Ызбекистон республикаси


- Mavzu: Huquqiy madaniyat va huquqiy tarbiya asoslari fanini o’qitishda davlat va huquq asoslari fani va huquqiy ta’limning ahamiyati



Yüklə 2,17 Mb.
səhifə31/110
tarix19.12.2023
ölçüsü2,17 Mb.
#150900
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   110
Huquqiy madaniyat Majmua 2022

5- Mavzu: Huquqiy madaniyat va huquqiy tarbiya asoslari fanini o’qitishda davlat va huquq asoslari fani va huquqiy ta’limning ahamiyati
Reja:

  1. Huquqshunoslik fani - huquqiy madaniyat nazariyasining manbai.

  2. Huquqiy madaniyatni shakllantirishda yuridik ta’limning ahamiyati.

Huquqiy madaniyat jamiyatning diqqat markazida turadi. Chunki mustaqil O‘zbekiston Respublikasi oldida talay muammolar mavjudki, ularni davlat va huquq vositalari bilangina hal qilish mumkin. Bu esa huquqshunoslar - ilmiy xodimlar, o‘qituvchilar va amaliyotchilar oldiga yangi vazifalarni qo‘yadi. Bugungi kunda huquqiy tadqiqotlar va huquqshunoslik mutaxassisliklarining ahamiyati ortib bormoqda. Bu esa huquqshunoslarga nisbatan talablarni oshirmoqda, ularning o‘z bilimlarini chuqurlashtirishlarini va ishga nisbatan mas’uliyatni oshirishlarini shart qilib qo‘ymoqda.
Respublikamizda huquq fani va ta’limi rivojida muayyan muvaffaqiyatlarga erishilganligiga qaramasdan, bu sohada hali muammolar mavjudligini e’tirof etish kerak. Bu huquqiy tadqiqotlar mavzulariga, ilmiy ishlarni muvofiqlashtirishga, huquq fanining amaliyot bilan aloqasini kuchaytirishga, iqtidorli ilmiy xodimlarni tayyorlashga ham taalluqlidir.
Huquqshunoslikning ayrim tarmoqlari rivojida notekislik qayd etiladi. Fuqarolik, protsessual, moliya, mehnat, oila, pensiya, savdo va xalqaro huquq sohalarida muammolarni tadqiq qilishda sezilarli orqada qolish kuzatilmoqda. O‘zbekistonning 1917 yilgacha bo‘lgan davlat va huquq tarixi hamda siyosiy-huquqiy ta’limotlar masalalarini tadqiq etishda birinchi qadamlar qo‘yilmoqda, xolos.
Umuman olganda, huquq fani hozircha turli mulk tuzilishi va shakllarining bir-biriga o‘tishi, shu jumladan, xususiy mulkning qayta tiklanishi ijtimoiy ishlab chiqarishning samarasini oshirishda ustunlikni, aholi ayrim guruhlarining turli hildagi imtiyozlarini tutatish va huquqiy tenglik prinsiplarini qat’iy ta’minlashga halal beradigan ijtimoiy adolat prinsiplarini bir yoqlama va buzib talqin etishlarga barham berishda qonundan foydalanish kabi ijtimoiy taraqqiyotning yaqin va kelajak maqsadlarini qabul qilish va anglab yetishi zarur. Bozor iqtisodiyotining asosiy huquqiy tushunchalari: “tovar ishlab chiqaruvchilarning bevosita mustaqilligi”, “davlatning iqtisodiyotga ta’sirini iqtisodiy nazorat va boshqarish usullarini qo‘llash orqali cheklash”, “sinish”, “tijorat-kommersiya tavakkalchiligi” kabi tushunchalar hozirgi zamon huquqiy islohotining tub vazifalarini bajaruvchi vositalar emas, balki huquqning shunchaki yaltiroq bezak jihozi sifatida qabul qilinmoqda.
Huquqshunoslarning professional kasbiy ongi keskin ijtimoiy muammolarga nisbatan hozirjavob emas, o‘tmishda orttirilgan qator salbiy illatlar juda sekin yo‘qolmoqda. Bular orasida qonunga nisbatan vositaviy-ashyoviy yondashuv, huquqiy o‘zgarishlar imkoniyatini baholashda tor doiradan kelib chiqish, ayblovni o‘ta bo‘rttirish, huquqiy tartibga solish samaradorligini oshirishda ma’muriy-buyruqbozlik usullariga zo‘r berish oxirigacha bartaraf etilmagan.
Huquqshunoslik fanining ushbu ahvolga tushib qolishining sabablari nimada? Muayyan ob’ektiv sabablar mavjudmi? Ha, mavjud. Bu, eng avvalo, ko‘p yillar mobaynida huquq fanlari tadqiqotlariga ikkinchi darajali yo‘nalish sifatida qarab kelingani, yuqori malakali huquqshunos olimlar tayyorlashga panja orasidan qaralganidir. Huquqshunoslar bilan omma orasidagi o‘zaro munosabat bir taraflama bo‘lib keldi. Asosiy tadqiqotlar rus tilida yozilganligi sababli ularning mazmuni keng xalq ommasiga, fuqarolarning ma’naviy va xukuqiy dunyosiga muayyan ta’sir ko‘rsata olmadi.
Ko‘p yillar davomida respublikamiz qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanuvchi idoralarning huquqshunos olimlar bergan amaliy takliflariga e’tiborsizligi ham ilmiy xodimlarning faolligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu idoralar Moskvada tayyorlangan Ittifoq qonunlari yoki Rossiya federatsiyasi kodekslaridan nusxa ko‘chirish bilan shug‘ullandilar. Chunki huquqshunoslik fanidan boshqa ijtimoiy fanlar kabi ma’muriy buyruqbozlik tuzumining quroli sifatida foydalanib kelindi.
Holbuki, jamiyat taraqqiyotining yo‘nalishlarini uzoq yillarga mo‘ljallangan ilmiy taxminlarga asoslangan g‘oyalar belgilab beradi. Amaliyotda esa ilmiy taklif va g‘oyalar qog‘ozda qolib, yetarli foydalanilmadi. Bu tabiiy ravishda huquqshunoslik fanining jamiyatda tutgan mavqeiga va o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bunday munosabat ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan sotsializm talablaridan kelib chiqqan edi va ularga to‘la javob berardi. Hozir vaziyat tubdan o‘zgarmoqda.
Huquqiy ijodkorlik sohasida nazariy ilmiy yechimlar bilan qonun loyihalarini tayyorlash o‘rtasida ma’lum yaqinlashuv kuzatilmoqda. Sud-huquqiy islohotni tayyorlashda huquq fani va jamoatchiligi bildirgan ko‘p takliflar bu islohotni amalga oshirishda bevosita o‘z ifodasini topmoqda. Masalan, Toshkent Davlat yuridik universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Fanlar akademiyasining olimlari mustaqillik yillari 200 dan ortiq qonun va boshqa normativ hujjat loyihalari bo‘yicha o‘zlarining xulosa va takliflarini tegishli davlat idoralariga, avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga berdilar.
Huquqshunoslik fani huquqiy davlat nazariyasini ishlab chiqishda iqtisodiy va siyosiy qayta tashkil etishlarni chuqur tahlil etishi va hisobga olishi zarur. Shu munosabat bilan birinchi navbatda, Prezidentlik boshqaruvi shakli, demokratik qonunchilik jarayoni, qonunning ustunligi va qonun qabul qilishning samaradorligi kabi huquqiy davlat tuzilmalari faoliyatini ilmiy tahlil qilish muhim ahamiyatga ega.
Huquqiy adabiyotlarni nashr etishda muayyan siljishlar bor, ammo ularning tirajlari haddan tashqari kam. Maxsus davriy huquqiy nashrlarning chiqa boshlashi huquqshunoslik fani yutuqlari hamda yangi qonunlarni aholi o‘rtasida targ‘ib qilish va tushuntirishni keng yo‘lga qo‘yishda muhim rol o‘ynamoqda. Aholining turli qatlamlarini huquqiy savodxon qilishga qaratilgan puxta o‘ylangan, izchil tizimni ishlab chiqish dolzarb vazifadir.
Huquqshunoslik fanlari va ularning amaliyot bilan aloqalarini tashkil etish sohasida huquqshunos olimlarning ilmiy tavsiyalarini joriy etish va amalga oshirishning barqaror mexanizmi hanuzgacha yo‘q. Bunday mexanizm huquqshunoslik fanlari vakillarining takliflarini yanada to‘laroq hisobga olish va tahlil qilishgagina emas, balki ularning foydaliligini baholashga, oxir-oqibatda esa butun huquqiy tizimning samaradorligini oshirishga yordam bergan bo‘lur edi. Bunday mexanizmning barpo etilishi huquqiy tadqiqotlarning sifatini yanada oshirishga, bunda quruq bayonchilik va sharhlov uslublarining xukmronligiga barham berishga, huquqiy muammolarning boshqa turdosh mutaxassisliklar olimlari bilan hamkorlikda yanada chukurroq tatqiq etilishiga yordam bergan bo‘lur edi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish shakl va usullarini keskin o‘zgartirishni, shartnoma-kontrakt tizimini joriy etishni taqozo qiladi. Ilmiy tadqiqotlarni mablag‘ bilan ta’minlash har bir muallif kutadigan muayyan natijani amalga oshirishni taqozo etadi.
Mustaqillik yo‘lidagi taraqqiyot O‘zbekistonning suveren davlat sifatidagi jihatlarini atroflicha tadqiq qilishni taqozo etadi. Bunda mustaqil davlat belgilari, uning ichki va tashqi siyosatni olib borishdagi vakolatlari muqim ahamiyat kasb etadi. “O‘zbekiston-xalqaro huquq sub’ekta” mavzui yangi ma’no va ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Mustaqil O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlatni qaror toptirish iqtisodiy makonda huquqiy mexanizmning samaradorligini oshirishni talab qilmoqda. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishni ta’minlovchi yangi qonunlar qabul qilindi. Bular jumlasiga yer, mulk, tadbirkorlik, bank va bank faoliyati, korxonalar, tashqi iqtisodiy aloqalar, chet el investitsiyalari, birjalar, kooperatsiyaga doir qonunlarni sanab o‘tish mumkin. Bu qonunlarning qabul qilinishi shu boradagi ulkan ijodkorlik faoliyatining boshlanishi, xolos. Bozor iqtisodiyoti xartiyasi bo‘lmish yangi Fuqarolik kodeksi qabul qilindi. Bundan tashqari respublikamiz tarixida birinchi marotaba Savdo kodeksining ishlab chiqilishi nihoyatda zarur. Birja faoliyati, qimmatli qog‘ozlar, yakka hokimlikka qarshi va erkin iqtisodiy raqobat to‘g‘risidagi qonunlarning qabul qilinishi bu sohadagi muhim qadamdir. Albatta, boshqa qonunlar bozor iqtisodiyoti rivojlanishining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilishi kerak.
O‘zbekistonning aksariyat aholisi qishloq xo‘jaligida band. Shuning uchun qishloq xo‘jaligi haqidagi qonunlarni qabul qilish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardandir. Yer kodeksi, Suv to‘g‘risidagi kodeks, dehqon xo‘jaliklari, yer osti boyliklaridan foydalanish haqidagi, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilinmoqda.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda aholini ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoya qilish respublikamiz bu sohadagi olib borilayotgan siyosatning asosiy maqsadlaridandir. Shu bois ijtimoiy qonunlarni rivojlantirmoq zarur. Bu borada ish bilan ta’minlash, mehnat, sotsial ta’minot to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilish, ayni vaqtda aholining kam ta’minlangan qatlamlariga muayyan imtiyozlar berish lozim.
Ko‘p ming yillik madaniy merosimizga qiziqish nihoyatda kuchaygan bir davrda, bu borada ham huquqshunoslarning o‘z burch va majburiyatlari bor. Madaniy merosni qo‘riqlash, tabiat yodgorliklari, muzeylar, kutubxona ishlari, hujjatxonalar, avtorlik, aqliy mulk haqidagi qonunlar xalqimiz yaratgan bebaho boylik va xazinalarni kelajak avlodga yetkazishda huquqiy mezon bo‘lib xizmat qilmog‘i kerak. Bundan tashqari, respublikamiz hududidan turli davrlarda, turli sabablar bilan olib ketilgan tarixiy-madaniy meros obidalarini xalqaro-huquqiy vositalar yordamida qaytarib olish uchun muayyan ishlarni olib borish huquqshunoslarimizning ma’naviy burchidir.
Hozirgi davrda jinoyatchilikning o‘sib borishi, iqtisodiy tanglik, aholi ayrim tabaqalari orasida ma’naviyatning inqirozga uchrashi huquq fani oldiga muhim vazifalarni qo‘ymoqda. Hayotimizda yangi ijtimoiy munosabatlarning qaror topib borishi yangi Jinoyat kodeksini hayotga tatbik, etishni taqozo etadi.
Albatta, mustaqil O‘zbekiston davlatida huquqiy islohotlarni amalga oshirishda, o‘z milliy huquqiy tizimimizni shakllantirishda ham tarixiy, ham xorijiy davlatlarning davlat-huquq tajribasidan samarali foydalanish zarurdir. Bu borada, avvalambor, o‘n ikki asr davomida respublikamiz hududida amalda bo‘lgan shariat, musulmon huquqi normalarini o‘rganish muhimdir. Xorijiy davlatlardan esa arab-musulmon davlatlari hamda rivojlangan parlamentar demokratik mamlakatlar huquqiy tajribasidan foydalanishimiz kerak.
Yuqorida sanab o‘talgan va boshqa ilmiy-amaliy muammolarni hal qilish huquqshunos olimlarni ko‘paytarishni taqozo etadi. Fanlar akademiyasi tazimida alohida Davlat va huquq ilmiy-tekshirish institutani tashkil etash kechiktarib bo‘lmas vazifadir. Bundan tashqari, huquqiy muammolarni hal qilishda iqtasodchilar, faylasuflar, sotsiologlar, tarixchilar, sharqshunoslar bilan yaqindan hamkorlik qilish yaxshi samara berishi shubhasiz.
Huquqshunoslik fanining muammo va yutuqlari tezlikda xalq ommasiga yetkazib berilishi kerak. Bu borada ham huquqshunos olimlar, amaliyot xodimlari huquqiy tarbiyani keng ko‘lamda olib borishlari kerak.
O‘zbekiston davlati va huquqi hamda O‘zbekistonda siyosiy-huquqiy ta’limotlar tarixi bo‘yicha bor manbalarni tadqiq qilish nazariy, tarixiy va amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston xalqlari o‘zining chuqur davlatchilik, g‘oyaviy va ma’naviy negazlari bilan juda qadim zamonlarga borib taqaluvchi o‘ziga xos siyosiy-huquqiy madaniy boylik sohibidir. Eramizdan bir necha yuz yillar oldin, hozirgi O‘zbekiston xududida davlat va huquq to‘g‘risidagi institutlar va siyosiy-huquqiy qarashlar paydo bo‘lgan hamda taraqqiy etgan. Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati jahon sivilizatsiyasi va umumjahon huquqiy madaniyati rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan.
O‘rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi ilgari O‘zbekistondagi siyosiy-huquqiy qarashlar va davlat va huquq tarixining deyarli to‘liq o‘rganilmaganligi hozirgi kunda respublikadagi tarixiy-huquqiy fanlar oldida eng dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.
Turon davlati va huquqi tarixi, Turk hoqonligi, somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, xorazmshohlar, Chig‘atoy uluslari, temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar, Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonligi davlati va huquqi tarixi; imom at-Termiziy, imom Buxoriy, Al-Forobiy, Ibn-Sino, Burxoniddin Marg‘inoniy, Amir Temur, Ulug‘bek, Samandar Termiziy va boshqa ko‘pgina allomalarning siyosiy-huquqiy qarashlari o‘z tadqiqotchilarini kutmoqda.
O‘rta Osiyo Rossiya tomonidan bosib olinganidan keyin O‘zbekistonda shakllangan va rivojlangan huquqiy, siyosiy qarashlar tarixi bo‘yicha ancha ko‘zga tashlanadigan ilmiy izlanishlar bor. Biroq bu tadqiqotlar O‘zbekistonning mustamlaka va sovet davridagi siyosiy-huquqiy madaniyati tarixini to‘lig‘icha yoritib bera olmaydi. Bundan tashqari, tarix va siyosiy-huquqiy institutlar hamda g‘oyalar to‘g‘risidagi bir qator fikr va xulosalar hozirgi zamon, ya’ni mustaqillik ruhida qayta fikrlashni va ba’zi bir aniqliklar kiritishni talab etadi.
O‘zbekistondagi huquqiy hamda siyosiy qarashlar tarixini har tomonlama va chuqur o‘rganilmasa, kelgusida mustaqil O‘zbekistonning davlat-huquqiy institutlarining rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini nazariy asoslab berish va hozirgi zamon siyosiy-huquqiy voqeligini tushunish qiyin bo‘ladi yoki tushunib bo‘lmaydi. Vaholanki, o‘tmishsiz, tarixsiz kelajak bo‘lmaydi.
Tarix barcha avlodlar uchun donishmand hakamdir. O‘zbekiston davlati va huquqi tarixi, siyosiy-huquqiy qarashlar tarixi o‘zining ilg‘or fikrlarga boyligi, qiziqarliligi bilan ajralib turadi. Bu g‘oyalar, o‘tkir va teran fikrlar respublika davlat-huquqiy institutlarining rivojlanishiga hozir va kelgusida samarali xizmat ko‘rsatishi mumkin.
O‘zbekistonda davlat va huquq tarixi hamda siyosiy-huquqiy ta’limot tarixini har tomonlama va chuqur o‘rganish ham murakkab, ham muhim vazifadir. Buning sabablari quyidagicha:
Birinchidan, davlat va huquq hamda siyosiy-huquqiy qarashlar tarixi bo‘yicha ko‘p manbalar, O‘zbekiston va sobiq Ittifoq arxivlariga, kutubxonalarga hamda chet davlatlarga tarqalib ketgan.
Ikkinchidan, bu manbalarning deyarli barchasi, arab, fors va eski o‘zbek tilida yozilgan. Bu esa ushbu tillarni biladigan mutaxassis huquqshunoslarning juda ozligi sababli, qo‘yilgan vazifani hal etishda jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Uchinchidan, yaqin yillargacha O‘zbekiston huquqshunos olimlarining diqqat e’tibori, O‘zbekistonning Rossiya tomonidan bosib olinganidan keyingi va Sovet davridagi davlat va huquq tarixiga qaratilgan edi. Mustamlaka davrigacha va Oktyabr inqilobigacha bo‘lgan davrdagi O‘zbekiston davlati huquqi hamda siyosiy-huquqiy qarashlar tarixi ochilmagan qo‘riq bo‘lib qolmoqda, desak xato bo‘lmaydi.
To‘rtinchidan, hozirgi kunda O‘zbekiston davlati va huquqi tarixi hamda siyosiy-huquqiy ta’limotlar tarixini o‘rganuvchi huquqshunos olimlarni birlashtiruvchi va muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz yo‘q. Respublikada huquqshunoslik tarixi sohasida yuqori malakali ilmiy xodimlarni tayyorlash ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.
Bularning hammasi, ushbu sohani o‘rganish va yuqorida qo‘yilgan vazifalarni hal etish uchun katta kuch va vaqtni talab etadi. Lekin bu vazifa qanchalik murakkab va qiyin bo‘lmasin, uni bajarish kerak. Uning uchun esa quyidagi ishlarni jonlantirib yuborish zarur:
1) Fanlar akademiyasi huzurida ushbu sohani o‘rganuvchi olimlarning faoliyatini birlashtiruvchi va muvofiqlashtiruvchi ilmiy markaz tashkil etish;
2) ushbu sohadagi ilmiy xodimlarni mamlakatimiz, hamdo‘stlik hamda chet mamlakatlardagi davlat va huquq hamda siyosiy-hukuqiy ta’limotlar tarixi sohasini o‘rganishga ixtisoslashgan yirik ilmiy markazlar doktorantura va aspiranturalarida tayyorlash;
3) sobiq SSSR va chet davlatlar arxiv va kitob fondlarida saqlanayotgan O‘zbekiston davlati va hukuqi, siyosiy-huquqiy qarashlari tarixi to‘g‘risidagi arab, fors, eski o‘zbek tili va boshqa tillarda yozilgan barcha manbalarni to‘plash;
4) ushbu sohaga doyr ko‘p tomli xrestomatiyalar tayyorlash va nashr etish;
5) arabcha-o‘zbekcha, forscha-o‘zbekcha, arabcha-ruscha, forscha-ruscha yuridik terminlar lug‘atini tuzish;
6) shu sohaga oid kitoblarni o‘zbek tilida chop etish;
7) O‘zbekiston davlati va huquqi tarixi, siyosiy-huquqiy qarashlar tarixining muhim muammolari va davrlari bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, kitoblar tayyorlash va chop etish;
8) O‘zbekiston davlati va huquqi tarixining ko‘p jildli kitobini o‘zbek tilida tayyorlash va nashr etish;
9) O‘zbekistonda musulmon va odat huquqi rivojlanishi bo‘yicha bir qator ishlarni tayyorlash va nashr etish;
10) aholi o‘rtasida huquqiy va ilmiy targ‘ibotni tashkil qilishga e’tiborni kuchaytirish va h.k.
Bu tadbirlarni amalga oshirish huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Xuddi shu ma’noda, huquqshunoslik fani huquqiy madaniyatning nazariy manbaidir.

Yüklə 2,17 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   27   28   29   30   31   32   33   34   ...   110




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə