Mavzu: pedagogika fanining predmeti va tadqiqot metodlari asosiy savollar


Ta’lim mazmunini shakllantirish prinsiplari



Yüklə 1,88 Mb.
səhifə65/128
tarix19.10.2023
ölçüsü1,88 Mb.
#128211
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   128
Umumiy pedagogika majmua

3. Ta’lim mazmunini shakllantirish prinsiplari.
Didaktik tamoyillar (didaktika tamoyillari) o’quv jarayonining umumiy maqsadlari va qonuniyatlariga ko’ra tashkil etiluvchi ta’lim jarayonining tashkiliy shakl va metodlari, asosiy qoidalari mohiyatini belgilovchi mazmundir. Ta’lim tamoyillarida ta’limning aniq, tarixiy tajribaga asoslanuvchi me’yoriy asoslari (qoidalari) o’z ifodasini topgan. Ta’lim tamoyillarini bilish o’quv jarayonini uning qonuniyatlari asosida tashkil etish, uning maqsadlarini asosli ravishda belgilash va o’quv materialini mazmunini tanlab olish, maqsadga muvofiq ta’lim shakli va metodlarini tanlash
Ta’lim tamoyillari o’zida tarixiylik xususiyatini namoyon etadi. Ta’lim nazariyasi va amaliyoti rivojlanib borgani, ta’lim jarayonining yangi qonuniyatlari kashf etilishi bilan ta’limning yangi tamoyillari ham shakllanadi, eski ko’rinishlari o’zgardi. Bu ishlar bugungi kunda ham davom etadi. O’qitish va tarbiyalash qonuniyatlarini aks ettiradigan yaxlit pedagogik jarayonning umumiy tamoyillarini keltirib chiqarishga urinishlar ko’zga tashlanmoqda.
Tamoyillar ta’lim jarayonining mohiyati, qoidalar esa uning alohida tomonlarini aks
ettiradi.
Ta’limni mazmunli va tashkiliy-metodik tamoyillaridan tashkil topgan tizim sifatida e’tirof etish mumkin:
I. Ta’limning mazmunli tamoyillari. Ular ta’lim mazmunini tanlash bilan bog’liq bo’lgan qonuniyatlarni aks ettiradi va quyidagi g’oyalarni ifodalaydi:

  • fuqarolik;

  • ilmiyligi;

  • tarbiyalovchi ta’lim;

  • fundamentalligi va amaliy yo’nalganligi (ta’limning hayot bilan, nazariyaning amaliyot

bilan bog’liqligi);

  • tabiat bilan uyg’unligi; - madaniyat bilan uyg’unligi; - insonparvarligi.

Fuqarolik tamoyili. Unga ko’ra ta’lim mazmunini shaxsning sub’ektivligini rivojlantirish, uning ma’naviyligi va ijtimoiy etukligiga yo’naltirishda namoyon bo’lishi kerak. U ta’lim mazmunini insonparvarlashtirishni nazarda tutadi va fuqarolikni anglash, O’zbekiston Respublikasining ijtimoiy va siyosiy tuzilishi haqidagi tasavvurlar tizimi, o’zbek xalqi madaniyati psixologik xususiyatlari, uning mentalitet xususiyatlari, milliy siyosati va madaniyati kabi dolzarb masalalar haqidagi tasavvurlarining shakllanishi bilan bog’liq.
Ta’limning ilmiyligi tamoyili ta’lim mazmunini zamonaviy fan va texnika rivojlanish darajasi, jahon tsivilizatsiyasi to’plagan tajribaga mos kelishini ifodalaydi. Bu tamoyil ta’lim vaqtida va o’qishdan tashqari vaqtda amalga oshiriladigan ta’lim mazmuni o’quvchilarni ob’ektiv ilmiy dalillar, hodisalar, qonunlar, zamonaviy yutuqlar va rivojlanish istiqbollarini ochib berishga yaqinlashtirib, u yoki bu sohaning asosiy nazariya yoki kontseptsiyalari bilan tanishtirishga yo’naltirilgan bo’lishini talab etadi.
Ta’limning tarbiyalovchilik tamoyili yaxlit pedagogik jarayonda ta’lim va tarbiyaning birligi qonuniyatlariga tayanadi. Bu tamoyil ta’lim jarayonida barkamol rivojlangan shaxsni shakllantirishni ko’zda tutadi. Ta’lim jarayonida tarbiyalashning samarali kechishi shaxsning intellektual rivojlanishi, birinchi navbatda, o’quvchilarning qiziqishlari, idrok etish hamda individual qobiliyatlarining hisobga olinishi bilan bog’liq.
Ta’limning fundamentalligi va amaliy yo’nalganligi tamoyili umuiy o’rta ta’lim maktablaridayoq o’quvchilar chuqur nazariy va amaliy tayyorlikdan o’tadilar. Mazkur holat an’anaviy didaktikada ta’limning hayot bilan, nazariyaning amaliyot bilan bog’liqligi kabi ifoda etiladi. O’qishda fundamentallik bilimlarning ilmiyligi, to’la va chuqur bo’lishini ko’zda tutadi. U odamdan yuksak intellektual salohiyat, fikrlash layoqatining tadqiqotchilik ko’rinishda bo’lishi, bilimlarini doimiy ravishda to’ldirib borish istagi va malakalarini talab etuvchi zamonaviy ilmiytexnik taraqqiyotga asoslangan. Fundamental bilimlar aniq bilimlariga qaraganda sekin eskiradi, shuningdek, inson va xotirasiga emas, ko’proq uning fikrlash layoqatiga bog’liq bo’ladi.
Ta’limning fundamentalligi bilimlar mazmunining muntazamligi, nazariy va amaliy jihatdan o’zaro nisbatda bo’lishni talab etadi.
Ta’limning tabiat bilan uyg’unligi tamoyili. Ya.A.Komenskiy o’zining tabiatga uyg’un bo’lishi g’oyasini ifoda etib, tabiatda hayot bahordan boshlangani kabi ta’lim olish jarayoni uchun eng qulay davr bolalik ekanligini ta’kidlaydi. Ertalabki soatlar mashg’ulotlarni bajarish uchun juda qulay hisoblanadi. O’quvchilarga ularning yosh davrlarini inobatga olgan holda bilimlarning berilishi ushbu bilimlarning ular uchun tushunarli bo’lishini ta’minlaydi. Demak, tabiat bilan uyg’unlik g’oyasi asta-sekinlik, ketma-ketlik va mustaqil faoliyat kabi ta’lim tamoyilining asosi hisoblanadi.
O’zbek pedagogi Abdulla Avloniy ham (1878-1934 yillar) ta’lim va tarbiyani yo’lga qo’yishda tabiatga uyg’un bo’lishi g’oyasining davomchisi bo’lgan. O’zining “Turkiy guliston yohud axloq” nomli asarida bola shaxsining tabiiy mukammalligiga ishonch bildiradi. A.Avloniy bola tabiatan go’zallik va mehribonlik bilan uyg’unlikda tug’iladi deb yozadi. Allomaning fikricha, ta’lim va tarbiyaning vazifasi bola shaxsining rivojlanishi uchun yordam beruvchi sharoitlarni yaratishdan iborat.
Abdulla Avloniy bolani milliy madaniyat, vatanga muhabbat asosida tarbiyalash
g’oyasining tarafdori bo’lgan, bu xususida allomaning asarlarida quyidagi fikrlar o’z ifodasini topgan: “.... odam tug’ilgan va o’sib ulg’aygan shaharni va shu shahar joylashgan mamlakatni bu odamning Vatani deb aytadilar. Biz turkistonliklar o’zimizning quyoshli diyorimizni jonimizdan ham ortiq yaxshi ko’rishimiz kabi arablar o’z Arabistonini, ... eskimoslar esa o’zlarining Shimolini yaxshi ko’radilar” deb yozadi. A.Avloniyning fikricha, xalqparvarlikka asoslangan ta’lim va tarbiya yoshlarga vatanparvarlik namunalarini ko’rsatishga undashi kerak.
Ta’limda insonparvarlik tamoyilini bolaning shaxs sifatidagi qadr-qimmati, uning erkinligi hamda baxtli hayot kechirishini ta’minlash, uni rivojlantirishi, ijodiy imkoniyatlarini ro’yobga chiqarishi, unga hayotda o’z o’rnini topishda yordam ko’rsatishi va hokazolarni nazarda tutadi. “Insonparvarlik” va “odamiylik” so’zlari yunoncha humanus “odamiylik” bir so’zdan kelib chiqqan. Insonparvarlik, odamiylik ma’naviy-axloqiy tushunchalardir. Insonparvarlik g’oyasi antik davr faylasuflari (Suqrot, Aflotun, Arastu va boshqalar) qarashlarida ilk bor ko’zga tashlanadi. Markaziy Osiyoda insonparvarlik g’oyalari Sharq Uyg’onish davrida keng rivojlandi. Abu Nasr Forobiyning fikricha, bolani eng avval o’qimishli, saxovatli inson qilib tarbiyalash kerak, zero, salbiy nuqsonlar bolalikdan paydo bo’ladi. Shu bois oilada tarbiyani yo’lga qo’yishda xato qilmaslik zarur.
O’zbekiston Respublikasida huquqiy, demokratik jamiyat barpo etilayotgan mavjud sharoitda uzluksiz ta’lim tizimi oldida barkamol, har tomonlama rivojlangan, erkin, mustaqil fikrlovchi shaxsni tarbiyalash vazifasi turibdi. Mazkur vazifa ta’lim va tarbiya jarayonida bolalarga nisbatan insonparvarlik munosabatida bo’lish orqali ijobiy hal etiladi. Bolalarga nisbatan insonparvarlik munosabatida bo’lish ularning taqdiri haqida qayg’urish, uning qobiliyatini ko’ra olish, unga ishonish, shuningdek, bolaning xatoga yo’l qo’yish, shaxsiy nuqtai nazarga ega bo’lish huquqini qadrlashni nazarda tutadi.
Ta’limning tashkiliy–metodik tamoyillari. Ta’limni tashkil etish metodikasi ta’lim mazmunini shakllantirish kabi erkin tanlanishi mumkin emas. Bu borada muayyan ijtimoiy, psixologik va pedagogik talablarni inobatga olish zarur. Bunday talablar ta’limning tashkiliy-metodik tamoyillari deb yuritiluvchi tamoyillar mazmunida o’z ifodasini topgan:

  • ta’limning izchilligi, tizimliligi, ketma-ketligi;

  • ta’limda onglilik va ijodiy faollik;

  • ta’limda ko’rgazmalilik;

  • ta’limning samaradorligi va ishonchliligi (mustahkamligi);

  • ta’limning tushunarliligi;

  • guruhli va individual ta’lim birligi;

  • ta’limning o’quvchilar yoshi va individual xususiyatlariga mos kelishi;

  • oqilona talabchanlik bilan bola shaxsini hurmat qilishning muvofiqliligi;

  • pedagogik hamkorlik.

Ta’limning izchilligi, tizimliligi, ketma-ketligi tamoyili bilish bosqichlarining ob’ektivligini anglatadi.
Izchillik ta’lim mazmuni, uning shakli va usullari, o’quv jarayoni ishtirokchilari bo’lgan sub’ektlarning o’zaro munosabatlariga taalluqli. U alohida partsial (yunoncha partialis - qisman) va xususiy o’quv vaziyatlari, predmet va hodisalar o’rtasidagi bog’liqlik, aloqadorlik qonuniyatlarini asta-sekin o’zlashtirish asosida ularni yagona yaxlit o’quv jarayoniga birlashtirishga imkon beradi.
Izchillik ta’lim jarayonining ma’lum tizim va ketma-ketlik asosida bo’lishini nazarda tutadi, zero, murakkab masalalarni oddiy masalalarni o’rganmay turib hal etib bo’lmaydi.
Muntazamlik va ketma-ketlik u yoki bu o’quv materialini o’zlashtirish sur’ati, uning elementlari o’rtasidagi o’zaro mosligini tahlil qilishga imkon beradi. Ta’limning muntazamliligi va ketma-ketligi ma’lum fanlar bo’yicha bilim, ko’nikma va malakalarini shakllantirish, borliqni yaxlit idrok etish o’rtasidagi qarama-qarshilikni hal etishga imkon beradi. Ushbu holatlar birinchi navbatda dastur va darsliklarni muayyan tizimda yaratish, fanlararo hamda fanlar ichidagi bog’liqlikni ta’minlash evaziga namoyon bo’ladi.
Onglilik va ijodiy faollik tamoyili. Uning asosini fanni o’rganishda muhim ahamiyatga ega bo’luvchi qoidalar majmuini shakllantirish tashkil etadi. Bilimlarni ongli ravishda o’zlashtirish quyidagi omil va shartlarga bog’liq: ta’lim motivlari, o’quvchilarning faollik darajasi, o’quvtarbiyaviy jarayonning samarali tashkil etilishi, o’qituvchi tomonidan qo’llanuvchi ta’lim metodlari va vositalarining samaradorligi va boshqalar. O’quvchilarning faolliklari reproduktiv va ijodiy xarakterga ega bo’lishi mumkin. Mazkur tamoyil o’quvchilarning tashabbuskorliklari va mustaqil faoliyatlarini nazarda tutadi.
Ko’rgazmalilik tamoyili ta’lim jarayonini tashkil etish asosida yotuvchi muhim qoidalardan biri hisoblanadi. Ya.A.Komenskiy uni didaktikaning “oltin qoidasi” deb atagan. Unga binoan ta’limda inson sezgi organlaridan foydalanish kerak. “Agarda biz o’quvchilarda haqiqiy va aniq bilimlar paydo qilishni istasak, unda biz umuman hamma narsaga shaxsiy kuzatish va sezib ko’rish bilan Ta’limga intilishimiz kerak – deb ta’kidlaydi u – agarda qandaydir predmetni baravariga bir necha sezgi organlari bilan qabul qilish mumkin bo’lsa, mayli ular baravariga bir necha sezgilari bilan o’rganilsin”3.
Tajribalar asosida o’rganilayotgan narsani namoyish etish va jarayon mohiyatini hikoya qilib berish o’zlashtirish darajasini birmuncha oshiradi. Xususan, axborotlarni eshitib qabul qilish samarasi 15 foiz, ko’rib qabul qilish esa – 25 foizni tashkil etadi. Ta’lim jarayonida ularni bir vaqtda ishtirok etishi natijasida ma’lumotlarni qabul qilish samaradorligi 65 foizgacha ortadi.
Ko’rgazmalilikdan o’quv jarayoni barcha bosqichlarida foydalanish mumkin: yangi materialni o’zlashtirish, uni mustahkamlash, mashqlarni tashkil qilish hamda o’quvchilarning dastur materiallarini o’zlashtirishlarini tekshirish va baholashda.
Ta’limning samaradorligi va ishonchliligi tamoyili. An’anaviy didaktikada u mustahkamlik tamoyili kabi ifoda etiladi. Agarda o’qitish jarayoni ta’lim maqsadlariga erishishni ta’minlamasa, u holda ushbu jarayonni tashkil etish zaruriyati yuzaga kelmaydi. Shu bois ta’lim samarali, shuningdek, rivojlantiruvchi va tarbiyalovchi xususiyatga ega bo’lishi kerak.
Ta’limning ishonchliligi va mustahkamliligini ta’minlash uchun o’quvchilar o’qish jarayonida o’quv-o’rganish harakatlarining quyidagi to’la tsiklini o’zlashtira olishlari zarur: o’rganilayotgan materiallarni dastlabki qabul qilish, uni chuqurroq anglab etish , eslab qolish, o’zlashtirilgan bilimlarini qo’llash bo’yicha ma’lum faoliyatni amalga oshirish, ularni takrorlash va tizimlashtirish.
Ta’limning chuqurligi va mustahkamligi talabi didaktikada an’anaviy hisoblanadi va u yuzakilikka qarama-qarshi qo’yiladi. Chuqur, mustahkam bilimning asosiy belgisi eng fundamental g’oyalar, qoidalar, tushuncha, kategoriyalarni tushunish, chuqur o’zlashtirish, o’rganilayotgan materiallar mazmunini puxta anglashdan iborat.
Ta’limning tushunarliligi tamoyili o’quvchilarning mavjud imkoniyatlarini hisobga olish, jismoniy va psixik sog’lig’iga yomon ta’sir etuvchi intellektual va emotsional qiyinchiliklardan voz kechishni talab etadi. Ta’limning tushunarli bo’lishi o’quvchilarning yoshi, bilish imkoniyatlarini hisobga olib o’qishning mazmunini to’g’ri aniqlash demakdir, ya’ni, har bir o’quv fani bo’yicha o’quvchilar egallab olishi zarur bo’lgan bilim, amaliy ko’nikma va malakalari hajmini to’g’ri aniqlashdir. Bu tamoyil o’quv jarayonini o’quvchilarda qiyinchiliklarni engish istagini hosil qiluvchi va shaxsiy muvaffaqiyatlarining natijalaridan quvonish tuyg’usini yuzaga keltirishga yo’naltirilganligini ifodalaydi. Bu bolalarda ko’zga tashlanuvchi qattiq hayajonlanish, shuningdek, o’quv masalalarini echishdagi ishonchsizlikni yo’qotishga yordam beradi.
Guruhli va individual ta’limning birligi tamoyili shaxsning, bir tomondan atrofdagilar bilan munosabatda bo’lish, ijtimoiy aloqalarni yo’lga qo’yishga intilishi, ikkinchi tomondan esa, yakka holda ta’lim olishga bo’lgan xohishini aks ettirishga xizmat qiladi. Muomala faoliyatning alohida turi bo’lib, uni tashkil etish jarayonida boshqalar haqidagi tasavvur va tushuncha yuzaga keladi. Atrofdagilar bilan munosabatni yo’lga qo’yish o’zaro aloqalarning hosil bo’lishi va rivojlanishini, alohida bo’lish esa shaxsning ijtimoiylashuvi hamda rivojlanishini ta’minlaydi.
An’anaviy ta’lim o’z mohiyatiga ko’ra guruhli hisoblanadi, zero, u 30-40 nafar o’quvchilardan iborat o’quv guruh (yoki sinf)larida tashkil etiladi. 100-200 nafar talabalardan iborat kurslarda esa ta’limga sarflanadigan harakatlarni kamaytirish maqsadida ma’ruzalar o’qish tashkil etiladi. Guruhli ta’lim munozara, muzokara tashkil etish uchun qulay sharoitga ega bo’lib, o’quv masalalarini echishning eng samarali yo’llarini birgalikda izlashni ta’minlaydi, o’zaro yordam ko’rsatish uchun sharoit yaratadi, o’quvchilarning mas’uliyat hissini oshiradi. O’quv muvssasalarida guruhli ta’limni tashkil etish jamoani shakllantirishning asosiy shakli sanaladi.
Ta’limning o’quvchilarning yoshi va individual xususiyatlariga mos kelishi tamoyili o’quvchilarning yoshiga ko’ra va individual yondashuvni anglatadi.
Yoshiga muvofiq yondashish o’quvchilarning psixik xususiyatlari, shaxsiy rivojlanganlik darajasi, ma’naviy-axloqiy sifatlari, ijtimoiy etukligini baholay olishni nazarda tutadi. Agarda qo’yilayotgan talablar yoki ta’limning tashkiliy tuzilishi o’quvchilarning yoshi imkoniyatlaridan ortda qolsa yoki ilgarilab ketsa, o’quv faoliyatining samarasi pasayadi. Individual yondoshish o’quvchilarning murakkab ichki dunyosini o’rganish, yuzaga kelgan munosabatlar tizimini tahlil qilish va shaxs shakllanishi sodir bo’ladigan ko’p turdagi sharoitlarni aniqlashni talab etadi.
Oqilona talabchanlik bilan bola shaxsini hurmat qilishning birgaligi tamoyili pedagog tarbiyalanuvchini shaxs sifatida hurmat qilishi zarur. Oqilona talabchanlik maqsadga muvofiq bo’lsa, ta’lim-tarbiya jarayoni, shaxsning to’liq va barkamol rivojlanishini ta’minlay olsa samarasi ancha yuqori bo’ladi. O’quvchilarga nisbatan talabchanlik ularni tartibli, intizomli bo’lish, burchlarni o’z vaqtida bajarish ko’nikmalariga ega bo’lishlarini ta’minlashi lozim. Shaxsga hurmat insondagi ijobiy xislatlariga tayanishni ko’zda tutadi.
Hamkorlik tamoyili ta’lim jarayonida shaxsning ustuvor mavqeini ta’minlash, uning o’zo’zini anglashini anglatadi. Bu tamoyil o’zaro munosabatlar jarayonida sub’ektlar o’rtasidagi aloqalarning dialog shakli, shaxslararo munosabatlar mazmunida esa empatiya (yunoncha «empathlia» – birgalikda tashvishlanish, ya’ni, boshqa odamning tashvishlarini tushunish)ning ustunligiga erishishni talab etadi. 4.Davlat ta’lim standartlari. O‘quv reja, o‘quv dastur va darsliklar tavsifi. Davlat ta’lim standarti. Ta’lim mazmunining rivojlanishida ko’zga tashlanayotgan zamonaviy tendentsiyalaridan biri uni standartlashtirish (davlat miqyosida yagona qoidalar va talablar o’rnatilishi) hisoblanadi. Standartlashtirishda quyidagi ikki omil muhim ahamiyatga ega: 1) turli ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar bilimlar hajmining bir xillik darajasini ta’minlovchi mamlakatda yagona pedagogik muhitni yaratish
zarurligi;
2) O’zbekistonning jahon hamjamiyati tizimiga kirishi natijasida xalqaro ta’lim amaliyotida umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasbhunar ta’limi mazmunini rivojlanishi tendentsiyalarining hisobga olinishi.
Davlat ta’lim standarti:

  1. ta’lim olish shaklidan qat’iy nazar bitiruvchilar erishishlari kerak bo’lgan ta’lim darajasini belgilovchi asosiy hujjat;

  2. o’quv fani bo’yicha yakuniy ta’limning yakuniy natijalarini belgilovchi asosiy

hujjat;

  1. ta’lim dasturlari mazmunining minimumi, o’quvchilar tomonidan bajariladigan o’quv ishlarining maksimal hajmi, shuningdek, bitiruvchilarning tayyorgarlik darajalariga qo’yiluvchi talablarni belgilaydi.

O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni bilan bir qatorda ta’lim standarti asosiy me’yoriy hujjat hisoblanadi. «Standart» ingliz tilidan tarjima qilinganda «me’yor», «namuna», «andoza», «model» ma’nolarini anglatadi. Standart yordamida respublika miqyosidagi turli ta’lim muassasalarida ta’limning barqarorlik darajasini ta’minlashga erishiladi, o’quv ishlari normativlari moslashtiriladi, o’quvchilarning bilimlarini baholash mezonlari ishlab chiqiladi. O’quvchi davlat tomonidan belgilangan ta’lim standarti bilan cheklanishlari mumkin, yoki bilimlarni yanada chuqurroq egallab olish maqsadida mustaqil shug’ullanish imkoniyatiga ega. Uning uchun qiyin bo’lgan yoki qiziqarli bo’lmagan fanni o’rganishda o’quvchiga standartga kiritilgan normativ minimum bilan cheklanish imkoniyati beriladi.
Ushbu holatda o’quvchi o’ziga mos keladigan ta’lim yo’lini anglagan holda va mustaqil tanlab, o’z qiziqishlari, istagi, qobiliyatlari va intilishlarini amalga oshirishga imkoniyatga ega bo’ladi. Shakli va mazmuni bo’yicha tushunarli ifoda etilgan standart talablari oldindan o’quvchilarga va ularning ota-onalariga etkaziladi.
Ta’limni standartlashtirish dunyoning rivojlangan mamlakatlarida allaqachon o’quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish, ta’lim ma’lum darajasini belgilab bilan amalga oshiriladi. Ammo “standart” termini o’zi ta’limga nisbatan yaqin davrlardan qo’llanila boshlangan. Davlat ta’lim standartlari ta’lim sifatini oshirishga imkon beradi. Ular ta’lim mazmuni minimal hajmini qayd etish va ta’lim darajasining quyi chegarasini belgilab beradi.
Ta’lim standartini kiritishdan avval bunday majburiy qoidalar mavjud emas edi. O’zlashtirishning aniq belgilangan chegaralari yo’qligi XX asrning 80-yillarida ko’pchilik bitiruvchilarining haqiqiy bilim darajalari juda past bo’lishiga olib keldi.
Davlat ta’lim standartlarini yaratish bo’yicha ishlar O’zbekiston Respublikasining
“Ta’lim to’g’risida”gi Qonunini (1992 yil) qabul qilingandan keyin boshlandi. Mazkur hujjatning 6-bandida jahon ta’limi amaliyoti me’yorlariga mos keluvchi davlat ta’lim standartlarini yaratish zarurligi ta’kidlab o’tiladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning IX sessiyasida (1997 yil) O’zbekiston Respublikasining yangi tahriridagi “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni qabul qilingandan so’ng ta’lim dasturlari yangi avlodi yaratildi. Jahon amaliyoti tajribasi asosida yaratilgan ta’lim standartlari har bir fan bo’yicha o’zlashtirilishi zarur bo’lgan bilimlarning minimal darajasini belgilashga imkon berdi. Davlat ta’lim standartlari tarkibiy tuzilishiga ko’ra quyidagilardan iboratdir:

  1. Ta’limning yangi yoki aniqlashtirilgan maqsadlari, fanning o’rganish ob’ektlari va asosiy mazmunli yo’nalishlari ko’zda tutiladigan o’quv fanining umumiy ta’rifi.

  2. O’quv fanining mazmuni, tayanch (invariant) darajasini tasvirlash.

  3. Ta’limning majburiy natijalarini ifodalash, ya’ni o’quvchilarning o’quv tayyorgarliklari zarur bo’lgan minimal darajasiga talablar.

  4. Bilim, ko’nikma va malakalarga qo’yiluvchi talablar, bu ularning majburiy tayyorgarliklari darajasining “o’lchamidir”, ya’ni, tekshirish ishlari, testlar va alohida topshiriqlarni bajarishlariga qarab o’quvchilar tomonidan talablarning majburiy darajasiga erishilganligi haqida fikr yuritish mumkin bo’ladi.

Ilmiy pedagogik adabiyotlarda ta’lim mazmunini shakllantirishning quyidagi uch
bosqichi ko’rsatiladi:

    1. umumiy nazariy bosqich;

    2. o’quv bosqichi;

    3. o’quv materialini o’zlashtirish bosqichi, ya’ni, ta’lim mazmunining o’quv rejasi, o’quv dasturi va darsliklar kabi me’yoriy hujjatlarda o’z ifodasini topishi.

Umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi mazmuni davlat ta’lim standarti, o’quv rejalari mazmunida namoyon bo’ladi. O’quv rejalari quyidagilardan iborat: tayanch, namunaviy va maktab o’quv rejasi.
Umumiy o’rta hamda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari) uchun tayanch o’quv rejasi davlat ta’lim standartining tashkiliy qismi hisoblangan asosiy me’yoriy hujjat bo’lib, u namunaviy va amaliy o’quv rejalarini ishlab chiqish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Tayanch o’quv rejasi davlat ta’lim standarti tarkibiy qismi sifatida
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining namunaviy o’quv rejalari tayanch o’quv rejasi asosida tuziladi va O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirliklari tomonidan tasdiqlanadi. Bu reja uzoq muddatga mo’ljallab tuziladi va uning asosida mavjud sharoitlarni hisobga olib ishchi o’quv rejalari ishlab chiqiladi.
O’quv rejasime’yoriy hujjat hisoblanib (ta’lim muassasasi sertifikati) quyidagilarni belgilaydi:

  • o’quv yili, chorak (semestr)lar va ta’tillarning davomiyligi;

  • ushbu ta’lim muassasasida o’rganiladigan o’quv fanlari tartibi;

  • o’qish yillari bo’yicha fanlarni taqsimlash;

  • har bir fan bo’yicha yaxlit ta’lim davri va har bir sinf (kurs)da fanlarni o’rganishga ajratilgan soatlar hajmi;

  • har bir fanni o’rganishga ajratilgan haftalik soatlar hajmi;

  • praktikumlar, ishlab chiqarish va pedagogik amaliyotlar hamda shu kabilarning davomiyligi.

O’quv rejasida, yana shuningdek, aniq bir o’quv muassasi xususiyatlarini aks ettiruvchi, o’quvchilarning erkin tanlovi bo’yicha fakultativ va majburiy mashg’ulotlar aks ettiriladi.
O’quv dasturi – muayyan o’quv fani bo’yicha bilim, ko’nikma va malakalar mazmuni, umumiy vaqtni muhim bilimlarni o’rganilishi bo’yicha taqsimlash, mavzularning ketma-ketligini belgilash hamda ularning o’rganilish darajasini yorituvchi me’yoriy hujjat.
Dasturda o’quv materialining ta’limning har bir yili va har bir sinf, kurs bo’yicha taqsimlanishi tuzilishi asoslab berilgan. Dasturda ko’rsatilgan bilim, malaka va ko’nikmalarni o’quvchilar tomonidan to’la o’zlashtirilishi o’qitish jarayoni muvaffaqiyatliligi va samaraliligi mezonlaridan biri hisoblanadi.
O’quv dasturlari namunaviy, ishchi va mualliflik bo’lishi mumkin.
Namunaviy o’quv dasturi u yoki bu ta’lim sohasiga nisbatan davlat ta’lim standartlari talablari asosida ishlab chiqiladi. O’quv dasturlari quyidagilardan iborat bo’ladi:

  • ushbu fanni o’rganish maqsadlari, o’quvchilarning bilim va malakalariga asosiy talablar, o’qitish tavsiya etiladigan shakl va metodlari haqidagi tushuntirish xati;

  • o’rganilayotgan materialning tematik mazmuni;

  • kursning alohida savollarini o’rganishga o’qituvchi sarflaydigan taxminiy

soatlari hajmi;

  • dunyoqarashni shakllantiruvchi asosiy savollari ro’yxati;

  • fanlararo va kurslararo bog’liqlikni amalga oshirish bo’yicha ko’rsatmalar;

  • o’quv uskunalari va ko’rgazmali qo’llanmalar ro’yxati; - tavsiya etiladigan adabiyotlar.

Namunaviy o’quv dasturlari Xalq ta’limi hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirliklari tomonidan tasdiqlanadi, tavsiyanoma xususiyatiga ega bo’ladi. Namunaviy dastur asosida maktab, akademik litsey pedagogik kengashi tomnidan ishchi o’quv dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Namunaviy dasturdan farqli ravishda ishchi dasturda regional komponenti ta’riflanadi, o’quv jarayonini metodik, informatsion, texnik ta’minlash imkoniyati, o’quvchilarning tayyorgarligi darajasi hisobga olinadi.
Mualliflik o’quv dasturlari davlat standarti talablarini hisobga olgan holda o’quv fanini qurilishi boshqacha mantiqidan iborat bo’lishi, u yoki bu nazariyalarni o’rganishga mualliflik yondashuvi, o’rganilayotgan hodisa va jarayonlarga nisbatan mualliflik nuqtai nazarini aks ettirishi lozim. Bunday dasturlar ushbu fan sohasida pedagog, psixolog, metodistlarning tashqi retsenziyalariga ega bo’lishi kerak va ular mavjud bo’lganida maktab, akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlarining Pedagogik Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Mualliflik o’quv dasturlari o’quvchilarning erkin tanlovi bo’yicha (majburiy va fakultativ) kurslar tashkil etishda keng foydalaniladi.
O’quv fani ta’lim muassasalarida o’quvchilarning yosh, idrok etish imkoniyatlariga muvofiq ularga muayyan fan sohasi bo’yicha umumiy yoki mutaxassislik bilimlarini berish, ko’nikma va malakalarni shakllantirishni ta’minlovchi manbadir.
O’quv fanining mazmuni har bir pedagog tomonidan ixtiyoriy belgilanmaydi, balki ijtimoiy hodisa sifatida ta’limning tarixiy rivojlanishi davomida ishlab chiqiladi. O’rta maktab, akademik litsey va kasb-hunar kolleji o’quv fanlarini ilmiy bilimning umumiy tuzilishiga mos ravishda shakllantirish kerak deb hisoblovchi nuqtai nazar eng keng tarqalgan va tan olingan hisoblanadi.
Ta’lim mazmuni va o’quv dasturlari o’quv adabiyotlarida loyihalashtiriladi. Bunday adabiyotlar sirasiga darsliklar va o’quv qo’llanmalari kiradi.
O’quv adabiyotlari orasida darslik alohida o’rin tutadi. Darslik muayyan o’quv fani bo’yicha ta’lim maqsadi, o’quv dasturi va didaktik talablarga muvofiq belgilangan ilmiy bilimlari to’g’risidagi ma’lumotlarni beruvchi manba bo’lib, u mazmuni va tuzilishiga ko’ra fan bo’yicha yaratilgan o’quv dasturiga mos keladi. Namunaviy o’quv dasturlari asosida yaratilgan darsliklar maqsadga muvofiq holda Respublika Xalq ta’limi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirliklari tomonidan barcha maktablar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun tavsiya etiladi.
G’oyaviy va metodik jihatdan mukammal bo’lgan darslik ta’lim mazmuniga qo’yiladigan barcha talablarga javob bera olishi, o’quvchilar uchun qiziqarli, iloji boricha qisqa, tushunarli, ko’rgazmalilik nuqati nazaridan estetik xususiyatga ega bo’lishi kerak.
Darslik bir vaqtning o’zida ham barqaror, ham qulay tarkibiy tuzilmaga ega bo’lishi kerak. Darslik barqarorligiga ko’ra mustahkam asosga ega, mobilligiga ko’ra ega asosiy tuzilmaga dahl etmagan holda yangi bilimlarni tezlikda kiritish imkoniyatini namoyon etadi. Ularga qo’yiladigan talablar turli-tuman va qarama-qarshi bo’lib, mukammal darsliklarning etish movchiligi doimo his etiladi. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda muqobil, parallel darsliklar nashr etiladi, shu sababli o’qituvchilar va o’quvchilar ular orasidan eng yaxshilarini tanlab olish imkoniyatiga egalar.
Darslik o’quvchilarning ta’lim jarayonida ongli ravishda va faol ishtirok etishlari, o’quv materialini to’la o’zlashtirishlarini ta’minlashi kerak. Ana shu masalalarni hal etish yo’lida darsliklar quyidagi vazifalarni bajaradi:

  1. motivatsion vazifa - bu vazifa o’quvchilarni ushbu fanni o’rganishga yo’naltiradigan, ularda ishga pozitiv munosabati va qiziqishini shakllantiruvchi rag’bat

(sabab)larni hosil qilishdan iborat;

  1. axborot vazifasi o’quvchilarga axborotlarni etkazish, samarali usullar yordamida ularning bilimlari hajmini kengaytirishga imkon beradi;

  2. nazorat-tuzatish (mashq qilish) vazifasi – ta’lim jarayoni, uning natijalarini tekshirish, o’quvchilarda o’zini baholash va tuzatish layoqati hamda zarur bo’lgan ko’nikma, malakalarni shakllantirish uchun o’rganish mashqlarini tavsiya etishni nazarda tutadi.

  3. muvofiqlashtirish vazifasi material ustida ishlash jarayonida ta’limning boshqa

vositalari (xaritalar, ko’rgazmali materiallar, diapozitiv va boshqalar)ni jalb etishni ifodalaydi; 5) rivojlantiruvchi –tarbiyalovchi vazifasi darslik mazmunining o’quvchilarga ma’naviy-axloqiy ta’sir ko’rsatishi, kitoblar bilan ishlash jarayonida ulardan mehnatsevarlik,
faol fikrlash, ijodiy qobiliyat kabi sifatlarni shakllantirishdan iborat;
6) o’qitish vazifasi darslik bilan ishlashda mustaqil bilim olish uchun zarur bo’lgan konpekt yozish, umumlashtirish, asosiysini ajratib ko’rsatish, mantiqiy eslab qolish kabi malaka va ko’nikmalarni rivojlantirishga yordam berishida ko’zga tashlanadi.
Ta’lim mazmuni o’quv materiali darajasida darsliklar bilan bir qatorda turli xil o’quv qo’llanmalari: adabiyot va tarix xrestomatiyalari, spravochniklar, matematika, fizika, ximiya bo’yicha masalalar to’plamlari, georafiya, biologiya bo’yicha atlaslar, til bo’yicha mashqlar to’plamlari va boshqalarda ochib beriladi. O’quv qo’llanmalari darslikning ba’zi tomonlarini kengaytiradi va aniq masalalarni hal etish maqsadiga ega bo’ladi (axborot, mashq qilish, tekshirish).

Yüklə 1,88 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   61   62   63   64   65   66   67   68   ...   128




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə