Mavzu: Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va vazifalari reja


Mavzu:Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va vazifalari



Yüklə 134 Kb.
səhifə2/3
tarix17.12.2023
ölçüsü134 Kb.
#150279
1   2   3
Ibrohimov.Sh. Iqtisodiyot nazariyasi

Mavzu:Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va vazifalari
Iqtisodiy nazariya vujudga kelib hozirgi darajaga etgunga qadar fanning predmetiga
turlicha ta’rif berilgan.
Iqtisodiy nazariyaning birinchi maktabi dastlabki kapital jamg’arilishi, tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash rivojlanishi davrida vujudga kelgan merkantilistlar ilmiy-tadqiqot predmetini boylik, boylikning manbai — savdo sifatida qarashgan. Klassik iqtisod vakillari fanning predmeti sifatida moddiy ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash, iste’molni nazarda tutib, tadqiqot doirasini kengaytirishdi. Har bir maktab fanning predmetini turlicha talqin etadi.
Mashhur iqtisodchi P. Samuelson o’zining «Ekonomika» kitobida iqtisodiyot nazariyasi
fanining predmeti to’g’risidagi fikr-larni o’rganib, ulardan ba’zilari quyidagilar deydi:
1. Iqtisodiyot nazariyasi ayirboshlash va pullik bitimlar bilan bog’liq iqtisodiy faoliyat
turlari haqidagi fan.
2. Iqtisodiyot nazariyasi har xil tovarlar (bug’doy, mol go’shti, palto, kontsertlar, yo’llar, yaxtalar) ishlab chiqarish uchun kishilar tomonidan kamyob yoki cheklangan unumli resurslar
(yer, mehnat, ishlab chiqarishda ishlatishga mo’ljallangan tovarlar, masalan, mashinalar va texnikaviy bilimlar)dan foydalanish va ularni jamiyat a’zolari tomonidan iste’mol qilish maqsadida taqsimlash to’g’risidagi fan.
3. Iqtisodiyot nazariyasi kishilarning kundalik ishbilarmonlik faoliyati, yashashi uchun mablag’ topishi va undan foydalanishi to’g’risidagi fan.
4. Iqtisodiyot nazariyasi insoniyatning iste’mol va ishlab chiqarish borasida o’z vazifasini qanday uddalayotgani haqidagi fan.
5. Iqtisodiyot nazariyasi boylik to’g’risidagi fan.
Shu bilan birga bu ro’yxatni bir necha marta cho’zish mumkin deb ko’rsatadi P.Samuelson3.
Respublikamizning yirik iqtisodchilaridan A. O’lmasov, M. Sharifxo’jaevlar iqtisodiyot
nazariyasiga quyidagicha ta’rif berishadi: «Iqtisodiyot nazariyasi jamiyatda yuz beradigan iqtisodiy hodisalar, jarayonlar, ularga xos bo’lgan aloqa-bog’lanishlarni, ularning qonunqoidalariniva kishilar faoliyatida namoyon bo’lishini o’rganuvchi fandir». Hozirgi zamon iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiy hodisa, jarayonlarni resurslarning cheklanganligi inson va jamiyat ehtiyojlarining cheksizligidan kelib chiqqan holda tadqiq etadi.
«Ekonomiks» mualliflari Kempbell R. Makkonnell va Stenli L. Bryu ham buni ta’kidlab,
juda ko’p iqtisodchilarning fikricha, iqtisodiy nazariyasi cheklangan resurslar doirasida kishilar
tomonidan moddiy ne’matlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol jarayonida
o’zlarini qanday tutishlarini tadqiq qilishdan iborat deb ko’rsatadilar. Ular iqtisodiy nazariyaga umumiy tarzda quyidagicha ta’rif berish mumkin deyishadi.Iqtisodiyot nazariyasi insonning moddiy ehtiyojlarini yuqori darajada qondirishga erishish maqsadida cheklangan ishlab chiqarish resurslaridan samarali foydalanish yoki ularni boshqarish muammolarini tadqiq etadi.
Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti haqida aniq tasavvurga ega bo’lish uchun uning
tadqiqot doirasi, ob’ekti, sub’ekti, maqsadi va vazifalarini alohida ko’rsatib o’tish maqsadga
muvofiq.
Iqtisodiyot nazariyasining tadqiqot doirasi - bu xo’jalik faoliyati yuritish muhitidir. Bu
muhit mikro - firma, korxonalar, mezo - tarmoqlar, makro - mamlakat, mega - jahon miqyosi
doirasida bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, kishilar iqtisodiy aloqalarni, ular o’rtasidagi bog’lanishlarni, iqtisodiy munosabatlarni o’z xohishlaricha tanlay olmaydilar, chunki bu ob’ektiv reallikdan kelib chiqadi. Agar jamiyatda monopoliyalar hukmronligi mavjud bo’lsa yoki totalitar, markazdan boshqariladigan iqtisodiyot bo’lsa, yoki bozor iqtisodiyoti bo’lsa iqtisodiy munosabatlar ham shunga muvofiq bo’ladi. Har kim o’z xohishiga ko’ra, ulardan boshqacha munosabatlarni o’rnata olmaydi, chunki ob’ektiv reallik, iqtisodiy sharoit shunday. Ana shu ob’ektiv reallikni o’rganib, ularning oqibati haqida xulosa chiqarish mumkin.
Tadqiqot sub’ekti — bu inson, kishilar guruhi va davlatdir.
Tadqiqot ob’ekti esa iqtisodiy hodisalar, jarayonlar, ya’ni xo’jalik yuritish faoliyatidir.
Tadqiqot predmeti — «iqtisodiy odam»ning, kishilar guruhi va davlatning iqtisodiy faoliyati bo’lib, boshqa aniq iqtisodiy fanlardan farqli ravishda alohida u yoki bu soha, tarmoq faoliyati emas, balki barcha iqtisodiy faoliyatni bir butun holda tadqiq etadi.
Tadqiqot maqsadi iqtisodiy voqea, jarayonlarni o’rganish asosida ularning o’zaro qay darajada bog’liqligini, bir-birini taqozo qilishi, ya’ni bu jarayonlarning qonuniyatlarini ochish, ular asosida xulosa chiqarish, nazariy qoidalar hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdir. Bu maqsadni amalga oshirish uchun qator vazifalar bajariladi.
Iqtisodiy nazariyaning asosiy vazifasi:
— iqtisodiy hodisa, jarayonlarni va ularga xos bog’lanishni o’rganish (ma’lumki, iqtisodiy hodisalar dinamik tarzda iqtisodiy jarayonlar deb ataladi);
— iqtisodiy sub’ektlarni asosiy resurslarning kamyobligi va ehtiyojlarning cheksizligi sharoitida iqtisodning quyidagi:
nima ishlab chiqarish kerak?
qancha ishlab chiqarish kerak?
qanday qilib ishlab chiqarish kerak?
kim uchun ishlab chiqarish kerak?
tizim o’zgarishlarga moslasha oladimi?
kabi muammolarni echish uchun nazariy asos, faoliyat uchun amaliy xulosalar ishlab chiqish;
— iqtisodiy nazariyadagi alohida yo’nalishlar, oqimlarning ijobiy tomonlari, takliflarini sintez qilish;
— jahon tajribasi va milliy iqtisodiyotning ijobiy-salbiy tomonlarini o’rganish va ular asosida nazariy xulosalar chiqarish.
Umuman olganda, sanab o’tilgan va o’tilmagan yo’nalishlar, oqimlar har xil nom bilan
atalishidan qat’i nazar, fanning mohiyatini o’zgartirmaydi. Iqtisodiyot nazariyasi fani yagona, uning tad-qiqot ob’ekti ham bitta — xo’jalik yuritish faoliyatidir.
Faqat predmet ta’rifiga ko’p marta aniqlik kiritilgan. Chunki xo’jalik yuritish shartsharoiti o’zgargan. Har bir maktab iqtisodiyot nazariyasi predmetining u yoki bu jihatiga alohida ahamiyat beradi, ajratib ko’rsatadi. Shuning uchun mashhur ingliz yozuvchisi Bernard Shou «hatto, hamma iqtisodchilarni bitta zanjirga bog’lagan taqdirda ham ular yagona fikrga kelishmaydi» deb, haq gapni aytgan deya e’tirof etishadi, iqtisodchilar.
Sotsial yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti uchun iqtisodiy nazariyada diqqat ko’proq tadqiqot ob’ektidan tadqiqot sub’ektiga qaratiladi.Ko’pchilik iqtisodchilarning iqtisodiyot nazariyasini resurslarni tanlash va insonning iqtisodiy faoliyati muammolari to’g’risidagi universal fan sifatida qarashiga e’tibor beradigan bo’lsak, iqtisodiyot nazariyasi predmetini quyidagicha ta’riflash mumkin.
Iqtisodiyot nazariyasi ijtimoiy fan bo’lib, resurslarning cheklanganligi va ehtiyojlarni yuksalib borishi sharoitida samarali xo’jalik yuritish qonunlari va iqtisodiy faoliyat muammolarini o’rganadi.
Iqtisodiyot nazariyasi kishilar faoliyatini o’rganar ekan, tadqiqot asosida xulosalar chiqariladi. Uning amaliy faoliyati shundaki, chiqarilgan xulosalar oldindan ko’rish imkoniyatini
beradi.
K. M. Keyns «Iqtisodiy nazariya bevosita xo’jalik yuritish siyosatida qo’llaniladigan
tayyor tavsiyalar yig’indisi emas. U ta’limotdan ham ko’ra ko’proq usul, intellektual instrument,
fikrlash texnikasi bo’lib, uni egallagan kishiga to’g’ri xulosa chiqarishga yordam beradi», degan.
To’g’ri xulosa chiqarish — bu kelajakdagi faoliyat yo’nalishini to’g’ri belgilash degani.
Iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiy siyosatning asosini tashkil etadi.
Iqtisodiyot nazariyasi jamiyat rivojlanishi jarayonida iqtisodiy faoliyat natijasida kelib
chiqqan muammolarni nazariy jihatdan izohlab javob topishga qaratilgan bo’lib, kelajakda
qanday o’zgarishlar bo’lishi mumkinligini oldindan prognoz qiladi, yo’nalishlarini ko’rsatadi.
Iqtisodiy siyosat — bu davlatning ishlab chiqarish, taqsimot, iste’mol sohasidagi aniq
maqsadga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi. Odatda, iqtisodiy siyosat umumiy bo’lib, u qator
yo’nalishlar asosida olib boriladi. Masalan, pul-kredit siyosati, amortizatsiya siyosati, moliya
siyosati, sotsial siyosat va hokazo. U jamiyatning barcha sotsial guruhlari manfaatini hisobga
olib, milliy iqtisodiyotni mustahkamlashga qaratilgan bo’ladi.Qanday iqtisodiy siyosat yuritish eng avvalo, jamiyat qanday g’oya, mafkurani tanlaganiga bog’liq. «Chunki mafkura — jamiyatda yashaydigan odamlarning hayot mazmunini, ularning intilishlarini o’zida mujassamlashtiradi, ... toki hayot mavjud ekan, mamlakatlar, davlatlar va ularning manfaatlari bor ekan, ular o’z taraqqiyot yo’lini, ertangi kun ufqlarini o’zining milliy g’oyasi, milliy mafkurasi orqali belgilab olishga intiladi.»
Iqtisodiy siyosat iqtisodiy muammolarning echimini topish va uni amalda qo’llash bilan
shug’ullanadi. Bunda iqtisodiyot nazariya-si chiqargan xulosalarga tayaniladi (1- chizma).
Amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosat muvaffaqiyatli bo’lishi uchun hal qilinayotgan
muammolarni har tomonlama (huquqiy, siyosiy, madaniy, sotsial va hokazo) hisobga olish
kerak. Yuritilayotgan iqtisodiy siyosat jamiyatning rivojlanishiga, iqtisodiy tizimning
o’zgarishiga, takomillashuviga olib kelishi mumkin. U o’z navbatida iqtisodiyot nazariyasini
boyitadi, kelgusi rivojlanishida o’z aksini topadi.
Iqtisodiy siyosat olib borishiga qarab, davlat:
a) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ob’ektiv, mantiqiy tarzda to’g’ri ifodalasa, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishi mumkin;
b) aksincha, qo’llayotgan chora-tadbirlari yarim-yorti bo’lib, nazariy jihatdan berilgan xulosalar, tavsiyalar izchillik bilan amalga oshirilmasa, iqtisodiy taraqqiyot sur’atlari sekinlashishi mumkin;
v) siyosat iqtisodiy taraqqiyotga ziddiyatli ta’sir ko’rsatishi, ya’ni uning bir yo’nalishdagi harakatini tezlashtirib, ikkinchisini sekinlashtirishi mumkin.
Bu yerda yana shuni ta’kidlash kerakki, ayrim paytlarda nazariy jihatdan chiqarilgan
xulosalar to’g’ri bo’lib, uni qo’llashdan ijobiy natijalar kutish, lekin amalda ana shu kutilgan
natija bo’lmasligi mumkin. Sababi — uni amalda qo’llash jamiyatdagi turli tabaqalar manfaatiga
borib taqaladiki, buning natijasida iqtisodiy sub’ekt o’zini qanday tutishini avvaldan aniqlash
qiyin.
Nazariya iqtisodiyotni sof holda emas, balki sotsial-siyosiy, ruhiy-axloqiy, milliydemografik omillar ta’sirini ham inobatga olib o’rganadi. Iqtisodiyot ijtimoiy hayotning bir
qismi, shuning uchun ijtimoiy hayotning iqtisodiyotdan boshqa jabhalari albatta unga ta’sir
qilmay qolmaydi. Iqtisodiy jihat (aspekt)ni yagona hal qiluvchi deb qarash noto’g’ri. Iqtisodiyot birlamchi bo’la turib, o’z navbatida boshqa turdagi munosabatlar ta’sirida bo’ladi.Ayniqsa, siyosiy vaziyat, o’zgarishlar iqtisodiyotga katta ta’sir etadi. Masalan, eng oddiy misol, siyosiy vaziyat o’zgarishi bilan fond birjalarida qimmatbaho qog’ozlar kursi, tovar birjalarida tovarlar narxi o’zgaradi: oshadi yoki pasayadi. Buning natijasida kapital oqimi o’zgaradi va ishlab chiqarishga ta’sir qiladi.
Iqtisodiyot nazariyasi aniq muammoga yoki iqtisodiyotning u yoki bu aspektiga tegishli
dalillar, ma’lumotlar to’playdi. Nazariya siyosatning iqtisodiyotga qayta ta’sirini ham o’rganadi. Siyosat iqtisodga qarab shakllanadi. Shu ma’noda iqtisod siyosatga nisbatan birlamchi. Ammo, to’g’ri tanlangani yoki yo’qligiga qarab ijobiy yoki salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiyot rivojlanishining qonun-qoidalarini o’rganar ekan, shu
ma’noda u siyosatning ilmiy asosi bo’ladi. Iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiy borliqni bilish uchun ilmiy qo’llanmadir. Iqtisodiyot nazariyasi dalillar asosida chiqargan xulosalarining naqadar to’g’riligi va uning hayotga tatbiq etilishiga qarab ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga qudratli turtki bo’lib xizmat qilishi yoki aksincha, to’siq bo’lishi ham mumkin.
Iqtisodiyot nazariyasidan xabari yo’q kishining jamiyat miqyosidagi qator savollarga:
«egizak taqchillik» — byudjet taqchilligi bilan tashqi savdo balansi taqchilligining sabablari
nimada, u qanday oqibatlarga olib keladi? Nima sababdan fond birjalarida aktsiyalar kursining
dramatik tarzda pasayib ketishi yuz beradi? Nima sababdan inflyatsiyaning oldini olish kerak?
Ishsizlikni qanday qilib qisqartirish mumkin? Fermerlarni, umuman qishloq xo’jaligini
subsidiyalash kerakmi? Bu savollarga javob topish qiyin. Siyosiy arboblar bu fanni chuqur
bilmay turib, davlatni boshqarishlari mushkul.
Iqtisodiyot nazariyasi har bir inson uchun amaliy ahamiyatga ega. Chunki, mavjud
axborotlardan xo’jalik yuritishda (oiladan boshlab yirik korporatsiyalar miqyosigacha) zarur
xulosalar chiqarish, ular asosida o’z faoliyatini tashkil etish uchun ham iqtisodiyot nazariya-sini
bilish zarur. Lekin shuni qayd qilish kerakki, iqtisodiyotdagi muammolar individual nuqtai nazardan emas, balki ijtimoiy, jamiyat nuqtai nazaridan o’rganiladi. Ishlab chiqarish, taqsimot,
ayirboshlash va iste’molga alohida shaxs fikri, qarashi tarzida emas, balki jamiyat miqyosida
qaraladi.
Iqtisodiyot nazariyasi faktlar, dalillarga tayanib, xulosa chiqarib va uni iqtisodiy siyosat
yuritishga asos bo’lishi tufayli iqtisodiyot nazariyasi pozitiv nazariyadan keskin tarzda normativ
iqtisodiyot nazariyasiga o’tadi.
Pozitiv iqtisodiyot nazariyasi faktlar, dalillar yordamida tad-qiqot olib boradi. Ular
asosida kishilarning iqtisodiy faoliyat jarayonida o’zlarini qanday tutishlarini ilmiy asoslashga
harakat qiladi.
Normativ iqtisodiyot nazariyasi esa iqtisodiy jarayonlarni baholashga, iqtisodiyotda
qanday tadbirlar belgilash kerakligini yoki qanday iqtisodiy siyosat yuritish kerakligini
ko’rsatadi. Masalan, mamlakatda mehnatga yaroqli aholi 10 mln. kishi bo’lib, ishsizlar 600 mingdan 800 mingga ko’paydi, deylik. Pozitiv iqtisodiyot mamlakatda ishsizlik 6% dan 8% ga o’sdi, deb ko’rsatadi. Normativ iqtisodiyot esa ishsizlik 6% dan 8% ga o’sishining sababi nimada ekanligi, u qanday oqibatga olib kelishini, ishsizlikni qisqartirish zarurligi va unga qanday erishish mumkinligini ko’rsatadi. Qisqacha aytganda, pozitiv iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiyotning real holatini o’rgansa, normativ iqtisodiyot nazariyasi sub’ektiv tarzda qanday bo’lishi kerakligi haqidagi fikrni ifodalaydi.
Pozitiv iqtisodiyot nazariyasida fikrlar qarama-qarshiligi yo’q, iqtisodiy jarayonlarni
talqin qilishda uncha katta farq yo’q. Lekin iqtisodiy siyosatni asoslashda, jamiyatning qanday
bo’lishi kerakligi haqidagi qarashlari, tavsiyalar bir-biridan katta farq qiladi. Masalan, daromadni
qay tarzda taqsimlanayotgani haqida iqtisodchilar hamfikr, qanday taqsimlanishi haqidagi
tavsiyalari esa bir-biridan katta farq qiladi.
Iqtisodiy siyosat esa iqtisodiy qonun-qoidalarga asoslanishi kerak. Ko’pchilik tomonidan
tan olingan iqtisodiy printsiplardan biri ma’lum chegarada xarajatlar va ish bilan bandlik o’rtasida bog’lanish. Xarajatlarning umumiy hajmi ortganda ish bilan band-lik o’sadi. Aksincha,
umumiy xarajatlar hajmi qisqarsa, ishsizlik ko’payadi. Mana shu bog’lanish hukumatning iqtisodiy siyosat yuritishida bebaho xizmat qilishi, yordam berishi mumkin. Agarda statistik ma’lumotlar umumiy xarajatlar hajmining pasayishini ko’rsatsa, demak, kelajakda ishsizlikning ko’payishi kutiladi. Mana shu kutilayotgan natijadan hukumat xulosa chiqarib, umumiy xarajatlarni ko’paytirish va kutilayotgan ishsizlikning oldini olish choratadbirlarini belgilaydi.
Demak, samarali boshqarish uchun statistik ma’lumotlardan to’g’ri xulosa chiqarish va
ularning o’zgarishi qanday natijaga olib kelishi mumkinligini oldindan ko’ra bilish kerak.
Iqtisodiyot nazariyasi mana shunga o’rgatadi, hamda hushyorlik, aql-idrok bilan iqtisodiy siyosat
yurgizishga asos bo’lib xizmat qiladi. Agarda jamiyatning bosh maqsadi aholi farovonligini ta’minlash, turmush darajasini yuksaltirish bo’lsa, unga erishish uchun qator iqtisodiy muammolarni hal etish, maqsadlarni amalga oshirish kerak.
Jamiyat tomonidan amalga oshirilishi zarur, ko’pchilik tomonidan keng e’tirof etilgan
quyidagi iqtisodiy maqsadlar mavjud:
1. Iqtisodiy o’sish. Iloji boricha ko’proq va yaxshi sifatliroq tovar ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatishning barqaror o’sishini ta’minlash.
2. To’la bandlik. Mehnatga layoqatli har bir ishlashni xohlagan kishi ish bilan ta’minlanishi kerak.
3. Iqtisodiy samaradorlik. Mavjud cheklangan resurslarni minimal darajada sarflab, maksimal natijaga erishish.
4. Narxlar barqarorligini ta’minlash. Narxlarning haddan tash-qari ko’tarilib (inflyatsiya) yoki tushib (deflyatsiya) ketishiga yo’l qo’ymaslik.
5. Iqtisodiy erkinlik. Boshqaruvchilar, tadbirkorlar, ishchilar, iste’molchilar o’z iqtisodiy faoliyatlarida katta erkinlikka ega bo’lishlari kerak.
6. Daromadni adolatli taqsimlash. Ba’zilar boylikka «cho’milganda» boshqalar haddan ziyod qashshoq bo’lmasligi kerak.
7. Ijtimoiy ta’minot. Mehnatga layoqatsiz kasallarni, qarilarni va boshqalarning qaramog’ida bo’lganlarni hayot kechirishini ta’minlash.
8. Savdo balansi. Xalqaro savdo va xalqaro moliyaviy bitimlarning oqilona balansiga ega bo’lish.
Bu maqsadlarning hammasini bir vaqtning o’zida amalga oshirib bo’lmaydi.
Birinchidan, ularni umumiy tarzda izohlash mumkin, lekin aniq mezonlarini belgilashga
kelganda fikrlar har xil. Birini aniq o’lchash (1—4, 8) mumkin bo’lsa, boshqasini (5—7) aniq
o’lchab bo’lmaydi. Bularning hammasini turlicha yondashish natijasida turlicha talqin qilish
mumkin.
Ikkinchidan, bir maqsadning amalga oshirilishi ikkinchisiga bog’liq bo’lishi mumkin.
Masalan, to’la bandlikni ta’minlash, kam daromadga ega bo’lish iqtisodiy ta’minlanganlikka
ham ta’sir qiladi.
Uchinchidan, ba’zi maqsadlar bir-biriga zid kelishi mumkin. Masalan, to’la bandlik (2)
bilan inflyatsiya (4) yoki iqtisodiy o’sish (1) bilan daromadlarni adolatli taqsimlash (6).
Agarda to’la bandlik ma’lum darajada inflyatsiyani yoki barqaror narxlar ishsizlikni keltirib chiqarsa, bu holatda jamiyat ikkisidan qaysi biri asosiy ekanligini aniqlashi kerak. Bunda
albatta, iqtisodchilar uchun keng munozara maydoni vujudga keladi. Shuni ham qayd etish kerakki, iqtisodiyot nazariyasini o’rganayotganda boshlovchi iqtisodchi duch kelishi mumkin bo’lgan qiyinchiliklar mavjud. Bular ayrim faktlarni noto’g’ri tasavvur etish (aytaylik, biznesdan olingan foydaga shubha bilan qarash yoki taqchil moliyalashtirishni doimo yomon deb tushunish), noaniq iboralar ishlatish (masalan, hukumat ilgari surgan loyihalarni har bir guruh o’z manfaatidan kelib chiqib turlicha nom bilan atashi), yoki mantiqiy xulosalar chiqarishda adashish (chunki individual nuqtai nazardan chiqarilgan xulosa to’g’ri bo’lishi mumkin, lekin jamiyat miqyosida tatbiq etish to’g’ri emas). Masalan,individual dehqon qancha ko’p hosil olsa, shuncha ko’p daromad oladi. Sababi, uning bitta o’zi olgan hosili narxlarga deyarli ta’sir qilmaydi (lekin barcha dehqonlar hosilining ko’payishi narxni pasaytirib, daromadni ko’paytirmasligi mumkin), aniq sabab-oqibatli bog’lanishlarni ajratib olish qiyinchiligi, ulardan qaysi biri sabab, qaysi biri oqibat ekanligini ajratish mushkulliklaridir.

Xulosa
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiy siyosat iqtisodiy qonun-qoidalarga asoslanishi kerak. Ko’pchilik tomonidan tan olingan iqtisodiy printsiplardan biri ma’lum chegarada xarajatlar va ish bilan bandlik o’rtasida bog’lanish. Xarajatlarning umumiy hajmi ortganda ish bilan band-lik o’sadi. Aksincha, umumiy xarajatlar hajmi qisqarsa, ishsizlik ko’payadi. Mana shu bog’lanish hukumatning iqtisodiy siyosat yuritishida bebaho xizmat qilishi, yordam berishi mumkin. Agarda statistik ma’lumotlar umumiy xarajatlar hajmining pasayishini ko’rsatsa, demak, kelajakda ishsizlikning ko’payishi kutiladi. Mana shu kutilayotgan natijadan hukumat xulosa chiqarib, umumiy xarajatlarni ko’paytirish va kutilayotgan ishsizlikning oldini olish choratadbirlarini belgilaydi.


Kvant fizikasi asoschisi, Nobel mukofoti laureati Maks Plank kamtarlik bilan o’z faoliyatini iqtisodchilikdan boshlagani, lekin uni tashlagani, sababi iqtisodchilik unga haddan tashqari qiyin ko’ringanini aytgan. Buni hozirgi zamon mantiqiy matematikasi «pioneri» Bertran Rosselga aytishganida, u taajjub, men iqtisodiy nazariyani haddan tashqari sodda deb tashlab ketgandim, deydi. Har ikki fikrda ham haqiqat bor, deydi P. Samuelson, shu bilan birga xato ham. Juda ko’p marta ta’kidlanadiki, har qanday zehni o’tkir 16 yoshga etgan inson iqtisodiy qonun-qoidalarni yaxshi o’zlashtirishi mumkin. Bu ma’noda Rossel haq. Lekin inson hayotining
iqtisodiy kuchlarini bilish san’atida faqat aqlga taya-nish bilan Plank his qilganidek uzoqqa borib
bo’lmaydi.
Demak, dalillar, ma’lumotlar o’zgarishi qanday natijaga olib kelishi, ular asosida to’g’ri
xulosa chiqarishni o’rganish iqtisodiyot nazariyasining asosiy maqsadi bo’lib, uni egallash oson
ish emas.



Yüklə 134 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə