Islom sivilizatsiyasining vujudga kelish omillari


MARKAZIY OSIYODA ISLOM SIVILIZATSIYASINING RIVOJI



Yüklə 80 Kb.
səhifə2/5
tarix12.04.2022
ölçüsü80 Kb.
#85379
1   2   3   4   5
Islom sivilizatsiyasining vujudga kelish omillari

MARKAZIY OSIYODA ISLOM SIVILIZATSIYASINING RIVOJI

Islom sivilizatsiyasi o‘rta asrlarda o‘zining yetuk darajasiga etdi. G‘arb dunyosining ayrim vakillari bu paytni “zulmat” davri, deya hisoblab turgan bir vaqtda ajdodlarimiz nurli davrni boshidan o‘tkazganlar. Vaholanki, amerikalik olim Jorj Sarton o‘zining “Introduction to the History of Science” (“Fan tarixiga kirish”) nomli kitobida ilmiy bosqichlarni yarim asrlardan iborat 50 yillik bir necha davrlarga bo‘lib chiqqan. Xususan, 750 yildan 1100 yilgacha – 350 yil mobaynida yashagan olimlarning nomlarini sanab o‘tgan. Diqqat bilan kuzatgan o‘quvchi ushbu olimlar musulmon olami vakillari ekaniga amin bo‘ladi. Bunday olimlar qatorida kimyo, matematika, tibbiyot, geografiya, falakiyot, tabiiy ilmlarda ulkan faoliyat olib borgan Jobir ibn Hayyon, Muhammad Xorazmiy, Abu Bakr Roziy, Mas’udiy, Abul Vafo, Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom singari arab, turk, afg‘on, fors musulmon olimlari keltiriladi.

Kitobning davomida 1100 yildan boshlab keyingi 250 yil mobaynida Ibn Rushd, Tusiy, Ibn Nafis kabi musulmon olimlari bilan bir qatorda evropalik olimlarning faoliyatlari kuzatiladi. Shu paytdan boshlab, g‘arb dunyosi islom olamidagi ilmlarni o‘rganib, tarjima qilishni boshlaganlarki, ayni jarayon bugungi kungacha ham davom etib kelmoqda. Bu tarixiy haqiqatni juda ko‘plab olimlar e’tirof etmoqdalar. Buni o‘tgan asr davomida insoniyat hayoti rivojiga samarali hissa qo‘shgan 2000 talik kishilar ro‘yxatiga kiritilib, Kembridj universiteti jamoasi nomzodi, Germaniyada yashovchi, arab-musulmon olimi Doktor Muhammad Mansur ham ta’kidlaydi. Agar tsivilizatsiya umumiy mohiyatiga ko‘ra, insonning moddiy va ma’naviy sohalardagi hayotiy ehtiyojlarini qondirar ekan, islom tsivilizatsiyasi barcha davrlarda bunday ehtiyojlarni qondira olgan. Chunki, u musulmon ummatining asrlar osha hayotni yanada yaxshilash, insonni baxtiyor qilish yo‘lidagi umumiy harakati natijasidir. Ushbu ma’noda u barcha asrlarda barcha savollariga javob bera olgan va shak-shubhasiz dunyo tsivilizatsiyasi sifatida yashab kelgan. Shu bilan birga u aslo nizo va urush madaniyati bo‘lmagan. Ushbu jihatdan qaraganda, islom hazorasi zamonaviy Evropa tsivilizatsiyasiga tibbiyot, farmatsevtika, kimyo, matematika, fizika, astronomiya singari bilimlari bilan tamal toshini qo‘ygan deyish mumkin. Natijada G‘arb uyg‘onish davri tezlashdi va fanning turli yangi sohalari paydo bo‘ldi, ko‘plab ilmiy yutuqlarga erishildi. Bunday ta’sir hozirgacha davom etib kelayotgani ham inkor etib bo‘lmas ayni haqiqatdir.

O‘rta asrlarning mashhur musulmon olimi Ibn Xaldun o‘zining “Muqaddima” kitobida Markaziy Osiyo va xususan, Movarounnahr haqida gapirib, ushbu hududning islomgacha ham yuksak madaniyatga egaligini, bu din kirib kelgach esa, u yanada rivojlangani, ulkan ma’rifiy tamaddunga aylangani, islom madaniyati yuqori cho‘qqiga chiqqanini tilga oladi.

Ushbu qadim zamin asrlar davomida “ilmu ma’rifat o‘chog‘i” bo‘lgani, “Islom dinining quvvati” bo‘lgan Buxoro, “Yer yuzining sayqali” deya e’tirof etilgan Samarqand, “Islom gumbazi” deb ulug‘langan Kesh kabi shaharlari, Xorazmiy, Termiziy, Shoshiy, Farg‘oniy, Marg‘iloniy singari yuzlab allomalari bilan dunyoga mashhur bo‘lib kelganini eslamaslikning iloji yo‘q4.

Fan, ta’lim, madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti – ISESCO bosh direktori Abdulaziz at-Tuvayjiriy ham 2017 yilning avgust oyida O‘zbekistonga tashrifi asnosida mamlakatimizning islom tsivilizatsiyasi rivojidagi roliga alohida urg‘u berib, islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo‘lsa ham, biroq uning rivoji boshqa diyorlarda, jumladan, Movarounnahrda kechganini alohida ta’kidlab o‘tdi hamda yurtimizdan etishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy kabi allomalarning xizmatlariga to‘xtaldi.

Bu borada gapirganda, ayniqsa yurtimizda xalqaro YUNESKO tashkiloti tomonidan e’tirof etilib, madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan qo‘lyozma asarlar soni 100 mingdan ziyodni tashkil etishi, bebaho durdonalarning katta bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida, shuningdek O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi, Toshkent islom universiteti Manbalar xazinasida saqlanishini alohida ta’kidlash kerak. Yana bir muhim jihat shundaki, barcha musulmonlarning eng muqaddas kitobi – Qur’oni karimning eng qadimiy qo‘lyozma nusxasi sanalgan Usmoni Mushafi Toshkentda saqlanadi.

Hammamizga ma’lumki, dunyoda Istanbul, Iskandariya, London, Parij, Moskva singari eng sara qo‘lyozma fondlari mavjud. Biroq bular orasida Toshkent fondi ulardan hech bir jihati bilan ham qolishmaydi. Toshkentdagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutini jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi singari yuzlab ulug‘ ajdodlarimizning matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq fanlar bilan birga, tarix, geografiya, falsafa, madaniyat va san’at, arxitektura sohalarida yaratgan asarlari boyitib turadi. Hech shubhasiz aytish mumkinki, bunday buyuk zotlarning ilmiy g‘oya va kashfiyotlari jahon ilm-fani va tsivilizatsiyasi rivojida o‘zining ulkan izini qoldirgan.

Bundan tashqari, bu erda musulmon olamida e’tirof etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturudiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband kabi allomalarning noyob qo‘lyozmalari ham saqlanmoqdaki, ular hadis, tafsir, aqida, islom huquqshunosligining usulul fiqh, furuul fiqh, fatvo, ilmul xilofiyot kabi sohalari, tasavvuf, islom tarixi, arab tilshunosligi va lug‘atshunosligi, nahv, sarf, balog‘at, fasohat kabi islom ilmlaridagi benazir kitoblari bilan yurtimiz ilmu fanini dunyoga keng tanitganlar.

Mustaqil O‘zbekistonda 300 dan ortiq ilmiy tadqiqot muassasalari, ilmiy ishlab chiqarish korxonalari, innovatsiya markazlari faoliyat olib bormoqda. Hozirda “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari respublikada sohaga oid ilmiy faoliyatni yanada rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi. Toshkent islom universiteti tarkibida ISESCOning maxsus kafedrasi faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, 9 o‘rta maxsus va 2 ta oliy islom bilim yurtlari diniy sohadagi mutaxassislar ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Umuman olganda, bugungi kunda asrlar mobaynida islom hazorasi rivojiga katta ta’sir etgan ulkan ma’naviy merosni o‘rganish va uni yanada boyitish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Islom sivilizatsiyasining bugungi holati musulmon dunyosi egallashi lozim bo‘lgan mavqega etib bormagani ko‘pchilikka ma’lum. Shu bilan birga unga nisbatan “tanazzul davri” deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki bunday baho insof qilinmay, asl ahvolni to‘g‘ri yoritmaslik sanaladi. Islom sivilizatsiyasining tanazzuli, tushishi yoki so‘nishi haqidagi nazariyalar ko‘plab dalil va qarashlar bilan xato ekanligi isbotlangan. Jumladan, Tarixchi Arnold Toyinbi “sivilizatsiyalar inqirozi” (معنى انهيار الحضارات) tushunchasiga batafsil sharh bergan dastlabki shaxslardan biri hisoblanadi. Uning “A Study of History” (“مختصر دراسة التاريخ”) asarining misrlik mutafakkir Fuod Muhammad Shibl tomonidan tarjima qilinib, nashr ettirilgan kitobida shunday deyiladi: “Inqiroz bu – rivojlanishdan butunlay to‘xtash degani emas. Chunki tarix jamiyat hayoti rivojiga biror bir chegara borligiga guvoh bo‘lmagan. Rivojlanishdan to‘xtash tirik mavjudotda tabiiy hol, biroq kishilik jamiyatida bunday emas”. Shu sababli jamiyat tarixida o‘sish, rivojlanish bosqichlari muntazam o‘zgarib turaveradi. Toyinbi ham “inqiroz” so‘zini ushbu ma’noda qo‘llagan. Tarixda paydo bo‘lgan sivilizatsiyalar ham oldingi biror bir sivilizatsiyaning o‘rnida yoki uning tanazzuli natijasida vujudga kelgan” .

Musulmon olamidagi ko‘plab jabhalardagi zaiflik, ilmu fanning etarli darajada rivojlanmagani, taraqqiyotning etarli emasligi, ayrim mamlakatlardagi ijtimoiy va iqtisodiy holatlar vaqtinchalik hamda uzoq davom etmaydigan jarayondir. Bularning davomidan boshqa bosqichlar ham keladi. Chunki bu jarayon borliq qonuniyatlari va sivilizatsiyalar tabiatiga xosdir. Albatta, insoniyat tarixida ketma-ket keluvchi sivilizatsiyalar borasida bunday chuqur mulohaza yuritish bilan islom hazorasining bugungi kundagi ta’siri, natijalari va uning davomiyligi borasida hech ikkilanmay fikr aytish mumkin.

Ayni damda dunyoda kechayotgan ayrim hodisalar, joriy o‘zgarishlar hamda yuzaki voqealarga qarab zamonaviy islom tsivilizatsiyasiga to‘liqligicha baho berib bo‘lmaydi. Sivilizatsiyalar cheklangan vaqtdagi tarixiy voqealar bilan bog‘liq emas. Ta’kidlash kerakki, islom sivilizatsiyasi hozirda ham yashovchan bo‘lib, uni ko‘p o‘rinlarda kuzatish mumkin. Global o‘zgarishlar oldida turgan bugungi musulmon dunyosi azaliy qadriyatlarini rivojlanish, taraqqiyot, ilmu fan, zamonaviy yutuqlar bilan uyg‘un holda tiklashga intilmoqda. So‘nggi yillarda ilm-fan, madaniyat taraqqiyoti yo‘lida qator anjumanlar, hamkorliklar kabilarning amalga oshirilishi fikrimizni tasdiqlaydi. Shuni ham aytish kerakki, ijobiy tashabbuslarga sabab bo‘luvchi omillardan biri hayot bilan jo‘shib turgan madaniy ongda ham qator ijobiy siljishlar mavjud. Bu esa, musulmon dunyosi kelajagini belgilashda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, islom sivizilatsiyaning ildizlari salomat, unga hech qanday zarar etmagan. Musulmonlar esa, bugungilik kunida bu ildizni keng tomir orttirishi va qayta tiriltirishiga mas’uldirlar. Hayotimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlarga intilishlarni ko‘rib aytish mumkinki, islom sivilizatsiyasi uchinchi ming yillikda o‘zining “uyg‘onish” davrini qaytadan boshlaydi.




  1. Yüklə 80 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə