Dunyoni estetik idrok etishning mohiyati Estetikaning zamonaviy yondashuvlari Estetik tarbiyada ijodning o‘rni



Yüklə 76,55 Kb.
səhifə8/9
tarix27.09.2023
ölçüsü76,55 Kb.
#124003
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Dunyoni estetik idrok etishning mohiyati Estetikaning zamonaviy

Xalq amaliy san’ati
San’at turlari ichida eng qadimiysi xalq amaliy san’at hisoblanadi. Inson dunyoga kelibdiki, yashash uchun kurashib keladi. U o‘zini dastlab tabiat injiqliklaridan saqlashga, kunning issiq va sovug‘iga moslashishga harakat qilib shunga loyiq zaruriy moslamalar topishga intildi. Tevarak atrofidagi hayvonot olamidan o‘zini saqlash uchun yog‘och, toshlardan foydalanib qurol yasashga kirishdi. Albatta bu moslama va qurollar dastlabki paytlarda insonning jismoniy harakati natijasida yuzaga kelgan, lekin asta inson tajribasi ortib borishi natijasida bu qurol va moslamalar inson hissiyotlari bilan boyib borgan, uning turlari ortgan. Bugungi kunda xalq amaliy san’at iborasi keng ma’noga ega. Bular - kundalik turmushda ishlatiladigan turli uy anjomlar, mehnat, ov, jang qurollari, mebel, gilamlar, so‘zanalar, turli matolar va h.k. - xullas odamlar kundalik shaxsiy va ijtimoiy turmushida amalda ishlatiladigan jamiki bor buyumlar san’atning shu turiga birlashtiriladi. Ko‘rinib turganidek, inson ishlatadigan buyumlar juda ko‘p va shu har bir buyum o‘zining ishlatilish o‘rniga qarab xalq amaliy san’atning ma’lum yo‘nalishini belgilaydi. Masalan, qurolsozlik, pichoqchilik, kulolchilik, naqqoshlik, zargarlik va h.k.
Xalq amaliy san’at asarlari o‘z yo‘nalishi va turlari nafaqat ishlatilish mazmuniga qarab, balki shu buyumni qanday ishlanishiga qarab ham nomlanadi, masalan, o‘ymakorlik, kandakorlik, to‘qimachilik, matoga gul bosish(naboyka) va h.k. Amaliy san’at asarlari faqat amaliy ahamiyatga ega bo‘lib qolmay ular insonning ma’naviy olamining ajralmas qismi ham hisoblanadi. Amaliy san’at bevosita bezak san’ati tarkibida bo‘lib uni amaliy bezak san’ati deb ham yuritiladi. Shundan xulosa chiqarib aytish mumkinki, amaliy san’at asarlari bir tomonda amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan va kundalik turmushda bevosita inson ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan buyumlar kirsa, ikkinchi tomondan bezatish vazifasini bajarishga qaratilgan va insonning ma’naviy ruhiy ehtiyojlariga ta’sir etadigan turiga ajratish mumkin. Inson o‘z faoliyati davomida ishlatadigan buyumlarning hammasi ham amaliy bezak san’atiga aloqasi bo‘lmasligi mumkin, lekin shu buyumga inson mehrini singdirilishi, rassom mehnati, hatti-harakati tufayli uning badiiy qiymati ortishi mumkin, masalan turli liboslar, taqinchoqlar va x.k.
Xalq amaliy san’ati buyumlari inson yashaydigan muhitni badiiylashtirib me’moriy-fazoviy kenglikni tashkil etdi va bu muhit o‘z navbatida insonni ham o‘z domiga tortib yaxlit badiiy obraz yaratadi. Undagi buyumlar shu muhitda idrok etilib davr mazmunini anglatadi, his etishga ko‘maklashadi.
Xalq amaliy san’at asarlaridagi badiiy obraz ta’sirchanligi va emotsional tomoni yaratilgan buyumlarga tabiat shakllariga o‘xshaydigan ko‘rinishlar berish orqali ham, masalan buyum shaklini gul, barg, qush, hayvon, odam yoki ularning bo‘laklarini eslatuvchi shakllar orqali kuchaytirilishi mumkin. Natijada oddiy kundalik turmushda qo‘llashga mo‘ljallangan buyum badiiy asarga aylanib uning qiymati ortadi. Hayvonlar, ularning bo‘laklari ishlatilgan buyumlar, masalan mushuk, kuchuk, maymun va h.k. ba’zan ustalar ishida (jahon xalqlari amaliy san’atida)uchrab turadi. Bu, albatta, foydalanuvchi va usta- yaratuvchining didi, e’tiqodi bilan bog‘liq. Xalq amaliy san’atining ta’sirchanligini oshirish va bezak berishda ranglar, ularning o‘zaro nisbati och-to‘qligi, nozik tuslanish va bir-biri bilan kirishish va qorishish xususiyatlari, turli naqshlar va tasviriy san’at (rassomlik va haykaltaroshlik), ularning qismlaridan foydalanish mumkin. Tasviriy san’at va naqsh unsurlari amaliy san’at asarlarining bezak berish jarayonida ishtirok etish bilan birga yaratilgan buyumning shakliga singib ketishi mumkin. G‘oyaviy-badiiy mazmunni aks ettirish uchun ko‘p asrlar davomida bezakli-amaliy san’atning o‘z «tili» shakllangan. Mutanosiblik, vazn-ohang, tomonlar tengligi va bezak bu san’at turining muhim xususiyatlaridir.
Naqsh (arab. — tasvir, gul) — qism (taqsim)lari muayyan tartibda bir maromda takrorlanishidan hosil bo‘ladigan handasiy shakllar, o‘simlik, qush, hayvon va boshqalarning uslublashtirilgan tasvirlaridan tarkib topgan bezak (gul). Turli narsalar (ashyolar, qurol, mato, mebel, kitob va t.k.), me’moriy inshootlar (ham ichki, ham tashqi bezaklar), nafis san’at (asosan, amaliy san’at) asarlarida keng qo‘llanadi. Narsaning sirtini bezayotgan naqshuningtuzilishini yuzaga chiqaradi va uning badiiy sifatini oshiradi. Naqsh yo mavhum shakllardan tuziladi, yo aniq mavzulardan uslublashtiriladi. Ishlanayotgan xomashyosiga ko‘ra, naqsh ishlashning turli-tuman uslub va usullari mavjud: o‘yma (ganch, yog‘och, mis, tosh, marmar va boshqalar), bo‘yama (qog‘oz, mato, ganch, yog‘och, sopol va boshqalar), chok yordamida tikma (kashtado‘zlik, zardo‘zlik va boshqalar), zarb qilib, quyib (zargarlik, misgarlik va boshqalar), to‘qima (gilamchilik, to‘qimachilik va boshqalar), qadama (inkrustatsiya, panjarasozlik va boshqalar) va boshqalar.
Naqshning paydo bo‘lishi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Xalq amaliy san’atining har bir turida (xususan, kashtado‘zlik, gilamchilik, o‘ymakorlik, ganchkorlik, naqqoshlik kabi) naqshning shakliy imkoniyatlari naqadar keng va boy ekanligi yaqqol kuzatiladi. O‘rta Osiyoda naqshlar keng tarqalgan bo‘lib, ular, asosan, 2 turga bo‘linadi: handasiy shakl va chiziqlardan iborat eng murakkab naqsh turi — girih, keng tarqalgan o‘simliksimon naqsh — islimiy.
Har bir naqshning o‘z qonun-qoidalari bor: taqsim va bo‘laklar aniq o‘lchamda, uyg‘un bo‘lishi, ranglar did bilan tanlangan, o‘zaro mutanosib bo‘lishi lozim. Bu naqqosh ustadan katta mahorat, malaka talab qiladi. O‘simliksimon naqsh tabiatdagi barg, band, daraxt, buta, g‘uncha va boshqa narsalarni naqqosh tomonidan stillashtirilib olingan ma’lum qonuniyatlar asosida takrorlashtirishdan hosil bo‘ladi. Barg islimiy naqsh elementlari sirasiga kirganligi sababli nozik, nafis ko‘rinishlarda tasvirlanadi. Naqqoshlar tol, anor, xurmo, bodom, sambit, xina, atirgul, uzumlar va shu kabi barglarni stilizatsiyalashtirib naqsh kompozitsiyasini tuzishda qadimdan foydalanib kelganlar. Gullar –islimiy naqsh elementi bo‘lib, naqshlarga pardoz berilgandan so‘ng yanada ko‘rk bag‘ishlanadi. Gul elementlari asosan naqsh shakllarining markaziy qismlariga joylashtiriladi. Gullarning ham behisob turlari mavjud bo‘lib, o‘ziga xos nomlar bilan ataladi. Gul turlari oddiy va murakkab ko‘rinishdagi oygul, lola, paxtagul, chinnigul, pistagul, karnaygul, safsargul, atirgul, nargizgul va h.k.
Novda –o‘simliksimon naqsh elementi sirasiga kiradi. Gul, barg, mevabarg va boshqa elementlarni o‘zaro bog‘lab biriktirib to‘ldiradi. Namoyonruta, morpech, muhabbat, turunj va turli murakkab naqsh kompozitsiyalarida novda elementlari yakka va qo‘sh bandlarda uchraydi.
Tanob-naqsh namunalaridan asosiy shakl yo‘llarini yasaydi, bunday shakl nomlari mehrob, medohil qalampir, gardish va shu kabilar bilan ataladi.
Madohil-islimiy naqsh elementi. Madohil lola, tumor, uchburchak ko‘rinishni eslatuvchi shakllar misolida uchraydi.
Shukufa-islimiy naqsh elementi. Qisqacha shukufta deb ham ataladi. Shukufta asosiy shakl yasovchi elementlarni kurtak-gajak ko‘rinishlarida o‘zaro bog‘laydi.
Ramziy naqshlar-kabutar, sher baliq, davlat gerbi va boshqalarning stillashtirib tasvirlangan elementlardan tashkil topadi.
Shuningdek, gajaksimon va zanjira kabi ko‘plab naqsh turlari mavjuddir.
Geometrik naqsh turlaridan biri girih bo‘lib, chigal tugun ma’noni anglatadi. Handasiy naqsh murakkab naqsh turi. Geometrik naqsh murakkab naqshdan iborat bo‘lib, to‘rtburchak, uchburchak, aylana va yoylardan ko‘pburchaklardan iborat bo‘ladi. Tuzilishi jihatdan to‘g‘ri chiziq va aralash chiziqlardan tashkil topgan girihga bo‘linadi. Geometrik naqsh uzluksiz rapportlardan tashkil topgan bo‘lib, har bir rapport o‘z tuzilishiga ega bo‘ladi. Ovropada arabeska deb yuritiladi.
Gulli guruh o‘simlik va geometrik naqsh elementlaridan tashkil topgan. Uning elementiga yuqorida sanab o‘tilgan geometrik va o‘simliksimon naqshlar kiradi. Buxoro naqshlari eng murakkab, mukammal va jozibador bo‘lib, ko‘p asrlik ijodiy mehnat an’analari samarasidir; Naqsh, bezak bo‘lish bilan birga binokorlikning ajralmas qismiga aylangan. Juda murakkab girihlar puxta o‘lcham bilan ishlangan, gul naqshlari o‘ziga xosligi bilan (gul naqshda vaza, kosa, guldonlar uslublashtirilib, ularda gul butalari aks ettirilgan, yaproq, mevalar tasvirlari bir maromda berilishiga alohida e’tibori bilan) ajralib turadi. Xiva naqshi (yulduzlar hosil qiluvchi girihlar orasida o‘simliksimon gullarni mahorat bilan joylashtirilishi, barg shaklidagi bezaklarning ko‘pligi, o‘simliksimon tasvirlar zich, ko‘p va turli-tumanligi bilan mashhur. Farg‘ona naqshlari Marg‘ilon, Xo‘jand, Qoqqon, Farg‘ona, Namangan va boshqa shaharlarda vujudga kelgan uslublardan iborat. Me’moriy yodgorliklar (Qo‘qondagi Modarixon daxmasi va Daxmai shohon), XIXasrda yaratilgan naqshlarda sodda rang-baranglik (sariq, qizil, yashil, qora, oq, ko‘k, pushtirang), naqsh qismlarining ancha jo‘nligi ko‘zga tashlanadi. Farg‘ona naqshining o‘ziga xos jihatlari: bino devorlariga mehrobi namoyonlar ishlanib, ular hoshiya naqshlari bilan bir-biridan ajratiladi, hoshiyalar orasiga girih, qolgan qismlarga o‘simliksimon gullar ishlanadi. Ularda Buxoro, Xiva naqshlarining ta’siri seziladi. XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi naqshlarda Ovropa naqshlarining ham ta’siri bor.
Kulollik, zardo‘zlik, kashtado‘zlik, gilamchilik, zargarlik, kandakorlik va boshqa sohalarda naqsh bilan bezatilgan badiiy buyumlar turmushga fayz kiritadi. Bezaklarda "kundal", "mehrobi", "bodom", "buta", "chorgul", "shobarg", "oygul", "zanjira" naqsh turlari ko‘p uchraydi.
Ko‘pincha naqsh geometrik va tasviriy tomonlar vaznli almashinib turishiga chekilgan bezak ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Naqshlarda vazn teng tomonlilik, mutanosiblik hissi kuchli namoyon bo‘ladi va qaror topadi. Unda hodisalarning bevosita tuyg‘uli obrazidan mavhumotga yo‘g‘rilgan his-tuyg‘ular qaror topadi. Naqshda tasviriy tomon bo‘lishi mumkin («o‘simlik» yoki «jonivor» naqshlari), ammo u yordamchi vazifani ado etadi. Naqsh quvonch va qayg‘u, osoyishtalik va bezovtalik kabi eng umumiy estetik tuyg‘u va kayfiyat holatlarini ifodalaydi.
Tarixiy taraqqiyotning turli davrlarida u yoki bu g‘oyaviy-tuyg‘uli ohanglar naqshda ustivor darajada namoyon bo‘ladi. Xalq hayoti va uning ruhiy holati xususiyatlari geometrik, o‘simlik yoki jonivorlar mutanosibliklarida bajarilgan yetakchi naqsh ohanglarida ifoda topadi.
O‘zbek milliy naqshi aniq syujet bilan bog‘lanmagan holda geometrik shakllarning teng tomonligi vazni va mutanosibligi asosida qaror topgan bo‘lib, me’morchilik (masjid, minora, maqbara, madrasa va boshqalar) va amaliy san’at (zardo‘zlik, gilamdo‘zlik, kulolchilik, duradgorlik, tikuvchilik)da bezak vazifasini bajaradi. Naqsh islom sharqi xalqlari madaniyatida, shu jumladan, Movarounnahrda me’morchilik, kitobat san’ati (xattotlik), hunarmandchilik rivojlanib, ilohiy va dunyoviy mazmunga kuchli ta’sir quvvatiga ega bo‘lgan edi. Naqsh narsa-buyumning bezakli bo‘lishiga xizmat qilish bilan birga, o‘zi ham mustaqil amal qiladi. Naqsh boshqa san’at turlari, ayniqsa, me’morchilik, haykaltaroshlik, kitob rasmi kabilar bilan osongina birikadi va yaxlitlik hosil qiladi.
Biz yuqorida dizaynda ham, san’atda ham, badiiylik xususiga ko‘p to‘xtaldik. Badiiylik esa avvalambor badiiy obrazda namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, badiiy obraz nafosatshunos olimlar tomonidan estetika faning subyektiv kategoriyalari tizimiga kiritilgan bo‘lib estetika fanining kategoriyalaridan biri deb tasniflanmoqda.

Yüklə 76,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə