Abdulla Qahhor



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə32/39
tarix24.12.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#160527
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   39
Abdulla Qahhor. Anor [@kitoblar pdf]

ADABIYOT MUALLIMI
O‘zining aytishiga ko‘ra «nafis adabiyot muallimi» o‘rtoq
Boqijon Baqoyev og‘ilga kirib ta’bi xira bo‘ldi: sigirning
qulog‘iga yana kana tushibdi! Kanadan ham ko‘ra sigir uning
achchig‘ini keltirdi: kanani teray desa qo‘ymaydi – boshini
silkiydi, pishqiradi.
– Hayvon! Sigir emas, hayvon! – dedi og‘ilning eshigini
qattiq yopib. – Hayvon!
Xotini Mukarram hovlida samovarga suv quyar edi.
– Hayvon! – dedi Baqoyev,– bu sigirni sotib puliga
cho‘chqa olish kerak!
– Shaharda cho‘chqa asrash mumkin emas,– dedi
Mukarram samovarga ko‘mir solayotib.
– Nima uchun? Taqiq qilinganmi? Kim aytdi? Men aytib
edimmi? To‘g‘ri, mumkin emas... albatta, mumkin emas...
Uyga kiring, Hamida keldi.
Hamida o‘n olti yoshlardagi tiyrak, quvnoq qiz, poch-
chasini ko‘rib sevinib ketdi.
– Siz uyda ekansiz, bilsam daftarimni olib kelar ekanman...
esizgina...
O‘rtoq Boqijon Baqoyevning ta’bi ochildi – sigir, uning
qulog‘idagi ko‘m-ko‘k kana, g‘o‘qillab tumshug‘i bilan ariq
yoqalarini buzib yurgan cho‘chqa ko‘z oldidan ketdi.


179
– Texnikumdan rabfakka o‘tibsan deb eshitdim, rostmi? –
dedi. – Hmm... yaxshi qilibsan. Rabfakka o‘t, deb men aytib
edim shekilli? Hmm... Auff, zarda bo‘libman... Rabfak yaxshi.
Men bir borgan edim. Kanselyariyaning eshigiga praktikum
deb yozib qo‘yipti. To‘g‘ri emas. Praktikum, minimum, mak-
simum – bular hammasi lotincha yoki lotinchaga yaqin so‘z-
lar. Men shaxsan shunday deb bilaman.
Biroz jim qolishdi.
– Boqijon aka, – dedi qiz uyalibroq, – bir narsani sizdan
so‘ramoqchi edim: biz sinfda Chexovning «Uyqu istagi»ni
o‘qidik, go‘dakni o‘ldirgan qizni sud qilmoqchimiz. Da’vogar
go‘dakning onasi – Rahima bo‘ladi, qoralovchi – Sharifjon.
Sudyalar ham bo‘ladi. Men qizni oqlab, butun gunohni uning
xo‘jayiniga, yosh qizni bu qadar berahm ekspluatatsiya qilgan
kishiga qo‘ymoqchiman. Mana shu... Shuni yozdim. Shu
to‘g‘rida sizning fikringizni bilmoqchiman. Chexov shunday
demoqchi emasmi?
O‘rtoq Baqoyev o‘ylab turib, so‘radi:
– Nafis adabiyot darsini sizlarga kim beradi? Hakimov?
Ahmoq odam! O‘z ustida ishlamaydi. Savol alomati hammavaqt
«mi» dan keyin qo‘yiladi desam, kuladi. Gap bunda ham emas...
Mukarram samovar ko‘tarib kirdi. Hamida irg‘ib turib,
samovarni opasining qo‘lidan oldi va stolga qo‘ydi. U homila-
dor xotiniga samovar ko‘tartirib, qarab o‘tirgan pochchasidan
o‘pkalamoqchi edi, biroq uyaldi, indamadi. O‘rtoq Boqijon
Baqoyev juda chanqab turgan ekan, ustma-ust to‘rt piyola
choy ichdi va terladi.
– Chuchvaradan keyin choy juda yaxshi ketadi-da,– dedi
yuzidagi terni artib. – Hmm... soqol ham o‘sipti, sartarosh
bo‘lmasa odamlar maymun bo‘lib ketar edi. Maymun juni
to‘kilib, odam bo‘lgan. Bu haqda Engelsning fikri bor...
– Haligini aytmadingiz, Boqijon aka, – dedi qiz. –
Chexov shunday demoqchi emasmi?
O‘rtoq Baqoyev yana bir piyola choy so‘radi.
– Chexovmi? Hmm... burjuaziya realizmi to‘g‘risida
so‘zlaganda eng avval uning obyektiga diqqat qilish kerak.
Burjuaziya realistlari tushungan, ular aks ettirgan obyektiv
voqelikni anglash lozim bo‘ladi. Turgan gapki, Chexovning
ijodi boshdan-oyoq, butun mohiyati bilan ilk burjuaziya


180
realizmi, ya’ni... hmm... Mukarram, tovuqqa moyak qo‘ydingmi?
Qo‘yish kerak, bo‘lmasa daydi bo‘lib ketadi... Tavba, tovuqdan
ahmoq jonivor yo‘q – moyak qo‘ysang tug‘adi! Nima uchun
moyak qo‘ysang tug‘adi? Xo‘roz nima uchun saharda qichqiradi?
Ajoyib psixologiya! Biologiya o‘qiysizlarmi?
Hamida biologiyadan nimalar o‘qiganini, bu o‘qish yilida
yana nimalar o‘tilajagini so‘zlab berdi va o‘zining oqlash
nutqida fiziologik asoslar ham ko‘rsatish niyati bor ekanini
aytib, yana so‘zni Chexov ustiga burdi.
– Hmm... – dedi Baqoyev, – Chexov to‘g‘risida o‘zim-
ning fikrim bor. Boshqalar nima desa desin, har holda uning
dunyoga qarashida... Uning dunyoga qarashi Pushkin va
Lermontovlarning dunyoga qarashidan farq qiladi. Bir davr,
bir sinf, bir mamlakat yozuvchilari bo‘lishlariga qaramasdan
mutlaqo farq qiladi!
– Chexov Pushkin bilan bir davrda yashagan emas-ku, –
dedi Mukarram, – bizning kutubxonada uning Maksim Gorkiy
bilan oldirgan surati bor. Chexov 1904-yilda o‘lgan bo‘lsa kerak.
O‘rtoq Baqoyev biroz o‘ng‘aysizlandi.
– Sizlar qaysi Chexov to‘g‘risida gapirayotibsizlar? Choy-
dan quy!.. Bu Chexov haqidami? To‘g‘ri, bu 1904-yilning
birinchi yarmidami, ikkinchi yarmidami o‘lgan... Boshqa
ro‘molcha ber, bundan piyoz hidi kelayotipti. Men ana u
Chexov, ilk burjuaziya realizmining namoyandasi bo‘lgan
Chexov haqida so‘zlayotibman.
– «Uyqu istagi» qaysi Chexovniki? – dedi Hamida.
– Hech shubhasiz, bu Chexovniki. Bu narsa birinchi marta
«Sovremennik» jurnalida bosilgan.
Shundan keyin o‘rtoq Boqijon Baqoyev uzundan-uzoq
so‘zlab ketdi. Uning nima to‘g‘rida so‘zlayotganini Hamida
bilmas edi. Detirding degan allaqanday mashhur tanqidchi
Shelling degan yozuvchiga «sen dastyorga zor bo‘lguncha
o‘g‘ling dastyor bo‘ladi», deb xat yozgan; Marks Dobrolyu-
bovni Mering bilan bir qatorga qo‘ygan; Stending degan
allaqanday bir dramaturg o‘lar chog‘ida Demping degan bir
tanqidchiga: «Agar butun jonivorlarni xudo yaratgan bo‘lsa,
men uning zavqiga qoyil emasman, echkiemar ham jonivor
bo‘ldimi?» degan... Hamidaning boshi og‘irlashib ketdi, ikki
marta sekin, og‘zini ochmasdan esnadi.


181
Hamida mezbonlar bilan xayrlashib ko‘chaga chiqqanda
qorong‘i tushgan edi, «Uyqu istagi» to‘g‘risida pochchasidan
hech qanday flkr ololmadi. Uning so‘zlaridan nima olgani
haqida o‘ziga hisob berar ekan, g‘uvillab turgan boshida
shundan boshqa hech narsa yo‘q edi: praktikum, minimum,
maksimum; Detirding, Stending, Shelling, Mering, Demping
ѕ
1937-yil

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə