O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti


Davlatning jamiyat siyosiy hayotidagi funksiyalari



Yüklə 6 Mb.
səhifə35/80
tarix22.05.2018
ölçüsü6 Mb.
#45438
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   80

Davlatning jamiyat siyosiy hayotidagi funksiyalari. Davlat jamiyatning siyosiy hayotida muhim funksiyalarni amalga oshiruvchi asosiy ijtimoiy institut hisoblanadi. Uning jamiyat siyosiy hayotida qanday o‘rin tutishini aniqlashdan oldin uning mazmunini karib chiqish lozim.

Davlatning mohiyati hususida vulgar sotsiologik ta’riflarga qarshi V. S. Barulin shunday yozadi: davlat ma’lum munosabatlarda “barcha kishilar manfaatlarini ifodalovchi organ sifatida, barchaning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi, ular manfaatlarini uyg‘unlashtiradi, hamda, har bir insonning hayoti va faoliyati uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni, farovonlikni ta’minlaydi... Davlatning sinfiy tabiati – uning faoliyatining birgina sinf foydasiga bu sinf manfaatlarining ustunligi va davlatning faqatgina bir sinfga bog‘lanib qolmasligi, boshqa sinflarga mutlaq qarama-qarshi bo‘lmasligining ob’ektiv tendensiyasini ifodalaydi”115.

Jamiyat tarixida davlat oliy boshqaruvining ikki shakli – monarxiya va respublika vujudga kelgan. Boshqaruvning monarxiya shakli davlat rahbarligining meros tamoyili asosida almashinuvi bilan harakterlanadi. Monarx vakolatining hajmiga ko‘ra, bu boshqaruv shaklining mutlaq va konstitutsiyaviy ko‘rinishlari mavjud. Bularning bir-biridan farqi shundaki, mutlaq monarxiyada, monarx, mutlaq hokimiyatga ega. Konstitutsiyaviy monarxiyada monarxning vakolatlari cheklangan bo‘ladi. Hozirgi vaqtda, dunyoning qirqqa yaqin mamlakati monarxiya xisoblanadi va ularning ko‘pchiligi parlamentar monarxiyadir (Buyuk Britaniya, YAponiya, SHvetsiya, Norvegiya va h.k.)116.

Respublika boshqaruvning shunday shakliki, bunda davlat hokimiyatining yuqori boshqaruv organlari yo saylanadi, yoki umumilliy muassasalar tomonidan shakllantiriladi. Boshqaruvning respublika shaklining uchta turi farqlanadi – kuchli prezident hokimiyati, bunda davlat rahbarini saylash parlamentdan mustaqil ravishda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Prezident davlat boshlig‘i hisoblanib, hukumatni tayinlaydi va hukumat prezident oldida hisob beradi (masalan AQSH); parlamentar respublikada prezident parlament tomonidan saylanadi. Bosh vazir, davlat oliy hokimiyat rahbarlarining hal qiluvchi roli parlament tomonidan belgilanadi hamda hukumat parlament oldida mas’ul hisoblanadi (Italiya, Germaniya, SHveysariya va h.k..); yarimparlamentar respublika – davlat rahbari yoki prezident mustaqil ravishda umumiy ovoz berish yo‘li bilan saylanadi, kuchli prezident hokimiyati mavjud va hukumat parlament oldida mas’ul hisoblanadi (Fransiya, Portugaliya, Finlyandiya va h.k.). Bu erda boshqaruvning turli shakllari sifatida, davlat hokimiyati yuqori organlarining huquqiy holatlari va o‘zaro munosabatlari asos bo‘lib hizmat qiladi117.

Ma’lumki, har qanday davlat doimo faol yoki mo‘‘tadil ravishda faoliyat yuritadi. CHunki faoliyatsizlik davlatning tabiati va maqsadiga to‘g‘ri kelmaydi. SHundan kelib chiqib, har qanday davlatning mohiyati eng avvalo, uning faoliyatida, funksiyalarida namoyon bo‘ladi. Davlatning faoliyat soxalari xilma xil bo‘lganligini xisobga olib, uning faoliyatining bosh yo‘nalishlarini alohida ajratish zarurati kelib chiqqan. Ana shu bosh yo‘nalishlarda davlat mohiyati mujassam bo‘ladi, amalga oshiriladi va rivoj topadi hamda ular davlatning mavjud bo‘lish tarzini ifoda etadi. Biroq davlat funksiyalarida faqat uning mohiyati o‘z ifodasini topadi, deb o‘ylash hato bo‘lar edi. Bunda muayyan davrdagi o‘ziga xos jixatlari, siyosiy hokimiyatni amalga oshirish hamda davlatga uyushgan jamiyatni boshqarishning alohida hususiyatidan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarini aslo yoddan chiqarib bo‘lmaydi.118 SHu bilan birga davlatning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishi va bu boradagi vazifalarni bajarishi bevosita uning faoliyati ya’ni funksiyalari bilan bog‘liqdir.

Funksiya – vakolat doirasidan kelib chiquvchi faoliyatdir. CHunki “funksiya” lotin tilidan olingan bo‘lib, “faoliyat” degan ma’noni anglatadi. U qo‘llanish vakolatiga ko‘ra proporsional ravishda o‘zgarib boradi. Davlat funksiyalarida uning mohiyati va ijtimoiy yo‘naltirilganligi, maqsad va vazifalari aks etadi. SHuni aytish kerakki, funksiya davlat tashkilotining ichida tadbiq qilinishi mumkin emas, ular jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarga ta’sir etgan holda tadbiq qilinadi.

Davlat jamiyatning mahsuli sifatida yuzaga kelib, unga nisbatan boshqaruvchi tizimga, unda ro‘y beruvchi barcha eng muhim jarayonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi kuchga aylandi.

Davlat hech qachon inert ko‘rinishda namoyon bo‘lmaydi, u doimo harakatda bo‘ladi. Bu faol harakat uning yashash tarzi hisoblanadi. Bu bevosita davlatning tabiati va mohiyatidan kelib chiqadi.

Davlatning funksiyalari - bu faoliyat yo‘nalishi, biroq yo‘nalishning aynan o‘zi emas. Funksiyalarni amalga oshirish faoliyati ma’lum tarixiy mazmun bilan to‘ldiriladi, binobarin, amalga oshirish jarayonida ularning o‘zaro nisbati (solishtirma vazni, har bir funksiyaning boshqa tizimdagi ahamiyati) orqali yuzaga keladi.119

Davlat faoliyati sohalari jamiyatda yuzaga keladigan munosabatlar kabi turli xil ko‘rinishda bo‘lgani sababli, davlat nazariyasi oldida uning sinfiy va umuminsoniy mohiyati hamda ijtimoiy ahamiyati aks etuvchi va konkretlashuvchi uning ichki va tashqi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash muammosi turadi. SHu bilan birga, davlatning funksiyalarida faqat uning mohiyati aks etadi, deb o‘ylash ham noto‘g‘ri bo‘ladi. CHunki siyosiy hukmronlik vaziyatida, davlatni boshqarish xususiyatidan kelib chiquvchi vazifa va funksiyalari paydo bo‘ladi. Asosiy yo‘nalishlarni ajratish bu umuman davlat faoliyatini (biroq uning organlari faoliyatini emas) “maydalash” demakdir. Bosh yo‘nalishlar – davlat faoliyatining ijtimoiy muhim tarmoqlari bo‘lib, ularni amalga oshirishga uning biror - bir alohida bo‘g‘inlari emas, balki barcha organlari jalb qilinadi. Aks holda jamiyatning mohiyati va ijtimoiy ahamiyati funksiyalarda o‘z aksini topmaydi, oxir- oqibatda esa, “davlatning funksiyasi” kategoriyasi o‘zining nazariy va amaliy ma’nosini yo‘qotib, mavhum (quruq muhokamaga asoslangan) bir tushunchaga aylanadi.

S.A.Komarov davlatning funksiyalarini nafaqat uning faoliyat yo‘nalishlari, balki jamiyatdagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish mexanizmi sifatida talqin qilishni taklif etadi. U davlat jamiyat hayotining u yoki bu sohalarida ma’lum funksiyalarni bajara borib, bir vaqtning o‘zida, o‘tkazilayotgan islohotlar, turli o‘zgarishlar, ijtimoiy aloqalarni huquqiy tartibga solish vositasida jamiyatdagi jarayonlarning holatiga ta’sir ko‘rsatishiga ishora qiladi120.

Bundan kelib chiqadiki, davlatning jamiyatdagi jarayonlar rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatish mexanizmini davlatning funksiyalari tushunchasiga kiritish u qadar to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki bunda davlatning funksiyalari umuman uning mexanizmi faoliyatiga yaqinlashtirish hamda davlatning faoliyatini turli huquqiy ta’sir vositalari bilan almashtirishga urinish ko‘zga tashlanadi, holbuki, fanda davlatning funksiyalarini amalga oshirishning huquqiy shakllari degan mustaqil tushuncha mavjuddir.

Davlat funksiyalarining asosiy belgilari, ularning davlat mohiyati va ijtimoiy vazifalari bilan bevosita bog‘liqligi, ma’lum tarixiy bosqichlarda turlicha bo‘ladigan, davlatning oyoqqa turish, mustahkamlanish va rivojlanish jarayonida o‘zgarib boradigan vazifalarni davlat maqsadlarida hal qilishga yo‘naltirilganidan iborat bo‘lishi umumiy qabul qilingandir.

Uzoq davr mobaynida yuridik adabiyotlarda sinfiy yondashuv sun’iy ravishda ustunlik qildi, davlatning butun jamiyat manfaatlari yo‘lida faoliyat ko‘rsatish xususiyatiga kam e’tibor berildi. SHuni ishonch bilan aytish mumkinki, xar bir davlat umumijtimoiy faoliyatni amalga oshiradi, butun jamiyat, barcha sinflar, ijtimoiy guruhlar va aholi qatlamlari manfaatlarini ifoda etuvchi vakil sifatida qatnashadi.

Har bir jamiyatning tabiatidan kelib chiquvchi funksiyalarga davlat faoliyati bu jamiyat mavjudligining tabiiy shart-sharoitlarini qo‘llab-quvvatlashga doir barcha yo‘nalishlari kiradi va ular ham ichki, ham davlatlararo miqiyosda fan-texnika inqilobi sharoitida aynan shu funksiyalarning ahamiyati yanada oshib borayotir. Bunga misol tarzida ekologik muvozanatni saqlash zarurati; kasalliklar (shu jumladan, OITS)ga qarshi kurash; alohida mamlakatlarning manfaatlari doirasiga sig‘maydigan muammolarni hal qilishda xalqaro madaniy va ilmiy-texnik hamkorlik (koinotni o‘zlashtirish, jahon okeani resurslarini o‘rganish va ulardan foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, xalqaro standartlar va umumjahon radio kommunikatsiya aloqasini ishlab chiqish, transport vositalarini rivojlantirish va boshqalar).

Davlatning umumijtimoiy faoliyati davlat ichidagi munosabat va aloqalarning ma’lum darajadagi turg‘unligi, uning yaxlitligi va umumiy (iqtisodiy, madaniy, milliy va b.) manfaatlar negizida birlashishini ta’minlaydi. Umumijtimoiy funksiyalarning solishtirma vazni nechog‘lik katta bo‘lsa, davlatning ixtiloflarni bartaraf etish, jamiyatda murosaga kelishish, ijtimoiy aloqalarni barqarorlashtirish vositasi sifatida tutgan o‘rni shu qadar yuqori bo‘ladi. Davlatning bunday o‘rni uni o‘z amaliy faoliyatida kuch va zo‘rlik ishlatish usullaridan voz kechishga majbur qiladi. U ko‘proq umumdemokratik, taraqqiyparvar institut va g‘oyalarga, jumladan, huquqiy davlat g‘oyasi, ijtimoiy va siyosiy hayotda huquqning hukmronligi, inson huquqlariga rioya qilish, kam sonli millatlarni himoya qilish, aholining davlat va jamiyat hayotida ishtirokining turli shakllari, o‘z o‘zini boshqarish asoslarini qo‘llab-quvvatlash, matbuot erkinligi va oshkoralik, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoyalashni ta’minlash va shu kabilarga murojaat qila boshlaydi.

SHuni yana bir bor e’tirof etish kerakki, davlatning funksiyasi tushunchasi masalasida olimlar haligacha umumiy bir to‘xtamga kelmaganlar. Masalan, A. Saidov va U. Tadjixanovning fikricha, “davlatning funksiyalari uning mohiyati va jamiyatdagi vazifalarini ifoda etuvchi faoliyatning asosiy yo‘nalishlaridir”121. Z. M. Islomov funksiyalarga davlatning umumijtimoiy mohiyati va ijtimoiy burchidan kelib chiqadigan muayyan maqsadlarga erishish yo‘lidagi vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha davlat faoliyatining bosh (asosiy) yo‘nalishlari (tomonlari, ko‘rinishlari) sifatida ta’rif bergan122.

V. M. Korelskiy va V. D. Perevalovning fikricha, davlat funksiyalari deganda, “davlatning asosiy harakat yo‘nalishlarini, mazkur yo‘nalishlar uning mohiyati va ijtimoiy zarurligini, davlat tomonidan jamiyatni boshqarishda unga taalluqli vositalar va usullarga asoslangan maqsad va davlat vazifalarini”123 tushunish kerak.

N. I. Matuzov va A. V. Malkolarning fikricha, “davlat funksiyalari deganda, davlatning tashqi va ichki faoliyatiga xos bo‘lgan asosiy yo‘nalishlarni tushunish kerak; mazkur yo‘nalishlarda davlatning sinfiy va umuminsoniy mohiyati asoslanganligi aks etadi va konkretlashadi”124.

Ko‘rinib turibdiki, davlat funksiyasi masalasi bo‘yicha yondashuvlar turlicha, ammo ularni tahlil etib, quyidagi xulosaga kelish mumkin: davlatning funksiyalari rivojlanishning ma’lum bir pog‘onasida bo‘lgan davlatning umumijtimoiy mohiyati, ahamiyati hamda xalq va jamiyat oldidagi ijtimoiy burchidan kelib chiqadigan Uning muayyan maqsad va vazifalarga erishishga qaratilgan faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridir.

A. Saidov va U. Tadjixanovning fikricha, davlatning funksiyalarini ikki asosiy guruhga: ichki va tashqi funksiyalarga bo‘lish mumkin125. Ichki funksiyalarga “qonuniylik asosida fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, ularning teng huquqliligini, jamiyat manfaatlarini ta’minlash; mulkchilikning turli shakllarini teng himoyalash; monopolizmni istisno qiluvchi bozor iqtisodiyotining rivojlanishini ta’minlash; fuqarolarning mehnat sharoitlarini yaxshilash va muhofaza qilish; fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab ma’naviy qadriyatlarni muhofaza qilish”126 kabilar kiradi.

Tashqi funksiyalarga ushbu olimlar tinchlik va birgalikda tinch yashash uchun kurash, mamlakatni tashqaridan bo‘ladigan hujumdan mudofaa qilish, jahon hamjamiyati mamlakatlari bilan iqtisodiy, madaniy hamkorlik va siyosiy hamdo‘stlik, dunyo mamlakatlari bilan atrof tabiiy muhitni, insonlarning tinchligini muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikning turli shakllarini kiritadilar.

Davlat funksiyalarini tasniflashga Z. M. Islomov boshqacha yondashgan. Uning fikriga ko‘ra, funksiyalarni to‘rt asosiy guruhga bo‘lib o‘rganish lozim: a) faoliyat sohalari bo‘yicha; b) amal qilishining davomiyligi bo‘yicha; v) ijtimoiy ahamiyati bo‘yicha; g) amalga oshirishning huquqiy shakllari bo‘yicha127. O‘z navbatida, birinchi guruhga kiradigan funksiyalar ichki va tashqi funksiyalarga bo‘linadi. Ichki funksiyalar davlatning mamlakat ichkarisidagi vazifalarini amalga oshirishi bilan bog‘liq. Tashqi funksiyalar xalqaro miqyosdagi faoliyat bo‘lib, bunda davlat xalqaro huquqiy munosabatlarning sub’ekti sifatida maydonga chiqadi.

M. I. Baytin va I. N. Senyakinning fikricha, “davlat funksiyalari, ijtimoiy hayotning qaysi jabhasiga qaratilgani, qaysi vazifalarni bajarishda amal qilishiga ko‘ra, ichki (iqtisod, ekologiya, fan, madaniyat, ta’lim tizimini rivojlantirish va boshqalar bilan bog‘liq) hamda tashqi (davlatni himoyalash, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash) funksiyalarga bo‘linadi”128.

Davlatning ichki funksiyasi masalasiga keyingi paytda chop etilgan ayrim adabiyotlarda ham e’tibor berildi. Jumladan, ayrim olimlarning yozishlaricha, O‘zbekiston davlati quyidagi ichki funksiyalarni amalga oshiradi: iqtisodiy funksiya yoki iqtisodiyotda davlatning bosh islohotchi ekanligi, ijtimoiy sohada olib boradigan ishlari, ta’lim, fan, texnika, madaniyat va aholini g‘oyaviy (mafkuraviy) tarbiyalash sohasidagi, huquq-tartibotni qo‘riqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, mulkchilikning barcha shakllarini og‘ishmay himoya qilish, huquqbuzarlikka va jinoyatchilikka qarshi kurashish, tabiat boyliklari hamda atrof muhitni muhofaza qilish va h.k.129

Davlat funksiyalarini tasniflashda deyarli barcha olimlar ichki va tashqi funksiyalar mavjudligini tan oladi. Lekin shuning bilan birga har bir muallif davlat funksiyalarini tasniflashda turli xil mezonlarni asos qilib oladi.

Ko‘pchilik olimlar, jumladan, S.A.Komarov, A.V.Malkolar davlat funksiyalarini quyidagicha tasniflash tarafdorlaridir:


  • Faoliyat sohalari bo‘yicha;

  • Amal qilish davomiyligi bo‘yicha;

  • Ijtimoiy ahamiyati bo‘yicha;

  • Amalga oshirishning huquqiy shakllari bo‘yicha.

YUqorida ko‘rsatib o‘tilgan davlat funksiyalarining tasnifi ham o‘z navbatida bir nechta guruhlarga bo‘linib ketadi.

Davlat funksiyalari faoliyat sohalari bo‘yicha ichki va tashqifunksiyalarga bo‘linadi.

Ichki funksiyalar davlatning ichki vazifalarini echishga yo‘naltirilgan faoliyat bo‘lib, davlatning jamiyatga ta’sirining faollik darajasini ko‘rsatadi.

Tashqi funksiyalar esa xalqaro-huquqiy munosabatlarning sub’ekti sifatida ishtirok etayotgan davlat, davlatlararo miqyosdagi vazifalarni xal qilish bilan bog‘liqdir.

Olimlar o‘rtasida davlatning funksiyalarini ichki va tashqiga ajratish yuzasidan bir xil fikr mavjud emas.

Jumladan, V.M.Sыrыx davlatning ichki funksiyasiga jamiyatda huquqiy tartibni o‘rnatish va muxofaza qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, xalq hokimiyatini ta’minlash, madaniy-tarbiyaviy, tabiatni muxofaza qilish kabi davlatning funksiyalarini kiritadi. Tashqi funksiyalarga esa himoya qilish, agressiv urushlarni olib borish, iqtisodiyot, madaniyat, maorif sohasida hamkorlik va boshqa funksiyalarini kiritadi.130

V.M.Korelskiy ichki funksiyaga himoyalash funksiyasi, hususiy mulk himoyasi, tartibni ta’minlash, tabiat va atrof muhitni muhofaza qilish, iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa funksiyalarni kiritadi. Tashqi funksiyaga esa tashqaridan bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfdan himoya qilish, bosqinchilik urushlarini olib borish, diplomatik a’loqalarni ta’minlash kabilarni kiritadi.131

YUqoridagilardan kelib chiqqan holda davlatning asosiy ichki funksiyalariga quyidagilarni kiritish mumkin:



  • Iqtisodiy fuksiyasi

  • Ijtimoiy funksiyasi

  • Siyosiy funksiyasi

  • Huquq tartibotni ta’minlash funksiyasi

  • Tinchlik va totuvlikni ta’minlash funksiyasi

  • Ekologik funksiyasi va boshqa funksiyalar

Davlatning asosiy tashqi funksiyalariga quyidagilarni kiritish maqsadga muvofiq:

  • boshqa davlatlar bilan hamkorlik funksiyasi

  • mudofaa funksiyasi

Davlat funksiyalarini amal qilish davomiyligi bo‘yicha doimiy va muvaqqat (vaqtinchalik) ga bo‘linadi.

Doimiy funksiyalar davlat mavjudligining va rivojlanishining barcha bosqichlariga xos bo‘lgan funksiyalar (masalan iqtisodiy funksiya) kiritilsa, muvaqqat funksiyalarga esa davlat o‘z oldiga qo‘ygan muayyan maqsad va vazifalarni amalga oshirishi bilan o‘z axamiyatini yo‘qotadigan funksiyalar kiritiladi.

Ijtimoiy ahamiyatiga ko‘ra davlat funksiyalari asosiy va asosiy bo‘lmagan funksiyalarga bo‘linadi.

Davlat funksiyalarini bunday tasniflashni ya’ni asosiy va asosiy bo‘lmagan funksiyalarga bo‘lishni ko‘pchilik olimlar tanqidiy nuqti-nazardan baholaydilar. Jumladan, V.M.Sыrыx ham davlat funksiyalarini asosiy va asosiy bo‘lmagan funksiyalarga bo‘lib tasniflashni tanqidiy jihatdan baholash kerakligini e’tirof etadi. Uning fikricha, bunday yondashuv natijasida asosiy bo‘lmagan funksiyalar "davlat funksiyasi" tushunchasining zarur belgisidan mahrum bo‘ladi, chunki bu tushuncha deydi u, har qanday faoliyat turini emas, balki faqat asosiy faoliyat turini qamrab oladi. SHuning uchun yo davlat funksiyasi tushunchasini almashtirish, yo taklif qilingan tasniflashni nomuvofiq deb tan olish kerak bo‘ladi132 degan xulosaga keladi.

SHuni qayd etib o‘tish lozimki, davlatning asosiy va asosiy bo‘lmagan funksiyasi o‘zaro bir birlari bilan bog‘liq bo‘lib, davlatning asosiy bo‘lmagan funksiyasi davlatning asosiy funksiyasini amalga oshirishga yordam beradi.

Davlatning barcha organlari tomonidan o‘zaro hamkorlikda bajariladigan funksiyalar asosiy funksiyalar deyilsa, ayrim davlat organlarigagina xos bo‘lgan funksiyalar esa asosiy bo‘lmagan funksiyalar hisoblanadi.

Davlat funksiyalarini amalga oshirishning huquqiy shakllari bo‘yicha quyidagilarga bo‘lish mumkin:


  • huquq ijodkorligi

  • ijro etish

  • huquqni muhofaza qilish

Huquq ijodkorligi - bu normativ-huquqiy aktlarni tayyorlash va ularni qabul qilish bo‘lib, deyarli bu faoliyatsiz davlatning boshqa funksiyalarini amalga oshirib bo‘lmaydi.

Ijro etish faoliyatiga qonun va boshqa normativ aktlarning amalda qanchalik darajada o‘z ijrosini topishi yoki topmasligi bilan bog‘liq faktlarni kiritish mumkin.

Huquqni muhofaza qilish faoliyatiga tartibni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinligini himoya qilish, qonun va qoidalarga rioya etilishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha chora ko‘rish, yuridik ishlarni ko‘rib chiqish va ular yuzasidan qarorlarlar qabul qilish hamda javobgarlikka tortish kabilarni kiritish mumkin.

Bugungi kunda, davlat funksiyasini amalga oshirishning yangi turi - shartnomaviy shaklining roli oshib bormoqda Bu markazlashmagan davlat boshqaruvi hamda bozor iqtisodiyotining rivojlanishi bilan izohlanadi.133

Umuman olganda, davlat funksiyalarini amalga oshirishning shakl va uslublari ko‘p. YUqorida esa biz davlat funksiyalarini amalga oshirishning huquqiy shakllarini ko‘rib o‘tdik. Bundan tashqari dalat funksiyalarini amalga oshirishning huquqiy bo‘lmagan shakllari ham mavjud.

Huquqiy bo‘lmagan shakllari davlat funksiyalarini amalga oshirishda tashkiliy-tayyorgarlik ishlarining asosiy qismini qamrab oladi. Bunday faoliyat ham zarur ham huquqiy bo‘lib, u huquqiy ahamiyatli faoliyatlar bilan bog‘liq emas hamda huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.134

Bundan tashqari, davlat o‘zining himoya qilish funksiyasini amalga oshirish jarayonida davlat ishontirish va majburlash usullarini qo‘llaydi, iqtisodiy funksiyani amalga oshirish uchun bir qator iqtisodiy usullarni qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Bular: prognoz qilish, rejalashtirish, imtiyozli kreditlashtirish, moliyalashtirish, davlat subsidiyalari, istemolchilarni himoyalash va boshqalarni kiritish mumkin.

Jamiyat siyosiy hayoti va siyosiy tizimida siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlarining o‘rni. Jamiyat siyosiy hayoti va siyosiy tizimida muhim o‘ringa ega bo‘lgan siyosiy institutlardan biri, bu – siyosiy partiyalardir. Ciyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan biridir. Siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining siyosiy tizim bilan o‘zaro aloqalarining doimiyligini ta’minlaydi. Davlat hokimiyatining jamiyatga bog‘liqligi va uning jamiyat tomonidan nazorat qilinishi ko‘p hollarda siyosiy partiyalar vositasida amalga oshiriladi.

Hozirgi davrdagi siyosiy partiyalarning ilk o‘tmishdoshlari yangi davrga kelib shakllandi. XIX asrga kelib G‘arbiy Yevropa va SHimoliy Amerika mamlakatlaridagi siyosiy partiyalar siyosiy vakillik instituti xarakterini kasb eta boshladilar. Partiyalar paydo bo‘lishining muhim sabablaridan biri — davlat hokimiyatini shakllantirishda adolat tamoyillariga amal qilish, shuningdek jamiyatni demokratlashtirishga bo‘lgan talabning oshib borishidir.

Xozirgi zamon jamiyatlarining siyosiy hayoti murakkab, ziddiyatli va serqirrali bo‘lib, unda ko‘p sonli ishtirokchilar, ya’ni siyosat sub’ektlari ishtirok etadi. Bu ishtirokchilar orasida eng ko‘zga ko‘rinarli o‘rinlardan birini siyosiy partiyalar egallaydi. Bugungi rivojlangan dunyoda siyosiy partiya mavjud bo‘lmagan davlat borligini tasavvur qilish mushkul, deyarli barcha davlatlarda ikki yoki ko‘ppartiyaviy tizim mavjud. Sivilizatsiyaning eng muxim yutukdaridan bo‘lmish siyosiy partiyalar ijtimoiy hayotdagi demokratiya va barqarorlikni ta’minlashda asosiy omillardan biri bo‘lib, u ijtimoiy tashkilotlar orasida eng siyosiylashgan tashkilotdir.

XIX asr oxiri — XX asr birinchi yarmida davlat arboblari va taniqli mashhur olimlar siyosiy partiyalarni jamiyat hamda davlat boshqaruvi uchun muhim bo‘lgan demokratik institut sifatida talqin eta boshladilar. Jamiyat va davlat hokimiyatining turli jabhalari hamda darajalarida demokratik qadriyatlarning qaror topib borishi bilan siyosiy partiyalarga bo‘lgan zaruriyat ham kuchayib bordi.

G‘arb siyosatshunos olimlarining talqinicha, “partiyalar (lot., “pars” (“partire”) — “qism” yoki “guruh”)135, bu — rasmiy institutlashgan va davlat hokimiyati organlari va boshqaruvi ustidan nazorat qilish uchun funksional jihatlardan ixtisoslashgan tashkilotdir. Siyosiy partiyalarni tadqiq etgan mashhur siyosatshunos olim J. Sartori partiyalarga doir quyidagi aniqlikni kiritgan edi: “Saylovlarda ishtirok etuvchi va uning natijasida o‘z nomzodlarini davlat korxonalariga o‘tkaza olishga qobil bo‘lgan har qanday siyosiy guruh partiyadir”136.

XX asrning so‘nggi davriga kelib AQSH olimlari — J.Lapalambara va J. Anderson “Boshqaruv va siyosat ensiklopediyasi” nomli asarida siyosiy partiyaga quyidacha ta’rif berganlar: “Partiya rasmiy maqom kasb etish va rasmiy tashkilot bo‘lish bilan bog‘liq, markazni periferiya bilan bog‘lovchi va davlat organlariga o‘z nomzodlarini (erkin yoki noerkin) saylovlar vositasida o‘tkazishga qobil bo‘lgan har qanday guruhdir”137.

G‘arb siyosatshunos olimlari siyosiy partiyalarning mazkur belgi va funksional jihatlari asosidagi siyosiy maqomini quyidagicha ta’riflaydilar: “Siyosiy partiya — (1) rasmiy va tashkiliy tuzilmaga ega, (2) hokimiyat ustidan rasmiy nazoratni amalga oshirish uchun kurashning maxsus funksiyasini amalga oshiruvchi, (3) mafkuraviy doktrina belgisi asosida birlashgan, umummilliy manfaatlarni ifodalashga da’vogarlik qiluvchi, (4) huquqiy maqomga ega bo‘lgan va (5) saylov jarayonlariga jalb etilgan nodavlat institut turi va guruhiy birlashmadir”138.

O‘zbekiston Respublikasi “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunining1-moddasida “siyosiy partiya” tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiluvchi hamda o‘z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko‘ngilli birlashmasidir”.

Darhaqiqat, siyosiy partiyalarning tarixi bir necha yuz yilliklar bilan o‘lchanadi hamda ularning shakllanishi ancha uzoq va murakkab jarayonni o‘z ichiga oladi. Hozirgi ko‘rinishdagi partiyalar va ularning zamonaviy mohiyati Yevropadagi burjua inqiloblari natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa-da, mazmunan partiyaga monand guruhlar, uyushmalar insoniyat tarixining qadimgi davrlarida ham ma’lum bo‘lgan.

Dastlabki partiyalar Qadimgi Gretsiyada hududiy bo‘linish asosida tashkil toptan bo‘lib, Aflotun, Aristotel va boshqa faylasuflar tomonidan salbiy baholangan edi. Xususan, Aristotel Kadimgi Gretsiyadagi uch asosiy siyosiy partiya - dengiz sohilida, tekislikda va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘rtasidagi mavjud kurash, o‘zaro raqobat haqida yozib, bu partiyalar ijtimoiyyaxlitlik va davlat birligiga raxna solishi mumkin, deya qayd etgan edi.

Qadimgi Rimda “partiya” tushunchasi asosan u yoki bu imperator (masalan, Sezar yoki Sulla) siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi guruhni ifodalash uchun ishlatilganligi tarixdan ma’lum.

O‘rta asrlardati siyosiy partiyalar jamiyatda ziddiyatlar kuchayganda, feodallar va boshqa sinflar o‘rtasida yuzaga kelgan ijtimoiy kelishmovchiliklar sharoitida vujudga kelgan.

Zamonaviy ma’nodagi siyosiy partiyalar ma’lum bir ijtimoiy guruhning manfaatlarini uyushgan va izchil tarzda ifoda eta oladigan vakillik sifatida XVII-XVIIIasrlardagi ingliz va fransuz burjua inqiloblar davrida shakllandi.

Sanoat inqilobi natijasi o‘larok, kapitalistik bozor munosabatlarining tezkor rivoji Yevropa jamiyatlarining kuchli tabaqalanishiga olib keldi. Ijtimoiy muammolarni siyosiy yo‘l bilan, ya’ni hokimiyat orqali hal etish hayotiy masalata aylandi. SHu tarzda siyosiy partiyalarning roli xam ortib bordi.

M. Veber taklif etgan siyosiy partiyalarning shakllanish tarixiga oid klassifikatsiyasiga ko‘ra, siyosiy partiyalar dastlab zodagonlarning siyosiy to‘garaklari tarzida paydo bo‘lib, keyinchalik siyosiy klublarga, so‘ngra esa ommaviy partiyalarga aylanganlar. Masalan, Angliyada 1831 yilda tuzilgan “CHarlton klab” konservatorlar partiyasiga, 1836 yilda tuzilgan “Reform klab” klubi esa liberal partiyaga asos bo‘ldi.

SHakllanayotgan ayrim siyosiy klublar parlamentlar bilan uzviy bog‘liq edi. Jumladan, Fransiya milliy majlisi deputatlarining bir qismi bo‘lgan yakobinchilar 1791 yilda butun Fransiya buyicha 448 ta provinsial guruxlarga ega edilar.

SHu tarika Fransiyada XVIII asrga kelib siyosiy partiyalar uzil-kesil shakllandi. Bu paytda Fransiya ijtimoiy hayotida faol ishtirok etgan yakobinchilar, jirondistlar, eberistlar, anarxistlar hozirgi zamonda keng tarqalgan o‘ng, so‘l, markaz va hokazo partiyalarga asos soldilar. Ular keyinchalik utopik (xayoliy)kommunistik va sotsialisik partiyalarga asos bo‘lishdi (SH. Fure, Sen-Simon va boshqalar).

AKSHda siyosiy partiyalar XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida kongress (ya’ni, parlament) fraksiyalari (federalchilar va respublikachilar) shaklida paydo bo‘lib, ikki partiyaviylik asosidagi partiyaviy tizimni vujudga keltirdi. Bu tizim keyinchalik AKSHda burjua demokratiyasining asosini tashkil kildi.

XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, siyosiy partiyalarga
birlashish jamiyatning faqat zodagon qatlamlarigagina xos xususiyat
bo‘lmay qoldi. CHunki bu davrda ko‘p sonli oddiy fuqarolarni o‘z
saflariga birlashtira olgan ommaviy partiyalar xam tashkil topdiki, bunday ommaviy partiyalarning dastlabkilariga 1861 yilda
tashkil topgan Angliya liberal partiyasini xamda 1863 yilda
tuzilgan birinchi ommaviy ishchi partiyasi bo‘lgan Umumgerman
Ishchilar Soyuzini kiritishimiz mumkin. Paydo bulayotgan siyosiy
partiyalarning faoliyatida siyosiy xokimiyat bilan aloqadorlik, unga
ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlari kuchayib bordi.

Ommaviy siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va siyosiy mavqeining kuchayib borishida XIXasrning ikkinchi yarmida Yevropa mamlakatlarida umumiy saylov huquqining fuqarolar tomonidan siyosiy huquq sifatida qo‘lga kiritilishi siyosat sub’ektlari sonining keskin oshuvini ta’minladi.

Quyidagi dalillarga e’tibor beraylik: Angliyada 1830 yilda saylov huquqidan 200 ming, 1832 yilda 600 ming, 1883 yilga kelib esa 9 million fuqaro foydalanadigan bo‘ldi.

XX asrda Xitoy kommunistik partiyasi eng ko‘p a’zolari bo‘lgan


(50 mingdan ortiq) ommaviy siyosiy partiyaga aylandi.

Siyosiy partiyalarning mavjudligi — demokratik tizim rivojlanishining zaruriy shart-sharoitlaridan biridir. Demokratiya tamoyillari nuqtai nazaridan yondashganda esa, siyosiy partiyalar davlat organlari tizimiga kirmaydi va bevosita davlat ishlarida ishtirok etmaydi. Ammo siyosiy partiyalar bir vaqtning o‘zida ham davlat sohasiga, ham fuqarolik jamiyatiga taalluqli institut ekanligi bilan ajralib turadi.

SHuningdek, ko‘pchilik davlatlarda siyosiy partiyalarga doir alohida qonunlar ham qabul qilingan. Bunday qonunlar quyidagi mamlakatlar uchun xosdir: GFR (1967 y.); Portugaliya (1975 y.); Avstriya (1975 y.); Ispaniya (1978 y.) va 1981 yilda qaytadan to‘ldirilgan; O‘zbekiston (1996 yil).Quyidagi mamlakatlarda esa siyosiy partiyalarni moliyalashtirishga doir maxsus qonunlar qabul qilingan: SHvetsiya (1956 y.); Finlyandiya (1969 y.); AQSH (1974 y.); GFR (1983 y.); O‘zbekiston (2004 y.). Ba’zibir mamlakatlarda esa siyosiy partiyalarga doir huquqiy qoidalar saylovlar to‘g‘risidagi qonunlarda ifodalangan139.

Xorijiy tajribalardan ko‘rinib turibdiki, siyosiy partiyalar asosan jamiyat a’zolarining siyosiy irodalarini shakllantirish va ularni siyosiy jarayonlarda ifodalash ehtiyojlari asosida faoliyat yuritadigan jamiyat institutidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 60-moddasida siyosiy partiyalarning huquqiy maqomi quyidagicha belgilangan: “Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlarini moliyaviy ta’minlanish manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar”140.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham siyosiy partiyalarning jamiyat instituti sifatidagi huquqiy maqomi shakllandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 56-moddasiga binoan siyosiy partiyalar “jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi”141. Mazkur Konstitutsiyaning 58-moddasida esa “davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi”142, deyiladi. Bu bilan, birinchidan, siyosiy partiyalar jamoat birlashmalari kabi jamiyatning instituti ekanligi e’tirof etiladi; ikkinchidan, siyosiy partiyalarning davlat hokimiyati organlari faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi konstitutsiyaviy me’yorlar bilan taqiqlanib, uning davlat hokimiyatiga daxldor emasligi ta’kidlanadi.

Mazkur huquqiy asoslardan shunday xulosa kelib chiqadiki, siyosiy partiyalarning “siyosiyligi” ularning saylovlardagi ishtiroki va davlat hokimiyatiga nomzodlar ko‘rsatishi bilan cheklanadi. Siyosiy partiyalar davlat hokimiyati boshqaruvida ishtirok etmaydilar. Saylovlarda g‘alaba qozongan partiyalarning vakillari esa davlat hokimiyati organlaridagi boshqaruvda ishtirok etadilar. Lekin, bu kabi boshqaruvdagi ishtirok siyosiy partiya a’zosi sifatida emas, balki biron-bir mansabni egallagan shaxs sifatida amalga oshiriladi.

XX asrning 50-70-yillariga kelib siyosatshunos olimlar demokratik prinsiplar asosida faoliyat yurituvchi siyosiy partiyalarning asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat ekanligini aniqladilar:

- alohida olingan fuqarolar, ijtimoiy tabaqa va guruhlar manfaatlarini birlashtirib, ularni siyosiy manfaatlar majmuasi darajasiga ko‘tarish, shuningdek, bu uyg‘unlashgan manfaatlarni ularning hammasi uchun bir xilda ahamiyat kasb etishini ta’minlash. Partiyalarning yana bir eng muhim maqsadi, bu — o‘zi tayanuvchi ijtimoiy tabaqalar manfaatlarini siyosiy tizimda ifoda etish;

- har bir fuqaro o‘zining ustidan kim boshqarishi yoki idora etishiga befarq emas. SHuning uchun ham demokratiyaning muhim mezonlaridan biri fuqarolarga o‘zlari ustidan kim boshqarishini tanlay olishga imkoniyat berishdir. Bu kabi tanlash siyosiy partiya vositasida amalga oshiriladi;

- davlatni boshqarishga doir siyosiy qarorlarning xalqchil va demokratik qadriyatlar asosida qabul qilinishi mamlakatdagi fuqarolik jamiyati rivojlanganlik darajasining o‘ziga xos mezonidir. Siyosiy qarorlarni qabul qilishgacha bo‘lgan davrda ularning loyihalarini partiyalarning quyi organlari tomonidan fuqarolar irodalari va istaklarini inobatga olgan holda, shuningdek, oddiy fuqarolarning manfaat va ehtiyojlari asosida shakllantirish imkoniyatlari mavjuddir. SHuning uchun ham partiyalar — bajarilishi shart bo‘lgan siyosiy qarorlarning demokratik legitimlashtirish, jamiyat tomonidan tan olinishini ta’minlash vositasidir;

- turli darajadagi saylovlar vositasida hokimiyatni shakllantirish, boshqaruv kadrlar tizimini legitimlashtirish, shuningdek, uning fuqarolar tomonidan e’tirof etilishini ta’minlash;

- partiya quyi tashkilotlarida o‘z partiya dasturlarini targ‘ib etish, mahalliy boshqaruv organlari faoliyatini baholash, partiyaviy yig‘inlar xulosalari, ommaviy axborot vositalaridagi faol ishtiroklari asosida jamoatchilik fikrini shakllantirish;

- jamiyat siyosiy kengliklarida fuqarolar siyosiy ongining shakllanishi va siyosiy madaniyati yuksalishi uchun ijtimoiy, siyosiy, ruhiy muhit, fuqarolar siyosiy ishtiroki uchun siyosiy kengliklar tashkil qilish;

- fuqarolarning siyosiy manfaatlarini ilg‘ab, ularning o‘zaro o‘xshash manfaatlarini birlashtirib, har bir oila va mahalla hududida tarqoq yotgan tabiiy siyosiy intilishlarini partiyaviy dasturlarga jamlab, o‘z a’zolari va xayrixohlarini siyosiy jarayonlarga safarbar etuvchi, shuningdek, fuqarolarni bu jarayonda faol ishtirok etishga undash uchun ularni rag‘batlantirish, ular intilishlarining doimiyligini ta’minlash;

- demokratik saylovlarda saylangan o‘z vakillari, turli mansablarni egallagan partiyadoshlari, shuningdek, partiyaviy fraksiya va guruhlari vositasida o‘z muqobil dasturlarini amalga oshirish, xalq ommasini e’tirofiga erishish maqsadida parlament va hukumatga ta’sir ko‘rsata olish;

- o‘z siyosiy maqsadlarini «davlat irodasi» bilan uyg‘unlashtira olish;

- fuqarolar bilan davlat organlari o‘rtasidagi aloqalar va munosabatlarnig muvofiqlashtirishni doimiy ravishda ta’minlab turish.

Siyosiy partiyalar ijtimoiy qatlamlarning u yoki bu siyosiy manfaatlarini ifodalab qolmasdan, bu manfaatlarni shakllantirishda ham bevosita faol ishtirok etadi. CHunki partiya o‘zining ijtimoiy bazasi bo‘lgan tabaqaning siyosiy qarashlarini shakllantirishga doir ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish bilan shug‘ullanmasa, u holda fuqarolardagi siyosiy qarash va siyosiy manfaatlar o‘z holicha barq urmaydi, juda bo‘lmaganda, bu manfaatlar guruhiy manfaatlar darajasiga ko‘tarila olmaydi.

Fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat sharoitida siyosiy partiyalar mintaqaviy va mahalliy tizimlar hamda jamoaviy birliklar bilan mustahkam aloqada bo‘lib, ular umummilliy maqsadlar ruhini dastlab shu hududlardagi fuqarolardan oladilar. Qolaversa, partiyalarning bir-biri bilan raqobatdoshligi tufayli ham umummilliy siyosiy tizimlar barcha guruh va mansabdorlardan (ular qanchalik katta mansablarni egallamasin) yuqori qo‘yiladi. SHu tariqa siyosiy tizim bilan o‘z vakolatlarini kuchaytirishga intiluvchi alohida olingan mansabdorlar o‘rtasiga aniq chegara qo‘yiladi.

Muxolifatdagi partiyaning eng asosiy funksiyasi esa turli fitnalarni rad etish, kuch ishlatishga asoslangan turli nodemokratik harakatlarning ro‘y bermasligini ta’minlashdir. Muxolifiy partiyalarning siyosiy kurash vositasi ham faqat elektorat orqaligina amalga oshirilishi lozim. Umuman, har bir partiyaning o‘z dasturi va maqsadlariga mos ravishda nazariy, mafkuraviy, siyosiy va tashkiliy funksiyalari bo‘lib, ular partiya faoliyati va ichki hayotining ajralmas bo‘laklaridir.

Partiyaviy raqobatdoshlikning yana bir ijobiy jihati shundaki, hokimiyatni egallagan siyosiy partiya muxolifatga hokimiyatni berib qo‘yish, shuningdek, saylovchilarning o‘zlariga bo‘lgan ijobiy munosabatini o‘zgarishidan “hadiksirab”, boshqaruvni xalqchil va demokratik tamoyillar asosida amalga oshirishga intiladi. Qolaversa, jamiyat muxolifiy partiyalarning turli tuman muqobil rivojlanish dasturlari va ular o‘rtasidagi bahs-munozaralar asosida tez rivojlanish imkoniga ega bo‘ladi.

Partiyalarning ijtimoiy-siyosiy hayotda faoliyat ko‘rsatishlarining kafolati, — ularning moliyaviy asoslarga ega bo‘lishidir. Hozirgi davrda Yevropa, SHimoliy Amerika, YAponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi demokratik mamlakatlarda siyosiy partiyalarning turli yo‘nalishlardagi faoliyatining kengayishi va bu sohadagi sarf-xarajatlarining yildan-yilga ko‘payib borishi natijasida ularning serqirra faoliyatini davlat mablag‘lari bilan ta’minlash muammolari kelib chiqmoqda. Tarixiy rivojlanish tajribalaridan ma’lumki, partiyalar moddiy mablag‘larsiz o‘z maqsadlarini to‘liq bajara olmaganlar. SHundan kelib chiqib, aksariyat mamlakatlarda hozirgi davr qonunchiligi partiyalarning moliyaviy manbalarini muvofiqlashtirishga muhim ahamiyat bera boshladi.

XX asrning 90-yillariga kelib partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirish tamoyili umumdunyoviylik xarakterini kasb eta boshladi. 112ta mamlakat milliy parlamentlari vakillari ishtirok etgan Xalqaro Parlamentlararo Kengash (Parij, 1994 yil 26 mart) 154-sessiyasida qabul qilingan “Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risidagi Deklaratsiya” ning 4-moddasi quyidagicha ifodalanadi: “Siyosiy partiyalarning shakllanishi va erkin faoliyati ta’minlansin, imkoniyatlardan kelib chiqib siyosiy partiyalar va saylov kampaniyalarini moliyalashtirish muvofiqlashtirilsin, partiyalarning davlatdan alohidaligi ta’minlansin, shuningdek, hokimiyatning qonun chiqaruvchi organlariga saylovlar jarayonidagi kurashlarda hammaga teng shart-sharoitlar yaratilsin”143.

Siyosiy partiyalar u yoki bu ijtimoiy qatlamlarning manfaatlari va muammolarini o‘zida ifoda etadi, ularni jamiyatdagi siyosiy munosabatlarda himoya etadi. Siyosiy partiya ma’lum bir ijtimoiy qatlamlarning siyosiy manfaatlari ifodachisi sifatida hokimiyat uchun kurashadi, hokimiyatni egallagan taqdirda esa o‘zi mansub bo‘lgan ijtimoiy qatlam muammolari, shuningdek, saylovlarda o‘ziga xayrixohlik qilgan saylovchilar xohish-irodasini amalga oshirishga intiladi.

Xullas, siyosiy partiyalar bugunga kelib, dunyoning rivojlangan davlatlarida xalk bilan hokimiyat o‘rtasida asosiy bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lgan demokratik institutga aylandilar. Bundan xulosa shuki, siyosiy partiya jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lib, u muayyan guruh yoki qatlamning maqsad va manfaatlarini ifoda etuvchi, uni umumdavlat va umummillat manfaatlari bilan uyg‘unlashtirgan xolda faoliyat ko‘rsatadigan, rivojlanishning siyosiy yo‘nalishlarini aniqlab beradigan siyosiy tashkilotdir.

Siyosiy partiya odatda muayyan siyosiy dastur asosida faoliyat ko‘rsatadi. Buning boisi - siyosiy partiya atrofida jamiyatningmuayyan guruhlari, tabaqalari, sinflari ma’lum bir maslak, g‘oya asosida birlashadilar.

Davlat xokimiyatini qo‘lga kiritish maqsadi har bir siyosiy partiyaning g‘oyaviy-siyosiy xujjatlarida, xususan uning dasturida ifodalanadi. G‘oyaviy-siyosiy dasturda partiya nima uchunva kim uchunsiyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritmokchi ekanligi, qanday aniqmaqsadlarni o‘z oldiga qo‘yganligi masalasi aks etgan bo‘ladi. Biroq, barcha siyosiy partiyalar ham bu maqsadlarini ochiq-ravshan ifoda etishmaydi. Ko‘pincha partiyalar “barcha fuqarolarning” yoki “mexnatkashlarning manfaatlarini ifoda etamiz” detan shiorlarni ilgari surishadi. Aslida esa jamiyat a’zolari manfaatlari turlicha bo‘lib, xech qachon bir-biriga to‘liq mos kelmaydi.

Siyosiy partiyalar odatda butun jamiyatnint emas, balki jamiyatdati muayyan bir ijtimoiy guruhning, gohida esa aholi qatlamlari katta bir qismining manfaatlarini ifoda etadilar. Bunint uchun siyosiy partiyalar jamiyatdagi muayyan guruhlar manfaatlaridan kelib chiqib, harakat qiladilar. Bu manfaatlar ular uchun ijtimoiy baza, manba bo‘lib xizmat qiladi, partiyalar ushbu manfaatlarni himoya qiladilar va ularni qondirish uchun hokimiyatga erishishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yadilar. Siyosiy partiyalar hamisha ham o‘z tub maqsadlarini ochiq bayon etmasliklarining sababi jamoatchilik xayrihohligini yo‘qotishni istamasliklaridadir. CHunki keng jamoatchilikning, butun jamiyatning xayrihohligiga, qo‘llab-quvvatlashiga erishish yo‘llarini qidirish siyosiy partiyaning muxim xususiyatlaridan biridir144.

Siyosiy partiyalarni turlarga ajratishda turli hil yondashuvlar mavjud. Bu yondashuvlarning har birida muayyan bir mezonga, masalan partiyaning sinfiy tabiati, siyosiy faoliyat vositalari, mavjud ijtimoiy tuzumga munosabati, tarkibiy tuzilishi, siyosiytizimdagi o‘rni va roli, mafkuraga nisbatan munosabatiga ko‘ra partiyalar u yoki bu turlarga ajratiladi.

Siyosiy partiyalar sinfiy tabiatigako‘ra:


  • ishchi partiyalarga (sotsial-demokratik, kommunistik);

  • burjua partiyalariga (mayda burjua partiyalari, milliyburjuaziya partiyalari);

  • o‘rta tabaqalar partiyalariga (demokratik partiyalar);

  • sinflararo partiyalarga (ishchi-dexkon, ziyolilar, millatchilar
    partiyalari);

  • dehqonlar partiyalariga bo‘linadi.

Siyosiy faoliyat vositalariga kura:parlament va noparlament partiyalarga.

Mavjud ijtimoiy tuzumga nisbatan munosabatlariga ko‘ra:inqilobiy, reformistik, liberal, konservativ partiyalarga bo‘linadi.

Tarkibiy tuzilishiga ko‘ra:kadrlar partiyalarita va ommaviy partiyalarga.

Jamiyatning siyosiy tizimida egallagan o‘riniga ko‘ra:


hukmron va kam ta’sirli partiyalarga, so‘l, markaz, o‘ngpartiyalarga xamda muxolif partiyalarga bo‘linadi.

O‘zbekistonda Milliy mustaqillik e’lon qilingach, mustaqil davlat tuzilmalarining shakllanishi, O‘zbekistonda sobiq sho‘ro mafkurasiga xizmat qiluvchi yakkahokim kommunistik partiya tashkilotlarining butunlay tugatilishi natijasida fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Mamlakatda xalq manfaatlari va siyosiy irodalarini erkin ifoda etish uchun huquqiy asoslar va erkin siyosiy muhit yaratilishiga hamohang tarzda siyosiy partiyalar ham tuzila boshlandi.

Hozirgi davrda jahondagi demokratiyaning asosiy mezonlaridan biri — saylovlarning ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishidir. 1991 yilning noyabridayoq “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunda saylovning ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishi huquqiy jihatdan e’tirof etildi. Mazkur Qonunda siyosiy partiyalar mamlakat Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega ekanligi aniq va ravshan ifodalandi.

1991 yil 14 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi Qonun mamlakatda ko‘ppartiyaviylik tizimi shakllanishining huquqiy jihatlarini ta’minlab berishi natijasida mamlakatda yangi siyosiy partiyalarning shakllanish jarayoni boshlandi. Milliy mustaqillik davrida tashkil topgan siyosiy partiyalardan biri, bu — O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi. Partiyaga 1991 yilning 1 noyabrida bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyida asos solindi.

O‘zbekiston XDP tarkibida ziyolilar, tadbirkorlar, yoshlar soni yil sayin ko‘payib bordi. Uning tarkibida ishchi va dehqonlar salmog‘ining 52,6 (1992 yil 1 yanvarga) foizdan 39,3 foizgacha (2006 yil 1 yanvarga) pasayishi esa partiya a’zolari orasida xizmatchilar salmog‘ining muttasil oshib borishi (41,1 foizdan 46,5 foizgacha) bilan izohlandi. Mamlakatda aqliy mehnat bilan shug‘ullanuvchi ijtimoiy qatlam va guruhlar manfaatini ifoda etuvchi qator siyosiy partiyalarning tuzilishiga qaramay, XDP safiga ziyolilar kirishi ortib bordi.

O‘zbekiston XDPning “O‘zbekiston ovozi”, “Golos Uzbekistana” gazetalari va “Muloqot” jurnali qisqa davr ichida mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari o‘rtasida katta mavqega ega bo‘lgan markaziy matbuot nashri sifatida faoliyat ko‘rsata boshladilar145.

O‘zbekiston “Vatan taraqqiyoti” partiyasi (VTP) 1992 yilning 24 mayida tashkil topdi. Partiya a’zolarining soni qariyb 35 mingga etdi. Partiyaning markaziy matbuot nashri — “Vatan” ijtimoiy-siyosiy haftalik gazetasi 2000 yil apreliga qadar faoliyat ko‘rsatdi.

Mamlakatda O‘zbekiston Xalq demokratik va “Vatan taraqqiyoti” partiyalarining tashkil topishi bilan bir partiyaviylik tizimga butunlay barham berildi. SHuningdek, jamiyatdagi ijtimoiy qatlamlarning qonun chiqaruvchi hokimiyatdagi manfaatlarini ifoda etadigan siyosiy oqimlar va tashkilotlar shakllandi. O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi demokratik tamoyillar, shuningdek, amalga oshirilgan huquqiy va siyosiy islohotlar mamlakatda yangi partiyalarning tuzilishiga keng imkoniyatlar yaratib berdi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi (SDP) 1995 yil 18 fevral, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi (MTDP) 1995 yil 3 iyunida tashkil topdi. SHuningdek, “Fidokorlar” Milliy Demokratik partiyasi (FMDP) 1998 yil 28 dekabrdagi ta’sis qurultoyida tashkil topib, 1999 yilning 3 yanvarida Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tdi.

O‘zbekistondagi ko‘ppartiyaviylik tizimidagi muhim yangiliklardan biri — siyosiy partiyalarning davr talabi, ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, bir-birlari bilan birlashishlari kabi siyosiy voqeliklar ham ro‘y bera boshladi. 2000 yil aprel oyida “Fidokorlar” Milliy Demokratik partiyasi va “Vatan taraqqiyoti” partiyasi vakillaridan iborat qo‘shma qurultoy qarori bilan ikkala partiya birlashib, partiyaning nomi “Fidokorlar” Milliy Demokratik partiyasi, deb ataldi. Albatta, bu birlashuvda har ikkala partiyaning dasturiy maqsadlaridagi mushtaraklik, har ikki partiyaning tayanuvchi ijtimoiy tabaqalari tadbirkorlar va ishbilarmonlar ekanligi muhim o‘rin tutdi. SHu bilan birga, qo‘shma partiyaviy anjuman FMDP shakllanishida muhim ijobiy jihatlarni ko‘rsatish bilan birga, partiya faoliyatida shoshma-shosharlik, pala-partishlik kabi holatlar kuzatilganligini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekistonda qisqa davr ichida siyosiy partiyalarning siyosiy tizim sub’ektlari sifatida faoliyat ko‘rsatishlari, ularning siyosiy tizimga ta’sir eta olish qobiliyatlarining shakllanishi natijasida demokratik tamoyillardagi ko‘ppartiyaviylik tizimi shakllandi. Siyosiy partiyalar jamiyatning instituti sifatida har bir partiya o‘zi tayangan ijtimoiy qatlamlar va guruhlar manfaatini birlashtirish hamda ifodalash, shuningdek, fuqarolar siyosiy madaniyatini oshirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolliklarini yuksaltirish sohasida katta ishlarni amalga oshira boshladilar.

Mamlakatda parlament islohotlarining boshlanishi, ikki palatali parlamentni shakllantirish uchun huquqiy asoslarning ishlab chiqilishi munosabati bilan siyosiy partiyalarning jamiyat va davlat qurilishidagi o‘rni yanada yuksaldi. 2004 yil dekabrdagi parlament va mahalliy vakillik organlariga bo‘lgan saylovlarda parlamentning quyi palatasi — Qonunchilik Palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqining siyosiy partiyalarga berilishi, mahalliy vakillik organlaridan parlament deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqining bekor qilinishi munosabati bilan partiyalarning qonun chiqaruvchi hokimiyatni shakllantirish sohasidagi yangi davri boshlandi.

Siyosiy partiyalarga yangi vakolatlarning berilishi bilan o‘z-o‘zidan ularning jamiyat oldidagi mas’ulligi kuchaydi. Umuman, siyosiy partiyalar vakolatlari kengaytirilishi jamiyat siyosiy sohasini erkinlashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi. “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” siyosiy konseptual dasturning asl maqsadi ham asosan ana shu yo‘nalishga qaratildi.

2003 yil 15 noyabrda O‘zbekiston siyosiy tizimida yana bir siyosiy partiya — Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil topdi. Partiyani tuzish tashabbuskorlari, asosan, mamlakatdagi o‘rta qatlam — tadbirkorlar va ishbilarmonlarning ilg‘or vakillari bo‘ldi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining (O‘zLiDeP) tashkil etilishi bilan mamlakatda fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish islohotlarining chuqurlashib borish jarayonlari tarixiy zaruriyat sifatida kun tartibiga qo‘yildi.

XX asr oxiriga kelib, mamlakatda 260 mingdan ko‘proq o‘rta va kichik tadbirkorlar, 85 mingdan ortiq fermerlar biznes faoliyatini yuritmoqda edi. O‘rta va kichik mulkdorlarning o‘rta ijtimoiy qatlam sifatida shakllanish zaruriyati va ehtiyojlari ularning siyosiy kuch sifatida birlashishlari, iqtisodiy jihatdan rivojlanish uchun o‘z siyosiy manfaatlarini ifoda eta oladigan siyosiy tashkilotga ega bo‘lishlarini taqozo etmoqda edi. O‘zLiDeP o‘rta ijtimoiy qatlam g‘oyalari va manfaatlari ifodachisi sifatida siyosiy maydonga chiqdi. SHuningdek, partiya o‘z siyosiy mafkurasining liberal g‘oyalar va qadriyatlarga asoslanishini e’lon qildi.

2008 yil iyun oyida “Fidokorlar” Milliy Demokratik partiyasi bilan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining bir partiyaga birlashishiga doir tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Mazkur ikki partiya qurultoylari saylovlar davrida va parlament faoliyatida o‘z ta’sirlarini oshirish, elektoratning ko‘proq qismini jalb etish maqsadida yagona partiyaga birlashdilar. Tuzilgan yangi partiyaning nomini O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deb atashga qaror qilindi. Partiyaning markaziy, mintaqaviy va boshlang‘ich tashkilotlari har ikki partiya vakillaridan iborat holda qaytadan tashkil etildi. Partiya dasturi endi ko‘proq jamiyatdagi ijtimoiy qatlamlar va guruhlar manfaatlarini ifoda eta boshladi.

Mamlakatda mustaqillik yillarida siyosiy partiyalarning davlat hokimiyati organlaridan mustaqil ravishda rivojlanishi va keng faoliyat ko‘rsatishi uchun ijtimoiy-siyosiy kengliklar yaratildi. SHu bilan birga, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi «hududiy, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga saylanadigan bir yuz yigirma deputatdan iborat»146 bo‘lishi bu qoidani O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi Qonunda mustahkamlab qo‘yilishi siyosiy partiyalarning mamlakat qonun chiqaruvchi hokimiyatini shakllantirishdagi rolini oshirdi.

Mamlakatda Milliy mustaqillikning ilk davrida davlat tomonidan amalga oshirilgan islohotlar natijasi o‘laroq, fuqarolik jamiyatining muhim instituti bo‘lgan siyosiy partiyalarning demokratik qadriyatlar asosida faoliyat yuritishlari uchun huquqiy asoslar yaratildi. Qisqa davr ichida mamlakatda beshta siyosiy partiya tashkil etilib, ko‘ppartiyaviylik tizimi siyosiy hayotga kirib keldi. Parlament, Prezidentlik saylovlari va mahalliy vakillik organlariga saylovlar asosan ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tkazilishi an’anaga aylandi.

O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning fuqarolik jamiyati instituti sifatidagi faoliyatini erkinlashtirish, ko‘ppartiyaviylik tizimini takomillashtirish islohotlarini chuqurlashtirishga doir muammolarni bartaraf etishda Prezident I.A.Karimov tomonidan ilgari surilgan kuchli fuqarolik jamiyati qurish g‘oyasi muhim ahamiyat kasb etdi. Unda e’tirof etilishicha, jamiyatda «...islohotlar jarayonida respublikada yangi demokratik siyosiy tuzumning asoslari yaratildi, deb xulosa chiqarish mumkin. Bu tuzum siyosiy tashkilotlarning, mafkura va fikrlarning turli-tumanligi asosiga qurilgan bo‘lib, davlat va jamiyatni boshqarishda fuqarolarning keng ishtirokini ta’minlaydi»147.

O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining qaror topishida 1996 yil 25 dekabrida Oliy Majlis tomonidan qabul qilingan «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi Qonun muhim o‘rin tutdi. Qonun 17 ta moddadan iborat bo‘lib, unda siyosiy partiyalarning demokratik qoidalar asosida faoliyat yuritishlari uchun rivojlangan mamlakatlar mezonlari talablariga xos bo‘lgan huquqiy asoslar yaratildi. Qonunning 5-moddasiga binoan, «davlat siyosiy partiyalar huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini kafolatlaydi, ustavda belgilangan o‘z maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi»148. SHuningdek, siyosiy hayotda birinchi marta Qonunning 12-moddasida siyosiy partiyalarning huquqlari aniq va ravshan ko‘rsatib berildi149.

Fuqarolik jamiyatining muhim belgilaridan biri, bu — siyosiy institutlar va siyosiy jarayonlarda turli xil fikrlarning erkin ifoda qilinishiga huquqiy asoslar yaratib berish, shuningdek, huquqiy davlat fuqarolari — plyuralistik fikrlashga qobil bo‘lgan shaxslarni shakllantirishdir.

SHuningdek, qonunda siyosiy partiyalarning demokratik tamoyillar asosida faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan huquqiy asoslar o‘z ifodasini topdi. Jumladan, qonunda siyosiy partiyalarni tuzish, ularning faoliyat ko‘rsatish prinsiplari, partiyaga a’zolik, siyosiy partiya faoliyatining kafolatlari, ustavi, ro‘yxatga olish, partiyalarning mulkiy munosabatlariga doir barcha huquqiy maqomlarning mujassamlashgani O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimini qaror toptirishning kafolatlaridan biriga aylandi.

Siyosiy partiyalar faoliyatini faqat huquqiy jihatdangina kafolatlashning o‘zi ularning keng qirrali faoliyati yo‘nalishini amalga oshirish uchun etarli emas ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Siyosiy partiyalarning jamiyatdagi va siyosiy munosabatlardagi funksiyalarini to‘la bajara olish qobiliyatini shakllantirish uchun ular faoliyatini moliyaviy jihatdan ham kafolatlash tajribasi O‘zbekistonga ham kirib keldi. 2004 yil 30 aprelda ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisining XIV sessiyasida “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

Ko‘pchilik fuqarolik jamiyati institutlari rivojlangan mamlakatlar siyosatshunos olimlari partiyalarni davlat tomonidan moliyalashtirishni demokratiya muammolari bilan ham bog‘laydilar. Jumladan, taniqli olim J.Maslouning ko‘rsatishicha, birlashma va uyushmalarning konstitutsiyaviy erkinligi nafaqat partiyalar tashkil topishining erkinligini taqozo etadi, balki ular tomonidan o‘z funksiyalarini amalga oshirish imkoniyatlariga kafolatlar berilishini ham talab etadi. Ba’zi bir holatlarda davlat tomonidan berilayotgan yordamlar siyosiy demokratiyani real mazmunlar bilan to‘ldirishning sharti bo‘lib ham xizmat qilishi mumkin150.

Xususan, siyosiy partiyalarga moliyaviy yordam berish partiyalarning siyosiy raqobatdagi imkoniyatlari notengligini kamaytiradi, ularning alohida jismoniy yoki huquqiy shaxslar guruhlariga nisbatan qaramligini yo‘qotadi. Natijada siyosiy partiyalar korrupsiyaga qarshi kurashning ta’sirchan vositasiga aylanadi.

Mazkur qonunga binoan siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasi va davlat hokimiyatining boshqa vakillik organlariga saylovda ishtirok etishi, shuningdek, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiya fraksiyalarining faoliyati ham davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Albatta, siyosiy partiyalar faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirishni amalga oshirish saylovlarni demokratik tamoyillar asosida kechishini har tomonlama kafolatlaydi. Partiyalarning markaziy va mahalliy organlari saylovchilar bilan har tomonlama aloqa bog‘lash, o‘z faoliyatlarini saylovchilar xohish-irodalari asosida kechishini amalga oshirish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar. Muhimi, partiyalarning dasturiy maqsad va vazifalarini amalga oshirishning moliyaviy asoslari yaratildi.

Mamlakatda ikki palatali parlamentni shakllantirish bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirish natijasida siyosiy partiyalarning jamiyat instituti sifatida keng faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha huquqiy, siyosiy va moliyaviy asoslar yaratildi. Albatta, mustaqillik davrida fuqarolik jamiyati talablariga javob bera oladigan siyosiy partiyalarning shakllanish jarayoni hali ham davom etayotganligining ob’ektiv sabablari ham mavjud. Jumladan, siyosiy partiyalar millat mentalitetiga endigina kirib kelmoqda; sobiq sho‘ro davridagi bir partiyaviylik tizim asoratlari hali ham o‘zini ko‘rsatmoqda; eski tuzumdan meros bo‘lib qolgan ijtimoiy loqaydlik, siyosiy passivlik, iqtisodiy boqimandalik va mutelik ruhiyati hamon ba’zi partiya rahbarlari va xodimlari faoliyatida, afsuski, sezilmoqda.

Mustaqillikning o‘tgan davri ichida oldingi hayot tarzimizda hali sinab qo‘rilmagan butunlay yangi milliy davlat barpo etildi. Eng zamonaviy talablardagi ikki palatali professional parlament shakllantirildi. Mamlakatda bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyot rivojlanib bormoqda. Xorijiy va xalqaro tashkilotlar tajribasi ham fuqarolar dunyoqarashiga singib bormoqda. Biroq shuni qayd etish lozimki, hozirgi davrga qadar mamlakatda zamonaviy siyosiy partiyalarning shakllanish jarayoni davom etmoqda.

Rivojlangan mamlakatlarda siyosiy partiyalarning yuksalishi, ularning davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni ta’minlashdagi o‘rnining yuksalib borayotganligiga asosiy sabablardan biri — ularning davlat hokimiyatini shakllantirishdagi o‘rni bilan izohlanadi. Hali insoniyat tarixida partiyalarsiz siyosiy elitani adolatli tarzda shakllantirishning biron-bir vositasi ixtiro qilinmagan. Fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish amaliyoti shuni ko‘rsatdiki, faqat siyosiy partiyalar vositasida shakllangan siyosiy elita ham davlat, ham jamiyat manfaatlari asosida faoliyat ko‘rsata olishga qodirdir.

Siyosiy partiyaning tashkilot sifatidagi nufuzini ta’minlab berish manbai, bu uning quyi tashkilotlari va a’zolarining faolligidir. Partiya a’zolarini faollashtiruvchi omil esa partiyaning amaliy faoliyati va uning dasturiy hujjatlarida oddiy a’zolarning manfaatlari nechog‘lik inobatga olinganligi bilan o‘lchanadi.

Partiyalarning eng asosiy funksiyalaridan biri bu nafaqat o‘z a’zolari va tayanch bazasi bo‘lgan ijtimoiy qatlam manfaatlarini ifodalash, balki ularning o‘z manfaatlarini anglash darajasiga erishishiga ham ko‘maklashishdir. Hech bir shaxsda siyosiy manfaatlar o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Buning uchun shaxs bilan partiya o‘rtasida domiy tarzda muloqot va munosabat bo‘lishi, shaxsning jamoat tashkilotlaridagi ishtiroki, shaxs faolligi uchun ijtimoiy-siyosiy kengliklar yaratilishi talab etiladi. Har bir shaxsning partiya tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishi uchun mazkur tashkilotlarda uning o‘z manfaatlari ifodalanishi va amalga oshishiga ishonch ruhiyati shakllanishi talab etiladi.

Boshqacha aytganda, har bir partiyaning quyi tashkilotlari saylov okruglari, mahallalarda, mehnat jamoalari va yoshlar o‘rtasida uzluksiz hamda muttasil ravishda saylovchilar manfaatlari va orzu-istaklariga uyg‘un bo‘lgan dasturiy vazifalarini keng targ‘ib-tashviq qilish va ro‘yobga chiqarish natijasidagina saylovchilar e’tiborini o‘ziga jalb eta olishi mumkin.

Hali demokratik jamiyatda yashab ko‘rmagan, uzoqdavrlar totalitar tuzum zulmi ostida bo‘lgan xalqlar ongida milliy, iqtisodiy va siyosiy manfaatlar namoyon bo‘lishi mumkin, ammo siyosiy ijtimoiylashuv jarayonlarisiz ularni integratsiya qilish jarayonlari qiyin kechadi. Buning asosiy sababi shundaki, inson siyosiy ongi va qarashlari faqat uning guruhiy tashkilotlardagi faol ishtiroki natijasi o‘laroqshakllanishi mumkin. Hali siyosiy ongi etarli darajada shakllanmagan insonda biron-bir partiyada ishtirok etish uchun hech qanday ehtiyojning o‘zi yo‘qdir.

SHuningdek, partiya ijtimoiy qatlamlarning qanday manfaat va qarashlarini ifodalashga erishganligi, partiya tomonidan jamiyat va davlatchilik rivojlanishining konstruktiv va muqobil yo‘llarini ishlab chiqqanligi, partiyalar o‘rtasidagi haqiqiy ma’nodagi muxolifiy munosabatlarning shakllanishi kabi yo‘nalishlarda partiya faoliyatining mavjudligi uning mustaqil institut sifatida e’tirof etilishini ta’minlaydi.

2004 yil dekabrdagi saylov kampaniyalarida O‘zbekiston XDP rahbariyati tomonidan o‘z partiyasi g‘oyasining “so‘l” oqimga mansubligini e’lon qilinishi, O’zLiDePni esa O‘zbekiston XDPga muxolifatda ekanligini e’lon qilinishi ko‘pchilik saylovchilarning e’tiborini o‘ziga qaratdi.

Har bir siyosiy partiya mustaqil siyosiy institut sifatida o‘z ijtimoiy bazasi bo‘lgan ijtimoiy qatlamlar manfaatlari, dunyoqarashi asosida harakat dasturlariga ega bo‘lishi, siyosiy plyuralizmni shakllantirib, turlicha qarashlar raqobati va musobaqasi asosida fuqarolik jamiyati shakllanishi uchun zamin tayyorlaydi. SHuningdek, bu kabi demokratik tamoyillar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga ijobiy ta’sir etadi.

Prezident I.A.Karimov o‘zining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida (2005 yil 28 yanvar) jamiyat siyosiy sohasini erkinlashtirishning eng muhim yo‘nalishi sifatida “siyosiy partiyalar va fuqarolik institutlarining davlat ahamiyatiga molik eng muhim qarorlarni qabul qilishdagi roli va ta’sirini tubdan kuchaytirish”151 vazifasini ilgari surdi. SHuningdek, Prezident mamlakatdagi siyosiy partiyalarning fuqarolik jamiyatining haqiqiy institutiga aylanishi uchun “partiyalar aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozonish maqsadida izchil ish olib borishi, siyosiy tajriba orttirishi, siyosiy etuklikka intilishi va eng muhimi, moliyaviy mustaqillikka erishish, jamiyatda o‘z o‘rnini topish va o‘zining doimiy saylovchilariga tayanish uchun faol harakat qilishi kerak”152, degan fikrni bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2006 yil 9 noyabrda qonunchilik tashabbusi bilan parlamentga kiritilgan «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunning qabul qilinishi mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni mustahkamlab, siyosiy partiyalar demokratik tamoyillar asosida faoliyat yuritishlari uchun imkoniyatlar yaratadi.

Mazkur Konstitutsiyaviy Qonunning 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining har biri va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgandan so‘ng Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tasdiqlashi uchun kiritilishi qoidasini o‘rnatilishi, shuningdek, mazkur Qonunning 6-moddasiga binoan viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgandan so‘ng, tegishli xalq deputatlari Kengashlariga tasdiqlash uchun taqdim etilishi qoidasining qabul qilinishi, siyosiy partiyalarga mahalliy hokimiyat organlari faoliyati ustidan nazorat etishni huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilishi153 kabi yangi o‘zgarishlar siyosiy partiyalarning davlat hokimiyatini shakllantirish va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan siyosiy qarorlarni qabul qilishdagi ishtiroklari uchun keng shart-sharoitlar yaratadi. Albatta, mazkur Qonunning eng asosiy maqsadi — xalq irodasini davlat hokimiyatini shakllantirishda ifodalanishiga erishishdan, davlat boshqaruvini xalq nazorati ostida amalga oshirishni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Mamlakatdagi siyosiy partiyalar faoliyatini erkinlashtirishga doir islohotlar natijasida ularning jamiyatdagi o‘rni ancha oshib bormoqda. Siyosiy partiyalarning demokratik tamoyillar asosida faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlash maqsadida ularning qonunchilik asoslari yanada rivojlantirildi. Mamlakatda ikki palatali parlamentni shakllantirish islohotlarini amalga oshirish bilan bog‘liq holda siyosiy partiyalar Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy vakillik organlari deputatlari nomzodlarini tanlash va ko‘rsatish, saylov kampaniyalarini o‘tkazishda asosiy siyosiy institut funksiyasini bajarishga o‘tdilar.

2008 yilning 25 dekabrida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartishlar kiritilib, unga muvofiq Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqi faqat siyosiy partiyalarga (20-modda) berildi. Ilgari amal qilgan qoidalardan biri — saylovchilar tashabbuskor guruhlari tomonidan deputatlikka nomzod ko‘rsatish huquqi (23-modda) bekor qilindi. SHuningdek, 2009 yil dekabrdagi saylovlar asosida shakllanadigan Qonunchilik palatasi deputatlarining soni 120 tadan 150 taga ko‘paytirildi. Mazkur deputatlarning 15 tasi O‘zbekiston ekologik harakatidan saylanishi qonunning 1-moddasida belgilab qo‘yildi154.

Albatta, saylovlar qonunchiligiga kiritilgan mazkur o‘zgartishlar siyosiy partiyalarning jamiyatdagi o‘rnini oshirishdan, tashqari ularning davlat hokimiyatini shakllantirishdagi mas’ulligini ham oshiradi. SHunindek, bozor iqtisodiyoti munosabatlari sharoitida ko‘plab xususiy va xorijiy korxonalar va transport vositalari ko‘payib borishi va boshqa sabablarga binoan atrof-muhitni ekologik holati buzilishini oldini olish maqsadida bu sohadagi qonunchilik asoslarini mustahkamlashga zaruriyat paydo bo‘ldi. SHuning uchun ham Qonunchilik palatasi deputatlarining bir qismini O‘zbekiston ekologik harakatidan saylanishi milliy manfaatlarni o‘zida ifodalashdan tashqari, rivojlangan mamlakatlar tajribasiga ham muvofiq keladi. Ko‘rinib turibdiki, 2009 yil dekabrda Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik organlariga o‘tkaziladigan saylovlar siyosiy partiyalarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi o‘rnini demokratik qadriyatlar asosida oshirish amaliyoti asosida o‘tkazilishi mamlakatda kuchli jamiyat qurish islohotlarining tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

Ko‘rinib turibdiki, XXI asr boshlarida mamlakatda jamiyat siyosiy sohasini erkinlashtirish uchun, avvalo, jamiyatda ko‘ppartiyaviylik tizimini yanada demokratlashtirish vazifasi siyosiy islohotlarning muhim jihatlarini tashkil etadi. “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini amalga oshirish mamlakatning “O‘zbek modeli” asosida fuqarolik jamiyati sari intilayotganligini ifodalaydi.

Mamlakatda siyosiy partiyalarning muhim davlat qarorlarini qabul qilishdagi o‘rnini oshirishdan asosiy maqsad — mamlakat taraqqiyotida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash, davlat siyosatini xalq irodasi asosida yuritish amaliyotini o‘rnatish, qabul qilinayotgan qonunlarda aholi umummanfaatlari kengroq ifodalanishiga erishish, jamiyatdagi ijtimoiy qatlam va guruhlarning manfaatlarini mutanosiblashtirish va kelishtirish, hokimiyat organlariga yangi va sog‘lom kuchlarning kirib kelishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholining siyosiy ongi va madaniyatini yuksaltirish va nihoyat, fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat asoslarini shakllantirishdir.

O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda tadrijiy tarzda takomillashgan ko‘ppartiyaviylik tamoyilining ayni paytdagi siyosiy voqelikka xos holati  xalqimiz va jamiyatimizga mos qiyofasini ham aks ettirmoqda. Zero, butun dunyoda e’tirof etilayotgan  taraqqiyot modelining  hayotiyligi jamiyatimizning barcha sohalari qatori siyosiy partiyalar faoliyati va partiyalararo munosabat madaniyatining  o‘ziga xos tamoyil va mezonlari shakllanishining ham muhim omiliga aylandi. SHu ma’noda ko‘ppartiyaviylik jamiyat siyosiy maydonidagi g‘oyalar, mafkuralar, fikrlar, qarashlar xilma-xilligini ham o‘zida aks ettiradi.

Jamiyatning siyosiy tizimida jamoat tashkilotlari xam muxim o‘rin tutadi. Jamoat tashkilotlariga kasaba uyushmalari, yoshlar, ijodiy, madaniy, ilmiy va boshqa tashkilotlar kiradi. Ularning davlat va siyosiy partiyalardan farqlari quyidagilarda ko‘rinadi:

-davlat maqomiga ega emaslar, siyosiy xokimiyat uchun kurash olib bormaydilar;

-mamlakat axolisining barcha kismlarini o‘zlarida birlashtiradilar;

- ularning qaror va xujjatlari barcha axoli uchun majburiy emas;

-ular siyosiy maqsadlarni emas, balki ma’lum guruhlarning moddiy, madaniy, ijodiy va ilmiy soxadagi manfaatlarini qondirishni maqsad qilib qo‘yadilar.

Demak jamoat tashkilotlari bevosita siyosiy bo‘lmagan jamiyat birlashmalari bo‘lib, jamiyat siyosiy hayotida manfaatlar uyg‘unligini ta’minlovchi asosiy institutlardan hisoblanadi.



Yüklə 6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə