7-mavzu: gnoseologiya – bilish nazariyasi. Reja



Yüklə 174 Kb.
səhifə1/5
tarix26.05.2023
ölçüsü174 Kb.
#112993
  1   2   3   4   5
7-MAVZU. GNOSEOLOGIYA – BILISH NAZARIYASI


7-MAVZU: GNOSEOLOGIYA – BILISH NAZARIYASI.


Reja:

  1. Inson bilishining tabiati va mohiyati

  2. Inson bilishining turlari va shakllari

  3. Haqiqat va amaliyot

  4. Falsafa tarixida bilishga oid qarashlar evolyusiyasi

  5. Falsafa tarixida haqiqatga munosabat

  6. Haqiqatning asosiy shakllari va konsepsiyalari

Tayanch tushunchalar: bilish, bilishning sub’ekti, ob’ekti va predmeti, oddiy bilish, ilmiy bilish, hissiy bilish, mantiqiy bilish, intuitiv bilish, g‘oyibona bilish, aqliy bilish, haqiqat, nisbiy haqiqat, mutlaq haqiqat, dogmatizm, relyativizm, ilmiy bilish metodlari, metodologiya, bilishning empirik darajasi, bilishning nazariy darajasi.

Inson bilishining tabiati va mohiyati.Insonning dunyoga munosabatlaridan biri bilishdir. Inson hayoti davomida faqat tabiat va jamiyatnigina bilib qolmasdan, balki o‘zini, o‘zining ruhiy-ma’naviy dunyosini ham bilib boradi.


Bilishni falsafa va boshqa hamma aniq fanlar o‘rganadi. Aniq fanlar dunyoning turli konkret tomon, qonuniyat va xususiyatlarini ochib beradi.
Falsafa esa inson bilishining tabiati va mohiyatini tushuntiradi. Falsafada inson bilishining tabiati va mohiyati haqida har xil ta’limot, qarash va nazariyalar kelib chiqdi.
Bir guruh faylasuflar fikricha, inson, uning ongidan tashqari dunyo mavjud emas, Boshqa bir guruh faylasuflar esa inson dunyoni to‘liq bila olmaydi, deb, inson bilishini cheklaydi. Skeptitsizm1 ta’limoti vakillari inson bilishining nisbiyligi, uning turli sharoit va vaziyatlar bilan bog‘liqligini aytib, isbot talab qilmaydigan inson bilimlarining bo‘lishi mumkinligiga shubhalanadilar. Agnostitsizm2 vakillari inson dunyoni bilishga qodir emas, degan g‘oyani ilgari suradi. Masalan, ingliz agnostik faylasufi D.Yum ta’limotiga ko‘ra, bilish ob’ekti ob’ektiv borliq emas, balki sub’ektiv sezgi va idroklardir, ular chegarasidan tashqarida nima borligini bilib bo‘lmaydi.
G‘arb falsafasi, xususan, nemis mumtoz falsafasi vakili I.Kant bu masalalarni o‘zining transsendental bilimlar sohasidagi qarashlarida ifodalashga harakat qilib, ularni aprior masalalar, deb ta’rif va tasnif qilgan3. U inson va uning ongidan tashqarida ob’ektiv borliqning mavjudligini e’tirof qilib, predmet-hodisalarni «narsalar biz uchun» va «narsalar o‘zida» ga bo‘ladi. Uningcha, «narsalar biz uchun»(predmet va hodisalar, tabiat)ni inson bila oladi, «narsalar o‘zida»(erkinlik, o‘lmaslik, g‘ayritabiiy kuchlar, Xudo)ni esa hech qachon to‘liq bila olmaydi. I.Kant bilish nazariyasida e’tiqodni mustahkamlash uchun aqlni tanqid qiladi. U inson aqlini nazariy va amaliyga bo‘ladi: amaliy aql cheklangan, inson tajriba va amaliyot yordamida har qanday bilimga ega bo‘lavermaydi. Inson bilishida tajribasiga bog‘liq bo‘lmagan aprior (lotincha aprior tajribadan oldin, azaldan) tug‘ma bilimlar bo‘ladi.
I.Kantning fikricha, falsafiy bilimlar aprior bilimlardan iborat. Ilmiy bilimning ishonchliligi va haqiqatliligi uning eng umumiyliligi va zaruriyligi bilan belgilanadi. Xullas, Kant bilish nazariyasini ilk marta falsafiy muammo sifatida atroflicha tahlil qilgan faylasufdir.
Agnostitsizm, skeptitsizm bilan birikib, nigilizmga olib keladi.
Ilm va fan yutuqlariga asoslangan faylasuflar, jumladan, qadimgi yunon faylasuflari esa insonning dunyo va o‘zini bilishni hamisha e’tirof etib kelganlar. O‘rta asr Markaziy Osiyo mutafakkirlari: Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, A. Navoiy qarashlaricha, inson tabiat, jamiyat va o‘zini bilishga qodir, inson bilishi sezgi va idroklardan boshlanib, tafakkurga, ma’lum narsalardan noma’lum narsalar tomon rivojlanib boradi. Inson aqli – faol, u inson bilishining asosiy qurolidir4.
Islom falsafasining uslubiy yondashuvlarida ko‘rsatilishicha, ilmga berilgan ta’rif quyidagicha: ilm kuzatuv, tajribalar, xulosalar asosida vujudga kelgan qonun-qoidalar va faoliyatlardan iborat jarayondir. Shuningdek, “metafizika, axloq kabi o‘z tarkibiga qonunchilik bilan jamiyat tartib-tizimlarini qamrab olgan sohalar ham borki, bularning bari agar aql (mantiq)ga asoslansa, biz uni falsafa deymiz”, degan qarash shakllangan. Islom ta’limotiga oid ko‘pgina manbalarda falsafiy va tabiiy-ilmiy bilimlar tadqiq etilishining nazariy-uslubiy asoslari ilmning islomdagi doirasiga tayanilib amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, “ilm” so‘zining ma’nosini faqat zamonaviy ta’rifdan kelib chiqib tushunish to‘g‘ri emas. Chunki, yuqoridagi ta’rif materiyaga taalluqli bo‘lib, bu ta’rifdan borliq: osmon va yer hamda bular orasidagi olam bilan chegaralaniladi, degan xulosa kelib chiqadi. Mazkur ta’rifni falsafiy jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, borliqning ortida nima bor? Borliqdan avval nima bor edi-yu, undan keyin nima keladi? degan masalalar ochiq qolganligiga iqror bo‘lamiz. Shuning uchun islom falsafasida birorta olim yoki faylasuf na ilohiylik, na payg‘ambarlarga vahiy yuborilishini va g‘aybga tegishli narsalarni inkor etmagan.
Olim T.Karimov fikricha, “dunyoviylik” tushunchasi qadimgi sharq merosida bayon qilingan bo‘lsada, Platon asarlaridan so‘ng falsafada bilish ta’limotining asosiy tushunchasi sifatida konkret mazmunga ega bo‘lgan.
Platon ta’limotiga ko‘ra, dunyoning mohiyati dastavval moddiy bo‘lmagan fikr va g‘oyalar tarzida mavjud bo‘lib, aql yordamida bilib olinadi. Tub mohiyatni anglash alohida qobiliyat egalariga xosdir. Biroq dunyoning mohiyatini narsa va hodisalarning sifat va xususiyatlarini o‘rganish asnosida ham bilib olish mumkinligi inkor etilmaydi, ya’ni tevarak-atrofimizdagi buyumlar bilan inson bevosita sezgi a’zolari orqali o‘zaro muloqotda bo‘ladi. Lekin bu bilish jarayoni mashaqqatli bo‘lib, kishilardan mehnat va vaqt talab qiladi. U his qilish a’zolari orqali narsa va hodisalarning belgilarini qiyosiy tahlil qilish, umumlashtirish shaklida sodir bo‘lib, ularning o‘zgaruvchan xususiyati sababli, nisbiy xarakter kasb etadi. Aqlga nisbatan ikkinchi darajali hisoblangan hissiy bilishda dunyoning mohiyati to‘g‘ridan to‘g‘ri aks ettirilmaydi.
Aristotel ta’limoti ustozi Platondan farqli ravishda, dunyoning mohiyati ana shu dunyoni tashkil etib turgan narsa va hodisalarni o‘rganish orqali oydinlashadi, degan qoidaga qurilgandir.
Demak, bu ta’limotlardan ko‘rinadiki, dunyoning mohiyatini anglatuvchi, g‘oyibdan alohida kishilarga (masalan, payg‘ambarlarga) tayyor holda berilishi mumkin bo‘lgan va e’tiqodga asoslangan ya’ni din nuqtai nazaridan bevosita ishonish talab qilinadigan yoki aqliy muhokama qilinmaydigan bilimlar diniy bilimlardir. Dunyoviy ilmlar esa mazkur dunyoni tashkil etuvchi narsa, hodisalarning xossa va sifatlarini o‘rganish orqali orttirilgan bilimlar sababli hosil bo‘ladi.
Ushbu masalada islom falsafasi vakillarining yondashuvlari quyidagicha: Abu Nasr Forobiy fikricha, “Ilm qilish uchun, avvalo tabiatni bilish kerak, chunki u bizning sezgi organlarimizga yaqin, so‘ngra falsafani bilishga o‘tish kerak”5. Ya’ni sezgi tasavvur etishga bir vositadir. Bilish tasavvurdan boshlanib, tasdiqda tamom bo‘lishini nazarda tutsak, mantiqiy xulosalar doim hayot sinovlarida o‘z tasdig‘ini topishi lozimligi ayon bo‘ladi. Forobiyning izdoshi Abu Ali ibn Sino ta’limoti bo‘yicha, “...sezgi narsani to‘la bilolmaydi, faqat tafakkur to‘la bilishi mumkin. Ko‘z ko‘rganda narsaning rangidan tashqari uzunligi, bo‘yi, eni, shakli, shuningdek, harakatdami yoki jim turibdimi, hidi, qattiq-yumshoqligi, bularni ham bilib oladi. Sezish tez o‘zgaruvchanlikni payqaydi”. Ya’ni aksidensiyalar sezgi doirasida, substansiyalar tafakkur doirasida bilinadi. Abu Rayhon Beruniyning yozishicha, bilish ikki xil yo‘nalishda bo‘ladi: 1) sezgi orqali hozirgi narsalarni bilish; 2) xotira orqali tarixni bilish. Olim O.Fayzullaev tadqiqotidan ma’lum bo‘ladiki, Sharq mutafakkirlari yigirmadan oshiq ilmiy tadqiqot usullarini kashf etganlar.
Demak, IX–XI asr Sharq mutafakkirlari dunyoviy ilmlarni boshqa ilmlardan ajratib olishda, mantiq talablariga mos kelishlik va tajribada sinab ko‘rish yo‘li bilan haqiqatni aniqlashga alohida e’tibor berganlar. Shuning uchun dunyoviy ilmlarga qo‘yilgan talablar ilmning zamonaviy ta’rifida o‘z ifodasini topdi.
Tadqiqotchi S.Oqilovning yozishicha, Abul Mu’in Nasafiyning “Tabsiratul adilla” asarida “Ilmning ta’rifi”, “Haqiqat va ilmlar isboti haqida so‘z”, “Ma’rifat (bilish) omillari haqida” fasllar bor. Nasafiy moturidiya maktabi vakili sifatida ash’ariylar va mu’taziliylarning ilm va bilish haqidagi ta’riflarini tahlil etgan.
Ash’ariya va moturidiya olimlari ahli sunnaning ajralmas vakillari bo‘lsa-da, ular o‘rtasida kichik farqlar borligi ma’lum bo‘ladi.
Mu’taziliy Abu Ali al-Jubboiy shunday deydi: “Ilm – bir narsa qanday bo‘lsa zarurat va dalil bilan, shunday, deb e’tiqod qilish”.
Ash’ariy Abu Bakr al-Boqilloniyga ko‘ra: “ilm bir narsani qanday bo‘lsa, shunday deb tanimoq”dir.
Ba’zi ash’ariylar: “Ilm – bir narsani qanday bo‘lsa, shunday idrok qilmoq”.
Nasafiy fikricha, ilm e’tiqod emas. Chunki Alloh alimdir (hamma narsani biluvchi), mo‘taqid (e’tiqod qiluvchi) emas. Shuningdek, Alloh “Orif” sifati bilan tanilmagani bois, “ilm” va “ma’rifat” tushunchalari bir-biridan farq qiladi. U ba’zi ash’ariylarning “Ilm biluvchini “Olim” deb atalishiga vojib qiluvchi narsadir va ilm shunday sifatki, unga ega bo‘lgan zot olimdir”, degan fikriga qo‘shilsa-da, Abu Mansur Moturidiyning quyidagi ta’rifini eng to‘g‘ri deb topadi: “...ilm shunday bir sifatki, ilm egasi bo‘lgan zot unga tajalli qiladi (o‘sha sifat orqali namoyon bo‘ladi)”.
Professor O.Fayzullaev “Falsafa va fanlar metodologiyasi” kitobida bahs yuritgan ilmiy bilishning tasavvuf uslubiga ko‘ra, “til bilimi”dan “qalb bilimi” ajratiladi. Qalb bilimi, avvalo, qalbning o‘zini bilishdan boshlanadi. Qalbni bilish asosida “voris bilimi” yotadi. “Voris bilimi” dunyo haqidagi tushunchalardir”. Buni aql – miyadagi bilim, ilohiy ilm esa, qalbdan joy oladi, deb izohlash mumkin.
Tasavvuf falsafasi vakillari insonning hissiy bilishi – tashqi bilishni, aqliy bilish – ichki bilishni tashkil qilishi, ularning o‘zaro bog‘liqligini uqtirganlar. Inson dunyoni va o‘zini bilishi uchun o‘qib o‘rganish, bilim va hunarlarni egallash jamiyatda boshqa kishilar bilan o‘zaro muloqotda va munosabatda bo‘lish orqali kamolotga erishmog‘i lozim: “Odam Xudoni bilish uchun o‘z-o‘zini bilishi kerak ekan, o‘z-o‘zini bilish o‘zi haqida axborot yig‘ishigina emas, balki ayni paytda emotsional o‘zgarib borib nopok xususiyatlardan tozalanish, shu yo‘sinda ichki dunyosini boyitib oliy bilishga o‘tiladi. O‘z-o‘zini, shuningdek, tabiatni bilish – bu odamning o‘ziga, qobiliyatiga, niyatiga, xatti-harakatiga va sharoitiga bog‘liq. Bu – Allohni bilishning, oliy bilish yo‘lining bir qismidir. Ya’ni substratidir. Shu substratga tabiat bilimlaridan tashqari arifmetik bilimlar, huquq bilimlari, har xil ilmiy munozaralar kiradi”6. Bizningcha ham, bilimdonlik ichki dunyoning pokligi bo‘lib, insonning ichki holati tashqi xatti-harakatiga mos bo‘lgani ma’qul.
Yangi davr (XVI – XVIII asrlar) Yevropa falsafasida ilm bilim sohalari orasidagi farqlanish va tizimlarni osonlashtirish maqsadida insonning malakalari hamda sezgisiga muvofiq ravishda turlarga bo‘lingan edi. Unga ko‘ra, “tashqi belgilari ko‘rinib turadigan, zehn orqali idrok qilinadigan makon” materiyadir. Olimlar idrok qilinadigan makonni “ilm” deb atashdi. Mantiq amal qiluvchi soha ikki qismga bo‘lindi: 1. Matematika va aniq fanlar. 2. Ilohiyot (Teologiya).
Bu masalada ilohiyot va axloq faqat aqlga asoslangan bo‘lib, bunday g‘oyalar tizimi falsafa ilmida o‘z aksini topdi.
Ingliz faylasuflaridan F.Bekon shunday deydi: inson bilishi sezgilardan boshlanadi, bilishning manbai tajribadir, sezgilar orkali olingan dalillarni inson tafakkur yordamida qayta ishlab chiqadi. Uningcha, inson bilish jarayoni fan va amaliyot bilan bog‘liq. Fransuz faylasufi Dekartga ko‘ra, birdan bir to‘g‘ri bilish tafakkurdir. Inson bilishning haqiqatliligi tajriba emas, balki aql bilan aniqlanadi. Demak, u bilishda sezgi a’zolari faoliyatiga ishonmaydi.
Fransuz ma’rifatparvarlari: Didro, Golbax, Gelvesiy, Volter va Lametrilar esa sezgilar tafakkurning asosi, ular inson bilishining quyi boshlang‘ich bosqichi, tafakkur esa eng yuqori, murakkab bosqichi ekanligini ta’kidlashadi.
Nemis klassik falsafasi namoyondasi Gegel: inson bilishi mutlaq ruhning inson qiyofasida o‘z-o‘zini anglashidir, deydi. L.Feyerbax fikricha, inson bilishi tabiatning uning sezgilar va tafakkuridagi to‘g‘ri in’ikosi. Sezgilar bilish jarayonining boshlang‘ich bosqichi, ular insonni tashqi dunyo bilan bog‘laydi, insonni tabiat bilan tanishtiradi, lekin tabiatni tushuntirmaydi. Inson bilishining yuqori bosqichi tafakkurning asosiy vazifasi ma’lumotlarni to‘plash, qiyoslash, tahlil qilish, izohlash, umumlashtirish asosida xulosalar chiqarishdir.
XVII asrlarda, dastlab Sharq falsafasi, so‘ng Yevropada aqliy bilishdan farq qiluvchi bevosita paykash, bevosita bilish shakli – «bilishning uchinchi xili» intuitiv7 bilish yuzaga keldi.
Metafizik materialistlarga ko‘ra, bilish dunyodagi predmet-hodisalarning inson miyasidagi oddiy in’ikosi, hissiy va aqliy bosqichlarni bir-biridan alohida bilish shakllari sifatida qaraydilar.
Bilishning dialektik-materialistik nazariyasiga ko‘ra, insonning dunyoni va o‘zini bilish imkoniyati va darajasi, ijtimoiy sharoitga, ishlab chiqaruvchi kuchlar va ularning ehtiyojlariga, ishlab chiqarish munosabatlarining xarakteriga bog‘liqdir. Bilishning falsafiy nazariyasiga ko‘ra, inson bilishi moddiy va ma’naviy borliqning uning miyasidagi muayyan maqsadga qaratilgan faol in’ikosidir.
Shu o‘rinda aytish joizki, dinning ibtidosi biror bir manba yoki aqlning manbai kabi emas. Aql din olib kelgan dalillarning barchasini tasdiqlaganida edi, dinning asosiy prinsiplari bilan aql bir-biriga zid kelmasdi. Shu ma’noda islom falsafasi nuqtai-nazaridan ilmga umumiy ta’rif berish orqali yuqoridagi ixtiloflarga barham berishimiz mushkul. Masalan, Azhar universiteti shayxi Abdulhalim Mahmud: “inson uchun foydali har bir narsa ma’rifatdandir” deydi. Ammo “foydalilik” nisbiy tushuncha ekanini yodga olsak, bu fikrni to‘g‘ri deb bo‘lmaydi.
“Ilm” tushunchasini sahro sharoitida badaviyning hayot-mamotini hal qiluvchi “yo‘l belgisi” ma’nosida etimologik tahlil qilgan ingliz tadqiqotchisi F. Rouzental8 va “e’tiqod va ilm” tushunchalarini lingvistik, madaniyatshunoslik jihatdan tadqiq etgan Ye.A.Frolova9 ma’lumotlariga ko‘ra, islom falsafasida “ilm” ga doir qator ta’riflar majmui mavjud. Mazkur tadqiqotlarga tayanib, ilmga muayyan bir so‘z bilan ta’rif berib bo‘lmaydi, deb xulosa qilish mumkin. Boshqacha aytganda, yagona ta’rifda diniy va dunyoviy ilmlar mazmunini ifodalash mushkul.
Yuqoridagi ta’riflarni umumlashtirib, quyidagicha talqin qilish mumkin: Insonning bilish jarayoni va usullari sezgi, aql hamda qalbga bog‘liq. Bilim esa bilishning natijasidir. Modomiki, jarayon turlicha ekan, uning hosilasi ham turlichadir. Bilim – muayyan bir narsaning holi, xususiyati, siri haqidagi qaysidir darajada miya ilg‘ab olgan ma’lumot bo‘lib, ma’lum bir vaqt davomida yaratilgan in’ikosdir. Uning nazariylashgan shaklini ilm deyish mumkin. Nazariya inson fikrida mujassamlashgan amaliyot bo‘lib, uning voqelikni real aks ettirishi kuzatish, tajriba, eksperiment, o‘zgartirish, yaratish (ya’ni amaliyotning shakllari) yordamida aniqlanadi.
Inson bilishning SUB’EKTI. OB’EKTI esa borliq. Bilishning predmeti bilish ob’ektining sub’ekt bilishiga qaratilgan, uning bilish faoliyati doirasiga kiradigan tomon, xususiyat va munosabatlaridir.
Bilishning sub’ekti, ob’ekti va predmeti bilish jarayonida doim o‘zgarib, eskilari o‘rnini yangilari olib boradi. Insonning bilish jarayonida sub’ekt bilishi zarur bo‘lgan ob’ektni bilib olgach, bu ob’ekt sub’ektning bilish darajasidan chiqariladi, u endi bilishning ob’ekti bo‘lmay qoladi.
Insonning yaxlit tizimli bilishi «sub’ekt-predmet-ob’ekt» munosabatlari asosida yuzaga keluvchi ijtimoiy tarixiy jarayondir.
Bilishda sub’ektning faolligi uning muayyan maqsadga qaratilgan amaliy-ijtimoiy faoliyatida namoyon bo‘ladi.
Inson o‘z hayotining ilk davridan boshlab o‘ziga tirikchilik vositalari: oziq-ovqat, turar-joy topish uchun mehnat qilishga majbur bo‘lgan. U mehnati jarayonida tabiat kuchlariga duch kelib, ularni asta-sekin o‘rganib, bilib borgan. Ishlab chiqarishni tashkil qilib, mehnat qurollarini yaratish, ular vositasida tabiatga ta’sir qilish, yer maydonlarini o‘lchash, turar-joylar qurish, o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni hisoblash kabi ishlarni amalga oshira boradi. Natijada insonning bilish qobiliyati rivojlanib bordi.
Demak, ijtimoiy amaliyot inson bilishning asosi, manbai, harakatlantiruvchi kuchi va maqsadi hamdir. Inson bilishning darajasi doim jamiyat ishlab chiqarishi amaliyotining darajasi va imkoniyatlari bilan belgilanadi. Jamiyat ehtiyojlarga javob berish natijasida yangi-yangi bilimlar paydo bo‘ladi, ularni ma’lum guruhlarga ajratib, sistemalashtirib borish tufayli har turli fanlar vujudga keladi.
Inson bilishining turlari va shakllari.Inson bilishini shartli ravishda bir necha turlarga bo‘lib o‘rganish mumkin. Dastlab oddiy va ilmiy bilishlarga ajratish mumkin.
Oddiy bilish hamma kishilarga xos odatdagi, kundalik hayotlarida borliqdagi predmet-hodisalarni bevosita o‘z sezgi a’zolari va oddiy tafakkur qilishlari orqali bilishdir. U kishilarning hayotiy tajriba, malaka va amaliy ishlari orqali hosil bo‘lib, odatda «sog‘lom fikrlar»da o‘z ifodasini topgan bo‘ladi.
Ilmiy bilish borliqdagi predmet-hodisalarning qonuniyatlari, ularning mohiyatini bilish, odatda ilmiy tadqiqot va ilmiy izlanishlar olib borish asosida amalga oshadi. Ilmiy bilish uzoq davom etadigan, muayyan usullar bilan amalga oshiriladigan murakkab ziddiyatli bilishdir. Shu bois ilmiy faoliyat bilan hamma emas, balki alohida kishilar: tadqiqotchi, olimlar shug‘ullanadilar.
Bilishning paydo bo‘lishiga ko‘ra, hissiy bilish, mantiqiy bilish, intuitiv bilish, g‘oyibona bilish kabi ko‘rinishlari farqlanadi.
Hissiy bilish, odatda, insonning his qilishi, sezgi a’zolari orqali predmet-hodisalar, ularning tashqi tomon, belgi va xususiyatlarini bevosita idrok qilish. Bu deyarli barcha tirik mavjudotga xos.
Mantiqiy bilish insonning predmet-hodisalarni tafakkur orqali umumlashtirib, mavhumlashtirib va konkretlashtirib, fikrda bilishidir.
Intuitiv bilish hech bir bevosita hissiy idroksiz va mantiqiy muhokamasiz biror yangi tasavvur yoki fikrning birdaniga, kutilmaganda tug‘ilishidir.
Intuitiv bilish odatda, kishi biror narsa yoki hodisa haqida muayyan tasavvur va bilimlarga ega, uning fikri ma’lum muammo yoki masalani yechishga yo‘naltirilgan asnosida ro‘y beradi. Fanda uzoq davr intuitiv bilishning mexanizmi ma’lum bo‘lmay kelgani sababli u haqida har xil qarash, yondashuvlar paydo bo‘ldi. Ba’zilar fikricha, intuitiv bilish ilohiy, faqat buyuk kishilarga xos.
Boshqalar esa, intuitiv bilish faqat ijodiy jarayon, ya’ni ilmiy kashfiyot, ixtirolar va badiiy ijod jarayoniga xos, deydilar. Ular nazdida, intuitiv bilish ijodiy jarayonda eski fikrdan yangi fikrga o‘tish, ya’ni sakrashdan iborat. Ayrim tadqiqotchilar fikricha, intuitiv bilish – badiiy ijod bilan bog‘liq, yangi g‘oyaning tug‘ilishi. Haqiqatan ham, tadqiqotchi yoki ijodkor fikri-zikri biror narsa bilan qattiq band bo‘lgan paytda, uning miyasiga hech kutilmaganda yangi bir fikr yoki g‘oya to‘satdan kelib qolishi mumkin.
Tadqiqotlarga ko‘ra, intuitiv bilishning paydo bo‘lishi inson miyasining ongsiz yoki ong osti faoliyati, hissiy va mantiqiy bilishlar bilan bog‘liqligi sababli uning bevosita sezish, bevosita his qilish, bevosita idrok qilish kabi shakllari mavjud. Ammo intuitiv bilish kishining oldingi tajriba, ko‘nikma, malaka va erishgan bilimlariga asoslangan holda yuzaga keladi.
Intuitiv bilish, aslida insonning oddiy kundalik amaliy bilish faoliyatiga ham xos. Topishmoqlarga berilgan javoblar, shaxmat o‘yini, krossvord yechish misol bo‘ladi.

Yüklə 174 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə