6-amaliy mashg‘ulot mavzu: shovqin muammosi va inson salomatligi. Mashg’ulot rejasi: Darsning maqsadi



Yüklə 21,13 Kb.
səhifə1/2
tarix10.04.2023
ölçüsü21,13 Kb.
#104868
  1   2
6-амалий машғулот


6-AMALIY MASHG‘ULOT
Mavzu: SHOVQIN MUAMMOSI VA INSON SALOMATLIGI.
Mashg’ulot rejasi:
Darsning maqsadi: Har xil tumanlarda shovqin kuchini aniqlash; shumometr bilan ishlash ko‘nikmalarini hosil qilish; shumometr asbobi mavjud bo‘lmagan hollarda shovqin kuchini matematik hisoblash.
Mashg‘ulot vazifalari:

  • shovqin va uning inson salomatligiga ta’siri;

  • shaharlarda shovqin muammosi;

  • shovqindan muhofazalanish yo‘llarini o‘rganishdan iborat.

Talabaning bilim, o‘quv va ko‘nikmasiga qo‘yiladigan talablar:

  • shovqin va uning turlari, shovqinning inson organizmiga ta’siri, uning ta’sirida yuzaga keladigan muammolar haqida tushunchaga ega bo‘ladi;

  • shovqin kuchini aniqlashni o‘rganadi; shumometr bilan ishlash ko‘nikmalari hosil bo‘ladi; shumomert asbobi mavjud bo‘lmagan hollarda shovqin kuchini formula asosida matematik hisoblay oladi.

Material va jihozlar: Shumometr, bloknot, qalamlar, jadvallar, soat, ma’lum vaqt oralig‘ida o‘tgan transportlar soni, kalkulyator.
Adabiyotlar: 7, 9, 10, 11, 12, 15, 16, 17, 20, 22
Nazariy material. Inson salomatligiga katta zarar keltiradigan omillardan biri shovqin ekologik muammosi hisoblanadi. Bugungi kunda shovqin kirmagan yoki ta’sir etmagan joyni topish qiyin. Atmosfera butun biogeotsenoz va aynan ekotopning asosiy omilidan biri bo‘lib hisoblanadi. Atmosferaning mavjudligi yerda hayot mavjudligining eng muhim shartlaridan birdir. Atmosfera yer yuzasiga fizik ta’sir ko‘satib, sovib hamda qizib ketishdan saqlaydi (atmosfera bo‘lmaganda yer yuzasi kunduzi +100°C gacha isishi, kechasi -100°C gacha sovib ketgan bo‘lar edi) issiqlik va namlikni tartibga solib turadi va ularni hududiy taqsimlanishini belgilaydi. Atmosfera havosining mavjudligi quyoshdan keladigan energiyani o‘zgartiradi, yorug‘likni va tovushlarni vujudga keltiradi va ular tarqaladigan muhit bo‘lib xizmat qiladi. Havosiz yerda ovoz bo‘lmaydi, sukunat hukum suradi. Atmosferaning ifloslanishi havodagi turli aralashmalar, har xil gazlar, suv bug‘lari, qattiq va suyuq zarrachalar hatto radiaktiv changlarga bog‘liq bo‘lib, ular atmosfera tarkibini buzadi. Fan va texnika taraqqiyot etgan hozirgi zamonda atmosfera havosining ekologik muvozanatini buzuvchi omillardan biri shovqin desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Mamlakatimizda va chet ellarda o‘tkazilgan tekshirishlardan shu narsa aniqlanganki, agar shovqin inson organizmiga keragidan ortiq davomli ta’sir qilsa bir qancha kasalliklarning kelib chiqishiga yoki kuchayishiga sabab bo‘lar ekan. Jumladan, yurak urishi tezlashishi yoki qon bosimining ortishi, nafas olish buzilishi mumkin. Shovqinning salbiy ta’siri natijasida ichki sekretsiya bezlarining normal ishlashi izdan chiqadi. Asab tizimi shovqin ta’sirida eng ko‘p zarar ko‘radi. Shovqinning doimiy zarari natijasida ko‘zning ko‘rish qobiliyati, uning ranglarni ajratish xususiyati bir qadar pasayadi. Hozirgi kunda shahar aholisi o‘rtasida keng tarqalgan bosh og‘rig‘i dardining 80 foizi va asab kasalliklarining 30 foizi shovqinning salbiy ta’siri natijasida kelib chiqadi. Shovqin, ayniqsa, hali to‘la shakllanmagan bolalar, qolaversa qariyalar organizmiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumki, har qanday tovush markaziy asab tizimi tomonidan qabul qilinib tahlil qilinadi. Kuchli yoki doimiy tovushlar tahlilining ko‘pligi markaziy asab tizimini, ya’ni bosh miyani zo‘riqtiradi. Zo‘riqish natijasida bosh miya tomonidan ichki a’zolar va tizimlar boshqarilishi jarayonida muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Bu o‘z navbatida ichki a’zolar faoliyatining buzilishiga sabab bo‘ladi. Ko‘chadagi yoki ishdagi doimiy shovqin yurak infarktiga sabab bo‘lishi mumkin. Olib borilgan tekshirishlar natijasida asosiy vaqtini tovush kuchi 70-90 detsibelni tashkil qiladigan joylarda o‘tkazadigan odamlarda asab tizimining ishdan chiqishi, yurak ritmining buzilishi, qon bosimining oshishi kabi buzilishlar boshqalarga nisbatan ikki barobar ko‘p uchrashi mumkinligi mutaxassislar tomonidan aniqlangan. Bundan tashqari, erkaklar shovqin ta’siriga ayollarga nisbatan ko‘proq chalinishi, ba’zi erkaklar tovushga sezgir ekanliklari aniqlangan. Jamoat joylari va jamoa bo‘lib ishlaydigan ishxonalarda shovqin 60 detsibeldan yuqori bo‘lganda u 85 detsibelga teng bo‘lgan shahar ko‘chasidagi avtomobillar shovqini kabi zararli ta’sir ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, inson organizmiga zarar keltirmaydigan eng yuqori tovush 80 detsibelni tashkil qiladi. Shuning uchun 85 detsibel va undan yuqori bo‘lgan tovush salomatlik uchun zararli hisoblanadi. Quloqchinlar orqali musiqa eshitilganda uning tovushi quloq pardalariga 110-120 detsibelga teng bo‘lgan kuch bilan ta’sir qiladi. Bu reaktiv samolyotning dvigateliga 10 metr yaqin turib, uning tovushini eshitish bilan barobar degani. Bunday tovush ta’sirida eshitish uchun javobgar bo‘lgan asab hujayralari nobud bo‘ladi. Nobud bo‘lgan hujayralar esa qayta tiklanmaydi. Bu karlikka sabab bo‘ladi. Doimiy kuchli tovush ta’sirida bo‘lgan odam 1-2 yilda, doimiy o‘rtacha kuchga ega bo‘lgan tovush ta’sirida bo‘lgan odam esa 10-12 yilda kar bo‘lib qolishi isbotlangan.
Inson kayfiyati va faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi tovush chegaralari mavjud bo‘lib, ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz. Kosmik raketa uchish oldidan 150-170 detsibel shovqin hosil qilsa, yuk tashuvchi avtomobil yoki avtobus 80-90 detsibel, tramvay 80 detsibel, 15 metr uzoqlikdagi traktorning yoki yoningizdan o‘tib ketayotgan yengil avtomobilning tovushi – 70, gavjum paytdagi metroniki – 90-100, bir kilometr uzoqlikda qo‘nayotgan yoki ko‘tarilayotgan samolyotning tovushi 100 detsibelni tashkil qiladi. Kuchi 130 detsibelni tashkil qiladigan tovush inson tanasida og‘riq paydo qiladi. 150 detsibelda odam hushini yo‘qotadi. 180 detsibelli tovushda metall parchalana boshlaydi. Bunday kuchli tovush odamni darhol halok qiladi.
Insonlarning sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi tovush chegarasi mavjud bo‘lib, bu ko‘rsatgich 25-30 detsibelni tashkil qiladi. Bunday ijobiy tovush darajasini 10-20 detsibelni tashkil qiluvchi daraxt barglarining shitirlashidan kelib chiqqan holda aniqlash mumkin. Odamlar bir-birlari bilan gaplashganlaridagi tovush darajasi 40-50 detsibelni tashkil etadi. Shuning uchun sanitar ko‘rsatkich, deb belgilangan 55 detsibelni foydali tovushning eng yuqori chegarasi deb hisoblash mumkin.
Hulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ilmiy manbalarga ko‘ra insonlarning bir necha soat ortiqcha shovqinli muhitda bo‘lishi bir necha kungacha o‘zining salbiy ta’sirini saqlab qolib mehnat faoliyatini pasayishiga sabab bo‘lar ekan. Demak, oddiy hisoblarga ko‘ra aytish mumkinki, har hafta bir marta shovqin–suronli to‘ylarda va jamoat joylarida bo‘lish keyingi mehnat faoliyati unumdorligining pasayishiga olib keladi.
Shundan kelib chiqqan holda respublikamizda ham bir talay ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda jumladan, restoran va to‘yxonalarda musiqa tovushini ma’lum darajada cheklash tovush yutuvchi vositalar bilan jihozlash, avtomobil va transport yo‘llarini yangidan rekonstruksiya qilish, sanoat va ishlab chiqarish korxonalaridan chiqayotgan shovqin kuchlanishlarini kamaytirish yoki yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilinayotganligi kabi ishlarni va tadbirlarni amalga oshirilayotganligi inson salomatligi va uning manfaatlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.



Yüklə 21,13 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə