Falsafa: uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli



Yüklə 114,68 Kb.
səhifə14/32
tarix12.04.2023
ölçüsü114,68 Kb.
#105288
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   32
1-ma\'ruza matni

Falsafaning strukturasi. Falsafa o‘z shakllanishi va rivojlanishining qadimgi davridayoq, tabiat, inson, jamiyat va ma'naviyatni, shuningdek sababiy bog‘lanishlar, qonunlar va shu kabilarni bilish sohasida yuksak natijalarga erishdi va ratsionallik nuqtai nazaridan odamlarning dunyo haqidagi umumiy tasavvuriga aylandi. Ammo olamning cheksiz darajada rang-barangligi va serqirraligi tufayli o‘sha davrdayoq parchalanmagan falsafiy bilimlar va tasavvurlardan ayrim bo‘limlar ajralib chiqa boshladi, vaqt o‘tishi bilan rivojlanib, ancha aniq shakl-shamoyil kasb etdi va yangi bilimlar bilan to‘ldirildi. Pirovard natijada ular falsafiy bilimning tuzilishini (strukturasini) tashkil etdi.
Falsafaning asosiy masalasi strukturasida ikki tomon ajratiladi. Ruh birlamchimi yoki tabiatmi, degan savol mazkur masalaning ontologik tomonini tashkil qiladi. Dunyoni bilish imkoniyati to‘g‘risidagi masala, «inson tafakkuri dunyoni haqqoniy bilishga qodirmi, u o‘zining haqiqiy dunyo haqidagi tasavvurlarida voqyelikni to‘g‘ri aks ettirishga qodirmi», degan savol falsafa asosiy masalasining gnoseologik tomonini o‘zida ifodalaydi.
«Dunyo – inson» tizimidagi munosabatlarning rang-barangligi predmetli-amaliy, gnoseologik, akseologik, estetik, axloqiy va boshqa xil munosabatlar bilan belgilanadi. Quyidagilar falsafiy bilimning strukturasi hisoblanadi:

  • ontologiya – mavjudlik, borliq haqidagi bilim;

  • gnoseologiya (boshqa bir terminologiyaga ko‘ra – epistemologiya) – bilish nazariyasi;

  • ijtimoiy falsafa – jamiyat haqidagi ta'limot;

  • etika – axloq haqidagi ta'limot;

  • aksiologiya - qadriyatlar haqidagi ta'limot;

  • falsafiy antropologiya – inson haqidagi ta'limot va boshqalar.

Falsafa ularning muhim xususiyatlari, birinchi sabablari va asoslarini aniqlashdan manfaatdor. U yoki bu munosabatni dunyoga yondashuv mezoni sifatida tanlash (masalan, dunyoga uyg‘unlik, go‘zallik, mutanosiblik nuqtai nazaridan yondashish) u yoki bu falsafiy fanni (ayni holda estetikani) belgilaydi. Dunyoga uni bilish imkoniyatlari va qonuniyatlari nuqtai nazaridan yondashish bilish nazariyasi – gnoseologiyani vujudga keltiradi. «Inson – dunyo» tizimiga hokimiyat munosabatlari nuqtai nazaridan yondashish siyosatshunoslikning predmetini tashkil etadi. Munosabatlar o‘zagini axloqiy me'yorlar tashkil qilgan taqdirda esa tadqiqotchi etika sohasiga qadam qo‘yadi.
Shunday qilib, falsafaning asosiy masalasi strukturasi falsafaning o‘z strukturasini aks ettiradi, falsafa esa o‘z asosiy masalasining keng nazariyasi sifatida namoyon bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, falsafaning asosiy masalasi xususida mulohaza yuritish jarayonida biz borliq nima, tafakkur nima degan savollarga turli xil javoblar olamiz. Vaqt o‘tishi bilan bu javoblar o‘z dalillar tizimi, metodologik tamoyillarini shakllantiradi va falsafiy yo‘nalishlarga aylanadi. Masalan, borliqda eng avvalo faqat fan doirasida aniqlanishi va til tizimida belgilar yordamida ifodalanishi mumkin bo‘lgan aloqalar va qonuniyatlarni ko‘rish maxsus yo‘nalish – pozitivizm, aniqroq aytganda, uning oxirgi bosqichi – analitik falsafa nuqtai nazari bilan muvofiq keladi. Bu yerda borliq nima degan masala u yoki bu bilimlarni to‘g‘ri ifodalash muammosiga, til tahliliga borib taqaladi. Analitik falsafa doirasida «lingvistik burilish» amalga oshirilgan va til falsafasi butun falsafaning asosi sifatida qabul qilingan.
Pozitivizm falsafani konkret fanlarga qarama-qarshi qo‘yadi va ilmiy bilimni dunyoni o‘zlashtirishning birdan-bir ijobiy shakli deb e'tirof etadi. Metafizika falsafaning sinonimi sifatida eng avvalo til mantiqiy me'yorlari nuqtai nazaridan mazmundan xoli deb e'lon qilinadi. Neopozitivistlar fikriga ko‘ra, falsafaning hayot mazmuni, cheklilik va cheksizlik, borliqning birinchi asoslari, universumning atributivligi kabi azaliy muammolari soxta tushunchalar sanalgan atamalar yordamida shakllantiriladi, zero ularga berilgan ta'riflarni tekshirish mumkin emas.
Ayni shu darajada fan falsafasi ham amal qiladi va ilmiy bilish faoliyati muammolarini tadqiq etadi. Avvaliga unda ilmiy faoliyatni muayyan metodologik tamoyillar va normativ-mantiqiy ideallar bilan muvofiq holatga keltirish, aniqroq aytganda fanni fizika tili negizida unifikatsiya qilish vazifasi qo‘yilgan edi. U fizikalizmga qarab mo‘ljal olardi. Keyinchalik bilishning ijtimoiy-madaniy omillariga qiziqish sezilarli darajada kuchaydi. Bilish jarayoniga normativ yondashuvning imkoniyatlari tor ekanligi namoyon bo‘lganidan so‘ng ilmiy bilish faoliyati me'yorlarining relyativligi g‘oyasi tug‘ildi. Fan falsafasiga ijtimoiy-madaniy bilim (sotsiolo­giya, psixologiya, lingvistika, antropologia va kulturologiya) natijalari va metodlari kirib kela boshladi.
Borliq nima, degan savolga javob izlar ekan, falsafa borliqni eng avvalo inson mavjudligi dunyosi sifatida qayd etuvchi nuqtai nazarda to‘xtaydi. Bu o‘ziga xos tushunchalar apparatiga ega bo‘lgan ekzistensial falsafa vujudga kelganini anglatadi. Ikkinchi jahon urushidan, insoniyat sivilizatsiyasida yuz bergan tub o‘zgarishlardan so‘ng borliq insoniyat ko‘z o‘ngida metafizik dahshat, qo‘rquv, tashvish, zerikish va hatto behuzurlik tarzida namoyon bo‘ladi. Ekzistensial falsafa ikki yo‘nalishda – ham diniy, ham ateistik falsafa sifatida rivojlanadi. Diniy ekzistensial falsafa borliqni e'tiqod sifatida tushunadi, e'tiqodni va ayni paytda uning inson borlig‘i ufqida paydo bo‘lishini «haqiqiy mavjudlik»ka erishish usuli deb e'lon qiladi. Ateistik ekzistensializmda esa butunlay boshqacha kayfiyat hukm suradi. Ta'riflarda ko‘p sonli ziddiyatlar mavjudligi tufayli Xudoning borligi inkor etiladi. Mustaqil va anonim tarzda o‘z-o‘zida mavjud bo‘lgan borliq ongga ega bo‘lishi mumkin emas, u insonga nisbatan rahmsizdir, bu esa amalda Xudo yo‘qligini anglatadi, degan xulosaga kelinadi.

Yüklə 114,68 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   32




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə