Burxoniddin al-Marg'inoniylarning ilmiy merosi



Yüklə 0,81 Mb.
tarix27.12.2023
ölçüsü0,81 Mb.
#162643
Burxoniddin al-Marg\'inoniylarning ilmiy merosi

Burxoniddin al-Marg'inoniylarning ilmiy merosi

  • Burhoniddin Marg‘inoniy «Bidoyat ul-mubtadi’» («Boshlovchilar uchun qo‘llanma»)
  • Burhoniddin val-milla (islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor bo‘lishi
  • Burhoniddin Marg‘inoniyning bizgacha yetib kelgan asosiy fiqhiy asarlari

 Sharq musulmon olamida «Islom daraxti Arabistonda ko‘karib gullagan bo‘lsa mevasi Movarounnahrda yetilgan». degan hikmatli e’tirof bor. Ayni shu e’tirofning paydo bo‘lishiga sababchilardan biri islom huquqshunosligining ulkan namoyandasi Burhonniddin Marg‘inoniydir…
To‘liq ismi Abulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljalil al-Farg‘o-niy al-Rishtoniy al-Marg‘inoniy (1123 yil 23 sentyabr, Rishton tumani, Dahbet qishlog‘i — 1197 yil 29oktyabr, Samarqand)— buyuk faqih, imom. Dastavval otasi Abubakr ibn Abduljalil, so‘ng Simom Bahouddin Ali ibn Muhammad Asbi-jobiy qo‘lida tahsil ko‘rdi. Rishton, Marg‘ilon, Buxoro, Samarqand va Movoraunnahrning boshqa shaharlarida islomiy ta’lim olib, hanafiya mazhabining buyuk faqihi sifatida nom qozondi. Shayxulislom bo‘lib yetishdi. 1149 yili haj safariga bordi. Burhoniddin Marg‘inoniy Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
Burhoniddin Marg‘inoniy fiqh bo‘yicha asosiy asari «Bidoyat ul-mubtadi’» («Boshlovchilar uchun qo‘llanma»)ni hanafiya nazariyotchisi, shariat asoschilaridan Abul Hasan al-Quduriy va Muhammad ash-Shayboniy asarlariga tayanib yozgan. Burhoniddin Marg‘inoniyning ushbu kitobi nazariy asar edi, undan amaliy jihatdan foydalanish qiyin bo‘lgan. Shu sababli Burhoniddin Marg‘inoniy ning o‘zi 8 jildli sharh — «Kifoyat ul-Muntahiy» («Yakunlovchilar uchun tugal ta’limot»)ni yozishga qaror qilgan.
. Keyinchalik bu kitobi asosida «Kitob al-Hidoya» (qisqacha nomi «Hidoya» — «To‘g‘ri yo‘l»)ni yaratadi (1178). Burhoniddin Marg‘inoniy bu kitobda o‘sha zamonlarda mo‘min-musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalar, jumladan oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas’uliyatlariga taalluqli juda ko‘p murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtai nazaridan hal etib berdi. Mazkur kitob nafaqat Movoraunnahrda, balki butun islom sharqida bir necha tillarga tarjima etilib ma’lum va mashhur bo‘lib ketdi.
Bu kitob fiqh ilmi bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar bo‘lgan. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo‘yicha nufuzli huquqiy manba — asosiy qo‘llanma sifatida foydalanilgan . Shu sababli alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham «hidoyat yo‘lining sarboni» deya katta hurmat-e’tibor topdi. Burhoniddin val-milla (islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Alloma yana bir qancha asarlar yozgan: «Nashr al-mazhab» («Mazhabning tarqalishi»), «Kitob at-tajnis val-maziyd» («Fuqarolik huquqini taqvim etish»), «Kitob ul-faroiz» majburiyatlar haqida kitob»), “Ziyd fi furu ul-hanafiy”( «Hanafiya mazhabiga qo‘shimchalar») shular jumlasidandir. U o‘z asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulkchilikning turli shakllari (davlat va siyosiy mulkchilik), jinoyat va jazoning huquqiy jihatlarini, fuqarolik huquqi nazariyasi va amaliyoti, jinoiy ishni ko‘rish masalalarini batafsil yoritib berdi.
Bu asarlarda adolat tuyg‘usi, o‘z davrining huquqiy mezonlari asosida yashash, eganing mol-mulkiga ko‘z olaytirmaslik, haromdan hazar qilish, insof va diyonat, mehr-oqibat kabi tushunchalarning mohiyati ochib berilgan. Burhoniddin Marg‘inoniyning o‘zi hayoti davomida ana shunday insoniy fazilatlarga amal qilib yashadi. Ilmu urfon yo‘lidagi fidoyiligi, kamtarinligi, o‘z asarlarida biron marta ham «men» degan so‘zni ishlatmay, hokisorlik bilan izoh berishida ko‘rinib turadi.
Burhoniddin Marg‘inoniyning bizgacha yetib kelgan asosiy fiqhiy asarlari jumlasiga quyidagilar kiradi: 1. «Nashr al-mazhab» (Mazhabning tarqalishi); 2. «Kitob al-manosakul-haj» (Haj marosimlari haqida kitob); 3. “Kitob un-filfaroiz» (Majburiyatlar haqida kitob yoki Meros huquqi bo‘yicha kitob); 4. «Kitob at-tajniysu val-maziyd» (Ilmni ziyoda qiluvchi kitob yoki Fuqarolik huquqini taqvim etish kitobi); 5. «Muxtorot un-navozil» (Majmu’-unnavozil) (Nozil bo‘lgan narsalar majmuasi); 6. «Kitob ul-mashoyix» (Shayxlar haqidagi kitob); 7. «Maziydun fi furu’ ul-hanafiya» yoki “Ziyd fi furu ul-hanafiy” (Xanafiy mazhabiga qo‘shimchalar); 8. «Sharh al-Jomiy-al-Kabir Muhammad ash-Shayboniy» (ash-Shayboniyning «Jomi’u-kabiyr» asariga sharh); 9. «Bidoyat ul-mubtadi’» (Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim); 10. «Kifoyat ul-muntahiy» («Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim»). «Bidoyatul-mubtadi’» asari uchun yozilgan 8 jildlik sharh: 11. «Hidoya» («Kifoyat ul — muntahiy» asari uchun yozilgan
Afsuski, sanab o‘tilgan asarlar haqida to‘liq bir tasavvur yo‘qdir. Chunki o‘rta asr faqihlarining ko‘pgina asarlari kabi, Burhoniddin Marg‘inoniyning ham asarlarining hammasi bizgacha yetib kelmagan. O‘zbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar xazinasida allomaning bir qator asarlari qo‘lyozma nusxalari bor.
Allomaning eng mashhur va eng yirik asari «Hidoya» to‘rt jilddan iborat bo‘lib, uning har bir jildi turli muammolarni huquqiy yechimiga bag‘ishlangan.
Birinchi jild 5 kitobdan iborat bo‘lib, tahorat va amaliy ibodatlar (namoz, ro‘za, zakot va haj)ga bag‘ishlangan. Bu jild 47 bob va 37 fasldan iborat.
Ikkinchi jildiga nikoh, emizish, taloq, qullarni ozod qilish, topib olingan bolaning nasabini aniqlash, topib olingan narsa, qochib ketgan qullar, bedarak yo‘qolganlar, sherikchilik va vaqf huquqi kabi masalalar kiritilgan. Bu jild 60 bob, 36 fasldan tashkil topgan.
Uchinchi jildida (14 kitob) oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, pulni birovga o‘tkazish, qozilarning vazifalari, guvohlik, berilgan guvohlikdan qaytish, vakolat, da’vo, iqror bo‘lish, sulh, bir ishda pul bilan sherik bo‘lish, pulni saqlashga berish, qarz berish, sovg‘a, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, voliylik (patronat), majbur qilish, homiylik, qisman ozod bo‘lgan qullar va bosqinchilik xususidagi masalalar o‘rin olgan. Bu jildda 36 bob, 37 fasl bor.
To‘rtinchi jildida (76 kitob) esa shafoat, merosni taqsimlash, dehqonchilik hamda bog‘dorchilik xususida shartnoma, qurbonlikka so‘yishadigan jonzod haqida, umuman qurbonlik qilish haqida, shariatga zid yomon narsalar haqida, tashlandiq yerlarni o‘zlashtirish xususida, taqiqlangan ichimliklar haqida, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi to‘lash, vasiyat kabi masalalar yoritilgan. Bu jild 23 bob, 38 fasldan iborat.
Burhoniddin Marg‘inoniyning ilmiy merosi hozirda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Jahondagi ko‘p oliy o‘quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqh ta’limoti asosida o‘rganiladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng uning ilmiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, asarlarini chop etish ishlariga katta e’tibor berila boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan Burhoniddin Marg‘inoniy vafotining 800 yilligi (1997), tavalludining 910 yilligi (hijriy sana bo‘yicha) (2000) keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg‘ilon shahri markazida Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu yerda uning ramziy maqbarasi o‘rnatildi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017.
2. Saidov A.X.Burhoniddin Marg‘inoniy buyuk huquqshunos. – Toshkent, 1997.
3. Nodirbek Abdulahatov, Tolibjon G‘oziyev. Burhoniddin Marg‘inoniy: tarixiy haqiqat va asotirlar. – Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2010.
4.Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
5. www.ziyo.uz.
Yüklə 0,81 Mb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə