Kot-dʼIvuar Respublikasi



Yüklə 220,83 Kb.
tarix02.03.2023
ölçüsü220,83 Kb.
#101740
Kot-dʼIvuar Respublikasi

Kot-dʼIvuar Respublikasi


Kot-dʼIvuar Respublikasi (fransuzchaRépublique de Côte d'Ivoire) yoki Fil Suyagi Qirgʻogʻi — Gʻarbiy Afrikada, Atlantika okeani sohilida joylashgan davlat. Maydoni 322,5 ming km². Aholisi 26 378 274 kishi (2020). Poytaxti — Yamusukro shahri. Maʼmuriy jihatdan 19 ta viloyatdan, viloyatlar oʻz oʻrnida 81 departamentdan iborat.
DAVLAT TUZUMI
Kot-dʼIvuar — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 2000-yil 23-iyuldagi referendumda maʼqullangan. Davlat boshligʻi — prezident (2011-yildan Alassan Uattara). U toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi va yana bir marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Millat majlisi (bir palatali parlament) amalga oshiradi. Uning 225 deputatlari umumiy toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.
VILOYATLARI

TABIATI
Kot-dʼIvuar ekvatorial va subekvatorial mintaqalarda joylashgan. Gvineya qoʻltigʻining sohili gʻarbda tik va qoyali, sharqda asosan tekis, koʻrfazlarida kema qatnashi mumkin. Yer yuzasi janubida pasttekislik, shimolida plato (500–800 m). Gʻarbida esa mamlakatda eng yuqori choʻqqi hisoblangan Nima togʻi (1752 m) bor. Oltin, boksit, neft, temir rudasi, qalay va kolumbit, olmos va marganets ruda konlari bor.
IQLIMI
Iqlimi — janubida ekvatorial, doim sernam, qolgan hududlarda subekvatorial iqlim, janubida eng issiq oylar (dekabr—aprel)da oʻrtacha temperatura 27—28°, eng salqin oylar (iyul—sentabr)da 23—24°, shimolida 30° (aprel) va 25° (avgust— sentabr). Yillik yogʻin sohildagi pasttekisliklarda 1300–2300 mm, shimolida 1100– 1800 mm. Asosiy daryolari: Kavalli, Sasandra, Bandama, Komoe. Hayvonot dunyosi juda boy va xilma-xil (maymun, fil, begemot, qoplon, sirtlon, boʻri, chiyaboʻri, oxu va boshqalar) Janubida ekvatorial oʻrmonlar, shimolida savannalar. Milliy bogʻlari: Komoe, Tai, Maraxue va boshqa
AHOLISI
Aholisi asosan, kva, kru, volta, mande til guruhiga mansub bate, baule, anvi, sindfo, malinke, dan, lobi va boshqa 2 mln.dan ortiq ajnabiylar bor. Aholisining yarmidan koʻprogʻi mahalliy anʼanaviy dinlarga, qolganlari islom va xristian dinlariga eʼtikrd qiladi. Rasmiy til — fransuz tili. Mamlakatning markaziy qismi, Abidjan shahri va uning atroflarida aholi zich joylashgan. Aholisining taxminan 41% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Abidjan, Bvake, Dalola, Man, Korxogo.
TARIXI
Arxeologiya topilmalarining dalolat berishicha, Kot-dʼIvuar hududida tosh asrida odamlar yashagan. Daryo sohillarida neolit davriga oid ustaxonalar, ish qurollari va sopol idishlar topilgan. taxminan miloddan avvalgi 3—2-ming yilliklarda savannada, keyinroq oʻrmon zonasida ham dehqonchilik vujudga kela boshlagan. Shimolida dehqonchilik bilan birga chorvachilik ham rivojlangan. Yovvoyi mevalarni yigʻish, ovchilik, baliq ovlash katta ahamiyatga ega boʻlgan. Oʻrta ayerdarda temirchilik keng ommalashgan (temir eritish oʻchoqlari topilgan), oltin qazib olingan (avvaliga bu oʻlka Oltin qirgʻoq deb atalgan), metallsozlik, kulolchilik, toʻqimachilik va boshqa rivojlangan. Shimoliy va sharqdan oʻtuvchi Gʻarbiy Afrika savdo yoʻllarida shaharlar, manzilgohlar paydo boʻlgan. 11-asrda asos solingan Kong manzilgohi Gʻarbiy Afrikaning karvon yoʻllarida yirik savdo markazlaridan biriga aylangan.
15-asr oxirida Kot-dʼIvuar hududida portugallar va boshqa yevropaliklar paydo boʻddi. Ular qul olib ketishdan tashqari, fil suyagi va boshqa boyliklarni taladilar. 1842—43 yillarda Fransiya Gran-Basam va Asinini, keyinchalik sohildagi boshqa joylarni bosib oldi. 19-asrning 80-yillarida mamlakat ichkarisiga bostirib kira boshladi. 1893-yildan Kot-dʼIvuar Fransiya mustamlakasi. 1895—1958-yillarda esa Fransiya Gʻarbiy Afrikasi tarkibida boʻldi.
Ikkinchi jahon urushidan soʻng mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1950—51 yillarda mustamlakachilar zulmiga qarshi xalq ommasining yirik chiqishlari boʻlib oʻtdi. Ozodlik harakati natijasida Fransiya hukumati yon berishga majbur boʻldi. 1957-yildan mamlakat hududiy assambleyasi (1958-yildan Qonun chiqaruvchi assambleya) umumiy saylov yoʻli bilan saylanadigan va Hukumat kengashini tuzadigan boʻldi. 1958-yil 28-sentabrda oʻtkazilgan referendumga koʻra, davlat maqomini (Fransiya hamjamiyati aʼzosi sifatida) olishga muvaffaq boʻldi.
Afrika mamlakatlarida milliy ozodlik harakatlarining yanada avj olishi natijasida Fransiya hukumati 1960-yil 11-iyulda mahalliy hukumat bilan bitim tuzishga majbur boʻldi; bu bitimga koʻra, 1960-yil 7-avgustda Kot-dʼIvuarning mustaqilligi eʼlon qilindi. Oʻsha yili sentabrdan u — BMT aʼzosi. Mamlakat mustaqillikka erishgach, Fransiya hamjamiyati aʼzoligidan chikdi. Lekin hukumat Fransiya bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy aloqalarini saqlab qoldi. 1985-yilda qabul qilingan qarorga muvofiq, Kot-dʼIvuar geografik atama emas, balki mamlakatning nomi ekanligi va chet tillarga tarjima qilinmasligi taʼkidlandi. 1983-yilda mamlakat poytaxtini Abidjandan Yamusukroga koʻchirishga qaror qilindi. Milliy bayrami — 7-avgust — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1960).
SIYOSIY PARTIYALARI
Kot-dʼIvuar demokratik partiyasi, 1946-yilda tuzilgan; Ivuar mehnatkashlar partiyasi, 1990-yildan oshqora ishlay boshlagan; Ivuar xalq jabhasi, 1982-yilda tuzilgan, 1990-yildan oshqora ishlay boshlagan; Respublikachilar birlashmasi, 1994-yil tashqil etilgan; Sotsial-demokratlar ittifoqi, 1990-yildan oshqora ishlay boshlagan. Kot-dʼIvuar mehnatkashlar umumiy ittifoqi kasaba uyushmasi, 1962-yilda tuzilgan. Afrika kasaba uyushma birligi tashkilotiga va Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.
IQTISODIYOTI
Kot-dʼIvuar — agrar mamlakat. Sanoati nisbatan durust rivojlangan, Gʻarbiy Afrika mamlakatlari oʻrtasida ayrim sanoat tarmoqlari (yogʻoch tayyorlash, yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati)ning ishlab chiqarish darajasi ancha yuqori.
QISHLOQ XO’JALIGI
Qishloq xoʻjaligida yerdan jamoa boʻlib foydalanish saqlanib qolgan. Qishloq xoʻjaligi yalpi milliy mahsulotning 35,7 % ni, eksport tushumlarining 70% dan koʻprogʻini taʼminlaydi. Mehnatga layoqatli aholining 30% qishloq xoʻjaligi da band. Agrotexnikasi oddiy. Dehqonchilik qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi: geveya, kofe, moyli palma, kakao, gʻoʻza, banan, ananas, sitrus mevalar oʻstiriladi. Kofe yetishtirish va eksport qilish boʻyicha jahonda 3-oʻrinda, kakao boʻyicha esa 4-oʻrinda turadi. Ichki isteʼmol uchun yams, maniok, sholi, makkajoʻxori, oq joʻxori, tariq va boshqa yetishtiriladi. Chorvachiligi sust rivojlangan; shimoliy savanna oʻtloqlarida qoramol, qoʻy, echki, choʻchqa, uy parran-dasi boqiladi. Baliq ovlanadi.
SANOATI
Sanoati yalpi milliy mahsulotning 26% ni ishlab chiqaradi. 700 dan koʻproqishlab chiqarish korxonalari, shu jumladan, xorijiy sarmoya ishtirokidagi bir necha qoʻshma korxona bor. Chetga chiqariladigan xom ashyo va chetdan keltiriladigan yarim fabrikatlarga ishlov beruvchi sanoat korxonalari rivojlangan. Yiliga oʻrtacha 2,3 mlrd. Kilovatt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Oziq-ovqat va tamaki, energetika, yogʻochsozlik, toʻqimachilik, metallsozlik, kimyo va yogʻ-moy, neft qazib olish va uni qayta ishlash, tayyor qismlardan avtomobil yigʻish, qurilish materiallari, kauchukni qayta ishlovchi va plastmassa ishlab chikaruvchi, konchilik va boshqa sanoat korxonalari mavjud. Chetdan keng isteʼmol mollari keltirishni kamaytirish va eksport qilish maqsadida yirik yogʻochsozlik, toʻqimachilik, oziqovqat sanoati korxonalari barpo etila boshladi. Asosiy sanoat markazlari: Abidjan, Bvake va boshqa
TRANSPORTI
Transportining asosiy turlari — dengiz va avtomobil transporti. Dengiz yuklari, asosan, xorijiy kompaniyalarning kemalarida tashiladi. Transport yoʻlining oʻz. — 1314 km, jumladan, Abidjan — Uagadugu temir yoʻlning oʻz. — 625 km. Avtomobil yoʻllari oʻz. — 55 ming km. Dengiz portlari: Abidjan, San-Pedro. Abidjan va Yamusukroda xalqaro aeroportlar bor.
EKSPORTI
Mamlakat chetga paxta, kauchuk, kofe, kakao va undan tayyorlangan mahsulotlar, yogʻoch, olmos, palma yogʻi, ananas, banan chiqaradi. Chetdan mashina, asbob-uskuna, neft va neft mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqa isteʼmol mahsulotlari, qora metallar prokati, oʻgʻitlar keltiradi. Savdosotiqdagi asosiy mijozlari: Fransiya, Niderdandiya, AQSH, Germaniya, Italiya, Nigeriya va boshqa Turizm rivojlanmokda. Pul birligi — afrika franki.
TIBBIY XIZMAT
Davlat sogʻliqni saqlash tizimi mavjud. Aholiga tibbiy xizmatni kasalxonalar, turli tibbiyot markazlari va koʻchma otryadlar koʻrsatadi. Vrachlar Abidjan universitetining tibbiyot fakultetida va chet ellarda tayyorlanadi.
MAORIFI, ILMIY VA MADANIY-MA’RIFIY MUASSASALARI
Maktablarning aksariyati davlat qaramogʻida. Ularda oʻqish bepul. Katolik missiyalar xususiy maktablar ochishgan. Boshlangʻich va oʻrta maktablar, texnika litseylari, turli kollejlar, ped. maktablari bor. Oʻqituvchilar ped. maktablari va oliy maktablarda tayyorlanadi. Abidjanda universitet (1958-yilda asos solingan), Ijtimoiy fanlar markazi (1960-yildan), Tropik oʻrmonchilik markazi (1962), Kofe va kakao tadqiqot stansiyasi, Geofizika stansiyasi, Okeanografiya tadqiqot markazi, kauchuk, tropik tadqiqot, gigiyena va boshqa ilmiy tadqiqot institutlari, Milliy muzey, Etn. muzeyi, Milliy kutubxona, universitet kutubxonasi, Munitsipal kutubxona va boshqa mavjud.
MATBUOTI
Mamlakatda bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Asosiylari: "Alif" (islom muammolarini aks ettiruvchi oylik gazeta). "Vua" ("Yoʻl", fransuz tilidagi kundalik gazeta), "Demokrat" (fransuz tilidagi haftalik gazeta), "Kontinan" ("Qitʼa", fransuz tilidagi kundalik umumafrika gazeta, 1980-yildan), "Notr tan" ("Bizning vaqt", fransuz tilidagi haftalik gazeta), "Nuvel orizon" ("Yangi ufq", fransuz tilidagi haftanoma), "Fraternitematen" ("Qardoshlik tongi", fransuz tilidagi kundalik gazeta, 1964-yildan), "Eritaj" ("Meros", fransuz tilidagi haftanoma, 1994-yildan), "Reformater" ("Islohotchi", fransuz tilidagi oylik jurnal, 1993-yildan). Kot-dʼIvuar matbuot agentligi (AIP) 1961-yilda, Ivuar radio va televideniyesi 1963-yilda tuzilgan. Kot-dʼIvuar da radioeshittirish 1949-yildan (fransuz va 10 mahalliy tilda), telekoʻrsatuvlar 1963-yildan olib boriladi.
ADABIYOTI
Kot-dʼIvuardagi anya, baule, senufo va boshqa xalqlarda xalq ogʻzaki ijodi qadimdan rivojlangan. Ayniqsa, baule xalqining folklori alo-hida ajralib turadi. Griot deb ataluvchi baxshilar qoʻshiq va ertaqlarni aytib yurishadi. Folklor anʼanalari asosida fransuz tilida yozma adabiyot rivojlandi. K.dʼI. adabiyotining shakllanishida folklorchi, romannavis Bernar Dadyening xizmati katta. Uning mustamlakachilikka qarshi asarlari mashhur. Yozuvchi Ake Loba (asli ismi Abobo Baule)ning "Kokumbo — qora talaba" va "Daryo ustidagi nayzalar" romanlari, Sh. Nokaning "Shamol shiddatli edi" romani, "Quyosh, qora nuqta" poemasi, Sidiqi Dembelening "Boqibegʻamlar" romani 20-asr 2-yarmiga xos ijtimoiy muammolarni aks ettirdi. J. M. Bonini, Moris Kone va boshqalarlarning sheʼriy toʻplamlari nashr qilindi.
MEMORLIGI
Mamlakatning jan., oʻrmon qismi xalqlari turar joylarni yogʻochdan va ikki nishabli tomini palma shoxlari bilan yopib, toʻgʻri burchakli qilib quradilar. Buale va anya xalqlari choʻziq doirasimon uylar atrofini bostirma bilan oʻraydi. Shim.-gʻarbda devori shox-shabba bilan toʻqilib, loy suvoqli va konussimon tomi poxol bilan yopilgan doirasimon uylar keng tarqalgan. Mamlakat sharqida yassi tomli toʻgʻri burchaqli guvalak uylar koʻproquchraydi. Kot-dʼIvuar markazidagi uylarning devorlari geometrik naqshlar, inson va hayvon tasvirlari bilan bezalgan. Mamlakat mustaqillikka erishgach (1960), mahalliy aholi uchun 1—4 qavatli turar joy loyihalari ishlab chiqildi. Koʻp qavatli binolarning quyi qismida savdo markazi, mehmonxona, restoranlar joylashtirildi. Abidjandagi Hyp al-Hayot markazi (meʼmor A. Laje, J. P. Lyupi, J. Mas), alyuminiy bilan ziynatlangan ehromsimon maʼmuriy bino (meʼmor R. Olivyeri, muhandis R. Morandi), Mandagi "Shalola" meqmonxonasi (meʼmor M. Dyusharm, Larra, J.-P. Mino) va boshqa Sa-sandra va Asinidagi mehmonxonalar tomi poxod bilan yopilgan qadimgi uylar shaklida barpo etildi. Turli shaharlarda madaniyat markazlari, tim bo-zorlar goʻzal usulda qurilgan. Qurilishda temir-beton, shishadan foydalaniladi, binolarga mahalliy hunarmandlar bezak beradi.
TASVIRIY SANATI
Haykaltaroshlik Kot-dʼIvuar xalqlari tasviriy sanʼatining eng goʻzal sohasidir. Marosimlarda ishlatiladigan yogʻoch niqoblar, odam gavdalari nozik did va mahorat bilan yasaladi, ularning shakli yo nafis yoki vahimali boʻladi. Boʻyoq va naqshlar niqoblarning taʼsirchanligini oshiradi. Roʻzgʻor buyumlari va uy eshiklari oʻymakorlik usulida ishlanadi. Oltin, mis, jezdan zeb-ziynat asboblari yasash, qul toʻqimachiligi, kashtachilik, kulolchilik rivojlangan, uylarning devorlariga turli rasm, gullar, qush va hayvonlarning suratini solish odat boʻlgan.
MUSIQASI
Kot-dʼIvuar xalqlarining baʼzilari qadimgi Musiqiy anʼanalarga ega. Chunonchi, dan xalqi boshliqlarida truba va barabandan iborat katta orkestrlar boʻlgan. Danlarning koʻp qoʻshiqlari muayyan marosim va odatlar bilan bogʻlangan. Masalan, qabila boshligʻi sharafiga zia, jamoa ishlari vaqtida kotava degan qoʻshiqlar aytilgan. Baule xalqida maʼbudalarni sharaflovchi va ajdodlar ruhini eslatuvchi qoʻshiklar keng tarqalgan. Ayollar qoʻshigʻi tovushning joʻshqin tebranishi bilan ajralib turadi. Malinke xalqi griotlari — jeli qoʻshiqlarining sheʼriy matnlari gʻoyat musiqiydir. Mustaqillik yillarida zamonaviy musiqa rivojlana boshladi. Koʻpgina ijodiy jamoalar, jumladan, "Makakumani" folklor guruhi (qabilalararo jamoa) katta ish qilayotir. Abidjandagi Milliy sanʼat instituti tarkibida Milliy musiqa va raqs konservatoriyasi, Milliy musiqa maktabi, Xalq sanʼati va hunarmandchiligi departamenti bor. Abidjan universiteti, gumanitar tadqiqotlar markazi, Afrika sanʼatini oʻrganish markazi xalq musiqasi va raqsini oʻrganish bilan shugʻullanadi.
TEATRI
Xalq ijodiyoti namunalarini ijro etuvchi griotlarning xattiharakatlarida aktyorlik nishonalari bor edi. Zamonaviy teatr Dakarda 20-asrning 30-yillarida vujudga keldi, havaskorlik toʻgaraklari tuzila boshladi. 1933-yilda B. Dadye "Shaharlar" deb atalgan birinchi pyesani yozdi. 1938-yilda Mahalliy teatr tashqil etildi. Unda sahnalashtirilgan F. J. Amonning "Bussatye yoki qora folbin siri", "Pinhona toʻy" pyesalarida turmush sarqitlari, G. Koffining "Bizning xotinlar", "Mening erim", "Qaytish qoʻshigʻi" hajviy pyesalari mustamlakachilik zulmini fosh qildi. Ikkinchi jahon urushidan keyin "Gezabo", "Ikare" teatr jamiyatlari jamoalari, Abidjan universitetining "Niqoblar va roʻdapolar" truppasi mahalliy dramaturglardan M. Berte, E. Derven, A. Koffi asarlarini anʼanaviy Afrika teatri ruhida sahnalashtirdilar. 1967-yilda Milliy sanʼat instituti huzurida yarim professional truppa ish boshladi. B. Dadyening "Togʻo-Nini janoblari", G. OyonoMbianing "Uch oshiq, bir qayliq", G. Goning "Tussio" asarlari uning eng yaxshi spektakllari boʻldi. "Tam-tam. Ovoz va badan" spektakli anʼanaviy Afrika teatrining izlanishlarini aks ettirdi.
KINOSI
Kot-dʼIvuar kino sanʼati mustaqillik yillarida rivojlana boshladi. Rejissyor T. Bassorning "Yolgʻizlik qumtepalarida" qisqa metrajli lentasi birinchi film boʻldi. Uning "Pichoq ushlagan ayol" filmida afrikaliklarning gʻarb tamadduni bilan toʻqnashuvi koʻrsatilgan. "Musofirlar uchun konsert" filmi (rejissyor D. Ekare) milliy kinoga shuhrat keltirdi, unda pul ishlash uchun Yevropaga borgan afrikaliklarning ogʻir qismati muammosi koʻtarilgan. Milliy kinoning asoschilaridan biri A. Dyupark "Muna yoki rassomning orzusi", "Oila" filmlarida muhim masalalarni oʻrtaga tashladi. Keyingi yillarda ijod kila boshlagan yosh rejissyorlar "Muazzinning daʼvati" (E. Vodio), "Kanday yangiliklar bor" (G. M. Bala), "Jelli" (K. Fadika), "Aja Tio" (J. L. Kula) kabi qiziqarli filmlarni yaratdilar.
Yüklə 220,83 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə