Tafakkur va uning bolalarda rivojlanish bosqichlari



Yüklə 0,52 Mb.
Pdf görüntüsü
tarix28.11.2023
ölçüsü0,52 Mb.
#137727
ZDPP 0403



10 
TAFAKKUR VA UNING BOLALARDA RIVOJLANISH BOSQICHLARI 
Raimova Gulnozaxon
 
Andijon viloyati Asaka tuman 16-DMTT direktori
https://doi.org/10.5281/zenodo.7646010 
Annotatsiya:
Ushbu maqolada maktabgacha yoshdagi bolalarning tafakkuri va uning 
rivojlanishi, ko’rinishlari hamda tushuncha va tasavvurlarining paydo bo’lish bosqichlari 
haqida so’z yuritiladi. 
Kalit so’zlar:
tafakkur, bola, rivojlanish, analiz, fikrlash. 
Asosiy qism. 
Tafakkur bolaning bog‘cha yoshidagi davrida juda tez rivojlana boshlaydi. 
Bolalarda turmush tajribasining ko‘payishi, ikkinchidan, nutqning nisbatan o‘sganligi, 
bolalarining juda ko‘p erkin va mustaqil harakatlar qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari bunga 
sabab bo‘ladi. Bolalar o‘zlarining mustaqil harakatlari davomida atrofidagi turli xil narsalar 
bilan bevosita taqqoslash, analiz qilish va, nihoyat, umumlashtirish kabi fikr qilish jarayonlarini 
vujudga keltiradi va takomillashtiradi. 
3 yoshdan oshgan bolalarning tafakkuri ko‘rgazmali-obrazli
 
xarakterga ega bo‘ladi. Ular 
o‘zlarining mulohazalarida mavhum tushunchalarga emas, balki ko‘z o‘ngidagi aniq narsalarga 
asoslanadilar. Ko‘rgazmali-obrazli tafakkur ko‘rgazmali-harakat tafakkuriga qaraganda nutq 
bilan ko‘proq bog‘liq bo‘ladi. Bu davrda ham bolalarning turli faoliyatlarida aniq obrazli 
tafakkur bilan nutq birga, ya’ni ketma-ket amalga oshiriladi. Bolalar ko‘z o‘ngidagi turli narsalar 
haqida mulohaza yuritganlarida bu narsalarning nomlarini ataydilar. Lekin bu yoshdagi ba’zi 
bolalarning mulohazalarida so‘zlarga nisbatan obrazlar katta o‘rin egallaydi. Ularning 
tafakkurida so‘zlar qandaydir ikkinchi darajali, yordamchi rolni o‘ynaydi, so‘zlardan erkin 
foydalana olmaydilar. Buni aniqlash uchun professor B.C. Muxina shunday misol keltiradi. 4-5 
yoshli bolalarga ataylab buzilgan o‘yinchoqlar berilib, ularning buzilish sabablarini aniqlash va 
tuzatish talab qilingan. Ko‘pchilik bolalar buzilgan o‘yinchoqlarning buzilish sababini aniqlab, 
ularni tuzatganlar. Lekin qanday qilib tuzatganlarini so‘z bilan aytib bera olmaganlar. Ular 
o‘yinchoqlarning mana bu yerini unday qildik, mana bu yerini bunday qildik, deb aniq ravishda 
ko‘rsatish bilan cheklanganlar. Ana shu misoldan ko‘rinib turibdiki, aniq obrazli tafakkurda 
ham hali so‘z yetakchi rol o‘ynamaydi. 
4-5 yoshli bolalar nutqni jadallik bilan o‘zlashtiradilar. Bu yoshdagi bolalar sodda tarzda 
umumlashtirish, guruhlash qobiliyatiga ega bo‘la boshlaydilar. Bu davrni mantiqiy tafakkurni 
egallashga tayyorgarlik davri deyish mumkin. 
Katta maktabgacha yoshdagi bolalarda mantiqiy tafakkur
 
rivojlana boshlaydi. 6-7 yoshdagi 
bolalarda mantiqiy tafakkur taraqqiyotining barcha imkoniyatlari yuzaga kelgan bo‘ladi. 
Birinchidan, bu yoshdagi bolalarda nutq yetarli darajada rivojlangan, ikkinchidan, tushunchalar 
tarkib topa boshlagan. Bolalar obrazlardan, tasavvurlardan foydalanmay, mustaqil ravishda 
so‘zlar orqali tafakkur qila olishlari uchun ular voqelikdagi narsa va hodisalarning eng muhim 
xususiyatlarini aks ettiradigan tushunchalarni o‘zlashtirishlari kerak. Bolalarda avval so‘zlar 
bilan ifodalanadigan tasavvurlar tarkib topadi. Lekin bu tasavvurlar o‘z-o‘zidan tushunchaga 
aylanib qolmaydi. Tushunchalarni tarkib toptirishda bu tasavvurlardan foydalanish mumkin. 
Tushunchalar va ularga asoslangan mantiqiy tafakkur shakllari bolalarning turli sohalarga doir 


11 
bilim asoslarini o‘zlashtirish jarayonida tarkib topa boshlaydi. Tushunchalarni izchil tarzda 
o‘zlashtirish maktabdagi ta’lim bilan bog‘liqdir. Bolalar ma’lum darajada tushunchalarni 
o‘zlashtirganlaridan so‘ng mantiqiy tafakkur qilish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Bunda bolalar 
berilgan masalani aql bilan yecha oladigan bo‘ladilar. 
Bolaning maktabgacha yoshdagi davrida uning erkin harakat qilish maydoni kengayadi. Bu esa 
tafakkurning rivojlanishi uchun juda katta ahamiyatga egadir. Maktabgacha yoshdagi bolalar 
o‘z tajribalarida ancha narsalarni bilib olganlaridan so‘ng narsalarning ichki xususiyatlari bilan 
ham qiziqa boshlaydilar. Shu sababli ularda juda ko‘p savollar (Bu nima? Nega bunaqa? Kim 
qilgan? Qayerdan kelgan? Nima qiladi? kabi) paydo bo‘ladi. Bu tafakkurning aktiv va jadal 
rivojlanishi uchun zamin hozirlaydi. 
Bolalarning savollariga doimo ahamiyat bilan qarash kerak. Bola o‘z savoliga javob topa olmasa 
yoki katta odamlar uning savoliga ahamiyat bermasalar, undagi qiziquvchanlik, sinchkovlik 
susaya boshlaydi. Bolalarning savollariga javob berish qiyin, chunki ular o‘zlari hali mutlaqo 
tushunmaydigan narsalar va hodisalar haqida ham savol beraveradilar. Tarbiyachi bolalarning 
son-sanoqsiz savollariga ularning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda javob berishi va 
tushuntirishi lozim. 
Odatda, har qanday tafakkur jarayoni biron narsaga tushu- na olmaslik, biron narsadan 
taajjublanish, hayron qolish natijasida hosil bo‘ladi. Juda ko‘p ota-onalar va ayrim tarbiyachilar 
bolalar ortiqcharoq savol bersalar, ularni «Ko‘p mahmadona bo‘lma!», «Sen bunday gaplarni 
qayerdan o‘rganding?», deb jerkib tashlaydilar. Bola bir necha marta ana shunday pand 
yegandan so‘ng, kattalarga savol bermaydigan, ayrim murakkab narsalarni o‘z bilganicha yoki 
afsonalardagi kabi xato tushunadigan bo‘lib qoladi. Masalan, 7 yoshli bola «Yomg‘ir qayerdan 
yog‘adi?» degan savol berdi. Bu bolaga yomg‘irning yuzaga kelishi juda sodda va tushunarli qilib 
gapirib berildi (hatto sovuq oynaga issiq par bilan ta’sir qilganda suv zarrachalarining yuzaga 
kelishi misol qilib ko‘rsatildi). Bola biroz qarab turib, yo‘q unaqa emas deb javob berdi. 
Bo‘lmasa, qani sen tushuntirib ber, deb so‘raldi. Shunda bola: «Yomg‘ir osmonda yashaydi, 
uning uyi bulutlardan ham balandda. Bulutlar ochilib ketgan paytda yomg‘ir yiqilib ketadi...», 
— deb tushuntirdi. Bolaning ana shunday afsonaviy tushunchasidan voz kechib, to‘g‘ri, ilmiy 
tushunchani yuzaga keltirguncha ancha vaqt ketadi. 
Bolalarning beradigan savollari juda qiziq bo‘lishiga bir necha sabablar bor: 
1)
bolalar tevarak-atrofdagi narsa va hodisalarni qanday bo‘lsa, shundayligicha, ya’ni yaxlit 
holda, xuddi rasmdagidek aks ettiradilar; 
2)
narsa va hodisalar o‘rtasidagi bog‘liqlik va sababiylikni chuqur analiz va sintez qila 
olmaydilar; 
3)
ularda turli tabiat va jamiyat hodisalariga doir ilmiy tu- shunchalar tarkib topmagan va 
yetilmagan bo‘ladi; 
4)
bolalarda ularning turmush tajribalari juda oz bo‘ladi. 
Maktabgacha yoshdagi bolalarning beradigan savollaridan ular 
tafakkurining aniq obrazli xarakterga ega ekanligi ham ko‘rinib turadi. Masalan, katta bog‘cha 
yoshidagi bolalar quyidagi savollarni berishlari mumkin: Bulutlar nega yuradi? Osmon kattami, 


12 
yer kattami? Yulduzlar nechta? Osmondagi yulduzlar nima uchun kunduzi ko‘rinmaydi? 
Daraxtlar nima yeb o‘sadi? Qorbobo odammi? Hozir qorbobo qaerda? Nima uchun qorbobo 
yozda kelmaydi? Elektr toki qayerdan keladi? Nega simda olov ko‘rinmaydi? Bolalarni tabiat va 
jamiyatdagi narsalarning sababiy bog‘liqligi hamda ichki taraqqiyot qonunlari emas, balki shu 
narsalarning o‘zi qiziqtiradi. Ular hamma narsani bilishga intiladilar. Katta guruh bolalarining 
gaplariga diqqat qilsak, ular shunday hodisalar haqida mulohaza yurgizishayotganining guvohi 
bo‘lamiz. ««Temir og‘ir narsa bo‘lgani uchun suvda cho‘kadi, yog‘och yengil, shuning uchun u 
oqadi», «Ichi bo‘sh banka yengil, shuning uchun u cho‘kmaydi», «Urug‘ni yerga eksa, ko‘karib 
chiqadi» va shu kabilar. 
Ayrim bolalar haddan tashqari ko‘p savol beradilar, boshqa bir bolalar esa deyarli hech savol 
bermaydilar. Bolalarning juda ko‘plab savollar berishlari ijobiy xarakterga ega bo‘lib, bu 
ularning qiziquvchanligi, faolligi va mustaqilligidan darak beradi. Odatda, juda passiv va 
tortinchoq bolalar savol bermaydilar. Bunday bolalarga turli mashg‘ulotlar va ekskursiyalar 
vaqtida tarbiyachining o‘zi savol berishi, shu bilan ularni faollashtirib borishi lozim. 
Maktabgacha yoshdagi bolalar fikr yuritish jarayonida ayni shu chog‘da idrok qilayotgan 
narsalargina emas, balki ilgari idrok qilgan narsalariga ham tayana oladilar. Masalan, bolaga 
ilgaridan ma’lum bo‘lgan biron topshiriq yoki savol berilsa, u o‘z tasavvuriga asoslanib, 
qiynalmay, darhol javob qaytaradi. Chunonchi 6 yoshli bir boladan «Yong‘oq suvda cho‘kadimi 
yoki oqadimi?» deb so‘ralganda, u «oqadi» deb javob bergan. Bolaning to‘g‘ri javob berganligiga 
sabab shundaki, u o‘z tajribasida yong‘oqni suvga tashlab ko‘rgan. Bu bolalarda induktiv va 
deduktiv xulosa chiqa- rishning eng sodda shakllari yuzaga kela boshlaganini ko‘rsatadi. 
Bog‘cha yoshidagi bolalar tafakkurining xarakterli xususiyatlaridan biri ular tafakkurining 
hamon obrazli bo‘lishidir. Ular o‘zlarining mulohazalarida mavhum tushunchalarga emas, balki, 
aniq faktlarga asoslanadilar. Shuning uchun ular mavhum tusda berilgan oddiy vazifalarni hal 
qila olmaydilar. Biroq, katta guruh bolalarida, ayrim narsa va hodisalarning muhim belgilariga 
qarab, umumlashtirish qobiliyati yuzaga kela boshlaydi. Masalan, bola olma, o‘rik, nok, olcha, 
olxo‘ri, uzum, anor, behi va anjirlarning rasmlarini to‘plab, meva deb ataydi. Ular endi meva 
degan umumiy tushunchadan o‘z nutqlarida erkin foydalana oladigan bo‘ladilar. Bolalar xilma-
xil rasmli lotolar bilan o‘ynash jarayonida ana shunday umumlashtirishga o‘rgana boshlaydilar. 
Bunday o‘yinlarda ba’zan tarbiyachining aralashuvi va bolalarga umumlashtirish yuzasidan 
(masalan, hayvonlar, hasharotlar, gullar, qushlar, o‘yinchoqlar va hokazolar) berilgan 
topshiriqlarni bajarilishiga yordam beradi. 
Bola narsalarni bir-biriga taqqoslab, o‘xshash va farq tomonlarini ajrata boshlaydi. Masalan: 
«Kvadrat va to‘rtburchakni taqqoslab, kvadrat va to‘rtburchakni to‘rt tomoni bor, shuning 
ushun ular o‘xshash. Lekin farqi shundaki, kvadratni to‘rtala tomoni va to‘rt burchagi teng
to‘rtburchakning esa qarama-qarshi tomonlari teng». Bolalarning oddiy masalalarni yechish 
haqida fikr yuritishga va u haqida so‘zlab berishga imkoni bo‘ladi. To‘rt-besh yoshli bola 
masalani amaliy harakat bilan yechadi va u haqida nutqi orqali so‘zlab beradi. Masalan: 4 yoshli 
bola kuch bilan quvurga ilinib qolgan bayroqchali tayoqchani tortadi, lekin chiqara olmaydi. 
Shunda bola quvur ichiga yuqoridan qarab ta- yoqchani ehtiyotkorlik bilan aylantiradi va 
bayroqchani chiqarib oladi. Masala hal etildi. Demak, kichik guruh bolalari masalani amaliy 
harakat orqali yechadilar va bajarilgan ishga nutqlari bilan yakun yasaydilar. 5-6 yoshli bolalar 


13 
oldiga qo‘yilgan masalani oldindan o‘ylab, uning rejasini tuzib oladilar. Bu ichki, ovozsiz nutq 
orqali amalga oshiriladi. Masalani og‘zaki yechadilar: Masalan: «Daraxtga 7 ta qushcha qo‘nib 
turibdi. Ulardan ikkitasi uchib ketdi, daraxtda nechta qushcha qoldi?» Demak, bola tafakkurini 
o‘stirishda turli xil ta’limiy mashg‘ulotlarning roli katta. Mashg‘ulotlar bola aqlini o‘stirishga, 
mustaqil fikrlashga o‘rgatadi. Bolaning tafakkurini o‘stirish birinchi navbatda tushunchalar 
hosil qilishdan boshlanadi. 
Mashg‘ulotlar yordamida elementar matematik tasavvurlarni o‘stirish bolalarda taqqoslash 
qobiliyatini o‘stiradi: ularni xulosalar chiqarishga va sodda masalalarni yechishga o‘rgatib 
boradi. Kubiklar, doirachalar, kvadratlar va poloskalar yordamida bolalarni narsalarni 
taqqoslashga, o‘xshatish va farq tomonlarini ajrata olishga, ayrim narsalardan guruh tuzish va 
guruh orasidan bittasini ajratib olishga, narsalarni bir necha teng qismga, ya’ni 2 ga va 4 ga 
bo‘lishga o‘rgatish va ularni taqqoslashga o‘rgatib borish zarur. 
Tayyorlov guruhlariga borganda o‘n ichida tartib bilan sanashga va og‘zaki masalalar yechishga 
o‘rgatish bilan bola tafakkurini o‘stirish mumkin. Bolalarning ekskursiya va sayllar paytida 
kuzatuvchanligi ortadi, ular turli narsalarni taqqoslashga, analiz-sintez qilishga o‘rganadi. 
Masalan: boqqa ekskursiyaga chiqqan bolalar bog‘ning bir chekkasida yer kovlayotgan 
toshbaqaning oyoqlarini belkurakka o‘xshatsa, ikkinchi bola ekskavatorning kovushiga 
o‘xshatadi. Bunday taqqoslovchi mulohazalar bolalar tafakkurini o‘stirishda aktiv ta’sir etadi. 
Bolalar juda qiziquvchan bo‘ladilar. Ular hodisalarning sababini bilishga, hamma narsaning 
siridan xabardor bo‘lishga intiladi. Bu ularning bilish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan 
qiziqishlaridir. K.D. Ushinskiy aytganidek: «Qiziqish bu to‘la fikrlashdir». Bolalar tafakkurini 
o‘stirishda ana shu qiziqishlardan ham foydalanish lozim, chunki qiziqish bolaning bilimlarini 
chuqurlashtiradi. Demak, maktabgacha davrda yosh bolaning tafakkuri tez suratlar bilan o‘sib 
borar ekan, uni yanada taraqqiy ettirish va rivojlantirish hozirgi kunda bolalar muassasalari 
oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. 
 
References: 
1.
Z. Nishanova, G. Alimova. Bolalar psixologiyasi va uni o‘qitish metodikasi. O‘quv 
qo‘llanma. Toshkent. 2006. 
2.
Z. Nishanova va boshq. Bolalar psixologiyasi va psixodiagnostikasi. Darslik. Toshkent. 
2017. 
3.
P. Yusupova. Maktabgacha pedagogika. –T.: O‘qituvchi, 1993. 
4.
Дьяченко О.М. Особенности развития воображения умственно – одаренных детей. 
– М, 2005 г. 

Yüklə 0,52 Mb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə