1-mavzu:«muzеyshunoslik» faniga kirish reja



Yüklə 18,97 Kb.
tarix28.11.2023
ölçüsü18,97 Kb.
#134342
1 - Mavzu


1-MAVZU:«MUZЕYSHUNOSLIK» FANIGA KIRISH
Reja:
1. «Muzeyshunoslik» fanining maqsad va vazifalari.
2. Muzeylarning tuzilish va mazmun jihatdan turlari.
3. «Muzey» so‘zining lug‘aviy ma’nosi va ilk muzeylarning paydo bo‘lishi.
4. Muzeylar – tarixiy xotirani jonlantirish omili.
Muzeylar faoliyati insoniyatning tarixiy taraqqiyot jarayonida rivojlanib borishi, qo‘lga kiritgan yutuqlari hamda qoldirgan boy madaniy-ma’naviy merosi xususida juda katta bilimlar beradi. Muzeylar faoliyatini o‘rganish natijasida kelib chiqadigan estetik badiiy idrok qobiliyati kishilarda olamni, undagi mavjudotlar, o‘oqea-hodisalarni, atrof muhitdagi jarayonlarni turfa shakl-shamoyilda qaytadan aks ettirishga havas uyg‘otadi.
«Muzeyshunoslik» Fani bo‘lg‘usi madaniyat xodimlarining oldiga mustaqil Respublikamizda muzey ishlarini rivojlantirish, aholini unga qiziqtirish va jalb qilish, ularning faoliyatini targ‘ib qilish vazifasini qo‘yadi.
«Muzeyshunoslik» fani qamrab olgan jihatlar, ya’ni respublikamizda muzeylarning tashkil topish tarixi, ularni tashkil etishda mahalliy to‘plovchi-yig‘uvchilarning o‘rni, muzeyga to‘plangan ashyolarning mazmun va ma’no jihatdan umumlashtirilishi, muzey tuzilishi uslubiyati, muzeylarning yig‘uv-to‘plov, ilmiy sharhlov hamda noshirlik faoliyatining ilmiy asoslari, muzey ekspozitsiyalarini tashkil etish va takomillashtirish, ularni targ‘ib va tashviq qilishda muzey xodimlarining nutq mahorati, bozor iqtisodiyoti sharoitida muzey ishlarini yangi shakl va uslublardan foydalanish evaziga jonlantirib borish kabi xilma-xil vazifalarni bajarishga ko‘nikma hosil qilinishi uchun talabalarga keng va ilmiy asosda bilim berilishi taqozo qilinadi. Ana shulardan kelib chiqib respublikamizda mavjud tarix, tarix- arxitektura, o‘lkashunoslik, tasviriy va Amaliy san’at muzeylari, Adabiyot,xotira-yodgorlik uy-muzeylari, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, transport va aloqa sohalarida yutuqlarni ko‘rsatuvchi sohali muzeylarning faoliyati keng o‘rganilishi, o‘qitilishi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
«Muzeyshunoslik» fani muzeylarni o‘rganishning nazariy-metodologik va amaliy-uslubiy asoslari, muzey turlarini o‘rganish va omma o‘rtasida targ‘ib qilish yo‘llari, muzey xazinalarining tuzilishi, uni hisobga olish va saqlash yo‘llari, muzeylarning boshqa tashkilotlar, muassasa va korxonalar bilan aloqa bog‘lash usullari, muzey ekspozitsiyalarini tashkil qilish uslublari, ekskursiya va nutq mahorati, muzey fondlarini hisobga olish,targ‘ibot qilish va tashkilotlar bilan aloqalarini yangi zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirish haqida bilim beradi.
«Muzeyshunoslik» fanini o‘rganishda zamonaviy texnologiya, axborot qidirish sistemalari yordamida o‘qitish maqsadga muvofiqdir. Yig‘ilgan axborotlarni kompyuterlarda qayta ishlash, umumlashtirish ko‘zda tutiladi.
Muzeylar tuzilishi jihatidan ikki xil bo‘ladi: ochiq turdagi muzeylar va yopiq muzeylar. Ochiq turdagi muzeylar sirasiga mamlakatimizdagi buyuk tarixiy shaharlar – ochiq osmon ostidagi yodgorlik-arxitektura, me’moriy inshootlar kiradi. Bunga ko‘hna Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz, qo‘qon,Toshkent va boshqa shaharlardagi tarixiy me’moriy yodgorliklarni misol qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Undan tashqari Imom Buxoriy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ahmad Yassaviy va boshqa ulug‘ allomalar xotirasi sharafiga bunyod etilgan koshonalar, haykal va maydonlar ham ochiq turdagi muzeylar hisoblanadi. Bu muzeylarda xalqning ko‘p yillik me’moriy tajribasi,bilimi, malakasi, madaniyati va ma’naviyati yaqqol namoyon bo‘ladi. Ularning qurilish uslubidan tortib ishlatilgan naqsh va bo‘yoqlarigacha tomoshabinda hayrat va zavq hissini uyg‘otadi. Ajdodlarimizning va ularning davomchilari shu zamonning mohir usta va me’morlari san’ati butun dunyo ahlini o‘ziga rom etgan holda o‘zbek xalqining yuksak ma’naviyati va madaniy hayotidan darak berib turadi.
Muzeylar mazmun jihatdan quyidagi turlarga birlashadi:
- Tarix muzeylari, tarix-arxitektura va tarixiy adabiyot muzeylari ;
- O‘lkashunoslik muzeylari;
- Xotira-yodgorlik muzeylari;
- San’at muzeylari;
- Sohali muzeylar;
- Turli muzeylar.
Tarix, tarix-arxitektura va tarixiy adabiyot muzeylari xalqimizning uzoq o‘tmishi, ko‘p asrlar davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari, fan, ilm-ma’rifatga qo‘shgan hissasi, tarixiy jarayonlar, voqea-hodisalar, yuz bergan o‘zgarishlar, burilishlar, urush va madaniy yuksalishlar haqida hikoya qiladi.
Me’moriy inshootlarning qurilishi xalqimizning amaliy san’atidan, mahorati va malakasidan darak beradi. Fanga, ma’naviyatga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar, olimu alloma, shoiru nosir, tarixchi ijodkorlar faoliyatini yoritishga bag‘ishlangan muzeylar tarixiy adabiyot muzeylari deyiladi. Respublikamiz poytaxti Toshkentda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan faoliyat ko‘rsatayotgan Adabiyot muzeyi mavjud.
Respublikamizning boshqa qator viloyatlari markazlarida ham mahalliy adiblar va mutafakkirlar hayoti va ijodini targ‘ib qiluvchi adabiyot muzeylari faoliyat yurgizib kelmoqda.
Viloyat, shahar, tuman tabiiy sharoiti, tarixi, xo‘jaligi, madaniyati va turmushini xarakterlovchi hujjat va yodgorliklarni topib namoyish etuvchi muassasa O‘lkashunoslik muzeylari deb nomlanadi. Ularda ma’lum hududning tabiiy sharoitidan tortib, o‘ziga xos hayvonot va o‘simlik dunyosi, shu yerda istiqomat qilayotgan xalqning kasb-kori, mashg‘uloti, san’ati va boshqa xususiyatlari ochib beriladi. Bunday muzeylar tomoshabinga yerlik xalqning ma’naviy qiyofasini namoyish qiladi.Xotira-yodgorlik hamda yodgorlik uy-muzeylari vatanimizning mashhur kishilari, arboblari, yozuvchi, rassom, kompozitor va olimlari xotirasini adabiylashtirish uchun xizmat qiladi. Imom Buxoriy majmuasi, Bahovuddin Naqshbandiy, At-Termiziy, Al- Farg‘oniy majmualari, Temuriylar davri madaniyati tarixi, qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari, g‘afur g‘ulom,Oybek, Abdulla qahhor va boshqa san’atkorlar hayoti va ijodini yorituvchi yigirmaga yaqin uy-muzeylar mavjud bo‘lib, ular xalqimizga ma’naviy oziq berib turibdi.San’at muzeylari sirasiga tasviriy san’at, amaliy san’at, musiqa, kino,teatr san’ati yutuqlari muzeylari, suratlar ko‘rgazmasi va hokazolar kiradi.
Sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, transport va aloqa sohalaridagi yutuqlarni namoyish etuvchi madaniy-ma’rifiy maskanlar sohali muzeylar deb ataladi. Bulardan tashqari xalq maorifi, sog‘liqni saqlash, boshqa korxonalar tarixini yorituvchi, maktablarda tashkil etilayotgan hududiy tarixiy joy va insonlar faoliyatiga oid muzeylar ham faoliyat yurgizmoqdalar Bu ishlarni tashkil etishda asosan muayyan soha fidoiylari, jamoatchi,tarixchi mutaxassislar, o‘qituvchilar faol qatnashadilar.Muzey ijtimoiy vazifasiga ko‘ra ilmiy tadqiqot-ma’rifat (muzeylarning ko‘pchiligi asosan shu vazifani o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi,ularni ommaviy muzeylar deb ham yuritishadi); tadqiqot (ilmiy-tadqiqot institutlari qoshida o‘ziga xos laboratoriya vazifasini o‘taydi) va o‘quv muzeylariga, yo‘nalishi va kolleksiyalariga qarab tarmoq, o‘lkashunoslik (kompleks) va memorial muzeylarga bo‘linadi.
Tarmoq muzey ishlab-chiqarish, fan, san’atning biror tarmog‘iga tegishli bo‘ladi (masalan, tarix muzeylari, zoologiya muzeylari). O‘lkashunoslik muzeylari muayyan ma’muriy hududning tarixi, tabiati, xo‘jaligi, san’ati,etnografiyasi va boshqa sohalarini kompleks aks ettiradi. Memorial muzeylar muhim tarixiy voqealar, atoqli arboblarga bag‘ishlanadi.
Muzeylar qachon paydo bo‘lgan va ularning ahamiyati nimalardan iborat? «Muzey» - yunoncha atama bo‘lib, «muza» so‘zidan kelib chiqqan. Qadimgi Yunon mifologiyasida san’at va fan ma’budalari «muzalar» deb yuritilgan. Muzalar, ya’ni ma’budalar yoki xudolar shoir va san’atkorlarga ilhom beradi,deb e’tiqod qilingan. Shuning uchun antik poeziya asarlarining boshida ko‘pincha Muzaga murojaat qilingan. San’at va adabiyotga, tarixga oid bir qancha ma’budalar mavjud bo‘lgan. Jumladan, antik shoirlardan Gesiod (mil.avv. 7-asr) 9 ta ma’budani sanab o‘tadi: Klio – tarix; Yevterpa – poeziya va musiqa; Taliya – komediya; Melpomena – tragediya; Terpsixora – o‘yin; Erato –muhabbat lirikasi; Poligileniya – gimnlar; Uraniya – astronomiya; Kalliopa –epos ma’budalaridir. Appolon Muza xudosi hisoblangan. Muza obrazi Yevropa tasviriy san’atida o‘z ifodasini topgan. Ma’budalar – turli shakldagi haykallar alohida ehtirom bilan muqaddas sanalgan imoratlarda saqlangan. Odamlar ma’budalarni ziyorat qila turib, orzu-istaklarini amalga oshirishini tilaganlar. Natijada muzalar joylashgan dargoh insonlarning ziyoratgohiga aylangan. Bu dargohda eng asl buyumlar, nodir, qimmatbaho ashyolar va go‘zal san’at asarlari ham saqlana boshlagan. Ular bu bino sahnini bezash bilan birga, ziyoratchilar qalbida ham alohida taassurot qoldirgan.
«Muzeun» - bu go‘zal buyumlar saqlanadigan, ilhom parilari to‘planadigan joy degan ma’noni anglatadi. Shuningdek, «Moziy» so‘zining «Muzey» atamasiga monand ekanligini ham e’tirof etish kerak. «Moziy» so‘zining lug‘aviy ma’nosi tarix, o‘tmish degan mazmunni anglatadi. Muzeylar ham vazifasiga ko‘ra tarixni, o‘tmishni namoyish qilish bilan avlodlarga bilim beradi. Shunday ekan, muzeylar tarixdan saboq beradi, u xalqning asrlar davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari, ilm-ma’rifatga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot beradi, ko‘rgazmali,ishonchli, ilmiy asoslar bilan insoniyatga ma’rifat tarqatadi desak xato bo‘lmaydi.
Muzey dastlab Yunoniston va Rimda paydo bo‘lgan. Bu mamlakatlarda ayrim san’at yodgorliklari ibodatxonalarda to‘planib, turli ko‘rgazmalar tashkil etilgan. Keyinchalik Ellinizm davrida muzey kolleksiyalari vujudga keldi. San’at, madaniyat va fan erishgan yutuqlarning namunalaridan iborat kolleksiyalar to‘plash Uyg‘onish davrida Italiyada, so‘ng esa Angliya, Fransiya,Germaniya va boshqa mamlakatlarda rasm bo‘ldi.
Gretsiyadagi Gelikon tog‘i yonida turli tasvirdagi yodgorliklar saqlanadigan makon bo‘lib, u ham muzeylarning ilk ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Muzeylar dastlab badiiy asarlar majmuiga keyin esa moddiy va ma’naviy ma’rifiy yodgorliklarni yig‘uvchi va saqlovchi muassasaga aylangan. O‘zining ulkan tarixiy obidalari bilan nafaqat Yevropa va Osiyoda, balki butun dunyoga mashhur bo‘lgan Italiya davlatida ham XV asrga kelib, mavjud yodgorliklarni muntazam ravishda to‘plash ishlari avjiga chiqqan. XVI – XVII asrlarga kelib, Fransiya, Angliya, Germaniyada ham muzeylar tashkil etish odat tusiga kirgan. Londondagi «Britaniya muzeyi» (1753), Parijdagi «Luvr» muzeyi (1793) g‘arbiy Yevropadagi ilk ommaviy muzeylardir.Jahondagi eng yirik muzeylar asosan XIX asrda paydo bo‘ldi.Madriddagi «Prado muzeyi» (1819), Moskvadagi Tarix muzeyi (1873), Sankt-Peterburgdagi Ermitaj (1852), Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi (1870)shular jumlasidandir.
. O‘sha davrlarda ko‘plab davlatlarda bo‘lganidek, O‘rta Osiyoda ham katta muzeylar barpo etilgan.
Savol va topshiriqlar:
1. «Muzeyshunoslik»ning maqsad va vazifalari nimadan iborat?
2. Muzeylarning turlari haqida so‘zlang.
3. «Muzey», dastlabki muzeylarning tashkil topishi.
Adabiyotlar:
1.Kreyn A. Rojdeniya muzeya.M.1977y
2.Sodiqova N.Madaniy yodgorliklar xazinasi Toshkent «Fan»,1991y
3.Jabborov I.O‘zbek xalq etnografiyasi.Toshkent 1997y.
Yüklə 18,97 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə