Ingliz va o’zbek tillarida vatan va ona diyor guruhiga mansub maqollarning semantik ahamiyati va tematik klassifikatsiyasi jizzax Davlat Pedagogika Universiteti Xorijiy tillar fakulteti 745-22 guruh talabasi Abduvaliyeva Jasmina Jahongir qizi



Yüklə 20,75 Kb.
səhifə1/2
tarix22.03.2024
ölçüsü20,75 Kb.
#183993
  1   2

INGLIZ VA O’ZBEK TILLARIDA VATAN VA ONA DIYOR GURUHIGA MANSUB MAQOLLARNING SEMANTIK AHAMIYATI VA TEMATIK KLASSIFIKATSIYASI
Jizzax Davlat Pedagogika Universiteti
Xorijiy tillar fakulteti 745-22 guruh talabasi
Abduvaliyeva Jasmina Jahongir qizi


Annotatsiya: Maqolada ingliz va o’zbek tillarida vatan va ona diyor guruhiga oid maqollarning semantik ahamiyati tahlil qilinib, ushbu guruhga oid maqollarning tematik klassifikatsiyasi haqida so’z yuritiladi.
Kalit so’zlar: vatan, ona diyor, semantika, lingvostatistika, klassifikatsiya, sinonimiya, antonimiya, parafraza.
Abstract: The article analyzes the semantic significance of proverbs of the group of homeland and native land in English and Uzbek, and discusses the thematic classification of proverbs related to this group.
Keywords: homeland, motherland, semantics, linguostatistics, classification, synonyms, antonyms, paraphrasing.
Dunyodagi eng go’zal va buyuk so’zlardan biri bu vatan so’zidir. Ona kabi yagona bo’lgan vatan tushunchasi hech qachon o’zgarmaydigan va eskirmaydi. Uning qudrati va qadrini aziz volidaga tenglashtirib ona vatan deyilishi ham ma’lum. Vatanni, ona vatanni volidayi muhtarama kabi sevish, uni ardoqlash lozim. Zero, vatanni sevmoq – iymondandir! Vatan – inson tug’ilgan muqaddas zamin, bu zamin uning qalbida abadiy qoladi va hech qachon unutilmaydi. Vatan tushunchasi va unga bo’lgan muhabbat ona suti, ona bag’ri, ona mehr-muhabbati, ona allasi bilan bola yuragiga jo-bajo bo’ladi.
Vatanning ta’rif-tavsiri ham ko’p: ona-vatan, zamin, ona-yer, ota-yurt, ona mamlakatim, ona tuprog’im, jonajon o’lkam, tug’ilgan diyorim kabi o’nlab nomlar bilan ataladi vatan! Buyuk mutafakkir Abdulla Avloniy: “Har bir kishining tug’ilib o’sgan shahar va mamlakati shul kishining vatani deyilur” deb vatanga ta’rif beradi. Vatan haqida O’zbek tilining izohli lug’atida esa quyidagicha ta’rif beriladi.
Vatan – bu:
1. Kishi tug’ilib o’sgan va o’zini uning fuqarosi hisoblagan mamlakat, ona yurt.
2. Kishining tug’ilib o’sgan o’lkasi, shahri yoki qishlog’i, yurt, diyor.
3. Turar joy, boshpana, makon, uy [1; 6].
Vatan va ona diyor so’zlari ingliz tilida bir nechta tarjimalarga ega. Bulardan motherland, fatherland, mother country larni keltirish mumkin, bunda motherland ona yer, fatherland ota yer, mother country ona yurt deya tarjima qilinishi mumkin. Oxford English Dictionaryning ta’rificha, motherland ya’ni ona yurt biror bir insonning tug’ilgan yurtidir [6]. Collins lug’ati esa yanada kengroq ta’rifni taklif qiladi: ona vatan bu avlodlariz tug’ilgan zamin bo’lib, garchi undan uzoqda bo’lsangiz ham qalban bog’angan yurtingiz [2]. Macmillan Dictionaryda esa bu ta’rifga qo’shimcha tushunchalar ham kiritiladi: ona vatan bu tug’ilgan zamin, unga nisbatan sodiqlik va sevgi his qiluvchi yurtingizdir [3]. Ingliz va o’zbek tillarida vatan va ona diyor guruhiga oid maqollarning semantik ahamiyati haqida so’z borarkan, avvalam bor maqollarni o’rganishning asosiy sabablarini sanab o’tish lozim. Bunda Norrik quyidagi sabablarni sanab o’tadi:
1. Maqollarning tilning bir parchasi;
2. Maqollarni o’rganishning ahamiyati ular orasidagi semantik bog’liqlik bilan izohlanadi [5; 4, 5] Shuningdek, Norrik Nil maqollarning semantikasini o’rganishda asosiy aspektlarni yoritadi. Maqollarning matnda va suhbat chog’ida qo’llanilishi va ma’nosi jihatdan o’rganilishi. Bunda maqollarning adabiyotda va matbuotda ishlatilishi hamda maqollarning folklorning ajralmas qismi sifatida o’rganilishi haqida yoziladi. Maqollarning lingvistik nuqtai nazardan tadqiq etish ularning leksiko-semantik ahamiyatini ochib berishni taqazo etadi. Ingliz va o’zbek tillaridagi vatan va ona diyor guruhiga mansub maqollarning semantik ahamiyatini ochib berishda O’zbek xalq maqollari va The Concise Dictionary of Proverbs manbalaridagi maqollardan foydalanildi.
Ingliz tilidagi vatan va ona diyor guruhiga mansub maqollarning semantik ahamiyatini ko’rsatish uchun avvalo maqollarning paydo bo’lishi asosida yotgan dinning ahamiyati izohlandi. Bunda Injildan olingan va keng ko’lamda iste’molga kirgan hikmatlar xalq durdonalaridan ham o’rin olganligi isbotlandi. Ijobiylik va salbiylik jihatlari hisobga olinganda ingliz tilidagi ushbu guruhga kiruvchi maqollarning aksariyati ijobiy chunki mantiqiy jihatdan vatandek tushuncha bilan bog’liq maqollarda ijobiylik jo’sh urishi insonni ajablantirmasligi kerak. Shuningdek, sinonimik juftlari mavjud va parafraza yo’li bilan hosil bo’lgan maqollar ham aniqlandi. Shu bilan birga, ingliz maqollarida antonimlardan juda mohirona foydalanigani ularning semantik ahamiyatini yanada oshirganini e’tirof etib o’tish lozim.
O’zbek tilidagi vatan va ona diyor guruhiga oid mansub maqollarning semantikasini yoritish maqsadida maqollarning sinonimik, antonimik juftlari, parafraza yo’li bilan hosil bo’lgan maqollar, ijobiy va salbiy bo’yoqdorlikka ega bo’lgan maqollar aniqlandi. Ushbu semantik bo’linish natijasida, sinonimik jufrlarga ega va parafraza yo’li bilan hosil bo’lgan maqollar, ijobiy va salbiy bo’yoqdorlikka ega bo’lgan maqollar soni ko’pchilikni tashkil etishi aniqlandi. Shuningdek, o’zbek maqollarining qadimiy yozuvlarda va asarlarda ishlatilganligi keltirildi. Bular jumlasida, “Alpomish” va “Ravshan” dostonlari. Mahmud Ko’shg’ariyning “Devoni lug’oti turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig”, O’rxun-Enasoy obidalari va boshqa asarlar.
Ingliz va o’zbek tillaridagi vatan va ona diyor guruhiga mansub maqollarning semantik klassifikatsiyasi natijasida ingliz tilidagi maqollarning semantik guruhlari quyidagidan iborat: ona diyor aziz va qadrli, yurt egasi, vatangadolik va yurtdan ayrilganlik, vatan manguligi, yagonaligidir. O’zbek tilidagi semantik guruhlar sirasiga esa quyidagilarni kiritish mumkin: ona diyor aziz va qadrli, vatanning taqdiri – sening taqdiring, yurt egasi, vatangadolik va yurtdan ayrilganlik, vatan manguligi, yagonaligi hamda yurtga muhabbat va elga xizmat. Ko’rinib turibtiki, ingliz maqollarning semantik guruhlari o’zbek maqollarning semantik guruhlaridan kam. Buning asosiy sababi sifatida ingliz tilida vatan va ona diyor mavzusida to’plangan maqollar kamchilik (19 ta)ni tashkil etganligini keltirishimiz mumkin.
Ingliz va o’zbek tillaridagi vatan va ona diyor guruhiga oid maqollarning semantikasidagi o’xshash va farqli jihatlarni tahlil qilishda har ikkala tildagi maqollarning turli manbalarga oidligi va har xil ildizlarga taqalishiga qaramay, ularning mazmunida ayni tushunchalar ifodalanayotganiga guvoh bo’lish mumkin. Ushbu o’xshashlik maqollarning universallik belgisidir. Shuningdek, har ikkala tildagi maqollarning aniq muallifga egaligi, tarixiy hodisalarning mavjudligi jihatidan o’rganildi hamda leksik jihatdan geografik joylarning ishlatilishi va obrazlarning o’xshash va farqli jihatlari aniqlandi. Tarjima qilish nazariyasidan kelib chiqib, ingliz maqollarini o’zbek tiliga ogirishda ingliz tilidagi variant o’zbek tiliga umuman to’g’ri kelmaydigan maqollar aniqlandi. Bunda ingliz maqoliga ikki va undan ortiq o’zbek maqollari ekvivalent sifatida to’g’ri keladi. Ingliz tilidagi maqollarning semantikasi va lingvostatistikasi ustida ishlash uchun asos qilib olingan Concise Dictionary of Proverbs ham ko’plab qulayliklarga ega maqol lug’atlari sirasiga kiritish mumkin. Concise Dictionary of Proverbs lingvistik lug’atlar sirasiga kirib, jadalligi jihatidan hozirgi paytda ishlatiladigan maqollarni qamrab olish bilan bir qatorda bir nechta tarixiy misollarni isbot tariqasida keltiradi. Ushbu lug’atda qamrab olingan til monolingual bo’lib, klassifikatsiyasi alifbo tartibida berilgan.
Lug’atda har bir maqolga alohida izoh berilib, uning qo’llanilishi va kelib chiqishi ya’ni etimologiyasini ta’kidlovchi aynan dalillar aniq qilib ko’rsatilgan. Lug’atdagi maqollar alifbo tartibida berilgan bo’lsada ham, ulardagi kalit so’zlar ajratilib ko’rsatilgan. Shu nuqtai nazardan Concise Dictionary of Proverbsni qandaydir ma’noda semantik deya ta’riflash ham joizdir. Aynan kalit so’zlar yordamida bir maqoldan boshqa maqollarga havolalar berilgan. O’zbek maqollarining semantikasi va lingvostatistikasi ustida ishlash uchun asos qilib olingan T. Mirzayev tomonidan nashr etilgan “O’zbek xalq maqollari” kitobining tahlili haqida to’xtalib o’tish joizdir. Ushbu lug’at kitobi materiallarining ifoda tarzining yo’nalishi nuqtai nazaridan mohiyatini hisobga olgan holda tematik lug’atlar guruhiga kiritish mumkin. Kitobdagi o’zbek xalq maqollari tematik ya’ni mavzudan kelib chiqqan holda klassifikatsiyalangan bo’lib, har bir mavzuga oid maqollar alifbo tartibida berilganligiga qaramay, mavzular alifbo tartibida emas. O’zbek xalq maqollari lug’ati tarkibiga kiritilgan deyarli hamma mavzular antonomik tarzda tuzilgan. O’zbek va ingliz tillarida vatan va ona diyor guruhiga oid maqollarning semantikasi va lingvostatistikasi ustida ishlash jarayonida ushbu guruhga oid maqollarning tematik klassifikatsiyasi amalga oshirildi. Bunda, ingliz va o’zbek maqollari quyidagi tematik guruhlarga ajratilib, har bir tematik guruhdagi maqollar alifbo tartibida joylashtirildi.
Natijada quyidagi tematik guruhlar vujudga keldi:
- Ona diyor aziz va qardli;
- Vatanning taqdiri – sening taqdiring;
- Yurt egasi; - Vatan va yurtdan ayrilganlik;
- Vatannning manguligi, yagonaligi;
- Yurtga muhabbat va elga himmat
Tematik guruhlarning nomlanishi bir-biriga sinonimik so’zlar ya’ni “ona diyor”, “vatan” va “yurt ” so’zlari qo’llanildi. Shuningdek, T. Mirzayevning “O’zbek xalq maqollari” kitobidagi antonimik guruhlardan farqli olaroq sinonimik guruhlar nomlari tanlandi. Xulosa qilib aytganda, o’zbek va ingliz tillarida vatan va ona diyor guruhiga oid maqollarning semantikasi va lingvostatistikasi ustida ishlash jarayonida har ikkala tildagi maqollarning sematikasi, etimologiyasi ushbu til xalqlarining boy tarixiy o’tmishiga asoslangan turli tushunchalarini o’z ichiga qamrab olib, madaniyati, mentaliteti, urf-odatlari bilan yo’g’rilganligiga yaqqol guvoh bo’lindi. Shuningdek, lingvostatistikaning rivojlanishi va paremiologiyada o’zbek tilida yozilgan ilmiy asarlarning ko’payishini ko’zda tutgan holda ushbu sohaning kengayishi yanada ko’proq ahamiyat berilishi lozimligini aytib o’tish joizdir. Kelajakda nafaqat vatan va ona diyor guruhiga oid maqollar balki boshqa mavzularga oid maqollar ustida ishlash ko’zda tutilmoqda.


Yüklə 20,75 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə