Mavzu: dalillarani to`plash usullari reja



Yüklə 54,36 Kb.
səhifə1/2
tarix22.03.2024
ölçüsü54,36 Kb.
#180739
  1   2
6-mavzu. ma\'ruzasi


Mavzu: DALILLARANI TO`PLASH USULLARI
Reja:
1. Dalillarni to‘plash usullari tushunchasi va turlari 2. Tergov harakatlarining boshqa protsessual harakatlardan farqi 3. So‘roq qilishning umumiy shartlari
1. Dalillarni to‘plash usullari tushunchasi va turlariDalillarni to‘plashning usullari turlicha bo‘lib, ular jinoyat–protsessual kodeksi normalari bilan tartibga solingan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan qator tezkor-qidiruv tadbirlari mavjudki, ular yordamida to‘plangan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq tekshirilganidan va baholanganidan so‘ng dalil sifatida e’tirof etilishi mumkin (mazkur qonunning 19-moddasining uchinchi qismi).
“Tergov harakatlari” atamasini jinoyat–protsessual qonunchiligi bilan tartibga solinadigan dalillarni to‘plash usullari ma'nosida qo‘llash maqsadga muvofiq. Bunday tergov harakatlari doirasini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 87-moddasi birinchi qismida keltirilgan dalil to‘plash usullari tashkil qiladi.
Yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari, himoyachi ham isbotlash jarayonida faol ishtirok etib, dalillar sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni, ya’ni:
1) ishga taalluqli axborotga ega bo‘lgan shaxslarni so‘rovdan o‘tkazish hamda ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish;
2) davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar muassasalar va tashkilotlarga so‘rov yuborish hamda ulardan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar (ya’ni holat yuzasidan batafsil ma’lumot yoki qoidaning sharhi) va boshqa hujjatlarni olishga haqlidir. Lekin, himoyachining himoya pozitsiyasini shakklantirish uchun foydalanadigan dalil to‘plash usullarini “tergov harakati” deb baholab bo‘lmaydi.


Barcha tergov harakatlari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, ularning barchasiga xos bo‘lgan umumiylik mavjud. Odatda, tergov harakatlari jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan keyin o‘tkaziladi. Quyidagi tergov harakatlarigina jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar o‘tkazilishi mumkin: hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish, ekspertiza tayinlash, (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 329-moddasi 2-qismi) shuningdek ushlangan shaxsni shaxsiy tintuv va ashyolarni olib qo‘yish (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 224-moddasi 2-qismi). Tergov harakatlari turli mezonlarga ko‘ra tavsiflanadi.


Tergov harakatlari bilish usuliga ko‘ra:
1) so‘rov shaklidagi tergov harakatlari;
2) kuzatuv shaklidagi tergov harakatlari;
3) kuzatuv va so‘rov shaklidagi tergov harakatlariga bo‘linadi.
2. Tergov harakatlarining boshqa protsessual harakatlardan farq
Yuqorida qayd etilganidek, jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni aniqlash, to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashga qaratilgan harakatlar tergov (sud) harakatlari deb nomlanib, ular jinoyat-protsessual normalarni bajarish bilan ifodalanadi.
Jinoyat-protsessual faoliyat ishtirokchilarining protsessual harakatlari esa protsessual hujjat shakliga solinadi va ish bo‘yicha muayyan protsessualharakatning bajarilishini, muayyan to‘xtamga kelinganligini, hamda muayyan ishlar amalga oshirilishi zarurligini belgilaydi. Masalan, jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqidagi qaror, shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risidagi qaror, dastlabki tergovni to‘xtatish haqidagi qaror, jinoyat ishini sud muhokamasiga tayinlash haqidagi qaror va hokazo.
Protsessual harakat - jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning jinoyat protsessi ishtirokchilariga, ko‘p hollarda esa boshqa shaxslar va muassasalarga ham qaratilganhokimiyat irodasini aks ettiradigan faoliyatidir.
Protsessual harakatning ahamiyati - ularning asosida yuzaga kelgan jinoyat-protsessual munosabatlar sababli ko‘p hollarda mazkur organlar va jinoyat-protsessual faoliyatning boshqa ishtirokchilari huquq normasini bajaradilar, qo‘llaydilar hamda ularga rioya etishida namoyon bo‘ladi.
Jinoyat huquqi va jinoyat-protsessual huquqining alohida normalarini qo‘llash jarayoni jinoyat-protsessual va jinoyat huquqining boshqa normalarini ularga rioya etmasdan bajarish mumkin emas, chunki huquq normalari faqat huquq tizimidagina amal qiladi.
Protsessual harakat – jinoyat protsessining vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan va qonunda belgilangan protsessual shaklga rioya etgan holda jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan chiqariladigan protsessual hujjat bilan rasmiylashtiriladigan, muayyan vazifani bajarilishini ta’minlaydigan yoki uni bajarishga qaratilgan faoliyatdir.
So‘roq qilishning umumiy shartlari
So‘roq qilish – dalil to‘plashning jinoyat ishini yuritishda eng keng tarqalgan tergov harakati bo‘lib, bir shaxsdan (guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchidan (sudlanuvchidan)) og‘zaki ma’lumotlar olish va mustahkamlash maqsadida amalga oshiriladi.
So‘roq qilishning umumiy qoidalari – bu so‘roq qilishda qo‘llaniladigan umumiy normalar bo‘lib, ular odatda, har qanday shaxslarni so‘roq qilishda qo‘llaniladi.
Jinoyat protsessi ishtirokchilari mavzusini esga oling: Shaxsni rasman gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi deb hisoblash uchun ularni ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risida qaror chiqarilgan bo‘lishi kerak.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi (sudlanuvchi) ko‘rsatuv berishdan bosh tortganda, yolg‘on guvohlik (ko‘rsatuv) berganda, hattoki, birovga tuhmat qilganida yoki bila turib yolg‘ondan jinoyatni sodir etgan shaxs, deb ko‘rsatganida ham, qanday oqibatlar yuz berishidan qat’i nazar, javobgarlikka tortilmaydilar.
Iqrorlik mazmunidagi ko‘rsatuvlar - gumon qilinuvchining va ayblanuvchining zimmasiga e’lon qilingan ayblov va gumonni tan olishini anglatuvchi ko‘rsatuvlar hisoblanadi.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining iqrorligini ikki xil vaziyatda o‘rganish mumkin:
1) Ko‘rsatuvlar berish vaqtidagi iqrorlik;
2) Aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi arz bilan murojaat qilish vaqtidagi iqrorlik.
Guvoh va jabrlanuvchini so‘roq qilish. Kundalik nutqda “guvohlik qilmoq” iborasi o‘zi guvohi bo‘lgan holat xususida aytib bermoq, ma’lumot bermoq, bildirmoq ma'nolarini anglatadi. Buni inobatga olib, masalaga umumiyroq yondoshsak, muayyan voqelik haqida ma’lumot berishni guvohlik berish, deb atash mumkin.
Guvoh va jabrlanuvchini so‘roq qilishda ham so‘roq qilishning umumiy qoidalariga rioya qilinadi. Guvoh va jabrlanuvchini so‘roq qilish quyidagi xususiyatlari bilan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishdan farqlanadi:
1. Ko‘rsatuv berish guvoh va jablanuvchining majburiyati hisoblanishi;
2. Qonunda guvoh va jablanuvchiga nisbatan o‘tkaziladigan tergov harakatida ularning manfaatlarini himoya qilishda advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan holatlar belgilanmagan bo‘lsa-da, ularning o‘z advokati (guvohga nisbatan) yoki vakili (jabrlanuvchiga nisbatan) bilan birga hozir bo‘lsalar, ularni advokat yoki vakil ishtirokida so‘roq qilinadilar.
3. Jinoyat–protsessual qonun hujjatlarida guvoh yoki jabrlanuvchilar uchun hech qanday yoshga doir cheklashlar belgilanmagan. Amaliyotda kichik yoshdagi guvohlar (jabrlanuvchilar) ko‘rsatuvlaridan ham foydalaniladi.
4. Agar guvoh yoki jabrlanuvchi o‘n olti yoshga to‘lmagan bo‘lsa, ularni so‘roq qilish qonuniy vakili yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog yoki jabrlanuvchining vakili ishtirokida ularning roziligi bilan o‘tkaziladi.
Jinoyat protsessi ishtirokchilari mavzusini esga oling: Shaxsni guvoh sifatida jalb qilish uchun hech qanday protsessual qaror yoki ajrim chiqarilmaydi, chaqiruv qog‘ozi, shaxsga guvoh sifatida ishtirok etishishi so‘rashning o‘zi kifoya. Shaxsni jabrlanuvchi deb hisoblash uchun uni jabrlanuvchi, deb e’tirof etish to‘g‘risida qaror chiqarilgan bo‘lishi kerak.
YUZLASHTIRISH
Yuzlashtirish bu - dalil to‘plash usullaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 122-moddasida belgilanganidek, ilgari so‘roq qilingan ikki shaxs ko‘rsatuvlari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda, ushbu qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash va bartaraf etish uchun o‘tkaziladi.
Jiddiy qarama-qarshiliklar bu - isbot qilish predmetiga kiruvchi holatlar mazmuni yuzasidan ko‘rsatuvlarda mavjud bo‘ladigan nomutanosiblik, ma’lumotlarning bir-birini rad etishi hisoblanadi.
Bu qarama-qarshiliklarning sabablarini aniqlash uchun yuzlashtirishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvoh so‘roq qilinishi mumkin. Yuzlashtirish tergov harakati ko‘rsatuvlarni, ya’ni dalillarni tekshirishga qaratilgan tergov harakati hisoblanadi.
Yuzlashtirish tergov harakatini o‘tkazish ilgari so‘roq qilingan shaxslarning ko‘rsatuvlarni yana takrorlash emas, balki surishtiruvchi, tergovchi, sud tomonidan shaxslar tomonidan berilgan ko‘rsatuvlardagi jiddiy qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash uchun o‘tkazilishi lozim.
Yuzlashtirish tergov harakatini o‘tkazish uchun asoslari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 96-108, 122-124-moddalarida ko‘rsatib o‘tilgan.
Jinoyat-protsessual qonunchiligi faqat ikki shaxs o‘rtasida yuzlashtirish tergov harakatini o‘tkazib, so‘roq qilishga ruxsat beradi.
Yuzlashtirish tergov harakati faqatgina so‘roq qilingan shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladi.
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud yuzlashtirish tergov harakatini boshlamasdan oldin gumon qilinuvchiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 48-moddasida, ayblanuvchiga esa 46-moddasida belgilangan huquq va majburiyatlari tushuntiriladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun O‘zbekistonRespublikasi Jinoyat kodeksining 238 va 240-moddalari bilan jinoiy javob-garlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirilmaydi.
Yuzlashtirish bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomada yuzlashtirish qachon, qayerda, kim tomonidan, kimlar o‘rtasida, soat nechadan boshlab, soat nechagacha davom ettirilganligi qayd etilishi shart. Shuningdek, yuzlashtirilayotgan shaxslarning kimlar ekanligi aniqlashtirilishi, ya’ni familiyasi, ismi, otasining ismi to‘liq yozilishi kerak. Shuningdek, taraflarning o‘zaro munosabatlari haqidagi ularning javoblari, ko‘rsatuv berishdan avval ularning huquq va majburiyatlari tushuntirilishi, tegishli tartibda ogohlantirilishi lozim bo‘lgan shaxslar yolg‘on ko‘rsatuvberganligi yoki ko‘rsatuv berishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirilganligi bayonnomada qayd etilishi lozim.
Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati
Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatini o‘tkazish asoslari. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 125-moddasiga ko‘ra tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining biror shaxs yoki narsa to‘g‘risidagi ko‘rsatuvini tekshirib ko‘rish maqsadida bu ko‘rsatuv muayyan bir shaxs yoki muayyan bir narsaga oid ekanligini aniqlash zarur bo‘lganda yoxud surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga ma’lum bo‘lgan ko‘plab shaxs yoki narsalar orasidan ko‘rsatuvda tasvirlab berilgan shaxs yoki narsani topish zarur bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi.
Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati tanib olish obyektiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
1. Shaxsni tanib olish uchun ko‘rsatish. Shaxsni tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati obyekti faqat tirik odam hisoblanadi. Shaxsni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 127-moddasida belgilangan. Shaxsni tanib olish uchun tergov olib borilayotgan ishga aloqasi bo‘lmagan, tashqi belgilari bilan o‘ziga o‘xshaydigan shaxslar guruhi orasida xolislar huzurida ko‘rsatiladi. Tanib olish uchun ko‘rsatilayotgan shaxslarning umumiy soni uch nafardan kam bo‘lmasligi kerak. Jinoyat protsessi nazariyasida shaxsni tanib olish uchun ko‘rsatishda tanib olinuvchilar statistlar deb yuritiladi.
2. Ko‘char narsalarni tanib olish uchun ko‘rsatish. Ko‘char narsalarni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 128-moddasida belgilangan. Tergov olib borilayotgan joyga, sudga yoki boshqa joyga olib borilishi mumkin bo‘lgan narsalar, narsalarning bo‘lagi va hayvonlar jinoyat ishiga aloqasi bo‘lmagan boshqa turdosh narsalar orasida tanib olish uchun ko‘rsatiladi.
Turdosh narsalar bu - tanib oluvchi so‘roq qilinganda tasvirlaganidan tashqi belgilari, alomatlari, xususiyatlari bo‘yicha jiddiy farq qilmaydigan narsalar tushuniladi.
3. Ko‘chmas obyektni tanib olish uchun ko‘rsatish. Ko‘chmas obyektni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi
Jinoyat-protsessual kodeksining 129-moddasida belgilangan. Jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi joy, bino, binodagi alohida xona yoki boshqa ko‘chmas obyekt nomini aytib va tasvirlab bersa-da, biroq uning joylashgan o‘rnini aniq aytib bera olmasa, biror aniq joydan obyektga borish yo‘lini ko‘rsatishga istak bildirsa, unga shu obyektni ko‘rsatishiga imkon beriladi.
Tanib olish uchun ko‘rsatish chog‘ida tanib oluvchining ko‘rsatuvini qayd qilish. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 130-moddasiga ko‘ra, tanib olish uchun bir guruh shaxslar yoki bir nechta narsani ko‘rsatilganidan keyin tanib oluvchiga u ilgari tasvirlagan shaxs yoki narsani ko‘rsatish taklif etiladi.
Tanib olish uchun ko‘rsatish holatini mustahkamlash. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 131-moddasiga asosan surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi. Sud muhokamasida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi. Bayonnomada tanib oluvchining shaxsi haqidagi ma’lumotlar, tanib olish uchun ko‘rsatilgan obyektlar haqidagi qisqacha ma’lumotlar va imkon darajasida tanib oluvchining ko‘rsatuvlari so‘zma-so‘z bayon qilinadi.
Surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomada va sud majlisi bayonnomasida: tanib oluvchi, tanib olish uchun ko‘rsatish sharoiti, jarayoni va natijalari, tanib olish uchun ko‘rsatilgan shaxslar, ularning yoshi, bo‘yi, millati, turar joyi, ko‘zga tashlanuvchi belgilari, kiyimlari; tanib olish uchun ko‘rsatilgan narsalar tavsifi; tanib olish uchun ko‘chmas obyektlar ko‘rsatilganda esa, shuningdek tanib oluvchi ko‘rsatgan yo‘nalishlar va izlanayotgan obyektga biror aniq joydan borish yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim.
Tanib olish uchun fotosuratlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, bayonnomaga fotojadval ilova qilinishi lozim.
Tanib oluvchining ko‘rsatuvlari, shuningdek unga surishtiruvchi, tergovchi, sud, taraflar yoki boshqa shaxslar tomonidan berilgan savollar va qaytarilgan javoblar so‘roq qilishning umumiy qoidalariga rioya qilingan holda bayonnomaga yozib boriladi.
Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish
Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish mustaqil tergov harakati bo‘lib, surishtiruvchi, tergovchi va sud, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, guvoh hamda jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlarini hodisa sodir bo‘lgan joyda muayyan holatlarni qayta tiklash yo‘li bilan tekshirib ko‘rishdan iboratdir.
Ko‘zdan kechirish
Jinoyat protsessida isbot qilish ishni qonuniy, asoslangan va adolatli hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi haqiqatni aniqlash maqsadida dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashga qaratilgan jarayon hisoblanadi. Mazkur jarayonni amalga oshirishda tergov harakatlari o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Ko‘zdan kechirish esa ushbu tergov harakatlari tizimida o‘z o‘rniga ega.
Ko‘zdan kechirish deganda, biron bir moddiy obyektning o‘ziga xos xususiyatlarini kuzatish orqali inson ongida mazkur obyekt haqida tasavvur xosil qilishi tushuniladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish aynan ana shu joyda jinoyat sodir etilganligi yoki uning izlari borligi haqida ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi. U boshlang‘ich va kechiktirib bo‘lmaydigan eng muhim tergov harakati hisoblanadi, aks holda jinoyat izlari tabiiy ta’sirlar natijasida buzilib ketishi, ataylab yo‘qotilishi mumkin. Shu sababli tergovchi hodisa sodir bo‘lganligi to‘g‘risida xabar olishi bilan har qanday ob-havo sharoitiga, vaqtga qaramay darhol o‘sha joyga yetib borishi va ko‘zdan kechirishni boshlashi lozim bo‘ladi. Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishda haqiqiy hodisa holatini aniqlash va xolisona tergovni ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar, ya’ni ko‘zdan kechirilayotgan obyektlarning ahvoli, o‘ziga xos belgilari aniqlanadi. Shuningdek sodir bo‘lgan hodisaning xususiyati, jinoyatchining shaxsi va maqsadi kabi holatlar ham aniqlanadi.
Murdani ko‘zdan kechirish ayrim o‘ziga xos jihatlarga ega.
Murdaning tashqi ko‘rinishini surishtiruvchi yoki tergovchi u topilgan joydaxolislar va sud-tibbiyot sohasidagi mutaxassis shifokor ishtirokida ko‘zdan kechiradi. Bunday mutaxassis shifokor ishtirok etishiga imkoniyat bo‘lmagan taqdirda, boshqa shifokor ishtirok etadi. Zarur hollarda murdani ko‘zdan kechirish uchun boshqa mutaxassislar, shuningdek ekspertlar jalb qilinadi.
Murda topilgan joyda uni ko‘zdan kechirish alohida murdani ko‘zdan kechirish bayonnomasida emas, balki hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasida rasmiylashtirilishi lozim.
Tevarak-atrof va binolarni ko‘zdan kechirish chog‘ida ko‘zdan kechirish obyekti bo‘lib fuqaroning uyi yoki xizmat joyi hisoblansa, mazkur vaziyatda surishtiruvchi yoki tergovchi ko‘zdan kechirish haqida qaror, sud esa ajrim chiqargan holda mazkur ko‘zdan kechirishni amalga oshirishi lozim. Turar joyi ko‘zdan kechirilayotgan shaxs yoki tegishli korxona, muassasa, tashkilotning vakili chiqarilgan qaror yoki ajrim bilan tanishtirilib, bu haqda imzo chektiriladi.
Guvohlantirish
Guvohlantirish deganda, shaxsning badanidagi alohida belgilar, dog‘lar, tan jarohatlari, jismoniy rivojlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, mastlik holati yoki jinoyat ishi uchun ahamiyatli boshqa xususiyatlarni aniqlash uchun o‘tkaziladigan, sud ekspertizasini talab etmaydigan, jinoyatning ochilishiga yordam beradigan majburiy tergov harakatini tushunish lozim.
Jinoyat-protsessual huquqda guvohlantirish tergov harakati dastlabki tergov bosqichida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 142–147-moddalari va sud bosqichida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 445-moddasi asosida o‘tkazilishi huquqiy jihatdan tartibga solingan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida guvohlantirishni o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirilgan ular quyidagilardan iborat:
– guvohlantirishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarish;
– guvohlantiriluvchi shaxsga uning huquq va majburiyatlarining tushuntirilishi;
– guvohlantirish majburiy tartibda o‘tkazilishi mumkinligi;
– tergovchiga nisbatan o‘zga jinsga mansub bo‘lgan
guvohlantiriluvchi shaxsning badani tekshirilganda, tergovchining ishtirok etishi mumkin emasligi;
– agar guvohlantirish shaxsni yechintirib yalang‘ochlash bilan bog‘liq bo‘lsa, bir jinsdagi xolislar ishtirok etishi;
– guvohlantirishning soat 6:00 dan 22:00 ga qadar o‘tkazilishi;
– guvohlantiriluvchi shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan yoki uning sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi;
– guvohlantirish jarayonida shaxs huquqlarining ta’minlanishi zarurligi.

Yüklə 54,36 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə