Samarqand davlat universiteti lingvokulturologiya


Frazeologizmlarning milliy-madaniy semantikasi



Yüklə 4,15 Mb.
səhifə44/127
tarix19.12.2023
ölçüsü4,15 Mb.
#150532
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   127
Frazeologizmlarning milliy-madaniy semantikasi. Xalq og‘zaki ijodiyoti, dostonlar, turli-tu­man afsona va rivoyatlar frazeologizmlarni shakllantiradi, ularga sayqal beradi, ularni xalq mulkiga aylantiradi. Binobarin, “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Rustamxon”, “Kuntug‘mish” kabi ulkan dostonlarda o‘zbek xalqining ko‘hna va hamisha navqiron tili o‘zining butun imkoniyatlari va go‘zalligi bilan “jilvalangan”.
“Alpomish” dostonidagi betakror, g‘oyatda nozik iboralarni ko‘rib lol qolasiz. Ana shunday iboralardan biri “gap yetaklamoq”dir. “Yurishimiz qirqin qizlar bilmasin, U qurg‘urlar gap yetaklab yurmasin, El ichida malomat so‘z bo‘lmasin”. Mazkur iboraning hozirgi tilimizdagi muqobili bo‘lmish “gap(ni) ko‘tarib yurmoq” iborasida gapning bevosita harakati yo‘q, u go‘yo oddiy bir narsa, uni faqat ko‘tarib yuradilar, xolos. “Gapni yetaklab yurmoq” iborasi shuning uchun o‘tkir va o‘zg‘irki, unda gapning o‘zi bevosita yuradi, faol harakatga qodir, faqat uni chirkin maqsadlarga xizmat qildirish uchun qayoqqa xohlashsa, o‘sha yoqqa yetaklab yuradilar, bechora gap yetovdagi molday iznini no‘xtachiga tamoman tutqazib ketaveradi, no‘xtachining muddaosi esa gapning ma’noyu mantiq muvozanatini butunlay boshqa burchakka burib yuborishdan iborat. “Gap” va “yetaklamoq” so‘zlaridan tarkib topgan bu ibora ana shunday ma’no nozikliklari, zakiy ishoralar bilan to‘yinib betakror bir ifoda sifatida she’rga, badiiy mazmunga ko‘rk bergan”78.
Frazeologizmlarning muayyan guruhi xalqlarning urf-odatlari, an’analari va irimlari ta’sirida shakllanadi. Jumladan, o‘zbek xalqida azaldan quloqtishlar odati mavjud. Quloqtishlar, ya’ni beshikketdi odati hozirgi kunda Surxondaryo viloyati-ning ayrim tuman va qishloqlarida saqlanib qolgan. Oilada qiz bola tug‘ilib, chillasi chiqqandan keyin beshik to‘yi o‘tkaziladi. Qarindosh urug‘, do‘st-og‘aynilar yangi farzand bilan muborakbod etgani bu oilaga kelishadi. Shunda o‘g‘illik birodarlardan biri niyat qilib, yetaklab borgan 5-6 yashar o‘g‘ilchasiga chaqaloq qizchani tilaydi, so‘ratadi. Qizi bor oilaning buvasi, buvisi, ota-onasi va qarindosh-urug‘lari rozilik berishsa, “quloqtishlar” odati o‘tkazilgan. Boyagi bolakay beshikda yotgan qizaloqning “qulog‘ini tishlagan. Qadim zamonlarda bunday “qudachilik” marosimi qabilalar o‘rtasidagi urush-janjallarga chek qo‘ygan. Tinch qo‘shnichilikni saqlab qolgan79. Mazkur odatni ifodalovchi, “qiz bolani go‘dakligidayoq bo‘lajak qaylig‘i deb belgilab qo‘ymoq” ma’nosida qulog‘ini tishlamoq iborasi qo‘llaniladi: Qizimni tilga olaverma, tug‘ilgan kunida qulog‘ini tishlagan kuyovi bor; o‘g‘ling kelib, kuyov bilan oramiz buzilay deb qoldi.
O‘zbek xalqining nikohlash marosimi, unashtirish odati bilan bog‘liq iboralari tarkibida somatik so‘zlar faol qatnashadi: boshlarini qovushtirmoq, boshlarini biriktirmoq, boshlarini qo‘shmoq “kelin-kuyovqilmoq”; boshini ikkita qilmoq “uylantirmoq”; bir yostiqqa bosh qo‘ymoq “turmush qurmoq”; boshini bog‘lamoq “kelin qilib olishga shartlashib kelmoq” va h.k.
O‘zbek oilasida bola tug‘ilishi bilan chilla davriga katta e’tibor beriladi. Farzand ko‘rgan ayol va uning chaqalog‘i chilla davrida maxsus sharoitda saqlanib, turli ins-jinslar va kasalliklardan himoya qilinadi. An’anaga ko‘ra ona va chaqaloq 40 kungacha uydan chiqmasligi, bolali uyga begona odam kirmasligi va chillali uyda chiroq o‘chmasligi kerak. Chilla an’anasi “tuqqaniga qirq kun bo‘ldi” ma’nosidagi chillasi chiqdi iborasi bilan ifodalanadi: Chillasi chiqishi bilan Hadya ham alohida qizlar yacheykasi tuzishga boradi.
Frazeologik birliklarning tayanch komponenti sifatida tarixiy va diniy-mifologik mashhur shaxslarning nomlari kelishi mumkin: Xo‘ja ko‘rsinga “shunchaki nomigagina”, Musoning alamini Isodan olmoq “aybdor chyetda qolib, aybsiz kishiga qarshi ish tutmoq”, Xizrni yo‘qlasam bo‘lar ekan “kimnidir ko‘rish istagi qo‘qisdan ro‘yobga chiqqanda aytiladigan ibora”. Turk tilida: Bir Köröğlü bir Ayvaz “bola-chaqasi yo‘q er-xotin”, Derdini Marko Paşa’ya anlat “dardini eshitadigan hech kim yo‘q”.
Turli geografik joy nomlari ham frazeologik birliklarning tayanch komponentlari vazifasida keladi. Masalan, o‘zbekcha frazeologik birliklar tarkibida O‘zbekiston hududida joylashgan shahar, qishloq, daryo va sahrolar nomlari uchraydi... Frazeologik birliklar tarkibida qo‘llanilgan toponimlar o‘zlari jonlantiradigan sifat va belgilar, chunonchi, uzoqlik, saxiylik, taqvodorlik kabi alomatlar timsollari sifatida namoyon bo‘ladi: Beva xotinga Buxorodan it xuradi, onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatmoq frazeologik birliklari tarkibidagi “Buxoro”, “Uchqo‘rg‘on”, до Москвы не перевешаешь, кричать во всю Ивановскую frazeologizmlari tarkibidagi “Moskva”, “Ivanovskaya” O‘zbekiston va Rossiya hududlarida joylashgan geografik nomlar bo‘lsa, язык до Киева доведет, tuxumi Bag‘doddan kelibdimi?, Do in Rome as the Romans do nomlaridir80 yoki “umid qilgan, kutgan narsaning tyeskarisi bo‘lib chiqdi” ma’nosidagi Göründü Sıvas’ın bağları, “bu ish hozircha bo‘lgani bilan keyinchalik orqasidan g‘avg‘o chiqadi” ma’nosidagi Karaman’ın koyunu, sonra çıkar oyunu tarkibida foydalanilgan “Kiyev”, “Bag‘dod”, “Rome (Rim)”, “Sıvas”, “Karaman” shaharlari rus, o‘zbek, ingliz va turk xalqlari uzoq asrlar davomida munosabat-muloqotda bo‘lib kelgan shahar nomlaridir.
O‘zbek xalqi kiyinish madaniyati nuqtayi nazaridan ham dunyodagi xalqlarning oldingi saflarida turadi. Bir necha ming yillar ilgari ota-bobolarimiz egniga yaktak-lozim, oyoqqa kovush-maxsi, etik, boshga shabpo‘sh, do‘ppi, telpak, ustga chopon, to‘n kiyib, belga belbog‘, qars boylashgan. Shuning uchun ham xalqimizda erkak kishilikni ramziy ifodalash xususida “belingda belbog‘ing bormi?” degan ibora qolgan.
Har bir xalqning o‘ziga xos kiyim-kechak nomlari va realiyalari ham milliy frazeologizmlarni hosil qilishda asos vazifasini o‘taydi. Masalan, to‘nini teskari kiyib olmoq “o‘chakishgan holda qasarlik qilmoq”, do‘ppini osmonga otmoq “juda xursand bo‘lmoq”, do‘ppi tor keldi “iloj-imkonsiz og‘ir ahvolga tushmoq”, bir-ikki yaktakni ortiqroq yirtgan “yoshi kattaroq, turmush tajribasi ko‘proq” chorig‘ini sudramoq “zo‘rg‘a-zo‘rg‘a, amal-taqal qilib yashamoq”, paytavasiga qurt tushdi “xotirjamligi buzilib, bir yerda tinch tura olmaslik”, ko‘rpasiga qarab oyoq uzatmoq “imkoniyatini hisobga olib ish tutmoq”, chovlisini solmoq “aralashmoq”, turk tilida Ali’nin külâhını Veli’ye Veli’nin külâhını Ali’ye giydirmek “puli bo‘lmagani holda, birovdan olgan pulni boshqasiga, boshqasidan olganini yana boshqa birovga berib kun ko‘rmoq”, Bir don bir gömlek “yarim yalang‘och holda” iboralari shular jumlasidandir. O‘zbek xalqi turmushida kundalik hayotda ishlatiladigan uy-ro‘zg‘or buyumlari ham muayyan frazeologizmlarni shakllantirganini ko‘rish mumkin: ko‘rpasiga qarab oyoq uzatmoq “imkoniyatini hisobga olib ish tutmoq”: Ha, onang ko‘rpasiga qarab oyoq uzatsin, uqdingmi?; chovlisini solmoq “aralashmoq”: Nigoraga hayronman, har narsaga o‘z chovlisini solavermay, tinchgina yursa nima qilarkin. Iste’mol qilinadigan taom nomlari mavjud bo‘lgan frazeologik birliklar ham ko‘p hollarda milliy xususiyatga ega bo‘ladi: osh bermoq “to‘y-marosim munosabati bilan katta qozonda palov damlatib, ziyofat o‘tkazmoq: Xuddi shu o‘g‘il tug‘ilganda Pirimqul hoji qo‘y ham, ho‘kiz ham so‘ydirib, yurtga osh berdi ; tog‘ni tolqon qilmoq “har qanday katta va og‘ir ishni ham bajarmoq”: Undan keyin charchamaguningcha chopma, ayni qizishgan vaqtingda, g‘ayrating kelib, tog‘ni tolqon qilaman deganingda dam ol, birpasgina dam ol! Turli madaniyatlarda iste’mol qilinadigan taom turlari haqida gap ketganda, birinchi navbatda, taom­ tayyorlanadigan mahsulotning halol yoki haromligiga e’tibor qaratiladi. Shuning uchun ham muayyan lingvomadaniy birliklarning obrazliligi joriy etilgan taqiq asosida yaratiladi.
Taqiqlangan mahsulot nomi esa ifodaning milliy xususiyatini tashkil etadi. Masalan, baqa go‘shti fransuzlarning eng lazzatli taomi hisoblansa, xitoyliklarda bunday fazilat ilon go‘shti zimmasiga tushadi. Qadimda ruslar ot go‘shtini yemagan bo‘lsalar, haqiqiy musulmon cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilmaydi. Mol go‘shti dunyoning deyarli barcha xalqlari uchun iste’molbop bo‘lgani holda, uni hindlar yemaydilar, chunki sigir ularning tasavvurida muqaddas sanaladi. Shuning uchun ham L. N. Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanida Kutu­zov knyaz Andreyga: «И французы... верь моему слову, будут у меня лошадиное мясо есть! — ВМ, III, 171 // Menga ishon, fransuzlarga ham ot go‘shti yegizamiz! - UT, III, 200 degan ekan, uning nutqidagi “Есть лошадиное мясо” birligi “jazolanmoq” ma’nosini anglatadiki, mazkur tushuncha so‘zma-so‘z o‘girish natijasida tarjimada o‘z aksini topmagan. O‘zbekcha matnda qo‘rqitish ma’no belgisi yo‘qolgan, chunki ot go‘shtining iste’mol qilinishiga turk xalqlarida hech qanday taqiq joriy qilinmagan81. Bu o‘rinda Turkiyadagi turklarning ot go‘shtini iste’mol qilmasliklarini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Ayrim frazeologizmlar tarkibida keladigan musiqaviy asbob nomlari ham iboralarga milliy ruh bag‘ishlaydi. Masalan, o‘zbek tilida “ro‘yobga chiqishi aniq bo‘lmagan narsa haqida hovliqmalik bilan vaqtidan oldin gapirmoq” ma’nosida to‘ydan ilgari nog‘ora qoqmoq frazemasi qo‘llaniladi. Yoki rus tilida “birov­ning ko‘rsatmasi bilan biror ish qilmoq” ma’nosining obrazli ifodasi uchun плясать под чью-либо дудку frazeologizmidan foydalaniladi. Uni o‘zbek tilida birovning nog‘o­rasiga o‘ynamoq shaklida berish mumkin.
Frazeologizmlarning shakllanishida biron bir mahalliy hunarmandchilik yoki sanoatning ham muayyan ta’siri kuzatiladi. Jumladan, Rossiyadagi Tula shahri o‘zining samovarlari, ingliz shahri Nyukastl esa ko‘mir sanoati bilan mashhurdir. Bu kabi xususiyatlar ездить в Тулу со своим само­варом yoki to carry coals to Newcastle singari frazeologik birliklarni yuzaga chiqargan. Har bir xalq atrofidagi borliqni o‘ziga xos o‘lchovlarda aks ettiradi. Shunga ko‘ra, o‘lchov birliklarini ifodalovchi ayrim hisob so‘zlari ham frazeologizmlarning ma’lum guruhini shakllantiradi: “juda qisqa, juda oz vaqt davom etadigan” ma’nosidagi bir tutam (Bir tutam qish kuni Gulnor uchun bitmas-tugamas uzoq ko‘rindi), “qittak, ozgina” ma’nosidagi bir chimdim (Hazil-huzul, bir chimdim suhbatdan so‘ng Mirhaydar va O‘ktam paxta dalasiga yo‘l oldilar), “jindak, qittak, juda oz” ma’nosidagi bir shingil (Qani, shunaqa bemaza hazildan bir shingil ashula yaxshi), “juda yosh, deyarli go‘dak” ma’nosidagi bir qarich (Bir qarichligimdan yetim qolib, amakining xizmatida o‘tib ketganman) va h.k. Turk tilida ham quyidagi frazeologizmlarni kuzatish mumkin: Suat daha çok genç ve aklı bir karış havadadır (o‘ylamasdan xayoliga kelganini qiladigan); Fakat kral hazretleri bütün gece Feşafeş’i kovalamaktan dili bir karış dışarda soluyup duruyor (chopishdan, yurishdan yoki chanqash tufayli juda charchamoq); Zaten canım burnumda bir de kapıyı böyle beş karış suratla açarsan… (xafa, qovog‘i solingan).
Xullas, frazeologizmlar dunyo, obyektiv borliq va jamiyat haqida madaniy informatsiya tashuvchi lingvomadaniy birlik hisoblanadi. Shuning uchun ham frazeologik birliklar o‘zida xalq mentaliteti va madaniyatini saqlovchi “hikmatlar xazinasi” bo‘lib, ular avloddan avlodga meros qilib qoldiriladi. O’zbek tilining frazeologik boyligi haligacha to‘liq to‘planmagan. Frazeologizmlar lingvomadaniy jihatdan o‘rganilmagan. Shuning uchun frazeologik birliklarni yig‘ish, tasniflash, lingvomadaniy nuqtayi nazardan tadqiq etish, ularni o‘zga madaniyat iboralari bilan qiyosiy o‘rganish bugungi o‘zbek tilshunosligining kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masalalaridan biridir.

Yüklə 4,15 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   127




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə