Iqtisodiyot nazariyasi



Yüklə 131,42 Kb.
səhifə3/19
tarix07.08.2023
ölçüsü131,42 Kb.
#120401
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
Iqtisodiyot nazariyasi KURS ISHI usl. korsatma

Ishchi kuchi – bu insonning aqliy va jismoniy qobiliyatlarining yig‘indisi bo‘lib, jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi hisoblanadi. Jamiyatning milliy mahsuloti hisobiga ishlab chiqarishning moddiy-ashyoviy omillarigina emas, balki shaxsiy omili, ya’ni ishchi kuchi ham takror ishlab chiqariladi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish yoki uni takror ishlab chiqarish deganda eng avvalo o‘zining aqliy va jismoniy kuch-quvvatini ishlatib, charchagan ishchining qobiliyatini qayta tiklashi, ya’ni uning ovqatlanishi, kiyinishi, dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi tushuniladi. Bu esa ishchi uchun oila, uy-joy va boshqa shart-sharoitlar yaratilishi bilan bog‘liqdir. Bundan tashqari ishchi va xizmatchilarning hozirgi avlodi ma’lum vaqt o‘tishi bilan qariydi. Ularning o‘rinlarini bosadigan o‘rinbosarlar ham tayyorlanishi lozim bo‘ladi. Buning uchun esa ishchining oilasi, bola-chaqasi bo‘lishi lozim, ularning o‘sib-ulg‘ayishi, o‘qishi, zamon talabiga javob beradigan ishchi kuchi sifatida kamol topishi uchun ham shart-sharoit bo‘lishi zarur.
Ishchi kuchini takror hosil qilish jarayonini tadqiq etish uning miqdoriy va sifat jihatlarini ajratishni taqozo etadi. Ishchi kuchining miqdori mamlakat aholisining mehnat faoliyatiga layoqatli bo‘lgan qismi orqali ifodalanib, u ishchi kuchi resurslari deb ham ataladi. Insonning ishchi kuchi resurslari tarkibiga kiritilishining asosiy mezoni bo‘lib uning yoshi va mehnatga bo‘lgan qobiliyati hisoblanadi. Odatda ishchi kuchi resurslari tarkibiga 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar, 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan ayollar kiritiladi. Lekin ijtimoiy ishlab chiqarish va boshqa cohalarda band bo‘lgan pensionerlar ham ishlashi mumkin.
Ishchi kuchi resurslarining faol va potensial qismi farqlanadi. Ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo‘lgan shaxslar ishchi kuchi resurslarining faol qismi hisoblansa, ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qiyotganlar va vaqtinchalik uy xo‘jaligida band bo‘lganlar potensial qismi hisoblanadi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish insonning jismoniy kuchlari va aqliy qobiliyatlarini uzluksiz qayta tiklab va ta’minlab turish, ularning mehnat malakasini muttasil yangilab va oshirib borish, umumiy bilim va kasbiy darajasi o‘sishini ta’minlash demakdir. Ishchi kuchini takror yaratish xodimlarni ishlab chiqarishga jalb etishni, tarmoqlar, korxonalar, mintaqalar o‘rtasida ishchi kuchi resurslarini taqsimlash va qayta taqsimlashni, ularning xodimlarga bo‘lgan ehtiyojlari qondirilishini va ayni paytda mavjud ishchi kuchining ish bilan to‘la va samarali band bo‘lishini ta’minlaydigan ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmini yaratishni ham o‘z ichiga oladi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish nisbatan mustaqil iqtisodiy va ijtimoiy muammo bo‘lib, bu muammoning ayrim tomonlari aholining tabiiy harakatlari shaklida namoyon bo‘ladi. Shu sababli ishchi kuchini takror hosil qilishning asosi aholining tabiiy ko‘payishi hisoblanadi.
Ishchi kuchi resurslarining soni va sifati mamlakat aholisining soni hamda jinsi va yoshi jihatidan tarkibi bilan belgilanadi. Bular esa o‘z navbatida aholining tabiiy harakatlanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Respublikada ishchi kuchi resurslarining o‘rtacha yillik soni 2004 yilda 14,9 mln. kishini tashkil qilgan, bu mamlakat aholisining 57,4 foiziga tengdir. Iqtisodiyotda band bo‘lgan ishchi kuchi o‘rtacha yillik soni 9,9 mln. kishidan ortiq bo‘lib, jami ishchi kuchi resurslari tarkibida 66,3 foizni tashkil qiladi.
Aholining tabiiy harakatlanishi, uni takror ishlab chiqarish xususiyati ko‘pgina holatlar bilan mamlakatning industrial taraqqiyoti va urbanizatsiya darajasi, ijtimoiy shart-sharoitlar, madaniyat va maishiy turmush an’analari, aniq tarixiy omillar bilan belgilanadi.
Ular jumlasiga demografiya omilini hisobga olgan holda uy-joy sharoitlarini yaxshilash, bolalarga nafaqalar berish, ularni bolalar muassasalari bilan ta’minlash, homiladorlik va bola tug‘ilgandan keyingi ta’tillarni uzaytirish, oilani mustahkamlash, shuningdek, jamoada ma’naviy muhitni yaxshilash kiradi.
Mamlakatdagi ishchi kuchi resurslari miqdoriga aholining tabiiy o‘sishidan tashqari ishchi kuchi migratsiyasi ham ta’sir qiladi. Ishchi kuchi migratsiyasi murakkab jarayon bo‘lib, turli omillar ta’siri ostida (masalan, ish haqi darajasidagi o‘zgarishlar, ishsizlik va h.k.) ishchi kuchining bir hududdan boshqa bir hududga ko‘chib o‘tishini bildiradi. Migratsiya ikki darajada, ya’ni mamlakat ichida va xalqaro darajada ro‘y berishi mumkin. Bir mamlakat ichida ro‘y bergan migratsiya ichki migratsiya deb atalib, u quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:
1) tugal migratsiya – aholining doimiy yashash joyini o‘zgartirishi bilan bog‘liq migratsiya;
2) tebranuvchi migratsiya – ishchi kuchining bir hududdan boshqa hududga muntazam davriy ravishda qatnab ishlashi bilan bog‘lik migratsiya;
3) mavsumiy migratsiya – mavsumiy ish faoliyati bilan bog‘liq migratsiya;
4) tasodifiy migratsiya – ishchi kuchining ba’zi hollarda boshqa hududlarga borib kelishi bilan bog‘liq migratsiya.
Ishchi kuchi migratsiyasi shunchaki ro‘y bermay, uning negizida ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy sabablar yotadi. Ishchi kuchi migratsiyasining iqtisodiy vazifasi sifatida mamlakat bo‘ylab mehnat resurslari samarali taqsimlanishini ta’minlash, ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklif nisbatini muvofiqlashtirish hisoblanadi. Bu vazifaning amalga oshishi natijasida ishchi kuchidan foydalanish samaradorligi oshadi.
Fan-texnika taraqqiyotining jadallashuvi va ishlab chiqarishning intensivlashuvi ishlab turgan korxonalardan ishchi kuchini bo‘shatib olish va uni qayta taqsimlash mexanizmiga, aholini ishga joylashtirish, qayta o‘qitish va kasb tanlash tizimiga ta’sir ko‘rsatadi. Mulkchilikning turli shakllari, rivojlangan bozor iqtisodiyoti ishchi kuchi resurslaridan yanada samaraliroq foydalanishga sharoit yaratadi, ularni kam samarali sohalardan bo‘shatib kadrlarga ehtiyoji bo‘lgan yuqori samarali tarmoqlar va korxonalarga qayta taqsimlaydi.

Yüklə 131,42 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə