Farmakologiya


Dori vositalari ta’sirining yuzaga chiqishida organizm individual xususiyatlarining va holatining ahamiyati



Yüklə 17,97 Mb.
səhifə18/333
tarix18.09.2023
ölçüsü17,97 Mb.
#122324
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   333
Фармак.дарслик.охирги.21.04.18 (1)

6.3.Dori vositalari ta’sirining yuzaga chiqishida organizm individual xususiyatlarining va holatining ahamiyati:
1. Yoshning ahamiyati
Dori vositalariga sezgirlik yoshga bog‘liq holda o‘zgarib boradi. Shuning uchun ham farmakologiyaning yoshga bog‘liq bo‘lgan quyidagi turlari tafovut qilinadi:
– perinatal farmakologiya – homiladorlikning 24-haftasidan boshlab yangi tug‘ilgan chaqaloq hayotining 4-haftasigacha bo‘lgan davrda qo‘llanilgan dori vositalarining ta’sirini o‘rganadi. Homiladorlikning so‘nggi uch oyligida homilaning va yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘z hayoti dastlabki oyi mobaynida dorilarga sezgirligi katta yoshdagilarga nisbatan o‘ta yuqori bo‘ladi. Bu ularda dorilarni parchalovchi fermentlarning etishmasligi, buyraklarning ayirish faoliyatining past ekanligi, gematoensefalik to‘siqning yuqori o‘tkazuvchanlik xususiyatiga ega ekanligi va MNSning to‘liq shakllanib ulgurmaganligi bilan izohlanadi.
– pediatrik farmakologiya – yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning dastlabki bir oyidan boshlab to 18 yoshga qadar bo‘lgan bolalar organizmiga dori vositalarining ta’siridagi o‘ziga xosliklarni o‘rganadi. Bunda yosh bolalarga dori preparatlarining dozasini aniqlash uchun turli formulalar mavjud bo‘lib, ularning bir nechtasi mazkur dasrlikning umumiy retseptura bo‘limida qismida keltilib o‘tilgan. Bundan tashqari, Davlat Farmakopeyasida har bir zaharli va kuchli ta’sir ko‘rsatadigan preparatning yosh bolalar uchun mos tarzdagi dozalari keltirib o‘tilgan. Boshqa dori preparatlari uchun esa bolaning har bir yoshiga nisbatan kattalar dozasining 1/20 qismi miqdoridagi dozani hisoblash lozimligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tilgan.
geriatrik19 farmakologiya – dori preparatlarining keksa yoshdagi bemorlar organizmigi ta’sirini o‘rganadi. Bemorning yoshi ulg‘aygan sari uning organizmi turli dori preparatlariga nisbatan yuqori sezgirlikka ega bo‘lib boshlaydi, Chunki keksa yoshdagi organizmda retseptorlarning miqdori kamayadi hamda ularni parchalovchi fermentlar faolligi pasayadi, dorilarning so‘rilishi, metabolizmi va ularning chiqarilish jarayonlari ham o‘ziga xos tarzda sekinlashadi. Bu esa, mazkur bemorlarda dorilarning dozasini kerakli darajagacha kamaytirib borishni taqozo etadi.
2. Jinsning ahamiyati
Dori vositalari ta’sirining yuzaga chiqishida jinsning ahamiyati oxirigacha o‘rganilgan emas. ammo , eksperimental hayvonlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalarining ko‘rsatishicha, ayrim dori preparatlariga nisbatan ayollar organizmi erkaklarnikiga qaraganda ancha chidamsiz ekan. Masalan, nikotin, strixnin kabi preparatlarga. Bu borada ayrim klinik ma’lumotlar ham mavjud bo‘lib, verapamilning bioerishuvchanligi ayollarda erkaklarnikiga qaraganda yuqoriroq ekanligi aniqlangan. Operatsiyalardan keyingi og‘riqlarni qoldirish uchun erkaklarga morfinni ayollarga nisbatan yuqoriroq dozalarda qo‘llash talab etilishi aniqlangan. Diazepamning oksidlanishi ayollarda erkaklardagiga qaraganda tezroq yuzaga chiqar ekan.
3. Genetik omillarning ahamiyati (farmakogenetika)
Organizmning dori vositalariga sezgirligi ko‘pincha genetik omillarga bog‘liq holda yuzaga chiqadi. Masalan, silga qarshi vositalardan izoniazidning atsetillanish tezligi har kimda turlicha davom etadi. Bunda uning parchalanishi tez va davomli kechuvchi bemorlar tafovut qilinadi. Ma’lum bo‘lishicha, uning parchalanishi sekin kechuvchi bemorlar organizmida izoniazidning atsetillanishida ishtirok etuvchi fermentlar sintezini boshqarib turuvchi genlarning etishmasligi katta ahamiyat kasb etar ekan.
Ayrim dori vositalariga nisbatan atipik reaksiya sifatida idiosinkraziya yuzaga chiqishi to‘g‘risida yuqorida bayon etilgan edi.
Dori vositalarining ta’siri yuzaga chiqishida genetik omillarning ahamiyatini o‘rganish – farmakologiyaning farmakogenetika nomli maxsus yo‘nalishining asosiy vazifasi bo‘lib hisoblanadi.
4. Organizm holatining ahamiyati
Ko‘pchilik dori vositalarining asosiy samarasi organizm holatiga, ya’ni organizmda qanday patologik jarayon kechayotganligiga va qaysi kasallikda qo‘llanilayotganligiga bog‘liq holda yuzaga chiqadi. Masalan, atsetilsalitsilat kislotasi faqat organizmning harorati oshgandagina tana haroratini me’yorgacha tushiradi, boshqa paytlarda u tana haroratiga umuman ta’sir ko‘rsatmaydi.
5. Sutkali kritmlarning20 ahamiyati (Xronofarmakologiya)
Inson organizmidagi normal fiziologik faoliyat uchun sutkalik ritmlarning ahamiyati juda katta. Ma’lumki, organizmda uyqu va uyg‘oqlik holatlarining bir-birlari bilan almashinib turishi nerv hamda endokrin tizim faolligiga va ular orqali boshqa a’zo va to‘qimalar faoliyatiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. O‘z navbatida esa bu organizmning turli vositalarga sezgirligiga ham o‘ziga xos ta’sir qiladi. Dori vositalari samarasining sirkad ritmlarga bog‘liq holda yuzaga chiqishi farmakologiyaning xronofarmakologiya deb ataluvchi yangi yo‘nalishining asosiy vazifasi bo‘lib qolmoqda. Xronofarmakologiya ham o‘z navbatida xronofarmakokinetika va xronofarmakodinamika21 kabi qismlardan tashkil topgan. Dorilarning ta’sir samarasi ularni kunning qaysi paytida qabul qilinganligiga bog‘liq holda turlicha namoyon bo‘lishi mumkin va bunda ularning eng kuchli samaralari qabul qiluvchining maksimal faol davriga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, insonlarda eng faol davr – kunduz kuni bo‘lsa, hayvonlarda – kechasi hisbolanadi. Shunga bog‘liq holda insonlarda morfinnig maksimal samarasi kunning ikkinchi yarmida namoyon bo‘ladi. Stenokardiyada nitroglitserin kunning birinchi yarmida yuqori faollikka ega bo‘ladi.
Xuddi shuningdek, sutkalik ritmlarga bog‘liq holda ayrim preparatlarning zaharliligi ham o‘zgarib turadi. Masalan, fenobarbitalning eksperimental hayvonlardagi o‘lim chaqirish darajasi kunning sutkalik ritmlariga bog‘liq holda 0 foizdan 100 foizgacha etishi mumkin.
Ayrim dorilarning farmakokinetik parametrlari ham sutkalik ritmlarga bog‘liq holda o‘zgarishi mumkin. Masalan, zamburug‘larga qarshi vosita hisoblanuvchi grizeofulvin kuniga 3 mahal qabul qilinishiga qaramasdan, uning ichaklar orqali so‘rilishining maksimal darajasi kunduzgi 12.00 ga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, sutka davomida ayrim dorilarning metabolizm va buyraklar orqali ajralish jadalligi ham turlicha bo‘ladi. Masalan, fenamin asosan ertalabki soatlarda jadal ravishda ajratilsa, litiy preparatlari esa kunduz kuni ko‘roq ajratiladi.
Bulardan tashqari, xronofarmakologik jarayonlarni o‘rganishda yana organizmning turli patologik holatlarida hamda kasalliklarida ham preparatlar farmakodinamikasining va farmakokinetikasining o‘zgarishlari ehtimolini inobatga olish lozim.

Yüklə 17,97 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   333




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə