7-mavzu. Pragmatik va semiotik jarayon Rеja



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə16/20
tarix30.12.2023
ölçüsü0,6 Mb.
#165406
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20
hamma mavzular

Zamon deyksisi. Voqyelikda kechayotgan hodisalar bayonida va ular haqida axborot uzatishda uning kechish davri, paytini ko‘rsatish muhimdir. Bunday ko‘rsatish vazifasini zamon (vaqt) deyksisi vositalari bajaradi. Zamon yoki temporal deyksisni ifodalovchi vositalar voqyea sodir bo‘layotgan hyech qanday paytni ko‘rsatmasdan, balki biror bir nutqiy akt ijrosidan oldingi yoki keyingi davrga ishora qiladi (Ufimseva 1974: 184). Haqiqatdan ham zamon deyksisi iboralarining ba'zilari ayrim vaziyatlarda o‘tgan davrga ishora qilsa, boshqa vaziyatlarda qo‘llanganda kelasi zamon mazmunini ifodalaydi:

  1. May oyining birinchi haftasidami? Men o‘shanda Yaponiyada edim.

  1. To‘y shanba kunimi? Yaxshi, o‘shanda ko‘rishamiz.

Ushbu turdagi nutqiy tuzilmalar mazmunini to‘g‘ri anglash uchun ularning aytilgan (bitilgan paytini) fahmlashimiz lozim. Agarda biz idora eshigidagi «Ikki soatdan so‘ng qaytaman» yozuvini qachon osilganini bilmasak, xodimni qancha muddatga ketganini bila olmaymiz.
Zamon deyksisi ham (xuddi makon deyksisidek) makon va zamon tushunchalarining nodeyktik voqyelanishi (konseptual va lisoniy bosqichlarda) bilan bog‘liq hodisadir. Bu bog‘liqlik zamon va makon maydonlarining semantik tarkibida o‘z aksini topadi. Barcha til va madaniyatlarda zamon maydoniga oid tushunchalar kun va tun, oy, mavsum, yil kabilarning almashinuvi bilan me'yorlanadigan o‘lchovga egadirlar. Bu o‘lchov, o‘z navbatida, taqvimli ko‘rinishda yuzaga kelishi mumkin. Zamon tushunchalarining taqvimli voqyelanishida Ch.Fillmor o‘sha mashhur «Santa Kruz ma'ruzasi»da aytganidek, «voqyealar biror bir mutlaq origo (lat. «manba», «boshlang‘ich nuqta») bilan bog‘langan «mutlaq» davr (zamon)dan joy oladi» (Fillmore 1975). Masalan, bugun, erta, kecha kabilar deyktik o‘lchovli deyktik birliklar qatoriga kiradilar va ular bir kunlik vaqt oralig‘i me'yori bilan farqlanadi.
Taqvimli belgilar vaqt oralig‘ini aniq o‘lchoviga ishora qilmaydilar. Binobarin, «Dushanba kuni ko‘rishamiz» gapining mazmunini to‘liq anglash, qaysi dushanba nazarda tutilayotganini bilish uchun ushbu va'da qachon (qaysi kuni) berilayotganligini bilish zarur (bu va'da yakshanba va seshanba kuni aytilishiga nisbatan vaqt o‘lchovi bir kundan yetti kungacha farq qiladi). Shuning uchun ham taqvimli temporal birliklar aniq deyktik mazmun olishlarida aniqlovchilar yordamiga muhtojlik sezadilar: o‘tgan yakshanba, kelgusi juma, joriy yilning dekabri, shu kecha kabilar.
Zamon deyksisining temporal mazmun ifodasining asosiy manbalaridan bo‘lgan zamon kategoriyasi bilan bog‘liqligi masalasi muammo bo‘lib qolmoqda. Ushbu kategoriyani deyksis hodisasini shakllantiruvchi manbalar qatoriga kiritish uchun barcha gaplar nutqiy faollashganda zamon mazmunini ifodalaydilar, degan fikrni e'tirof etishga majburmiz. Ammo «Uch qarra uch to‘qqiz», «Pilla qurti tut bargini yeydi» kabi gaplar qaysi zamonga (mantiqan) oid ekanligini bilish qiyindir.
Zamon kategoriyasining mundarijasi, uning semantik va shakliy –grammatik xususiyatlari haqida bu risola sahifalarida batafsilroq bayon berishning albatta imkoni yo‘q. Aytmoqchi bo‘lganim, haqiqatdan ham bu kategorial mazmunning deyksis maydonida tutgan o‘rni alohidadir. Ammo bajarilayotgan turli ish-harakat, faoliyatlarning zamon maydonida o‘rin olishi turlicha kechadi. Ko‘pchilik holatlarda kechayotgan faoliyat, hodisaning vaqt oralig‘ida oladigan o‘rni va davri aniq va ravshan bo‘lsa ham, boshqa holatlarda bu o‘rin va davr noaniq bo‘lib qolaveradi. Sankt-Peterburglik tilshunos Aleksandr Vladimirovich Bondarko «davriy makonga ega bo‘lgan va davriy makonsiz harakat, faoliyat vaziyatlarini» farqlashni taklif qiladi (Bondarko 1987: 210). Ushbu nomuvofiqlikni o‘z paytida sezgan polyak olimi E.Koshmider ham «Uch karra uch to‘qqiz», «Qo‘l qo‘lni yuvadi» qabilidagi «umumiy haqiqat»ni yoki mavhum faktlarni ifodalovchi tuzilmalarni vaqt oralig‘i qatoridan o‘rin olmaganligini qayd etadi. Uningcha, «vaqt oralig‘ida joylashish» va bunday o‘ringa ega bo‘lmaslik o‘rtasidagi farq grammatik shakllarda o‘z ifodasini topadi» (Koshmider 1962: 131).
Menimcha, yuqorida ko‘rsatilayotgan farq asosan formal-semantik xususiyatga ega. Bu hodisa pragmatik tahlil nuqtai nazardan olib qaralganda esa ular o‘rtasidagi nomuvofiqlikning keskin emasligi ma'lum bo‘ladi. Buning isbotini ko‘rsatilgan gaplarning matn tarkibida faollashuvi misollarida izohlash mumkin.
Umuman, voqyea sodir bo‘lish, ish-harakat kechishi davriga oid mazmunning grammatik shakl mazmuniga mos kelishi doimiy talab emas. Binobarin, «Teshaboy Boltaboyni urdi» gapi kechki paytda aytilayotganida, «Teshaboy Boltaboyni ertalab urdi» mazmunini bersa, bu gap ertalabki paytda aytilganida esa voqyea kecha sodir bo‘lganligi haqida ma'lumot beriladi. Shuningdek, ingliz tilidagi If I had a car .......... «Agarda mashinam bo‘lganida, (tezda yetib kelar edim)», If I was rich ....... «Agar boy bo‘lganimda (edi), sayohatga chiqqan bo‘lar edim» kabi tuzilmalarda temporal mazmun grammatik shakl bilan bog‘liq emas. Boshqacha aytganda, bu tuzilmalardagi o‘tgan zamon shakli voqyeaning o‘tgan yoki nutqiy akt bajarilishidan oldingi davrda sodir bo‘lishidan ma'lumot bermaydi. Aksincha, izhor qilinayotgan istak, xohishning ijrosini hozir yoki kelajakda kutish mumkin. Shakl va mazmun o‘rtasidagi bunday nomuvofiqlik doim kuzatilib turiladigan holatdir. Shuning uchun ham zamon kategoriyasi o‘z formal ifodasini topmagan tillar (masalan, xitoy tili) temporal deyksis mazmuni ifodasi imkoniyatidan mahrum, deb qaralmasligi lozim. Nutqiy harakat bajarilishi vaqt davriyligi doirasidan tashqarida hyech qachon yuzaga kelmaydi. Har qanday muloqot ma'lum davrda kechadi, nutqiy harakat aniq bir vaqt oralig‘ida ijro etiladi. Demak, zamon deyksisi nutqiy harakat mazmuni va mundarijasini belgilashda asosiy o‘rinni egallaydi. G.Yul aytganidek, «deyktik iboralar, chegaralangan miqdorda bo‘lishlariga qaramasdan, keng ko‘lamda qo‘llaniladilar va ular har bir alohida qo‘llanishiga nisbatan ko‘proq kommunikativ mazmun ifodalaydilar» (Yule 1996: 16). Zamon deyksisi ham bundan mustasno emas, bu turdagi deyktik belgilarning pragmatik mundarijasi kontekst va so‘zlovchi (yozuvchi)ning kommunikativ maqsadi, muloqot intensiyasi bilan bog‘liqdir.
Bundan tashqari, deyksis hodisasi muloqot tizimida yagona bir maydonni tashkil qilishini va ushbu maydonda markaziy (yadroviy), oraliq hamda chet qismlar mavjudligini unutmaslik kerak. Eng asosiysi, ushbu qismlarning sarhaddoshligi, o‘zaro munosabati qaerda va qachon yuzaga kelishini aniqlashdir. Zamon va makon deyksislari boshqa deyktik mazmun ifodalovchilari uchrashadigan, o‘zaro qorishadigan hudud ekanligiga hyech kimning gumoni bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Bunday sarhaddoshlar qatoriga odatda sotsial (ijtimoiy), diskurs va modallik deyksislari kiritiladi.

Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə