7-mavzu. Pragmatik va semiotik jarayon Rеja



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə14/20
tarix30.12.2023
ölçüsü0,6 Mb.
#165406
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   20
hamma mavzular

Shaxs deyksisi. Yuqorida aytilganidek, deyksis maydoni markazida shaxs turadi. Nutqiy muloqot jarayonida bajarayotgan roliga nisbatan shaxs deyksisining tarkibi aniqlanadi. Birinchi shaxs so‘zlovchining o‘rniga ishora, «o‘zini ko‘rsatishi, eslatishi»ning lisoniy ifodasidir, ikkinchi shaxs - tinglovchi yoki adresantning lisoniy belgilanishi hamda uchinchi shaxs muloqotning bevosita ishtirokchisi bo‘lmagan shaxsga ishoradir. Muloqot ko‘chishiga qo‘shgan hissasiga nisbatan farqlanayotgan ushbu tizim olmoshlar guruhlarida o‘z aksini topadi. Olmoshlar esa, o‘z navbatida, uch shaxsdan tashqari, ko‘plik, rod kabi kategorial belgilar asosida o‘zaro farqqa ega bo‘ladi. Ammo ko‘plik son belgisiga ega bo‘lgan olmosh har doim ham birlik sondagi olmoshga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos kelavermaydi. Jumladan, «biz» har qanday kontekstda ham so‘zlovchilarning soni ko‘p ekanligini anglatmaydi. Shuning uchun ham «biz» olmoshi qo‘llanilgan ayrim holatlarda uzatilayotgan axborot mazmunini va ko‘plik soni qaysi ma'noda voqyelanayotganligini aniqlash tinglovchining ixtiyoridadir. Masalan, ingliz tilidagi We clean up after ourselves a room here gapini tinglovchi ikki xilda anglashi mumkin: tinglovchi o‘zini adresat guruhiga qo‘shadi yoki bu guruhga kirmaydi. Shunga nisbatan, eksklyuziv «biz» (exclusive «we») va inklyuziv «biz» (inclusive «we») ko‘plik shakllari farqlanadi. Bularning birinchisida (eksklyuzivlikda) «biz» «so‘zlovchi va boshqalar» ma'nosini anglatib, bu guruhga adresatni kiritmaydi, ikkinchisida esa so‘zlovchi «biz» deganida adresatni ham nazarda tutadi. Ayrim tillarda eksklyuzivlik va inklyuzivlik o‘z grammatik ifodasiga ega. Masalan, fojian (qizil tanlilar tili) lahjasida keimami –eksklyuziv birinchi shaxs ko‘plik olmoshi bo‘lsa, keda ushbu olmoshning inklyuziv mazmundagi shaklidir (Yule 1996: 11).
Inklyuziv va eksklyuzivlikning farqi, shuningdek, ingliz tilidagi Let`s go va Let us go tuzilmalari mazmunida ham namoyon bo‘ladi. Birinchi ibora qo‘llanilayotganida, so‘zlovchi biror do‘stiga (do‘stlariga) murojaat qilib, harakatni birgalikda bajarishga chaqirmoqda: «Ketdik!» («Ketaylik!», «Ketamiz!»). Let us go gapida esa so‘zlovchi o‘zi va hamrohlarini qo‘yib yuborishni, ketishga ijozat berishni iltimos qilmoqda: «Bizga ketishga ijozat bering!». Demak, bu holatda birinchi shaxs ko‘plik eksklyuziv «biz»ni anglatadi, tinglovchi – adresat ijozat so‘ralayotgan harakat ishtirokchisi ham emas.
Bundan ko‘rinib turibdiki, nutqiy muloqotning ikki asosiy ishtirokchisi bo‘lmish so‘zlovchi va adresatdan boshqa nofaol qatnashchilar ham til tizimida o‘z grammatik ifodasini topishi mumkin. Ammo bu ifoda turli tillarda turlicha ko‘rinish oladi. Binobarin, yapon tili olmoshlar tizimi shakllarga boy ekanligi ma'lum. Bu tilda so‘zlovchi va tinglovchining ijtimoiy mavqyei, qaysi jinsga oidligiga nisbatan olmoshlar qo‘llanishida farq mavjud. Bu tilda so‘zlovchilarning barchasi faqatgina o‘ta ehtiromli vatakusi olmoshini bir xilda ishlatishlari mumkin, boku, ore, vasi kabi atasi, atakusi shakllarini ayollar ma'qul ko‘rishadi (Ide 1982: 358). Yapon tilidagi 2-shaxs olmoshlari ham qachon va kimga nisbatan qo‘llanishiga nisbatan katta farqqa ega. Bulardan omae qo‘pol, qo‘rs mazmunida bo‘lsa, anta – hurmat ma'nosini ifodalaydi, kimi esa so‘zlovchi biror shaxsni o‘ziga yaqin olib murojaat qilganida faollashadi.
Umuman, yapon tili olmoshlar guruhlari o‘ta murakkab tizimni tashkil qiladi (Alpatov 1980) va murakkablik tarjimonlar faoliyatida katta muommolar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Buning misoli sifatida A.Remboning «Mast kema» she'rining yaponcha tarjimasi yo‘lidagi urinishlarni keltirish mumkin. Ma'lumki, farang shoirining ushbu she'ri kema nomidan birinchi shaxsda yozilgan va bir necha tarjimonlar uni yapon tiliga o‘girishda turli olmoshlarni qo‘llashga harakat qilishgan, lekin qanday olmoshga murojaat qilinishidan qat'iy nazar asl niyatdan boshqa bo‘lgan ma'no paydo bo‘lavergan. Olmoshni qo‘llamaslik esa nutqning sun'iy tus olishiga sabab bo‘ladi (Alpatov 2003: 92).
Shaxs deyksisini ifodalovchi vositalar haqida gapirayotib, til tizimida uchinchi shaxs olmoshi ham alohida guruhga ajralishini unutmaslik lozim. Bu guruhdagi olmoshlar semantik va kommunikativ mohiyati jihatidan boshqalaridan tubdan farq qilishi allaqachon qayd etilgan. Bilamizki, birinchi va ikkinchi shaxslar bevosita muloqat ishtirokchilaridir va «men»: «sen» guruhlaridagi olmoshlar «kommunikativ shaxs»larni ifodalaydi. Uchinchi shaxs olmoshlari esa bunday xususiyatga ega emas, ularning referenti - muloqotning bevosita ishtirokchilari bo‘lmagan «nokommunikativ shaxs»lardir. A.A.Ufimseva, uchinchi shaxs olmoshlarining bunday semantik xususiyatini hisobga olib, ular bajaradigan asosiy vazifa deyktik mazmun ifodasi bo‘lmasdan, balki o‘rin almashtirish (olish) deb hisoblaydi (Ufimseva 1974:176). Olimaning ushbu fikrini bir tomondan quvvatlagim keladi, chunki uchinchi shaxs olmoshlari ma'no jihatidan «men» va «sen» olmoshlaridan ancha farq qilishi ma'lum. Ammo kommunikativ jarayonda uchinchi shaxsning rolini inkor qilib bo‘lmasligini ham unutmaslik lozim. To‘g‘ri, muloqot kechishida nutq sub'ekti va uning tinglovchisi munosabati markaziy o‘rinni egallaydi va deyktik maydon markazi ham shu munosabat doirasida belgilanadi. Balki shu sababli «men» va «sen» olmoshlarining deyktik mundarijasi ravshanroq ko‘rinadi va tadqiqotchilar ularni deyktik ibora sifatida e'tirof etishdan hyech tortinmaydilar. Biroq buning bilan 3-shaxsni kommunikativ jarayon doirasidan butunlay chetga surib qo‘yib bo‘lmaydi. Bu shaxs muloqotning «nofaol ishtirokchisi» (side participant) yoki unda bayonning ishtirok etmayotgan «kuzatuvchisi» (bystander) sifatida farqlanadi (Clark, Carlson 1982). Ikkala turdagi ishtirokchilar, lozim bo‘lganda, muloqotning kechishiga bevosita ta'sir o‘tkazadilar. Nofaol ishtirokchi va kuzatuvchi G.G.Pochepsovning e'tiroficha, ««men» va «sen» ga qarama-qarshi turadigan «u»dir. Bundan tashqari, bu shaxs (u-Sh.S.) «men» va «sen»ning muloqoti jarayonida «shu yerda» bo‘lib, shu yo‘sinda kommunikantlar nutqiy faoliyatiga bevosita ta'sir o‘tkazadi» (Pochepsov 1987: 37).
Uchinchi shaxsning kommunikativ mohiyati yetarli darajada ekanligini e'tiborga olib, «u» olmoshini shaxs deyksisini ifodalovchi lisoniy vositalar qatoriga qo‘shish mumkin. Ushbu olmoshning A.A.Ufimseva qayd etgan «o‘rin almashtirish» vazifasiga kelsak, bu vazifa barcha turdagi olmoshlar uchun xosdir. O‘rin almashtirish vazifasining bajarilishi nutqiy aktda yoki matnda korefentlik (hamreferentlik) hodisasi mavjud bo‘lishini talab qiladi (qiyoslang: Men Boltaevni yaxshi bilaman, bunday odamlar hyech qachon qiyinchiliklardan chekinmaydilar; Kumush kundalikni doimo to‘ldirib boradi va uni hyech qachon unutib qoldirmaydi.).
Voqyelik bo‘lagining lisonda turlicha ifodalanishidan iborat bo‘lgan koreferentlik anafora yoki anaforik ishora vositasida namoyon bo‘ladi. Anafora nutqiy tuzilma bo‘laklarining mazmunan bog‘lanishini ta'minlaydi, u koreferentlik haqida ma'lumot beruvchi lisoniy hodisadir. Tilshunoslar anafora hodisasiga tavsif berayotib, an'anaga binoan anaforik olmoshlarning matnning oldingi qatorlarida eslatilgan referentini izlashgan. Koreferentlik mazmuni paydo bo‘lishi uchun old refentning (antitsidentning) mavjud bo‘lishi zarur. Ammo referentning matnda turlicha o‘rin olishi mumkinligini ham unutmaslik lozim. Ayrim hollarda olmoshlarning referentini ifodalovchi birliklarni matnning keyingi qatorlaridan izlashga majbur bo‘lamiz. Matndagi yashirin, bevosita ifoda topmagan yoki matn qismlari munosabatini inobatga olib izlanadigan koreferentlik «assotsiativ anafora» hodisasini yuzaga keltiradi. Bu turdagi anaforik bog‘lanishni aniqlashda matn mundarijasini bilishdan tashqari o‘quvchi (tinglovchi)ning umumiy bilim darajasi ham muhim rol o‘ynaydi (Immott 1999: 7). Mazmuniy bog‘lanishning bunday matn va umumiy bilim hamkorligida yuzaga kelishini biz, ayniqsa, metonimiya va metafora tuzilmalari hosil bo‘lishida aniq ko‘ramiz. Masalan, «Oybek javonning ustki qavatida.U charm muqovali» tuzilmasida «Oybek» va keyingi qatordagi «U» birliklarining bog‘liqligini bilishda o‘zbek tilida kitobni muallif nomi bilan atash «lisoniy kelishuv» asosidagi umumiy qoida ekanligiga tayanamiz. Bunday «lisoniy kelishuv» barcha tillar uchun ma'lum bo‘lgan kognitiv hodisa ekanligi ham ma'lum (qiyoslang: Ko``vecses, Gunter 1998).
Shunday qilib, o‘rin almashtirish – anafora vazifasining bajarilishi ishora vazifasini inkor qilmaydi. Anafora deyktik mazmundan xoli emas, bu ikki vazifa yagona bir kontekstda, ayni bir paytning o‘zida bajarilishi mumkinligini hozircha hyech kim inkor etganicha yo‘q. Bu borada J.Layonzning ikki jildlik «Semantics» asarida keltirilgan misolni eslaylik (Lyons 1977: 676): I was born in London and have lived there ever since «Men Londonda tug‘ilganman va shundan buyon o‘sha yerda yashayman». Bu misolda there «o‘sha yerda» o‘z koreferenti «London» bilan anaforik bog‘lanishda bo‘lishdan tashqari, ushbu nutqiy harakatning Londonda ijro etilayotganligi haqida ishora ma'lumotini ham bermoqda.
Tinglovchi (o‘quvchi) matn va nutqiy tuzilmalar idroki, ularning mazmunini anglash jarayonida til birliklarining matndagi bog‘lanishini (anafora bunday bog‘lanishning bir turi) aniqlash bilangina chegaralanib qolmasdan, balki inson ongida aks topgan voqyelik hodisalari haqidagi bilim «tasma»siga ham murojaat qiladi. Mazmun ana shu turdagi matn va voqyelik, lisoniy va qomusiy bilim munosabati asosida yuzaga keladi. Farang kognitolog olimi G.Fakonnierning ta'biricha, «Lison mazmun tashuvchi emas, uni faqatgina boshqarib boradi» (Fauconnier 1994: xxii). Ha, ma'lum bir ma'no yoki mazmunni u yoki bu lisoniy birlikning «mulki»ga aylantirish ushbu birlik mohiyati haqidagi noto‘g‘ri tasavvurga sabab bo‘lishi mumkin. Yaxshisi, mazmunni inson kognitiv faoliyatining natijasi bo‘lgan matn tuzilishidan, uning tarkibidagi bog‘lanishlardan izlagan ma'qul. Uchinchi shaxs olmoshlarining ma'no xususiyatlari ham bundan mustasno emas.

Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə