Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə1/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]



ABDULLA QAHHOR
ANOR
Qissa va hikoyalar
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi
Toshkent –2012
c


2
UDK 821.512.133-3
84(5U) 6
K35
BBK 84 (5 Ya) 6
ISBN 978-9943-03-381-8
© Abdulla Qahhor.
G‘afur G‘ulom nomidagi
nashriyot-matbaa ijodiy uyi.
2012-y.


3
MUHABBAT
Qissa
YETIM
Meditsina fanlari kandidati Murod Ali sakkiz oydan beri
o‘lim to‘shagida «ana ketdi, mana ketdi» bo‘lib yotar,
shaharning man-man degan tib arboblari uning chiqay-chiqay
deb turgan jonini ming chora va tadbir bilan halqumida zo‘rg‘a
tutib turishar edi.
Bemor cho‘kkan ko‘zlarini xiyol ochib, kechki shafaqdan
qizargan deraza pardasiga qaradi, uning yolqinida qora
ko‘lankaday bo‘lib turgan singlisi Marg‘ubani ko‘rib zaif,
juda ham zaif tovush chiqardi. Marg‘uba yugurib keldi,
engashib qulog‘ini uning og‘ziga tutdi. Murod Ali boyagi
zaif tovushga bor quvvatini sarf qilgan bo‘lsa kerak, ko‘zlarini
yumdi, bir necha daqiqa kuch yiqqanidan keyin shu gapni
necha bo‘lib aytdi:
– Odam ko‘p kelayotganga o‘xshaydi, tugab borayotib-
manmi?..
Marg‘uba bemor kutganidek: «Yo‘q, undoq emas, aksin-
cha, falon-falon alomatlar tuzalib borayotganingizni ko‘r-
satadi», deyish o‘rniga yig‘lab yubordi. Murod Ali ko‘zlarini
kattaroq ochdi, boyagidan ko‘ra bardamroq, lekin yig‘lam-
siragan tovush bilan dedi:
– Marg‘uba, menga halitdan aza ochma, ko‘z yoshi men
o‘lgandan keyin ham kerak bo‘ladi.
Yotoqning qorong‘i burchagidagi divanda o‘tirgan Anvar
ammasiga zarda qilib irg‘ib o‘rnidan turdi, tovush chiqarmay
kuyunib yig‘ladi-yu, oyoq uchida zalga otildi. Uning g‘am-
koyishdan zaif bo‘lib qolgan vujudi titrar, endi sabza urgan
soqol-mo‘ylovi oppoq yuzida qurumga o‘xshab ko‘rinar edi.
Hayal o‘tmay Marg‘uba yotoqdan chiqib zalning chirog‘ini
yoqdi va deraza ostidan odam yurgizmaslikni tayinlash uchun
qarindoshlar, yor-do‘stlar, Anvarning o‘rtoqlari – talabalar
c


4
o‘tirgan mehmonxonaga tomon ketayotgan edi, Anvar uning
bilagidan siltab to‘xtatdi va g‘ijinib shivirladi:
– Amma, farosat degan narsa bormi, dadamning oldida
muncha yig‘laysiz!
Anvar hech qachon bunaqa muomala qilmagani, bu
tahlitda gapirmagani uchun Marg‘uba birpas hang-mang bo‘lib
qoldi-yu, esini o‘nglab olganidan keyin yana yig‘ladi.
– Dadangga mendan boshqa kuyadigan odam qolgani
yo‘q!
– Yolg‘on! Kechagina birovga «Bayram ichi o‘lib qolsa
o‘ligini ikki kun qanaqa saqlayman?» deganingizni o‘z qulog‘im
bilan eshitdim-ku! Kuygan odamning ko‘ngliga shunaqa gap
keladimi! Kuygan odamning shunaqa degani tili boradimi!
Marg‘uba kuyunib nimadir demoqchi bo‘lgan edi, Anvar
burilib dahlizga, undan hovliga chiqib ketdi.
Hovliga shom qorong‘usi tushgan, gulzor atrofida bir
necha erkak-ayol bitta-bitta qadam tashlab jimgina kezar
edi, eshik ochilganda bir qarab qo‘yishdi-yu, Anvarga hech
kim e’tibor qilmadi. Anvar borib chinor ostidagi so‘riga o‘tirdi,
ich-ichidan xuruj qilib kelayotgan yig‘ini jonining boricha
bosishga harakat qildi. Yig‘i uning tomog‘ida pixillagan
tovushga, ko‘zidan tirqirab chiqqan yoshga aylandi. Uning
nazarida dadasining hayoti bir vaqtlar selday shovillab oqar
edi, sakkiz oydirki, bu oqim borgan sayin susayib jildirab
qoldi, bu kunlarda esa tobora siyraklashayotgan tomchiga
aylandi. Kim biladi, oxirgi tomchi qachon «tik» etib toma-
di-yu... Anvarning yuragi jig‘ etib ketdi. Nahot! Nahot quyosh
so‘nib, hayot uning uchun zulmatga aylansa! Dadasi uning
hayot yo‘lini avvalidan oxirigacha yoritib turganda tentirab
qadam bosar edi-yu, hayot zulmatga aylanganda holi ne
kechadi? Bu zulmatda unga kim qo‘l cho‘zadi? Anvarning
ko‘z oldiga ammasidan boshqa hech kim kelmadi. Qavm-
qarindoshlar, yor-do‘stlar keladi, ko‘ngil so‘raydi, achinadi,
yig‘laydi, lekin ertami-kechmi uyiga ketadi. Qoladigan, yelib-
yuguradigan, haqiqatan, birdan-bir kuyadigan odam shu
ammasi-ku! Anvar ammasiga qattiq tekkaniga pushaymon
bo‘ldi va uning befarosatligiga ham vaj topdi: oilaviy hayoti
chayon bo‘lib hamma asabini birma-bir chaqqan ayol-da,
buning nimasidan o‘pkalaydi kishi!


5
Eshik ustidagi chirog‘ yondi. Uning atrofida kattakon bir
parvona aylanib qoldi. Hayal o‘tmay Marg‘ubaning eri Javlon
tepakal, qip-qizil boshini eshikdan chiqarib Anvarni imladi.
Anvar yugurib bordi, vino va chirik tamaki hidi anqib turgan
Javlonning yonidan o‘tib zalga, undan yotoqqa kirdi. Doktor
dadasining bilak tomiriga ukol qilmoqda, ikki hamshiraning
biri divanda bir qo‘liga tayanib, boshini quyi solib o‘tirgan
ammasiga dori hidlatmoqda edi. Doktor chiqib ketgandan
keyin Murod Ali holsiz ko‘z ishorasi bilan Anvarni chaqirdi
va eshitilar-eshitilmas: «Ammangga qara», dedi. Anvar borib
ammasining yoniga o‘tirdi, hol so‘radi. Bu, avvalo, dadasining
xohishi bo‘lsa, undan keyin, boyagi qilgan dag‘alligi uchun
uzr so‘ragani edi.
Qarindoshlardan ketadigani ketdi, qoladigani qoldi. Tun
osoyishta o‘tdi. Bemor faqat ikki marta uyg‘onibdi, o‘shanda
ham zaif tovush chiqaribdi-yu Marg‘ubaning so‘rog‘iga javob
bermay yana uyquga ketibdi. Ertalab yana qarindoshlar, yor-
do‘stlar kelishdi. Bemor kech uyg‘ondi. Uning yuziga qizillik
yugurgan, ko‘zlari katta, lekin sokin edi. Marg‘uba buni,
xayriyatlik alomati, deb qarindoshlardan suyunchi oldi.
Qarindoshlar kirib bemorni ko‘rmoqchi bo‘lishdi, lekin doktor
faqat uch kishiga ijozat berdi. Kirib chiqqan qarindoshlardan
bukri bir kampir ko‘ziga yosh olib: «Bechora chehra
ochayotibdi», dedi. Pastlatilgan chiroq uzoq lipillaganidan
keyin butkul so‘nish oldida bir lopillab yog‘du sochgani
singari, tugab qolgan kasal ham abadiy ko‘z yumish oldida
shunaqa quvvat paydo qilib chehra ochar ekan.
Haqiqatan, kechga tomon Murod Alining ahvoli og‘ir-
lashdi, kechasi singlisini chaqirib: «Darmonim borida aytadigan
gapimni aytib qo‘yay», debdi.
Marg‘uba bu gapni eri Javlonga aytdi. Ikkovi kengashib,
vasiyatnoma yozdirgani notariusdan odam chaqiradigan bo‘ldi.
Ertasiga ertalab Javlon borib notariusdan eski papka
ko‘targan jikkakkina bir cholni boshlab keldi. Marg‘uba uni
bemorning oldiga olib kirdi va eshikni qulflab oldi.
Murod Ali vasiyatnomaga qo‘l qo‘yganidan keyin holdan
ketganicha qaytib o‘ziga kelmadi – saharga yaqin olamdan o‘tdi.
Anvar karaxt bo‘lib qoldi. Uning nazarida dadasi jon
bergan daqiqada allanima, favqulodda bir narsa, dahshat ro‘y


6
berishi kerak edi, biroq hech narsa bo‘lmadi, lekin nimaga
ko‘zi tushsa nazarida yot-begona ko‘rinar, qayerga bosh tiqsa
hammayoq – uylar, hovli yeb qo‘yayotganday bo‘lar edi.
Anvar bilan hech kimning ishi bo‘lmay qoldi. U vaqt
o‘tganini, qayerda turgani yo o‘tirganini, nima qilgan yo
nima qilayotganini idrok etmas, qulog‘iga sidirg‘a g‘ovur,
ahyonda Marg‘ubaning chinqirig‘i, motam kuyi, yana g‘ovur,
yig‘i eshitilar, ko‘ziga birday chipor izdihom ko‘rinar edi.
Qayerdadir g‘ovur-yig‘i to‘satdan bosildi. Marg‘ubaning dod-
faryodi eshitildi. Kimdir: «Dadang bilan vidolash», dedi.
Anvarning ko‘ziga tobutda yotgan dadasi ko‘rindi, engashmoqchi
bo‘lgan edi, ko‘zi tinib, boshi aylandi-yu, tobutning ustiga yiqilib
tushdi. G‘ovur, yig‘i-sig‘i ko‘tarildi. Uning yon-verida tib
xodimlari, o‘rtoqlari turishgan edi, darrov chetga olib chiqib
baland qabr toshining soyasiga o‘tirg‘izishdi; biri dori hidlatib
yelpidi, kimdir galstugini yechib yoqasini ochib yubordi. Anvar
birozdan keyin ko‘zini ochdi, boshini ko‘tardi. Uning qarshisida
terga pishib ketgan Javlon qip-qizil tepakal boshini ro‘molchasi
bilan tez-tez artib yelpinar, yonida cho‘nqayib o‘tirgan o‘rta
yoshli bir xotin stakanda suv uzatib turar edi.
– Ich, jigarim, ich! – dedi xotin va stakanni uning qo‘liga
berib peshonasini siladi.
Xotinning tepasida turgan, qop-qora, sochi va mo‘ylovi
oppoq, barvasta kishi engashib Anvarning yelkasiga qoqdi.
– Mard bo‘l, o‘g‘lim, mard bo‘l!
Anvar suvni olib ikki-uch ho‘pladi. Kimdir uning yelkasi
osha shishadan suv quyib stakanni to‘ldirdi. Anvar orqasiga
qarab bir qo‘lida galstuk, bir qo‘lida shisha tutib turgan
nozikkina qizni ko‘rdi. Uning qovoqlari yig‘idan shishgan,
qizargan edi.
– Mard bo‘ling, Anvarjon, – dedi qiz ham, picha turib
ilova qildi: – Dadangiz dunyoga kelib nuqul odam orttirgan
ekanlar, qarang, butun shahar, yosh-u qari...
Bu so‘zlar Anvarning huvillab qolgan qop-qorong‘u
qalbiga go‘yo uchqun sochib kirdi, uning ko‘nglinigina emas,
butun olamni yoritdi.
Uning ko‘zi siyraklab qolgan odamlar orasidan ko‘rinib
turgan qabrga, qabrni ko‘mib odam bo‘yi ko‘tarilgan
gulchambarlarga tushdi. Shu choq Javlon uni qo‘lidan tortib


7
turg‘izdi va qo‘ltiqlaganicha mashinaga tomon olib ketdi.
O‘rtoqlari uni mashinagacha kuzatishdi. Mashina qo‘zg‘al-
ganda boyagi qiz derazadan galstugini uzatib yana bir marta:
«Mard bo‘ling, Anvarjon!» dedi.
Anvar boyagi xotin bilan qora kishi, bu nozik qiz kimlar
ekanini bilolmay ketaverdi. So‘rashning mavridi emas edi.
Kunlar o‘tdi.
Anvar dadasining qirqi o‘tgandan keyin bir kuni bu yil
kursda qolganini rasmiylashtirish uchun fakultetiga bordi,
qaytishda magazindan og‘ir qog‘oz xalta ko‘tarib chiqqan o‘sha
qizni ko‘rib qoldi. Qiz ko‘chaning naryog‘ida turgan taksiga
qarab jadalladi. Anvar yugurib borib og‘ir yukni uning qo‘lidan
oldi. Bular yaqinlashay deganda boshqa bir odam olg‘irlik
qilib o‘zini eshikka urdi-da, mashina jo‘nab qoldi. Boshqa
mashina kutish kerak bo‘ldi. Qiz Anvardan hol-ahvol so‘radi,
o‘qishi nima bo‘lganiga qiziqdi, so‘ngra dadasidan gap ochdi.
– Bu ko‘hna shahar ko‘chalari bino bo‘lgandan beri bunaqa
marosimni ko‘rmagandir, – dedi va chuqur xo‘rsindi. – Ha...
u kishini kim tanimas edi! Ulug‘ shifokor edilar, hamma ulug‘
shifokorlar singari o‘zlari shu kunlarigacha ming-minglab hayot
chirog‘ini yoqdilar! Meni ham o‘lim changalidan yulib olgan
edilar. Dunyoda shifokorlardan o‘shandoq inson bormikin!
Qiz lablari pirpirab, qoshlari besaranjom bo‘ldi.
– Qattiq betob bo‘lganmidingiz? – dedi Anvar.
– Yo‘q, – dedi qiz jimjilog‘i bilan ko‘zlarining chetini
artib, – o‘lim birdan chang solgan edi...
Gapdan gap chiqib ma’lum bo‘lishicha o‘sha kuni Anvarga
suv bergan xotin bu qizning onasi Muborakxonim, «mard
bo‘l», degan qora kishi uning otasi Hakimjon ekan.
Anvar yaqinlashib kelayotgan taksiga qo‘l ko‘tardi,
mashinaning eshigini ochib yukni qo‘ydi, chetlanib qizga
yo‘l berdi. Qiz quyuq xayrlashib jo‘nadi. Anvar uning ketidan
qarab qoldi.
Anvar boya qizning ketidan yugurganida yukini ko‘tarish
bahonasi bilan otini so‘ramoqchi bo‘lgan edi, gap bilan bo‘lib,
so‘rash esidan chiqib qoldi.
Bularning taksi olganini kimdir ko‘rgan ekan, bu xabar
shu kuniyoq quloqma-quloq Marg‘ubaga yetib bordi: «Anvar
Hakimjonning qizi Muhayyoni taksilarda olib yuribdi...»


8
Bu gapni Javlon ham tasdiqladi, dambiq qornini silkitib kuldi-
da, «U qiz qabristonda ham Anvarga ko‘p mehribonchiliklar
qildi, uning ketidan ergashib mashinagacha keldi», dedi.
Marg‘uba alamidan ingrab yubordi.
MUHAYYO
Ha, bu xabarni eshitib Marg‘uba ingrab yubordi. Anvarning
Muhayyo, ya’ni Hakimjonning qizi bilan munosabat paydo
qilishi uning uchun ko‘zlariga six qizdirib tiqish va har bir
sog‘ tishini ombur bilan haftalab sug‘urish bilan barobar edi.
Hakimjon vaqtida xushsurat va shirinzabonligi bilan ko‘p
rasida qizlarning yuragini notinch qilgan, xushfe’l va xushtavo-
zeligi, qo‘y og‘zidan cho‘p olmaganligi bilan ko‘pgina ota-
onalarning havasini keltirgan yigit bo‘lib, o‘n yillik maktabda
adabiyotdan dars berar edi.
U vaqtda Murod Alining xotini Rohatbegim tirik, Mar-
g‘uba shu yerda turib, o‘n yillikda o‘qir edi. Murod Ali sing-
lisiga juda bino qo‘ygan bo‘lishiga qaramay to‘qqizinchi sinfda
nima bo‘lib undan bexabar qoldi-yu, Marg‘uba imtihonda
bir necha fandan yiqilib, o‘ninchi sinfga o‘tolmadi. Uning
yiqilgan fanlari ichida adabiyot ham bor edi. Rohatbegim
hayron bo‘lib, «Adabiyotni yaxshi ko‘rar eding-ku, undan
nega yiqilding?» deganida Marg‘uba turib-turib: «Adabiyotni
emas, adabiyot o‘qituvchisini yaxshi ko‘raman», deb yig‘lab
yubordi. Rohatbegim angrayib qoldi-yu, «yuzing qursin!»
deyishdan boshqa gap topolmadi va bu fojiani eriga aytdi.
Murod Ali Marg‘ubaga yaxshi gapirib maslahat qildi: uyat-
ayb, odob bobidan gapirib uyaltirdi: maktabdagi tegishli
odamlar bilan gaplashib, yiqilgan fanlaridan qayta imtihon
topshirtirdi.
Marg‘uba o‘ninchi sinfga o‘tdi, o‘qidi va shu bilan birga
Hakimjonga zimdan shunaqa hujumlar qildiki, bahorga
chiqquncha Hakimjon kechalari shiftga qarab oh tortadigan,
yotgan yeridan turib she’rlar yozadigan bo‘ldi.
Bahorga chiqib Hakimjon Marg‘ubaga sovchi qo‘ydi.
Bular bir-ikki yil durust turmush qilishdi. Keyin
turmushning taxiri chiqa boshladi: avvalo Hakimjon uni na
o‘qishga ko‘ndiroldi, na biron hunar orttirishga; so‘ngra


9
Marg‘uba tug‘ishni xohlamadi – Hakimjondan yashirincha
ikki marta homilasini nobud qildi. Bularning ustiga jahon
notinch bo‘lib, mamlakatda qiyinchilik boshlandi. Marg‘uba
bu qiyinchilikning oila hayotiga bo‘lgan ta’sirini Hakimjonning
noshud-notavonligidan deb bilib serxarxasha bo‘lib qoldi.
Bularning turmushiga kun sayin tuz solayotgan bu sabablarni
Murod Ali ham bartaraf qilolmadi, Rohatbegim ham;
aksincha, bularning aralashuvi Marg‘ubani andishasiz qilib
qo‘ydi. Oqibatda bu ikki oila orasiga sovuqchilik tushdi.
Shundan keyin Marg‘uba akasining tazyiqidan o‘zini ozod
sezib, Hakimjonni izzat qilmaydigan bo‘lib qoldi.
Urush boshlandi. O‘n bir oydan keyin Hakimjon harbiy
xizmatga chaqirildi, yetti oyni lagerda o‘tkazdi. Dastlabki
bir-bir yarim oyda Hakimjon Marg‘ubaga o‘ntacha xat yozdi.
Biroq Marg‘ubadan bitta javob keldi, xolos. U ham qabr
toshida yozilgan xatday sovuq, undagi «sog‘inchli salom»,
«jonim», «judolik» singari so‘zlar qabr toshiga ilingan rang-
barang qog‘oz gullarga o‘xshar edi.
Yetti oy deganda Hakimjonning batalyoni frontga jo‘nay-
digan bo‘ldi. Hovli vokzalga uncha uzoq emasligidan foydalanib
Hakimjon komandiridan javob olib yugurdi, yugurib borar ekan,
Marg‘uba ko‘ziga goh og‘ir xasta holda rangi sarg‘ayib to‘shakda
yotganday ko‘rinib yuragi ezilar, goh eshikdan loladay yashnab,
quchoq ochib chiqadiganday entikar edi.
Hakimjon muyulishdan burilganida hovli eshigi oldidagi
o‘zi o‘rnatgan o‘rindiqda pista chaqib o‘tirgan Marg‘ubani
tusmol bilan tanidi: sochini qirqtiripti. Marg‘uba uni ko‘rib
o‘rnidan turdi, yerga qaraganicha, uyulib yotgan pista
po‘choqlarini oyog‘i bilan nari-beri surdi. Uning egnida
yengsiz katak kofta, tor kulrang shim – xuddi kaltakesakka
o‘xshar edi. Hakimjon kelib undan ikki-uch qadam narida
to‘xtadi. Marg‘uba unga iljayib, ko‘zlarini pirpiratib qaradi-
da, hamon pista chaqib po‘chog‘ini tuflar ekan: «Kechirasiz,
taqdir ekan...– dedi va xixilab kuldi, – men taqdirning qo‘lida
o‘yinchoqman!..»
Hakimjon unga boshdan-oyoq razm soldi va qorni
do‘ppayib turganini payqadi-da, nima deyishini bilmay burilib
ketar ekan: «Xo‘p, eson-omon qutuling!» – dedi va kerza
etigini to‘qillatib jo‘nab qoldi.


10
Hakimjon muyulishdan o‘tib ellik qadam bosmasdan
darmoni qurib birovning zinasiga o‘tirib qoldi va umrida
birinchi martaba dildan chiqarib: «E, xudo, meni urushdan
omon qaytar! Keyin nima qilsang mayli: quloqlarimdan tutun,
ko‘zlarimdan alanga chiqar!» – dedi va jo‘nab ketdi.
Yo‘llar, shaharlar, manzillar... Tutun, alanga, xarobalar...
To‘plar, tanklar, samolyotlar na’rasi... Yer tishlagan o‘liklar,
hayqirgan, ingragan tiriklar... Hakimjon nimalarni ko‘rmadi,
nelarni boshidan kechirmadi, lekin hamma yerda, hamma
vaqt, har qanday holatda, urushning oxirgi oylarida chap
oyog‘i sonidan kesilib gospitalda yotganida ham Marg‘ubaning
pista chaqib tirjayib turgani ko‘z o‘ngidan, «Taqdir ekan,
men taqdirning qo‘lida o‘yinchoqman», degani qulog‘idan
ketmadi.
Hakimjon gospitaldan shimining bir pochasini osiltirib,
ikkita qo‘ltiqtayoq bilan chiqdi: g‘alabadan keyin ham
O‘zbekistonga qaytgani shoshilmadi, biroz vaqt Minskda,
keyin Kiyevda holi-baqudrat ishlab rizqini terib yurdi. Kiyevda
oyoqsoz yaxshi ustalar paydo bo‘ldi. Hakimjon oyoq soldirib,
sal kunda qo‘ltiqtayoqni tashladi, to‘qillab, g‘ijirlab bo‘lsa
ham bemalol yuradigan bo‘ldi. Uning yurib ketayotganini
uzoqdan ko‘rgan odam bir oyog‘i yog‘och ekanini tezda
payqayolmas edi.
Shundan keyin uning ko‘ziga jonajon shahri, o‘ynab-
o‘sgan ko‘chalari, qarindosh-urug‘, yor-do‘stlari ko‘rindi,
vatanini sog‘indi.
Hakimjon bir oyog‘idan ajralgandan keyin avval umuman
tiriklikdan, keyinchalik O‘zbekistonga qaytishdan umid uzgani
uchun xat yozishni to‘xtatib qo‘ygan edi, shuning uchun
uning to‘satdan kirib kelishi qavm-qarindoshlari, yor-
do‘stlarinigina emas, begona odamlarni ham suyuntirib
yubordi. Hamma, har bir kishi unga biron yaxshilik qilgisi,
loaqal biron og‘iz yaxshi so‘z aytgisi kelar edi.
Mehmondorchiliklar boshlanib ketdi. Bu mehmon-
dorchilikda ko‘proq frontoviklar bo‘lgani uchun suhbat ko‘proq
front xotiralari, qolaversa, bu yerdagi qiyinchiliklar to‘g‘risida
ketar edi. Bu o‘tirishlarda faqat ikki narsa to‘g‘risida –
Hakimjon oyog‘ini qayerga tashlab kelgani-yu, Marg‘uba
nima bo‘lgani va nima qilib yurgani to‘g‘risida hech kim


11
og‘iz ochmas, Hakimjonning chap oyog‘i yog‘och, Marg‘uba
bir vaqtlar uning xotini bo‘lganini hamma bilsa ham
bilmaslikka olar edi.
Uning yor-do‘stlari harakat qilishgan bo‘lsa kerak, tuman
hokimiyati unga avval bir xona uy, keyinroq hovli berdi.
Ilgari qayerda turganini so‘ramadi; maorif bo‘limi uni ilgarigi
vazifasiga – o‘sha maktabga adabiyot o‘qituvchisi qilib
tayinladi. Oradan bir-ikki oy o‘tgandan keyin qarindoshlar
o‘rtada turib unga eri urushning boshida halok bo‘lgan
Muborakxon degan juvonni olib berishdi. Oradan bir yil
o‘tgach, ular qiz ko‘rishdi, otini Muhayyoxon qo‘yishdi.
Qop-qora tunda charaqlagan yulduzlar, qish qa’ridan
bahor quchog‘iga otilib chiqqan rasida qizlarning jamoli
ta’rifga sig‘adimi?
Muhayyo keksa tabiat bor hunarini, tamomi makr-u hiylasini
ko‘rsatib oro bergan o‘shanday rasida qizlardan biri, lekin yana
allanimasi bilan mahallaning bino qo‘ygan bisoti bo‘lib yetishdi.
Uning husnidan o‘zga yana nimasi boshqa qizlardan ortiq?
Nima uchun tengqurlari, hatto o‘zidan kattaroq qizlar ham
uni «opacha» deb atashadi? Nima uchun eng tantiq, gerday-
gan yigitlar ham uning nomini toq aytolmay «Muhayyoxon»
deyishadi? Nima uchun qariyalar ko‘cha-ko‘yda uning salo-
miga bajonidil alik olish bilan qanoat qilmay yana duo
qilishadi? Militsiya hushyorxonaga olib ketgani mashinaga
sololmayotgan bir badmast «Muhayyoxon kelayotibdi» degan
gapni eshitishi bilan o‘zini mashinaga urgan emish...
Nega? Nima uchun?
Bularning sababini hech kim bilmas, zotan bu to‘g‘risida
o‘ylab ko‘rish hech kimning xayoliga ham kelmas, har qanday
fikr-mulohaza, o‘y-xayollar patday to‘zg‘ib ketar edi.
«Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga», degan gap
bor. Muhayyoni kelin qilish orzusi bag‘rini o‘rtab yurgan
ota-onalar, etagining shamoliga ko‘kragini tutgan yigitlar
mahallada ozmikan? Lekin bu to‘g‘rida biron kishi og‘iz
ochmas, «notavon ko‘ngil» degan dashnom andishasi
hammaning ham tilini bog‘lar edi.
Bu baxt qushi kimning, qaysi bir toleyi baland yigitning
boshiga qo‘nar ekan? Hammaning tilida shu savol, lekin
hammaning dilida ezgu bir tilak: «Iloyim, tengi topilsin!»


12
O‘sha yili mart kunlarining birida qor aralash yomg‘ir
yog‘ib berdi. Yomg‘irdan qochib mahalla magaziniga tiqilgan
odamlar orasida quloqma-quloq: «Muhayyoni falonchining
o‘g‘li parkda qo‘ltiqlab yurgan emish», degan gap yurib qoldi.
Mahalla bir seskanib tushdi. Qor aralash yomg‘ir zabtiga
olganiga qaramay, ayniqsa, xotin-xalaj shaloplab u yoqqa
yugurdi, bu yoqqa yugurdi, kechgacha hamma gap ma’lum
bo‘ldi: Muhayyo tuzukkina bir odamning o‘g‘li Salimjon
degan yigitga unashilgan ekan, yaqinda to‘y emish. Yigit
talaba ekan, hafsalalik odamlar atayin institutga borishdi,
uning darsdan chiqishini kutib, ko‘rib kelishdi. Ko‘rgan
odamlarning aytishiga qaraganda bularni bir-biriga xudoning
o‘zi bichib tikkan, ikkovi dunyoning ikki burchagida bo‘lsa
ham bir-birini qidirib topar ekan.
Birov «Yoshlar o‘zlari topishishibdi», birov «Ikkovining
ota-onasi niyat qilgan ekan», deyishdi. Nima bo‘lsa bo‘ldi-yu,
to‘y kelasi shanba kuniga tayinlandi.
To‘y ikki yoshning, ikki xonadonninggina emas, ikki
mahalla, butun yor-do‘stlarning to‘yi bo‘ldi. Yer va tomlarni
odam, bola-chaqa bosib ketdi. Xursand bo‘lmagan odam
yo‘q edi. Ashula, yalla, o‘yin, askiya, qiziqchilik, gur-gur
kulgi... Bularni oralab yor-do‘stlar yoshlarga eng yaxshi tilaklar
tilashar edi. To‘rga yaqin o‘tirgan talabalar – Salimjonning
o‘rtoqlaridan biri Naimjon degan yigit so‘z oldi:
– Men hamma yaxshi tilaklarga qo‘shilaman, shu bilan
birga o‘zim ham kichkina bir tilakni aytmoqchiman. Men oila
qurganim yo‘q, lekin ko‘p oilalarga razm solib bir fikrga keldim.
Bilmadim, vaqti kelganda bu fikrimni o‘zim amalga oshira
olamanmi, yo‘qmi... Lekin, shundoq bo‘lsa ham, do‘stim
Salimjon bilan kelinimiz Muhayyoxonga shuni aytmoqchiman:
qadimdan oilada er general, xotin soldat bo‘lib kelgan ekan,
endilikda xotinlardan ham generallar chiqayotibdi-ku, lekin
erkaklar soldat bo‘lgani uncha unashmayapti...
Qiyqiriq, chapak bo‘lib ketdi. Kimdir luqma tashladi:
– Yashasin general xotinlar! Soldatlikka unamagan erkaklar
sudga berilsin!
– Yo‘q,– dedi Naimjon,– mening tilagim boshqa. Men
Salimjon bilan Muhayyoxon bir-biriga general emas, itoatli,
fidokor, sodiq soldat bo‘lishini istar edim!


13
Boyagidan ham qattiqroq qiyqiriq, kulgi ko‘tarildi.
Ayniqsa ayollar huzur qilib kulishar, fidokorona chapak
chalishar edi. Naimjon joyiga o‘tirayotib Muhayyoga ko‘z
tashladi. Muhayyo so‘zlaganiga qulluq, so‘zni o‘rinlatganiga
tasanno ma’nosida jilmayib bosh egib qo‘ydi. Shu choq uning
bilagini muzday qo‘l qattiq g‘ijimladi. Muhayyo seskanib
Salimjonga qaradi. Rangi bo‘zarib ketgan, entikkan Salimjon
nafasi titrab:
– To‘g‘ri o‘tiring, bo‘yningiz qiyshayib qoladi! – dedi.
Naimjon uning nima deganini eshitmagan bo‘lsa ham
vajohatini ko‘rib rashk qilganini fahmladi-yu, qattiq xijolat
bo‘ldi.
Muhayyo ichida: «Nahot rashk qilayotgan bo‘lsa? Xudo
urdimi... Gapi ma’qul bo‘lmadi shekilli», degan xayolda
hazillashdi:
– Xo‘p, mayli, siz general, men soldat! – deb kuldi.
Xayriyat, shu choq davrada o‘ynayotgan qiz Salimjonning
ro‘parasiga kelib o‘yinga tortgani muqom qilib turib oldi-yu,
bu gap qiyqiriq ostida qolib ketdi.
To‘y qandoq xush-xursandchilik bilan boshlangan bo‘lsa
shundoq tugadi. «Tengi topilsin» deganlar «xayriyat» deb
erkin nafas olishdi.
Kunlar o‘ta boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay shu ma’lum
bo‘ldiki, to‘y kechasi Salimjonga Naimjonning so‘zi emas,
o‘zi ma’qul bo‘lmagan. Muhayyo qarab bosh egganida
haqiqatan ham rashk qilgan ekan.
Uning rashkchiligi kundan-kun avjiga chiqar edi. To‘y
sabab bo‘lib Muhayyoning bitta imtihoni kuzga qolgan edi,
shunga tayyorlik ko‘rmoqchi bo‘lganida, Salimjon: «O‘sha
fakultetda o‘qimaysan!» deb turib oldi, aftidan, Naimjon
shu fakultetda o‘qir edi.
Shundan keyin kunlar rashk bilan boshlanib, rashk bilan
tugaydigan bo‘lib qoldi: «Falonchini taniysanmi?», «Bu kitobni
kimdan olding?», «Ko‘chada kimlarni ko‘rding?..»
Bir kuni ikkovi teatrga bordi. Birinchi pardadan keyin
Muhayyo Salimjonni muzqaymoq yeyishga taklif qildi. Ne
ko‘z bilan ko‘rsinki, qahvaxonaning kiraverishida Naimjon
limonad ichib o‘tirar edi. Salimjon «Muzqaymoq bahona,
diydor g‘animat ekan-da», degan ma’noda yalt etib Muhay-


14
yoga qaradi. Naimjon mulozamat ko‘rsatib darhol o‘rnidan
turdi, avval Muhayyoga qo‘l uzatdi. Muhayyo ichidan qirindi
o‘tayotgan bo‘lsa ham to‘ydagi gap xayolida ham yo‘qligini
Salimjonga pisanda qilish uchun jilmayib so‘rashdi. Salimjon
birdan burildi-yu, juda ham zarur ishi borday shoshganicha
tashqariga otildi. Ketidan yugurib kelayotgan Muhayyo unga
avtobus bekatida yetib oldi.
Salimjon yo‘lda biroz hovuridan tushganday bo‘lgan edi,
uyga kelib yana jazavasi qo‘zidi: ustki ko‘ylagini yechib
uloqtirdi, ota-onasi eshitmasin uchun Muhayyoning burniga
burnini ishqaguday bo‘lib sekin baqirdi:
– Men sizni ulgurji olganman, xonim, ko‘tara savdo
bo‘lgansiz! Ko‘zingiz ham, qo‘lingiz ham, jilmayishingiz ham
shunga kiradi!
Muhayyo Salimjonning vujudi qaqshab to‘lg‘anayotganini
ko‘rib yoniga o‘tirdi, qo‘liga tushib qolgan gazeta bilan
yelpindi, uzoq yelpindi. Salimjon anchadan keyin biroz
yumshadi, lekin Muhayyoga xo‘mrayib qaradi. Muhayyo
ma’yus jilmayib turar edi. Salimjon hozir uzr ma’nosida uning
qo‘lini ushlashga tayyor edi, lekin erkaklik g‘ururi yo‘l ber-
madi, buning o‘rniga chuqur xo‘rsindi. Muhayyo yelpishdan
to‘xtadi va jilmayib dedi:
– Salimjon aka, agar siz meni rashk qilmasangiz o‘ksir edim,
chunki, eri rashk qilmaydigan xotinning hayoti yovg‘on oshga
o‘xshasa kerak, deb o‘ylayman. Bir o‘qituvchimiz: «Rashk xususiy
mulkchilik kayfiyatidan tug‘ilgan», degan edi, yolg‘on! Bema’ni
gap! «Bulbul rashk otashida kuyib sayraydi», deb eshitganman,
mana bunga ishonsa bo‘ladi. Rashk juda-juda chiroyli narsa,
lekin siz buning xunugini chiqarib yuboryapsiz. Hozir shundoq
bo‘lyaptiki, go‘yo men bir xalta yong‘og‘-u ehtiyot qilmasangiz,
mahkam ushlamasangiz to‘kilib-sochilib ketaman! Bunaqa rashk
xotin kishiga malol keladi, qattiq tegadi!..
Muhayyo uning «bulbul bo‘lib qilgan xonishlari»dan ba’zi
birini aytib berdi.
Salimjon uning bir-ikki e’tiroziga yon berganday bo‘ldi-yu,
qilmishlari nohaq ekanini anglagan sayin jirillay boshladi.
Muhayyo gapni ortiq cho‘zib o‘tirmadi.
Shundan keyin Salimjon, har nechuk, insofga kelganday
bo‘ldi, xarxasha kamaydi, hatto yoshlar balida bir yigit Muhay-


15
yoni o‘yinga tortib birga o‘ynaganda e’tibor qilmaganday
qattiq-qattiq gapirib, kulib o‘tirgan bo‘ldi.
В
iroq keyin ma’lum bo‘ldiki, Salimjon xarxasha qilmagani
bilan butun dardini ichiga solib yurgan ekan, bir kuni yorildi.
Salimjon kechasi yomon tush ko‘rdi: burni boltaga o‘xsha-
gan, o‘zi qop-qora bir barzangi Muhayyoni bir oyog‘idan
sudrab ketayotgan emish. Muhayyo dod solish, yig‘lash o‘rniga
nuqul kular emish. Salimjon uyg‘ondi, lekin hali esini
o‘nglamasdan Muhayyoga chang soldi. Mast uyquda yotgan
Muhayyo erkalanib ingradi. Hamon es-hushini o‘nglamagan
Salimjon irg‘ib turdi-yu, Muhayyoni bo‘g‘di. Muhayyo pitir-
ladi, xirilladi. Salimjon uni qo‘yib yuborgan edi, karavotdan
polga gursillab tushdi. Salimjon nima bo‘lganini hanuz idrok
etolmay shoshib o‘rnidan turdi, chiroqni yoqib yubordi.
Muhayyo og‘zidan ko‘kragigacha laxta-laxta qon kelib
chalqancha yotar edi. Salimjon dodlab hovliga otildi va «dada»,
deb shunaqa baqirdiki, butun xonadon uyg‘onib yugurib chiqdi.
Uyga kirib Muhayyoni ko‘tarishdi. Uning ko‘kragidagi
qon emas, sochini tang‘ib yotgan qizil ro‘moli ekan.
Salimjonning titrog‘i biroz bosildi.
«Tez yordam» mashinasi Muhayyoni hushsiz holda
kasalxonaga olib ketdi.
Bemorning ahvoli tang bo‘lgani uchun yarim kechasi
maxsus chaqirilgan shifokor Murod Ali bir kecha-yu bir kunduz
uning tepasidan ketmadi.
Muhayyoni kasalxonaga kuzatib borgan qaynatasi o‘g‘lini
so‘roqqa tutdi. Salimjon bo‘lgan voqeani qo‘rqqanidan
boshqacha qilib aytdi: «Tushida erkalanib falonchining nomini
aytdi. O‘zimning ham gumonim bor edi», dedi. Otasi
peshonasiga bitta urib, «Chiroyli xotinning xosiyati yo‘q
demovdimmi, o‘g‘lim», dedi. Salimjon shunaqa demasdan
«uyqusirab bo‘g‘ibman», deb qo‘ya qolsa ham bo‘lar ekan,
bundoq deganidan keyin kasalxonaga borishi ota-onasining
oldida noqulay bo‘lib qoldi.
Muhayyo kasalxonadan chiqib to‘g‘ri o‘z uylariga bordi.
Bunga sabab Salimjonning qilmishi, kasalxonaga ko‘rgani
kelmagani emas, o‘sha dargohdan zada bo‘lib qolgani, o‘q yeb
yiqilgan qushday butun vujudi bilan qochishga talpingani edi.


16
Muhayyo bo‘lgan voqeani ota-onasidan avval yashirsa
ham keyin aytib berdi va eti junjikib: «Bosinqiraydigan kasali
bor ekan», dedi.
Bir kun o‘tdi, uch kun o‘tdi, o‘n kun o‘tdi, na Salimjon,
na qudalar, hech kim yo‘qlamadi.
Mahallaga alvasti mish-mish bosh tiqdi: «Muhayyoning
yaxshi ko‘rgan yigiti bor ekan, uyqusida alahsirab otini aytib
qo‘yibdi», «Muhayyo birov bilan o‘ynashib yurar ekan,
Salimjon yarim kechasi kelsa birov devor oshib ketgan emish»,
«Muhayyo bokira emas ekan, eri insof qilibdi – sharmanda
bo‘lmasin deb shu choqqacha xotin qilibdi»...
Oyning oxirida butun oila kechki dasturxon ustida edi,
birov ko‘cha eshigini qoqdi. Muhayyo chiqdi. Quda tomon
Muhayyoning yuklarini ikki mashina qilib berib yuboribdi.
Muhayyo qaytib voqeani ota-onasiga aytdi va bulardan so‘z
chiqishini kutmay daftardan bir varag‘ini shartta yirtib oldi-
da, xat yozdi: «Men o‘zimga tegishli hamma narsani, ya’ni
jonimni olib kelganman, sizlarga hech qanaqa da’vom yo‘q»,
dedi va xatni ota-onasiga ko‘rsatdi. Muborakxonim ko‘ziga
yosh oldi. Hakimjon «Yaxshi javob!» dedi. Muhayyo chiqib,
shofyorga xatni berib, yukni qaytarib yubordi.
VASIY
Bu yillar davomida Marg‘uba Hakimjondan keyin to‘rtta erga
tegdi, beshovidan ham yolchimaganidan keyin hammasidan o‘ch
olish uchun har biridan qolgan yuq–uzuk bilan o‘zidan besh
yosh kichik, tabiatan xotin olishdan ko‘ra, mol-dunyolik xotin
bo‘lsa uylanishga moyil Javlon degan yigitga tegib oldi. Uning
o‘lgan xotinidan Muattar degan qizi bo‘lib, bolalar uyida ekan.
Buni Marg‘uba ikki yildan keyin bildi. Bular bir-ikki yil binoyidek
turmush qilishdi, keyin Javlon qiliq chiqardi: bir joyda ko‘p
ishlamaydigan, tez-tez ichadigan, xotin-xalajga aylanishadigan
bo‘ldi. U ba’zan ko‘cha-ko‘yda yiqilib qolar, Marg‘uba uni goh
birovlarning qaznog‘idan, goh birovlarning karavoti ostidan sudrab
chiqarar edi. Shifokor Murod Ali singlisi Marg‘ubadan alla-
qachonlar yuz o‘girgan edi. Anvarning onasi qazo qilgan kunlarda
yuz ko‘rishdi-yu, biron oydan keyin ko‘chirtirib keldi. Bunda
Murod Ali bir tomondan yolg‘izligini o‘ylagan bo‘lsa, ikkinchi


17
tomondan, jigarchilik ekan, singlisiga achinib, Javlon bu yerda
biroz bo‘lsa ham tiyilarmikan, degan xayolga borgan edi. Biroq
Javlon tiyilmadi, qayta Marg‘ubaning bir dardi ikki bo‘ldi: bir
tomondan Javlonning jafosini tortsa, ikkinchi tomondan, qon
yutib yurganini Murod Alidan yashirishi kerak edi. Uyda tovush
chiqarmaslik uchun Marg‘uba tishini tishiga qo‘ygan sayin Javlon
haddidan oshaverdi. Ichkisi kelsa o‘zini Marg‘ubadan farzand
bo‘lmaganidan alamzada ko‘rsatar, biron xotinga aylanishsa
Marg‘ubaning qariligini yuziga solar, hatto birovlarning oldida
ham uning betini so‘rib tashlangan husayni uzumga o‘xshatar,
«Bir qop saksovulday g‘ichirlamay-shiqirlamay o‘l», deb kular
edi. Avvalo Hakimjonning kulgisiga, undan keyin Murod Ali va
qolaversa, qavm-qarindoshning ta’nasiga qolmaslik uchun
Marg‘uba Javlondan ajralishni xayoliga ham keltirmas, aksincha,
uning oyog‘iga ming bir kishan solish yo‘lini ko‘zlar edi. Uning
oyog‘iga solingan hamma kishanlar vaqt-soati bilan zangladi,
parchalandi, endigi yangi, hali-veri zanglamaydigan kishan Murod
Alidan qolgan hovli-joy, mashina, kassadagi naqd pul, Anvarning
onasidan qolgan bir dunyo taqinchoqlar edi. Anvarning boshi
ochiq. Muhayyo bilan munosabat paydo qilishi boshqa hamma
dahshatlardan tashqari mana shu kishanning zanglay boshlashi,
vaqti kelib parchalanishi xavfini tug‘dirar edi.
Marg‘uba yuragi hovliqib, Anvarning kelishini ham kutma-
di, odatdagidan kamroq va tezroq pardoz qildi: havorang
shohi ko‘ylagini, baland poshnasi orqaroqqa ketgan amirkon
tuflisini kiydi, taqimiga tushadigan uzun, lekin ingichka ulama
sochini soldi, bo‘yniga qizil marjon, qulog‘iga sariq baldoq
taqdi, yuziga upani qalin surkab yonog‘idagi 
ко

к
xolini
ko‘mdi, gajaklarini chakkasiga tupuk bilan yopishtirdi,
chamandagul do‘ppini sap-sariq farqi ustiga qo‘ndirdi,
nafarmon ro‘molchaga atir sepib ko‘kragiga tiqdi-da, Muhay-
yoning onasi Muborakxonni qidirib ketdi. Muborakxonim
omonat kassada ishlar ekan. Marg‘uba yog‘och panjaraning
darchasidan boshini tiqib, salom yo‘q, alik yo‘q, sayrab ketdi:
«Megajin qizingizni yig‘ishtirib olasizmi, yo‘qmi! Bitta yigit-
ning shoxini sindirganlaring yetmasmidi, endi mening jiyanim
qoldimi!.. Go‘ristonda qo‘ymasa, ko‘chada qo‘ymasa!..»
Muborakxonim Marg‘ubani ilgari ko‘rmagan, lekin
eshitgan edi, hushi uchib ketdi, mijozlar va xizmatchilardan


18
xijolat bo‘lib darrov uni ko‘chaga olib chiqdi, xilvat darvoza-
xonaga olib kirdi; Marg‘uba Muhayyo to‘g‘risida aqlga
sig‘maydigan, og‘izga olib bo‘lmaydigan gaplarni gapirayotgan
bo‘lsa ham qarshi so‘z aytsa shovqin solib odam to‘plashidan
qo‘rqib og‘irlik qildi, tezroq jo‘natish payidan bo‘ldi; lekin
nomuslarga o‘lib bo‘ldi. Uyga borib Muhayyoning terisiga
somon tiqish uchun ishining tamom bo‘lishini kutdi.
Marg‘uba Muborakxonimni «loyday qilib» hordig‘i chiq-
qandan keyin «Endi qizini tergasa ham tergaydi, tergamasa
ham tergaydi», deb xotirjam bo‘ldi-yu, bu haqda Anvarga
indamay qo‘ya qoldi.
Shu kuni kechki ovqatdan keyin ko‘cha eshigi taqilladi.
Anvar chiqdi. Eshik oldida sochlari to‘zg‘igan, ko‘ylak yoqasi
yirtilgan o‘sha qiz qon-qon yig‘lab turar, nuqul: «Bu qandoq
gap! Bu qandoq bedodlik!» der, boshqa so‘z aytgani o‘pkasini
sira bosolmas edi. Anvar ne mashaqqat bilan uni sal yupatib
gap so‘radi. Qiz onasiga Marg‘uba aytgan gaplarni, ilon po‘st
tashlaydigan tuhmatlarni aytib berdi va «Hozir ammangiz
bilan bo‘lganimcha bo‘laman», deb ichkariga intildi. Uning
ahvolini ko‘rib Anvar ham yig‘laguday bo‘ldi, lekin yo‘lini
to‘sdi, bu gaplarning tagiga yetishni va’da qilib, avtobus beka-
tiga eltib qo‘ydi.
Anvar qaytib kelganda ammasi asabiy kayfiyatda titroqi
nafas chiqarib choy puflar edi.
– Ha, muncha hayallading, kim ekan? – dedi. G‘azab
vujudini tish og‘rig‘iday qaqshatayotgan Anvar biron dag‘al
gap aytib qo‘ymaslik uchun darrov javob bermadi, borib
radioning qulog‘ini burar ekan, do‘ng‘illadi:
– O‘sha o‘zingiz bilgan qiz... – dedi.
Marg‘uba zag‘chaday shaqilladi:
– Shunaqami, juvon o‘lgur senga ham qizman dedimi?
Anvar baqirib berdi:
– Menga hech narsa degani yo‘q, – dedi va o‘zining
tovushi o‘ziga erish tuyulib biroz tushdi,– men uni ikki
marta ko‘rdim, xolos... Otini ham bilmayman!.. Lekin bekor
boribsiz, amma! Shunaqa gumoningiz bor ekan, avval
o‘zimdan so‘rasangiz bo‘lmasmidi?
Marg‘uba kelib uning yoniga o‘tirdi va guvillayotgan
radioni o‘chirdi.


19
– Men sendan hech narsa so‘ramayman, hammasini ota-
onangdan so‘rab qolganman! Ota-onang seni menga topshirib
ketgan. «Otasidan hovli-yu mashinadan boshqa yana nimalar
qoldi ekan?» deb atrofingda hid olib yurgan bitta shu megajin
emasdir! Ahmoq bo‘lma! Men senga bo‘ladigan savdoni aytib
qo‘ya qolay! Sening peshonangga Muattar yozilgan, Muat-
tarning peshonasiga sen yozilgansan!
Anvar hayron bo‘ldi.
– Qanaqa Muattar?
– Muattar bitta – Javlon pochchangning o‘gay qizi! Otang
yotib qolmaganda allaqachonlar fotiha qilar edik, balki
to‘ylaring ham bo‘lar edi!
Anvar qizarib ketdi.
– Bo‘lmagan gapni qo‘ysangiz-chi!
– Otangning vasiyati bo‘lmagan gap, bir megajinni
taksilarda olib yurishing, u megajin kuppa-kunduz kuni
eshigimizni taqillatib kelishi bo‘ladigan gapmi? Muhayyo
qanaqa narsa ekanini bilasanmi o‘zing?
Marg‘uba Anvarning ikkala bilagini mahkam ushlab o‘tirib
Muhayyo to‘g‘risidagi mish-mishlarga o‘zidan bir talay qo‘shib
gapirib berdi, shunday gaplarni aytdiki, Anvar bu gaplarni eshitgani
yuzi chidamay o‘z bo‘lmasiga kirib ketdi. Marg‘uba vahimaga
tushdi: «Muhayyo o‘lgur buning boshini aylantirib qo‘yganga
o‘xshaydi-ku», deb uning ketidan kirdi, o‘rnini tuzatib bergan
bo‘ldi, lekin chiqib ketishga shoshilmadi: Anvar Muhayyo
to‘g‘risidagi gapga quloq solmayotganini ko‘rib Muattardan so‘z
ochdi. Anvar Muattarning internatda o‘qiganini, keyin chet tillar
institutiga kirganini bilar, lekin ko‘rganida hech qachon e’tibor
qilmagan edi. Marg‘ubaning aytishicha, Muattar hind bo‘limida
o‘qir, imtihonlarini «a’lo»ga topshirib, amaliy mashg‘ulot uchun
bir necha qiz bilan Hindistonga ketayotgan ekan. Marg‘uba
«Muattarga xat yoz», demoqchi bo‘lib gapni ko‘p aylantirdi, uning
so‘nggi xatini, xatga qo‘shib suratini keltirib berdi. Anvar uni
imtihonlarini «a’lo»ga topshirgani bilan tabriklab, Hindiston safariga
oq yo‘l tilab xat yozadigan bo‘ldi-yu, ammasining shaqillashidan
qulog‘i orom oldi. Marg‘uba xat bilan suratni qo‘yib chiqib ketdi.
Anvar suratni qo‘liga oldi. Marg‘ubaning maqtovlaridan
keyinmi yo o‘zi ilgari durustroq e’tibor qilmagani uchunmi,
Muattar ko‘ziga xunukroq ko‘rindi. Uning ko‘z oldiga Muhayyo


20
keldi. Muhayyoning oldida esa Muattar ancha xunuk, suratda
cho‘chigan kalamushday pisib, baqrayib turar edi. Anvar shu
damgacha Muhayyoga durustroq e’tibor qilmagan ekan,
Muhayyo hozir, ammasi boshiga shuncha tosh-tuproq yog‘-
dirgandan keyin ham yerga toptalgan oltinday yarqirab turar
edi. Uning ko‘z oldiga dadasi dafn qilingan kuni Muhayyoning
yig‘idan shishib ketgan qovoqlari, boya eshik oldida yig‘lab
turgani keldi, qulog‘iga o‘sha kuni «Mard bo‘ling, Anvarjon»,
degani, taksi kutishganda yetimlikka ko‘nikish, odamning
taftini odam ko‘tarishi, o‘rtoqlik va do‘stlik haqida aytgan
gaplari eshitilib ketdi.
Anvar o‘tirib Muattarga xat yozdi, tabrikladi, oq yo‘l
tiladi va xatning oxirida: «Ammam menga bir xil gaplarni
gapirdilar, shundan xabaringiz bormi?» dedi. Konvertni yopish-
tirganidan keyin ko‘ngli to‘lmadi-yu, bir parcha qog‘ozga:
«Men hali yoshman-ku», deb yozdi-da, buklab-buklab kon-
vertning chekkasidan tiqib yubordi.
Uch kunga qolmay Muattardan shamol-to‘polon ko‘tarilib
uzundan-uzoq xat keldi. Muattar xiyla betgachopar qiz ekan,
xatda Marg‘ubani tuproqqa qorib tashlabdi: «Men erga tegadigan
bo‘lsam dallolning keragi yo‘q», debdi. Marg‘uba o‘zini yerga
ko‘tarib urdi, yuzini yuldi, buni «pandavaqi Anvarning eti bilan
terisi orasiga kirib olgan» Muhayyodan ko‘rdi.
Ertasiga Anvarni institut yoshlar tashkilotining kotibi
Rahimjon chaqirtirdi va kecha ammasi «Muhayyoning das-
tidan dod», deb kelganini aytdi. Marg‘uba qaysi kuni ke-
chasi Muhayyo to‘g‘risida Anvarga nimalar degan bo‘lsa
ortig‘i bilan Rahimjonga to‘kib solibdi va Anvarni «Mu-
hayyo balosidan» qutqarib berishini yoshlar tashkilotidan
talab qilibdi.
Rahimjon Muhayyo va uning otasini yaxshi bilar, Mu-
hayyoning eri bilan ajrashgani va buning sababidan xabardor
ekan, Marg‘uba qalashtirib tashlagan gaplar boshdan-oyoq
bo‘hton ekanini aytib, taassuf bildirdi. Anvar bo‘lgan voqeani
to‘liq aytib berdi. Rahimjon Anvarning kimga uylanishi to‘g‘-
risida otasi vasiyat qilganiga mutlaqo ishonmadi. «U kishi
bunaqa odam emas edilar», dedi. Marg‘ubaning jag‘ini tiyish
haqida choralar ko‘rish niyati borligini aytdi.


21
Anvar bu tuhmatlardan xuddi o‘zi qutulganday xursand-
ligidan yer-u ko‘kka sig‘madi, kotibning so‘zlarini aytib
Muhayyodan suyunchi olgani shoshildi; adresini olib yugur-
ganicha ketdi va hovliqqanicha eshikni taraqlatib och-
di-yu, hovlining o‘rtasiga borib qolganini o‘zi ham bilmay
qoldi. Muhayyoning onasi Muborakxonim tandirning oldida
borib-kelib non yopayotgan ekan, Anvarni ko‘rib hayron bo‘lib
qoldi. Anvar yosh boladay quvonib: «Men... m?en Anvarman!
Yoshlar tashkiloti kotibi».
Muborakxonim harchand hovuridan tushgan bo‘lsa ham,
Anvarni ko‘rib yana lovillab ketdi-da, qo‘lidagi uchi tutab
turgan kosovni baland ko‘tarib: «Hu ammang boshingni yesin!»
deb bir quvladi. Anvar kirgan eshigini topolmay, oshqovoq
palagi bosib yotgan devordan oshib ketdi.
ONAIZOR
Muborakxonim shuncha gap-so‘zdan keyin Anvarning
hovliga bunchalik beibo bostirib kirganiga o‘zicha ma’no
berdi-yu, Marg‘ubaning dod-faryod qilgani, Muhayyoning
turmushi nima uchun buzilganligi to‘g‘risida tarqagan mish-
mishlarda jon bor, degan fikrga keldi-da, «Muhayyo nahot
shu ahvolga, ota-onasining oppoq sochini oyoqosti qiladigan
bir ahvolga tushgan bo‘lsa?» deb yuragi orziqdi.
Yana bir tandir bo‘ladigan non yopilmasdan qoldi. Mubo-
rakxonim xo‘rligi keldi, yuzini changallab xo‘p yig‘ladi, keyin
tutaqdi; Muhayyo nimadandir quvonib hakkalab–sakrab
ko‘chadan kirib kelganda esa uradigan, sochlarini yuladigan,
o‘zini g‘ijimlab tashlaydigan bir vajohat bilan unga tomon
otildi. Muhayyo onasining vajohatini ko‘rib qo‘rqib ketdi,
og‘zidan chiqayotgan peshtaham so‘zlarni eshitib, «Yana biron
chaquv bo‘lganga o‘xshaydi», deb o‘yladi-da, uni hozir jahldan
tushirishga urinish behuda ekanini ko‘rib cho‘kka tushdi va
«uring» degan ma’noda bosh egdi. Muborakxonim birdan
to‘xtadi, vujudi titrab qiziga o‘qtalgan mushtini o‘zining ko‘k-
ragiga, boshiga urib dod soldi:
– Xudoyo bo‘yning uzilmasin, bolam! Bo‘yning uzilmasin!
Garang bo‘lib qolgan Muhayyo uning qo‘llarini tutdi,
suyab supaga o‘tqazdi.


22
– Ayajon, o‘zingizni bosing! Nima gap o‘zi? Nima bo‘ldi?
Nima gunoh qildim?..
Muborakxonim uning uzatilgan qo‘llariga shart-shurt urdi,
ikki yelkasidan ushlab itarib tashladi. Muhayyo chalqancha
yiqilayozdi, ikki qo‘liga tayanib, yerga o‘tirib qoldi, boshidan
do‘ppisi uchib ketdi. Muborakxonim yana urmoqchi bo‘lib
o‘dag‘ayladi.
– Gunohingni bilmaysanmi?!
Muhayyo ko‘zlari javdirab onasiga qaradi.
– Bilaman, ayajon, bilaman, gunohim qiz bo‘lib tug‘il-
ganligim...
Xayriyat, shu chog‘ Hakimjon kelib qoldi-yu, Muborakxonim
mojaroni unga bildirishni istamadi shekilli, boshi og‘riyotganini
bahona qilib yonboshladi. Muhayyo buni fahmlab darrov
o‘rnidan turdi, chopqillagancha uyga kirib, ko‘krak burma
ko‘ylagini kiyib chiqdi, qolgan nonlarni yopib olgani tandirga
o‘t qaladi. Hakimjon Muborakxonimning avzoyidan xafagarchilik
bo‘lganini payqab uni gapga soldi. Muborakxonim bo‘lgan
voqeani kasalday inqillab, zorlanib aytib berdi. Hakimjon
miyig‘ida kuldi-yu, issiq non botirib yegani Muhayyodan bir
piyola sovuq suv so‘radi. Muhayyo suv keltirib dasturxonga
qo‘yganda Muborakxonim unga otasi oldida nasihat qildi:
– Ersiz xotinning boshiga Buxorodagi yuvindi to‘kiladi,
jon qizim! Anvar hirsday yigit bo‘la turib hovlimizga shunday
beibo, beandisha bostirib kirganini ko‘rgan kishi nima deydi?
Muhayyo hayron bo‘ldi:
– Anvar? Nimaga kelibdi?
Muborakxonim yana qizishdi:
– Sen bilsang kerak?!
– Nima dedi?
– Og‘iz ochgani qo‘ygan bo‘lsam deydi-da! Kosovni olib
bir quvdim!..
Muhayyo onasiga mung‘ayib qaradi.
– Yetimchani-ya? Ko‘ngli yarimta bir bechoradan ikki
og‘iz gap so‘rasangiz nima qilar edi, ayajon?
Hakimjon dimog‘ida kuldi.
– Undan gap so‘ragandan ko‘ra sening yuzingga qora
chaplash osonroq-da!
Muborakxonim biroz xijolat bo‘ldi.


23
– Men buning yuziga qora chaplaganim yo‘q, har qanaqa
onaning ham ko‘ngliga keladi...
Muhayyo uning boshini, yelkasini siladi va yig‘lamsiradi:
– Ayajon, men sizdan gina qilayotganim yo‘q! O‘zingiz
aytdingiz-ku: ersiz xotinning boshiga Buxorodagi yuvindi
to‘kiladi... To‘g‘ri, xotin-xalajning soyasi yupqa bo‘ladi.
Turmushim buzilganda faqat mening to‘g‘rimda mish-mish
chiqdi-ku, Salimjon to‘g‘risida bir og‘iz ham gap bo‘lgani
yo‘q! Xayriyatki mahalla-ko‘y meni yaxshi biladi, hech kim
bilmaydigan, paranjidagi xotin bo‘lsa nima bo‘lar edi?
Muhayyo o‘pkasi to‘lib tandir boshiga qarab ketdi.
Muborakxonim birpas dami ichiga tushib ketdi-yu,
Hakimjonga yopishdi.
– Siz shu narsaga beparvo bo‘layotibsiz, buning oxiri voy!..
Hakimjon bir burda issiq nonni sovuq suvga botirib og‘ziga
solar ekan:
– Muhayyo bilan Anvar orasida nima gap borligini bil-
mayman, – dedi. – Har nechuk Marg‘uba har vaj bilan bizni
notinch qilish yo‘lini ko‘zlagani ko‘zlagan deb bilaman. Siz
bilmaysiz, aytsam balki ishonmassiz... Vaqtida bu xotin o‘zining
jinoyatini mening o‘limim bilan yopmoqchi bo‘lgan edi.
Bo‘lmadi, men urushdan omon keldim; undan keyin «meni
baxtsiz qilgan shu odam», demoqchi bo‘lib, boshini u eshikdan
bu eshikka urdi-yu, kalavasining uchini yo‘qotib qo‘ydi:
ikkovimizning nasibamiz qo‘shilgan ekan, xabaringiz yo‘q,
oramizni buzish uchun sizning to‘g‘ringizda har xil gaplar uchirdi;
yo‘q, tinch-totuv turmush qildik. Muhayyo tug‘ildi, o‘sdi...
Muhayyoning turmushi buzilgandan keyin mahallada tarqalgan
mish-mishlar urug‘ini Marg‘uba sepgan emas, deb o‘ylaysanmi?
Endi qizimizni badnom qilmoqchi bo‘lyapti! Men uning erini
bilaman, eri o‘sha bo‘lsa turmushini ham tasavvur qilish mumkin!
Muborakxonim bu gaplarga sukut qilib quloq soldi,
pirovardida boshini ko‘tarib eriga yolvordi:
– Har qalay, Muhayyoni bu yo‘ldan qaytaring!
Hakimjon bo‘g‘ildi.
– Qaysi yo‘ldan? Muhayyo biron yo‘lga kiribdimi?
– Achchig‘ingiz chiqmasin... Anvar yosh, aqli ikki ko‘zida,
biron kori hol bo‘lsa umr bo‘yi qizimning boshi ta’nadan
chiqmaydi. Muhayyoga it tekkan!..


24
Hakimjon yana ham bo‘g‘ildi, lekin non yopayotgan
Muhayyo eshitmasin uchun qattiq shivirladi:
– Bu nima deganingiz? Endi Muhayyo umr bo‘yi baxtsiz
bo‘lishi, xotini o‘lgan yo xotin qo‘ygan odamni kutishi, o‘zini
uning oyog‘i ostiga tashlashi kerakmi? «Muhayyoga it tekkan»
emish! Salimjonning onasi ham o‘z farzandiga shunday deb
qararmikin?
– Yo‘q, – dedi Muborakxonim, – erkakning yo‘rig‘i
boshqa!
Hakimjon zaharxanda qildi:
– Undoq bo‘lsa boshidan tushaylik: sakkizta xotin bitta
erkakning cho‘risi bo‘lsin, farzand degani shifokorlarga emas,
mozorlarga qatnasin... Yana aytaman, Muhayyo bilan Anvar
orasida biron gap borligini bilmayman! Lekin qizimizni
o‘limdan qutqargan Murod Alining arvohi haqi uning yakka-yu
yagona farzandi Anvarni bu oiladan sug‘urib olish kerak! Bu
to‘g‘rida qo‘limdan kelganini ayamayman! Agar Muhayyo
Anvarga ko‘ngil qo‘ysa boshimni osmonga yetkazgan bo‘ladi.
Muhayyo yopgan nonini savatda keltirib dasturxonga to‘kdi
va yoyib qo‘ydi, sovigan nonlarni savatga solib tokning
so‘risiga osdi.
Shu bilan boyagi mavzuda gap to‘xtab qoldi.
Muborakxonim biroz insofga keldi: qizini mahalladan ham
yaxshiroq bilgani holda uning to‘g‘risida ko‘ngliga shunaqangi
gaplarga yo‘l bergani uchun xijolat bo‘ldi, buning ustiga,
Muhayyo aytmoqchi, ko‘ngli yarimta bir yetimchaga qilgan
muomalasidan ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, so‘z o‘rni kelishi bilanoq
qilmishiga pushaymon ekanini so‘z va yo ishora bilan
bildirishini eslab qoldi. Ertasiga ertalab nonushta mahalida,
Anvarga alahsib tandirdan bexabar qolganida, uning ko‘zi
biroz kuygan nonga tushdi-yu, beixtiyor:
– Anvarni ko‘rib qolsang, ko‘nglidan chiqar, qizim! – dedi.
– E, «ko‘rib qolsang» nimasi! – dedi Hakimjon. –
Anvarni qidirib topishi, nimaga kelganini bilishi kerak emasmi?
Hakimjon bu gapni shu qadar hayron bo‘lib, shunday bir
ohangda aytdiki, Muborakxonim so‘z topolmay:
– Mayli, mayli,– dedi va «uni qayoqdan topadi, qayerda
ko‘rishadi», deb ham so‘ramadi.


25

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə