Ўзбекистон республикасининг қонуни



Yüklə 172,5 Kb.
səhifə1/3
tarix11.10.2023
ölçüsü172,5 Kb.
#126876
  1   2   3
184 куткарувчи макоми


O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

QUTQARUV XIZMATI VA QUTQARUVChI MAQOMI TO‘G‘RISIDA


Qonunchilik palatasi tomonidan 2008 yil 23 sentabrda qabul qilingan


Senat tomonidan 2008 yil 4 dekabrda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar


1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tashkil etilishi, faoliyati va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
[СПиТ:
1.Фавқулодда вазият (ҳолат)]
favqulodda vaziyat — odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda o‘tkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolish va sog‘liqni saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan zonalarning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda xavfli omillar ta’sirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar kompleksi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish — oldindan o‘tkaziladigan hamda favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar ro‘y bergan taqdirda esa, odamlarning hayotini asrab qolish va sog‘lig‘ini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar kompleksi;
qutqaruvchi — muayyan dastur bo‘yicha qutqaruv ishlariga tayyorlangan va belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
qutqaruv vositalari — qutqaruv ishlarini olib borish uchun mo‘ljallangan texnik, ilmiy-texnik va intellektual mahsulot, shu jumladan maxsus aloqa va boshqaruv vositalari, texnika, asbob-uskunalar, aslaha-anjomlar, mol-mulk, qutqaruv ishlarini bajarish texnologiyasiga doir uslubiy materiallar, videomateriallar, fotomateriallar, elektron hujjatlar, shuningdek elektron-hisoblash mashinalari uchun dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalari, boshqa vositalar;
qutqaruv ishlari — favqulodda vaziyatlar zonasida odamlarning hayotini asrab qolish va sog‘lig‘ini saqlash, yuridik hamda jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va ularga xos bo‘lgan xavfli omillar ta’sirini yo‘qotish yoki imkon qadar kamaytirishga qaratilgan harakatlar;
qutqaruv tuzilmasi — favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish ishlarini olib borish uchun mo‘ljallangan, asosini maxsus texnika, asbob-uskunalar, aslaha-anjomlar va boshqa qutqaruv vositalari bilan ta’minlangan qutqaruvchilar bo‘linmalari tashkil etgan mustaqil tuzilma yoki qutqaruv xizmati tarkibiga kiruvchi tuzilma;
qutqaruv xizmati — faoliyati bo‘yicha yagona tizimga birlashtirilgan, asosini professional qutqaruv tuzilmalari tashkil etgan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishga doir vazifalarni hal qilish uchun mo‘ljallangan boshqaruv organlari, kuchlar va vositalar majmui.
4-modda. Qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilar faoliyatining asosiy prinsiplari
Qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilar faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
insonparvarlik va mehr-muruvvat;
favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda odamlarning hayotini asrab qolish va sog‘lig‘ini saqlash, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish vazifalarining ustuvorligi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishda asosli tavakkalchilik va xavfsizlikning ta’minlanishi;
qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilarga yakkaboshchilik asosida rahbarlik qilish;
favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilishga hamda ularni bartaraf etish ishlarini olib borishga qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilarning doimiy shayligi.
5-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining asosiy vazifalari
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘z boshqaruv organlari, kuchlari va qutqaruv vositalarini favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilishga hamda ularni bartaraf etish ishlarini olib borishga doimiy shay holatda saqlab turish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
odamlarning hayotini asrab qolish va sog‘lig‘ini saqlash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish, shuningdek favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish;
favqulodda vaziyatlar sharoitida yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish ishlarini olib borish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi bilimlarni targ‘ib qilish, aholini hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) xodimlarini favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilishga tayyorlashda ishtirok etish.
6-modda. Qutqaruv ishlarining turlari
Qutqaruv ishlariga avariya-qutqaruv, qidiruv-qutqaruv, tog‘-kon qutqaruv, suv-qutqaruv, gaz-qutqaruv ishlari, shuningdek yong‘inlarni o‘chirish hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq ishlar kiradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qutqaruv ishlarining turlari qonun hujjatlariga muvofiq o‘zgartirilishi mumkin.
2-bob. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari
7-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini tashkil etish
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari quyidagi asoslarda tashkil etilishi mumkin:
doimiy shtat asosida — qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalari;
shtatsiz asosda — shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalari:
respublika miqyosida — O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan;
hududlar miqyosida — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlarining qaroriga binoan;
ob’ektlar miqyosida — qonun hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun o‘z qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari bo‘lishi shartligi nazarda tutilgan tashkilotlarning qaroriga binoan tashkil etiladi.
Shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlari orasidan belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Jamoat qutqaruv tuzilmalari ustavda belgilangan vazifasi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishda ishtirok etishdan iborat bo‘lgan jamoat birlashmalari tomonidan jamoatchilik asosida tashkil etiladi.
8-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tarkibi, tuzilishi
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tarkibi, tuzilishi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat boshqaruv organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda tashkilotlar, shu jumladan jamoat birlashmalari tomonidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
9-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari safini to‘ldirish
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining safini to‘ldirish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, shu jumladan jamoat birlashmalari qutqaruvchi lavozimiga qabul qilish shartlarini belgilaydi.
Qutqaruv xizmatlariga, professional qutqaruv tuzilmalariga qutqaruvchi lavozimiga, shuningdek qutqaruvchilarni tayyorlovchi ta’lim muassasalarida o‘qishga umumiy o‘rta ma’lumotli, tibbiy tekshiruvda qutqaruvchilik ishiga yaroqli deb topilgan hamda kasbiy, jismoniy tayyorgarligi darajasiga va ma’naviy-ruhiy fazilatlariga ko‘ra belgilangan talablarga mos keladigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lgan, qutqaruvchilarni tayyorlash dasturi bo‘yicha ta’lim olgan hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish ishlarini olib borish uchun belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarida qutqaruvchi vazifalarini bajarishga ruxsat beriladi.
10-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini attestatsiyadan o‘tkazish
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak.
Attestatsiyadan o‘tmagan yoki tekshiruvlar davomida favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilishga hamda ularni bartaraf etish ishlarini o‘tkazishga shayligini tasdiqlay olmagan qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining ob’ektlar va hududlarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda ular qutqaruv ishlarini olib borishga jalb etilmaydi.
11-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini hisobga olish ro‘yxatidan o‘tkazish
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari hisobga olish ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini hisobga olish ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining faoliyati
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari o‘z faoliyatida ushbu Qonunga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Qutqaruv xizmatlarining, professional qutqaruv tuzilmalarining rahbarlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilinadigan qarorlar shu xizmatlar va tuzilmalarning barcha xodimlari, shuningdek favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishga jalb etilgan shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari va jamoat qutqaruv tuzilmalarining xodimlari bajarishi uchun majburiydir.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalari ob’ektlar hamda hududlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z faoliyatini shartnoma asosida amalga oshirishi mumkin.
Favqulodda vaziyatlar tahdidi bo‘lganda va ular ro‘y berganda hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish chog‘ida qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarida jamoaga doir mehnat nizolarini hal etish vositasi sifatida qutqaruv ishlarini tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari tashkil etilgan tashkilotlarning rahbarlari qutqaruvchilarni qutqaruv ishlari olib borishning maxsus ko‘nikmalariga o‘rgatish bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar uyushtiradi hamda ularni maxsus aslaha-anjomlar bilan ta’minlaydi.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlar qilishga hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishga shayligi uchun davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlarning, shu jumladan jamoat birlashmalarining rahbarlari mas’uldir.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining tezkor transporti maxsus tovush va yoritish signal asboblari bilan ta’minlangan, shuningdek belgilangan namunadagi ranglarga bo‘yalgan bo‘lishi shart.
13-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi hududida qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi tomonidan quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan kuchlar va vositalarni tezkor jalb etish;
qutqaruv vositalarini ishlab chiqarish hamda qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini moddiy-texnika jihatidan ta’minlash sohasida yagona davlat siyosatini olib borish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish ishlarini olib borishda ishtirok etuvchi qutqaruvchilarni, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining mansabdor shaxslarini tayyorlash masalalarini hal etish;
tegishli hududlarda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishda qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va boshqa kuchlar o‘rtasida hamkorlikni ta’minlash;
qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari faoliyatining normativ-huquqiy bazasini birxillashtirish.
14-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini boshqa joyga ko‘chirish, qayta ixtisoslashtirish, qayta tashkil etish yoki tugatish
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini boshqa joyga ko‘chirish, qayta ixtisoslashtirish, qayta tashkil etish yoki tugatish uchun ular xizmat ko‘rsatayotgan tashkilotlar faoliyatining tugatilganligi yoxud mazkur xizmatlar va tuzilmalar tomonidan oldi olinishi hamda bartaraf etilishi mo‘ljallangan favqulodda vaziyatlarning ro‘y berishi xavfi yo‘qotilganligi asos bo‘ladi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarini, shuningdek tashkil etilishi shartligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalarini boshqa joyga ko‘chirish, qayta ixtisoslashtirish, qayta tashkil etish yoki tugatish ularni tashkil etgan mansabdor shaxslar, organlar yoxud tashkilotlarning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari boshqa joyga ko‘chirilgan, qayta ixtisoslashtirilgan, qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan taqdirda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat boshqaruv organiga yozma bildirish yuborilishi kerak.
15-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari faoliyatini moliyalashtirish
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari faoliyatini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
respublika budjeti va mahalliy budjetlar mablag‘lari;
qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalariga ega bo‘lgan tashkilotlarning moliyaviy mablag‘lari;
aholi va tashkilotlarga ko‘rsatiladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun belgilangan tartibda tashkil etilgan moliyaviy mablag‘lar zaxiralari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar.
3-bob. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishdagi ishtiroki
16-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish:
xizmat ko‘rsatilayotgan ob’ektlar va hududlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishga doir harakatlar rejasiga muvofiq;
favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan va ularning ko‘lami kengaya boshlagan taqdirda belgilangan tartibda;
mazkur qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari faoliyatiga rahbarlik qilayotgan yoki buning uchun qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarga ega bo‘lgan davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, shu jumladan jamoat birlashmalari mansabdor shaxslarining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, shu jumladan jamoat birlashmalarining shunga vakolatli mansabdor shaxslari qaroriga binoan jalb qilish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan ob’ektlar va hududlarning favqulodda vaziyatlardan himoyalanganlik darajasini ta’minlaydigan chora-tadbirlar ko‘rilishi shart.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarini O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
17-modda. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga rahbarlik qilish
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilingan barcha kuchlar va vositalarga rahbarlik qilish hamda ularning hamkorlikda harakat qilishini tashkil etish favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarining vakolatlari:
transchegaraviy va respublika miqyosidagi favqulodda vaziyatlarda — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
mahalliy miqyosdagi favqulodda vaziyatlarda — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan;
lokal favqulodda vaziyatlarda — davlat boshqaruv organlari, tashkilotlar tomonidan belgilanadi.
Favqulodda vaziyatlar zonasiga birinchi bo‘lib yetib kelgan qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining rahbarlari favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarlarining vakolatlarini o‘z zimmalariga oladi hamda bu vakolatlarni favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejalarida belgilangan yoki favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi, boshqa davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tashkilotlar tomonidan tayinlangan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarlari yetib kelguniga qadar bajaradi.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarlarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga qaratilgan qarorlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, favqulodda vaziyatlar zonalaridagi barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarlarining faoliyatiga ularni vazifalarini bajarishdan belgilangan tartibda chetlashtirmasdan va rahbarlikni o‘z zimmasiga olmasdan yoki boshqa mansabdor shaxsni tayinlamasdan turib aralashishga hech kim haqli emas.
Odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid bo‘lganda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining rahbarlari mustaqil ravishda quyidagi qarorlarni qabul qilishga haqlidir:
evakuatsiya tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risida;
favqulodda vaziyatlar zonalaridagi ob’ektlarda va hududlarda qutqaruv ishlarini olib borish to‘g‘risida;
favqulodda vaziyatlar zonalariga kirishni cheklash to‘g‘risida;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun favqulodda vaziyatlar zonalaridagi tashkilotlarning moddiy resurslaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish to‘g‘risida;
shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari va jamoat qutqaruv tuzilmalarini, shuningdek qutqaruv ishlari olib borishga bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lgan taqdirda, mazkur tuzilmalar tarkibiga kirmagan qutqaruvchilarni favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishga jalb qilish to‘g‘risida;
qutqaruvchi bo‘lmagan ayrim fuqarolarni kechiktirib bo‘lmaydigan qutqaruv ishlarini olib borishga ixtiyoriylik asosida jalb qilish to‘g‘risida;
favqulodda vaziyatlar ko‘lamining kengayib borishi va ularni bartaraf etish ishlarining borishi taqozo etgan boshqa zarur choralarni ko‘rish to‘g‘risida.
Odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid bo‘lgan taqdirda, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining rahbarlari o‘zlari qabul qilgan qarorlar haqida tegishli davlat boshqaruv organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, tashkilotlarni darhol xabardor qilish yuzasidan barcha choralarni ko‘rishi shart.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining rahbarlari, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari rahbarlari favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini tashkil qilish uchun favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida zarur bo‘lgan to‘liq va ishonchli axborot olish huquqiga ega.
Qutqaruv ishlarini to‘liq hajmda olib borishning texnologik jihatdan imkoni bo‘lmagan taqdirda, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining rahbarlari birinchi navbatda favqulodda vaziyatlar zonalaridagi odamlarni qutqarish bo‘yicha imkoni bo‘lgan barcha choralarni ko‘rgach, qutqaruv ishlarini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
18-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalariga o‘z faoliyatini amalga oshirishida ko‘maklashish
Davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda tashkilotlar qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalariga favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini bajarishda yordam ko‘rsatishi, shu jumladan keyinchalik o‘rni belgilangan tartibda qoplanishi sharti bilan ularga zarur transport va moddiy vositalarni taqdim etishi shart.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini o‘tkazish joyiga borayotganda qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining tezkor transporti moneliksiz o‘tish hamda aerodromlar, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari va daryo portlarida yonilg‘i-moylash materiallari bilan birinchi navbatda ta’minlanish, shuningdek texnik xizmat ko‘rsatish stansiyalari va ustaxonalarida texnika hamda aslaha-anjomlar, aloqa vositalarining birinchi navbatda ta’mirlanishi huquqidan foydalanadi.
4-bob. Qutqaruvchilar va ularning maqomi
19-modda. Qutqaruvchilar
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy tekshiruvdan o‘tganidan, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha normativlarni bajarganidan, qutqaruvchilarni tayyorlash dasturi bo‘yicha o‘quvdan keyin attestatsiya natijalari asosida vakolatli attestatsiya organining qaroriga binoan qutqaruvchi maqomiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga qutqaruvchi maqomi berilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin vakolatli attestatsiya organi ularga belgilangan namunadagi guvohnoma, ruxsatnoma, qutqaruvchi daftarchasi, qutqaruvchining ro‘yxatdan o‘tkazilganlik raqami yozilgan nishon beradi.
20-modda. Qutqaruvchilar attestatsiyasi
Qutqaruvchilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda attestatsiyadan o‘tadi.
21-modda. Qutqaruvchilar faoliyatining kafolatlari
Qutqaruvchilar favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish ishlari olib borilayotganda ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi hamda mazkur ishlar qaysi qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari tarkibida olib borilayotgan bo‘lsa, o‘sha qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining rahbarlariga bo‘ysunadi.
Qutqaruvchilarni favqulodda vaziyatlardan tashqari, ularning vazifalariga taalluqli bo‘lmagan ishlarni bajarishga jalb etishga o‘zlarining roziligisiz yo‘l qo‘yilmaydi.
22-modda. Qutqaruvchilarning huquqlari
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga jalb qilingan qutqaruvchilar mazkur ishlar olib boriladigan joyga borayotganda barcha turdagi transportga navbatsiz chipta olish huquqiga ega.
Qutqaruvchilar favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borish chog‘ida quyidagi huquqlarga ega:
odamlarning hayotini asrab qolish va sog‘lig‘ini saqlashga, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qaratilgan zarur choralar ko‘rish;
o‘z vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan to‘liq va ishonchli axborot olish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borish uchun tashkilotlarning hududiga, binolari, xonalariga va har qanday boshqa imoratlariga, turar joylarga moneliksiz kirish;
chegara oldi zonasiga — O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari qo‘mondonligining ruxsati bilan kirish;
rejimli ob’ektlar hududiga — ushbu ob’ektlar rahbarlarining ruxsati bilan kirish;
favqulodda vaziyatlar zonalaridagi barcha shaxslardan belgilangan xavfsizlik choralariga rioya etishni talab qilish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borish texnologiyasiga muvofiq maxsus aslaha-anjomlar bilan ta’minlanish;
odamlarning hayotini asrab qolish va sog‘lig‘ini saqlash uchun hamda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid bo‘lgan taqdirda, favqulodda vaziyatlar zonasidagi tashkilotlarning aloqa vositalari transporti, moddiy resurslari va boshqa mol-mulkidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borish chog‘ida yuridik yoki jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan taqdirda zararning o‘rnini qoplash favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi, qutqaruvchilarning aybli harakatlari natijasida zarar yetkazilgan hollar bundan mustasnodir.
Qutqaruvchilar favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borish davrida xarajatlarining haqi qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini ta’minlashga ajratilgan mablag‘lar hisobidan yoki xizmat ko‘rsatilayotgan tashkilotlar mablag‘lari hisobidan to‘langan holda, belgilangan normalar bo‘yicha oziq-ovqat bilan ta’minlanish hamda joylashtirilish huquqiga ega.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlovchilar jumlasidan bo‘lgan qutqaruvchilari navbatchilikni o‘tash chog‘ida ish beruvchilarning hisobidan xarajatlari haqi to‘langan holda oziq-ovqat bilan ta’minlanish yoki oziq-ovqatga qilgan xarajatlarining o‘rni belgilangan normalardan kam bo‘lmagan tarzda qoplanishi huquqiga ega.
Qutqaruvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
23-modda. Qutqaruvchilarning majburiyatlari
Qutqaruvchilar:
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishda ishtirok etishga shay turishi;
o‘z jismoniy, maxsus, tibbiy, ruhiy tayyorgarligini hamda qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari tarkibida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar qilish ko‘nikmalarini takomillashtirib borishi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha qutqaruv ishlarini olib borish texnologiyasiga qat’iy rioya etishi;
favqulodda vaziyatlar sharoitida jabrlanganlarni qidirishi, ularni qutqarish choralarini ko‘rishi, ularga birinchi tibbiy yordam va boshqa turdagi yordam ko‘rsatishi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borish chog‘ida, qutqaruvchilar mazkur ishlarni olib borishda qaysi qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tarkibida ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining rahbarlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni so‘zsiz bajarishi;
favqulodda vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fuqarolarga bexatar yurish-turish qoidalarini va favqulodda vaziyatlar ro‘y bergan taqdirda bajariladigan harakatlar tartibini tushuntirishi shart.
Qonun hujjatlariga muvofiq qutqaruvchilar zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
24-modda. Qutqaruvchilarning ish vaqti (xizmatni o‘tash) rejimi
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlovchilar jumlasidan bo‘lgan qutqaruvchilarining ish vaqti rejimi kundalik faoliyatda ichki mehnat tartibi qoidalari, navbatchilik jadvallari, maxsus tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar yoki boshqa tadbirlar jadvallari bilan belgilanadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining harbiy xizmatchilar jumlasidan bo‘lgan qutqaruvchilarining xizmatni o‘tash rejimi belgilangan tartibda o‘rnatiladi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining toifalangan ob’ektlarga xizmat ko‘rsatuvchi qutqaruvchilarining ish vaqti (xizmatni o‘tash) rejimi belgilangan tartibda o‘rnatiladi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga chiqishni kutish va unga shay bo‘lib turish rejimida uyda navbatchilik qiladigan vaqti navbatchilikning har bir soati uchun chorak soat hisobida inobatga olinadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borish chog‘idagi ish vaqti (xizmatni o‘tash) rejimi va ish smenasining davomiyligi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarlari tomonidan favqulodda vaziyatlarning xususiyati, ularni bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlarning o‘ziga xos xususiyatlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining qutqaruvchilariga har yili o‘ttiz ish kunidan iborat haq to‘lanadigan ta’til beriladi.
Noqulay va o‘ziga xos bo‘lgan mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining qutqaruvchilariga qonun hujjatlariga muvofiq har yili haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
25-modda. Qutqaruvchilarning mehnatiga haq to‘lash
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlovchilar jumlasidan bo‘lgan qutqaruvchilari mehnatiga haq to‘lash mehnat shartnomasi (kontrakt) shartlariga muvofiq belgilanadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining harbiy xizmatchilar jumlasidan bo‘lgan qutqaruvchilarining pul ta’minoti belgilangan tartibda aniqlanadi.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tarkibiga kirmaydigan qutqaruvchilarning mehnatiga haq to‘lash belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy shartnoma bo‘yicha amalga oshiriladi.
Qutqaruvchilarning yakka muhofazalanish vositalarida ishlaganligi hisobga olinadi va belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
26-modda. Qutqaruvchilarni uy-joy bilan ta’minlash
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining qutqaruvchilariga, shuningdek ular bilan birga yashovchi oila a’zolariga qonun hujjatlariga muvofiq idoraviy uy-joy fondi hisobidan turar joylar beriladi.
27-modda. Qutqaruvchilarni ijtimoiy muhofaza qilish choralari
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sog‘lig‘i majburiy sug‘urta qilinishi kerak. Qutqaruvchilarning hayoti va sog‘lig‘ini majburiy sug‘urta qilish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi (kontrakt) bilan zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish chog‘ida jabrlangan qutqaruvchilari ish beruvchilarning mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilish va sanatoriy-kurortda davolanish huquqiga ega.
Qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hamda qutqaruvchi bo‘lmagan fuqarolarning favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini bajarishi munosabati bilan sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan yoki ular vafot etgan taqdirda, tegishincha shu shaxslarga yoki vafot etgan shaxsning oilasiga zararning o‘rni qoplanadi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi.
Qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlovchilar jumlasidan bo‘lgan qutqaruvchilari umumiy belgilangan yosh o‘n yilga kamaytirilgan holda imtiyozli pensiya olish huquqiga ega.
Kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining qutqaruvchilariga tegishli ratsion va normalar bo‘yicha davolash-profilaktika oziq-ovqati beriladi.
Qutqaruvchilarning mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolarining boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya ta’minoti qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va tashkilotlar, shu jumladan jamoat birlashmalari qarorlariga binoan qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarining qutqaruvchilarini, shuningdek bu xizmatlar va tuzilmalarning tarkibiga kirmaydigan qutqaruvchilarni ijtimoiy muhofaza qilishning ushbu Qonunga zid bo‘lmagan qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
28-modda. Nizolarni hal etish
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining tashkil etilishi, faoliyati va tugatilishi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
29-modda. Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
30-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruv organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.



Yüklə 172,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə