Dunyoning hozirgi zamon ilmiy manzarasining tahlilida falsafiy tafakkur



Yüklə 33,74 Kb.
səhifə4/4
tarix30.12.2023
ölçüsü33,74 Kb.
#165184
1   2   3   4
DUNYONING HOZIRGI ZAMON ILMIY MANZARASINING TAHLILIDA FALSAFIY TAFAKKUR

Germenevtika — qadimgi yunon afsonalaridagi xudolarning xohish va irodasini insoniyatga tushuntirib berish uchun erga yuborilgan elchisi — Germes nomi bilan ataladi. Demak, germenevtika — tushunish, tushuntirish, tahlil etish g’oyalariga asosiy diqqatini qaratadi. Jamiyat, bu ta’limotga ko’ra, kishilar o’rtasidagi muloqotga asoslanadi. Muloqot jarayonida madaniy, tarixiy va ilmiy qadriyatlar yaratiladi. Shuning uchun falsafaning asosiy vazifasi hayotning ma’nosini, mohiyatini kishilar o’rtasidagi muloqotdan qidirishdan iborat. Bu oqim vaqillari Shleyermaxer va Diltey fikricha, biror bir tarixiy manbaning to’g’ri tahlil etilishi tadqiqotchining davr xususiyatlarini to’la his etishi, tushunishi bilan bog’liq. Hozirgi davrda bu ta’limotning ko’plab tarafdorlari mavjud. XX asrning 30 — yillariga kelib «ekzistentsial falsafa» rivojlandi. Ekzistentsiya — tom ma’noda mavjud bo’lmoq demakdir. Ekzestentsializm nihoyatda xilma-xil yo’nalishdagi ta’limotlarni insonning ma’naviy dunyosi, inson taqdiri, erkinligi g’oyalari asosida umumlashtirdi. Bu muammolarning talqini, ayniqsa, ijodkor ziyolilar o’rtasida ommaviy tus oldi. Shuning uchun ekzistentsial falsafa bu davrda eng keng tarqalgan oqim bo’lib qoldi. Ekzistentsializm vakillari asosan ikki yo’nalishga bo’linadilar. Biri — dunyoviy (Xaydeger, Sartr, Kamyu) va ikkinchisi diniy (Yaspers, Marsel) bo’lib bunday bo’linish nisbiydir. Xaydeger, Sartr, Kamyularning ta’limotiga ko’ra, inson o’zining yaratish jarayonini o’zi erkin amalga oshiradi. Insoniyat oldida ulkan imkoniyatlar mavjud bo’lib, ulardan qaysi birini tanlashda u erkindir. Demak, inson o’z mohiyatini o’zi erkin belgilaydi, uning kim bo’lib etishishi faqat uning o’ziga bog’liq. Shu ma’noda, inson doimo rivojlanib boradigan, tugallanmagan loyihaga o’xshatiladi. Erkinlik insonning o’zi tomonidan yaratiladigan ichki ruhiy holati tarzida talqin etiladi. Insonga berilgan imkoniyatlarni tanlash nihoyatda mas’uliyatlidir, chunki bunda inson o’zi, boshqalarni hamda uni o’rab turgan olamni ham qayta yaratadi. Diniy ekzistentsializm vakillari Yaspers va Marsel fikricha, inson o’z erkin faoliyati davomida xudoga qarab unga etishish uchun, kamolot tomon harakat qiladi. Haqiqiy erkinlik insonga tahlikali onlarda, tashvishda, yolg’izlikda namoyon bo’ladi. «ahlika, mas’uliyat sof erkinlikning o’zidir, faqat shunday sharoitda inson o’zini to’laligicha anglaydi. Hayot va o’lim, qo’rqinch, dahshat tushunchalari bu ta’limotning markaziy tushunchalaridir. Ekzistentsialistlar fikricha, olam ma’nosiz va uni bilib bo’lmasligi abadiy, inson umri o’tkinchi bo’lganligi uchun ham dahshatlidir. Yangi zamon falsafasining yana bir oqimi pragmatizm AQShda keng tarqalgan. Umuman olganda, «pragmatizm» foydali faoliyatga undovchi, «foydaga» qanday qilib erishish yo’llari va usullari haqida mulohaza yurituvchi ta’limotdir. Bunda «foyda» tushunchasi «tajriba», «haqiqat» tushunchalari bilan aynanlashtiriladi. Pragmatizm ta’limotining yirik namoyandalari Ch. Pirs, U. Djems, J. Dyui va boshqalardir. Ularning ta’limotida olamning o’zgaruvchanligi o’z ifodasini topgan. Ular tajribani turli tasodif va kutilmagan vaziyatlarni o’zida mujassamlashtirgan, ongimizdan tezkor qarorlarni qabul qilishni talab etuvchi hodisalar majmui sifatida ta’riflaydilar. Insonning xatosiz faoliyat ko’rsatishi uchun uning xatti-harakatlarini boshqarib turuvchi vosita — intellektdir. J. Dyui fikricha, intellekt insonni o’rab turgan olamdan nusxa oladi, hamda unga muhitga moslashishga yordam beradi. Pragmatizm falsafasining maqsadi insonga olamda o’z o’rnini topishga yordam berishdan iborat. Dyui tajriba natijasining «foydali» tomoniga e’tiborini qaratadi. Djems fikricha, hqiqat foydali bo’lgan narsa yoki hodisadir. Pragmatizm AQSh ijtimoiy-madaniy hayotining qadriyatlarini ifoda etib, u erdagi ishbilarmonlar, menedjerlar, siyosatchilar va davlat arboblari o’rtasida keng tarqalgan. Amerikaliklar bu ta’limotning nazariyotchilarini halqning dunyoqarashi o’zgarishida, hozirgi amerikacha hayot tamoyillarini keng ommaga singdirishda katta xizmat qilgan faylasuflar sifatida qadrlaydilar. Masalan, J. Dyuini «Amerikaning Arastusi» deya hurmat bilan tilga oladilar. Jamiyat taraqqiyotiga oid g’oyalar tahlili falsafada antik davrlardan, Suqrot va Aflotun zamonlaridan boshlab shakllana boshlagan. Bu g’oyalarning rivojida XVII-XVIII asrlarda yashagan italiyalik faylasuf Dj. Viko, XVIII asrda yashagan I.G. Gerder va ayniqsa, nemis falsafasining yirik namoyondasi Xegel katta hissa qo’shganlar. Jamiyat taraqqiyoti to’g’risidagi ta’limotlar orasida tadrijiy taraqqiyot va inqilobiy sakrashlar yo’lidan borishni ilgari suradigan ta’limotlar talaygina. Ko’pchilik tadrijiy yo’lni ma’qul ko’radi va biz yuqorida tilga olgan faylasuflarning aksariyati ana shunday qarash tarafdori. Afsuski, boshqacha qaraydigan ta’limotlar ham bor.
Yangi davr falsafasia tarqalgan ana shunday oqimlardan biri marksizm bo’lib, uning asoschisi nemis iqtisodchisi va faylasufi K. Marksdir (1818 — 1883). Uning ijtimoiy falsafasi kapitalizmda sinfiy kurashning mutlaq antogonizm darajasiga ko’tarilishi, oxir-oqibat proletariat diktaturasining o’rnatilishi va shu yo’l bilan sinfsiz jamiyatga o’tishni targ’ib qiladigan va real hayotni aks ettirmaydigan nazariyadir. Keyinchalik sobiq ittifoqda hukmron mafkuraga aylangan bu ta’limot dastlab K. Marks va F. Engels yozgan «Kommunistik partiya manifesti»da bayon qilingan. Uning nazariy asoslari K. Marksning «Kapital», F. Engelsning «Anti-Dyuring» va «Tabiat dialektikasi» asarlarida ta’riflab berilgan bo’lib, ijtimoiy hayotda salbiy oqibatlarga olib keldi. U borliq tushunchasini materiya bilan aynanlashtirgan, ruhni butunlay inkor qilgan, materializm va ateizmni mutlaqlashtirgan. Bu ta’limotning K. Kautskiy, V. Plexanov boshliq mo’’tadil tarofdorlari keyinchalik sotsial-demokratiyaga ko’proq moyil bo’lishdi. Rossiyada V. Lenin boshchiligidagi tarafdorlari esa sinfiy kurash va proletariat diktaturasini mutlaqlashtirish yo’lidan bordilar. Bu o’z navbatida, inqlobiy sakrash yo’lini tanlashga olib keldi va Rossiyani terror yo’liga boshladi. Oqibatda esa bu tipdagi dunyoqarash jamiyat va xalqlar taqdirida g’oyat salbiy o’rin tutishi ma’lum bo’ldi. G’arbda Marksning hozirgi davrdagi tarofdorlari «neomarksizm» oqimini tashkil etadilar. Ko’pgina neomarksistlar sinfiy kurashni mutlaqlashtirmaslik, inqlobiy emas, tadrijiy sakrash yo’lidan borish ustuvor bo’lishi lozimligini e’tirof eta boshladilar. Ammo ularning asl qarashlarini jamiyat, millat emas, sinf va ular o’rtasidagi kurash taraqqiyoti belgilaydi, degan o’sha ta’limotga bog’liqligicha qolmoqda. Alohida ta’kidlash lozimki, yaqingacha sobiq Ittifoq va uning ittifoqchilari hududida mutlaq hukmron bo’lgan mafkuraning taqdirini o’rganish, uning tarixidan xolisona xulosa chiqarish, bu ta’limotning qanday ayanchli natijalarga olib kelganini bilib qo’yish ham foydadan xoli emas. Bu borada lom-mim demaslik foyda bermaydi. Zero, ta’limotlar tarixi — insonlar, ularning taqdiri, yuksalishi yoki tanazzuli tarixidir. Bu yuksalish yoki tanazzul ko’p hollarda muayyan g’oyalar, mafkuralar ta’sirida ro’y beradi.
Gohida minglab, millionlab kishilarni maftun qilgan ba’zi g’oyalar yoki mafkuralar oxir-oqibat ana shu millionlarning zavoliga sabab bo’lishi ham mumkin. Biz qisqa tahlil qilgan marksizm va keyinroq u paydo bo’lgan hududda shakllangan natsional sotsializm (fashizm) nazariyalari ana shu tarixiy haqiqatni isbotlaydi. Bu haqiqatning ostida esa biror ta’limot qadriyatlarini mutlaqlashtirish, albatta, muayyan «izm»ga, aqidaparastlikka olib keladi, bu o’z navbatida jaholat va qabohatga eltuvchi yo’ldir, degan umuminsoniy tamoyil yotadi. XX asrga kelib jamiyat tarixiy taraqqiyotiga oid ta’limotlarni umumlashtirish natijasida ijtimoiy taraqqiyotning plyuralistik modeli, «lokal madaniyatlar» hamda «tsivilizatsiyalarning xilma-xilligi» kontseptsiyalari shakllandi. Ularga ko’ra, jamiyat tarixi — o’ziga xos madaniyatlarning birligi emas, xilma-xilligidan iborat. Shu ma’noda u organik tabiatdagi hayot shakllarining rang-barangligiga qiyoslanadi.
Demak, tabiat qanday xilma-xillikning birligi bo’lsa, jamiyat ham ana shunday rang-baranglikning uyg’unligidir. Jamiyatda ham hamma va har bir narsaning o’z o’rni bor. Bu g’oyalar nemis faylasufi va sotsiologi O. Shpengler (1880-1936) va ingliztarixchisi A. Toynbi (1889-1975) ta’limotlarida har tomonlama asoslab berishga harakat qilindi. O. Shpengler o’zining «Evropaning so’nishi» nomli asarida tarixni bir — biridan mustasno bo’lgan madaniyatlar majmuidan iborat, deb hisoblaydi hamda mukammal rivojlangan 8 xil madaniyatni ko’rsatadi. Bular: arab, hind, vavilon, xitoy, yunon-rim, vizantiya-arab madaniyatlari, mayya va russ-sibir madaniyatlaridir. Madaniyatlar o’ziga xos diniy asosga ega bo’lib, ularning har biri qat’iy biologik maromga (ritmga) bo’ysunadi. Va quyidagi asosiy davrlarni bosib o’tadi: tug’ilish va bolalik, yoshlik va kamolot, qarilik va so’nish. Buning asosida madaniyatlar rivojining ikki bosqichi mavjud, deb ko’rsatiladi. Birinchi bosqich — madaniyat ravnaqi (sof madaniyat) va ikkinchisi — uning tanazzuli («tsivilizatsiya»).


Xulosa.
O. Shpengler evropotsentrizmga, ya’ni barcha madaniyatlarni evropalashtirish g’oyasiga qarshi chiqdi. Har bir madaniyatning o’ziga xosligi, bir-biridan mustasno holda rivojlanish g’oyasini mutlaqlashtirdi. Ular o’rtasidagi o’zaro aloqadorlik ham mavjudligiga kam e’tibor qaratdi. Yana bir olim A. Toynbi esa o’zining 12 jildlik «Tarixni o’rganish» asarida madaniyatlarning lokal rivojlanish g’oyasini davom ettirdi. Biroq uning ta’limoti Shpengler kontseptsiyasidan o’zining ikki jihati bilan farqlanadi. Birinchidan, insonda o’z hayotini erkin belgilash imkoniyati mavjudligini, tarixiy taraqqiyot zaruriyat va erkinlikning o’zaro birligidan iborat ekanligini nazarda tutsa, ikkinchidan, tarixiy taraqqiyotning davriy modeli dunyoviy dinlar (buddizm, xristianlik, islom) ning barcha xalqlarni yakinlashtiruvchi va jipslashtiruvci bosh omil g’oyasi bilan boyitilgan. Toynbi G’arb xristian tsivilizatsiyasining tanazzulga qarab borayotganligini ko’rsatib, uning oldini olish yo’lini ma’naviy birlikda, jahon xalqlarining yagona dinni qabul qilishlarida, deb hisoblaydi. Umuman olganda, hozirgi paytda jamiyat taraqqiyotining tsivilizatsion kontseptsiyasi ko’pchilik faylasuflar tomonidan tan olinmoqda. Xususan, industrial va postindustrial jamiyat g’oyalari, ayniqsa, ommaviylashib bormoqda. Unga ko’ra, jamiyat taraqqiyotining bosh mezoni — sanoatning rivojlanish darajasidir.
Shunday qilib, XX asrga kelib rang-barang falsafiy ta’limotlar shakllandi. Ularning barchasini mazkur mavzuda ko’rib chiqish imkoniyati bo’lmasa-da, yuqorida bayon etilgan ma’lumotlardan falsafiy plyuralizm haqida, falsafa zamon va makon bilan bog’liq murakkab fan ekanligi to’g’risida muayyan xulosaga kelish mumkin. Bu sohadagi bilimlarimiz, o’z navbatida bizning milliy g’oya va mafkuramizni shakllantirishga, ma’naviyatimizning boyib, mustahkamlanib borishiga, intellektual kamolotimizga xizmat qiladi.


Foydalaniolgan adabiyotlar:

  1. Karimov I. Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q. — T.: «Sharq», 1998.

  2. Osnovi filosofii. — T: «O’zbekiston», 1999.

  3. Kanke V.A. Filosofiya. — M: «Logos», 1999.

  4. Filosofskiy entsiklopedicheskiy slovar. M. 1999.



Internet saytlari:

  1. www.edu.uz 

  2. www.uzedu.uz

  3. https://hozir.org/

Yüklə 33,74 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə