Hasanboy Marufjonov


Islom dinining muqaddas manbalari



Yüklə 151,52 Kb.
səhifə5/6
tarix21.12.2022
ölçüsü151,52 Kb.
#97419
1   2   3   4   5   6
Falsafa (1)

Islom dinining muqaddas manbalari


Islomning rivojlanishiga Movarounnahrda yetishib chiqqan allomalar katta hissa qoʻshdi. Imom Buxoriy kitob holiga keltirgan hadislar toʻplami — „Al-Jomiʼ as-Sahih“ Islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi. Buxoriy va uning safdoshlari Islom ilohiyotining barcha yoʻnalishlari boʻyicha muhim tadqiqotlar qildilar. Jumladan, Islom nazariyotchiligida yuqori baholanadigan „Ilal ashshariat va Xatm ul-Asliyot“ risolasini taʼlif etgan Hakim Termiziy, Islom huquqshunosligini oʻrganishning asosiy qoʻllanmasi hisoblangan „Hidoya“ning muallifi Burhoniddin Margʻinoniy, Islom aqidasi asoslarini muayyan tartibga solgan, kalom ilmida maktab yaratgan Imom Moturidiy (qarang Moturidiylik), buyuk faqih Abu Lays Samarqandiy, musulmon dunyosining eng eʼzozli muxaddislaridan Iso Termiziy, qomusiy ilmlar sohibi, xususan, tafsir, hadis, shariat qonunshunosligida salmoqli asarlar bitgan Zamaxshariy, tasavvufda oʻziga xos iz qoldirgan Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Mahdumi Aʼzam, Najmiddin Kubro, Soʻfi Olloyor, Xoʻja Ahror, Abduxoliq Gʻijduvoniy va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Ular musulmon eʼtiqodini xalq dunyoqarashi bilan uygʻunlashtirganliklari tufayli Oʻrta Osiyoda madaniy hayotning adabiyot, meʼmorlik, musiqa kabi sohalarida taraqqiyot yuzaga keldi.

Islomning dunyoga ta’siri


Islom dini musulmon mamlakatlari sanʼatida oʻz izini qoldirdi. Meʼmorlik sohasida bu jarayon yangi imorat turlari (masjid, minora, xonaqoh, Madrasa va boshqa)ning paydo boʻlishiga hamda keng tarqalishiga sabab boʻldi. Islom dini paydo boʻlgan davrda avj olgan butparastlik, suratparastlikni oldini olish maqsadida Muhammad suratkashlikni qattiq taʼqiqlab qoʻygan edi. Shu asosda Islomning yirik mutafakkir huquqshunoslari ham tasviriy sanʼatning bu turini taʼqiqlangan ishlar qatoriga qoʻshganlar. Bundan ular amaliy sanʼat turlari, naqsh, bezak va oʻsimliklar suratini istisno qilishgan. Islomda inson suratini chizish yoki uning haykalini yasashning taqiqlanishiga asosiy sabab — paygʻambar va aziz-avliyolarning rasmlarini chizib yoki haykallarini yasab, ularga sigʻinib ketish xavfining mavjudligi boʻlgan. 20-21-asrlarga kelib, Islom dunyosi ulamolarining bu sanʼatga munosabatlariga yana bir karra aniqlik kiritildi: ilohiylashtirish va odamlarning sigʻinishi maqsadida inson rasmini chizish mumkin emasligi eʼtirof etildi. Ulamolarning bergan fatvolariga koʻra, musulmonlarga fahsh va uyat narsalarni ifoda etuvchi rasmlar, but, sanam va ikona tasvirlar qatʼiyan taqiqlangan.

Musulmon Sharqi 8—11-asrlarda taraqqiyotda Gʻarbdan oldinda edi: gʻarb olimlari musulmon faylasuflari va tabiblaridan saboq olishgan; gʻarb savdogari Islom dunyosidagi savdoning koʻlamiga havas bilan qaragan; sharq tovarlari gʻarbda zeb-ziynat mollari hisoblangan. Sharq shaharlarining boyligi va hashamati gʻarb uchun afsonadek tuyulgan. Bularning barchasida asosiy mafkura vazifasini bajargan Islomning ijobiy xizmati buyuk, albatta. Ammo 12-13-asrlardan keyin musulmon dunyosi dastlab turgʻunlik, soʻng tanazzulga yuz tuta boshladi. Baʼzilar konservativ (qotib qolgan) din sifatida Islom taraqqiyotga toʻsiq boʻldi, deya unga katta ayb qoʻymoqchi boʻladilar. Aslida soʻnggi oʻrta asrlarda yuz bergan musulmon dunyosining tushkunligi juda murakkab ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bogʻliq boʻlib, oʻsha davrdagi Islomning oʻzi ana shu tushkunlikning muayyan shaklidagi ifodasi edi.

19-asr boshidan 20-asrning 2-yarmigacha oʻtgan bir yarim asrlik davr Islomning rivojlanishida muhim burilish bosqichi boʻldi. Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishidagi oʻzgarishlar yangi sinf — milliy burjuaziyaning vujudga kelishi, milliy ozodlik qarakatining avj olishi — bularning hammasi Islomning jamiyatdagi mavqeiga boʻlgan qarashlarda ham, ijtimoiy hayotdagi yangiliklarni Islom nuqtai nazaridan baholashda ham oʻzgarishlar yasadi. Islom diniy-falsafiy va huquqiy meʼyorlarining yangi tarixiy sharoitga moslashish jarayoni 19-asr oʻrtalaridan boshlanib, hozirgacha davom etmoqda. Bu jarayonni koʻpgina tadqiqotchilar „Islom islohotchiligi“ deb ataydilar, u xristian reformatsiyasidan tubdan farq qiladi. Bu tafovut, birinchidan, shundan iboratki, mazkur jarayonlar turli davrlarda, turlicha muayyan tarixiy sharoitlarda roʻy berdi. Ikkinchidan, „Islom islohotchiligi“ dunyoviy hayotning turli jihatlarini diniy nuqtai nazardan qayta baholashda namoyon boʻldi va sof ilohiyotga doir masalalarga daxli boʻlmadi. Uchinchidan, Islomda xristianlarnikiga oʻxshash cherkov bilan ruhoniylarni bogʻlab turuvchi tizim boʻlmaganidan Islomdagi islohotlar xususiyatiga jiddiy taʼsir qildi.

Oʻrta asrlarda tarkib topgan musulmon sudlov tizimida katta oʻzgarishlar yuz berdi. Musulmon huquqi tizimining oʻzi ham muayyan darajada oʻzgardi: shariat sudlari huquqi asta-sekin cheklana bordi; 19-asr oʻrtalariga kelib, Usmoniylar imperiyasi hududida shariat sudlari va dunyoviy sudlarning vakolati butunlay chegaralab qoʻyildi. Bir qancha mamlakatlarda shariatda koʻzda tutilmaydigan jinoyat kodekslari va boshqa huquqiy hujjatlar joriy qilindi. Misrda Muhammad Alining islohotlari va usmoniylar imperiyasidagi tanzimat siyosati (islohotlar) tufayli Islomning ijtimoiy hayotdagi mavqeida muayyan oʻzgarishlar roʻy berdi.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish talablari musulmon ilohiyotchilari va huquqshunoslarini Islomning bir qancha anʼanaviy qoidalarini yangicha talqin etishga majbur eta boshladi. Biroq, bu jarayon oson kechmadi va uzoqqa choʻzilib ketdi. Bu, jumladan, musulmon mamlakatlarida bank tizimini yaratish joizmi (yoki gunohmi) degan masala yuzasidan boshlangan munozarada oʻz aksini topdi. Musulmon mamlakatlarida tadbirkorlikning avj olishi shariat qoidalarini ham, musulmonchilikdagi boshqa anʼanaviy tamoyillarni ham yangicha talqin qilishga olib keldi. Ijtimoiy ong sohasida roʻy bergan oʻzgarish juda muhim rol oʻynadi. Bu, avvalo, milliy oʻzini anglash jarayoniga taalluqlidir. Shu jarayon davomida Islomning barcha musulmonlarning birligi toʻgʻrisidagi anʼanaviy qoidasi yangicha maʼno kasb etdi. Jamoliddin al-Afgʻoniy musulmonlarning birdamligi gʻoyasini koʻtarib chiqdi. M. Abdu, J. Afgʻoniy, Rashid Rizo va boshqaning gʻoyalari milliy ozodlik harakatlariga turtki bulib koʻpchilik musulmon davlatlarining siyosiy mustaqilligiga erishuvida ijobiy rol oʻynadi. Ayni vaqtda Islom birdamligi gʻoyasiga asoslangan xalqaro Islom harakati shakllana boshladi: 1926-yilda birinchi xalqaro musulmon tashkiloti — Islom olami kongressi (Muʼtamar al-alam al-islomi) tashkil qilindi. Shuningdek, Islomning goʻyo Muhammadning zamonidagi „asl“ tamoyillariga qaytishga daʼvat etishga turli fundamentalistik oqimlar (qarang Vahobbiylik) va ularning tarkibida oʻz gʻoyalari uchun kurashda terror usuliga tayanuvchi guruhlar, ekstremistik toʻdalar paydo boʻldi. 20-asrning 2-yarmida jamiyatda ijtimoiy adolat oʻrnatish masalasida ham Islom omilidan foydalanishga qaratilgan urinishlar sodir boʻldi (Eron islom inqilobi, Liviya Jamohiriyasi va boshqa).

Bir qator mamlakatlar (MAP, Kyvayt, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Afgʻoniston va sh. k.)da Islom davlat dini (yoki rasmiy din) sifatida tan olingan. Ayrim mamlakatlarda „Islom“ soʻzi davlatning rasmiy nomi tarkibiga kiritilgan: Eron Islom respublikasi, Pokiston Islom respublikasi, Afgoniston Islom respublikasi, Mavritaniya Islom respublikasi va boshqa Osiyo, Afrika qitʼasidagi baʼzi mamlakatlarda Islomning tarqalishiga musulmon partiyalari taʼsir qilmoqda, ular koʻpincha siyosatda muhim rol oʻynamoqda. Erondagi Islom respublikasi partiyasi, Indoneziyadagi Birlik va taraqqiyot partiyasi, Malayziyadagi Panmalayziya islom partiyasi, Hindiston va Pokiston Jamoati islom partiyasi bunga misol boʻla oladi. Bir qancha mamlakatlarda diniy-siyosiy tashkilotlar (shu jumladan, qonundan tashqaridagi tashkilotlar — „Musulmon birodarlar“, Islom ozodligi partiyasi) tarqalgan, koʻpgina diniy bilim yurtlari (qorilik maktablari, Madrasa, musulmon universitetlari), islom jamiyatlari, missionerlik tashkilotlari, tijorat korxonalari (islom banklari, sugʻurta kompaniyalari) ishlab turibdi.

Musulmon sud ishlarini olib borish tizimi saqlanib qolmoqda. 19-asrning 70-80-yillaridagi shariatning ilgari amaliyotda bekor qilingan baʼzi bir qoidalarini tiklashga urinib kurildi (masalanPokistonda; Sudanda prezident J. Nimeyri davrida, arab monarxiyalarida jinoiy ishlar uchun tan jazolari berish).

Oʻtgan asr 70-yillarining oxiri — 80-yillarining boshida xalqaro ishlarda hukumat darajasida yoki nohukumat darajasida ish olib boruvchi xalqaro musulmon tashkilotlari muayyan mavqega ega boʻla boshladi. Bunday tashkilotlardan eng nufuzlisi Islom konferensiyasi tashkiloti (Munazzamat al-muʼtamar al-islomi) boʻlib, u 1969-yilda tuzilgan, unga 55 mamlakat (Oʻzbekiston Respublikasi 1996-yildan) aʼzo. Xalqaro nohukumat musulmon tashkilotlari orasida Islom olami uyushmasi, Islom olami kongressi, Islom olami tashkiloti, Yevropa islom kengashi, AQSH Oliy islom kengashi va boshqani koʻrsatish mumkin. Ular, asosan, Islomni targʻib qilish va yoyish, diniy arboblarning xalqaro uchrashuvini tashkil qilish, turli mamlakatlardagi Islom jamoalariga yordam berish bilan shugʻullanadi.



Yüklə 151,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə