qilib o’rganadi. Yurishni, turli harakatlar qilishni ko’rib, kuzatib o’rgansa, gapirishni eshitib o’rganadi. Agar bola kar bo’lib tug’ilsa, uning nutqi ham rivojlanmaydi, sababi u so’zlarni eshita olmasa, ularni talaffuz ham qila olmaydi. Agar o’zbek chaqalog’ini ingliz oilasi katta qilsa, u inglizcha muloqot qilib, o’zbekchada umuman gapira olmaydi. Yoki yapon chaqalog’ini o’zbek oilasi kata qilsa ham shunday holat bo’ladi. Ya’ni bola ilk tug’ilgan kunidan boshlab qaysi tildagi so’zlarni eshitib katta bo’lsa, shu tilda erkin gapiradi.
Bu borada Masaru Ibuka quyidagi fikrlarni bildirgan: “Agar bolaga qiyofalarni anglash qobiliyati eng yaxshi ishlaydigan davrda turli ma’lumotlar berilmasa, uning aqli rivojlanmaydi. Kattalar xorijiy tillarni o’rganishi juda qiyin, chunki ularda bu qobiliyat zaiflashadi, ular biror narsani xotirada saqlashi uchun avval tahlil qilishi va tushunishi zarur. Shu bois avval chet tilining grammatikasini o’rgansangiz, keyin unda so’zlashish qiyin bo’ladi.
Grammatikani 5-6 sinfdan o’rganish kerak, go’daklikda to’tidek oddiygina takrorlash lozim. Chunki qiyofalar yoshida bola rivojlanishi uchun eng keraklisi tashqi rag’batlarni doimiy takrorlashdan iborat.
Yosh go’daklar ta’limida tahlil va nazariyaga darhol o’tish, chuqur tushunishga harakat qilish kerak emas”.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsam, bolaga go’dakligidan ko’proq narsani o’rgatishga harakat qilishimiz kerak. Shu o’rinda ota- onalarga bir necha tillarni o’rganishni maslahat berardim. Bu orqali yangi tug’ilgan chaqaloq bilan otasi bir tilda, onasi boshqa tilda, qolgan yaqinlari o’zga tillarda muloqot qilishni boshlasa, bola bir necha tilni bir vaqtda oson o’rganadi. Lekin bir odam bir necha tilda bir vaqtda bolaga gapirishini ma’qullamayman, sababi bunda bolada chalkashlik kelib chiqishi mumkin, ya’ni tillarni bir- biriga aralshtirib yuborishi mumkin. Qo’shimcha tillarni o’rgana olmagan ota- onalarga Masao Nagataning go’daklarning aqliy qobiliyatlarini namoyon qiluvchi o’qitish uslubini qo’llashni tavsiya qilaman. Yana bir tavsiya turli tillardagi allalar va qo’shiqlar tinglash ham bolaga yoshligidan chet tillarini o’rganishga yordam berishi mumkin.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib shuni aytishim mumkin-ki, bolalarni aqliy rivojlantirishda erta ta’limning ahamiyati yuqoridir. Biz farzandlarimizni kelajakda qiynalmay bilim egallashlari uchun bugun ularning ta’limiga e’tibor berib, “erta ta’lim”ni ular tug’ilgan kundan boshlab qo’llay boshlashimiz kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati:

  1. Masaru Ibuka “Uchdan keyin kech” Toshkent. “Akademnashr”2021.

  2. Masaru Ibuka “Uchgacha ayni vaqti” Toshkent. “Akademnashr”2021.

  3. O. Sodiqova, D. Toshboyeva “Bolalar psixologiyasi” “Noshir”2013.

Yüklə 49 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə