Bozor va uning o`ziga xos tomonlari


Bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillari



Yüklə 32,18 Kb.
səhifə3/5
tarix24.06.2023
ölçüsü32,18 Kb.
#118816
1   2   3   4   5
32956-bozor va uning o`ziga xos tomonlari

Bozor iqtisodiyotining asosiy tamoyillari

Bozor iqtisodiyotiga o`tishning ham, uning samarali amal qilishining ham yagona va universal tamoyili yo`q, deb aytish mumkin. Har bir mamlakatning, har bir xalqning faqat o`ziga xos bo`lgan tarixiy, ijtimoiy va milliy qadriyatlari va xususiyatlari mavjud. Shuning uchun bozor iqtisodiyotiga o`tish davri ham har bir mamlakatda o`ziga xos tarzda kechadi va uning amal qilishida muayyan tafovutlar bo`lishi tabiiy. Shu bilan birga bozor iqtisodiyotini tizim sifatida belgilab beruvchi bir qator tamoyillar mavjud bo`lib, ularning asosiylari xususida to`xtalib o`tamiz.
Xususiy mulkchilikning ustivorligi. Iqtisodiy munosabatlar tizimida mulkchilik muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki moddiy ne`matlarni ishlab chiqarish, ayirboshlash va iste`mol qilish xarakteri asosan mulkchilik munosabatlariga bog`liq. Mulkchilikning sub`ektlari va ob`ektlari mavjud bo`lib, uning birinchisiga davlat, jismoniy va yuridik shaxslar kiradi. Ikkinchisiga esa, ya`ni ob`ektlariga, tabiiy resurslar, bino va inshootlar, asbob-uskunalar, qimmatbaho qog`ozlar, pul mablag`lari va aqliy mehnat natijalari kiradi.
Mulkchilik ob`ektlariga egalik qilish turli iqtisodiy tizimlarda turlicha bo`ladi. Rejali iqtisodiyot deb nomlanuvchi ma`muriy - buyruqbozlik tizimida mulkchilik ob`ektlariga asosan davlat egalik qiladi va xususiy mulkning ulushi juda ham kam bo`ladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida esa buning aksi, ya`ni mulkchilik ob`ektlarining aksariyat qismi xususiy mulkdorlar tasarrufida bo`lib, davlat mulki iqtisodiyotning asosini tashkil etmaydi.
Xususiy mulk asosan individual (bir shaxsga tegishli) mulk, oila mulki, jamoa mulki, shirkat mulki, qo`shma mulk, hissadorlik mulki, diniy tashkilotlar mulki shakllarida amal qiladi.
Shunday qilib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlarda iqtisodiyotning ikkita bo`lagi paydo bo`ladi. Ular xususiy mulkchilikning barcha shakllarini birlashtiruvchi nodavlat sektori va davlat tasarrufidagi mulkdan iborat davlat sektoridir. Bozor iqtisodiyoti tizimining samarali amal qilishi ko`p jihatdan ana shu ikkita sektorning nisbatiga bog`liq desa bo`ladi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shundan dalolat beradiki, xususiy mulkchilik hukmron mavqega ega bo`lgan holda, ya`ni tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish asosan iqtisodiyotning nodavlat sektorida mujassamlashganda, iqtisodiy taraqqiyot sur`atlari yuqori bo`ladi. Shuning uchun xususiy mulkchilikning ustivorligi bozor iqtisodiyotining eng muhim va asosiy tamoyillaridan hisoblanadi.
Iqtisodiy faoliyat erkinligi. Odamlarning o`z ehtiyojlarini qondirish bilan bog`liq bo`lgan faoliyati iqtisodiy faoliyat deb yuritiladi. Tovar va xizmatlarni yaratish, ayirboshlash va ularni iste`mol etishga qaratilgan iqtisodiy faoliyat bozor iqtisodiyoti sharoitida erkin kechadi. Xususiy mulkchilik bu tizimning asosini tashkil etgani tufayli erkin xususiy tadbirkorlik butun jamiyat iqtisodiy faoliyatining asosini tashkil etadi.
Xo`jalik yurituvchi har qanday sub`ekt (alohida shaxs, oila, odamlar guruhi, yuridik shaxslar va h.k) iqtisodiy faoliyatning o`ziga ma`qul va manzur bo`lgan hamda davlat qonunchiligi bilan ta`qiqlanmagan turini tanlaydi.
Inson o`zining jismoniy va aqliy layoqatini o`zi istagan soha (tovarlar ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish, savdo-sotiq, tijorat, vositachilik va hokazo)ga yo`naltirishi, o`zining pul mablag`laridan o`zi hohlagan maqsadlarda (biron bir tovar ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish, bank depozitlariga qo`yish, aktsiyalar sotib olish va hokazo) foydalanish huquqiga ega.
Biroq shuni ham aytib o`tish kerakki, bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy faoliyat erkinligining mavjudligi "kim nimani hohlasa qilaveradi" degani emas. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan har qanday davlat ham o`zining shart-sharoitlari va umumdavlat manfaatlaridan kelib chiqib, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning iqtisodiy faoliyatiga muayyan cheklashlar kiritadi.
Xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning teng huquqliligi. Iqtisodiy erkinlik xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning faqatgina iqtisodiy faoliyat erkinligida namoyon bo`lib qolmay, balki davlat tomonidan ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarda ham o`z ifodasini topadi. Soliqlar, jarimalar, turli xil imtiyozlar davlat tomonidan belgilanadi. Agar xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning biridan (masalan, xususiy firmadan) yuqori foizlarda soliq undirilsayu, ikkinchisidan (masalan, davlat korxonasidan) kamroq foizlarda undirilsa, bu, albatta, adolatdan bo`lmaydi va ijtimoiy noroziliklarga sabab bo`ladi. Qaysidir mulkchilik shaklidagi sub`ektlarga soliq yoki bojxona imtiyozlari berilsayu, kimlardir bundan mahrum etilsa, bunda ham xuddi shunday adolatsizlik ro`y beradi.
Demak, mulkchilik shaklidan qat`iy nazar, barcha xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning teng huquqligi bozor iqtisodiyotining muhim tamoyili hisoblanadi.
O`zini-o`zi boshqarish. Jamiyatdagi iqtisodiy faoliyatni boshqarishning ikkita turi mavjud bo`lib, ularning birinchisi yuqoridan beriladigan buyruq va ko`rsatmalar asosida boshqarish bo`lsa, ikkinchisi bozor munosabatlariga tayangan holda o`zini-o`zi boshqarishdir. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan mamlakatlarning xo`jalik amaliyotida o`zini-o`zi boshqarish muhim tamoyil hisoblanadi. Mazkur tizim sharoitida iqtisodiy taraqqiyotni davlat boshqaruvi va menejerlar tajribasi hamda donoligi ma`lum darajada belgilab beradi. Biroq hal qiluvchi omil bo`lib erkin bozor munosabatlari va erkin baholar xizmat qiladi. Adam Smit tomonidan "ko`rinmas qo`l" deb atalgan talab va taklif iqtisodiyotni nafaqat tartibga solib turadi, balki boshqaradi ham. Tovarlar va xizmatlarning taklifi talabga nisbatan ko`payib ketsa, narx-navo tushadi, aks holda ular ko`tariladi. Iqtisodiyotning qaysi tarmog`i yoki sohasi ko`proq daromad keltirsa, sarmoyadorlarning mablag`lari o`sha tomonga oqib kela boshlaydi. Sifatsiz tovarlar va xizmatlar yaratayotgan korxona va firmalar iqtisodiy jihatdan sinib, o`z-o`zidan yopilib ketadi. yuqori sifatli tovar ishlab chiqaruvchilarning omadi chopaveradi, chunki, bir tomondan, tovarga talab katta bo`lsa, ikkinchi tomondan, bu tovar yuqori baholarda sotiladi.
Shunday qilib, bozor mexanizmining o`zi iqtisodiy ob`ektlar va jarayonlarni o`zini-o`zi tartibga soluvchi va boshqaruvchi qilib qo`yadi, xo`jalik yuritishning eng oqilona usullarini tanlash, ishlab chiqarishning eng yangi texnologiyalarini joriy etishni tadbirkorlarning tabiiy ehtiyojiga aylantiradi.



  1. Yüklə 32,18 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə