Falsafa uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. Reja



Yüklə 108,05 Kb.
səhifə1/20
tarix21.10.2023
ölçüsü108,05 Kb.
#129508
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
Falsafa uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. Re


Falsafa uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli.





Reja:


  1. Falsafa atamasining kelib chiqishi ,falsafa shakllanishining asosiy boskichlari va falsafaning funksiyalari.

  2. Dunyokarashning tarixiy shakllari

  3. Dunyoni idrok etishda falsafiy dunyokarashning uziga xos roli

«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi. Har qanday noma’lum so’z mazmunini uning etimologiyasidan, ya’ni u qachon, qanday va nima uchun yuzaga kelganini aniqlashdan boshlash o’rinli bo’ladi. «Falsafa» tushunchasi yunoncha phileo – sevaman va sophia – donolik so’zlaridan kelib chiqqan bo’lib, mazkur atamaning dastlabki ma’nosini donolikka muhabbat deb talqin qilish mumkin. Falsafa so’zini ilk bor qadimgi yunon mutafakkiri Pifagor miloddan avvalgi VI asrda tayyor holda (afsonalar, rivoyatlar, an’analar orqali) avloddan avlodga o’tuvchi bilim va inson o’z aqliga tayanib, mushohada yuritish va borliqni tanqidiy tushunish yo’li bilan olishi mumkin bo’lgan bilimni farqlash maqsadida ishlatgan.
Shuni ta’kidlash lozimki, Pifagor ham, qadimgi davrning boshqa faylasuflari ham dastlab «falsafa» tushunchasiga uning keyinchalik paydo bo’lgan va mohiyat e’tibori bilan, falsafani «barcha fanlar podshosi» darajasiga ko’targan ma’nosidan boshqacharoq ma’no yuklaganlar. Ammo ilk faylasuflar o’zlarini donishmand deb hisoblamaganlar va donolikka da’vo qilmaganlar, zero, o’sha davrda keng tarqalgan tasavvurga ko’ra, haqiqiy donishmandlik ajdodlardan meros qolgan, asrdan asrga o’tib kelayotgan afsonalar, din va rivoyatlarda mujassamlashgan. Donishmandlar deb, asrlar sinovidan, eng so’nggi haqiqat manbai sifatidagi bilimlarga ega bo’lgan bashoratgo’ylar, kohinlar va oqsoqollar e’tirof etilgan. Ularning so’zlari shak-shubhasiz va birdan-bir to’g’ri deb qabul qilingan. Faylasuf esa, qadimgilar fikriga ko’ra, izlanuvchi, donishmandlik muxlisi bo’lishi, e’tiqod sifatida qabul qilingan tayyor haqiqatlarga emas, balki o’z aqliga tayanib, ijodiy yo’l bilan, shu jumladan boshqa faylasuflar tomonidan olingan bilimlar va tajribadan foydalangan holda maqsadga intilishi lozim bo’lgan.
Biroq, insonning dunyo va o’ziga bunday munosabat darhol yuzaga kelgani yo’q. Insonning tabiatga qarshilik ko’rsatish, mavjudlik vositalarini yaratish va ko’paytirish qobiliyatlari rivojlangunga va o’sgunga, buning natijasida yetarli tajriba va bilimlar to’plangunga, odamlar aqli ko’p sonli savollarga javob izlash uchun yetarli darajada yuksalgunga qadar insoniyat uzoq va mashaqqatli yo’lni bosib o’tgan. Shu bois falsafaning mohiyatini, shuningdek uning paydo bo’lish sabablari va sharoitlarini tushunish uchun gapni inson dunyoqarashidan boshlash lozim. Nima uchun? Shuning uchunki, falsafa dunyoqarashning asosiy tarixiy shakllaridan biri hisoblanadi. Falsafa haqida gapirish – inson dunyoqarashi, uning oqilona fikrlash qobiliyati haqida, binobarin, uning mohiyati va Yerda paydo bo’lish tarixi haqida gapirish demakdir. Bu yerda biz hali kam o’rganilgan murakkab muammolarga duch kelamiz, zero insonning kelib chiqishi odamlar doim javobini topishga harakat qilgan buyuk jumboqlardan biri hisoblanadi. Ammo bilimning bu sohasida yechilmagan muammolar bugungi kunda ham bisyor. Xususan, inson nima uchun, qayerdan, qaysi sabablarga ko’ra paydo bo’lgan, degan savolga aniq, umumiy e’tirof etilgan javob hanuzgacha mavjud emas. Xuddi shuningdek, aql faqat insonga xosmi yoki uning inson borlig’ida mavjudligi obyektiv borliqning bir parchasi, ayrim hodisasimi?, degan savol ham hali o’z javobini topganicha yo’q.
Biroq, insoniyat tarixi haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar nuqtai nazaridan ayrim masalalar mavjud bo’lib, ular xususida olimlar va mutaxassislar ma’lum bir to’xtamga kelganlar. Xususan, boy tarixiy material, arxeologiya fani olgan daliliy ma’lumotlari, shuningdek boshqa fanlarning metodlari bilan olingan natijalar (masalan, jinslar, foydali qazilmalar yoshini aniqlash va sh.k.)ni e’tiborga olgan holda, ishonch bilan inson sayyoramizda hayotning tadrijiy (evolyusion) rivojlanishi mahsulidir, deb qayd etish mumkin. Hozirgacha mavjud bilimlar oddiy mehnat qurollarini yasagan insonsimon mavjudotlarning (lot. homo habilis – uquvli odam) qadimgi manzilgohlari taxminan 3-5 mln yil oldin paydo bo’lgan, degan xulosaga kelish imkonini beradi.
Arxeologik va ilmiy ma’lumotlarga ko’ra, qaddini tik tutib yuradigan odam yoshi taxminan 1,5 mln yilni tashkil etadi. Homo sapiyens, ya’ni aqlli odamlar tipi atigi 40-60 ming yil oldin vujudga keldi. Insonda ong paydo bo’lib, u ijtimoiy mavjudot sifatida uzil-kesil shakllanganidan beri, mutaxassislar fikricha, uning asosiy xususiyatlarida jiddiy o’zgarishlar yuz bergani yo’q, ya’ni u hozirgi odamlardan deyarli farq qilmaydi.
Ong paydo bo’lishi esa, ilmiy tasavvurlarga muvofiq, inson tarixiy rivojlanishining odam miyasi o’sib borayotgan mehnat faolligi va verbal (nutq orqali) muloqot ta’sirida o’ta rivojlanib, murakkab mavhumliklarni tushunadigan darajaga yetgan davri bilan bog’lanadi. Shunday qilib, inson tushunchalarga ta’rif berish, mulohazalar bildirish va mushohadalar yuritish yo’li bilan sodda, lekin so’zning to’la ma’nosida aqliy ish olib bora boshladi.

Falsafaning predmeti. Endi «Falsafa nimani o’rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. Insonda bilishga qiziqish uyg’otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o’ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, ishonch va intuisiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug’diradigan har qanday obyektiv va subyektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi. . Boshqacha aytganda, inson o’z qiziqishi obyekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo’lishi mumkin bo’lgan hamma narsa falsafaning predmetidir. Shu munosabat bilan u yoki bu odamning falsafiy qarashlari haqida va hatto uning falsafasi to’g’risida so’z yuritish mutlaqo o’rinli bo’ladi va bunga biz kundalik hayotda tez-tez duch kelamiz.


Biroq ayni holda bizni fan sifatidagi, ayrim insonning emas, balki butun jamiyatning rivojlanish mahsuliga aylangan ijtimoiy hodisa sifatidagi falsafa qiziqtiradi va ayni shu sababli yuqorida keltirilgan ta’rifda «inson» tushunchasi yig’ma ma’noda qo’llanilgan. Bu yerda shuni ta’kidlab o’tish lozimki, garchi falsafaning predmetiga biz umumiy nuqtai nazardan ancha keng ta’rif bergan bo’lsak-da, ayrim tarixiy davrlarda odatda u yoki bu sabablarga ko’ra muayyan masalalar doirasi falsafiy tadqiqotlarda birinchi o’ringa chiqadi.
Masalan, qadimgi Yunonistonda kosmosentrizm ilk falsafiy ta’limotlarning o’ziga xos xususiyati bo’lib, bunda asosiy e’tibor «kosmos», «tabiat»ni anglab yetishga qaratilgan. Keyinchalik, qadimgi yunon shahar-polislari ravnaq topgan davrda faylasuflar diqqat markazidan ijtimoiy muammolar, axloq, davlat qurilishi masalalari o’rin oldi. Yevropada xristianlikning, Sharqda islom dinining vujudga kelishi va mustahkamlanishi natijasida o’rta asrlar falsafasi teosentrik (yunon. thyeos – markazdan o’rin olgan xudo) xususiyat kasb etdi, ya’ni Xudo va u yaratgan olam falsafiy qiziqishlarning asosiy predmetiga aylandi. Uyg’onish davrida falsafa san’at (estetika)ga va ko’p jihatdan insonga murojaat qilindi.. Yangi davr deb nomlanuvchi XVII-XVIII asrlarda falsafa tobora kuchayib borayotgan fan bilan uzviy bog’landi, natijada falsafiy tadqiqotlarning diqqat markazidan bilish va ilmiy metodlar masalalari o’rin oldi.
XIX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan «klassik falsafa» va oqilonalik inqirozi irrasionallik, intuitivlik, ongsizlik muammolarini namoyon etdi, XX asrning birinchi yarmida ular «noklassik falsafa» tahlilining asosiy predmetiga aylandi, bu esa, o’z navbatida, matnlar mantig’i, tili, ularni talqin qilish va sharhlashga alohida qiziqish uyg’onishiga olib keldi. XX asrning so’nggi o’n yilliklarida hozirgi madaniyatdagi inqiroz hodisalarini va yangi axborot texnologiyalarining, shuningdek ommaviy kommunikasiya vositalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi bilan belgilangan muammolarni kun tartibiga qo’ygan postnoklassik falsafa shakllandi. Bu falsafa vakillari «tarixiy rivojlanishning tugallanganligi», barcha ma’nolar va g’oyalar «aytib bo’linganligi» haqida mushohada yuritib, inson o’ziga yog’ilayotgan axborotga ishlov berishga qodir emasligiga e’tiborni qaratar ekan, notizimlilik, Yevropa an’anaviy falsafiy bilimining negizlari, qadriyatlari va chegaralarini o’zgartirish g’oyasini ilgari surdilar.
Nihoyat, XX-XXI asr chegarasida eng yangi falsafada birinchi o’ringa chiqqan va eng muhim mavzular qatoridan o’rin olgan yana bir mavzu globallashuv jarayonlarining mohiyatini va ularning rivojlanish yo’nalishini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonlar hozirgi vaqtda jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarini qamrab oldi va davrimizning olamshumul muammolarini yuzaga keltirdiki, ularning nazariy va amaliy yechimini topish bu muammolarni shu jumladan falsafiy darajada anglab yetishni ham nazarda tutadi. Xalqaro miqyosda alohida e’tibor berish va kelishilgan harakatlarni taqozo etuvchi eng muhim muammolar qatoriga ekologiya, demografiya, xavfsizlik, xalqaro jinoyatchilik, energetika resurslari, qashshoqlikka chek qo’yish muammolarini kiritish mumkin.
Ko’rib turganimizdek, falsafaning predmetini qandaydir bitta, qat’iy cheklangan, muayyan masalalar doirasi bilan bog’lash mumkin emas. U vaqt omiliga va obyektiv sabablar to’plamiga qarab, doim u yoki bu muammo yoki ularning muayyan majmui tarzida birinchi o’ringa chiqadi. Ammo bu boshqa mavzular, masalalar va muammolar o’z ahamiyatini yo’qotadi va falsafa chegarasidan chetga chiqadi, uning tahlil predmeti bo’lmay qoladi, degan ma’noni anglatmaydi. Bosh mavzularni ikkinchi, uchinchi yoki undan ham keyingi o’ringa surib qo’yadi, ular muayyan davrda va tegishli sharoitda falsafiy diqqat markazidan o’rin olish yoki falsafiy muammolarning ustuvorliklar yunalishi bo’ylab yuqoriga ko’tarilish uchun o’z vaqtini «kutib», go’yoki panada turadi, desak, to’g’riroq bo’ladi. Ayni shu sababli biz falsafa tarixida qiziqishlardagi ustuvorliklarning muttasil o’zgarishini, u yoki bu masala bosh masalaga aylanishi, falsafiy hamjamiyatning asosiy e’tibori ma’lum vaqt mobaynida unga qaratilishini ko’ramiz.
Falsafiy bilimning tuzilishi. Falsafa o’z shakllanishi va rivojlanishining qadimgi davridayoq, tabiat, inson, jamiyat va ma’naviyatni, shuningdek sababiy bog’lanishlar, qonunlar va shu kabilarni bilish sohasida yuksak natijalarga erishdi va oqilonalik nuqtai nazaridan odamlarning dunyo haqidagi umumiy tasavvuriga aylandi. Ammo olamning cheksiz darajada rang-barangligi va serqirraligi tufayli o’sha davrdayoq parchalanmagan falsafiy bilimlar va tasavvurlardan ayrim bo’limlar ajralib chiqa boshladi, vaqt o’tishi bilan rivojlanib, ancha aniq shakl-shamoyil kasb etdi va yangi bilimlar bilan to’ldirildi. Pirovard natijada ular falsafiy bilimning tuzilishini (strukturasini) tashkil etdi.
Quyidagilar falsafiy bilimning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi:

  • ontologiya – mavjudlik, borliq haqidagi bilim;

  • gnoseologiya (boshqa bir terminologiyaga ko’ra – epistemologiya) – bilish nazariyasi;

  • ijtimoiy falsafa – jamiyat haqidagi ta’limot;

  • etika – axloq haqidagi ta’limot;

  • aksiologiya - qadriyatlar haqidagi ta’limot;

  • falsafiy antropologiya – inson haqidagi ta’limot va boshqalar.

Falsafiy muammolar mohiyatini tushunib yetish, ularning eng muhimlarini aniqlash va nihoyat, falsafiy bilimlar bilan oshno bo’lish – ko’rsatilgan bo’limlarni sinchiklab o’rganish, bunda ularga yaxlit bir butunning tarkibiy qismlari sifatida yondashish demakdir. Pirovardida biz falsafaning o’ziga xos tili, o’z yondashuvlari va metodlari, nihoyat, tabiat, jamiyat va tafakkurga oid eng muhim aloqalar, xossalar va qonunlarni o’zida aks ettiruvchi umumiy tushunchalar – kategoriyalar tizimi vujudga kelganining guvohi bo’lamiz. Bunda falsafadagi har bir bo’lim yoki yo’nalish ham o’z tushunchalar apparatiga, ya’ni bilimning faqat shu sohasiga xos bo’lgan va uning asosiy mohiyatini yoritib beradigan kategoriyalar tizimiga egadir.


Falsafada ko’rib chiqilgan mavzular bilan bir qatorda shunday bilim sohalari ham mavjudki, ular qolgan barcha bilim sohalariga kirib boradi, ular bilan uyg’unlashadi va ularni to’ldiradi. Masalan, tabiat, jamiyat, inson va uning tafakkurida yuz beruvchi harakat, rivojlanish va o’zgarishlar haqidagi falsafiy ta’limot dialektika ana shunday bilim sohalaridan biri hisoblanadi.
Obyektiv sabablarga ko’ra falsafiy bilimning ayrim sohalari sezilarli darajada rivojlandi va vaqt o’tishi bilan mustaqil falsafiy fanlarga aylandi. Bunday bilim sohalari qatoriga, masalan, insonning bilishni amalga oshirish shakllari, qonunlari va usullarini o’rganadigan fan - mantiqni; ma’naviyat va axloq haqidagi ta’limot – etikani; go’zallik qonunlariga muvofiq ijodning mohiyati va shakllari haqidagi fan – estetikani kiritish mumkin.
Shu ma’noda falsafa tarixi fani alohida diqqatga sazovordir, zero u, mohiyat e’tibori bilan, nafaqat falsafiy, balki tarixiy fan hisoblanadi. Ayni vaqtda u falsafiy bilim tarkibiga ham kiradi, chunki falsafiy tafakkurning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishini, falsafiy g’oyalar evolyusiyasi va xususiyatini turli faylasuflar, yo’nalishlar, oqimlarning ta’limotlarida qanday tavsiflangani nuqtai nazaridan o’rganadi. Falsafa tarixi fanida falsafiy ta’limotlarni tizimga solish va tasniflashga, matnlar, tarixiy sanalarni tahlil qilishga, daliliy material, biografik ma’lumotlar yig’ishga alohida e’tibor beriladi. Shu munosabat bilan dunyoqarashni kengaytirish va teranlashtirishga, o’z falsafiy yondashuvlarini yaratishga qaratilgan falsafani o’rganish, uning tarixi, asosiy namoyandalari va eng muhim falsafiy asarlari bilan albatta tanishishni nazarda tutadi.

Yüklə 108,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə