1. Sotsial-iqtisodiy ehtiyojlar va ularning tarkibi



Yüklə 67,32 Kb.
səhifə1/2
tarix24.12.2023
ölçüsü67,32 Kb.
#160354
  1   2
ehtiyojlarning cheksizligi


Reja:


1. Sotsial-iqtisodiy ehtiyojlar va ularning tarkibi
2. Ehtiyojlarning cheksizligi. Ehtiyojlarni yuksalib borishi qonuni.
3. Resurslar cheklanganligi va ehtiyojlarni qondirish. Iqtisodiyotning bosh muammosi
Iqtisodiy g`oyalarning vujudga kelishi, iqtisodiyot nazariyasi fani nimani o`rganishi, iqtisodiy qonunlar va kategoriyalar, fanni o`rganishning uslublarini ko`rib chiqdik. Iqtisodiyot nazariyasi barcha iqtisodiy fanlarning poydevori ekanligini, u bajaradigan vazifalarni o`rgandik. Bu bob sotsial-iqtisodiy ehtiyojlarni o`rganishga bag`ishlanadi. Iqtisodiyot nazariyasi fanini o`rganishni aynan sotsial-iqtisodiy ehtiyojlardan boshlashimiz bejiz emas. Chunki inson yashar ekan, uning ehtiyojlari mavjud. Ehtiyojlar ob`ektiv. Insonning butun umri ana shu ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan. Ehtiyojlarni o`rganishni ularning tarkibidan boshlaymiz. Ehtiyojlarning cheksizligi, ularni qondirish uchun zarur bo`lgan ne`matlarning cheklanganligi, sababi ana shu ne`matlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan resurslarni cheklanganligi muammolarini ko`rib chiqamiz.
Resurslarning cheklanganligi tanlash va qaror qabul qilishni zarur qilib qo`yadi. Shuning uchun ham har bir qadamimiz tanlash va qaror qabul qilishimiz bilan bog`liq. Har bir kishining hayoti, iqtisodiyotning, qolaversa butun jamiyatning taraqqiyoti qabul qilgan qarorimizga, ya`ni turli variantlardan nimani tanlashimizga bog`liq. Bugungi mavzu ana shu masalalarni o`rganishga qaratilgan. Keyingi boblarda esa qanday qilsak boshqacha aytganda qanday qarorga kelsak to`g`ri yo`lni tanlashimiz mumkinligini o`rganamiz.
Sotsial-iqtisodiy ehtiyojlar va ularning tarkibi. Kishilik jamiyati insonlardan tarkib topgan. Inson esa barcha jonzodlarning eng oliysi. U boshqa jonzodlardan o`zining aql idroki bilan ajralib turadi. U xayot kechirish uchun turli ehtiyojlarini qondirishi shart, chunki busiz inson yashay olmaydi.
Insonlarning yashashi,har tomonlama kamol topishi uchun zarur bo`lgan barcha ne`matlar ularning hayotiy ehtiyojlarini tashkil etadi. Inson o`z extiyojlarini qondirish yo`lini qidiradi. Extiyojlarni qondirishi zarurligi, ya`ni yashash uchun kurash uni faollikka undaydi. Insonning ehtiyojlari xilma-xil. U yashar ekan, ovqat eydi, kiyim-kechak kiyadi, bilim oladi, boshkalar bidan muloqotda bo`ladi, do`stlashadi va hokazo. Ehtiyojlar turli shakl xususiyat, sifat, belgi, miqdor va boshqa jihatlari bilan bir-biridan farqlanadi.
Har bir inson uchun o`zining qadr - qimmat o`lchovi mavjud Bir inson tomonidan qadrlangan,hayotiy ahamiyatga ega bo`lgan narsa ikkinchi bir kishi uchun hech qanday ahamiyatga ega bo`lmasligi mumkin. Ahamiyatiga ko`ra ehtiyojlarni tartibga solish u yoqda tursin, hamma insonlar uchun eng zarur bo`lganlarini ham sanab o`tish qiyin. Har bir inson uning uchun qaysi extiyojlar eng zarurligini o`zi belgilaydi.
XX asr ko`pincha «axborot asri» deb atalgan. XXI asrga kelib axborotning ahamiyati yanada ortdi. Axborotni biz turli-tuman manbalardan olamiz. Masalan: radio, elevidenie, gazeta va jurnal, kitob, global kompyuter tarmog`i internet kabilardan olamiz.Shu bilan birga «an`anaviy» axborot manbalari mavjud va doimo saqlanib qoladi. Ular ota-ona, qarindosh-urug`, do`st-birodarlar, qo`ni-qo`shni, tanishlar, tasodifiy uchrashgan odamlar va hokazo. Biz har daqiqada yangi axborot olamiz. Bizni atrofimizni o`ragan olam tabiatni kuzatib yangi-yangi ma`lumotlar olamiz. Bizni organizmimiz axborot qabul qilishning doimiy manbai. Aynan axborot bizni barcha ehtiyojlarimizni shakllantiradi.
Bizni barcha odatlarimiz, his-tuyg`ularimiz, bilim va hayot tajribamiz, u yoki bu narsaga baho berishimiz, avvaldan o`ylagan yoki beixtiyor hohish-istaklarimiz - barcha-barchasining asosida his-tuyg`ularimiz, nerv tomirlarimiz orqali organizmimiz qabul qilgan axborot yotadi. Yangi axborot yangi ehtiyojlarni vujudga keltiradi, mavjudlarini tubdan o`zgartiradi. Axborot insonni beixtiyor harakatga solishi yoki natijasini ko`z o`ngiga keltirgan yoki aniq bilgan, tushungan holdagi hatti-harakatini boshqarishi mumkin. Fan-texnika taraqqiyoti, yangi-yangi ixtirolar tufayli yangi tovarlar ishlab chiqariladi, xizmatlar ko`rsatiladi. Ilgari bunday tovarlar bo`lmagani uchun ehtiyojlar ham bo`lmagan.
Masalan: kompyuter, qo`l telefon va boshqalar. Avvaldan mavjud bo`lgan, lekin u tovarlarni xususiyatlarini bilmagan odam bu xaqda yangi axborot olishi tufayli yangi ehtiyojlar vujudga keladi. Masalan: an`anaviy oziq-ovqat mahsulotlari sabzavot, mevalardagi vitaminlar, turli moddalar yoki boshqa xususiyatlari to`g`risidagi yangi ma`lumotlar.
Kishining hayotida yangi vaziyat, yangi muammolarni paydo bo`lishi natijasida ham yangi ehtiyojlar vujudga keladi. Masalan: oilada farzand tug`ilishi natijasida chaqalok uchun zarur buyumlarga, kasal bo`lganda doriga, kasbini o`zgartirganda ish qurollariga va boshqalar. Xullas inson butun hayoti davomida yangi-yangi axborot oladi, unga muvofiq ravishda ehtiyojlar vujudga keladi va doimo o`zgarib boradi. Shunday qilib har bir kishi avval axborotga ega bo`ladi so`ngra shu axborotga qarab u yoki bu qarorga keladi.
Ehtiyojlar nihoyatda turli tuman bo`lib, ularga turli jihatdan yondashish mumkin. Ko`pgina iqtisodchilar u yoki bu xususiyatlariga ko`ra ehtiyojlarni turli guruhlarga ajratib tushuntirishga harakat qilishgan. Alfred Marshall nemis iqtisodchisi Germanning fikriga asoslanib, ehtiyojlarni absolyut va nisbiy, minimal va maksimal darajadagi ehtiyoj, qondirilishi zarur va qondirilishi kechiktirsa bo`ladigan, bevosita va bilvosita qondiriladigan ehtiyojlar, joriy va kelajakda qondiriladigan ehtiyojlarga bo`ladi. Ayrim adabiyotlarda birlamchi - eng zarur ehtiyojlar, ikkilamchi - qondirilishi kechiktirsa bo`ladigan ikkinchi darajadagi ehtiyojlarga bo`linadi. Birlamchi ehtiyojlarga insonning eng zarur bo`lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa shunga o`xshash ehtiyojlari, ikkilamchi ehtiyojlarga insonning ma`naviy, intellektual faoliyati bilan bog`liq bo`lgan bilim olish, san`at, turli ko`ngil ochar tadbirlarga qatnashish ehtiyojlarini kiritish mumkin. Lekin bunday ajratish shartli. Ular har-bir inson uchun individual bo`lib, bir inson uchun kiyim-kechak, turar joy birlamchi bo`lsa, boshqasi uchun bunday bo`lmasligi mumkin. Birov uchun kiyim-kechakdan ko`ra bilim olish zarurroq, boshqasi uchun aksincha, yoki bir kishi uchun ma`naviy ehtiyoj hasham bo`lsa, boshqasi uchun kundalik ehtiyoj bo`lish mumkin, yoki ma`lum vaqt o`tgach oddiy extiyojlarga aylanishi mumkin.
Inson ehtiyojlari tarkibiga turli jihatdan yondashib, uni har-xil guruhlarga ajratish mumkin:
1.Ehtiyojlarning sub`ektlariga 6 ko`ra: individual, guruhiy, umumjamiyat ehtiyojlariga bo`linadi.
a) Individual ehtiyoj har bir insonning ehtiyojini ifodalaydi. U fiziologik ehtiyojlar, sotsial kontaktda bo`lish, o`zining har tomonlama kamol topishiga bo`lgan extiyojlar va boshqalarini o`z ichiga oladi.
b) Guruhiy ehtiyoj - bu oilaviy yoki kishilarning biron maqsadda birlashgan guruhlari (mehnat jamoasi, turli uyushmalar) ehtiyojlari bo`lib, birgalikda yashash, faoliyat yuritish jarayonida vujudga keladigan umumiy ehtiyojlardir.
v) Umum jamiyat ehtiyoji - bu mamlakat miqyosida, qolaversa er shari miqyosida insonlarning bir butun bo`lib tarkib topgan ehtiyojlaridir. U o`z ichiga birinchidan, barcha turdagi individual va guruhiy ehtiyojlarini olsa, ikkinchidan jamiyatni yaxlit organizm sifatida yashab turish uchun zarur ehtiyojdir. Bularga tabiiy resurslarni asrash, mudofaa, jamiyatni boshqarish va hokazolarni kiritish mumkin. Jamiyatning ehtiyoji turli ijtimoiy toifa va guruhlariga mansub kishilar ehtiyojining yaxlitligi sifatida namoyon bo`ladi. Tabaqalanish darajasiga qarab ehtiyojlar ham farqlanadi.
2.Ehtiyojlar ob`ektiga 7 ko`ra: moddiy ehtiyojlar, sotsial-ma`naviy ehtiyojlarga bo`linadi.
Moddiy ehtiyojlar azaliy, ular inson paydo bo`lishi bilan vujudga kelgan. Ular tabiiy ehtiyojdir. Moddiy ehtiyojlar eng zarur va hayotiy ehtiyojlardir. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, transport va hokazo kabi qator ehtiyojlardan iborat bo`lib, ularning qondirilishi
Lotinchadan olingan «sub`ekt» so`zi ega, «ob`ekt» esa predmet ma`nosini anglatadi. O`zbek tilining izohli lug`atida ko`rsatilishicha sub`ekt deganda, aql-zakovat, iroda egasi, borliqni bilishga, o`zgartirishga qodir, faollik bilan harakat qiladigan shaxs yoki guruh.
Ob`ekt esa kishining faoliyati, diqqat-e`tibori qaratilgan va o`z faoliyatini shunga qaratgan predmet, hodisa tushuniladi. yashashning birlamchi shartidir. Moddiy ehtiyojlar albatta moddiy ko`rinishga ega, masalan: oziq-ovqatga ehtiyoj, aniq: un, guruch, yog`, go`sht, shakar va boshqalar kabi moddiy shaklga ega. Kiyimlarga bo`lgan ehtiyoj: tufli, paypoq, kastyum-shim, ko`ylak, palto, kurtka boshqalarga bo`lgan ehtiyoj tarzida yuzaga chiqadi.
Sotsial-ma`naviy ehtiyojlar azaliy bo`lmay jamiyat taraqqiyotining ma`lum bosqichida, tsivilizatsiya paydo bo`lishi bilan yuzaga keladi. Jamiyat rivojlangan sari sotsial-ma`naviy ehtiyojlar tabiiy zaruratga aylana boradi, hamda borgan sari yuksala boradi. Sotsial-ma`naviy ehtiyojlar asosan turli xizmatlardan foydalanishga bo`lgan ehtiyojlar tarzida yuzaga chiqadi. O`qituvchi, vrach, san`at arbobi, sport va boshqalar xizmatidan foydalanib, inson axloqiy, ma`naviy, estetik, jismoniy jihatdan tarbiyalanadi, bilim oladi, kasb egallaydi, har tomonlama kamol topadi. Bu ehtiyojlar yaqqol moddiy ko`rinishga ega emas.
3.Faoliyat yuritish sferasi jihatidan: mehnat qilish, muloqatda bo`lish, dam olish, ish qobiliyatini tiklash, iqtisodiy faoliyat yuritishga ehtiyojlarni o`z ichiga oladi. Mehnat ehtiyoji insoning o`zida mujassamlashgan. Mehnatsiz inson yashay olmaydi., chunki mehnatsiz nozu-ne`matlar yaratib bo`lmaydi, mehnatsiz inson shaxsi kamol topa olmaydi. Mehnat ehtiyoji insonda mehnat qilish, ijod qobiliyati borligidan kelib chiqadi. Inson mehnatda o`z o`rnini topish, o`z qobiliyatini ishga solib, obro`-e`tibor qozonishga harakat qiladi.
Inson yashar ekan doimo boshqalar bilan muloqotda bo`lishga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun ham hayotimizda «Yolg`izlik xudoga xos» degan naql bor. Inson mehnat qilar ekan, albatta ish qobiliyatini tiklash uchun dam olishi, turli ko`ngil ochar tadbirlarda qatnashishi zarur.
4.Ehtiyojlarni qondirilishi jihatidan qarasak, ular yakka va birgalikda qondiriladigan ehtiyojlarga bo`linadi. Har bir inson o`zining ehtiyojlarini bir qismini yakka tartibda, ikkinchi qismini esa boshqalar bilan birgalikda qondiradi. Yakka tartibda qondiriladigan ehtiyojga yagona o`lcham bilan yondoshib bo`lmaydi. Moddiy ehtiyojlarning ko`pchiligi odatda yakka tartibda qondiriladigan ehtiyojlarni tashkil etsa, sotsial- ma`naviy ehtijlar ko`prok birgalikda qondiriladigan ehtiyojlardan iborat. Masalan, kiyim kiyishga bo`lgan ehtiyoj yakka tartibda, bilim olishga bo`lgan ehtiyoj birgalikda qondiriladi.
5. Ehtiyojni qondirishdan qanday maqsad ko`zlanganiga qarab, ularni: shaxsiy ehtiyojlar va ishlab chiqarish ehtiyojlariga bo`lish mumkin. Boshqacha aytganda iste`mol tovarlari va iqtisodiy resurslarga ehtiej. Birinchisi insonning bevosita ehtiyojlari bo`lib, uning hayot kechirishi, har tomonlama kamol topishiga qaratilgan. Ishlab chiqarish ehtiyojlari esa inson uchun bilvosita ehtiyojlar bo`dib, uning yordamida inson yashashi kamol topishi uchun zarur bo`lgan turli ne`matlar ishlab chiqarish uchun zarur investitsion tovarlar yaratiladi.
Ehtiyojlar qanday guruhlarga bo`linmasin, qay jihatdan yondashilmasin, ular bir-biri bilan bog`lik, biri ikkinchisini taqozo qiladi, hamda yagona umumjamiyat ehtiyojlari tarzida shakllanadi. Jamiyatning umumiy ehtiyojlari tarkib topishi va rivojlanishiga qator omillar ta`sir ko`rsatadi.
Ularni umumiy tarzda quyidagi guruhlarga bo`lish mumkin:
1.Aholi soni, yoshi, jinsi.
2.Tabiiy-geografik sharoiti.
3.Tarixiy milliy an`analar va odatlar.
4.Jamiyatning iqtisodiy taraqqiyoti.
5.Madaniy jihatdan erishilgan daraja.
Jamiyat har xil odamlardan tarkib topar ekan, albatta ularning har birining ehtiyoji shakllanishiga ta`sir etadigan omillar ham mavjud.
Ehtiyojlarning cheksizligi. Ehtiyojlarni yuksalib borishi qonuni. Kishilik jamiyati taraqqiyotiga nazar tashlasak ehtiyojlarni yuksalib borishini ko`ramiz. Ehtiyojlarni uzluksiz o`zgarib turishi har qanday jamiyatga xosdir. Fanda insonning ehtiyoji cheksizligi, doimo yuksalib borishi allaqachonlar qayd etilgan. Qondirilgan ehtiyoj yangi ehtiyojlarni keltirib chiqarishi xalqda «Insonning ko`zi tuproqqa to`lganda to`yadi» degan naql kelib chiqishiga sabab bo`lgan. Hozirgi nazariyachilar ehtiyojlar cheksiz, ular o`sishining to`xtashi, jamiyat hayotini to`xtashini bildiradi deb e`tirof etishadi. Ehtiyoj o`smaganda edi.
ishlab chiqarishni taraqqiy etishiga zarurat bo`lmas edi. Ehtiyojlarning yuksalishi ikki yo`nalishda amalga oshadi.
1. Kishilarning ehtiyoji miqdoran o`sib boradi. Bu bir tomondan aholi sonining ko`payib borishi bilan bog`liq bo`lsa, ikkinchi tomondan, iste`molni ortishi bilan bog`lik.
Masalan, O`zbekistonda aholi soni 1990 yilga nisbatan hozirgi paytga kelib, 1,2 martaga ko`paydi. Agar individual ehtiyoj o`zgarmadi deganimizda ham jamiyat miqyosida ehtiyojlar 1,2 martaga ortgan. Lekin biz bilamiz odamlarni ehtiyojlari ortib boradi. Masalan, xar 100 oilaga to`g`ri keladigan engil avtomobillar soni 1,3 martaga ko`paydi. Demak avtomobilni ekspluatatsiyasi bilan bog`liq ehtiyojlarimiz ham shunchaga ko`paydi.
Ehtiyojlar tarkibi o`zgarib, ko`payib boradi. Ayrim ehtiyojlar yo`qolib, o`rniga yangisi keladi, lekin yo`qolib ketadigan ehtiyojlarga qaraganda yangi vujudga keladiganlari ko`p. Ishlab chiqarishning o`zi ehtiyojlarni o`sishiga, tarkibini o`zgarishiga katta ta`sir ko`rsatadi. Masalan, XX asrning 40-yillarida odamlar televizor nima ekanini bilishmagan. Hozirgi paytda har bir xonadonda televizor bor, Ayrimlarida esa 2-3 tadan. Ko`plab bunday misollarni keltirish mumkin.
Shuning uchun ehtiyojlar borgan sari tarkiban yangilanib, ko`payib sifat jihatdan o`zgarib boradi. Mutloqo yangi extiyojlar vujudga keladi, eskilari o`zgaradi. Birinchidan, ishlab chiqarish orqali turli ne`matlar va shu ne`matlarga bo`lgan ehtiyojlarni qondirishga imkon yaratiladi. Ehtiyojni qondirilishi o`z navbatida yangi ehtiyojlarni vujudga keltiradi. Masalan, avtomobil sotib olib ehtiyojni qondirilishi o`z navbatida qator yangi ehtiyojlarni keltirib chiqaradi: mashina turadigan joy kerak, yonilg`i, ehtiyot qism va boshqalar, sug`urta qildirish, va hokazolarga ehtiyoj.
Ikkinchidan, fan-texnika taraqqiyotining tezlashuvi, aholi turmush tarzi ham ehtiyojlarni tubdan o`zgartiradi. Yangi ixtiro qilingan narsalarni ishlab chiqarish, ularga extiyojlarni vujudga keltiradi. Ularni odamlar sotib olishga harakat qiladilar. Masalan, kir yuvish mashinasi, video magnitafon va boshqalar.
Uchinchidan, ishlab chiqarish maishiy madaniyatni shakllantiradi. Oddiygina misol. Dastlabki ibtidoiy odamlarning ovqat tayyorlashi bilan hozirgi zamon ovqat tayyorlash texnologiyasi tubdan farq qiladi. Ishlab chiqarish ehtiyojlarni shakllantirar ekan, o`z navbatida ehtiyojlar ham ishlab chiqarishga ta`sir etadi:
1.Ehtiyojlar yaratuvchanlik faoliyatini sababi va aniq yo`nalishiga asos bo`ladi.
2.Inson ehtiyojlarining miqdor va sifat jihatdan tez o`zgarishi ishlab chiqarishni unga moslashishiga undaydi.
3.Ehtiyojlar avangardlik rolini o`ynaydi, pastdan yuqoriga intiladi. Butun iqtisodiyot tarixini ma`lum bir ma`noda extiyojlarni shakllanishi tarixi tarzida ko`rish mumkin. Hozirgi zamon tsivilizatsiyasi darajasiga ehtiyojlar va ishlab chiqarishning bir-biriga ta`siri asosida erishilgan. Jamiyatning sotsial-iqtisodiy taraqqiyoti ehtiyojlarning yuksalib borishi iqtisodiy qonunida o`z ifodasini topadi. Bu qonun ishlab chiqarish va madaniyat rivojlanishi bilan inson extiyojlarining yuksalib borishini, uning miqdori o`sib, tarkiban yangilanib borishini ifodalaydi.
Bu qonun ishlab chiqarish bilan extiyojlar o`rtasida aloqa bog`lanishlar mavjudligi va uning doimo bo`lishini ko`rsatadi. Ehtiyojlarning yuksalishi murakkab tarzda kechadi. Ehtiyojlarning cheksizligi ko`prok sotsial - ma`naviy ehtiyojlarga taalluqli. Adam Smit «ovqatga intilish har bir odamda kishi oshqozonini kichik sig`imi bilan cheklanadi, lekin qulayliklarga hamda uy-joy, kiyim-kechak, uy sharoiti va anjomlarni bezashga intilish aftidan cheksiz yoki muayyan chegaralarga ega bo`lmasa kerak» deb ta`kidlagan. Komfort (qulaylik) umuman tugamaydigan cheksiz narsa, degan Gegel. Ehtiyojlarni o`zgarishini o`rganish maqsadida statistikada iste`mol tovarlarini asosan uch guruhga bo`lib o`rganiladi:
a) oziq - ovqat mahsulotlari;
b) nooziq - ovqat tovarlari;
v) uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar.
Ehtiyojlarni qondirilishi iste`molda ifodalanadi. Istemolning tarkibi va ularning miqdori o`zgarishiga qarab ishlab chiqarishni moslashtirishga qaratiladi.
Resurslar cheklanganligi va ehtiyojlarni qondirish. Iqtisodiyotning bosh muammosi Iqtisodiyot nazariyasi asosini ikki narsa: jamiyat a`zolarining ehtiyojlarini cheksizligi va shu ehtiyojlarni qondirish uchun zarur bo`lgan tovar ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish uchun kerak resurslarni cheklanganligi tashkil etadi va barcha muammolarni qamrab oladi. Er yuzida aholi bugunga kelib 6 millard kishidan oshdi. Erdagi tabiiy boyliklar, ekin maydonlari, o`rmonlar, qazilma boyliklar, chuchuk suv, o`simlik, hayvonot dunyosi miqdori cheklangan. Ular borgan sari kamayib borayapti. Sarf etilgan er osti boyliklarini umuman tiklab bo`lmaydi.
Ma`lumki, ehtiyojlarni qondirishning yagona yo`li ishlab chiqarish. Buning uchun esa turli-tuman resurslar kerak. Resurslar deganda turli ehtiyojlarni qondiradigan tovarlar ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish uchun ishlatiladigan tabiat tomonidan yoki odamlar tomonidan yaratilgan ne`matlar va mehnatga layoqatli kishilarni tushunamiz. Bu resurslar moddiy va mehnat resurslariga bo`linadi.
1.Moddiy resurslar. Uning o`zi ikkiga: tabiiy resurslar va mehnat bilan yaratilgan resurslarga bo`linadi. Tabiiy resurslarga er, foydali qazilmalar kabilar kiritilsa, mehnat bilan yaratilgan resurslarga kapital kiradi. U bino-inshoot, asbob-uskuna, mashina, mexanizmlar, har xil qurilma, xom ashyo, materiallar kabilarni o`z ichiga oladi.

2.Mehnat resurslari-mehnatga layoqatli, ma`lum malaka va mahoratga ega kishilardan iborat. Ishlab chiqarish resurslari tasnifi Keyingi paytda ko`pgina iqtisodchilar bozor iqtisodiyoti sharoitida moliyaviy va axborot resurslarini alohida ajratib ko`rsatishmoqda.
Moliyaviy resurslar jamiyat tomonidan ishlab chiqarishga, uning rivojlanishi uchun ajratilgan pul mablag`laridan iborat. Uning manbalari qimmat baho qog`ozlar, soliqlar, pul jamg`armalari, davlat zayomlari kabilardir.
Bozor iqtisodiyoti fan-texnika revolyutsiyasi sharoitida axborot resurslarisiz xo`jalik yurituvchi sub`ektlar «qo`l-oyoqsiz» bo`lib qolishadi. Axborot resurslari turli-tuman, asosiy qismini esa kompyuter texnikasi yordamida avtomatlashtirilgan boshqarishni amalga oshirish uchun zarur bo`lgan narsalar, ma`lumotlar tashkil qiladi.
Har bir resurs undan ishlab chiqarishda foydalanganda ma`lum samara beradi. Resurs keltiradigan natija o`z chegaralariga ega Har qanday resursdan eng yaxshi, oqilona foydalanilgan taqdirda ham ma`lum chegaradan ortiq mahsulot yaratib bo`lmaydi. Masalan, har qancha yaxshi natijaga erishish uchun harakat qilingan taqdirda ham 1 tonna rudadan - 1 tonna metall olib bo`lmaydi. Insonlarning ham, mashinalarning ham unumini chegarasi bor. Mavjud resurslardan ma`lum miqdor va turdagina mahsulot ishlab chikarish mumkin.
Zarur resurslarning cheklanganligi ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham cheklanishiga olib keladi. Ishdab chiqarish imkoniyati deganda nimani tushunamiz? Ishlab chiqarish imkoniyati deb, mavjud iqtisodiy resurslardan to`la foydalanish evaziga eng ko`p mahsulot ishlab chiqarish tushuniladi.U ishlab chiqarish imkoniyati chegarasini ifodalaydi. Har bir xo`jalik, oila, korxona, firma, tarmoq, mamlakat o`zining ana shunday chegarasiga ega. Resurslardan foydalanish darajasi turlicha bo`lgani uchun barcha tovarlar bo`yicha ishlab chiqarish imkoniyati chegarasini ko`rsatish qiyin. Ehtiyojlarni doimo yuksalib borishi resurslarni esa cheklanganligi sababli ularni to`la qondirish uchun zarur bo`lgan miqdorda tovar (xizmat)larni ishlab chiqarishni imkoni yo`q.
Shuning uchun har bir kishidan tortib, to davlat, jamiyat miqyosigacha cheklanganlik muammosiga duch kelinadi. Cheklanganlik esa har qadamda bizni tanlashga majbur qiladi. Oila byudjetini cheklanganligi hayot kechirish uchun zarur buyumlarni qaysi birini xarid qilishni, vaqtimizni cheklanganligi qaysi ishni bajarishimizni, resurslarni cheklanganligi ularni qaysi birini sotib olish va qanday tovar (xizmat)larni ishlab chiqarish, davlat byudjetining cheklanganligi byudjet mablag`larini qaysi maqsadlar uchun ishlatishni tanlashni zarur qilib qo`yadi. Masalan, talaba o`z vaqtini dars tayyorlashga yoki dam olishga sarflashi mumkin.
Dexqon o`z eriga piyoz yoki kartoshka ekishi mumkin. Tadbirkor o`z puliga yangi asbob-uskuna yoki xom ashyo sotib olishi mumkin. Viloyat byudjetidan mablag`ni yangi maktab yoki ko`prik qurishga sarflash mumkin va hokazo.
Ana shu imkoniyatlardan birini tanlash qolganlaridan voz kechishga olib keladi, yoki birining miqdorini ko`proq tanlasak, ikkinchisining miqdorini kamroq tanlashimizga to`g`ri keladi. Tanlash asosida esa qaror qabul qilamiz. Qarorni esa tanlovni muqobil qiymatini taqqoslash asosida chiqaramiz.
Tanlovning muqobil qiymati nimani ifodalaydi? Tanlovning muqobil qiymati deb, tanlov natijasida voz kechilgan imkoniyatlar ichidan tanlovchi uchun eng katta naf keltiruvchi yoki qadrlanuvchi imkoniyatga aytiladi. Masalan:sizga kitob, daftar, flomaster kerak.Agar eng zaruri kitob, ikkinchi navbatda daftar, uchinchi navbatda flomaster tursin. Pulingiz kerakli miqdorda hammasini sotib olishga etmaydi. Kitob sotib oldingiz. Uning muqobil qiymati daftar bo`ladi. Bordi-yu, daftardan ko`ra flomaster zarurroq bo`lsa, u holda kitobning muqobil qiymati flomaster bo`ladi. Agarda har biridan ma`lum miqdorda sotib olinsa murosali tanlov bo`dadi.
Muqobil qiymat doimiy, o`sib boruvchi, pasayib boruvchi bo`lishi mumkin. Ilmiy abstraktsiya usulini qo`llab, ana shu imkoniyat chegarasini ikki tur mahsulot ishlab chiqarish modeli asosida tahlil qilamiz. Ikki xil mahsulot-guruch va avtomobil ishlab chiqariladi deylik. Hamma resurslarni pulda ifodalasak, 100 birlik (100 mlrd. so`m, dollar, marka) deylik. Guruch etishtirish uchun 2 birlik, avtomobil ishlab chiqarish uchun 4 birlik zarur. Agarda guruchni X, avtomobilni Y bilan belgilasak, mavjud resurslardan foydalanib ishlab chiqarish mumkin bo`lgan tovarlar miqdori o`rtasidagi bog`lanish quyidagicha bo`ladi. 2X+4Y=100

Mavjud resurslarni to`la ishlatish sharoitida guruch va avtomobil ishlab chiqarish imkoniyati chegarasi


Ko`rinib turibdiki, agarda guruch etishtirmay, faqat avtomobil ishlab chiqarsak, u 25 mingta, faqat guruch etishtirsak 50 ming tonnaga teng bo`lar ekan. Birinchisini ishlab chiqarishni ko`paytirish, albatta ikkinchisini kamayishiga olib keladi.
1-jadval ma`lumotlari asosida grafik chizsak u quyidagi ko`rinishda (a rasm) bo`ladi.

Ko`rinib turibdiki, mavjud resurlardan maksimal foydalanib, turli kombinatsiyada guruch bilan avtomobil ishlab chiqarish mumkin ekan.
AG chizig`ini ishlab chiqarish imkoniyatlari egri chizig`i yoki transformatsiya egri chizig`i deb ataladi. Bu egri chiziq odatda qavariq shaklida (v rasm) bo`ladi. Sababi, real hayotda ishlab chiqaruvchilarning soni ko`p, ularning imkoniyatlari farq qiladi; ikkinchidan chiqariladigan mahsulotlar nihoyatda xilma-xil; uchinchidan, ko`pincha muqobil qiymat o`sib yoki kamayib boruvchi bo`ladi.
Mamlakatda:
A) Guruch etishtirishni 0 dan 10 ming tonnaga etkazilishi avtomobil ishlab chiqarishni 5 ming donaga kamayishiga olib keladi. 10 ming tonna guruchning muqobil qiymati 5 ming dona avtomobil (25 20 =-5);
B) Guruch etishtirishni 10 ming tonnadan 20 ming tonnaga ko`paytirsak, avtomobid ishlab chiqarish 15 ming donagacha qisqaradi. Muqobil qiymat 5 ming avtomobil (20 15=-5);
V) Guruch etishtirishni 20 ming tonnadan 30 ming tonnaga etkazishimiz, avtomobil ishlab chiqarishni yana 5 ming donaga kamaytiradi. Muqobil qiymat yana 5 ming dona avtomobil (15 10=-5);
G) Guruch etishtirishni 30 ming tonnadan 40 ming tonnagacha ko`paytirishimiz avtomobil ishlab chiqarishni yana 5 ming donaga kamaytiradi. Muqobil qiymat 5 ming dona avtomobil (10 5=-5);
Misolimizda muqobil qiymat doimiy. Chunki guruch etishtirishni ko`paytirishimiz doimo bir xil miqdorda avtomobil ishlab chiqarishni kamayishiga olib kelayapti. Ming tonna guruch = 0,5 ming dona avtomobil
Muqobil qiymat doimiy bo`lganda imkoniyat egri chizig`i to`g`ri chiziq ko`rinishida bo`ladi.
Guruch va avtomobil ishlab chiqarishni qanday kombinatsiyada bo`lishini tanlash kerak. Korxona, firma doirasida qanday kombinatsiyalar bo`lishini, qancha, nima mahsulot ishlab chiqarish, qanday ishlab chiqarish va kim uchun ishlab chiqarish muammosini tadbirkor hal etadi, mamlakat miqyosida esa hukumat tanlaydi. Agarda mahsulot ishlab chiqarish miqdorini ko`rsatuvchi nukta OAG maydon ichiga to`g`ri kelsa, u mavjud resurslardan to`la foydalanmaganlikni, imkoniyatlarga qaraganda kam miqdorda mahsulot ishlab chiqarilganini ko`rsatadi.
Masalan. 15 ming tonna guruch va 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarish uchun 70 mlrd. so`mlik resurs talab etiladi. Bizdagi mavjud resurs esa 100 mlrd. so`m. Demak resurslardan to`la foydalanilmagan.
OAG maydondan tashqari nuqta mahsulot ishlab chiqarish miqdorini mavjud resurslarga nisbatan ko`payishini bildiradi. Aytaylik, 30 ming tonna guruch, 20 ming dona avtomobil ishlab chiqarilmokchi, u holda 140 mlrd. so`mlik resurs talab qilinadi. Tadbirkor oldida 2 yo`l turibdi. Biri mavjud resurslardan maksimal foydalanib tovarlar turini ko`paytirish, resurslarni tejash yo`llarini topish, ikkinchisi ehtiyojlarni o`sishiga qarab o`zida bo`lmasa chetdan jalb qilish, qarzga olish mumkin. Bu muammoni har bir tadbirkor, har bir mamlakat indivudial tarzda hal etadi. Lekin resurslar cheklanganligi sharoitida mavjud resurslarni tejab ishlashtish tovar turlarini muqobil variantini, eng optimal darajasini tanlash muhim ahamiyatga ega bo`ladi. Bu raqobat kurashida ham katta rol o`ynaydi.
Iqtisodchilarning tadqiqoti ko`rsatadiki, birgalikda turli tovarlar ishlab chiqarganda 5% resurslar tejalar ekan. Ana shu tejalgan miqdor koeffitsentini 0,05 desak, misolimizda ishlab chiqarish imkoniyati formulasi quyidagi ko`rinishni oladi:
2X+5Y-0,05XY=100; agarda V variantni tanlasak, 2 x 10 + 4 x 20 - 0,05 x 10 x 20 = 90; Demak 10 mlrd. so`mlik resurs tejalyapti, tejalgan resurs evaziga qo`shimcha ravishda guruch yoki avtomobil ishlab chiqarish mumkin.
Shuning uchun korxona, firmalar iloji boricha mahsulot turini ko`paytsalar resurslar tejalishi evaziga xarajatlarni pasaytirishga erishadilar. Qaysi tovarni ko`prok ishlab chiqarishni tanlash esa, ularga bo`lgan talab bilan taklifning nisbati, boshqacha aytganda bozor narxlariga bog`liq bo`ladi.
Hayotdagi turli tuman vaziyatda tanlovning variantlari nihoyatda xilma-xil bo`lib, qaror qabul qilishni qiyinlashtiradi. Muqobil variantlardan birini tanlash uchun har bir kishi beixtiyor shu variantlarni taqqoslashga tushadi.
Taqqoslashdagi mezonlar juda ko`p va xilma-xil bo`lib, ular ma`lum sharoit, vaziyat, qo`yilgan maqsad va boshqalarga bog`liq.Xuddi shu fikrni muqobil variantlar xaqida ham aytish mumkin. Muqobil variant ikki va undan ortiq bo`lsa tanlash, tanlash uchun esa taqqoslash zarur bo`ladi. Buning uchun mezonalr belgilanadi. Taqqoslash natijasida u yoki bu qarorga kelinadi.
Bu jarayon alohida kishi, oiladan boshlab to butun mamlakat miqyosida amalga oshiriladi.Qaror qabul qilishda albatta qo`yilgan maqsad asosiy rol o`ynaydi. Har bir vaziyat, qo`yilgan maqsad uchun muqobil variantlar va qaror qabul qilish mezonlari boshqacha bo`ladi. Masalan: tadbirkorning qanday faoliyat turini tanlashi muqobil variantlari, maktabni bitiruvchining kelajakda qanday kasb tanlashi variantlaridan farq kiladi. Albatta mezonlari ham. Oliy Majlisga deputat nomzodiga ovoz berishda ham albatta muqobil variantlar ichidan o`zimiz belgilagan mezonlarga ko`ra qaror qabul qilamiz. Ehtiyojlarni Ehtiyojlar qondirilish darajasi odatda ist`emol bilan qondirilish o`lchanadi. U yil davomida aholi jon boshiga iste`mol darajasi qilingan tovar va xizmatlar miqdori bidan o`lchanadi. Masalan, aholi jon boshiga iste`mol qilingan non va non mahsulotlari, sut, go`sht, sabzavot,meva va hokazolar. Har bir oilaga to`g`ri keladigan uzoq muddat foydalanadigan tovarlar: televizor, kir yuvish mashinasi, sovutgich, uy-joy maydoni va boshqalar. Jamiyat taraqqiy etgan sari iste`mol o`sib ehtiyojlar to`laroq qondirila boradi. Ehtiyojni qondirish usullari ham o`zgaradi. Iste`mol ne`matlari turi ko`payadi. Ehtiyojlarni qondirilishi umumiy tarzda turmush darajasini ko`rsatadi. Turmush darajasi - aholi ehtiyojlarini qondirilishiga qarab baholanadi. Aholining ehtiyojlarini qondirilishi ularning farovon yashash, uzoq umr ko`rishning garovidir. Buning uchun esa ana shu ehtiyojlarni qondiradigan darajada ishlab chiqarish zarur.
Hozirgi zamon jahon iqtisodiyotida ehtiyojlar va ishlab chiqarish nisbati qandayligiga iqtisodchilarning alohida diqqati qaratilayapti. Ehtiyojlar bilan ishlab chiqarish nisbatining hozirgi davrda asosan 3 varianti mavjud:
1.Regressiv. Bunday holat uzoq muddat ishlab chiqarishni tushkunlikda bo`lishi natijasida kelib chiqadi. Aholi iste`moli miqdoriy jihatdan ham sifat jihatdan ham kamayib boradi. Iqtisodiyotni bunday o`zgarishini kichrayib boruvchi spiral, ya`ni girdob tarzida ko`rish mumkin. Borgan sari kishilarning eng zarur ehtiyojlarini qondirish ham qiyinlashib boradi. Hozir shunday vaziyatni Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasining qator mamlakatlarida ko`rish mumkin. Rivojlanib borayotgan mamlakatlarning 2/3 qismida 80 - yillarning ikkinchi yarmi va 90 - yillarda aholi jon boshiga ishlab chiqarish va daromad qisqarib borgan.
2.Turg`un. Bu variyantda nisbatan cheklangan turdagi mahsulot ishlab chiqarish ham, ehtiyojlar ham pihoyatda sekinlik bilan o`sib boradi. Yaratuvchanlik faoliyati sust, ishlab chiqarish - taqsimot – ayriboshlash - istemol - ehtiyojlar doirani eslatadi. Iqtisodiyotda umumiy turg`unlik yuz berib, ko`pincha u mahalliy xalqlarning an`ana va urf-odatlari bilan bog`lanib ketadi. Hozirgi paytda ayrim Osiyo va Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlarida kuzatiladi.
1.Progressiv. Bunda ishlab chiqarish miqdori ko`payadi. Sifati yaxshilanadi, iste`mol va ehtiyojlar o`sadi. Uni tobora kengayib boruvchi spiralsimon harakat tarzida ifodalash mumkin. Bir qadar beqarorlikka qaramay, rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqarish ham, ehtiyojlar ham o`sib boradi.
Birinchi va ikkinchi variantda ehtiyojlarning o`sib borishiga qator omillar aks ta`sir ko`rsatayapti.
Jamiyatning moddiy va ma`naviy madaniyati insonlarni ehtiyoji doirasini cheklab, eng zarurlarinigina mavjud bo`lishiga olib keladi. Bunga shunday hollar ta`sir ko`rsatadi:
- moddiy va ma`naviy madaniyatni pastligi, inson ehtiyojlarining eng zarurlari bilan cheklanishi. Eng zarur ehtiejlar esa juda sekin o`sadi;
- mehnat taqsimotining pastligi, turli ne`matlarni ishlab chiqarish va ehtiyojlarni oshib borishiga yo`l qo`ymaydi;
- narxlarni baland, daromadlarni pastligi eng oddiy ehtiyojlarni ham qondirishga to`sqinlik qiladi;
- ko`pgina mamlakatlarda aholi soni ularning yashashi uchun zarur ne`matlarni ishlab chiqarishga nisbatan tez o`sayapti.
Ehtiyojlar barqaror o`sib borishini uchinchi variant ta`minlashga qodir bo`lib, u mehnat taqsimotining chuqurlashuvi, aholining pul daromadlari va aholi jon boshiga real boylikning ko`payishi bilan xarakterlanadi. Shu bilan birga bu erda ehtiyojlar bilan ishlab chiqarish o`rtasida qarama-qarshilik mavjud. Insonlarning hohishi bilan imkoniyati mos kelmasligi mumkin.
• Shunday qilib, inson yashar ekan turli-tuman ehtiyojlari mavjud. Ehtiyojlar kishilarni yashashi, kamol topishi uchun zarur. Ularni qondirish uchun zarur bo`lgan ne`matlar cheklangan.
Sababi ularni ishlab chiqarish uchun resurslar cheklangan. Cheklanganlik bizni har qadamda tanlashga majbur qiladi. Tanlab qaror qabul qilishimiz uchun muqobil variantlarni taqqoslashimiz, taqqoslash uchun esa uning mezonlarini belgilashimiz kerak.
• Ehtiyojlar tarkibi nihoyatda xilma-xil bo`lgani uchun ularga turli jihatdan yondoshib, qo`yilgan maqsadga ko`ra ma`lum bir guruhlarga ajratish mumkin. Bu tanlovni osonlashtiradi.
Turli variantlardan birini tanlash qolgan ehtiyojlardan voz kechishga yoki miqdorini kamaytirishga olib keladi. Insonning butun hayoti tanlov asosida qanday qarorga kelishiga bog`liq.
• Iqtisodiyot nazariyasining asosiy vazifasi ham ana shu tanlovni eng maqbul yo`llarini topib, to`g`ri qaror chiqarishni o`rganishdir.
• Ehtiyojni qondirishdan qanday maqsad ko`zlanganiga qarab, ularni: shaxsiy ehtiyojlar va ishlab chiqarish ehtiyojlariga bo`linadi. Shaxsiy ehtiyojlar kishilarning yashash uchun zarur, shaxsiy iste`molini qondiradigan ne`matlarga bo`lgan ehtiyoji bo`lsa, ishlab chiqarish ehtiyojlari esa ana shu ne`matlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan iqtisodiy resurslarga ehtiyoji bo`lib, ular moddiy, mehnat, axborot, moliyaviy resurslardan iborat.
• Mavjud iqtisodiy resurslardan to`la foydalanish evaziga eng ko`p mahsulot ishlab chiqarish «ishlab chiqarish imkoniyati» deyiladi. Resurslarni cheklanganligi ishlab chiqarish imkoniyatlarini ham cheklaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar:


  1. Yüklə 67,32 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə