Mavzu: Tasavvufning vujudga kelish tarixi



Yüklə 398,79 Kb.
səhifə20/30
tarix22.12.2023
ölçüsü398,79 Kb.
#153982
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   30
portal.guldu.uz-TASAFFUF VA MUMTOZ POETIKA ASOSLARI

2-savol bayoni.

Tasavvuf o’zi Buyuk bir romantik olamdir. Olamni Mutlaq parvardigorning ijodi deb qarash, dunyoni Ilohning ko’zgusi deb tushuntirish va barcha go’zalliklari qudratni Ilohdan deb hisoblash, Borliqni romantik ranglarda, shoirona xayoliy surat- timsollar tarzida, ilohiy nurning porlashidan doimiy xarakatda va ijodda deb tasavvur etish- o’zi bir Buyuk Poeziyadir. Jami go’zalliklar, yaxshiliklar, ezguliklar manbai Mutlaq iloh. Qudrat va kuch harakat va faoliyat ham Undan. Dunyodagi jami husnu jamol-Uning jamolining aksi. Inson go’zalligi Uning jamolining jilvasi, bu Jamol olamda qancha ko’p jilo etgan bo’lsa, u shuncha go’zal bo’la oladi. Inson ruhining go’zallikka, nafosatga tashnaligi Iloh go’zalligiga tashnalik oqibatidir. Va yana buning ichida moddiy go’zallik va ma’naviy go’zallik, g’oya va fikr go’zalligi ham ajralib, e’tiborga olinadi. Xullas, go’zallikdan maqsad tafakkur go’zalligi, ma’naviy go’zallikni anglamoq, oliy javhar-Ruhiy azaliga monand narsalarning go’zalligini qabul qilmoqdir.


Tasavvuf va badiiy ijod deganda faqat so’z san’atini nazarda tutmaymiz. Tasavvuf o’z musiqasi, tasviriy san’ati, raqs san’atini ham yaratdi va hatto so’fiyona teatlar paydo bo’ldi. Birgina samo’ning o’zida ham she’riyat, ham raqs, ham qo’shiq, musiqa ishtirok etadi. Ko’pgina samo’ majlislari teatrlashgan tomoshaga aylanar edi, faqat so’fiylarning o’zi emas atrof-javonibdagi kishilar ham bu tomoshalarni yig’ilishib ko’rganlar. Masalan, “Nafahot ul-uns” asarida Shayx Abusaid Abulxayr majlislariga hatto xotinlar kelib, tomlarga chiqib tomosha qilgani yoziladi.
Tasavvuf bilan badiiy ijod orasidagi yaqinlikni so’fiylar va ijodkorlarning ruhn yaqinligidan ham izlasa bo’ladi. Biz yuqorida so’fiylik iste’dodi-“jazba” haqida gapirgan edik. “Jazba”-bu ishq, ilohiy junun. Kishi qalbida Ilohni bilish muhabbati, Unga etishish zavqi shu qadar kuchli bo’ladiki, u o’zini to’xtatib turolmaydi. Bu-ulug’ va mukarram bir Dard ekanini ham ta’kidladik. Ana shu dard-jazba tushunchasi darveshlik bilan shoirlikni, keng ma’noda esa, tasavvuf bilan ijod xususiyatlarini bir-biriga yaqinlashtiradi. Ya’nikim, darveshlik iste’dodi, g’ayri tabiiy xislatga molik bo’lish shoirlarga ham hosdir demoqchimiz.
Tug’ma iste’dodli har bir shoir qalbida orif insonning e’tiqodi, pok niyatining sham’i yoqig’ va har bir Ilohsevar, riyosiz haqiqiy darveshning yuragi shoirona hayajon, ilhomu vahiylik ehtirosi bilan harakatda. Orif darvesh payg’ambarona ruhi bilan Xayr va Ezgulikni elga tuhfa etsa, shoir buni toza tuyg’ular, otashin so’zi kuchi bilan amalga oshiradi. “Haqiqiy dindor shoir so’fiy bo’lishi kerak”, deb yozgan edi tariqat ahli hayotini o’rgangan arab olim Al Johiz (vafoti 869 yil). Buning barobarida mashhur shayxlaring aksari ajoyib ruboiy va g’azallar yozgani, she’riy devonlar meros qoldirgani ham tarixdan bizga ma’lum. Alisher Navoiyning fikricha, shoirda darveshlik xislati bo’lmasa, uning iste’dodi ulug’ maqsadga xizmat qilolmaydi, shu uchundir balki shoirlik va darveshlik iste’dodini mujassam etgan kishilarning ko’pini u “Majolisun nafois” asarida keltirib, maxsus ta’kidlab o’tgan. Uning yozishicha, har bir ziyoli zohiriy ilmlar (dunyoviy fanlar) bilan birga, botiniy ilm (tasavvuf)ni ham egallashi lozim, bu uning fazlu kamolini oshiradi, xushaxloq, halim va odamshavanli bo’lishga ko’maklashadi. Buni u Pahlavon Muhammad, Sayid Xasan, Mavlono Muqimiy, Mavlono Burujiy, Xoja Yusuf Burhon, Xoja Hazar Xizrshoh va boshqa bir qancha darveshvash faqir odamlar misolida ko’rsatib o’tgan. Bu odamlar so’fiylik bilan nom chiqargan bo’lsalar-da, ammo yaxshigina tab’lari ham bo’lgan. Chunonchi, Xoja Yusuf Burhon “faqir va fano tariqida suluk qilur erdi... jamiki ahli turuqning (tariqatning-N.K.) sohibtariqi erdi va musiqiy ilmni ham yaxshi bilur erdi, ko’proq o’z she’riga musiqiy bog’lar erdi”. Amir Qosim Anvor bo’lsa, “rutbasi shoirlik noyasidan yuqoriroq”, ya’ni valilar zumrasiga mansub, ammo ayni shu xususiyat uning “ravishini pok va ash’orini otashpok” etgan. “Er farishtasi” deb e’zozlangan Abdulvafo Xorazmiy “kibor avliyodandur”, shu bilan birga u tasavvufga oid kitob ta’liyo etgan, ajoyib kuylar chalgan, ruboiylar yozgan. “Turk va sort orasida” faqiru fanoda tengsiz Sayid Hasan haqida: “Tasavvufda tab’i xub erdi”, deb yozadi Navoiy. U Xo’ja Hofiz, Hisrav Dexlaviy, Lutfiy va Navoiyning o’zining ash’oridan yuzlab baytlarni yod bilgan, nozik va latif tabiatli kishi bo’lgani ko’ngli yumshoqligidan “dardmandona so’zdin va nazmdin va nag’madan mutaassir” bo’lib, atrofdagilarni hayajonga keltirgan. Alisher Navoiy so’fiy qalbi bilan shoir qalbining bir-biriga yo’ldosh va hamroz ekanini ko’p kuzatgan, so’fiylarning tabiati, botiniy dunyosi she’ru nag’ma, kuy-musiqasiga tashnaligini ko’rgan.



Yüklə 398,79 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   30




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə