9-Mavzu: Professionalizm akmeologiyaning muhim tushunchasi sifatida. Mavzu rejasi



Yüklə 65,47 Kb.
səhifə3/9
tarix19.12.2023
ölçüsü65,47 Kb.
#151585
1   2   3   4   5   6   7   8   9
9-MARUZA

Kasbiy еtuklik tushunchasiga yuqori darajada shaxsiy va kasbiy jihatdan rivojlangan, yuqori professionalizmni o‘zida namoyon qiladigan, malakali, qolaversa, ahloqiy-ma’naviy, etik, madaniy, ijtimoiy va kasbiy muhim xususiyatlarni hamda shaxsiy sifatlarni o‘zida mujassamlashtirgan mehnat sub’ektining xususiyati deb izohlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mutaxassisning shakllanishi faqatgina chuqur va keng doiradagi bilim, ko‘nikma va malakalarga, kasbiy tajriba va mahoratga ega bo‘lish bilan cheklanib qolmaydi, balki еtuk shaxs taraqqiyoti ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxs tomonidan shaxsiy va ijtimoiy maqsadlar, pozitiv kasbiy motivatsiyaning shakllanishi, ijtimoiy va kasbiy mas’uliyat, ishchanlik qobiliyati va mehnatga tayyorlik, tashabbuskorlik va ijodkorlik, mehnatdan qoniqqanlik, mehnat sub’ektining еtukligini anglatuvchi boshqa xususiyatlarni rivojlantirishga intilishini aniqlashtiruvchi faoliyat mazmuni va natijalari anglanilgandagina, mahoratning kasbiy komponentlari egallanadi, rivojlantiriladi va faollashtiriladi. Kasbiy еtuklik shaxsiy ideallar, ustanovkalar, qadriyatlar, hayot va faoliyat mazmunini ijtimoiy, psixologik muhitning kasbiy talablari bilan muvofiqligida aks etadi.
Mutaxassis shaxsining kasbiy еtukligi quyidagi shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin:

  1. Kasb bilan bog‘liq ma’naviy qadriyat tizimini tushunish;

  2. Tajriba orttirish va shaxsiy tajribani tahlil qilish;

  3. Namunaviy mutaxassisning adekvat modelini qabul qilish va unga o‘xshash uchun o‘z ustida ishlashga intilish;

  4. Oldinga qo‘yilgan maqsadga erishish uchun shaxsiy kuch va resurslarni maksimal darajada safarbar etish;

  5. Mehnatdan qoniqish hissining paydo bo‘lishi;

  6. O‘z-o‘zini rivojlantirishga intilish;

  7. Shaxs xulqida buzilishlarning mavjud emasligi;

  8. Shaxs organizmi va psixikasining funksional imkoniyatlari va ularning kasbiy talablarga muvofiqlik darajasi haqida tasavvurlarga ega bo‘lish va boshqalar.

Faoliyat sub’ektining malakasi kasbiy еtuklikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanib, u o‘zining funksional imkoniyatlari va ehtiyojlarini kasbiy talablar bilan muvofiqlashtiradi. Bu ko‘rsatkich kasbiy “men konsepsiyasi”ning o‘ziga xosligini anglatadi. Yoshlik davrida, ayniqsa, kasbiy еtuklik bosqichida “men konsepsiyasi” har tomonlama boyitiladi, bir tomondan hayot va faoliyatning o‘zgaruvchan talablari, ikkinchi tomondan esa o‘z-o‘zini baholashning shakllanishi ro‘y beradi. A.A.Reanning ta’kidlashicha, еtuklik davrida “men konsepsiyasi” kasbiy faoliyat ta’sirida, ko‘pgina maxsus konsepsiyalarning namoyon bo‘lishi hisobiga shakllanadi. Ular reallashib, professional mahoratning o‘sishi bilan bog‘liq ravishda rivojlanib boradi. Shaxs asta sekinlik bilan o‘z imkoniyatlarini namoyon qiluvchi maqsadlarni tanlashda o‘ta sinchkov va ishning natijasiga mas’uliyat bilan yondashadigan bo‘lib boradi. “Shaxsning ahloqiy qoidalari va ayniqsa, muhim shaxsiy qadriyatlar doirasida o‘zini o‘zi faollashtirish” “men” konsepsiyasining tub mohiyatiga singib boradi.
Kasbiy еtuk shaxslarda ularning o‘zlari haqidagi ma’lumotlarga asoslangan holda o‘z-o‘zini baholashning kognitiv komponentlari kuchayib boradi. O‘z-o‘zini baholashning emotsional komponenti esa biroz cheklanadi. Mutaxassisning o‘zini o‘zi baholashining ko‘p qismi uning ichki etalonlariga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Shaxsda o‘ziga nisbatan ongli, real munosabatlarning namoyon bo‘lishi emotsiyalarni boshqarishga olib kelishidan dalolat beradi. O‘z-o‘zini baholash umumiy xarakterga egadir.
Kasbiy o‘z-o‘zini baholashni o‘z-o‘zini baholash professional mahorat va kompetentlik darajasida aks ettiriluvchi shaxsning o‘zini mehnat sub’ekti sifatida baholashi bilan bog‘liq operatsional faoliyat aspektlariga va shaxsiy sifatlarni “Men mutaxassisman” konsepsiyasi bilan mutanosibligini baholashda aks ettiriluvchi shaxsiy aspektlarga ajratish mumkin.
Kasbiy o‘z-o‘zini baholashda faoliyat natijalari va mutaxassisning shaxsiy potensial baholari ko‘rib chiqiladi, birinchisida mehnat yutuqlaridan qoniqqanlik darajasi aks ettirilsa, ikkinchisida shaxsning o‘z imkoniyatlarini baholash va shaxsning o‘z kuchiga ishonganlik darajasi ko‘rib chiqiladi. O‘z-o‘zini baholashning past ekanligi mutaxassisni еtuk yoki “etuk emasligidan” dalolat bermaydi. O‘z-o‘zini baholash negizida pozitiv motivatsion o‘z-o‘zini rivojlantirish yotadi va shaxsning ijtimoiy, kasbiy muvaffaqiyatlari bilan korrelyatsiyalanadi.
Mutaxassis shaxsining taraqqiyotini o‘rganish jarayoni “professionalizm” va “kasbiy еtuklik” tushunchalarini bir-biriga chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi. Har ikki tushuncha faoliyat samaradorligi va mutaxassis shaxsining rivojlanishi bilan izohlanadi, biroq, ulardan birinchisida asosiy urg‘u kasbiy yutuqlarga qaratilsa, ikkinchisida – faoliyat jarayoni va maqsadi ta’sirida nafaqat faoliyatning yuqori va barqaror ko‘rsatkichlari, balki har tomonlama rivojlanganligi va shaxsning shakllanishi inobatga olinadi.
Shunday qilib, kasbiy еtuklikning psixologik aspektlari mehnat sub’ektining faoliyatga yo‘naltirilgan psixik jarayonlari - mutaxassisda o‘z-o‘zini boshqarishning shakllanishini ta’minlovchi xususiyatlar va funksiyalar kompleksiga asoslangan tizimli xususiyatlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan. Psixologik tizimda kasbiy еtuklikning muhim omillari quyidagilar hisoblanadi: kasbiy faoliyatning mazmuni va qadri, kasbiy faxr, iymon va sha’n. Kasbiy еtuklikning tizimlashtirilgan omillariga esa quyidagilar kiradi: kasbiy o‘z-o‘zini anglash (mutaxassis shaxsining taraqqiyoti samarasi sifatida) va mehnat sub’ektining kasbiy yaroqliligi (shaxsning kasbiy taraqqiyoti samarasi sifatida).
Oxirgi yillarda mehnat sub’ektining kasbiy еtukligining shakllanishi muammosini o‘rganishga katta ahamiyat qaratilmoqda va qator jahon psixologlarining (A.A.Derkach, E.F.Zeer, Ye.A.Klimov, A.K.Markova, Yu.P.Povarenkov, A.A.Rean va boshqalar) tadqiqot predmetiga aylanmoqda. Faoliyat tushunchasi mehnat sub’ektining xususiyatlari va boshqa jarayonlarning o‘ziga xosligida ko‘rib chiqiladi, shaxs va faoliyatning psixologik rivojlanishi hamda ularning o‘zaro aloqasi va o‘zaro ta’siri negizida o‘rganiladi.
Mutaxassisning еtuk shaxsga aylanishi sub’ektning faqatgina kasbiy taraqqiyoti bosqichida amalga oshmaydi. Umuman olganda, shaxs butun umri davomida komillik sari odimlaydi, ya’ni shaxsning ma’naviy-ahloqiy, etik, psixologik dunyoqarashi va boshqa xususiyatlari jamiyat talablariga muvofiq ravishda shakllanib boradi. Shaxsning kasbiy faoliyat jarayoniga jalb qilinganligi uni yangi talablarga muvofiq ravishda shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lib, motivatsion qadriyatlar tizimini, mehnat ustanovkalarining shakllanishida, hayot mazmunini va faoliyatni korreksiya qilishda aks etadi.
Kasbiy еtuklik, birinchidan, mehnat sub’ektining kasbiy taraqqiyoti, muhim kasbiy psixologik xususiyatlarning shakllanishi va namoyon bo‘lishiga asoslangan yuksak mahorat sari harakatlar nuqtai nazaridan, ikkinchidan, yuqori malakaga erishish va mutaxassis kompetentligining shaxs taraqqiyoti bilan muvofiqligi natijasi sifatida ko‘rib chiqiladi. Bu jarayon shaxsning ontogenezda rivojlanishi qonuniyatlari va uning professionallashuvi bilan bog‘liq ravishda amalga oshadi, bu xususiyatlarning ta’siriga bog‘liq holda, ya’ni aniq faoliyat ko‘rinishlariga nisbatan qo‘yiladigan talablarda, taraqqiyot fazalarining geteroxronligi va betartib o‘zgarishida, me’yoriy inqirozlarning yuzaga kelishi va shaxs deformatsiyasida, shaxs va kasbiy taraqqiyotning aniq bir bosqichi hamda shakllarida, еtuklik davrida namoyon bo‘ladigan shaxsiy xususiyatlarning o‘ziga xosligida aks etadi.
Mehnat sub’ektining shakllanishida faqatgina shaxsiy, psixologik (kognitiv, intellektual, emotsional va boshqalar) va kasbiy sifatlar, jarayonlar va xususiyatlar ahamiyatga molik emas, balki ijtimoiy moslashishning samaradorligini oshirish hamda hayot va faoliyatda o‘zini o‘zi namoyon qilishni ta’minlash uchun shaxs va kasbiy faoliyatning o‘zaro ta’sirini inobatga olish maqsadga muvofiqdir. Biroq, “mutaxassis shaxsining еtukligi” va “kasbiy еtuklik” tushunchalari adabiyotlarda va psixologik amaliyotda qo‘llanilganda ular orasida ayrim tafovutlar uchraydi. Birinchi holatda (“mutaxassis shaxsining еtukligi”), aynan mehnat sub’ekti shaxsining shakllanishiga, uning individual va ijtimoiy yo‘nalganligini pozitiv va barqaror tarzda namoyon bo‘lishiga asosiy e’tibor qaratilsa, ikkinchi holatda (“kasbiy еtuklik”), mutaxassisning har tomonlama rivojlanganligi va aniq bir kasbiy faoliyat talablariga to‘liq javob beruvchi, qolaversa, shaxsiy fazilatlari yuqori darajada taraqqiy etgan o‘z ishining ustasi tayyorlanganligi nazarda tutiladi.
Umuman olganda, kasbiy faoliyat uchun mehnat samaradorligi ishonchliligi va xavfsizligini ta’minlash bilan cheklanib qolmay, balki shaxsning mehnatda rivojlanishiga, “Men mutaxassisman” konsepsiyasining shakllanishiga, o‘zini o‘zi tasdiqlashga, o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishga va ijtimoiy muhit hamda mehnat jamoasiga to‘liq moslashishga zamin hozirlaydigan mehnat sub’ektining shaxsiy va kasbiy еtukligi orasidagi muvofiqlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Yüklə 65,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə